O‘zbekiston milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti


II bob. FITRAT SHE’RIYATIDA VAZN VA RITM MUAMMOSI



Yüklə 492,57 Kb.
səhifə5/11
tarix22.03.2024
ölçüsü492,57 Kb.
#182961
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
himoya yangisi

II bob. FITRAT SHE’RIYATIDA VAZN VA RITM MUAMMOSI
2.1. O‘zbek yosh shoirlarining vazn xususiyatlari
XX asr o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos voqealardan biri 1922-yil “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamining e’lon qilinishi bo‘ldi. Bu to‘plamning o‘ziga xos tomoni unda bir ijodkor asarlari emas, balki o‘sha vaqtda o‘zbek she’riyatida ko‘zga ko‘ringan shoirlar: Fitrat, Cho‘lpon va Botu ijodiga mansub she’rlardan tashkil topgan kichik bir to‘plam. Aslini olganda “Yosh shoirlar”dan o‘rin olgan ijodkorlar hech ham yosh emasdi. Demak to‘plam nomi nisbiy olingan. Sababi o‘sha vaqtda Fitratning she’rlari mashhur va to‘plami ham nashr etilgan edi, go‘yoki chet elda bo‘lsa ham. Cho‘lponning she’rlari el orasida mashhur, o‘zi shoir sifatida tanilib qolgan edi. To‘plam shartli uch qismdan iborat bo‘lib, har bir shoir asarlarini bir qism deb olish mumkin edi. Bugungi kun adabiyotshunosligimizda bu an’ana davom etib kelmoqda va “Yoshlar bayozi” ruknida e’lon qilinadi. Bunday to‘plam hali ijodi bir kitob holiga yetmagan va ijodi ko‘p mashhur bo‘lmagan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chiqariladi. Ammo “O‘zbek yosh shoirlari”ga bunday talab qo‘yilmagan.
Bu to‘plamdan Fitrang 14 ta she’ri o‘rin olgan. Bu she’rlarning hammasi ham barmoq (tizim) vaznida yozilgan bo‘lib, turli mavzularga bag‘ishlangan asarlardir. Shu o‘rinda vazn terminiga to‘xtalib o‘tsak.
She’r tizimga solingan badiy nutqdir. Uning o‘lchov vositalari, belgilangan qat’iy qoliplari mavjud. She’r dastlab tizimlarga, tizimlar esa vaznlarga bo‘linadi. Adabiyotshunosligimizda ko‘pincha tizim o‘rnida vaznni qo‘llash hollari kuzatiladi. Masalan: Fitrat aruz vaznidan zamonaviy she’riyatda barmoqqa o‘tishni boshlab bergan. Bu yerda aruz ham, barmoq ham vazn emas she’riy tizimdir. Barmoq tizimi keyinchalik yana ikki qismga bo‘linadi:

  1. Sodda vazn

  2. Qo‘shma vazn

Barmoqda vaznlarning ajratilishi misralardagi bo‘g‘inlar soniga asoslanadi. Bir she’rda barcha misralardagi bo‘g‘inlar soni teng bo‘lsa, - sodda vazn, agar misralardagi bo‘g‘inlar soni ikki xil bo‘lsa – qo‘shma vazn deyiladi.
Fitrat ba’zi she’rlarida she’rning shakliy tomonlariga erkin yondashgan va qoliplashtirishga har doim ham amal qilavermagan. Ammo ijodining katta qismini sodda vazndagi she’rlar tashkil qiladi. Misol qilib “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga kiritilgan “Kim deyay seni?” she’rini olsak:
Oppog‘im, xudoy asrag‘ay seni,
Kuz balosidan saqlag‘ay seni.
Sen jahonning eng nozaninisen,
Qayg‘ularg‘a hech solmag‘ay seni.
Qip-qizil gulim, yop-yorug‘ oyim,
Ketmay tur, bir oz men ko‘ray seni.
Dardi jonimning sen davosimi?
Mungli ko‘nglumning podishosimi?
Gulmi sen, ko‘zim, jonmi sen, ko‘zim?
Ko‘nglimning buti yo xudosimi?
Bilmadim, gulim, ayt uzing kulib,
Oshig‘ing nechuk atag‘ay seni?
She’r 5+5 turoqli 10 bo‘g‘inli sodda vaznda yozilgan. Bundan vaznli she’rlar bugungi kunda juda kam uchraydi. Sababi 5+4, 6+5 kabi turoqlanish o‘qilishga oson. She’r yozilgan vaqtlarda hali she’riyatimizda aruzdan endi barmoqqa o‘tish vaqti bo‘lgani va shoirning turk she’riyatiga yaqinligi she’rning vazniga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
She’rda badiiy san’atlardan ham mohirlik bilan foydalanilgan. Birinchi misraning boshidayoq “Oppog‘im” deya sifatlash va nido san’atlarini qo‘llagan. Bu san’atlar keyingi misralarda xuddi shu tarzda birgalikda qo‘llanilganini ko‘rish mumkin. “Ko‘nglimning buti yo xudosimi?” misrasida tajohulu orifona san’atidan foydalanib, she’rning ta’sirchanligini yanada oshirgan. She’rda tasvir etilgan yorni ham ikki xil: sevikli yor va milliy istiqlol deb tahlil qilish mumkin. Umuman Fitrat ijodida yor deya istiqlol, ozodlik, Vatan kabilarning majoziy obrazlari yaratilganini ko‘rish mumkin.
“Biroz kul” she’rida esa bo‘g‘inlar soni ko‘p va bu she’r mavzusidan kelib chiqib tanlangan.
Ko‘z yoshlarim bukun tag‘in oqadimi?
Qizil gulim boshqalarg‘a kular-da.
Qizil gulim, borlig‘imning sultoni!
Jonim, sening xayolingda kuchaydi.
Yuragimning eng qimmatli armoni,
Nechuk menga marhamating ozaydi?
Ikki ko‘zim, malak yuzim, sevdigim,
Jonlar sening yuzginangdan aylansun.
Qizil gulim, qora ko‘zim, tilagim,
Dunyo sening boqishingdan o‘rgulsun.
Yolg‘iz yorim, yuzingga hech boqolmam,
Ko‘ngil dardin oyog‘ingg‘a to‘kolmam.
Tuproq kabi yiqilmisham yo‘lingda
deya olmam.
Istar esang menga kelib gapurma,
yonimda hech o‘turma.
Yolg‘uz yig‘lab uzoqdan turg‘animni
Ko‘rganingda, marhamat et, biroz kul!
She’r 4=4=3 tarzida turoqlangan 15 bo‘g‘inli vaznda yozilgan. Ammo birinchi misrada 15 bo‘g‘in qo‘llanishi va “deya olmam” va “yonimda hech o‘lturma” larning alohida misraga olib chiqilishi, shoir ijodida barmoqdan erkin she’r tizimiga o‘tishga urinish bordek ko‘rinadi. Ammo bu she’rni sodda vazndagi she’r deb olsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sababi boshidan oxirigacha bo‘g‘inlarini saqlash kuzatiladi.
“Achchig‘lanma degan eding” she’ri ham “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamidan o‘rin olgan she’rlardan biri. She’r sarlavhasidan keyin muallif: “Umidsizlik xanjari bilan yaralang‘an bir yurakning eng so‘nggi armug‘oni” degan izoh keltirib o‘tgan. Bu hol milliy she’riyatimizda Fitratgacha uchramaydigan hodisa edi.
Erka malak, achchig‘lanmam senga,
Uchirsang-da ko‘kka yurak kulin.
Achchig‘lanmam senga, nozli quyosh,
Yondirsang-da umidimning gulin.
Borsun, yonsun umidimning guli,
Ko‘kka uchsun yuragimning kuli,
So‘lsun ruhim, borlig‘im-da bitsun.
O‘ksiz ko‘zning yoshi kabi ishqim
Tuproq uzra to‘kulsun-da ketsun.
Tilaklarim, armonlarim, she’rim.
Ko‘milsunlar, kerakmaslar menga,
“Hayot” degan qopqon borsun,
Parchalansun, bitsun, yo‘qolsun.
Biroq, sen... kim, xayolingg‘a ruhim
Tolpinadur - yasha, bor bo‘l, tutash.
She’r yana 10 bo‘g‘inli sodda vaznda yozilgan. Birgina “Hayot” degan qopqon borsun” misrasi 9 bo‘g‘in bo‘lib qolgan. Ammo bu she’r vaznini qo‘sh vazn yoki erkin she’r deyishga yetarli emas. Shuning uchun ham biz bu she’rni sodda vaznda yozilgan deb belgiladik.
“Mirrix yulduziga” she’rida shoir uning dardini tinglovchi, anglovchi odam qolmaganidan, yulduz bilan sirlashadi.
Go‘zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuvg‘ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg‘a tushibsan,
Tuvg‘aningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
So‘yla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo‘lib turg‘an tubanliklar, xo‘rliklar,
Suyla, yulduz, sening dag‘i quchog‘ingda bo‘lurmi?
Lirik qahramon yulduzga “yerdagi tubanliklar, xo‘rliklardan so‘z ochadi. Ular timsolida asllikning buzilishini, tabiiy go‘zallikning, mukammallikning poymol bo‘lishini ko‘radi. Barcha tubanliklarni yerda ko‘radi, Turkistonda ko‘radi. She’r ikki qismdan iborat. Shoir misralar soniga qarab ikkiga ajratgan. Birinchi qism 15 bo‘g‘inli sodda vaznda yozilgan. Ammo uning turoqlanishi 4+4+4+3 tarzida ekani har bir misrani ikki misradek o‘qishga imkon beradi. She’rdagi tinish belgilari ham she’rning shu tarzda o‘qilishiga mos.
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
O‘rtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda, o‘ksuz yo‘qsulning qonin -
Gurunglashib, chog‘ir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O‘z qopchig‘in to‘ldirg‘ali buzg‘anlar.
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatg‘uchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yo‘lida
Elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotqonlar?
She’rning ikkinchi qismi ritorik so‘roqlardan iborat bo‘lib, bu kabilarning hammasi faqat bizning yurtda bor degan ma’noni kuchaytirish maqsadi so‘roqlardan mohirlik bilan foydalanilgan. Bulardan xuddi faqat bizning yurtda, faqat bizning o‘lkada bor degan ma’no kelib chiqadi. Ikkinchi qism ham sodda vaznda yozilgan, faqat misralardagi bo‘g‘inlar 13 ta bo‘lib, turoqlanishi 4+4+3 tarzida va juda baland tonda o‘qish uchun mos qilib yozilgan
“Ovunchoq she’ri ham muallif izohicha “Mirmuhsinga bag‘ishladim” degan izoh bilan kimgadir atalganidan dalolat berib turadi.
To‘sib turgan oydinlikning yo‘lini
Shu qop-qora, eski, titrak bulutlar,
Kuchli bir yel ko‘rgach, turmas, yirtilar,
Umid kuni sening uchun ham tug‘ar.
Qayg‘urmag‘il sira, ey hak tuyg‘usi!
Bukun sen
Ezilasan bilimsizlikdan ortiq.
Shu qorong‘u, yuraklarni (ng) butunlay
So‘kish, qarg‘ish, la’nat aralash bo‘g‘iq
Tovushlari senga to‘g‘ri yuksalgan.
Quvilasen bu sezgusiz o‘lkadan.
***
Kimsasizlik puchmog‘ida yolg‘uzcha,
O‘gay ona tayog‘i-la surilgan.
Yo‘qsul, o‘ksuz qizlarday
Ingrab, inglab, oqib turgan bir soyning
Qirg‘og‘ida o‘skan o‘ksuz bir og‘och
Ko‘rgach, shuning ko‘lkasiga sig‘inarsan...
Biroq, ishon - shu hollarning barchasi
Erta, indin butun-butun yo‘qolar.
Oldimizni to‘sgan bulut parchasi
Kuchli bir yel ko‘rgach turmas, yirtilar.
Umid guli bizim uchun ham tug‘ar:
Qayg‘urmagil, sira, ey haq tuyg‘usi!
Yuqorida ko‘rgan she’rlardan farqli bu she’r erkin vaznda yozilgan. Sababi bu she’rda qofiya emas, ritm, tuyg‘u yetakchilik qiladi. Bu esa erkin she’r tizimining asosiy xususiyatli belgisidir. She’r ikki qismga ajratilgan, har ikkala qismi ham qofiyaga ega emas. She’rda vatanparvarlik ruhi kuchli aks ettirilgan.
“Ishqimning tarixi” she’ri sarlavhasidan keyin (...ga) izohi yozilgan. Bu she’r sof ishqiy mavzuda yozilgan she’rlardan biridir.
Ko‘b kunlar sendan uzoqda men yolg‘iz o‘rtana qoldim,
Yog‘dirdim ikki ko‘zimdan yomg‘urdek qonli olovlar.
Yenmishdi ko‘nglim o‘ti-la tek sendan o‘zga tilovlar,
Ishqingning qayg‘ularini jon yanglig‘ bag‘rima soldim...
Lekin sen, ey, yuragimning birdan-bir sevgili yori,
Ko‘rkamlik bog‘chalaringda sezmasdan qayg‘ularimni
bulbuldek sayrab ucharding.
Ko‘klarning xoniga o‘xshab, kimlarning o‘rtanganini
Bilmasdan yerdagilarning dunyosin naq yoritarding.
Qoldiqcha bo‘yla xabarsiz ishqimdan, jon chechagim, sen
Ko‘nglimning tuyg‘ulari-la shoirlik sezgularimni
Bu yo‘ldan o‘tga solarding,
Bir qo‘ldan yerga urarding
Ham yo‘q etarding fikrimning to‘plaganini.
Tun-kunlar yig‘laganimning asiri bo‘lsa kerakkim,
Sen eng so‘ng menga yondashding, ruhimni o‘ynata qo‘yding.
Cheksiz bir tong chirog‘i-la surgunlab kechalarimni,
Yulduzli yo‘llarni birdan she’rimning oldiga ochding…
Bu she’r ham yuqoridagilarga o‘xshamagan sochma shaklda yozilgan. Mavzusidan ham uning shoir muhabbatiga bag‘ishlangani sezilib turibdi. Shoir qofiyalarga unchalik e’tibor bermaydi. Shuncha kechinmalirini qog‘ozga ko‘chirib qo‘ygan kabi ko‘rinadi. Ammo qat’iy tartibda bo‘lmasada she’r qofiyadoshlikka asoslangan.
“Yana yondim” she’ri ham sof ishqiy mavzuda bo‘lib, shoir ijodida boshqa she’rlarga o‘xshamas, takrorlanmas xaterga ega.
Yuragimning qalin, qizg‘in olovi-la qaynag‘an
Ko‘z yoshlarim! Qaydasiz?!
Kunim kabi uzun, qora shu kechada kutib men
Erishmadim sira sizga... Nega bo‘yla qochasiz?!
Nechun meni sababsizcha unutdingiz – aytingiz?
O‘tinamen... yalinamen, qochmangiz– qaytingiz!
Yana butun borlig‘imning negizlari yemirildi,
Umidimning ko‘p chidamli teraklari yiqildi,
Xayolimning totli, chuchuk soatlari butunlay
Uzoqlashib ketdi mendan..! To‘sib turar yo‘limni
Umidsizlik qayg‘ulari tongi otmas bir tunday,
O‘lim dahi qutqarg‘ali kelib tutmas qo‘limni.
Kecha uning nur tengizi bo‘lg‘ay go‘zal manglayi
Tolg‘alanmish ko‘rgach men...
Yer yuzida borlig‘imni ko‘rsatmakdan uyaldim.
Yutdim butun qayg‘ularning, motamlarning og‘usin.
Jon tortg‘usi bo‘lgan ko‘zi og‘ir, nozli suzilardi,
Biroz burun chog‘ir ichkan parilarg‘a o‘xshardi.
Bilmam nechun o‘ylardi..!
Ka’ba uzra aylang‘uvchi ko‘garchindek yuragim,
Soatlarcha shul ko‘zlarning tegrasida aylandi.
Biroq u.
Menga sira boqmadi.
Yig‘ladim,
Kuldim,
Yalindim -
Tushundim:
Birtasi ham mizojiga yoqmadi.
Yig‘la, biroz o‘ksuzlangan tilagim:
Men ham senday baxtsizlikka tutundim,
Umidsizlik ora tushib yo‘qsul jonim o‘rtandi.
Bu she’r erkin vazn talablariga javob beradi. Ammo mansura she’r elemantlari ham bor. Bu belgilar she’rning vaznini belgilashga yetarli bo‘lmaganidan biz bu uni erkin she’r tizimiga oldik.

Yüklə 492,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə