O'zbekiston respublikasi parlamenti va undagi islohotlar Reja



Yüklə 233,5 Kb.
səhifə1/4
tarix23.12.2023
ölçüsü233,5 Kb.
#157825
  1   2   3   4
O\'zbekiston respublikasi parlamenti va undagi islohotlar


O'zbekiston respublikasi parlamenti va undagi islohotlar
Reja:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi — Oʻzbekiston parlamenti

  2. O‘zbekistonda parlament islohotlarining dastlabki bosqichi va uning ahamiyati

  3. O‘zbekistonda parlamentarizmning rivojlantirish tarixi


Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi — Oʻzbekiston parlamenti, oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organi. Dastlab bir palatali parlament sifatida tashkil etilgan va fuqarolarning umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida shakllantirilgan. 1-chaqiriq Oliy Majlis koʻp partiyalilik asosda 3 turda — 1994-yil 25-dekabr, 1995-yil 8- va 22-yanvarda boʻlib oʻtgan saylovlarda saylangan va 1995—99 yillarda faoliyat koʻrsatgan. 2-chaqiriq Oliy Majlisga saylovlar 1999-yil 5 va 19-dekabrda boʻlib oʻtgan va u 2000— 2004-yillarda faoliyat koʻrsatgan. Bir palatali parlament 250 deputatdan iborat boʻlib, u ishlagan davrda 10 ta kodeks, ikkita milliy dastur, 240 ta qonun, 468 ta qaror qabul qilingan, qonun hujjatlariga 1573 ta qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgan. Bu yillarda parlament, oʻz konstitutsiyaviy vakolatlariga asoslanib, demokratik jamiyatning huquqiy asoslarini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlarni amalga oshirdi. Qonunchilik, davlat boshqaruvi, oʻtish davri muammolarini yechishda muayyan tajribaga ega boʻldi. 2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan referendumda ikki palatali parlamentni tuzish masalasi Oʻzbekiston xalqi tomonidan qoʻllab quvvatlandi. 2004-yil 26-dekabr va 2005-yil 9-yanvarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, 2005-yil 17—20-yanvarda Oliy Majlis Senatiga saylovlar boʻlib oʻtdi va Oliy Majlis 2 palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palatadan) iborat qilib shakllantirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatining huquqiy asosini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy prinsiplari toʻgʻrisida" (2002-yil 4-aprel), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida" (2002-yil 12-dekabr), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida"gi (2002-yil 12-dekabr) Konstitutsiyaviy qonunlar, "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida" (2003-yil 29-avgust), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida" (2003-yil 29-avgust) kabi qonunlar tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻp partiyalilik asosida saylanadigan 120 deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi boʻlib, Senat aʼzolaridan (senatorlardan) tarkib topadi. Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — 6 kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazкur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Senatning 16 nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat кoʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Har ikkala palataning vakolat muddati — 5 yil. Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga 25 yoshga toʻlgan hamda kamida 5 yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadirlar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyat, tuman, shahar davlat hokimiyati vakillik organining 25 yoshga toʻlgan hamda kamida 5 yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat aʼzoligiga saylanish uchun nomzod boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston parlamenti keng, koʻp qirrali vakolatlarga ega. U hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinish prinsipiga asoslanib, davlatning boshqa idoralari bilan hamkorlik qilib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Qonunchilik, davlat boshqaruvining muhim masalalarini koʻrib chiqishda va hal etishda ishtirok etadi, davlat byudjetini tasdiqlaydi, parlament nazoratini amalga oshiradi hamda qator davlat organlarini shakllantirishda qatnashadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati oʻz vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Qonunchilik palatasi tarkibida quyidagi deputatlar fraksiyalari: Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston "Adolat" sotsialdemokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi (bu uchchala fraksiya "Demokratik blok"ka birlashgan), Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi faoliyat olib borayapti. Qonunchilik palatasi deputatlari professional, doimiy asosda ishlaydi. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning soni senatorlar umumiy sonining 1/4 igacha boʻlgan miqdorda belgilangan.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Spiker va uning oʻrinbosarlarini, Oliy Majlisning Senati esa Senat raisi va uning oʻrinbosarlarini saylaydi.
Parlamentning Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentabrning 1ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi. Senat majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida 3-marta oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh Vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy bank boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat raisi, Senat va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin. Qonunchilik palatasi va Senat alohida alohida majlis oʻtkazadilar. Qonunchilik palatasi va Senatning qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, mamlakat ijtimoiyiqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin.
Parlamentning Qonunchilik palatasi va Senati faoliyatini samarali tashkil etish, qoʻmitalar ishini muvofiqlashtirib borish, kun tartibi boʻyicha takliflar tayyorlash, qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqishni tashkil etish maqsadida ularning tarkibida Kengashlar tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi oʻz vakolatlari muddatiga tegishincha deputatlar va senatorlar orasidan qoʻmitalarni saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari (2005) Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi; Qonunchilik va sudhuquq masalalari qoʻmitasi; Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi; Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi; Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi; Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi; Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi; Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi; Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi; Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari (2005) Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi; Qonunchilik va sudhuquq masalalari qoʻmitasi;Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi; Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi; Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi; Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi.
Qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan subyektlar tomonidan dastlab Qonunchilik palatasiga kiritiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senatga yuboriladi. Senat esa qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Agar qonun loyihasi Senat tomonidan rad etilsa, u Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Parlamentning yuqori va quyi palatalari oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida kelishuv komissiyasi tuzishi mumkin. Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullangan qonun 10 kun ichida Prezidentga imzolash uchun yuboriladi. Prezidentning qonunni imzolash muddati 30 kun etib belgilangan. Respublika Prezidenti qaytadan muhokama qilish va ovoz berishni oʻtkazish uchun qonunni oʻz eʼtirozlari bilan parlamentga qaytarishga haqli. Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda Oliy Majlisning ikkala palatasida ham uchdan ikki qismdan iborat koʻpchilik ovoz bilan maʼqullansa, qonun Prezident tomonidan 14 kun ichida imzolanishi kerak. Qonun belgilangan tartibda eʼlon qilinishi lozim.
Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat aʼzolari oʻz vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas. Qonunchilik palatasi deputati va Senat aʼzolari daxlsizlik huquqidan foydalanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining nashrlari: "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi", "Xalq soʻzi" — "Narodnoye slovo" gazetalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlamentlararo hamkorlikni keng yoʻlga qoʻygan. MDH davlatlari va boshqa rivojlangan xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan shartnomalar tuzilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining "Oʻzbekistonda demokratiyalashtirish jarayonining rivojlanishiga koʻmaklashish" va "Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni yanada kuchaytirish" loyihalari muvaffaqiyatli bajarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Toshkent shahrining Xalklar doʻstligi prospektidagi binoda, Senat esa Mustaqillik maydonidagi binoda ish olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosi mujassamoti yechimida meʼmor maʼmuriy jamoat binolariga xos mumtoz uslubdan foydalangan. Bino tarhi murabba shaklida (86x86 m), ustunlar qatori bilan qamrab olingan, ustunlar boshasiga barglar guldastasi ishlangan. Bino tarzlari tilla rang yaxlit oynalar bilan qoplangan, oynavand devor tepadan pastga tushguncha 3-marta ichkariga kiritilib oʻziga xos koʻrinish kasb etgan. Bino feruza rang gumbaz (balandligi 11,5 m, diametri 34,5 m) bilan yopilgan, gumbaz ustiga anʼanaviy tojsimon oynavand tuynuk ishlangan. Bino atrofidagi oq ustunlar feruza gumbaz hamda tilla rang oynalar bilan uygʻunlikda binoga koʻrkamlik, salobat baxsh etgan. Binoning 500 oʻrinli majlislar zali aylana shaklidagi amfiteatr uslubida hal etilgan (Prezidium va notiqlar minbari ham boʻlinmalarning biriga joylashtirilgan), zalning galereyali 2yarusidan mehmonlar va ommaviy axborot vakillariga joy ajratilgan. 1,2 va 3qavatlarda ish xonalari, parlament guruhlarining majlislari uchun kichik zallar joylashgan. Bino ichki bezaklarida yogʻoch oʻymakorligi (S. Rahmatullayev, H. Odilov, H. Gʻaniyev, M. Ibrohimova), ganchkorlik (M. Sultonov, Mirvohid Usmonov, A.Poʻlatov, M. Qosimov va boshqalar), naqqoshlik (X. Nuraliyev, 3. Boltaboyev va boshqalar)dan mahorat bilan foydalanilgan (ayniqsa, gumbaz osti naqshlari jozibador), miniatyura rasmlar bilan ziynatlangan (Gʻ. Kamolov, X. Nazarov, F. Rahmatullayev).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining binosi — 2005-yil sobiq Hukumat uyi binosi oʻrnida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan bunyod etildi. Bino 3 qismdan tashkil topgan: markaziy kirish qismi va uning ikki yonidagi oʻng va chap qanotlardan iborat, 4 qavatli qilib qurilgan, shuningdek yer osti qavatiga ham ega. Markaziy qismi hashamatli 4 ta ustunda joylashgan 3 ta ichki gumbazli peshtoqdan tashkil topgan, peshtoq orqali keng va yorugʻ miyonsaroy (vestibyul)ga kiriladi, miyonsaroy aylana shaklidagi salobatli majlislar zali bilan bogʻlangan. Miyonsaroyning tepasidagi qavatda kichik majlislar zallari joylashgan. Binoning chap qanotida senatorlar ish xonalari, qabulxonalar, Konstitutsion sud ishchi xonalari hamda Hisob palatasi ishxonalari va zallari joilashgan. Binoning oʻng qanotini senatorlarning ishxonalari, saqlanib qolgan va taʼmirlangan "Bahor" konsert zali uchun mashq zallari va boshqalar qoʻshimcha xonalar egallagan. Binoning ichki va tashqi pardozlarida mahalliy va zamonaviy ashyolardan tayyorlangan milliy meʼmoriy bezaklar ishlatilgan. Ichki bezaklarda ganchkorlik (M. Usmonov, A. Poʻlatov, X.Azizov va boshqalar), naqqoshlik (A.Karimov va boshqalar), toshtaroshlik (haykaltarosh R. Buzrukov va boshqalar) mahorat bilan qoʻllanilgan; namoyonlar (V.I.Burmakin, R.Xudoyberganov va boshqalar), gobelen (A. Ikromjonov eskizi) va boshqalar bilan ziynatlangan. Bino Mustaqillik maydonidagi inshootlar va koʻkalamzorlar, favvoralar bilan ajoyib uygʻunlikda, Anhor boʻyiga tutashgan tomonidagi hududda soʻlim maskan hosil qilingan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston demokratik yangilanishlar, jadal rivojlanish va keng ko‘lamli islohotlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, undan so‘ng 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida milliy parlamentarizmni rivojlantirishning huquqiy asoslari mustahkamlandi. O‘tgan qisqa davrda parlamentning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati tubdan o‘zgardi.
Ta’kidlash joiz, 2017 yildan yangi demokratik institut – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi amaliyotga joriy qilindi. Murojaatnoma parlamentning mamlakat hayotidagi rolini chinakamiga oshirdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang tarzda parlament faoliyatida ham ochiqlik va shaffoflik bosh mezonga aylandi. Jumladan, media makonining talab va ehtiyojlariga mos tarzda Qonunchilik palatasi majlislari, parlament nazorati tadbirlari ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa xalqimiz, keng jamoatchilikning Qonunchilik palatasida qonun loyihalarining muhokamalari va qabul qilish jarayoniga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Elektron parlament” mexanizmlaridan samarali foydalanilishi natijasida, hatto pandemiya sharoitida ham milliy parlamentimiz bir kun ham o‘z ishini to‘xtatmadi. Barcha muhokamalar va ovoz berish jarayoni onlayn tarzda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Parlamentning qonun ijodkorligi sohasidagi ishlari ham butunlay yangi yo‘nalishda tashkil etildi.
Parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatining ilmiy va ekspert-tahliliy ta’minoti mustahkamlandi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzurida Parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, 2018 yilda qabul qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi. Jumladan, qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarga mosligini o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan, ya’ni ijro etilishi uchun qonunosti hujjati ishlab chiqilishi talab etilmaydigan qonunlarni qabul qilishga e’tibor kuchaytirildi.
Muayyan sohaga taalluqli ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan bir nechta qonun o‘rniga, yagona kodeks qabul qilish amaliyoti qaror topdi. Masalan, saylovga oid 5 ta qonun o‘rniga yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Xuddi shunday, yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi.
Ilgari qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari parlamentga qonun loyihasini kiritish bilan kifoyalanib, uni deputatlar oldida himoya qilish masalasiga uncha e’tibor qilishmas edi. Natijada, boshqa subyektlar kiritgan qonun loyihasini parlamentda himoya qilish ham deputatlik korpusi zimmasiga yuklatilar edi. Bu esa loyihaning qizg‘in muhokama qilinishida salbiy ta’sir ko‘rsatar edi. Endilikda esa qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinayotganda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining o‘zi yoki uning vakili ma’ruza bilan chiqishi belgilandi. Natijada qonun loyihasining muhokamasi tom ma’noda jonlandi.
O‘tgan davrda davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan ilgari mavjud bo‘lmagan 50 dan ziyod qonunlar qabul qilindi. Masalan, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, qonunlarning asl mazmun-mohiyatini sodda va tushunarli tarzda aholiga yetkazish maqsadida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish xususiyatidagi qonunlarning kirish qismida ularning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi muqaddimalarni bayon etish amaliyoti joriy etildi. Bu esa o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan qonunning fuqarolarga, qonunni qo‘llovchilarga sodda va xalqchil tilda tushunish imkonini beryapti.
Milliy qonunchilikni tizimlashtirish va rivojlantirish maqsadida yangi tahrirdagi qonun o‘rniga yangi qonunni qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu qonunchilik bazasining tizimliligini va kompleksliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Parlamentarizm tizimining salohiyatini oshirish sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar tufayli parlamentning nazorat qilish vakolatlari ham sezilarli darajada kengaytirildi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha parlament oldida har chorakda hisobot berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Parlament nazoratining ushbu yangi shakli Hukumatning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirish, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda deputatlik korpusining islohotlar jarayonida faol ishtirokini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish – “hukumat soati” instituti amaliyotga samarali joriy etildi. Mazkur institut parlament nazorati faoliyatiga yangicha ruh olib kirdi. Bugungi kunda aholini tashvishga solib kelayotgan hayotiy dolzarb muammolarga aynan “hukumat soati” tadbirlarida yechim topilmoqda.
Ilk bor O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti qonun shaklida qabul qilindi. O‘z navbatida, budjet ijrosi ustidan nazorat ham endilikda vazirlik va sohalar kesimida manzilli olib borilmoqda.
Bugungi kunda nafaqat Hukumat faoliyatini nazorat qilish, balki, Hukumat a’zoligiga nomzodlarni Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqish va ma’qullash amaliyoti joriy etildi. Bu esa hukumat tarkibini shakllantirishda xalq vakillarining bevosita ishtirokini ta’minlamoqda hamda ularning fikri va ovozi asosida muayyan bir vazir yoki boshqa hukumat a’zosini lavozimga qo‘yish amalga oshirilmoqda. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili lavozimi joriy etildi.
O‘tgan davrda aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Saylov okruglaridagi saylovchilar bilan hamkorlikning shakl va usullari o‘zgartirildi. Xalq vakillari faoliyatida saylovchilar deputat oldiga emas, deputat o‘z saylovchilari huzuriga borishi shart, degan tamoyil ustuvorlik kasb etdi. Ilgari deputatlar o‘z saylovchilari bilan yilda 2-3 marta uchrashgan bo‘lsa, bugungi kunda deputatlar har oyning oxirgi haftasida saylov okruglarida bo‘lib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish bilan shug‘ullanmoqda.
Qolaversa, deputatlar o‘z saylovchilari bilan Axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali muloqot olib bormoqdalar. Axborot maydonida deputatlar faoliyati sezilarli darajada faollashdi. Deputatlar “facebook” va “telegram” ijtimoiy tarmoklarida o‘z sahifalari va kanallarini ochib, aholi bilan qayta aloqani yo‘lga qo‘yganlar.
O‘tgan davrda deputatlar hududlarda odil sudlovni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, “Temir daftar”ga kiritilgan aholini qo‘llab-quvvatlash, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” asosida ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni atroflicha o‘rganib, sohada tegishli choralar ko‘rilishiga erishishdi.
So‘nggi yillarda parlamentda yoshlarning o‘rnini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlarining 9 nafari yoki 6 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etadi.
Bugungi kunda palatada tashkil etilgan Yoshlar parlamenti a’zolari qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari bo‘lgan Parlamentlararo Ittifoqda, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasida, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasida o‘zining a’zoligini tikladi. Bu esa, keng doiradagi masalalar bo‘yicha samarali hamkorlik borasida qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochdi.
O‘tgan davrda Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha qator parlamentlaro hamkorlik guruhlari tashkil etildi. Jumladan, Qonunchilik palatasida 2015–2019 yillarda 28 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 50 dan oshdi.
O‘zbekistonning xalqaro shartnomalardagi majburiyatlari bajarilishi hamda xalqaro yo‘nalishda qabul qilingan “Yo‘l xaritalari” ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytirildi. Masalan, parlamentimiz BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini O‘zbekiston tomonidan bajarishga, mamlakatimizning xalqaro reytinglar va indekslardagi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga doir rejalar ijrosiga ham faol hissa qo‘shmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar natijasi o‘laroq, parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni yanada oshdi.
Avvalambor, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berildi. Masalan, agar ilgarigi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga asosan ularning soni 12 taga yetdi.
Xususan, Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanadigan Qonunchilik palatasiga o‘tkazildi. Bu o‘zgartish quyi palataning vakillik tabiatiga mos keladi hamda uning faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
Yana bir muhim masala. Ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olinib, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazildi. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda.
Xuddi shunday, Senatning mutlaq vakolatlari ham amaldagi 14 tadan – 18 taga oshirilmoqda. Jumladan, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolati Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, davlat hokimiyati tizimida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni ta’minlash prinsipidan kelib chiqib, vazirliklar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash vakolatini ham Senatga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Parlamentning nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini lavozimga qo‘yish borasidagi funksiyalari kuchaytirildi hamda Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazildi.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek Monopoliyaga qarshi organ va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritildi.
Qonun Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi nazarda tutilmoqda.
Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritildi.
Bu esa ikkala palataning mazkur yo‘nalishdagi samarali hamkorligini ta’minlagan holda, korrupsiya illatiga qarshi kurashish borasida ijobiy o‘zgarishlar uchun mustahkam zamin yaratadi, deb hisoblaymiz.
Ko‘plab olimlar ta’kidlaganidek, parlament davlat hokimiyatining boshqa institutlaridan farqli ravishda doimo “demokratiya nazariyasi va amaliyotining kesishuvi ro‘y beradigan nuqtada turadi” va xalq hokimiyatchiligining timsoli hisoblanadi.
Davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalq vakillaridan yanada faol bo‘lishni talab etadi.
Shu ma’noda, parlament islohotlarning tom ma’nodagi tashabbuskori va madadkori bo‘lish uchun bor salohiyatini ishga solgan holda, o‘z faoliyatini takomillashtirib boraveradi.
 
Huquqiy davlatchilikni shakllantirish ko‘plab muammolarni bartaraf etish bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab va davomli jarayondir. Parlamentarizm prinsiplari asosida faoliyat ko‘rsatuvchi davlat institutlari bilan bog‘liq masalalar O‘zbekistonda huquqiy davlatchilikning qaror topishiga taalluqli muammolar silsilasida muhim o‘rin tutadi. Chunki XXI asrning boshlariga kelib oddiy bir haqiqat - to‘la vakolatga ega bo‘lgan parlamentsiz mamlakatda to‘laqonli demokratiya bo‘lishi mumkin emasligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Binobarin, fuqarolar demokratiya to‘g‘risidagi tasavvurlarini avvalo davlatni idora etishda o‘zlari ishtirok etishlarining real imkoniyati bilan, qolaversa parlament orqali qonun ijodkorligi jarayoniga ta’sir ko‘rsata olish imkoniyatlari bilan bog‘laydilar.
Parlament tarixi asrlar bilan o‘lchanadi. Zamonlar o‘zgarishi bilan parlamentlarning roli ham izchil o‘zgarib, uning mohiyati yangi g‘oyalar, tamoyillar bilan, shakllanish va faoliyat ko‘rsatish tajribasi bilan boyib bormoqda. Parlamentarizm g‘oyasi birinchi ming yillik bo‘sag‘asida Rimda, Angliya va Ispaniyada xalq majlislari shaklida yuzaga kelgan bo‘lib, shundan so‘ng davlat anjumani darajasiga ko‘tarilgunga qadar yana bir necha taraqqiyot bosqichlaridan o‘tdi.
Shu zaylda parlament davlat instituti sifatida uzoq tarixni bosib o‘tdi. Parlamentarizm taraqqiyotining bosh tendensiyasi shundan iboratki, parlamentlar ijtimoiy turmushda markaziy o‘rin tutadi. Tabiiyki, har bir davlat parlamentning tuzilishi va faoliyat ko‘rsatish masalalarini o‘zicha hal etadi. Lekin bu keng amaliyotida hisobga olinadigan mushtarak belgilar bo‘lishi mumkin emas, degan ma’noni anglatmaydi, albatta. Shu munosabat bilan parlament institutlari qaror topishi va rivojlanish tajribasi o‘rganilishini ta’minlash, tarixdagi ularning ahamiyatini, o‘rnini anglash, ular tabiatining hozirgi paytdagi tadrijiy garaqqiyoti va mohiyatini tushunib yetish, kelgusida uni rivojlantirish istiqbollarini belgilab olish juda muhimdir.
O‘zbekiston qonun chiqaruvchi oliy organining qaror topishi o‘ziga xos jihatlariga ega. Bu avvalo tarixiy o‘tmishga bog‘liq. Milliy o‘zlik davlat qurilishining turli shakl va usullarini nazarda tutadi. Shunday qurilishning tanlab olingan muayyan usuli esa milliy-tarixiy o‘ziga xoslik bilan umumjahon tamoyillarining sintezidir. Zero, har qanday ijtimoiy voqelikni anglash uchun birinchi navbatda u muayyan tarixiy bosqichning konkret sharoitlarida qay tarzda yuzaga kelganligini, o‘z taraqqiyotida qaysi asosiy bosqichlardan o‘tganligini, ana shu rivojlanish jarayonida qay darajada o‘zgarganligini, istiqbolda uning qay tarzda harakat qilishini anglab olish muhim ekanligi bejiz emas. Ana shu qoidalar har qanday ijtimoiy voqelikni, shu jumladan parlament singari muhim institut masalasini ko‘rib chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, amaliyotning dalolat berishicha, parlamentarizmning qaror topishi o‘ta murakkab, ba’zan esa mashaqqatli jarayondir.
Unda tarixiy davrning o‘ziga xos jihatlari, har bir alohida mamlakatning ijtimoiy va davlat hayoti, milliy an’analari, xalqning huquqiy madaniyati va siyosiy xohish-irodasi namoyon bo‘ladi. Tabiiyki, ijtimoiy amaliyotning rivoji, tarixiy taraqqiyotning kechishi mamlakat qonun chiqaruvchi organi to‘g‘risidagi nazariy tasavvurlarni ham o‘zgartirib boradi.
Qonunchilik hokimiyati davlat hokimiyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uni takomillashtirish davlat hokimiyati butun tizimining tarixiy evolyusiyasi bilan bog‘liq. Shu sababli qonun chiqaruvchi oliy organlarning qaror topishi va rivojlanishi muammolarini har tomonlama tahlil etish davlat qurilishi nazariyasi va amaliyoti uchun, O‘zbekiston parlamentarizmining kelajagi uchun teran ahamiyat kasb etadi. Ayni paytning o‘zida istiqbolni belgilab olish uchun o‘tmishni chuqur va xolis o‘rganmoq zarur. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. A. Karimov ta’kidlaganidek: "Millatni asrash kerak, millatni asrash uchun esa uning haqiqiy tarixini o‘rganish, avaylab himoyalash kerak". Demak, tarixiy yondashuv siyosiy-huquqiy tahlilning ajralmas qismi bo‘lib, usiz siyosiy voqelikka haqqoniy baho berib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston 1991 yil 1 sentabrda davlat mustaqilligiga erishgach, davlat hokimiyatining eng muhim institutlaridan biri sifatida milliy parlamentni rivojlantirishning sifat jihatidan yangi bosqichi boshlandi. Milliy parlamentarizmning eng yangi tarixi umum e’tirof etilgan uchta asosiy davrga bo‘linadi.
Birinchi davr: 1991-1994 yillar
ikkinchisi: 1995-2004 yillar
uchinchi davr: 2005 yildan hozirgi paytgacha.

Yüklə 233,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə