Mundarija


Ichki savdo va hunarmandchilikning rivoji



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə27/36
tarix14.06.2018
ölçüsü0,53 Mb.
#48925
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   36

Ichki savdo va hunarmandchilikning rivoji


Rus kapitali amaliyotlari tufayli Xiva xonligida ichki bozor ancha kengaydi, tovar-pul munosabatlari shitob bilan rivojlana boshladi va shu asosda yangi savdo-sotiq markazlari shakllandi. Eksport va import maqsadidagi tovarlar, shuningdek, mahalliy iste'moldagi tovarlar ham ana shu markazlarga oqib kelar, taqsimlanar, ulgurji sotib olinar va sotilar edi. Mayda savdogarlar choy, shakar, samovar, matolar, kiyim-kechak va poyabzal singari tovarlarni hatto dunyodan uzilib qolgan olis qishloqlarga ham olib borib sotar edilar.

Sanoatning biryoqlama va sust rivojlanishi mamlakat iqtisodiyotida hunarmand-kasanachilik ishlab chiqarishining saqlanib qolishiga olib keldi. Xorazm mahsulotlari qadimiy boy hunarmandchilik ishlab chiqarishi an'analariga ega bo`lib, mamlakat hududidan tashqarida ham qadri baland edi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ayrim tumanlar hunarmandchilik ishlab chiqarishining u yoki bu sohasiga ixtisoslashuvi jarayoni kuzatildi. Metallni qayta ishlovchi asosiy ustaxonalar asosan Xiva, Yangi Urganch, Chimboy, Hazorasp va Begovot qishlog`ida joylashgan edi. Bu yerda ketmonlar, omoch tishi, belkuraklar, boltalar, taqalar, idish-tovoqlar va hokazolar yasalardi. Ko`nchilik ishlab chiqarishi esa Xiva, Yangi Urganch, Xo`jayli va boshqa maskanlarda rivojlangan edi. Qoplar va arqonlar asosan Yangi Urganchda tayyorlangan. Gilamlar, kigizlar Ko`hna Urganch, Xazovot, Mang`it va boshqa shaharlarda ishlab chiqarilardi. Ayni mahalda xonlikning deyarli barcha shaharlarida to`qimachilik, sopol idishlar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari yasash rivojlangan edi.

Xiva xonligi xo`jaligida natural xo`jalik ustun darajada saqlanib qolgandi. Mamlakatda uy hunarmandchilik ishlab chiqarishi ham saqlanib kelayotgan edi. Deyarli har bir dehqon xo`jaligi yordamchi daromad manbai bo`lgan uy hunarmandchiligi bilan shug`ullanar edi. Dehqon xo`jaliklarida, masalan, ip yigirish va to`quvchilik, oyoq kiyimlari, gilamlar, kigizlar va hokazolarni tayyorlashlari mumkin bo`lgan. Deyarli har bir qishloqda ko`nchi, etikchi, bo`zchi, bo`yoqchi, juvozchi va boshqa kasb egalari faoliyat ko`rsatishgan. Boshqa hunarmandlar o`z hamqishloqlari buyurtmalarini bajarib berishar va xizmatlari uchun natura tarzida, mahsulot yoki pul bilan haq olishardi. Ularning ayrimlari bevosita mahalliy bozorda mehnat qilishardi.

Kaspiyorti temiryo`li qurilishi va 1887-yil oxirlarida Amudaryo flotiliyasi ta'sis etilishi Xivaning Rossiyaga qaramligini kuchaytirdi. Ilgari savdo-sotiq asosan karvon yo`llari orqali olib borilgan bo`lsa, endilikda yuklarning katta qismi temiryo'1 orqali va kemalar bilan Amudaryoning yuqori oqimi bo`ylab tashiladigan bo`ldi. Rossiya sanoat tovarlarining raqobati bo`yoqchilar soni keskin kamayib ketishiga, mahalliy korxonalarning mis va cho`yandan yasalgan buyumlariga talab pasayishiga, mahalliy matolar, iplar, kulolchilik va misdan yasalgan buyumlarining ba'zi turlari ishlab chiqarilishi kamayishiga olib keldi.

Iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati ham hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivojiga katta ziyon yetkazdi. Xonlik va mahalliy hokimiyat hunarmandlarni turli xil pulli va natural soliqlarga tortdilar. Har bir hunar ustaxonasi egasi xonlik amaldorlariga sovg`a taqdim etishi, daromadlariga mos kelmaydigan soliqlarni to`lashi lozim edi. Natijada, hunarmandlar ishlab chiqarishni ko`paytirishga yoki texnologiyasini takomillashtirishga qodir bo`lmay qolar edi.

Hunarmandchilikda o`rta asrlardagi sex birlashmalari saqlanib qolaverdi. Sex birlashmalariga hunarmandlar kasblariga ko`ra uyushgan edilar. Unga usta, xalfa va shogird kirar edi. Kredit berib turgan boy sexga rahbarlik qilar edi. Hunarmandlar ishlab topgan pullarining anchagina qismini avliyolar va ma'naviy ustozlar sharafiga xayr-ehsonga berishar, xazinaga ko`pdan-ko`p soliqlar to`lashardi. Xalfa va shogirdlarning ahvoli og`ir edi. Ularning ish kuni chegaralanmagan edi. Xalfa bo`nak (avans)ni uning evaziga ishlab berish majburiyati bilan olar va avansning hammasini to`lamagunga qadar keta olmas edi. Shogird 8 yoshida sexga ishga kirar va 8—10 yil davomida haq olmasdan mehnat qilar edi, raqobatdan cho`chigan ayrim ustalar esa ularning mustaqil ishlashiga yo'l qo`yishmasdi.

Iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati ham hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivojiga katta ziyon yetkazdi. Xonlik va mahalliy hokimiyat hunarmandlarni turli xil pulli va natural soliqlarga tortdilar. Har bir hunar ustaxonasi egasi xonlik amaldorlariga sovg`a taqdim etishi, daromadlariga mos kelmaydigan soliqlarni to`lashi lozim edi. Shu sababdan hunarmandlar ishlab chiqarishni ko`paytirishga yoki texnologiyasini takomillashtirishga qodir bo`lmay qolar edi.

Yakunlarni chiqaramiz

-tovar-pul munosabatlari jonlandi;

-Rossiya-Osiyo va Sibir savdo banki bo`limlari ochildi;

-1885-yil — Kaspiyorti temiryo`li qurildi;

-1887-yil — Amudaryo flotiliyasi tuzildi;

-soliqlar miqdori ko`pligi hunarmandchilikning rivojlanishiga to`g`anoq bo`ldi;

-1909-yil — xonlikda 81 ta sanoat korxonasi ishlay boshladi;

-Rossiya kapitalining aralashuvi natijasida mahalliy sanoat rivoji sustlashdi.


29-30-§. AHOLIMNG IJTIMOIY-SIYOSIY AHVOLI VA XIVA XONLIGINING QULASHI

Aholi kurashining shakllari


Xorazm xalqi azaldan erksevar edi. U zulm, adolatsizlik, nohaqlik va suiiste'molchiliklarga qarshi kurashdi. Dehqonlarning kuchayib borayotgan noroziligi soliqlarni to`lashdan, majburiyatlarni bajarishdan ommaviy bosh tortishda, yirik zamindorlar yerlarini egallab olishda, soliq yig`uvchilarga va xonlik ma'muriyatining boshqa vakillariga hujum qilishda namoyon bo`lardi. Dehqonlarning chiqishlari feodallar va amaldorlar uylarini vayron qilish, qarz tilxatlarini yirtib tashlash va soliq yig`uvchilarni quvib yuborish bilan birga kechgan stixiyali isyonlar tarzida o`tar edi.

Vaqt o`tgan sayin, xon hokimiyati va mahalliy ma'murlar zulmi zo`rayishi barobarida dehqonlar noroziliklarining uyushganligi va ommaviyligi ham o`sib bordi. XIX asrning 80-yillarida Pitnak, Hazorasp, Yangi Urganch, Aymanqal'a, Ko`hna Urganch tumanlarida dehqonlar guruhi vujudga kelib, kurash keskin tus ola boshladi. Ularni jazolash, ayniqsa, shafqatsiz bo`lgan. Xon ixtiyorida qo`zg`alonchilarga qarshi kurash uchun kuchlar yetarli emasdi, shu sababli, u podsho hukumati qo`shinlarini yordamga chaqirdi. Dehqonlar guruhi rahbarlari qatl etildi, ayrimlarining esa qarindoshlari ham o`ldirildi.

Biroq dehqonlar g`alayonlari to`xtab qolmadi.i Xon amaldorlarining xabar qilishicha, "ko`plab joylarda g`alayonlar ro`y berayotgan" edi.» 1902-yilda Matyoqub pishiq rahnamoligida Xonqa, Hazorasp, Bog`ot dehqonlari qo`zg`alon ko`tarishdi. Xon "oq podsho" qo`shinlariga murojaat qilishiga to`g`ri keldi, ular jazolovchi rolini o`ynashdi. Qo`zg`alon tor-mor etildi, rahbarlari qo`lga olindi va qatl qilindi.

Xon va mustamlakachi hokimiyatga nafrat, qashshoqlik va himoyasizlik tug`dirgan qahr-g`azab xalq g`alayoiilarining yangidan-yangi to`lqinlarini keltirib chiqaraverdi. Norozilik ommaviy tus oldi va chuqur tomir otdi. XX asr boshlarida arzimas sabablarga ko`ra qo`zg`alonlar yuz bera boshladi. Ba'zi tumanlarda yaxshi kun kechirishni istagan dehqonlar xonlikdan ommaviy tarzda — yoppasiga qocha boshladilar. Boshqa tumanlarda esa dehqonlar soliqlar kamaytirilishini, qolaversa, yer va suv adolatli taqsimlanishini talab etishardi. 1906-yilda Yangi Urganch, Xonqa, Hazoraspda dehqonlar yirik zamindorlar yerlarini egallab ola boshlashdi va soliqlar tugatilishini talab qildilar.

1910—1911-yillarda qurg`oqchilik bo`ldi va xonlik ocharchilik girdobida qoldi. Zararlarni qoplash uchun ma'murlar aholidan imkoni bo`lgan hamma narsani tortib ola boshlashdi. Soliqlar o`sib bordi, aholining ommaviy qashshoqlashuvi kuchaydi. 1914-yilga kelib dehqon xo`jaliklarining 60 foizi og`ir qarzlarga botib qolgandi. 1910— 1917-yillarda dehqonlar g`alayonlari bo`ldi: feodal va boylarni kaltaklash, o`ldirish, ularning imoratlari, xo`jalik inshootlari va omborlariga o`t qo`yish va buzib tashlash kabi harakatlar avj oldi.

1912-yilgi Hazorasp, Xonqadagi qo`zg`alon alohida dadilligi bilan ajralib turardi. Dehqonlar yirik zamindorlar va xonlik amaldorlari yerlarini egallab ola boshladilar. Xon o`zining eng sara qo`shinini qo`zg`alonni bostirishga yubordi. Ammo kutilmagan voqea yuz berdi, Alieli va Toshovuz o`rtasida ular qo`zg`alonchilar tomonidan tor-mor etildi. Xonga madadga yetib kelgan podsho hukumati qo`shinlari qo`zg`alonni qiyinchilik bilan bostirishdi. Qo`zg`alon xalq norozilik chiqishlaridagi yangi omilni namoyon etdi — ular o`qotar qurollar bilan qurollangan va urush olib borish taktikasini o`rgangan edilar.

Xalq g`alayonlari xonlikda ijtimoiy-siyosiy harakatlar rivojlanishiga kuchli ta'sir o`tkazdi. Davlatda vujudga kelayotgan yalpi norozilik vaziyatining bevosita ta'siri ostida jadidchilikning Xiva xonligidagi ko`rinishi bo`lgan yosh xivaliklar harakati vujudga keldi. Uning farqli jihati harakatda aholining turli qatlamlari — dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar, ziyolilar ishtirok etishi edi. o`z siyosiy qarashlari borasida ular islohotchilik tomonida bo`lishgan va turli islohotlarni amalga oshirishni mo`ljallagan edilar.


Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   36




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə