O‘zbekiston arxiv muassasalarida arxiv ishi boshqaruvini raqamlashtirish ishlari



Yüklə 14,07 Kb.
tarix23.12.2023
ölçüsü14,07 Kb.
#155699
Maqola (Samandar)


O‘zbekiston arxiv muassasalarida arxiv ishi boshqaruvini raqamlashtirish ishlari
(Samarqand viloyati misolida)
Hozirgi yangi zamonaviy texnika davrida butun jahon tajribasida raqamlashtirish, raqamli iqtisodiyot, electron hujjat kabi yangi tushunchalarning qo‘llanilishi, bevosita inson omilini yana bir bor kamaytirdi, ish samaradorligini oshirdi, insonlarni ma’lumot izlashda duch keladigan ayrim qiyinchiliklarini yengillashtirdi. Raqamlashtirish hozirgi kunga kelib dunyodagi jamiki barcha sohalarga kirib bordi va yangicha tizimni yaratdi va natijada elektron hukumat atamasining paydo bo‘lishiga olib keldi.
Ushbu rivojlangan zamonaviy davrda yurtimizga ham barcha sohalarga raqamlashtirish tizimi jadal suratlarda kirib kelmoqda. Xususan arxiv ishi sohasida ham arxiv hujjatlarini raqamlashtirish tizimi yaratildi. Va asta sekinlik bilan bo‘lsada arxiv hujjatlarimiz chet eldan keltirilgan yangi zamonaviy sakaner qurilmalari yordamida electron nusxaga o‘tkazila boshlandi. Hozirgi paytga kelib raqamlashtirish ishlarini tezlashtirish chora tadbirlari ko‘rib chiqilmoqda va jahon tajribasi o‘rganilmoqda. Hujjatlarni raqamlashtirishni afzalliklari juda ko‘p bo‘lib, arxivdagi hujjatlardan foydalanishni osonlashtiradi, hujjatlarni qidirishda vaqtni tejaydi, qog‘oz hujjatlarga jismoniy zarar yetkazishni oldini oladi va natijada qog‘oz hujjatlarni uzoq muddat davomida arxivda saqlab qolish imkoniyatini beradi, bir vaqtni o‘zida bitta hujjatdan bir nechta shaxsning foydalanish imkonini beradi, arxiv ma’lumotlarini xavfsiz saqlanish imkonini beradi, eng muhimi raqamlashtirilgan arxiv hujjatlarini saqlashda unchalik katta bo‘lgan maydonni talab qilmaydi, qog‘oz holda saqlanadigan arxiv hujjatlaridan raqamlashtirilgan arxiv hujjatlarini saqlashda harajatlar 80% ga arzonga tushadi, biron bir shaxsning bironta fonddan ma’lumot qidirib topishini osonlashtiradi va tezlashtiradi, arxiv fondi hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini soddalashtiradi, fuqarolar surovnomalariga tezda javob berish imkoniyatini beradi, masofaviy tarzda arxiv hujjatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Yurtimizda arxiv ishi sohasini rivojlantirish va arxiv hujjatlarini raqamlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi va birinchi Prezidentimiz I.A. Karimov tomonidan bir qancha me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 3-fevralda 49-sonli “O‘zbekiston Respublikasi arxiv ishini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-dekabrda “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A. Karimovning 2008-yil 21-avgustida PQ-949 sonli “Koreya Respublikasi hukumatining grand mablag‘larini jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasi milliy arxivlarini rekonstruksiya qilish hamda ularni texnik modernizatsiyalash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi arxiv ishini raqamlashtirishni yanada tezlashtirdi. Qarorga muvofiq 2008-2009-yillarda “O‘zbekiston Respublikasining markaziy davlat arxivlarini axborotlashtirish” loyihasi ishlab chiqilib, uni amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi hukumati 3 million dollar miqdorida grant ajratdi. Loyiha doirasida markaziy arxivlar 50 dan ortiq zamonaviy axborot texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan (kompyuterlar, qog‘oz hujjatlari va audiovizual materiallar uchun maxsus skaner va boshqalar); uchta transport vositasi ajratildi – “HYUNDAI STAREX” rusumli mikroavtobuslar va konditsioner tizim uchun maxsus zamonaviy uskuna o‘rnatildi1. Arxiv ishini avtomatlashtirishning Koreya amaliyoti va Koreyaning “ERAMS” dasturi qo‘llanilish tajribasi bilan tanishish uchun Seuldagi Axborot resurs markazida tizim ma’murlari, operatorlari va hujjatlarini raqamlashtirish bo‘yicha mutaxasislar uchun o‘quv trening kurslari o‘tqazildi, arxiv rahbarlari uchun esa alohida amaliyot tashkil etildi.2
Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish ishlari Markaziy Davlat Arxivlaridan tashqari viloyat va tuman arxivlarida ham asta sekinlik bilan bo‘lsada amalga oshirilmoqda. Xususan Samarqand viloyati misolida ko‘radigan bo‘lsak, viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimida bugungi kunda 7 ta davlat arxivi, 1 ta davlat arxivining filiali va 12 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tomonidan arxiv xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Bugungi kunda shahar va tuman arxiv muassasalaridagi 12 ming 600 ta fondda 1 million 542 ming 524 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda. Shundan asosiy faoliyatga oid hujjatlar 890 ming 113 saqlov birligini, shaxsiy tarkib hujjatlari esa 646 ming 582 saqlov birligini, shaxsiy kelib chiqish hujjatlari 5 ming 155 saqlov birligini hamda ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari 674 saqlov birligini tashkil etadi. Viloyat davlat arxivida saqlanayotgan ikkinchi jahon urushi yillaridagi fuqarolarni Samarqand shahriga ko‘chirib kelinishi, Samarqand shahar Xalq Deputatlari shahar Ijroiya qo‘mitasi 1924-1927 yillarga oid, Samarqand tuman Harbiy Komissariatining 1918-1920 yillardagi, Ishchi va Dehqonlar Qizil armiya deputatlari Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bolalar hayotini yaxshilash bo‘yicha Samarqand shahar komissiyasining 1928-1932 yillardagi, Evakuatsiya qilingan polyaklarni yetkazib berish bo‘yicha SSSR Xalq savdo komissiyasining 1943-1946 yillardagi hujjatlari qimmatli hujjatlar sirasida saqlab kelinmoqda.
Samarqand viloyati arxivida qimmatbaho hujjatlar saqlansada arxivlarni raqamlashtirish ishlari unchalik ham aytarlik darajada rivojlanmagan, sababi arxivlarni raqamlashtirish haqidagi huquqiy-me’yoriy hujjatlar 2004-yildan boshlab joriy etila boshlagan bo‘lsa, Samarqand viloyatida raqamlashtirish ishlari juda ham kech boshlandi. Samarqand viloyati davlat arxiviga 2018-yilda, Yaponiya davlatida ishlab chiqarilgan “Scan Snap sv 600” rusumli skaner qurilmasi olib kelindi va arxiv hujjatlari raqamlashtirila boshlandi. Arxivda raqamlashtirish jarayonida hujjatlardan 3587 saqlov birligidagi 896 ming 649 ta kadrdan iborat hujjatlarning elektron nusxalari yaratildi. Hozirda bu hujjat nusxalari “O‘zarxiv” agentligi tomonidan joriy etilgan archive.uz elektron tizimiga bosqichma-bosqich kiritilib borilmoqda.
Bundan tashqari Pastdarg‘om tumani davlat arxivida ham 1926-2020 yillarni o‘z ichiga olgan 393 ta fond mavjud bo‘lib, ularda 76 ming 782 ta saqlov birligidan ortiq hujjatlar saqlanib kelinmoqda. Yaqinda arxiv hujjatlarini raqamlashtirish maqsadida Yaponiyada ishlab chiqarilgan “Scan Snap SV 600” rusumli 3 dona zamonaviy skaner xarid qilindi. Hozirgi kunda arxiv tomonidan 689 saqlov birligida 192 ming 827 kadr hujjatlarining elektron nusxalari yaratildi.
Ammo Pastdarg‘om arxivining filiali bo‘lgan Nurobod tumani arxivida ham raqamlashtirish ishlari 2021-yilning oktabr oyidan boshlangan. Nurobod tumani arxivida hozirgi paytda 1923-2015 yillar oralig‘idagi 73 248 ta saqlov birligidagi hujjatlar mavjud bo‘lib ularning juda ham kichchik qismi elektronlashtirilgan holos. Sababi raqamlashtirish uchun faqatgina bir dona “Scan Snap sv 600” rusumli skaner qurilmasi berilgan bo‘lib, uni ham faqatgina arxiv direktori o‘z ishlaridan bush vaqtdagina hujjatlarni raqamlashtirishda foydalanadi. Bu esa ish samaradorligini pasaytiradi. Va hujjatlarni raqamlashtirish ishlarini yanada ortga suradi va natijada fuqarolar yana uzoq yillar davomida qog‘oz hujjatlardan foydalanib kelishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi muammolarning kelib chiqishining hammasi moddiy mablag‘ning yaxshi ajratilmasligi sababli kelib chiqadi. Ya’ni bu narsadan shuni ko‘rishimiz mumkinki bizni yurtimizdagi arxiv ishini boshqarishda marketing tizimi hali ham yaxshi rivojlanmagan. Davlat arxivlaridan tushadigan daromad arxivni o‘z-o‘zini moliyalashtirishga yetmaydi. Bu muammolarni bartaraf etmasak arxiv ishi boshqaruvi shu holicha eski tizimda qolib ketaveradi.



1 Isakova M.S., Zakirova D.T., Abdurahimova SH.A. “O‘zbekistonda arxiv tizimi 100 yoshda” – Toshkent: Fan. 2010 y. 127-bet.

2 Isakova M.S., Zakirova D.T., Abdurahimova SH.A. “O‘zbekistonda arxiv tizimi 100 yoshda” – Toshkent: Fan. 2010 y. 127-bet.



Yüklə 14,07 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə