Moliya va moliyaviy texnologiyalar


-BO’LIM. 2022-YIL INSON QADRINI ULUG‘LASH VA FAOL MAHALLA YILI DAVLAT DASTURI



Yüklə 113,81 Kb.
səhifə3/14
tarix21.10.2023
ölçüsü113,81 Kb.
#130311
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Moliya va moliyaviy texnologiyalar” yoʻnalishi 1-bosqich 50-guru-fayllar.org

1-BO’LIM. 2022-YIL INSON QADRINI ULUG‘LASH VA FAOL MAHALLA YILI DAVLAT DASTURI
1.1 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev PF-60-son


Toshkent sh.,
2022-yil 28-yanvar,
PF-60-son

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi yil munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida 2022-yilni qanday nomlash bo‘yicha o‘z taklifini ma’lum qildi.
“Inson qadri uchun”, degan ulug‘vor g‘oya asosida Yangi – 2022-yilni Oʻzbekistonda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilishni taklif qilgan Prezident Mirziyoyev yangi yilga nom berishda, keng jamoatchilikning fikrlari o‘rganilgani va ana shu takliflardan kelib chiqib, bunday qaror qabul qilinganini bildirdi.
Bu borada shuningdek:
“Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir.
Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi.
Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi.
Shu bois, bundan buyon har bir mahallada samarali ish olib borish faoliyatimizning bosh mezoniga aylanadi.
Bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
2022-yilda iqtisodiyotimiz tarmoqlari va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Aholi daromadlarini ko‘paytirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga qaratilgan muhim ishlarni davom ettiramiz.
Ijtimoiy sohalar, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etiladi.
Muhtaram urush va mehnat faxriylarini, aziz ayollarimiz hamda yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ko‘makka muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor beramiz.
Yurtimizni yanada obod qilish, zamonaviy uy-joylar, jumladan, barcha hududlarimizda «Yangi O‘zbekiston massivlari»ni qurish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi.
Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”.-degan ifodalarga orin berdi.
Yangi O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati barpo etish va insonparvar demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash va ularning ijtimoiy ximoya qilishdir.
Insonni ulug‘lash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda har tomonlama kamol toptirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda bosh omil qilib olinayotgani buning yorqin misolidir.
Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida inson manfaatlarini ximoya qilish, kuchli ijtimoiy himoyaning huquqiy asoslari yaratilib mustahkamlanib borilmoqda. Bu tamoyillar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qabul qilingan qonunlarda o‘z aksini topmoqda.
Jumladan davlatimiz raxbari tashshabbusi bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirlikligi tashkil etildi. Mamlakatimizda ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi. Aholining kam ta’minlangan va zaif qatlamlarini ijtimoiy yordam tizimiga kiritish va ularning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida muntazam ishlar olibborilmoqda.
Arzon uy-joylar barpo etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirilib mamlakatimiz axolisi, eng avvalo, yosh oilalar, uy-joyga extiyoji bor fuqoralarni yashash sharoitini yaxshilash maqsadida imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari ajratilib shahar va qishloq joylarda arzon uylar qurilib topshirilmoqda.
Bugungi davrda Yangi O‘zbekiston “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan muhim g‘oya negizida barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda.
Davlatimiz raxbari tomonidan 2022-yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlanishi mamlakatimizda ijtimoiy himoya masalasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengayib borishi va inson manfaati va qadri ustuvor ekanligining dalolatidir.
2022-yil 24-fevral kuni "Yangi O‘zbekiston" gazetasining navbatdagi №40 soni nashdan chiqdi. Unda institut kichik ilmiy xodimi Alisher Egamberdiyevning "Inson qadrini ulug‘lash Yangi O‘zbekistonni yuksak marralarga olib chiqadi" maqolasi e'lon qilindi. quyida maqolaning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
Inson qadri, erkinligi, baxt-saodati, teng huquqliligi haqidagi g‘oya va qarashlar ulug‘ ajdodlarimiz tafakkurida asrlar osha barq urib kelgan. Bugun Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu g‘oyalar chinakam voqelikka aylanmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida inson taqdiri, qadri, xalq manfaatlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yurtimizda 2022-yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e'lon qilingani ham mazkur xalqchil siyosatning jadal davom ettirilishini anglatadi.
Uch ming yillik tarixga ega o‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti davomida tarix g‘ildiragi goh zafarli, goh alamli yo‘llarni bosib o‘tdi. Turonda davrlar osha bir necha yuz millionlab insonlar hayot kechirdi. Yigirmadan ortiq hukmron sulolalar o‘zbek davlatchiligi tug‘ini bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga uzatib bordi. Davlatchiligimiz bir necha bor saltanatchilik bosqichiga ko‘tarildi. Tariximizning inson qadri, xalq manfaatlari ustun bo‘lgan davrlarida taraqqiyot, aksincha bo‘lgan asrlarida esa qoloqlik hukm surdi. Buni yaxshi anglagan ajdodlarimiz inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, xalqparvar jamiyatda yashashni orzu qilib, uni barpo etishga intildi.
Davlatchiligimiz tarixida inson qadrini ulug‘lash ildizlarining boshlang‘ich bo‘g‘ini buyuk insoniy qadriyat sifatida dunyoga kelgan “Avesto”da aks etdi. U kishilik tarixida cheksiz tafakkur va taraqqiyot g‘oyasi sifatida moziy maydoniga chiqdi. Milliy tariximizning eng qadimgi yozma manbasi bo‘lgan mazkur asar insonlarni komillikka erishishga, o‘zi va o‘zgalar qadrini ulug‘lash uchun teran tafakkur qilishga da'vat etdi. Unda “Haqiqat — oliy sharofatdir", degan g‘oya ilgari surildi. Inson kadr-qimmatining mislsiz o‘lchovi bo‘lgan haqiqat adolatga, sharofatga olib boradigan buyuk qudrat ekanligi uqtirildi. “Avesto" shu yo‘l bilan qariyb ming yil davomida kishilarni inson qadrini ulug‘lashga undab keldi. Inson qadri har narsadan ustun bo‘lgan adolatli davlat va jamiyat qurish orzusi urug‘ini kishilar qalbiga qadadi.
Muqaddas islom dinida ham inson qadri g‘oyasi asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Zero, Qur'oni karim va hadisi shariflarda inson qadri, haq-huquqlari masalalariga keng o‘rin berilgan. Muhtoj kishilarga yordam berishga, sahovatli va insofli bo‘lishga da'vat qilingan. Tasavvuf (so‘fiylik) ham musulmonlarni inson qadr-qimmatini yerga urmaslikka undagan. Yassaviya, kubroviya va naqshbandiya tariqatlari namoyandalari inson qadrini ulug‘lashni targ‘ib qilib kelgan.
Abu Nasr Forobiy o‘zining “Fozil shahar odamlari qarashlari" asarida kishilarni o‘zaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqirgan. Mutafakkir inson qadrini kamsituvchi jamiyatga qarshi chiqqan. Abu Rayxon Beruniy har bir insonning qadri o‘z ishini qoyil qilib bajarishida deb bilgan. Mahmud Zamaxshariy inson qadrini uning dinu diyonati va ilmu ma'rifati oshiradi deb qayd etgan.
Birinchi uyg‘onish davri allomalari o‘z ma'naviy meroslarida inson qadri tushunchasining turli qirralarini turfa qarashlarda aks ettirgan. Ular o‘zlari yashagan jamiyatni ma'rifiy yo‘l bilan o‘zgartirishga, ezgu g‘oyalar vositasida kishilar tafakkurini yangilashga intilgan. Ham ma'nan, ham ruhan “uyg‘oq” bo‘lgan bu allomalar o‘z qarashlari, yangi bilimlar yaratishga bo‘lgan intilishlari, ma'rifatga bo‘lgan muhabbatlari tufayli atrofidagilarni ham “uyg‘ota” olgan. Ma'rifatli jamiyat orzusi kishilar tafakkurini “uyg‘onish"ga undagan.
Yusuf Hos Hojib o‘zining “Qutadgu bilig" asarida bilimni inson qadrini belgilovchi asosiy omil darajasiga ko‘targan: “Qadr-qimmat va izzat-e'tibor bilim tufaylidir, zakovatdandir, bilimsiz, zakovatsiz kishining bir kaft tuproqcha ham qimmati yo‘qdir". O‘zining “Haqiqatlar tuhfasi” asari bilan mashhur bo‘lgan Axmad Yugnakiy esa inson qadrini boylik, pul, mansab bilan belgilashni qattiq qoralagan.
Kaykovusning XI asr 80-yillarida yozilgan “Qobusnoma” asarida ham inson qadriga oid o‘gitlar berilgan: “Bas, ey farzand, aslingning qadru qimmatin bil va asli kam odamlardin bo‘lmag‘il", “Agar qadrli bo‘lmoq tilasang, xalqning qadrin bilg‘il".
Hakim Ali Qa'niyning “Turklarning qadr-qimmatlari haqida kitob"i ham inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi bilan sug‘orilgan.
Amir Temur inson qadri tushunchasiga alohida e'tibor bilan qaragan. Uning butun hayoti va kurashi insonni qadrlash, uning yaxshi hayot kechirishi uchun sharoit yaratib berish bilan bog‘liq holda o‘tgan. Sohibqiron ishbilarmon, tadbirkor, mard, shijoatli va hushyor kishilarni alohida qadrlagan, odamlarni rozi qilishni o‘z insoniy burchi deb bilgan. Amir Temur o‘z tuzuklarida fuqarolarning haq-huquqlarini va ularni himoya qilish zarurligini qayta-qayta ta'kidlagan.
Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida inson va uning qadrini ulug‘lab chiqqan. So‘z mulkining sultoni dunyoda eng qimmatli narsa insondir, degan fikrni olg‘a surgan. U inson qadri uning mansabi, mol-mulki yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki ma'naviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan o‘lchanadi, deb bilgan. Bundan tashqari, Alisher Navoiy ezgu ishlari, sahovati, xalqqa bo‘lgan ulkan mehr-muhabbati tufayli kishilar ko‘nglidan joy oldi.
Davlatchiligimiz tarixidagi shayboniylar sulolasi vakillaridan biri bo‘lgan Ubaydullaxon o‘z she'rlarida insonni g‘animat bilish, qadrlash kabi tuyg‘ularni qalamga olgan. Shu sulolaning taniqli vakillaridan yana biri Abdullaxon II ham inson qadriga yetadigan hukmdorlardan edi. Tarixchi olim Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma" asarida aytilishicha, Abdullaxon II “har bir kishi qadriga yetuvchi, to‘liq mehrli bir sulton" bo‘lgan. Hukmdorning bu fazilati uni ezgu ishlarga yetaklagan.
XVII asrda yashagan xorazmlik alloma, adib va shoir Muhammad Tumurtoshiy “Inson qadrini ulug‘lash haqidagi risola” nomli asar yozgan. Shoir Mirzo Abdulqodir Bedil kishining qadr-qimmati va afzalligi uning mehnatida, deb bilgan. Ogahiyning fikricha, inson qadri uning “simu zari" (oltin va kumushi) bilan emas, balki ilmu hunari, ojizu bechoralarga ko‘rsatadigan himmati bilan baholanadi. Ogahiy odamlarni shunday fazilat sohibi bo‘lishga da'vat etgan. Qo‘qon malikasi Nodirabegim ham insof va adolatni, inson qadrini ulug‘lovchi asarlari bilan o‘z davrining ilg‘or kishilari qatorida qadam tashlagan.
So‘nggi mustamlaka davrida Turkiston ahliga nisbatan inson qadri degan tushunchaning o‘zi bo‘lmagan. O‘z qonuniy huquqlarini talab kilganlar, hokimiyat zulmi va zo‘ravonligiga qarshi kurashganlar o‘ldirilgan, qamoqqa tashlangan. Sovet hokimiyati kishilarning o‘zi tug‘ilgan tuproqda o‘zini chinakamiga erkin his kilishi, o‘z qadrini anglashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qatliomlar uyushtirdi. O‘z tarixini, buyuk ajdodlarini yaxshi bilgan, ularni qadrlagan ilg‘or ziyolilarni qatag‘on qildi. Insonlar ishlab chiqarish vositasiga aylantirilib, davlatning qadrsiz murvati bo‘lib qoldi. Insonning qadrsizlanishi va huquqlarining poymol etilishi odatiy holga aylandi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, inson qadrini o‘rniga qo‘yish imkoni tug‘ildi. So‘nggi besh yilda odamlarni hayotdan rozi qilish, o‘n yillar davomida ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish, xalq manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yish birlamchi vazifaga aylandi. Bugun davlatimiz rahbarining oqilona va uzoqni ko‘zlagan xalqchil siyosati o‘laroq, Yangi O‘zbekistonda ajdodlarimiz ming yillar davomida orzu qilib kelgan ulug‘vor g‘oyalar hayotda o‘z aksini topmoqda. Chuqur tarixiy ildizlarga ega inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi — Yangi O‘zbekistonni yuksak marralarga olib chiqmoqda.
Mahalla – asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda.
Biz mahalla deganda, dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashga o‘rgatib, bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmani tushunamiz.
Ayni paytda, yurtimizda yashayotgan har bir inson, millati, tili va dinidan qat’i nazar, o‘z hayotini, quvonchu tashvishlarini mahalladan ayri holda tasavvur eta olmaydi.
Shu bois, biz keyingi to‘rt yilda mahalla institutiga milliy davlatchiligimizning asosiy quyi bo‘g‘ini sifatida qarab, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlarni amalga oshirayotganimizdan barchangiz yaxshi xabardorsiz.
Bu davrda soha rivojiga doir 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, har bir hududda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilganini alohida qayd etish lozim.
Yurtimizda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, muhtaram nuroniylarimizning ijtimoiy faolligini oshirish, fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi mavqei va ta’sirini kuchaytirishga ko‘maklashish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.
Fuqarolar yig‘inlari raislarining huquq-tartibot, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi joriy qilindi. Soha xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish maqsadida ularning oylik maoshlari 3 barobarga oshirildi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari faollari hamda keng jamoatchilik vakillari uchun “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 1 ming 163 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 3 ming 612 tasi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. 110 ta tuman va shaharda “Mahalla markazi” majmualari barpo etildi, 4 ming 319 ta mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.
Soha xodimlarining jamiyatimizda ma’naviy muhit barqarorligini, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatlarini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Ayniqsa, mahalla faollarining pandemiya davrida ko‘rsatgan chinakam jonbozliklari, xususan, sinovli kunlarda odamlar holidan xabar olish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, aholi bandligini ta’minlash singari g‘oyat muhim va dolzarb masalalarda davlatimizga mustahkam tayanch bo‘lib maydonga chiqqanini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.
Jumladan, bu davrda mahalla faollari tomonidan 700 mingga yaqin fuqaroning bandligini ta’minlash, 60 mingdan ziyod yurtdoshlarimizni tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etish, imkoniyati cheklangan 754 mingdan ziyod oilalarning tomorqalaridan samarali foydalanishga amaliy yordam ko‘rsatilganini alohida e’tirof etish zarur.
Mahallalarda hashar yo‘li bilan 164 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarning xonadonlari ta’mirlanib, 1000 ga yaqin kambag‘al oilalarga uy-joylar qurib berilgani, 10 ming kilometrga yaqin ichki yo‘llar va 644 ta ko‘prik ta’mirlangani, 339 ta ko‘prik yangidan qurilgani, qariyb 2 ming kilometr uzunlikda ichimlik suvi tortilgani va 1 ming 300 ga yaqin nasoslar o‘rnatilganida sizlarning katta hissangiz bor.
Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhit asoslarini mustahkamlash maqsadida o‘tgan yili mahalla faollari ko‘magida ajralish yoqasiga kelib qolgan 21 mingga yaqin oila yarashtirilgani, 16 mingdan ziyod oilaning notinchligiga barham berilgani,
5 mingga yaqin mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani, namunali mahallalar soni 1 ming 704 taga yetgani albatta tahsinga loyiqdir.
Bugungi keskin va shiddatli globallashuv davrida yurtimizda o‘zaro ahillik va totuvlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashda mahallalarning o‘rni va nufuzi tobora ortib bormoqda.
Ayni paytda ushbu tizimning nufuzi va faoliyati samarasini kuchaytirish, uni fuqarolar o‘z fikri va dardini, taklif-tavsiyalarini erkin aytadigan, muammosiga yechim topadigan chinakam xalqchil idoraga aylantirish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqimizda: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan gap bejiz aytilmagan. Farzandlarimizning ma’naviy barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, yosh oilalarning mustahkam oyoqqa turib olishida ushbu tuzilmaning rolini yanada oshirish,
Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida boshlangan ezgu ishlarimizni izchil davom ettirish bugungi kun talabidir.
Mahalla raisi faol islohotchi sifatida, avvalo, zamon bilan hamqadam bo‘lishi, o‘z bilim va malakasini doimiy oshirib borish haqida o‘ylashi, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlarini hayotga tatbiq etish, turli ijtimoiy muammolarni hal qilish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni tadbirkorlik markazlariga aylantirish choralarini ko‘rishi darkor.
Xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ulug‘vor maqsadga erishish yo‘lida biz islohotlarni “mahallabay” asosda amalga oshirish, barcha qishloq va mahallalarimizni jadal rivojlantirishga birinchi darajali e’tibor qaratmoqdamiz.
Ayni vaqtda aholining ehtiyojmand qatlami bilan manzilli ish olib borish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimiz muammolarini “xonadonbay” hal etishda, hech shubhasiz, mahalla organlari muhim o‘rin tutadi.
Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan muhim tamoyilni amalga oshirishda biz avvalo mahalla tizimiga, mahalla faollari va fidoyilarining ulkan salohiyatiga tayanamiz.
Biz mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.
2026-yilgacha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olinadi.
2022-yil 1-apreldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf oʻquvchilari bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan taʼminlanadi.
2023-yil 1-yanvardan pensiyani hisob-kitob qilishda ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshiriladi.
Prezidentimiz “Islohotlarimiz natijalari, bo'layotgan o'zgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. Shu ma'noda, mahalla – yorug' yuzimiz va vijdonimiz ko'zgusi, desak, to'g'ri bo'ladi. Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o'z sohasi bo'yicha mahallalardagi muammolarni o'rganishi va ularga echim topishi, odamlar sezadigan natija qilishi shart va zarur”, degan edi.
Mahalla – bu so'zning lug'aviy ma'nosini ko'pchiligimiz juda yaxshi bilamiz. Ammo, mahalla haqida gap ketganda, birgina lug'aviy ma'no bilan to'xtalib bo'lmaydi. Bu joyda qadimiy urf-odatlarimiz, o'zbekona an'analarimiz mujassam.
Mahalla – insoniylik, oilalar birdamligi, farzandlar tarbiyasi, mehr-oqibat, vatanparvarlik, umuman, jamiyatga mos bo'lgan barcha ijobiy xis­latlarni tarbiya­lab beradigan mas­kan.
Inson qadri mahallada ulug'lanadi. So'nggi yillarda mamlakatimizda islohotlarning bosh mezoni hamda taraqqiyotning asl mohiyati bir maqsad – inson qadri uchun xizmat qilmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek: "Inson qadri – ulug'. U ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o'z hayotidan rozi va mamnun bo'lib yashashi kerak".
Bugun odamlarni rozi qilish – jamiyatimiz ulkan salohiyat va qudrat kasb etishini ta'minlaydi. Bu – inkor qilib bo'lmas haqiqatdir. Chunki, baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, o'zgartirishga qodir.
Mamlakatimiz siyosiy, ij­timoiy, iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalarda jo'shqin hamda jadal islohotlar davriga kirdi. Bu islohotlarning eng muhimlaridan biri mahallabay tizimning tashkil qilinganligidir.
Viloyatdagi 1 ming 18 ta mahalla fuqarolar yig'ini xodimlarining sa'y-harakatlari aholining ichki imkoniyatlarini ko'paytirishga, shaxs sifatidagi kamolotini yuksaltirishga, uning qadr-qimmatini, hurmatini joyiga qo'yishga qaratilgani bilan dolzarb va ahamiyatlidir.
Shu ma'noda, muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng islohotlar, hayotiy dasturlar ijrosi mantiqi ham insonlarning chin ma'noda baxtli va shodumon umr kechirishiga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Joriy yilning “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” deb e'lon qilinishi o'z-o'zidan mahalla fuqarolar yig'inlari hamda tizim xodimlariga katta mas'uliyat va ishonch yuklaydi.
O'tgan yili mahallalardagi muammo­lar, kamchiliklar bir muncha bartaraf etildi. Berilgan e'tibor va imkoniyatdan unumli foydalangan holda inson qadrini ulug'lash uchun mahallalardagi ishlarimizni yanada kuchaytiramiz.


Yüklə 113,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə