O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil



Yüklə 1,41 Mb.
səhifə12/108
tarix05.04.2023
ölçüsü1,41 Mb.
#104262
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   108
f6726ecde0adb5d0e687f4a0a68c2437 O`ZBEK ADABIY TANQIDI TARIXI

Gullar bila pok qayg‘uli mahzun boqurdi,
Ko‘z yoshlarimiz to‘xtamay tun-kun oqurdi.
Mana shuni o‘qib albatta, bir ta’sir ila alarning qayg‘usiga qo‘shilurmiz».
Cho‘lpon adabiyotning yangi g‘oyaviy mazmuni uchungina emas, ayni choqda uning yuksak badiiyati uchun ham kurashganida, albatta, o‘sha davrdagi adabiy jarayonning xususiyatlariga tayangan. Ma’lumki, jadidlar XX asr boshlarida ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan yangi mazmundagi adabiyot yaratdilar, ammo turli sabablarga ko‘ra bu adabiyot hamma vaqt ham yuksak badiiyat bilan omuxta bo‘lavermas edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Cho‘lpon adabiyotni yean’atga yaqinlashtirish imkonlarini izladi va bunga erishishning eng cho‘g‘ri yo‘li haqqoniylikda degan xulosaga keldi. Haqqoniylikning ildizlari esa xalqchillikda. Adib yoxud shoir xalq hayotyning ichida bo‘lmog‘i kerak va bu hayotning hamma zamzamalarini aks ettirishga intilishi kerak. Ehtimol, yosh Cho‘lpon bunday qarashlarga stixiyali tarzda kelgandir, lekin nima bo‘lganda ham, u «qalam ahllari»ni xalq hayotiga yaqinroq «aralashib» yurishga undaydi. «Adabiyot nadur?»dan keyin yozilgan va «Sadoi Turkiston» gazetasining 1915 yil 6 fevral sonida chop etilgan «Muhtaram yozg‘uvchilarimizga» degan murojaatnomada Cho‘lpon shunday xitob qiladi:
«Muhtaram qalam ahllari milliy maishatni yomon deb bezmay, zohirda bo‘lsa ham to‘ylarda, gapxonalarda, bachchabozlar majlisida, bazmlarda va shunga o‘xshash millatning eng tanqid qiladurgan o‘rinlarida birga aralashib yurmaklari kerakdurki, toki komil o‘sha odatlarni kitob sahifalarida chiroyliroq qilib, yozgunday bo‘lsunlar. Milliy maishatdan bezgan bilan bezilib, ko‘milib ketaberadilar. Onda aralashib yurulsa, ondagi so‘zlarni, odatlarni o‘rganmoqqa bo‘ladurki, kitob betlariga ko‘churib yozmoqqa materiallarning eng asllari xalq orasidan olinur».
Cho‘lpon inqilobdan keyin ham o‘zining estetik printsiplarini shakllantirib bordi. U ko‘pgina maqolalarida konkret ijodkorlar misolida yoki muayyan asarlar tahlili orqali realizmning turli-tuman masalalarini o‘rtaga qo‘ydi. Jumladan, uning maqolalarida talant va ijodiy mehnat, hayotiylik va haqqoniylik, samimiyat va sun’iylik, matn ustida ishlash, badiiy tasvirning chinligi va rangdorligi, tabiat manzaralari va psixologizm kabi masalalar qalamga olingan va ular to‘g‘risida bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan qimmatli fikrlar aytilgan. Masalan, Cho‘lpon maqolalaridan birida adabiyotning «tugallanishi», ya’ni takomillashishiga katta e’tibor berib, bunga «adabiyotga kira olmagan narsalarni shafqatsiz sur’atda maydondan haydash» bilan va badiiy asar tilini soddalashtirish orqali erishilar deb hisoblaydi. Cho‘lpon «Chig‘atoy gurungi»ga mansub odamlar xuddi shu yo‘lda faoliyat ko‘rsatganini aytadi. Ma’lumki, bizning «sovet» adabiyotshunosligimizda bu tashkilot hamisha panturkistik tashkilot sifatida, aksilinqilobiy g‘oyalarni oldinga surgan guruh sifatida qoralanib kelindi.
Buning natijasida biz bugun «Chig‘atoy gurungi» haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Bugunga kelib bilganimiz shu bo‘ldiki, «Chig‘atoy gurungi» haqida aytilgan gaplarning bari bo‘hton ekan. Shuning uchun Cho‘lpon maqolasidan olingan quyidagi parcha shoirning chin adabiyot uchun kurashini ko‘rsatish bilan birga, o‘sha to‘garak haqida qisman bo‘lsa-da, ma’lumot beradi: «...u jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmak maqsadini asos qilib ushlaganlari holda o‘zbek adabiyotining tugallanishiga ham katta ahamiyat berdilar. Tugallanadurg‘on adabiyot chin adabiyot bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun ular adabiy asarlarga haqiqiy qiymatini berib, adabiyotga kiraolmag‘an narsalarni shafqatsiz suvratda maydondan hayday boshladilar... «Chig‘atoy gurungi» asosini mahkam qurg‘onlig‘i va chinakam to‘g‘ri chizg‘onlig‘i uchun o‘zi yo‘q ketsa ham, o‘zbekning yangi adabiyotida yangi, porloq, sharafli sahifalar ochdi va ochmoqda davom etadir».
1918 yilda Cho‘lponning o‘zi ham «Chig‘atoy gurungi», to‘garagining faol a’zosi bo‘lganini aytsak, «chin adabiyot» uchun kurashda uning xizmatlari ayon bo‘ladi.
Albatta, bizning maqolamizda Cho‘lponning hamma adabiy-tanqidiy maqolalarini tilga olib, ularda ko‘tarilgan masalalarni batafsil sharhlab chiqish imkoni yo‘q, Biroq yangi o‘zbek adabiyoti uchun uning izchil kurashi haqida gap borar ekan, bir maqolani sira ham chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Bu «Ulug‘ hindi» degan maqola bo‘lib, unda olg‘a surilgan fikrlar g‘oyat printsipial qimmatga ega.
«Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1925 yil 7—8 qo‘shma sonida chop etilgan bu maqola bir qarashda juz’iy masalaga — buyuk hind shoiri va mutafakkiri Rabindranat Tagor siymosini targ‘ib qilishga bag‘ishlanganday ko‘rinadi. Biroq aslida esa Cho‘lpon Tagor bahonasida o‘zbek adabiyotining rivoji qay yo‘ldan borishi kerakligi haqidagi mulohazalarini bayon qiladi. Maqolada Tagor asarlari ideal darajasiga ko‘tarilgan chinakam san’at namunalari sifatida talqin qilingan. Xo‘sh, Cho‘lpon Tagor ijodini qay jihatdan ideal ijod deb biladi? Shunisi muhimki, Cho‘lpon bu to‘g‘rida fikr bildirar ekan, faqat o‘zbek adabiyoti yohud o‘zbek yozuvchilarinigina nazarda tutmaydi, balki, umuman, yangi adabiyotning XX asr boshlarida adabiyotga kirib kelgan Sharq yoshlarini nazarda tutadi. Cho‘lponning nazarida bu yoshlar «yo‘lsizlik» kasaliga chalingan. Qolaversa, Cho‘lponning o‘zi ham «yo‘lsizlik» dardidan ko‘p aziyat chekadi. Nima uchun? «Yo‘lsizlik» deganini qanday tushunmoq kerak? Cho‘lpon yozadi: «Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘on sharqlik yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin: yangisi yana shirin: g‘arbniki tag‘in yana shirin. Qaysi bittasiga ko‘proq berilsin? Afsuski, Cho‘lpon bu o‘rinda eski va yangi adabiyotning «shirinligi» nimalarda ifodalanishini aytmaydi, faqat maqola davomida yoshlarning yo‘lsizligi, «boshlab o‘zi yo‘lsiz» ekanini aytib, uning mohiyati nimadaligiga ishora qiladi:
«O’zimning yo‘lsizligimdan biroz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiyman: bir xil, bir xil, bir xil... Ko‘ngil boshqa narsa qidiradir. Botu, G’ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylarni o‘qiyman: quvontiradir, xolos! Ular mening uchun yongon chiroqlar bo‘lsa ham, mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hakimzodalarni o‘qimayman, o‘qimayman. Meni shu holg‘a solg‘an o‘shalar!...»
Bu parchada Cho‘lpon o‘zbek namoyandalarining nomlarini tilga olyapti, ularning ijodida bir xillik borligidan, ba’zilarida esa bundan ham jiddiyroq nuqsonlar borligidan zorlanyapti. Shu parchaga qarab turib Cho‘lponning o‘zbek klassiklariga salbiy munosabati yoxud mensimay qaragani haqida gapirish mumkinmi? Afsuski, men Cho‘lpon haqidagi risolamda shunga yaqinroq gapni aytganman va klassiklarimizni o‘zimcha Cho‘lpondan himoya qilmoqchi, Cho‘lponning o‘zini ham o‘z maqolasidan himoya qilmoqchi bo‘lganman. Mana o‘sha parcha:
«O’ylamanki bugun Cho‘lponning bu xulosasi bilan unchalik kelishib bo‘lmaydi — klassiklarimizning har qaysisi o‘ziga xos qiyofaga, bir-birinikidan farq qiluvchi uslubga ega ekan, olamni idrok etishlari va olam haqidagi qarashlari bilan ham, estetik printsiplari jihatidan ham bir-birlarini takrorlamasliklari isbot qilinadi. Lekin Cho‘lpon ularni «bir xil, bir xil, bir xil!» deb baholayotgan ekan, bunda Sharq she’riyatining o‘ziga xos ba’zi sifatlarini nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin».
Gap shundaki, Cho‘lpon bu maqolada faqat o‘zbek adabiyoti haqidagina mulohaza yuritayotgani yo‘q, balki u Sharq adabiyotidan ham, G’arb adabiyotidan ham ko‘ngli uncha to‘lmasligini aytyapti, bu adabiyotlar yo «ortiqcha sharqliligi» yoxud «ortiqcha g‘arbliligi» bilan taassuf tug‘dirinpshi izhor qilyapti. «To‘qaydan tortib Qavi Najmiygacha — tatar adabiyotini, Hodidan tortib H. Javodgacha — ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!) Nomiq Kamoldan Ali Sayfiga dovur usmonli adabiyotini o‘qiyman: yo ortiqcha yangilik, g‘arblilik yo ortiqcha sharqlilik, faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan so‘fiylarcha she’rlarini o‘qiyman, shularga durustgina qonaman. Undan keyin Yahyo Kamolning «Saydobod» ruhida ba’zi narsalari. Faqat ular shu qadar ozki...»
Savol tug‘iladi: nima uchun Cho‘lpon bir varakayiga ham o‘zbek, ham tatar, ham ozarbayjon, ham turk adabiyotlarining namunalaridan qoniqmaslik tuyg‘ularini izhor etyapti? Menimcha, buning birdan-bir sababi shundaki, Cho‘lpon Uyg‘onish davrining odami bo‘lgani uchun adabiyotning ham yangicha bo‘lishini xohlagan, Yangi adabiyot Uyg‘onish davrining mohiyatiga mos keladigan, xalq hayotiga yaqinroq turadigan adabiyot bo‘lmog‘i kerak. Ortiqcha «sharqlilikka» yoki ortiqcha «g‘arblilikka» berilgan adabiyot esa bu talablarga javob berolmaydi. Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Adabiyotni, «shirinlikdan», «bir xillikdan» qutultirishning yo‘li qanaqa bo‘ladi? Cho‘lpon bu savollarning javobini Tagor ijodidan izlaydi. Munaqqid Tagor asarlarini o‘qib, «ulardan qonganini» ma’lum qilar ekan, buning asosiy boisi deb Tagorning «Sharq va G’arb o‘rtasidagi oltin ko‘prik» ekanini aytadi. Darhaqiqat, Tagor ijodi to‘laligicha Hindiston zaminida o‘sib-ulg‘aygan bo‘lsa-da, betakror milliy ranglarga ega bo‘lsa-da, bu ijod milliy mahdudlikdan uzoq. U o‘z ijodida ham milliy, ham Sharq, ham G’arb an’analarini birlashtirdi. Uning she’riyatida va romanlarida Sharqqa xos shartlilik, ko‘tarinkilik, donishmandlik ham, G’arbga xos psixologizm, xarakterlar mantig‘iga amal qilish, dalillash ham bor. Buning oqibatida u hind xalqining hayotini shunday tasvirladiki, bu tasvir butun jahon kitobxoniga — uning millati va yashash joyidan kat’iy nazar — baravar ta’sir qiladigan kuchga ega bo‘ldi. Yuksak badiiyat bilan tahlil qilingan umumbashariy muammolar Tagor asarlariga alohida teranlik va o‘ziga xos falsafiylik baxsh etdiki, xuddi shu sifatlar ularni Cho‘lpon uchun bag‘oyat jozibador qildi.
«Ulug‘ hindi» maqolasida Cho‘lpon Tagordan olingan saboq sifatida yana bir masalani qo‘yadi. Shu munosabat bilan yuqorida maqoladan keltirilgan matn parchasidagi bir nuqtaga diqqatni jalb qilmoqchiman. Cho‘lpon boshqalarga qaraganda Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hamza Hakimzoda sha’niga keskinroq ohangda gapiradi, «meni shu holga solgan», «ya’ni «yo‘lsizlikka» «mubtalo qilganlar «o‘shalar» deb, bir marta emas, ikki marta ularni «o‘qimayman, o‘qimayman» deb ta’kidlaydi.
Afsuski, bizning o‘zbek «sovet» adabi’atshunosligida Cho‘lponning bu mulohazasi ham ilmiy asosda xolisona tahlil qilinish o‘rniga unga siyosiy ayblar taqish uchun yana bir bahona bo‘ldi. Hatto «jiddiy adabiyotshunoslardan biri» sifatida tanilgan Izzat Sulton ham shu «dalil» asosida Cho‘lponni ayblashdan tiyina olmaydi. «Bu yerda sovet voqeligini so‘zsiz va izchil qabul qilgan shoirlarga salbiy baho berganligi (aftidan, Hamza va Avloniy nazarda tutilyapti, shekilli. Unda Tavallo bilan Siddiqiy nima bo‘ladi? — O.Sh.) Cho‘lpon «yo‘lsizligi» ning ma’nosini ochib beradi: u hali shoir sifatida yangi voqelikni tushunishga va madh etishga (!— O. Sh.) tayyor emas».
Cho‘lponning adabiyotdagi «yo‘lsizlikdan» qutulish yo‘llarini izlagani to‘satdan kattakon siyosiy aybga aylanib qolgan. Holbuki, Cho‘lponning maqolasida na sovet voqeligi, na inqilob haqida gap ketayotipti, ayrim shoirlar haqida keskinroq ruhda gapirilayotgan ekan, buni Cho‘lpon ularning inqilobni «so‘zsiz» qabul qilganlari uchun emas, boshqa sabablar tufayli qilyapti. Ma’lumki, jadidlar adabiyotdan jamiyatni yangilash jarayonida muhim qurol sifatida foydalanishgan. Ammo ayrim jadid yozuvchilarining ijodida g‘oyalar targ‘ibotiga ko‘proq e’tibor berilib, badiiyat masalalari keyingi o‘rinlarga tushib qolgan edi. Natijada san’atning eng muhim shartlaridan biri bo‘lmish mazmun bilan shakl birligiga putur yeta boshlagan, g‘oyaviylik badiiyat hisobiga ustivor o‘rin egallay boshlagan edi. Bu nuqson na faqat Hamza, Siddiqiy yoxud Avloniy asarlarida, hatto jadidchilik harakatining eng yirik siymosi Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodida ham ko‘zga tashlanadi. Aftidan, Cho‘lpon bu hodisani juda chuqur his qilgan, uning xavfini juda aniq anglagan va maqolalarida bunga qarshi ogohlantirgan. Uning ayrim asarlarni «o‘qimayman» deb zorlanishining asosiy sababi ham shunda — bu asarlarda g‘oyaga urg‘u berilgan-u, badiiyat oqsab qolgan.
Shunday qilib, Cho‘lponning 20-yillardagi bir qancha maqolalarida tilga olingan va «Ulug‘ hindi» maqolasida ancha to‘liq ifodalangan masala — yangi o‘zbek adabiyotini yaratish masalasi edi. Cho‘lponning nazarida bu vazifani muvaffaqiyatli hal qilish uchun Tagordek buyuk san’atkorlar tajribasidan kelib chiqib, Sharq va G’arb san’atlarini sintez qilmoq va mazmun bilan shaklning uyg‘unligiga erishmoq kerak, zinhor-bazinhor san’atni quruq g‘oyalar majmuasiga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Afsuski, 20-yillarda ham, undan keyingi davrlarda ham Cho‘lponning bu xitobi hech kimning qulog‘iga yetib borgani yo‘q. Chunki sovet hokimiyati yillarida amalga oshirilgan adabiy siyosat — chinakam san’at namunalarini yaratishdan ko‘ra yozuvchilarni hukmron mafkuraning sodiq soldatlariga aylantirishga qaratilgan edi. Yozuvchi o‘z «yog‘iga o‘zi qovrylib, ming xil ijod iztiroblarini kechirib, matn ustida jon kuydirib ishlab o‘tirishi shart bo‘lmay qolgandi — u «dolzarb» mavzuni tanlasa, ilg‘or ishchi yo sadoqatli kommunistni qahramon qilib olsa, xalqlar do‘stligini ulug‘lab, ulug‘ og‘amizga madhiyalar o‘qisa, «hayotimiz farovon, kelajagimiz porloq, partiyaga ming rahmat!» degan gaplarni aytsa kifoya edi. Bunday asar, badiiy saviyasidan qat’iy nazar, haqiqiy adabiyot deb baholanar, ortiqcha to‘siqlarsiz chop etilar, boshqa tillarga tarjima qilinar, har xil mukofotlar-u unvonlar bilan rag‘batlantirilar edi. Bu siyosat muqarrar ravishda adabiyotda «sxematizm» degan dahshatli illatni tug‘dirdi, haqiqiy iste’dod egalarini qadrsizlantirdi, o‘rtamiyonachilikka keng yo‘l ochdi, san’at bobida talantsiz, lekin ig‘volarga, fisqu fasodlarga, xushomad va laganbardorlikka, zamonaga moslashishga ustasi faranglar, nafsi uchun vijdonini sotishga tayyor odamlar suv betida ko‘pikdek qalqib yurishiga imkon, yaratdi. Afsuski, bu g‘ayritabiiy, teskari hodisaning oqavalari hozirgi kunga qadar ham sirqib yotipti. Cho‘lponning zorlanishlariga va ogohlantirishlariga e’tibor berib, o‘sha mahaldayoq bu hodisaning oldi olinganda, ehtimol, ahvol boshqacha bo‘lishi mumkin edi, o‘zbek, yozuvchilarining asarlari ham hozirgidan ko‘proq darajada jahon miqyosida tay olingan va tanilgan bo‘larmidi? Nima bo‘lganda ham, bizni g‘oyat quvontiradigan joyi shundaki, shoir va dramaturg, nosir va publitsist Cho‘lpon tanqidchilik bilan ham jiddiy shug‘ullanib, bugun ham qimmatini yo‘qotmagan asarlar meros qoldirgan. Uning maqolalari bu ulug‘ insonning chinakam xalq farzandi bo‘lganini, millat ravnaqi yo‘lida astoydil qayg‘urib cholishganini, o‘zbek adabyyotining tom ma’nodagi yuksak adabiyot bo‘lishi uchun qimmatli fikrlar bayon qilganini ko‘rsatadi. Cho‘lpon bu fikrlarni bayon qilish bilan, yangi adabiyot yaratish yo‘lidagi mulohazalarini o‘rtaga tashlash bilan cheklangani yo‘q, balki o‘zining amaliy ijodida bu e’tiqodlarga amal qilib, o‘zi ham «G’arb va Sharq o‘rtasida oltii ko‘prik» bo‘ladigan asarlar yaratdi.

Yüklə 1,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə