Muhandislik-texnologiya


FALSAFANING TARAQQIYOT BOSQICHLARI



Yüklə 2,19 Mb.
səhifə19/193
tarix11.12.2023
ölçüsü2,19 Mb.
#146521
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   193
Falsafa

FALSAFANING TARAQQIYOT BOSQICHLARI: G’ARB FALSAFASI
Qadimgi Yunoniston va antik davr Rim falsafasi. Qadimgi davr falsafasining bir silsilasi Yunoniston va Rimga tegishlidir. Bu davrdagi falsafiy qarashlar — antik davr falsafasi deb yuritiladi. Unda Milet falsafiy maktabi, Eley falsafiy maktabi, Fales, Zenon, Geraklit, Pifagor, Suqrot, Aflotun, Arastu, Demokrit, Epikur va boshqalarning falsafiy, tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-axloqiy ta’limotlari muhim o’rin egallaydi.
Orfiklar va boshqa qator afsonaviy-falsafiy ta’limotlar vakillari yunonlarning an’anaviy diniy e’tiqodlarini to’g’rilash va tozalashga urindilar. Shu vaqtning o’zida (er.ol. VI asr) Ioniya naturfalsafasi deb atalgan maktabning vakillari bo’lgan Tolis (Fales), Anaksimandr va Anaksimenlar dunyoga butunlay boshqacha qarashni rivojlantirdilar. Ularning har uchchalasi Kichik Osiyodagi yunon shahar-davlati bo’lgan Milet shahrida tug’ilgan edi. Miletlik mutafakkirlar birinchi bo’lib Koinotni uyg’un ravishda tuzilgan, o’z-o’zidan rivojlanuvchi va o’zi tomonidan boshqariladigan tizim sifatida tasvirlashga urindilar. Olam hech qanday xudolar va hech qanday odamlar tomonidan yaratilgan emas. U doimo mavjud bo’lishi lozim. Uni boshqarayotgan qonunlarni inson tushunib yetishi mumkin. Ularda hech qanday tushunib bo’lmaydigan, sirli narsa yo’q. Shunday qilib, dunyoni diniy-afsonaviy tushunish yo’lidan uni inson aqli vositasida tushunishga hal qiluvchi qadam koyildi.
Birinchi faylasuflar noiloj ravishda barcha ashyolaring birinchi ibtidosi, birinchi sababi nima, degan savolga duch kelishlari muqarrar edi. Tolis va Anaksimenlar fikricha, hamma narsalar paydo bo’lib, pirovardida yana unga aylanadigan birlamchi javhar tabiatning to’rt asosiy hodisasidan biri bo’lmog’i lozim edi. Tolis bu narsada ustunlikni suvga bergan bo’lsa, Anaksimen havoga berdi.
Ammo tabiat hodisalarini majhul nazariy idrok qilish bobida Anaksimandr hammadan ilgarilab ketdi. U barcha mavjud narsalarning birinchi sababi va asosi apeyron, deb e’lon qildi.
Apeyron abadiy va cheksiz javhar bo’lib, sifat jihatdan uni to’rt tabiiy hodisaning birortasiga bog’lab bo’lmaydi va shu bilan birga u doimiy harakatdadir. Uzluksiz harakat jarayonida apeyrondan qarama-qarshi ibtidolar bo’lgan issiqlik va sovuqlik, quruqlik va namlik va shunga o’xshashlar ajralib chiqadi. Qarama-qarshiliklarning ushbu juftliklari o’zaro ta’sirga kirishib tabiatning ham tirik va ham o’lik hodisalarini vujudga keltiradilar.
Anaksimandr tomonidan berilgan dunyo manzarasi kelib chiqishi jihatidan o’sha zamon uchun butunlay yangi va g’ayri oddiy edi. U o’zida bir qator moddiyuncha va dialektik xususiyatga ega bo’lgan unsurlarni yaqqol ifodalar edi. Shu jumladan o’z shaklini doimo o’zgartirib boruvchi va hamma narsalarni qamrab oluvchi birlamchi javhar to’g’risidagi tasavvur, moddaning hozirgi zamondagi tasavvuriga juda yaqindir. Qarama-qarshiliklarning kurashi va ularning birini ikkinchisiga o’tib turishi, hamda ularni dunyodagi ko’plab xilma-xil barcha jarayonlarning bosh manbasi ekanligi haqidagi fikr ham hozirgi zamon ilmiy qarashlari bilan hamohangdir.
Yunonistonlik faylasuflar shuni yaxshi tushunar edilarki, har qanday bilimlarning eng ishonchli asosi bo’lib tajriba, tajribaviy izlanishlar va kuzatish xizmat qiladi. Mohiyat jihatdan ular faqat birinchi faylasuflargina bo’lib qolmay, balki yunon va butun yevropa fanining asoschilari bo’lgan birinchi olimlar ham edilar. Qadimgilarning o’zlari Tolisni «birinchi riyozidon» (matematik), «birinchi munajjim», «birinchi fizik» deb atar edilar. Bobillik munajjimlarning ilgarigi kashfiyotlaridan foydalanib, Tolis (Fales) eramizdan oldingi 585 yilda yuz berishi mumkin bo’lgan quyosh tutilishini oldindan bashorat qilgan edi. U birinchi bo’lib birnecha asosiy geometrik teoremallarni isbot qildi, iste’molga sirkul va burchak o’lchovchi asbobni kiritdi. Ma’lum bo’lgan yer yuzini birinchi geografik xaritasini tuzgan kishi sifatida Anaksimandrni yod etadilar. U yer yuzini silindr shaklida, havoda muallaq osilib turgan holatda tasavvur etgan. Anaksimandr osmon gumbazi boylab harakat qiladigan yoritgichlar holatini namoyish etadigan «samoviy doira»ni kashf etdiki, unda yoritgichlarni yerga va bir-birlariga nisbatan joylashganliklarini ko’rsatuvchi imkoniyat mavjud edi.
Miletdan keyingi Ioniya falsafasining markazi, faylasuf Geraklitning vatani Efes shahri edi. Dunyoning birlamchi unsurini Geraklit olovda ko’rdi. Geraklitning falsafa tarixidagi ahamiyati shunda ediki, u moddaga xos bo’lgan qonuniylik zaruriyati haqidagi masalani dunyoning dialektik rivojlanishi holati bilan bog’lab tushuntirdi. Qarama-qarshiliklarning dialektik birligi Geraklit tomonidan shunday ifodalandiki, ular bir-birlarini doimo o’zaro uyg’unlikda to’ldiradilar va shu jihatdan paydo bo’ladilar. U o’z falsafasining asosiy nuqtai nazarlarini hammaga keng ma’lum bo’lgan bir qator hikmatli so’zlarda ifodaladi: «hamma narsa oqimda, hamma narsa o’zgarishda», «bir daryoga ikki marta sho’ng’ib bo’lmaydi» va hokazo.
Janubiy Italiyada faoliyat ko’rsatgan mashhur falsafiy maktab pifagorchilar maktabi edi. Pifagorchilar demokratiyaga dushman bo’lgan, ommadan ajralib qolgan, o’z qobig’iga o’ralgan aslzodalar to’dasi edi. Ularning sirli ta’limoti ko’proq nozik tab xususiyatga ega bo’lib, aqliy yuksaklikka da’vo qilar edi. Pifagor (mashhur teorema muallifi) va uning izdoshlari matematik hisob-kitoblar bilan qiziqishar, sonlar va raqamlar birikmasini sirli ruhda talqin qilar edilar. Din va axloqni pifagorchilar jamiyatni tartibga solishning ajralmas qismi hisoblar edilar. Bu hind va eron tasavvufiy qarashlari ta’sirining natijasi edi. Pifagorchilar axloqni xalqni aslzodalarga boysunishini ta’minlaydigan ijtimoiy uyg’unlikning asosi deb hisoblar edilar. Uning eng muhim qismi hech qanday shartlarsiz bo’ysunish edi.
Eramizdan oldingi V asr yunon falsafasini ko’zdan kechirib, yunonlarning diniy qarashlarida inqiroz yuz berganligini qayd etish lozim. Eski tasavvurlarning tushkunligi sharoitida yangi diniy g’oyalar tug’ildi. Jumladan, shu vaqtda insonning xudo bilan shaxsiy aloqasi to’g’risidagi mashhur g’oya tarqaldi. Uni biz masalan, an’anaviy qarashlarga salbiy munosabatda bo’lgan yevripid ijodida uchratamiz. Yangi diniy e’tiqodlarning, masalan, tabobat xudosi Asklepiyaning ahamiyati oshib bordi. Vazifalarining o’zgarganligi munosabati bilan ba’zi eski diniy aqidalar yangitdan tug’ildi. An’anaviy diniy aqidalarning tushkunligi frakiyalik va osiyolik chet el aqidalarini Elladaga keng ravishda kirib kelishiga sabab bo’ldi. Shuningdek, diniy tasavvufning yoyilishi ham o’ziga xos xususiyat edi.
Bu davr moddiy unchiligining eng yorqin vakillari Anaksagor va Empedokl edilar. Anaskagor fikricha, dunyo dastavval harakatsiz qotishmadan iborat bo’lib, eng kichik zarrachalardan («urug’lar») tashkil topgan ediki, unga aql (nus) harakat bag’ishlagan. Anaksagorning aql haqidagi ta’limoti faoliyatsiz moddaga harakat manbasini keskin qaramaqarshi qoyganligini bildirar edi. Bu narsa falsafiy fikrning kelgusi rivojiga (yangi zamon falsafasining «birinchi turtki» g’oyasi) sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Empedokl barcha narsalar asosida birlamchi to’rt unsur («barcha ashyolarning o’zagi»): olov, havo, tuproq va suvni ko’rdi. Empedokl aqidasicha, barcha ashyolar miqdor va sifat jihatdan o’zgarmaydigan, turli mutanosiblikda bir-biri bilan qo’shilgan to’rt unsurdan tashkil topganlar. Moddaning harakati (Anaksagorda bo’lganidek) koinotdagi boshlang’ich tartibsizlikni bartaraf qilgan va uni o’zini uyushtirgan va uning aqlidan tashqarida bo’lgan narsa sifatida ifodalanadi. To’rt unsur haqidagi nazariyani Arastu qabul qilganligi tufayli, u XVII asrgacha yevropa fizikasining asosi bo’lib xizmat qildi. Empedoklning sezish nazariyasi ham ko’plarga, jumladan Aflotun va Arastuga ham katta ta’sir o’tkazdiki, unga binoan sezgi a’zolarining «badanidan ter chiqadigan teshik»lariga qabul qilinayotgan ob’ektdan ajralib chiqayotgan moddiy «to’ldiruvchilar» kiradilar.
Qadimgi Yunonistonning moddiyunchilik qarashlari o’zining eng gullab-yashnagan davriga Miletlik Levkipp va Abderlik Demokrit (er.ol. 460 yillar) ta’limotlarida erishdi. Levkipp atomistik falsafaga asos soldi. Uning shogirdi Demokrit uni kengaytirib, sayqallashtirdi va har tomonlama umumiy falsafiy tizim yaratdi. Ushbu nazariyaga muvofiq dunyo bo’shliq va harakatdagi atomlardan, ya’ni sifat jihatdan bir xil va o’zgarmaydigan, ammo shakl va andoza jihatdan turlicha bo’lgan cheksiz mayda bo’linmas zarrachalardan tashkil topgan. Atomlar bo’shliqda harakat qiladilar va ularning bir-biriga qo’shilishi butun dunyoni vujudga keltiradi. Tirik mavjudot tirik bo’lmagan narsadan ruhi borligi bilan farq qiladi. Ruh doira shaklidagi harakatlanuvchi atomlardan tashkil topgan. Demokrit ruhni o’ladigan narsa deb hisobladi. Qachonki, badan o’lsa, atomlar makonga sochilib ketadi. Demokrit ta’limotidagi eng muhim qoida, bu moddaning ajralmas xususiyati sifatida taqdim etilgan va unga xos bo’lgan harakat haqidagi qarashdir. Harakat ruh ta’sirining natijasi bo’lmay, balki moddaning o’zini xususiyatidir.
Demokrit falsafa tarixida birinchi marta keng yoyilgan bilish nazariyasini yaratdiki, uning manbai hissiy tajriba edi. Ammo Demokrit fikricha, ashyolarning haqiqiy «tabiati» (atomlar)ni bilishga his-tuyg’u bilan erishib bo’lmaydi va uni faqat tafakkur yordamida idrok etish mumkin.
Empedokl kabi Demokrit ham hissiy qabul qilishni o’tib ketuvchi oqim bilan tushuntirdi (qabul qilinayotgan badandan ajralib chiqayotgan atomlar oqimi).
Demokrit ta’limotida ijtimoiy va axloqiy muammolar katta o’rin tutadi. Davlat tuzumining eng yaxshi shakli sifatida u demokratiyani hisobladi, eng xayrli ish deb donishmandlikni bildi. Demokrit ko’p qirrali olim bo’lib, uning asarlari o’sha zamondagi barcha bilim sohalarini qamrab olgan edi. Demokrit falsafasi yevropa falsafasi va tabiatshunoslik fanlari rivojiga katta ta’sir ko’rsatdi.
Eramizdan oldingi V asr boshidagi barcha falsafiy maktablarni koinot va borliq haqida yagona ta’limot yaratib, dunyoning yagonaligi va xilma-xilligini tushuntirib berish istagi birlashtirgan edi. Biroq eramizdan oldingi Vasrning o’rtalaridan boshlab Yunonistonning ma’naviy hayotida keskin burilish yuz berdi, ya’ni bundan keyin falsafa asosiga dunyo emas, balki inson qoyildi. Bunday ma’naviy to’ntarishda sofistlarning (yunoncha sofos-oqil) o’rni kam emas edi. Sofistlar harakatining paydo bo’lishi jamiyat tarkibining murakkablashishi bilan bog’liq bo’lib, kasbi siyosiy faoliyat bilan shug’ullanish bo’lgan toifaning ko’payishi, muvaffaqiyatli siyosiy faoliyat olib borish uchun zarur bo’lgan muayyan bilimlar hajmining oshishi bilan ifodalanar edi.
Safarda kezib yurib, pul ishlash maqsadida donishmandlik va notiqlik ilmidan dars beruvchi o’qituvchi-sofist-kasbiy bilimlar olish jarayoni zaruriyatining tabiiy natijasi edi. Sofistlar ta’limoti tug’ilishining boshqa bir sababi bilimlarning o’zini mantiqiy rivoji edi. O’zining asosiga ko’ra, aqliy mushohadaga tayangan tabiatni o’rganuvchi faylasuflarining hamma narsani qamrab oluvchi koinot to’g’risidagi ta’limotlari juda bo’sh va omonat asosga kurilgan edi. Vaqt o’tishi bilan koinotning bosh tasvirini ko’plab alohida olingan tajribaviy kuzatishlar va xususiy fanlarning xulosalari bilan muvofiqlashtirish qiyinlashib bordi. Tabiat falsafasi bilan muayyan voqeylikdagi bilimlar o’rtasidagi uzilish kuchliroq darajada anglashilgani sari naturfalsafaga nisbatan ijtimoiy umidsizlik oshib bordi. Ana shunday umidva ishonchsizlikning ifodachilari sofistlar edilar. Ushbu ishonchsizlik o’zining nazariy asosini sofistlar tomonidan qoyilgan haqiqat mezoni muammosida topdi: inson bilimlariga ishonish mumkinmi? Ularning to’g’ri yoki yolg’on ekanligini qanday qilib tekshirish mumkin? Umumiy tarzda sofistlarning ta’limoti relyativizm (nisbiylik)edi. Sofistlar faoliyati xususiyatining o’zi bunga imkon bergan edi, chunki ular har qanday nuqtai nazarni himoya qilishga o’rgatar edilar. Bunday ta’limotning asosida mutlaq haqiqat va ob’ektiv qadriyatlarning yo’qligi haqidagi ta’limoti yotar edi.
Sofistlar ta’limotining eng mashhur vakillari Abder shahridan bo’lgan Protagor va Leontinlik Gorgiy edilar. Protagor barcha hodisalar va idrokning nisbiyligi va ularning muqarrar ravishda sub’ektivligi (bir taraflama ekanligi) haqidagi qoidani oldingi surdi («inson barcha ashyolarning mezonidir»). Protagor qadimgi davrlardayoq sofizm deb nom olgan og’zaki bahs musobaqalariga asos soldiki, unda sofistlar mantiqiy mushkul holatlarni qo’llar va umum tomonidan qabul qilingan fikrlardan keskin farq qiladigan nuqtai nazarlarni bayon qilar edilar. Sofistlar Yunonistonda bilimlarning keng tarqalishiga imkon yaratdilar. Bundan tashqari, dalillarga asoslangan fan sofistik ishonchsizlik asosiga qurilgan kuchli raqib bilan duch kelib, uning natijasida mustahkamlandi. Ba’zi sofistlar an’anaviy diniy aqidalarga qarama-qarshi bo’lgan fikrlarni bayon qildilar. Masalan, Protagor xudolar bor yoki yo’qligini bilmasligini ta’kidlagan edi. Din xalqni itoatda tutib turish uchun ayyor siyosatchi tomonidan oylab chiqarilgan degan nuqtai nazarni Kritiyga taalluqli deydilar5.
Afinada sofistlarning murosasiz dushmani sifatida Suqrot (er.ol. 470-399yy.) maydonga chiqdi. U sofistlarga qarshi o’laroq, baribir haqiqat mavjud va u bahsda topilishi mumkin, degan fikrda edi. Suqrotning kuchi bahs yuritish sohasida u ishlab chiqqan usulda ediki, unda bir qator savollar berish yo’li bilan opponentni o’z nuqtai nazarini noto’g’ri ekanligini tan olishgacha olib borib, so’ngra shu usulning o’zi bilan o’z qarashlarining adolatliligini isbot qilar edi. Suqrot ta’limotining asosida donishmandlar tomonidan bilib olinadigan, ob’ektiv ravishda mavjud bo’lgan ruh to’g’risidagi g’oya yotar edi. U hayotning har qanday sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun kasbiy bilimlar zarurligini ta’kidlagan edi. Ana shundan siyosiy xulosalar ham qilinar edi, ya’ni davlatga rahbarlik qilish - bu ham kasb va shuning uchun shu narsa zarurki, u bilan shunday kasbga ega bo’lganlar shug’ullansin. Bunday nuqtai nazar Afina demokratiyasining asosiy qoidalariga butunlay qarama-qarshi edi, negaki, polisni (davlat-shahar) boshqarish-har bir fuqaroning ishi edi. Shu bilan birga Suqrotning ta’limoti oligarxlar (bir to’da puldorlarning siyosiy va iqtisodiy hukmronligi) uchun nazariy asos yaratdiki, pirovardida demos (xalq hokimiyati) bilan ixtilofga olib keldi. Bu narsa Suqrotni mahkum etilishi va o’limi bilan xotima topdi.
Aflotun (er.ol. 427-347yy.) Afinadagi aslzodalar urug’iga mansub edi. «Davlat» va «Qonunlar» degan risolalarida Aflotun orzudagidek polis (shahar-davlat)namunasini yaratdiki, unda tabaqalarga bo’linganlik tizimi o’zining quyi tabaqalar faoliyati ustidan jamiyat yuqori tabaqalarining qat’iy nazorati o’rnatilishi orqali sinchkovlik bilan ishlab chiqilgan edi. Polis tepasida bilimga ega bo’lgan kishilar, faylasuflar turishi lozim edi. Aflotunning fikricha, demokratiyaning beboshligi tufayli polis haloqat yoqasida turibdi, negaki, u tabiiy kelib chiqishi jihatidan boshqarishga qobiliyati yo’q odamlarni boshliq qilib, o’rnatilgan tartibni buzdi. Bundan chiqish yo’lini u polis xilidagi davlatlarga xos bo’lgan dastlabki asoslarni qayta tiklashda ko’rdi. Ular quyi mansabdorlarning yuqori mansabdorlarga boysunish tartibidagi tizimni tashkil etadilarki, unda uchta davlat tabaqasining faoliyat doirasi aniq ajratilgan: hukmdor faylasuflar, harbiylar va yerga ishlov beruvchilar. Har kim o’z ishi bilan shug’ullanadi, davlat esa barcha ish tartibini belgilaydi va hammani nazorat qiladi. Aflotun fikricha, oilani jamiyatning boshlang’ich tashkiloti sifatida yo’qotish, bolalarni esa umumiy qilish lozim. Davlatning farovonligi uning fuqarolarining qanchalik tarbiya topganliklariga bog’liqdir. Aflotun bunga shunchalik katta ahamiyat berdiki, muayyan yoshga yetgandan keyin bolalarni ota-onalari ixtiyoridan olib, davlat tarbiyasiga berishni tavsiya etdi.
Aflotunning falsafiy-axloqiy qarashlari uning savol-javoblar tarzida yozilgan ko’p sonli asarlarida berilganki, ulardagi bosh ishtirok etuvchi shaxs uning ustozi Suqrotdir. Aflotun aqidasicha, bizni o’rab turgan voqey dunyo-haqiqiy g’oyalar dunyosining faqat taxminiy in’ikosidir. G’oyalar va tushunchalar tabiiy ravishda bizning ongimizga xos bo’lib, ulardan ajralmasdir. Siymolar (g’oyalar), Aflotun fikricha, zamon va makondan tashqarida bo’lib, ularni idrok etib bo’lmaydi, ammo ularni aql mushohada qila oladi. Aql ikki dunyoni, ya’ni u dunyo va voqey dunyoni bir-biri bilan bog’laydi.
Aflotun o’z asarlarida aks ettirmagan bilim sohalarini topish juda qiyin. U axloq, siyosat, bilim muammolari, san’at, din va boshqa sohalar bilan shug’ullandi. Bu faylasufning Akademiya deb atalgan maktabida o’qigan shogirdlari Yunonistonda juda ko’p edi. Ular orasida mashhur faylasuflar Spevsipp, Ksenokrat, Knidlik yevdoks, Pontiylik Geraklitlar bor edi. Akademiya matematika va astronomiya rivojida ayniqsa katta xizmat ko’rsatdi. Aflotun keyingi davrlarga katta ta’sir o’tkazdi. Uning his-tuyg’u dunyosini g’oyalar dunyosiga qarama-qarshi qoygan qoidasi turli namunaviy nusxalarda qadimgi dunyo, o’rta asrlar va Yangi zamonning ko’plab ta’limotlarida ishtirok etdi. Aflotunning kuchli ta’sirini faqat yevropadagi falsafagagina emas, balki o’rta asrlardagi arab tilidagi falsafa ham sinab ko’rdi.
Arastu (er.ol. 384-322yy.) tarixga ensiklopedik olim sifatida kirdi. Uning merosi eramizdan oldingi IV asrgacha yunon fani to’plagan haqiqiy bilimlar majmuasi edi. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, uning tomonidan yozilgan asarlarning soni mingtaga yaqinlashadi. O’z ustozi Aflotundan farqli o’laroq, Arastu fikricha, moddiy olam birlamchi bo’lib, g’oyalar dunyosi ikkilamchidir. Bir hodisaning ikki tomoni sifatida shakl va mazmunni bir-biridan ajratib bo’lmaydi. Tabiat haqidagi ta’limot uning risolalarida avvalo harakat haqidagi ta’limot sifatida namoyon bo’ladiki, bu Arastu tizimining eng qiziq va kuchli tomonidir. U dialektikaning yirik vakili hisoblanadi. Dialektika uning uchun ehtimoliy va haqiqatga o’xshash bilimlardan haqiqiy va ishonchli bilimlar olish usuli edi.
Faylasufning «Organon» deb umumiy nom olgan mantiqiy asarlari haqiqat va tafakkur qonunlari haqidagi ta’limotdir. O’rta asrlarda «Organon» eng mashhur va o’qiladigan asar bo’lib, o’rta asrlardagi barcha sxolastika (borliqni tekshirish va o’rganishga emas, balki din aqidalariga suyangan idealistik falsafa) uning asosiga qurilgan edi. Arastuning hayvonlar haqidagi risolalari mashhur bo’lib, ularda qadimgi davrda birinchi marta yirik organizmlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi tadqiq etilgan, ularning ta’rif va tasniflari berilgan edi. Shuningdek, olim o’zini tarixchi, pedagog, notiqlik ilmining nazariyotchisi, axloqiy va siyosiy ta’limotlar asoschisi sifatida ham namoyon qilgan edi. Uning qalamiga shunday axloqiy risolalar mansubki, ularda xayrli ish tushunchasi ostida insonlar faoliyatini oqilona boshqarish yetar edi. Ikki keskinlik orasidan o’rtanchasini tanlash: masalan, jasorat qo’rquv bilan shiddatli jur’at o’rtasida turmog’i tavsiya etilgan edi. U she’riyatga ko’p diqqate’tibor qaratdi, negaki, uning fikricha, nazmiy asar inson ruhiga samarali ta’sir etadi va shu sababdan ijtimoiy hayot uchun muhimdir.
Arastu orzudagi (ideal) davlat tuzumi loyihasining muallifi sifatida shunday xulosaga keldiki, polis insonlar uyushmasining eng yuqori shakli bo’lib, unda yashaydigan kishilarning maqsadi farovonlikka erishishdir. Jamiyatning asosiy birlamchi tashkiloti oiladir. O’zining mulohazalarida Arastu tabiatdan kelib chiqib quyidagilarni aytgan: oila tabiiy bo’lganidek, qullik ham tabiiy, negaki, ba’zilarning buyruq berishi, boshqalarning esa tobe bo’lishi tabiat tomonidan oldindan belgilab qoyilgan.
Polisning (shahar-davlat) mavjud turlarini diqqat bilan ko’rib chiqqan faylasuf boshqarishning to’g’ri uch shakli (saltanat, monarxiya, aristokratiya va politiya) va uch noto’g’ri (tiraniya, oligarxiya va demokratiya) shaklini topadi. Ularning har birining xususiyatlarini mufassal ko’rsatadi va baholash mezoni sifatida ularning farovonlikka qanchalik yaqin turgan yoki turmaganliklarini belgilaydi. Arastu shogirdlari orasida shuhrat topgan juda ko’p faylasuflar, fiziklar, matematiklar va biologlar bor edi.
Qadimgi dunyo tarixida eramizdan oldingi IV asrinig oxiridan eramizning I asrining oxirgi o’n yilliklarigacha bo’lgan davrni ellinizm davri deb atash qabul qilingan. Bu davrning falsafiy-siyosiy qarashlari polis mafkurasidan yiroqlashib ketgan edi. Mumtoz shahar davlatlar fuqarolari jamoasining dunyoqarashlarini aks ettirgan Aflotun maktabi, polislarning tushkunligi sababli o’zining ilgarigi yetakchilik mavqeini yo’qotadi. Eramizdan oldingi IV asrdayoq mavjud bo’lgan va polis mafkurasining inqirozi tufayli vujudga kelgan kiniklar va skeptiklar oqimining ta’siri oshib boradi. Biroq ellinistik dunyoda eng mashhur bo’lgan voqea eramizdan oldingi IV va III asrlar bo’sag’asida paydo bo’lgan ravoqiylar va epikurchilar ta’limoti edi.
Rimning oxirgi ravoqiychisi imperator Mark Avreliy edi. Uning nuqtai nazariga ko’ra, dunyoda biror bir narsani o’zgartirib yoki to’g’rilab bo’lmaydi. Uning ta’kidlashicha, barcha kishilar har doim laganbardor, yolg’onchi va o’z manfaatini ko’zlovchi bo’lganlar, hozir ham shunday va bundan keyin ham shunday bo’lib qoladilar. Bu tartibsizlik orasida nima qoladi? Faqat o’z zakovatiga xizmat qilish, o’zini kamolotga yetkazish va ezgulik. Ammo bunday o’zini qoyarga joy topolmaydigan, hayotda hech qanday maqsadi bo’lmagan ezgulik insoniyatga xizmat qilish borasidagi o’z ma’nosini yo’qotar edi. Negaki, insoniyat o’zgarmas va illatlardan holi bo’lmaganligi uchun, uni hech qachon ilhomlantirib bo’lmas edi.
Epikur falsafasi Demokrit moddiyunchiligi taraqqiyotida oldinga qoyilgan qadam edi. Uning atomlar haqidagi ta’limotini qabul qilgan Epikur atomlarning to’g’ri chiziqlik harakatdan ichki ta’sir natijasida chetga og’ishi haqidagi taxminni o’rtaga qoydi. Bu bilan u qonuniylik bilan tasodifiylik uyg’unligi muammosini oldinga surdi. Uning falsafasida inson markaziy o’rinda turadi. Epikur o’z vazifasini insonlarni o’lim va taqdir xavfidan ozod qilishda deb bildi. U xudolarning tabiat va inson hayotiga aralashishlarini rad etdi va ruhning moddiyligini isbot qildi. Xudolarning mavjudligini tan olgan holda, u xudolar haqida «olomonning yolg’on uydirmalari» ga qarshi chiqdi. Tashvish va faoliyatni huzur-halovat holati bilan sig’ishtirib bo’lmaganligidan, xudo «xushbaxt va bezavol mavjudot bo’lib, o’zi ham tashvish bilmaydi, boshqalarga ham notinchlikni ravo ko’rmaydi va shuning uchun g’azabga ham, izzat-hurmat qilishga ham duchor bo’lmaydi». Ruh badan kabi atomlardan tashkil topgan, ammo nozikroq zarrachalardan tarkib topgan bo’lib, hamonamki tana qobig’ida ekan his-tuyg’uning bosh sababchisidir. Qachonki, qobig’ buzilsa, atomlar ruhi tarqab ketadi va his-tuyg’u yo’qoladi. Inson uchun yaxshi va yomon narsa his-tuyg’uda ekanligidan, o’lim esa -his-tuyg’udan mahrum bo’lish ekanligidan, o’lim insonni qo’rqitmasligi kerak, negaki «hamonamki biz bor ekanmiz, o’lim hali yo’q, o’lim kelganda esa, bizning o’zimiz yo’q bo’lamiz»6.
Ellinistik davlatlarning inqirozi va rimliklar bosqinchiligining boshlanishi bilan aqliy dunyoqarash borgan sari o’z o’rnini din va tasavvufga bo’shatib berdi. Sehrgarlik, yashirin diniy udumlarga ishonish, munajjimlik keng tarqaldi. Ijtimoiy xayolparastlik va payg’ambarlikka e’tiqod qoyish, ayniqsa keng shuhrat kasb etdi. Yashirin diniy udumlarga o’zini bag’ishlash, Xudo bilan bevosita aloqa o’rnatish va taqdir hukmidan ozod bo’lish imkoniyati sifatida qarala boshlandi.
Ziyolilar va shaharliklar orasidagi bosh masala shunga qaratildiki, dunyodagi butun yomonlik va razolat qaerdan kelib chiqadi va uni qanday qilib bartaraf etish mumkin? Ilgari aflotunchilar tomonidan berilgan javob eng mashhur bo’lib ketdi: yomonlik moddadan va moddiy dunyodan kelib chiqadi. Ilgari ravoqiylar o’zlarini unga moslashtirishga uringan va uni ezgulik va baxt-saodat asosi hisoblangan koinot zaruriyati, endilikda qul qiluvchi, boquvchi kuchga aylantiriladi. Bundan keyingi butun hatti-harakat shunga yo’naltirildiki, o’zini yashirin diniy udumlarga bag’ishlab, vahiyga va sharq donishmandlarining sirli bilimlariga yo’l topib, qanday qilib bo’lsa ham, zaruriyat xoqimiyatidan qutilib, haqiqiy ozodlik yo’lini idrok etish bilan umumiy birlikka erishib, razolatni bartaraf qilish choralari izlana boshlandi. Ana shu maqsadda sehrli iboralar ham qo’llanila boshlandiki, ular yer va sayyoralar jinlarining ruhini ulardan tashqariga chiqarib yuborishga o’rgatishlari kerak edi.
Eramizning III asri kishilari uchun qahramon endi sarkarda yoki siyosatchi emas, balki faylasuf Plotin va uning izdoshlari kabi xudodan ilhom olgan, butun dunyo sirlarini biladigan donishmand edi. Plotin (204-270yy.) Gallien homiyligidan foydalanib, o’z davrining sharoitlarini hisobga olgan holda, o’zi qadimgi dunyo madaniyatini uyg’otish to’g’risida orzu qilsa ham, qadimgi dunyo qarashlaridan nimani qutqarish imkoni bo’lsa, o’shani saqlab qolishga harakat qildi. U Xudo bilan inson o’rtasidagi vositachilar tabaqalarini qisqartirib, koinot bilan insonning yagonaligini qayta tiklashga intildi. Uning uchun oliy nuqtai nazar xunuk emas, balki go’zal bo’lgan butun dunyoni teshib o’tadigan yagona, bir butun oliy ezgulik ediki, nega deganda u mukammal g’oyalar dunyosini ifoda qilar edi. Kurash va baxtsizlik borliqning ko’pligi va uzilganligidan paydo bo’ladi. Ularni bartaraf etish oliy ezgulik bilan qo’shilib ketishlikdadirki, unga bilim bilan emas, balki ekstaz (karaxtlik) holati ya’ni barcha yerdagi narsalarni tark etish, ruhni razolatdan xuddi oltin quymasini unga yopishgan loydan tozalash kabi yo’l bilan erishib bo’ladi. Bu oliy ezgulikni talab qiladi. Ammo Plotin «fuqaroviy» ezgulikni ham rad etmaydi. Bunga erishish uchun har kim o’z burchini dunyo voqealarida vijdonan oynashi kerak. Har kim shuni unutmasligi kerakki, dunyodagi yomonlik, rasmdagi soya kabi zarurdir va u o’zining shaxsiy farovonligidan kelib chiqmasdan, balki butun ezgulikdan kelib chiqmog’i lozim. Yomon odamlar hukmronlik qilmoqda, yaxshilar esa azob chekmoqda degan doimiy shikoyatlar bema’nilikdir. Negaki, xudolar yig’layotgan va ibodat qilayotganlarga emas, balki kim mehnat qilayotgan va kurashayotgan bo’lsa, o’shalarga yordam beradilar.
Plotinning ta’limoti keng omma uchun juda ham murakkab edi. Uning o’zi ham uni xoslarga mo’ljallagan edi. Keyinchalik yangi aflotunchilik bir qator o’zgarishlarga duchor bo’lib, asosan sharqdagi shahar ziyolilarining falsafasiga aylandi. Xristianlikning yoyilishi bilan cherkov borgan sari salobatli va yaxshi tashkil topgan kuchga aylanib bordi. Xristianlarga nisbatan bo’lgan ta’qiblarning bekor qilinishi bilan xristian jamoalari chekkan azoblari sinovidan uyushgan va mustahkamlangan holda chiqdilar. Bu narsa xristianlarning keyingi taqdirlari uchun sezilarli ahamiyat kasb etdi. 529 yilda Vizantiya imperatori Yustinian farmoniga binoan Afinadagi Aflotun Akademiyasi bekitildi. Qadimgi dunyo falsafasi o’zining ming yillik mavjudligini to’xtatdi.

Yüklə 2,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə