O‘zbekiston milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti


Fitrat she’riyatida poetik obrazlar tabiati



Yüklə 492,57 Kb.
səhifə8/11
tarix22.03.2024
ölçüsü492,57 Kb.
#182961
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
himoya yangisi

3.2. Fitrat she’riyatida poetik obrazlar tabiati
Ijodkorlar obrazlardan o‘quvchilar bilan o‘zlarining fikrlari va yaratayotgan asarlari chuqurroq esda qolarli darajada yetkazish vositasi sifatida foydalanadilar. Tasvirlar o‘quvchiga yozuvchi tasvirlab berayotgan narsaning vizual tasviri va hissiy taassurotlarini hamda tavsifga biriktirilgan hissiyotlarni shakllantirishga yordam beradi. Fitrat lirikasining badiiy quvvatini oshirgan jihatlardan biri, shubhasiz, ularda badiiy sanʼatlarning o‘rinli qo‘llanganligidir. Buni o‘z vaqtida Fitratning zamondoshi Vadud Mahmud ham qayd qilgan edi: “Fitrat she’rlarining bir ortiqligi ularning eng yuksak va eng mukammal tashbeh, mubolag‘a va istioraga ega bo‘lishidir”.
Har bir ijodkor ijodi u yaratgan asarlar, u yaratgan obrazlar bilan qimmatli. Fitrat lirikasida obrazning bir qancha turlarini uchratish mumkin. Har qanday ijodkorda bo‘lgani kabi Fitrat ijodida ham an’anaviy obrazlarga murojaat ko‘p uchraydi. Shu o‘rinda an’anaviy poetik obrazlarni timsollar ketma-ketligida bir necha guruhga bo‘lib tasniflash mumkin:
1) oshiq-ma’shuq tizimidagi timsollar;
2) tabiat unsurlari bilan bog‘liq timsollar;
3) vaqt o‘lchovi bilan aloqador timsollar;
4) yo‘l motivi bilan bog‘lik timsollar;
5) ruhiy holat bilan bog‘liq timsollar;
6) diniy-tasavvufiy timsollar;
7) tarixiy shaxslar timsoli, ya’ni siymolar37.
Fitrat ijodida oshiq mashuq tizimidagi timsollar keng qo‘llanilgan. Milliy she’riyatimizda oshiq obrazini an’anaviy bulbul timsoli bilan ifodalash ko‘p uchraydi. Yangi o‘zbek she’riyatida qush, qafas, kuygan qanot bilan bu obrazga yanada keng ma’no yuklandi. Fitrat “Hind ixtilochilari”da keltirilgan she’riy parchalarda gul-bulbul munosabatiga an’anaviy ishqiy ma’no yuklaydi. “Sayha”dan joy olgan ba’zi g‘azallarida bulbulga ijtimoiy mazmun yuklaydi.
Mutrib, girev soz, ki har bor merasad,
Noxun ba joni jahl zi tori rubobi mo.
(Mazmuni: Ey mutrib, nola qilg‘ilkim har lahza jahl jonini tirnaydir rubobimizning tirnog‘i) deb boshlanuvchi g‘azalida bulbul obrazini erk, ma’rifat oshig‘i sifatida tasvirlaydi.
Fitrat “Yodi Vatan girifta sarosar dimog‘i man” (Vatan yodi boshdan oyoq jonga o‘rnashgan) matlali g‘azalida an’anaviy tarzda o‘zini bulbulga mengzaydi. Bu o‘rinda bulbul oshiq timsoli bo‘lib emas, ijtimoiy ma’noda qo‘llangan. Shoir bulbulning jonajon maskani - bog‘ini zog‘lar makon qilganligi uchun qanotlari kuygan holatda. Bu o‘rinda kuygan qanot timsoli ham bo‘lib, u so‘ngan umid ma’nosidadir. Yoki kuygan qanotni imkonsizlik, harakatning cheklanganligi tarzida ham tahlil qilish mumkin. Sababi o‘sha vaqtlarda sovetlar tomonidan jadidlar harakati ham ijtimoiy, ham siyosiy taqiqqa uchragan va buning oxiri jismonan yo‘q qilishgacha borgan edi. Singan qanot o‘sha ta’qiblar natijasida shoirning ilhomi keng quloch yoyolmagani tasvir etilgan. Bu timsol Fitratga zamondosh jadid shoirlar ijodida ham ayni shu ma’noda keng qo‘llanildiki, natijada singan qanot motiv obrazga aylandi. Bog‘, ya’ni bulbulning oshyoni milliy Vatan ekan, zog‘ bosqinchilar ekanligi anglashiladi:
Otash girifta bolu pari andalebi dil,
To oshyoni zog‘i fasod ast bog‘i man.
Bog‘ga bulbul yarashadi, zog‘lar emas. Bulbul gulning shaydosi, bog‘ uning oshyoni, zog‘ning bog‘ga tashrifi yurtga yov bosqiniga o‘xshatilganki, bu o‘rinda shoir zog‘ni ham poetik obraz darajasiga olib chiqqaniga guvoh bo‘lamiz.
“Shud begunah buride sari dustoni dil” (Jon do‘stlarning boshi gunohsiz kesildi) matlali g‘azalda ham shoir zog‘-zag‘an timsolidan shu mazmunni ifodalashda foydalangan.
Jadid adabiyotida keng qo‘llangan poetik obrazlardan biri qafas obrazidir. Bosqinchilar tomonidan erk va ozodligi cheklangan yurtning ramzi o‘laroq qafas tanlangan. Aslida bu obraz mumtoz adabiyotimizda ham mavjud edi. Ammo erki ishq sabab cheklangan oshiq, mashuqqa tutqunlik ma’nolarini ifodalar edi. Zamonaviy o‘zbek she’riyatida bu timsol motiv darajasida qo‘llanildi. Qafas o‘rnatilgan istibdod tuzum, erksizlikka tushgan Vatan ramziga aylandi. Qafas bo‘lgandan keyin uning ichida saqlanayotgan qush ham bo‘ladi albatta. Bu qush ham poetik obraz sifada mumtoz adabiyotimizda oshiqning o‘zini anglatgan bo‘lsa, zamonaviy adabiyotda o‘zining yangi darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, shu erksizlik maskanida yashayotgan xalqning timsoliga aylandi. Bu timsol erksizlikdagi xalqning ahvolini obrazli tarzda ifodalab, bor dahshati bilan tasavvur qilish imkonini berdi.
Fitrat she’rlarida poetik obrazlar rang-barang bo‘lib, ularning metaforikligi va asotsatsiyativligini anglay olish kerak. “Behbudiyning sag‘anasin izladim” she’ri:
Cho‘kmishdi yer uzra olam to‘sug‘i,
O‘ksuzlik boyqushi qanot qoqardi.
Botuvda qizarib turg‘an bulutdan,
Ezilg‘an ko‘nglima motam yog‘ardi.
Ushbu she’rda shoir boshqush obrazini motam timsolida qo‘llaganini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda xalqimiz orasida boshqushga ko‘ngilsizlik, falokat olib keluvchi sifatida qarab kelinadi. Bu obraz Fitratgacha ham mavjud bo‘lgan, ammo shoir she’rida bu obrazdan mohirlik bilan foydalanganini ko‘rishimiz mumkin.
Bu she’rda kirlik toj obrazi ham yaratilganki, bunga oq podsho va uning siyosati timsoli sifatida qarash mumkin.
Fitrat she’riyatida kam uchraydigan to‘rtliklardan biri “Parcha” she’rida zamonaviy o‘zbek she’riyatida motiv obrazlardan biriga aylangan “qora bulut” obrazi yaratilgan.
Ur, ur!.. Sening tirnoqlaring nozli, nozli urduqcha,
Yuragimning bitib qolgan yaralari ochilsun!
Cholg‘i qili sening nozli tirnog‘ing-la titrarkan,
Umidimni qoplab turgan qora bulut yirtilsun!38
Qora bulut obrazi mustamlakachilik siyosati, adolatsiz tuzum timsoli bo‘lib kelgan. Bu bulut shoir umidlarini, istiqlol g‘oyalarini to‘sib turibdi. U yirtilsa, yo‘qolsa umid yo‘lida to‘siq qolmaydi. Shoirning obraz yaratish mahorati shu bir parcha she’rda ham aniq ko‘zga tashlanib turibdi.
“O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga kirmagan “Qor” she’ri bir qarashda tabiat manzarasiga bag‘ishlanganday ko‘rinadi. Ammo shoir bu she’rda qor obrazini yaratgan bo‘lib, bu obraz o‘zbek yoshlari timsoli yoki ozodlik umidi va unga bo‘lgan harakat timsoli sifatida baholanishi mumkin.
…Bu kichkina o‘ksuz, oppoq bebaklar,
Ucha-ucha yetmay qolgan tilaklar
Eskan elning qo‘llarig‘a o‘zini
Tashlab qo‘yar borlig‘ini unitar.
Hech uzmayin yuqoridan ko‘zini
Titrab-titrab qaro yer uzra tushar!
Tushgach, butun tushganlarday toptalar.
Tekkan yerin bilmay bosgan oyoqlar
Pichratalar buning oppoq yerini39.
Fitrat “Achchig‘lanma degan eding”, “Ovunchoq”, “Qor” she’rlarida mung so‘ziga parallel o‘ksuz so‘zini ham qo‘llaydi va qator uyadosh epitetlar tizimini yaratadi: o‘ksuz ko‘z, o‘ksuz qizlar, o‘ksuz bir og‘och, o‘ksuz bebak, o‘ksuz tilak, o‘ksuzlik boyqushi kabi Elbekning Cho‘lpon nafasi ufurib turgan “Ko‘ngil chechagi” she’rida ko‘nglidagi nim intilish, orzuni o‘ksizgina qushcha deya erkalaydi. Bu epitetlar erksiz, g‘ururi toptalgan millat vakillarini ifoda etadi. Fitrat poetik dunyosida Milliy Vatan, Haqiqat, Hurriyat, Milliy til o‘ksingan bir qiyofaga ega.
Bevosita Fitrat poetikasi haqida gap ketar ekan, bunda tashbehlarning o‘rni katta. Yig‘ilgan material asosida biz ularni yangilik bo‘yog‘iga ko‘ra ikki guruhga turkumladik:
1.So‘zlashuv nutqida shablonlashgan tashbehlar.
2. Bevosita Fitrat badiiy tafakkurining mahsuli bo‘lgan tashbehlar.
Birinchi guruhga kiruvchi tashbehlar oddiy xalq nutqida ko‘p uchraganligi bois ham asosiy qahramonlari oddiy kishilar bo‘lgan “Arslon”da ko‘proq uchraydi. “Tog‘day yigit”, “Oyoqlari muzdek bo‘lg‘on”, “Hayvon kabi qamchinni ko‘rgach” singari tashbehlar shular jumlasidandir. Bu tashbehlarning dramadagi ahamiyati, qahramon xarakterini ochishdagi o‘rni va roli batafsil tahlil qilindi. Bu tahlillar “shablon” tashbehlar bir tomondan, qahramonlarning hayotiyligini taminlasa, ikkinchi tomondan xarakterlarni individuallashtirishi, ruhiy kayfiyatni aniq bera olishi bilan ahamiyatlidir, deyishga asos bergan.
Ikkinchi guruh, yaʼni bevosita Fitrat ijodi bo‘lgan o‘xshatishlarning ko‘proq dialoglarda emas, monologlarda, shuningdek, fikri teran, didi yuqori, dunyoqarashi keng personajlar nutqida qo‘llangani esa oddiy so‘zlashuv nutqida odamlar chiroyli, original o‘xshatishlar qidirib o‘tirmasdan, tilda tayyorlaridan foydalanib qo‘yaqolishi bilan ifodalanadi.
Yangi o‘zbek she’riyatida “mung”, “qayg‘u” so‘zlarining barqaror sifatlashga aylanib borganini aytib o‘tish joiz bo‘ladi. “Hind ixtilochilari”ga kirtilgan she’riy parchadan fikrimizga dalil topamiz:
Mungli bulbul, mungdosh bo‘ldik, kel, sayra,
Bir qip-qizil gulag men ham tutildim.40
Mung, mungli qush, mungli kecha, mungli uy timsoli “Mening kecham” she’ri orqali shoirga zamondosh va keying avlod shoirlariga ko‘chib o‘tgan.
Fitrat “Achchig‘lanma degan eding”, “Ovunchoq”, “Qor” she’rlarida esa “mung” so‘ziga parallel “o‘ksuz” so‘zini qo‘llaydi va bu orqali qator uyadoshlik tizimini yaratadi: o‘ksuz ko‘z, o‘ksuz qizlar, o‘ksuz bir og‘och, o‘ksuz bebak, o‘ksuz tilak, o‘ksuzlik boyqushi kabi. O‘z navbatida bular erksiz, g‘ururi toptalgan millat vakillarini ifodalab kelmoqda. Fitratning poetik dunyosida Milliy Vatan, Haqiqat, Hurriyat, Milliy til o‘ksingan qiyofa kasb etadi.
Timsol sifatida “chechak”, “malak” kabilar epitet darajasida dastlab Fitrat she’riyatida boshlanadi. Shoirga xos muhim bir jihat shuki, u erkalash so‘zlarini ketma-ket sanash orqali uslub yaratadi: “qip-qizil gulim”, “yop-yorug‘ oyim”, “gulmi sen ko‘zim”, “jonmi sen ko‘zim” kabi:
Qip-qizil gulim, yop-yorug‘ oyim,
Ketma, tur bir oz, men ko‘ray seni.
Dardi jonimning sen davosimi?
Mungli ko‘nglumning podushosimi?
Parcha “Kim deyay seni” she’ridan olingan bo‘lib, muhabbat mavzusidagi “Ishqimning tarixi” she’rida ham Fitrat lirikasiga xos bo‘lgan “ko‘klarning xoni”, “jon chechagim”, “tong chirog‘i”, “yulduzli yo‘llar”, “qonli olovlar”, “yerdagilar dunyosi” kabi birikmalar qo‘llanib, ular nozik lirizm va manzarani hosil qilgan (Fitrat “so‘kish”, “qarg‘ish”, “la’nat aralash bo‘g‘iq” yoki “bu kichkina”, “o‘ksuz”, “oppoq bebaklar” yoxud “tulki”, “ilon”, “shayton”, “aldovchi mal’un” misralarida ham shu usuldan foydalanadi, faqat salbiy ma’nodagi epitetlarni tizadi). Shu o‘rinda Fitrat tiliga xos va tizimli qo‘llanilishi bilan Fitrat uslubiga xos bo‘lgan erkalashlarni umumlashtirib sanab o‘tamiz: “oppog‘im”, “malagim”, “go‘zalim”, “sevgilim”, “jonim”, “armonim”, “chechagim”, “jon chechagim”, “umid chechagi”, “tangri qushi”, “tangri chirog‘i”, “ko‘ngil bog‘i”, “jon bulbuli”, “armon yulduzi”, “hulkarim”, “umid hulkari”, “sevgi uchmog‘i”, “uchmox bulbuli”, “ko‘z babagim” (“Chin sevish”), “nozli malak”, “malaklar bog‘ining chechagi”, “chechaklar dunyosining qushi” (“Hind ixtilochilari”). “Bir oz kul”, “Achchig‘lanma degan eding” kabi she’rlarida ham shoir “Ikki ko‘zim, malak yuzim, sevdigim”, “Qizil gulim, qora ko‘zim, tilagim” tarzida epitetlarni tizim orqali uslubni shakllantiradi.41 Ishqiy lirikaga xos bu o‘xshatishlar poetik obrazlar shakllanishiga asos bo‘lgan.
“Oy”, “quyosh”, “yulduz” kabi an’anaviy timsollarga yosh murojaat ham yangi o‘zbek she’riyatiga xos jihat. Ayniqsa, “yulduz” mukammal obraz darajasida ishlangan. “Yulduz” yang o‘zbek she’riyatida “homiy”, “yo‘l ko‘rsatuvchi”, “yuksak a’mol”, “yuksak orzu”, “umid”, “tole”, “sevgi”, “hurriyat”, “hur vijdon”, “milliy yuksalish”, shu bilan birga, Behbudiy timsoli,
Turkiston muxtoriyati ramzi hamda lirik qahramonning o‘zi bo‘lib keladi. Bu timsol borasida olimlar - I. G‘afurov, I. Haqqul, B. Akramov kuzatishlar olib borgan.42
“Mirrix yulduzi” she’ri Fitrat she’riyatida alohida o‘ringa ega bo‘lib , shoir aynan shu she’ri orqali yulduzni timsolga aylantirgan. U timsolga aylangunga qadar Fitrat badiiy olamida tinimsiz ishlagan va boyitilgan. “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga yozilgan so‘zboshidan quyidagi parchani havola qilgan edik: “Shul adabiyotdan elimiz poydalansun-da, o‘zlarining “yuksalish yulduzlarin” shunda yozilg‘on adabiyot orqali topsun degan bir umidgina bo‘lg‘usudur”43.

Yüklə 492,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə