O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil


-Mavzu: 30-yillar tanqidchiligining o’ziga xos tamoyillari haqida



Yüklə 1,41 Mb.
səhifə17/108
tarix05.04.2023
ölçüsü1,41 Mb.
#104262
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   108
f6726ecde0adb5d0e687f4a0a68c2437 O`ZBEK ADABIY TANQIDI TARIXI

7-Mavzu: 30-yillar tanqidchiligining o’ziga xos tamoyillari haqida
Reja:
1. 30-yillar tanqidchiligida “Sarob” romani atrofidagi bahslar.
2. Adabiy tanqidchilikda ijodiy faollik va realizm estetikasini egallash yo’lidagi izlanishlar.
3. Otajon Hoshim haoyoti va adabiy-tanqidiy qarashlari
4. Oybekning “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” tadqiqoti haqida.


Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati



  1. Валихўжаев Б. Ўзбек адабиётшунослиги тарихи (X-X1X асрлар). T.: Ўзбекистон, 1993.

  2. Назаров Б. ва бошқалар. Ўзбек адабий танқиди тарихи. T. Чўлпон НМИУ. 2012

  3. Расулов А. Танқид, тадқин, баҳолаш. T.: Фан, 2006

  4. Ўзбек адабий танқиди. Антология. Т. TURON-IQBOL. 2011

  5. Каримов Б. Абдулла Қодирий ва герменевтик тафаккур.Т. Akademnashr. 2014.

Mavzuga oid qisqacha annotatsiya
30-yillarning ikkinchi yarmiga kelib o’zbek adabiy tanqidchiligi ham faollasha boshladi. Oybekning «Abdulla Qodiriy ijodi» (1934) monografiyasi bu yo’ldagi ilk va muvaffaqiyatli qadamlardan biri bo’ldi. Bu asarda A.Qodiriyning yozuvchilik mahorati batafsil ochib berildi. 30-yillarda o’zbek adabiyotshunosligi tomonidan erishilgan yutuqlardan biri «O’n besh yil ichida o’zbek adabiyoti» (1939) ilmiy to’plam holidagi kitobidir. Bu to’plamga kirgan maqolalar ichida Olim Sharafiddinov va S.Husaynlarning «O’zbek adabiyoti», H.Yoqubovning «O’zbek sovet poeziyasi 15 yil ichida», Yusuf Sultonovning «O’zbek sovet prozasi», S.Husaynning «O’zbek sovet dramaturgiyamizga umumiy bir qarash». Sh.Sulaymon va G’.Karimovlarning «Bolalar adabiyoti to’g’risida», M.Afzalov va B.Karimovlarning «O’zbek folklari» nomli chinakkam tadqiqot ishlari mavjud edi. Unda, o’zbek adabiyotining taraqqiyot yo’llari ancha mukammal ochib berildi.
Adabiy tanqid badiiy adabiyotda zamondosh obrazini qanday yaratayotganligiga. xususan, ularning nuqsoniga alohida etibor bera boshladi. 20-yillarning birinchi yarmida "inqilob" mavzuidagi asarlar yaxshi kutib olingan bo‘lsa, 20-yillarning ikkinchi yarmidan etiboran obrazlar to‘laqonligi, yozuvchilar o‘z qaxramonlarining ichki dunyosini, ruhiyatini tasvirlayotirmi degan savollar qo‘yila boshlandi.
Uygun "O‘z xatolarimiz ustida o‘rganamiz" maqolasida o‘z ijodiga tanqidiy ko‘z yugurtiradi va malum xulosalarga kelganini bayon etadi. Bunday dalillar adabiy tanqidning sifat ustida ham, asarning badiiy yuksakligi ustida ham jiddiy izlana boshlaganini ko‘rsatadi. Shunday intilishlar tufayli 20-yillarning oxirlariga kelib, xususan, 30-yillarning boshlarida adabiyotda hayotga yaqin bo‘lish istagi avj oldi. Birin-ketinlik bilan "Dilbar-davr qizi", "Baxtlar vodiysi", "Temirchi Jo‘ra", "Ko‘kan", "Jontemir" kabi zamonaviy asarlar yaratila boshlandi. Biroq bu davrda ularga qarshi tanqidiy maqolalar emas, balki javobiya xarakteridagi asarlar yozish ananasi yuzaga keldi: Cho‘lponning "Buzilgan o‘lkaga" sheriga G‘ayratiy "Tuzalgan o‘lkaga" sheri bilan javob qaytardi. Biroq adabiy tanqid bunday asarlarni chetlab o‘ta boshladi. Faqat milliy istiqlol g‘alabasidan so‘ng bunday hodisalarga xolisona baho berildi.
O‘zbek adabiy tanqidida janriy izlanishlarga munosabat. XX asr boshlarida adabiyot yangi janriy izlanishlar davriga kirdi. Mavjud turli-tuman tashkilotlar bir-biriga o‘xshamagan uslub va estetik dasturlarga ega edi. Partiyaning, sovet davlatining adabiyotga buyruq berishi hali urfga kirmagan edi. Poetik ijod hali ustuvor ananaligicha davom etardi, shoirlar ananaviy aruzdan kengroq foydalanishar, biroq "inqilobiy" ruhni berish yangi vazn, yangi shakllar izlashni ehtiyojga aylantirayotgani tobora chuqurroq sezilmoqda edi. Ana shu ehtiyoj xalq ijodiga xos barmoq va sarbast vaznlarida jangovor shijoatkorlikka davat etuvchi asarlar (marshlar, qo‘shiqlar, ashulalar) yaratishga sabab bo‘ldi. Bunda Nozim Hikmat va V.Mayakovskiy o‘rnagi va ijodining tasiri muhim rol o‘ynay boshladi. Adabiy jarayondaga bunday izlanishlar adabiy tanqid etiboridan chetda qolmadi. Arabnejad (A.Alaviya) "Bizda shakl masalasi va Nozim Hikmat" maqolasida xuddi shu masalalarga to‘xtaladi: "Aruz va hijo vazni" ohista oqar vaznlar bo‘lib, yangi hayotdagi surat va harakatni bera olishga qodir emasdur"-deb yozarkan, sarbast sherlarning afzalligani takidlaydi. Homil Yoqubov esa "Oybek va uning sherlari" maqolasida shoirning ijodiy o‘sayotganligini tahlil qilarkan, uning etiborini yangi shakllarga qaratadi.
Mirtemir erkin sherni "nozimona she’r" deb ataydi. Erkin she’r ancha murakkab san’at bo‘lib, uni o‘zlashtirish oson kechmadi. Aslida o‘zbek sheriyatini yangi ohang va vaznga ko‘chirish harakati Fitrat va Cho‘lpon ijodida XX asrning 10-yillaridayoq boshlangan bo‘lib, 30-yillardagi adabiyotning mafkuraviylashtirila borishi sharoitida yangicha mohiyat kasb eta bordi. Shu zaylda sarbast G‘.G‘ulomning "Dinamo", H.Olimjonning "Ko‘klam", Shokir Sulaymonning "Erk kuylari", Mirtemirning "Ashulalar qo‘ynida" kabi ilk sheriy to‘plamlarida o‘zbek she’riyatida inqilob va sho‘ro tuzumini alqovchi mazmunga sug‘orilgan holda namoyon bo‘la bordi. Adabiy tanqid bu jarayonga madad berdi, Mirtemir sochma she’rlar yozishga jazm etdi. Hatto "Sochma shoirning tuyg‘u va fikrlari to‘lqinlanib, toshib ketgan vaqtda yoziladi", - deya unga muhabbatini izhor etgan edi. Qolaversa, o‘sha davrda sochmani minbar adabiyoti deb ataganlar. Lekin sochmadagi hamma sherlar yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada bo‘lavermagani yosh tanqidchi Yunus Latif tomonidan ilg‘angan edi.
Bu davrda adabiy tanqid nasr rivojiga ham sezilarli tasir ko‘rsatdi. XX asr boshlarida A.Qodiriy, A.Fitrat, S.Ayniy, 20-30-yillarda esa H.Shams, Zarif Bashir, Ziyo Said, G‘.G‘ulom, Sh.Sulaymon, G‘ayratiy, H.Olimjon, Sobir Abdulla, Cho‘lponlar hikoya yoza boshlagan edilar.
A.Sadiy hikoyachilikda A.Qodiriy ijodi sermahsulligini takidlaydi. U tahlil jarayonida u yoki bu janr tabiatiga to‘xtalishga, jumladan, hikoyaning xususiyatlari haqida nazariy mulohazalar bildirishga intiladi.
Abdurauf Fitrat esa "Adabiyot qoidalari" nazariy asarini shu masalalarga bag‘ishlasa, Olim Sharafiddinov(Ayn), Sotti Husaynlar o‘rni-o‘rni bilan o‘z maqolalarida hikoya, povest janrlariga xos xususiyatlarga oid qimmatli fikrlarni aytib o‘tadilar.
O‘zbek adabiyotida roman janrining paydo bo‘lishi A.Qodiriy, Hamza, Mirmuhsin Shermuhammed nomlari bilan bog‘liq. Roman nazariyasiga oid ilk nazariy mulohazalar esa A.Sa’diyning "Amaliy ham nazariy adabiyot darslari” va Fitratning "Adabiyot qoidalari" asarlarida uchraydi. Ayniqsa, S.Xusayn "O‘tkan kunlar"ni tahlil qilish jarayonida janr sifatida romanning boshqa adabiy janrlardan farqini tushuntirishga harakat qiladi.
Miyonbuzruk Solihov esa o‘zbek adabiyotida romanchilik tajribasi - yo‘qligini takidlab, "O‘tkan kunlarini original asar deb hisoblaydi. Aslida esa chindan ham "O‘tkan kunlar" o‘zbek adabiyotida, Yevropada tushunilganidek, haqiqiy realistik roman bunyodga kelganining dalili edi. Adabiy tanqidda shu haqiqatning tasdiq topishi uning estetik jihatdan ancha balog‘atga yetganinn ko‘rsatadi.
Dramaturgiyaning tug‘ilishi va rivoji masalasi ham adabiy tanqidning e’tiboridan chetda qolmadi. Dramaturgiya rivojining ilk bosqichida "og‘zaki tanqid" (jonli tanqidiy amaliyot) asosiy rol o‘ynadi va u ko‘pincha tashkiliy shakllarda, aytaylik, u yoki bu asarni o‘qib muhokama etish va repertuarni komissiyalar orqali qabul qilish jarayonida ro‘yobga chiqdi. Shu tariqa teatr tanqidchiligi shakllana bordi. Ammo e’lon qilingan maqola va taqrizlarning ko‘pchiligi teatr sanati masalalariga va aktyorlar mahorati tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib, ular orasida spektaklning g‘oyaviy-badiiy qimmatini, zamonaviy hayot bilan aloqasi va tarbiyaviy ahamiyatini chuqur ochib beradiganlari hali yetarli emas edi. Jumladan, "Ch.O‘g‘li" imzoli tanqidchi "Teatr asarlari janrning jon tomiridir. Yaxshi va nafis teatr adabiyotiga ega bo‘lmasak, teatrdan sira foydalana olmaymiz",-deb yoesa, boshqa bir maqolada operetta, balet sanati to‘g‘risida ham ayrim mulohazalar bildirilgan edi.
Teatr tanqidchiligi o‘zbek teatrining yuksalishida katta rol o‘ynadi. 20-yillarning oxiri 30-yillarning boshlarida K.Yashin, N.Safarov, Ziyo Said, Sobir Abdulla, U.Ismoilov, Z.Fatxullin kabi yosh dramaturglar badiiy ijod sohasida ko‘rinib qoldilar. Adabiy tanqid o‘z vaqtida ularning paydo bo‘lishini tabriklash bilan birga mavjud nuqsonlarini ko‘rsatishga harakat qildi va ijodiy yuksalishlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbek adabiyotshunosligida mumtoz merosga munosabatda ikki asosiy yo‘nalish mavjud edi: 1) vulgar sotsiologik ruhdagi qarashlar yo‘nalishi bo‘lib, bu holat J.Boybulatov, Oltoy,Z.Bashir, 3.Said, Yu. Latif singari adabiyotchilar chiqishlarida ko‘p uchraydi; 2) marifiy-ilmiy yo‘nalish - bunday tamoyildagi professional tanqidchi va adabiyotshunoslar, shuningdek, tanqid bilan shug‘ullanuvchi yozuvchilar orasida Fitrat, A.Sadiy. A.Majidiy, Ayn, S.Ayniy, L.Olimiy, O.Xoshim, Botu kabi ijodkorlar bor edi.
Ilmiy izlanishlar yo‘lidan borgan Fitrat, A.Sadiy, A.Majidiy, To‘g‘rul, O.Hoshim, L.Olimiy kabi tanqidchilarning maqolalari, adabiyotshunoslikka oid tekshirishlari merosga to‘g‘ri yondashishga intilishning adabiy tanqiddagi namunalari edi. Bu jihatdan L. Olimiyning "Nodira", A.Majidiyning "Shoir Miriy" kabi maqolalari ayricha e’tiborga loyiq.
Kuzatishlar shundan dalolat beradiki, 20-yillardayoq ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy ijodiy merosini to‘plash, o‘rganish, nashr etish, boshqa tillarga o‘girish o‘ziga xos ko‘lamdorlik kasb eta boshlagan edi. Bunda nafaqat o‘zbek, balki ozarbayjon, turkman, rus va boshqa adabiyotshunoslar ham salmoqli hissa qo‘sha boshlagan edilar. Jumladan, Abdurauf Fitrat ilk bor shoirning forsiy ijodiga etiborni qaratib, "Navoiyning forsiy shoirlig‘i va uning forsiy devoni to‘g‘risida" maqolasini yaratgan bo‘lsa, "Muhokamatul-lug‘atayn"ning turkmancha tarjimasi 1925 yilda "Amir Alisher Navoiy" nomi ostida Turkmanistonda nashr etildi. Kitob kirish so‘z, shoirning qisqacha tarjimon holi va izohlar bilan ta’minlagan edi.
Navoiy merosini chuqurroq o‘rgangan, ilmiy jihatdan jiddiy ishlardan biri - 1928 yili Leningradda rus tilida bosilib chiqqan "Mir-Ali-sher" kitobi sharqshunoslikda sezilarli iz qoldirdi. Undan A.N.Samoylovich, Ye.E.Bertels, A.A.Romaskevich va V.V.Bartold kabi iste’dodli olimlarning maqolalari o‘rin olgan. Ayiiqsa, Ye.E. Bertelsning maqolasi Navoiy ijodining mustaqil adabiy hodisaligi va originalligini dalillar bilan isbot etganligi tufayli muhim ilmiy qimmatga ega edi. Tajribali sharqshunoslar o‘tmishni yaxshi bilmay turib, hozirgi zamonni baholash mumkin emasligini, binobarin, madaniyatlar, adabiyotlar o‘zaro aloqasi va hamkorligi ularning bir butunligi mohiyatini belgilashini ko‘rsatdilar. Shu tariqa o‘zbek, rus va boshqa qardosh xalqlarning sharqshunoslari tashabbusi bilan navoiyshunoslikning ilk namunalari yuzaga kelgan edi.
Mumtoz merosdan foydalanish kerakmi yoki kerak emas? degan masalada vulgarizatorlik usulini tanlaganlardan biri J.Boybo‘latov bo‘lib, uning merosga o‘ta nigilistik munosabati, hatto uni haqorat qilish darajasiga borishi "O‘zbek adabiyoti namunalari" majmuasini baholashida ravshan ko‘rinadi. U "Namunalar"ni tuzgan Fitratni ham, unga so‘zboshi yozgan O.Hoshimni ham bo‘ralab so‘kishdan toymaydi. Uning “O‘zbek adabiyoti va chig‘atoychilik" maqolasi boshdan oxirigacha mumtoz ijodkor ijodiyotini qoralashdan iborat. Jumladan, u yozadi: ".. Qisqasi, chig‘atoy nafis adabiyoti mazmun jihatdan tasavvuflik bilan, shakl jihatdan arab ham forslik bilan sug‘orilgandir, Chig‘atoy shoirlari-bu mutasavvuflardan, xayolparastlardan, simvolistlardan va boshqalardan o‘zbek proletar adabiyoti uchun qanday bo‘lsa ham bir narsa olishimiz shubhalidir"17.
J. Boybulatov maqolalaridagi bunday asoslanmagan ayblarga javob bermaslik mumkin emas edi. O.Hoshim "Adabiy meros va chig‘atoy adabiyoti" sarlavhasi ostida ikki maqola yozib, u bilan munozaraga kirishsa-da, o‘sha davr mafkurasi tazyiqidan qutula olmaydi. Va yozadi: "Jadid adabiyoti o‘zbek burjuaziyasi adabiyotidir. Jadid adabiyoti o‘zbek burjuaziyasining fikrini va uning boshdan kechirgan holatlarini aks etadir. Uning uchun ishlaydir, kuladir, yig‘laydir''18. Sirasini aytganda. bu "stalinchilik" siyosatining qoliplari asosida berilgan baho edi. Otajon Hoshim keyinchalik mumtoz adabiyotni baholashda avval yo‘l qo‘ygan shu xatolarini tuzatishga harakat qiladiki, bu haqiqiy tanqidchilarga xos fazilat edi. U merosdan foydalanishning bir necha bosqichlari borligini, uni diqqat bilan o‘rganish zarurligini ta’kidlaydi. "Chig‘atoy adabiyoti ko‘p badiiy namunalar bergandir, bu adabiyotning bir qancha san’atkor shoirlari bor"ligini e’tirof qiladi. Lutfiy, Navoiy va boshqa so‘z ustalari she’rlaridan misollar keltirib, badiiy mahorat masalalariga to‘xtaladi. Uning fikriga ko‘ra, "hozirgi proletar shoirlarining kamchiligi ham shu tomonda", ya’ni mahoratning yetishmasligida. O‘z fikrini yaxshiroq tushuntirish va qanday qilib badiiy yetuk asarlar yaratish sanatini egallash mumkinligini uqtirish niyatida V.Mayakovskiyning "She’rni qanday yozish kerak?" nomli kitobidan misollar keltiradi.
A.Sadiy 1934 yili nashr etilgan "O‘zbek burjua adabiyoti (XIX va XX asr)" darsligida merosga to‘g‘ri yondashib, uning zarur tomonlarini o‘rganish lozimligini uqtiradi.
"Qizil qalam" tashkiloti ham adabiy merosni tashviq qilishda malum ishlarni amalga oshirdi.
Qisqasi, uzoq yillar davomida Navoiy, Mashrab, Turdi, Muqimiy va boshqa ijodkorlarni "hozirgi zamon kemasidan" uloqtirib tashlamoqchi bo‘lganlar kam emas edi. Nigilizm tasirida bo‘lgan yoshlar mumtoz ijodkorlarga mensimaslik nazari bilan qarab, ulardan o‘rganish o‘rniga mustaqil yo‘l tutmoqchi bo‘ldilar.
O‘tmish tajribalarini qadrlamaslik kasali XX asrning 30-yillari birinchi yarmigacha davom etgan bo‘lsa-da, adabiy tanqid bu masalani ijobiy hal qilgan edi. Tanqidchilar adabiy merosning ahamiyatini, hayotdagi rolini to‘g‘ri tushuntirdilar,
Xulosa shuki, XX asr boshlaridagi yosh adabiy tanqid adabiy-tarixiy jarayonda faol rol o‘ynaydi. Adabiyot rivojiga oid ko‘pgina asosiy masalalarni ko‘tardi, adabiy hodisalar, yozuvchi asarlariga ba’zan noto‘g‘ri, lekin asosiy hollarda to‘g‘ri baho berishga intildi. Bu davrdagi adabiy tanqidga xos muhim xususiyat shunda ko‘rinadiki, u markscha-lenincha adabiy tanqidga aylana bordi, mafkuraviylashdi. Ammo adabiy tanqid mustaqil fan sifatida rivojlanib, qorishiklikdan qutula boshladi. O.Xoshim, Olim Sharafiddinov, R.Majidiy, S.Husayn va ulardan keyin o‘z faoliyatini boshlagan H.Yoqubov, Sh.Sulaymon, Yu.Latif, Yu.Sulton singari professional tanqidchi va adabiyotshunoslar yetisha borishadi.
Tanqidchilik va adabiyotshunoslikning alohida kasb sifatida namoyon bo‘lishi yoki badiiy ijod turi sifatida ajralib, o‘z qonun va tamoyillari asosida rivojlanish jarayoniga kira borishi - o‘sha davr madaniy hayotining katta yutug‘i bo‘ldi. Ayni choqda tanqidchilik bilan shug‘ullangan yozuvchilar - Fitrat, Cho‘lpon, A.Qodiriy, H.Olimjon, Oybek, Uyg‘un, G‘.G‘ulom, Ziyo Said, M. Shayxzodalarning maqolalari, taqrizlari ham adabiy tanqidning saviyasi o‘sishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Adabiy tanqidda badiiy asar tahlilida shakl va mazmun birligiga diqqat qilish fazilati namoyon bo‘la boshladi. Avvallari muayyan asar mavzui va syujetigina aytilib, badiiy shakl ko‘pincha tilga olinmasa, endi tanqidiy asarlarning ko‘pchiligida g‘oyaviy mazmun qatorida kompozitsiya, stil, tasviriy -vositalar birlikda baholanadigan bo‘ldi. Badiiy tilga oid munozaralar uyushtirilib turildi.
Tanqid tafakkurni shakllantiruvchi vasitalardan biri bo‘lib qoldi, chunki maqola va taqrizlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadigan bo‘ldi. Tanqid badiiy asar yaratishda maslahatchi, ijodiy hamkor bo‘la boshladi. Ijodkorlarning izlanishlari, yangi janrlarni zabt etishdagi urinishlari qo‘llab-quvvatlandi.
Adabiy tanqidning shakllanishi va rivojida yozuvchilarning roli katta bo‘ldi. Ular o‘zlarining adabiyotga va adabiy merosga aloqador fikrlari bilan tanqidning taraqqiyotiga yordam berdilar va matbuotda, jumladan, "Yangi Farg‘ona"da Hamza, "Mushtum"da A.Qodiriy adabiyot bo‘limlariga rahbarlik asnosida adabiy tanqidga oid asarlarga keng yo‘l berdilar. Natijada o‘zbek adabiy tanqidchiligi to‘xtovsiz o‘sib; adabiy-tarixiy jarayonda o‘z maqsadiga erisha bordi.

Yüklə 1,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə