O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Navoiy Davlat Pedagogika Instituti Tarix fakulteti



Yüklə 81,1 Kb.
tarix08.01.2018
ölçüsü81,1 Kb.

Aim.uz



O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi

Navoiy Davlat Pedagogika Instituti

Tarix fakulteti

Milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq talimikafedrasi

Milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq talimi

ta`lim yo’nalishi

.. guruh talabasi …..ning

Dunyo Dinlari tarixifanidan

Xristianlikda Katolik cherkovi mavzusidagi

Kurs ishi rahbari:

Bajardi:

Navoiy 2015

Reja:


Kirish

  1. Xristianlikning oqimlarga ajralishi

  1. Katolik oqimining o’ziga xos jihatlari

  2. Katolik oqimining xristian olamida tutgan o’rni

Xulosa

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati




Kirish

O’zbekiston ko’p millatli, ko’p konfessiyali davlatdir. Bunday davlatda millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglik ijtimoiy-siyosiy barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. SHuning uchun davlat va diniy tashkilotlar o’rtasidagi munosabatlarni o’zaro hurmatga asoslanishi mamlakatimizda qurilayotgan demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan biridir. Zero, mamlakatimizda 16 diniy konfessiyaning o’zaro totuvlikda faoliyat ko’rsatishiga davlat barcha sharoitlarni yaratib bergan.a. O’tgan qisqa davr ichida mazkur yo’nalishda qator ishlar amalga oshirildi va diniy islohotlarga keng zamin yaratildi. O’zbekistonda qaror topgan davlat va diniy tashkilotlar o’rtasidagi demokratik prinsiplarga asoslangan munosabatni o’rganishning dolzarbligi quyidagi omillar bilan belgilanadi:



Birinchidan, respublikamizda istiqomat qilayotgan turli diniy konfessiyalar faoliyati va ularning davlat bilan munosabatida o’zaro hurmat, sabr-toqat, bag’rikenglik tamoyillarini qaror toptirishda ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda diniy tashkilotlar faoliyati, davlat va din munosabatlarini, diniy bag’rikenglik, umuman, diniy omilning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotdagi o’rni va ahamiyatiga bevosita qaratilgan maxsus tadqiqotlarna ehtiyoj saqlanib qolmoqda. Mamlakatimizda tinchlik, barqarorlikni yanada mustahkamlashda turli dindagi konfessiyalarning tarixi, ta’limoti, ularning jamiyat rivojidagi o’rnini o’rganish katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega.



Ikkinchidan, aholining siyosiy, huquqiy, axloqiy madaniyatini takomillashtirishda ba’zi reaksion oqimlarga qarshi kurashni ilmiy-nazariy jihatdan tashkil qilish muammolarining mutaxassislar tomonidan tadqiq qilinishi davr talabiga aylandi. Ana shunday asosda olib borilgan tadqiqotlarning natijalari va xulosalariga tayanadigan ilmiy tavsiyalarga amaliyotning ehtiyoji yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa masalani alohida tadqiqot ob’ekti sifatida tanlab olish uchun eng muhim sabablardan biri sanaladi.

Uchinchidan, milliy va diniy bag’rikenglik, davlat va diniy tashkilotlarning o’zaro munosabatida demokratik tamoyillarning qaror topishi xalqimiz madaniyati hamda mentalitetining ajralmas qismiga aylandi. O’zbekistonda diniy bag’rikenglik borasida olib borilayotgan siyosat demokratik o’zgarishlarni va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni tezlashtirishga, boshqa millatlar va madaniyatlarga hurmatsizlik hollaridan, har qanday tajovuzkorlik, ekstremizm va missionerlik shakllaridan xoli haqiqiy demokratik jamiyatni qurish omiliga aylanishiga, jamiyatda millatlararo va dinlararo ahillikning saqlanishiga imkon tug’dirmoqda. Bu tajribalarni atroflicha tadqiq qilish hamda O’zbekistonning yutuqlarini jahon hamjamiyati oldida targ’ib etish mamlakatimiz uchun katta ahamiyat kasb etmoqda.

To’rtinchidan, millatlararo va konfessiyalararo munosabatlardagi uyg’unlik xalqlarning ma’naviy boyligi manbai hisoblanadi va davlatlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, qizg’in o’zaro xalqaro munosabatlar davrida insoniyatning madaniy, aqliy va ma’naviy jihatdan birligi muammosi amaliy yechimni talab qiladi. Bu esa ko’p jixatdan davlatning diniy tashkilotlar bilan o’zaro munosabatiga bog’liq.

Demak, yuqorilardan ko’rinib turibdiki, mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchlik va barqarorlik ko’p jixatdan davlatning diniy tashkilotlar bilan munosabati, turli diniy konfessiyalar va tashkilotlar faoliyatini to’g’ri yo’lga qo’yilishi omili bilan bog’liq.



Xristianlikning oqimlarga ajralishi

Milodiy 329-yilda xristianlik Rimda davlat dini sifatida tan olingan. Xristianlikning davlat diniga aylanishi munosabati bilan jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy mavqei o'zgargan, cherkovning mulkdorlar sinfi vakillari manfaatlari va mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumni himoya qilish vazifalari ustunlik qila boshlagan. Davlat hokimiyati cherkovning aholi o'rtasidagi ta'sirini hisobga olgan holda, provinsiya (viloyat)larda ruhoniylarning yeparxiyalarini (grekcha eparchia - rahbariyat, hokimiyat degan ma'nolarni anglatadi), ya'ni cherkov ma'muriy okruglarini tashkil etgan. Yeparxiyalarga arxiyepiskop (grekcha episkopos - nozir, nazoratchi degan ma'nolarni anglatadi) rahbarlik qilgan.

Xristianlik davlatni mustahkamlashga xizmat qilish bilan birga hokimiyat va boylik uchun kurash jarayoniga tortilgan. O'sha davrda Rim davlatining zaiflashuvi cherkovning bu kurashdagi imkoniyatini yanada mustahkamlagan. Zero, kuchli markazlashgan davlat parchalanishi natijasida paydo bo'lgan kichik davlatlar cherkov kabi ittifoqchiga muhtoj edi. Aholining madadiga tayangan cherkov mavjud imkoniyatdan unumli foydalangan va siyosiy hokimiyat uchun kurashda faol ishtirok etgan. Bu kurashda Rim va Vizantiya xristian cherkovining yirik markaziga aylangan. Quddus, Aleksandriya, Antioxiya (Suriya, Arabiston, Kipr kabilarni birlashtirgan mustaqil pravoslav cherkovi) va boshqa yeparxiyalar ularga bo'ysundirilgan.

Rim yeparxiyasi xristian cherkovining eng qudratli tashkilotlaridan biri bo'lgan. G'arbiy Rim imperiyasi ag'darilganidan keyin (476 yil) uning hududida kichik davlatlar vujudga kelishi natijasida Rim yeparxiyasining qudrati yanada ortgan. Rimda hokimiyat yepiskopning qo'liga o'tgan. Keyinchalik Rim yepiskopi papa (lotincha papa - ota, ustoz, murabbiy degan ma'nolarni anglatadi) unvonini olgan. VIII asrning ikkinchi yarmida Apennin yarimorolida Papa viloyati vujudga kelgan. Rim papasi diniy va dunyoviy hokimiyatga rahbarlik qiladigan bo'lgan. Papa o'z hokimiyatini butun Rim imperiyasi hududiga va boshqa yerlarga yoyishga harakat qilgan.

Sharqiy Rim imperiyasida (Vizantiya) markazlashgan davlat G'arbiy Rim imperiyasi qulaganidan keyin ham uzoq vaqt davomida (XV asrning o'rtalarigacha) saqlanib qolgan. Konstantinopol cherkovi imperator hokimiyatiga bo'ysundirilgan. Kuchli imperator hokimiyati sharqiy cherkovni o'ziga bo'ysundirish bilan birga g'arbiy cherkovning mustaqilligini saqlab qolishga va o'z ta'sirini boshqa hududlarga yoyishiga ko'maklashgan.

Rim papasi va Vizantiya cherkovi o'rtasida xristianlikning markazi maqomini qo'lga kiritish uchun o'zaro kurash boshlangan. Bu kurash murosasiz tus olib, unda goh u, goh bu tomon ustun kelib turgan. Oqibatda, 1054 yilda Rim va Konstantinopol cherkovlarida uzil-kesil ajralish yuz bergan. Xristianlik shu sanadan boshlab rasman ikki yo'nalishga bo'linib ketgan. Rim papasiga bo'ysunuvchi yeparxiyalar katolik (butun dunyo) cherkovi, Konstantinopol patriarxiga bo'ysunuvchi yeparxiyalar esa pravoslaviye (chin e'tiqod) cherkovi degan nom olgan.



Katolik oqimi Xristianlikning eng katta yo'nalishlaridan biri katolik cherkovidir. BMTning ma'lumotlariga ko'ra, XX asrning oxirlarida katoliklarning soni 900 mln. kishini tashkil etgan. Katoliklar asosan G'arbiy, Janubi-sharqiy va Markaziy Yevropada, Lotin Amerikasida keng yoyilgan. Afrika aholisining 1/3 qismi katoliklardir. Cherkov Shimoliy Amerikada kuchli ta'sirga ega bo'lib, dunyoning boshqa mintaqalarida ham keng yoyilgan.

Katolitsizm ta'limotining manbaini muqaddas bitiklar va rivoyatlar tashkil etadi. Bu ikki manba xristianlikda ahamiyati jihatidan teng hisoblansa-da, katolitsizmda boshqa yo'nalishlardan farqli o'laroq, muqaddas rivoyatlardan kengroq foydalaniladi. Katolitsizmda «cherkov otalari»ning (patristika) ilohiyotga bag'ishlangan asarlari, Jahon soborlari va Rim papasining rasmiy hujjatlari, qadimiy ibodat tajribalari muqaddas rivoyatlar sifatida qabul qilingan.

Katolitsizm aqidalari va marosimlari pravoslaviyenikiga yaqin turadi. Unda pravoslaviyedagi kabi «e'tiqod ramzi»ning 12 aqidasi va 7 ta sirli marosimi tan olinadi. Lekin e'tiqod ramzi aqidalariga bir qator qo'shimchalar kiritilgan. 589 yilda qabul qilingan filioka (lotinchadan so'zma-so'z tarjimasi o'g'ildan ham degan ma'noni anglatadi) aqidasiga binoan, xudo Muqaddas Ruh xudo Ota va xudo O'g'il (Iso)dan paydo bo'lgan. Mazkur aqida katolitsizmda Isoning yerdagi noibi deb tan olingan Rim papasining hokimiyatini yanada mustahkamlaydi. Papa hokimiyati avliyolar va farishtalar hokimiyatidan ham yuqori qo'yiladi.

Shuningdek, katolitsizmda odam o'lganidan keyin ruhi jannat va do'zax oralig'idagi a'rofga tushishi to'g'risidagi aqida mavjud. Unga ko'ra, tirikligida gunohlari yuvilmagan, lekin «kechirilmas gunoh» sodir etmagan kishilarning ruhi a'rof olovida tozalanganidan keyin jannatga tushishi mumkin. Lekin bu murakkab jarayon, chunki ruhning a'rofdan chiqib ketishi uchun boshqa kishi o'zining ortiqcha savobini berishi lozim. Shu bois cherkov savob ishlarning zaxirasini vujudga keltiradi. A'rofda qiynoqqa duchor qilingan odamlar o'z ruhlarini jannatga o'tkazish uchun zaxiradan foydalanadilar. Savob ishlar zaxirasi Iso Masih, Bibi Mariyam, avliyolar va dindor kishilarning ortiqcha savob ishlari, xizmatlaridan hosil qilinadi va doimo to'ldirib boriladi. Zaxira doimo to'ldirib turilishi uchun cherkov kishilarni doimo savob ishlar qilishga da'vat etadi.

O'rta Asrlarda a'rof haqidagi aqida indulgensiyalar (lotincha indulgere - marhamat qilish, shafqat qilish degan ma'nolarni anglatadi) sotishdek noxush hodisani vujudga keltirgan. Qayd etish joizki, XII asrgacha indulgensiyalar cherkovga xush keladigan ishlarni bajaruvchilarga, ya'ni cherkov o'rnatgan tartiblarga qat'iy amal qilganlar, muqaddas joylarni ziyorat qilganlar va salib yurishlarida ishtirok etganlarga berilgan. XII asrdan boshlab indulgensiyani sotish tartibi joriy qilingan. Masalaning salbiy jihati Shundaki, mulkdor kishi «kechirilmas gunohi»dan tashqari, barcha sodir etgan gunohlarini pul to'lab yuvishi mumkin bo'lgan. Hattoki kishi qaysi gunohi uchun qancha pul to'lashi kerakligi to'g'risidagi jadval ishlab chiqilgan. Cherkov indulgensiyalarni sotish tartibini XIX asrgacha qo'llab kelgan.

Katolitsizmda Bibi Mariyamni ulug'lashga katta e'tibor beriladi. 1854-yilda papa Piy I Bibi Mariyamning ilohiy homiladorlik bilan tug'ilganligi to'g'risidagi aqidani tasdiqlagan. Keyinchalik Bibi Mariyam xudoning marhamati bilan birlamchi gunoh ta'siridan himoyalanganligi e'lon qilingan. Keyinchalik Bibi Mariyamning vafot etganidan keyin jasadi va ruhi osmonga ko'tarilib ketganligi qayd etilgan. Ushbu aqidaga asoslanib, 1954-yilda «falakning malikasi» sharafiga bag'ishlanuvchi diniy bayramning o'tkazilishi joriy qilingan. Katoliklar Bibi Mariyamni avliyolar kabi ulug'lash bilan birga xotin-qizlarning gunohlarini xudodan so'rab beruvchi homiy deb biladilar.

Katolitsizmda Rim papasi xristianlarning rahbari ekanligi to'g'risida aqida mavjud. Katoliklar o'z e'tiqodlarini xristianlik ta'limotini to'liq ifodalaydigan yo'nalish deb biladilar. Shu bois Rim papasi Isoning yerdagi noibi, Rimning birinchi yepiskopi, havariy Pavelning vorisi deb tan olinadi. 1870-yilda Vatikanda Rim papasining benuqsonligi haqidagi aqida qabul qilingan. Unga binoan, papaning rasmiy chiqishlarida din va axloq masalalarida aytgan fikrlari benuqson yoki, boshqacha aytganda, u xudoning irodasini yetkazuvchi vakildir.

Ruhoniylarning ijtimoiy ahvoli masalasida katolitsizm boshqa yo'nalishlardan sezilarli darajada farqlanadi. Katolik cherkovida ruhoniylarning maishiy turmushida XI asrdan boshlab selebat, ya'ni rohib va rohibalarning turmush qurmasligi qoidasiga amal qilinadi. Ruhoniy xudo va odamlar o'rtasidagi vositachi deb tan olinadi. Odamlarning o'zlari ruhoniyning yordamisiz va murabbiyligisiz mustaqil ilohiy haqiqatga erisha olmaydilar deb hisoblanadi. Ular diniy tashkilot vazifasini bajaruvchi ordenlarga birlashganlar. Katolik cherkovida iyezuitlar (Iso jamiyati), fransiskanlar, salezianlar, dominikanlar, kaputsinlar, xristian birodarlari, benediktlar kabi katta-katta rohiblik ordenlari mavjud. Orden a'zolari kiyim-kechagi bilan bir-biridan farq qiladilar.

Katoliklarning diniy marosimlarida ham xristianlikning boshqa yo'nalish va oqimlaridan farqlar mavjud. Masalan, yetti sirli marosimni olib ko'raylik. Cho'qintirish sirli marosimini bajarishda rohib cho'qintirilayotgan kishining ustidan suv quyadi yoki uni suvga botirib oladi. Miro yog'ini surish sirli marosimi katoliklarda «konformatsiya» deb ataladi. Marosim kishining bolalik yoki o'smirlik yoshida bajariladi. Non va vino tortish sirli marosimida pravoslaviyeda maxsus pishirilgan kulcha non (prosfora)dan foydalanilsa, katoliklarda kvas qo'shib qorilgan xamirdan tayyorlangan quymoq shaklidagi non (prosfora) ishlatiladi. Umuman, katoliklarning sirli marosimlarni bajarish usullarida qisman tafovut bo'lsa-da, aslida, pravoslaviyedagiga o'xshash ekanligini qayd etish mumkin.

Diniy ibodatni tashkil etishda ham bir qator o'ziga xos jihatlar mavjud. Diniy marosimlarni bajarish vaqtida cherkovda dindorlar o'tirishlari mumkin, faqat ayrim duolar tik turib o'qiladi. Shuning uchun katolik cherkovlarida kursilar qo'yilgan. Diniy marosimlar lotin tilida olib boriladi. Ularni bajarish vaqtida organ yoki dam berib chalinadigan musiqa asboblari (filgarmoniya)dan foydalaniladi.

Diniy tashkilotlarni boshqarishning murakkab tizimi vujudga keltirilgan. Yuqorida qayd etilganidek, katoliklar Yer sharining barcha qit'alariga yoyilgan va xalqaro markazi Vatikanda joylashgan. Unga Rim papasi rahbarlik qiladi. Vatikan Rim shahrining markazida joylashgan. Maydoni 44 gektar. 1929- yilda Musolini hukumati va Rim papasi Piy XI o'rtasida tuzilgan Lateran shartnomasiga binoan Vatikanga shahar-davlat maqomi berilgan va u davlat suverenitetiga ega bo'lgan. Har qanday suveren davlat kabi uning hududi, chegarasi, fuqarolari, gerbi, bayrog'i va madhiyasi bor. Vatikanni dunyoning ko'p mamlakatlari tan olgan va u bilan diplomatik aloqalar o'rnatgan. Aksariyat xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT, YUNESKO, MAGATE, Yevropa Kengashi kabilarning ishlarida Vatikan kuzatuvchilari ishtirok etadi.

Rim papasini kardinallar (lotincha cardinalis - asosiy, katta, eng muhim degan ma'nolarni anglatadi), ya'ni katolik cherkovida papadan keyin turuvchi mansabdor shaxs kollegiyasi umrbod muddatga saylaydi. Hozirgi kunda Rim papasi nemis millatiga mansub Benedikt XVI.

Vatikan davlatining asosiy qonuni sifatida Konstitutsiya qabul qilingan. Unga ko'ra, Rim papasi qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatining boshlig'idir. Davlatning Markaziy ma'muriy boshqaruv apparatiga Rim kuriyasi rahbarlik qiladi. U dunyoning ko'pchilik mamlakatlarida faoliyat ko'rsatayotgan katolik cherkovi va Vatikanga bo'ysunuvchi dunyoviy tashkilotlarning ishlarini boshqaradi. Rim kuriyasi davlat kotibiyati, 9 ta kongregatsiya (lotincha congregatio - ittifoq, birlashma degan ma'nolarni anglatadi, davlat vazirliklari vazifasini bajaradi), 12 ta kengash, 3 ta tribunal va 3 ta devonxonadan iborat.

Davlat kotibiyatiga kardinal stats-kotib rahbarlik qiladi. U Bosh vazir va tashqi ishlar vaziri vazifalarini bajaradi. Davlat kotibiyati ichki va tashqi ishlarni boshqaradi. Muqaddas kongregatsiyalar, kengashlar va kotibiyat cherkov ishlari bilan shug'ullanadi. Uning tarkibidagi diniy ta'limot masalalari bilan shug'ullanuvchi kongregatsiya eng asosiysidir. Ushbu tashkilot ruhoniylar va ilohiyotshunoslarning dunyoqarashi, xulq- atvori va matbuotda chiqishlarining ortodoksal katolik cherkovi ta'limotiga mos kelishini nazorat qilib turadi. O'rta asrlar davrida ushbu tashkilot hurfikrlikning har qanday ko'rinishlariga qarshi keskin kurash olib borgan, inkvizitsiya sudlarini tashkil etib, ularga rahbarlik qilgan.

XX asrda jahon miqyosida demokratik jarayonlarning tobora keng yoyilishi katolik cherkovini boshqarish ishida ham muayyan o'zgarishlarga sabab bo'lgan. Cherkovni boshqarishda demokratik qad- riyatlar joriy qilingan, milliy cherkovlarning vakolatlari kengaytirilgan. Rim papasi huzurida maslahat ovoziga ega muqaddas Sinod tashkil etilgan. Sinod uch yilda bir marta chaqiriladi. Uning tarkibi milliy yepiskoplar konferensiyalari va rohiblar ordenlarining rahbarlari, Sharqiy cherkovlarning patriarxlari va mitropolitlari hamda papa shaxsan tayinlagan ruhoniylardan iborat. Sinod katoliklarning hayoti va e'tiqodi bilan bog'liq eng muhim masalalarni muhokama qiladi va ular yuzasidan bajarilishi shart bo'lgan qarorlarni qabul qiladi.

Mintaqalar darajasida yepiskoplarning konferensiyalari o'tkazib turiladi. Konferensiyalar oralig'ida unda saylangan rahbarlik organi faoliyat olib boradi. Mintaqaviy konferensiyalarga cherkov bilan bog'liq ishlarni boshqarishda keng vakolatlar berilgan.

Milliy cherkovga papa tayinlagan kardinal, patriarx yoki mitropolit rahbarlik qiladi. Milliy cherkovlar yeparxiyalarga bo'linadi. Yeparxiyaga iyerarx (grekcha hieros - muqaddas, arche - hokimiyat degan ma'nolarni anglatadi) rahbarlik qiladi. Iyerarxga, boshqarayotgan yeparxiyaning nufuziga qarab, yepiskop yoki kardinal unvoni berilishi mumkin.

Katolik cherkovining boshlang'ich tashkiloti (pravoslaviyedagi kabi) qavm (prixod) deb ataladi. Qavmlarni ruhoniy boshqaradi. Cherkov boshqaruvi sohasidagi o'zgarishlar diniy ta'limot va uning ijtimoiy doktrinasida ham modernizatsiya jarayonlarini kuchaytirdi. Bu jarayonlar kam o'zgaruvchan diniy ta'limotda ham yaqqol namoyon bo'lmoqda.

Diniy ta'limotdagi modernizatsiya jarayonlari ta'sirida katolik cherkovining ustunligi to'g'risidagi g'oyadan voz kechildi, umumiy xristianlik g'oyalari atrofida birlashish zarurligi tan olindi. Xristianlik konfessiyalarini birlashtirish to'g'risidagi ekuminizm (grekcha aikumene - odamlar yashaydigan dunyo, olam degan ma'nolarni anglatadi) g'oyasi qabul qilindi. Mazkur voqea konfessiyalararo munosabatlarning yaxshilanishida alohida ahamiyatga ega bo'ldi, chunki shu vaqtgacha katolitsizm xristianlarni faqat katolik cherkovi ta'limoti asosida birlashtirish mumkin, deb hisoblar edi. Katolik va pravoslav cherkovlarining 1054 yildagi bir-birini la'natlash to'g'risidagi qarorlari bekor qilindi. Uniat (xristianlik tashkilotlarining katolik cherkovi bilan ittifoqini yoqlovchi oqimlar)larga pravoslaviye yoki boshqa oqimlar sirli marosimlarini qabul qilish huquqi berilgan.

Cherkovning ijtimoiy ta'limoti (doktrinasi)da ham jiddiy o'zgarishlar mavjuddir. Doktrinaning hozirgi sivilizatsiyaga munosabati masalasida pessimistik qarashlar ustunlik qiladi. Chunki cherkov hozirgi zamon sivilizatsiyasi chuqur inqirozga uchragan deb biladi. Inqirozning moddiy sababi - olamshumul (global) muammolarning hal qilinmaganligi.

Ma'naviy sohadagi eng muhim sabablaridan biri jamiyatda iste'molchilik illatining tobora kuchayishidir. Cherkovning nuqtai nazariga ko'ra, insoniyatning ishlab chiqarishni rivojlantirishda erishgan yutuqlari farovon turmush uchun moddiy shart-sharoit yaratadi, lekin kishilar ehtiyoji doimiy oshib borish xususiyatiga ega. Oqibatda iste'molchilik ruhiyati ustuvor ahamiyat kasb etadi. Iste'molchilikning jamiyat uchun xavfi Shundaki, u kishi ongida narsalarga erishish va unga egalik qilish hayotning asosiy maqsadi degan noto'g'ri tasavvurni hosil qiladi, kishini xudodan ajratadi, xalos bo'lish uchun kurashishga yo'l bermaydi. Cherkov bu muammoni odamlarni o'z ehtiyojlarini cheklab, kamtarona yashashga da'vat etish bilan hal qilishni taklif etadi.

Cherkovning ijtimoiy doktrinasida mehnatga munosabat masalasi muhim o'rin tutadi. Ma'lumki, Injilda mehnat inson yo'l qo'ygan gunohning oqibati va unga berilgan jazo vositasi sifatida talqin etiladi. Masalaga bunday munosabat mehnatni hayotiy zarurat, kishining jamiyatda munosib o'ringa ega bo'lishi uchun vosita sifatida emas, balki uning zimmasiga yuklatilgan og'ir yuk deb baholashga sabab bo'ladi. Shuning uchun cherkov mehnatni kishi hayotining asosi, mavjudligining manbai ekanligini qayd etadi. Cherkov ta'limotiga ko'ra, insoniyat birlamchi gunohdan oldin ham mehnat qilgan, lekin undan keyin mehnatning mazmuni o'zgargan. Mehnat odam uchun og'ir yuk, iztirob keltiruvchi sabablardan biriga aylangan. Odam birlamchi gunoh qilganidan keyin moddiy borliqqa tabiiy hukmronlik huquqidan mahrum qilingan, mehnat esa uning ilgarigi mavqeini tiklash vositasidir.

Inson o'z mehnati bilan xudoning moddiy olamdagi yaratuvchilik faoliyatini davom ettiradi. Mehnat orqali kishi nafaqat yaratilgan dunyoning yangi manbalari va qadriyatlarini kashf etadi, balki xudoga yaqinlashadi. Mehnat kishining xalos bo'lishiga ko'maklashadi. Qisqacha aytganda, mehnatning inson hayotidagi ahamiyatiga cherkovning yangicha munosabati ishlab chiqilgan.

Katolitsizmda rasmiy doktrina bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy muammolarni hal etishning muqobil yo'llarini taklif qiladigan ko'plab mazhablar mavjud. Ular dinning siyosat va siyosiy hayotga betarafligini tanqid qilib, ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiladigan diniy mafkurani ishlab chiqishni taklif etadi. Zero, bunday qarashlar tarafdorlari hozirgi davrda cherkovning mohiyati o'zgarganligini, o'tmishda din kuch ishlatuvchi institut sifatida ekspluatator sinflar bilan hamkorlik qilgan bo'lsa, hozirgi davrda u kishilarni xalos qiluvchi institutga aylanganligini qayd etadilar. Shu bois uning siyosiy mafkurasi cherkovning mavjud ijtimoiy tuzumlardan mustaqilligini aks ettirishi kerak.


Provaslav oqimi. Sharqiy Rim imperiyasi hududida qadimgi madaniy markazlarning mavjudligi Konstantinopol cherkovidan mustaqil cherkovlarning ajralib chiqishiga shart-sharoit yaratgan. III-IV asrlarda Sharqiy Rim imperiyasi hududida Konstantinopol cherkovidan tashqari, Aleksandriya (Misr), Antioxiya (Suriya), Iyerusalim (Isroil) kabi mustaqil cherkovlar paydo bo'lgan va undagi bo'linish jarayoni keyingi davrlarda ham davom etgan.

Sharqiy Rim (Vizantiya)da mustaqil cherkovlarning mavjudligi bu yerda aslo diniy-siyosiy markaz yo'qligini anglatmaydi. XI asrgacha Vizantiya imperiyasi Sharqning eng qudratli davlatlaridan biri bo'lgan. Konstantinopol cherkovi imperiya hududidagi mustaqil cherkovlarni vaqtinchalik bo'ysundirib, xristianlikning markaziga da'vogarlik qilib, Rim papasiga qarshi kurash olib borgan.

Sharqiy cherkov rasman grek-kafolik cherkovi deb atalgan. «Cherkov» atamasiga «kafolik» so'zining qo'shib ishlatilishidan, uning o'z e'tiqodini katolitsizm kabi jahon diniga aylantirishga intilganligini ko'rishimiz mumkin. Yuqorida qayd etilganidek, Sharqiy Rim imperiyasidagi vaziyat tamoman boshqacha bo'lgan. Islom davlatlarining qattiq siquvi imperiyani siyosiy va iqtisodiy jihatdan zaiflashtirgan. Birin- ketin unga bo'ysundirilgan cherkovlar yana o'z mustaqilligini tiklab olgan.

Hozirgi davrda 15 ta avtokefal (grekcha - autos o'zim, kephale - boshman, ya'ni mustaqil degan ma'nolarni anglatadi) pravoslav cherkovi mavjud. Bular - Konstantinopol (Turkiya), Aleksandriya (Misr), Antioxiya (Suriya, Livan), Iyerusalim (Isroil), Rus, Gruziya, Serb, Rumin, Bolgar, Kipr, Ellada, Alban, Polyak, Chexiya va Amerika cherkovlaridir. Avtokefal cherkovlar bilan birga avtonomiya maqomidagi Sinay, Fin va Yapon cherkovlari faoliyat olib bormoqda. XX asrning oxirlarida, Sharqiy Yevropadagi siyosiy jarayonlar sababli, avtokefal cherkovlarning soni yanada ortdi. Bu cherkovlar turli ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda faoliyat ko'rsatadilar va zamonning dolzarb muammolariga turlicha munosabat bildiradilar.

Pravoslaviye ko'plab avtokefal cherkovlardan tashkil topgan bo'lsa ham, Konstantinopol cherkovi uning markazi maqomini saqlab qoldi. Shunga binoan, Konstantinopol patriarxi rasman jahon pravoslaviye cherkovining boshlig'i hisoblanadi. Konstantinopol patriarxi avtokefal cherkovlarning ichki va tashqi ishlariga aralashish huquqiga ega emas. Avtokefal cherkovlarning e'tiqod va amal masalalaridagi mustaqilligi ularni tashkil etgan markaz (Konstantinopol cherkovi) bilan tuzilgan o'zaro bitimda belgilangan. Avtokefal cherkov tarkibidagi avtonom cherkov boshliqlari mahalliy cherkov yig'inida saylanadi va avtokefal cherkov patriarxining tasdig'idan o'tadi.

Avtokefal cherkovlar ekzarxat (grekcha exarhos - boshliq, rahbar degan ma'nolarni anglatadi, viloyat cherkovi, unga yepiskop rahbarlik qiladi), yeparxiya (cherkovning ma'muriy okrugi, unga arxiyerey rahbarlik qiladi) hamda blagochiniyelarga (yeparxiyaning tumanlari, unga katta pop rahbarlik qiladi) bo'linadi. Pravoslaviyening quyi diniy ma'muriy birligi qavm deb ataladi. Qavmlar cherkov, butxona xodimlari va dindorlar jamoasidan iborat. Diniy tashkilotlar iyerarxiya, ya'ni quyi tashkilotlarning yuqori tashkilotlarga bo'ysunishi va hisob berishi prinsipi asosida bosh- qariladi.

Bu prinsip ruhoniylar darajasida ham amal qiladi. Unga ko'ra, kichik martabali ruhoniylar yuqori martabali ruhoniylarga bo'ysunishlari kerak. Ruhoniylar darajasi bilan birga uylangani (oq) va uylanmaganiga (qora, rohiblikni tanlagan) qarab ham ajratiladi. Diniy tashkilotlar uchun mutaxassislar va rahbar kadrlar asosan rohiblar orasidan tanlanadi.

Pravoslaviye cherkovlari diniy ta'limot, marosim va aqidalar masalasida bir-biridan farq qilmaydi. Diniy ta'limot asosini «e'tiqod ramzi» tashkil etadi. «E'tiqod ramzi» 12 paragrafdan iborat bo'lib, unda diniy ta'limotning asosiy aqidalari: xudoning yaratuvchiligi, uning dunyo va insonga munosabati, xudoning yagona, lekin uch qiyofada ekanligi, o'z qiyofasini o'zgartirishi, odamlar gunohini o'z zimmasiga olishi, o'lib qayta tirilishi, oxirat, cherkovning xaloskorligi aks ettirilgan.

Pravoslaviye ta'limotiga ko'ra, xudo bitta, lekin u uch qiyofalidir: Ota xudo, O'g'il xudo va Muqaddas Ruh. Xudoning qiyofalari teng va bir- biridan ajralmasdir. Muqaddas Ruh Ota xudodan kelib chiqqan.

Pravoslav xristianlar birinchi insonlar - Adam va Yeva sodir etgan dastlabki gunoh, O'g'il xudo (Iso Masih)ning ilohiy ravishda tug'ilganligi, odamlar gunohini o'limi bilan o'z zimmasiga olganligi, oxiratda tiriklar va o'liklarni qayta so'roq qilish uchun yerga qaytib kelishi hamda ilohiy podsholikni qurishiga ishonadilar. Shuningdek, pravoslaviyeda ham jannat va do'zax, ruhning abadiyligi, cherkovning xudo va odamlar o'rtasidagi vositachilik vazifasini bajarishi to'g'risidagi ta'limotlar mavjud.

Har bir dinning o'z marosimlari bo'lganidek, pravoslaviyeda yetti sirli marosim alohida ahamiyatga ega. Bu marosimlarning sirli deb atalishiga sabab shuki, ruhoniylarning muayyan harakatlarni bajarishlari va duolarni o'qishlari bilan obyektga odamning ko'ziga ko'rinmaydigan xudoning marhamati o'tadi.

Sirli marosimlar quyidagilardan iborat:

1) cho'qintirish marosimi kishining xristian cherkoviga qabul qilinganligini ramziy ifodalovchi asosiy sirli marosimlardan biridir. Pravoslaviyeda cho'qintirish yoshi belgilanmagan. Cho'qintirish marosimida yosh bola suvga uch marta botirib olinadi, katta yoshdagi kishi suvda poklantiriladi. Diniy rivoyatga ko'ra, odam cho'qintirilganidan keyin birlamchi gunohdan forig' bo'ladi. Katta yoshdagi kishi cho'qintirilganidan keyin birlamchi gunoh bilan birga, shu vaqtgacha qilgan gunohlari ham kechiriladi. Ushbu marosimni bajargan kishi xristianlikka (katolik cherkovida cho'qintirilsa, katolik cherkoviga, pravoslav cherkovidan o'tgan bo'lsa, pravoslav cherkoviga) qabul qilinadi. Shu tariqa ilohiy haqiqatni bilish va xalos bo'lish imkoniyati paydo bo'ladi. Shuningdek, yosh bola cho'qintirilganidan keyin unga ism qo'yiladi. Odatda, bolaga cho'qintirilgan kun qaysi avliyoning nomi bilan bog'liq bo'lsa, o'sha avliyoning ismi qo'yiladi;

2) non va vino tortish marosimi xristianlikda ikkinchi, lekin ahamiyatiga ko'ra, juda muhim sirli marosim hisoblanadi. Bu barcha oqim va mazhablar qabul qilgan marosim. Diniy rivoyatlarda aytilishicha, Iso birinchi marta o'z shogirdlari bilan maxfiy kecha kunida bu marosimni o'tkazgan. Keyinchalik xristian cherkovi Iso Masih o'tkazgan marosimni qabul qilgan. Shu bois sirli marosimdan o'tkazilayotgan kishiga xudoning jismi va qoni timsoli bo'lgan non va vino iste'mol qildiriladi. Bu bilan insonning Isoga yaqinlashishi va abadiy hayotga daxldor bo'lishi mumkin deb hisoblanadi.

Pravoslaviyeda bu marosim uchun kvasda qorilgan xamirdan tayyorlangan kulcha non (prosfora) va qizil sharob (vino) ishlatiladi. Odatda, u bir qator boshqa sirli marosimlar bilan qo'shib o'tkaziladi. Cherkov Iso Masih bilan uzluksiz aloqada bo'lishni istagan kishiga bu marosimdan yilda bir marta o'tib turishni tavsiya qiladi;

3) tavba-tazarru qilish marosimi IV-V asrlarda xristianlikda sirli marosim sifatida qabul qilingan. Pravoslaviyeda bu marosim dindor kishi hayotining tarkibiy qismi hisoblanadi. Dinda buyurilgan amallarni yoki cherkov qoidasini buzgan kishi tavba qilib, qilgan gunohini ruhoniyga aytadi. Marosim quyidagi bosqichlarga bo'linadi: birinchi bosqichda odam ruhoniyga sodir etgan gunohi to'g'risida hisob beradi, ya'ni marosim odamning o'z gunohini anglashiga uni qayta takrorlamasligiga va ma'naviy poklanishga yordam beradi, gunohini yengillashtiradi; ikkinchi bosqichda maxsus vakolatga ega ruhoniy Muqaddas Ruhning kuchi bilan ushbu insonning gunohini kechiradi.

Ilk xristian jamoalarida tavba-tazarru qilish marosimi qo'llanilmagan. Bunga sabab, o'sha vaqtda xristian jamoasining a'zosi din talablarini buzmaydi, degan noto'g'ri qarashning ustunlik qilganligidir. Lekin hayotda buning aksi bo'lib chiqqan. Shu bois dindorlar jamoasida oshkora tavba qilish tartibi joriy qilingan. IV asrda oshkora tavba-tazarru qilish ruhoniylar tabaqasining manfaatlariga mos kelmay qolganligi sababli, uning mazmunini sir tutish joriy qilingan. Cherkov tavba-tazarru sirini oshkor qilmaslikka kafolat beradi. Tavba sirini oshkor etish katta gunoh hisoblanadi;

4) miro surtish sirli marosimi cho'qintirish sirli marosimidan keyin o'tkaziladi. Uni bajaruvchi ruhoniy xushbo'y miro yog'ini kishining peshonasi (fikri), ko'kragi (yuragi, his-tuyg'ulari, istaklari), ko'zi, burni va quloqlari (mayllari), shuningdek qo'l-oyoqlari (xatti-harakatlari)ga xoch shaklida surtadi. Miro yog'ini surtish vaqtida sirli ravishda xudoning marhamati o'tadi va shu tariqa uning pokligi saqlab qolinadi, ma'naviyatining yuksalishiga erishiladi, deb hisoblanadi;

5) nikoh sirli marosimi katolitsizmda XII asrda vujudga kelgan va XVI asrdan boshlab sirli marosim sifatida qabul qilingan. Pravoslaviyeda bu marosim alohida o'rin tutadi, chunki oila kishilar jismoniy va ma'naviy birligining boshlang'ich bo'g'inidir. Oila jamiyatning tayanchi, abadiy hayot timsolidir. Shuning uchun nikoh sirli marosimi tantanali ravishda o'tkaziladi. Ruhoniy bayram kiyimlarida nikohdan o'tayotgan yoshlarni kutib oladi. Xudoni sharaflovchi duolar o'qiladi. Yosh kelin-kuyovlarning boshiga hosildorlik timsoli bo'lmish gulchambar taqib qo'yiladi. Yovuz kuchlarni haydovchi ladan (isiriq) tutatiladi. Marosim vaqtida nikohdan o'tayotgan kelin-kuyovga xudoning marhamati tushadi, yangi oilada tinchlik, totuvlik va muhabbat hukmron bo'lishiga ilohiy shart-sharoit yaratiladi, deb hisoblanadi;

6) muqaddas zaytun moyi surtish marosimi bemor odam uchun bajariladigan sirli tadbir. Marosimda bemorning peshonasi, yonog'i, labi, ko'kragi va qo'llariga muqaddas zaytun yog'i surtiladi. Ruhoniy bularni amalga oshirish davomida duolar o'qib, bemorning sog'ayib ketishiga xudodan yordam so'raydi. Diniy ta'limotga binoan, zaytun moyini surtish marosimi mo'jizaviy davolovchi kuchga ega bo'lib, bemorni gunohlaridan xalos qiladi. Bu marosim ruhoniylikka qabul qilishda ham o'tkaziladi;

7) ruhoniylik unvonini berish marosimi III asrda jamiyatda alohida guruhni tashkil etgan ruhoniylar uyushmasi paydo bo'lganligi sababli joriy qilingan. Pravoslaviyeda bu marosim alohida ahamiyatga ega bo'lib, uni rohiblikni ixtiyor qilgan kishining boshiga yuqori martabali ruhoniy qo'lini qo'yib bajaradi. Marosim davomida rohiblikka qabul qilinayotgan kishiga sirli ravishda xudoning marhamati o'tadi hamda u xudo va odamlar o'rtasida vositachilik qilish huquqiga ega bo'ladi, deb hisoblanadi. Pravoslaviyeda, sirli marosimlar bilan birga, ibodat qilish, xoch, butlar, tabarruk narsalar, shahidlar va avliyolarga sig'inish kabi marosimlar mavjud.

Ibodat qilish - dindorning yoki dindorlar guruhining xudoga, avliyolarga iltimos, shikoyat yoki minnatdorchilik bildirib, bevosita murojaat qilishi. Bunda kishi tanasining holatiga alohida e'tibor beriladi, chunki ibodatning turiga yoki mazmuniga ko'ra, kishining tiz cho'kishi, qo'llarini ko'targan holatda yoki ko'zini yumib turishi talab qilinadi. Pravoslav cherkovida, odatda, ibodat tik turib bajarilishi sababli dindorlarning o'tirishlari uchun kursilar qo'yilmaydi.

Xochga sig'inish - Iso Masihning xochga mixlab qo'yilishi bilan bog'liq marosim. U xristianlikning timsoli hisoblanadi. Bu pra- voslaviyening eng muhim elementlaridan biri bo'lib, diniy rivoyatlarda yozilishicha, Iso Masihning qoni to'kilganligi sababli, xoch ilohiy kuchga ega bo'lgan. U odamlarni yovuz kuchlardan saqlaydi. Xoch to'rt burchakli, olti burchakli (Isoning boshidan balandroq qilib xochga yozuv taxtachasi qoqib qo'yilganligi sababli), sakkiz burchakli (Isoning oyog'i bilan tayanishi uchun xochga taxtacha qoqib qo'yilganligi sababli) shakllarda tasvirlanadi. Xochning barcha shakllaridan keng foydalaniladi va ular bir xil ahamiyatga ega. Butlarga sig'inish - pravoslaviye marosimlarining muhim elementlaridan biri. Butlarda Ota xudo, O'g'il xudo, Muqaddas Ruh, Muqaddas uchlik, Bibi Mariyam, avliyolarning va yevangeliyalar mual- liflarining tasvirlari chizilgan yoki o'yib ishlangan bo'ladi. Diniy rivoyatlarga ko'ra, xristianlar butlarda tasvirlangan personajlarga sig'inishi yoki ular bilan bevosita muloqot qilishi mumkin. Butlar ilohiy kuchga ega bo'lib, odamlarga kundalik muammolarini hal qilishlarida ko'maklashadi. Pravoslaviyeda Bibi Mariyamning tasviri chizilgan butlar alohida ulug'lanadi. Diniy rivoyatlarda yozilishicha, butlar tirik mavjudotlar kabi xislatlarga ega. Ular odamlar singari ko'radi, eshitadi, og'riqni sezadi, iztirob chekadi, ucha oladi, suvda suzadi va qo'yilgan joyidan ketib qolishi mumkin. Butlardagi personajlar turli qiyofalarda tasvirlanadi. Masalan, Iso Masih VII asrgacha qo'y yoki baliq qiyofasida, Muqaddas Ruh kabutar ko'rinishida, havariylar: Luka - buqa, Ioann - burgut singari qiyofalarda tasvirlangan. Personajlar qiyofalarida milliylik belgilari mavjud.

Avliyolarga sig'inish. Avliyolar - xristianlikda o'zini xudoga xizmat qilishga bag'ishlab, taqvodorlik bilan yashaganligi uchun narigi dunyoda mukofotlangan va odamlarning taqdiriga aralashishdek mo'jiza ko'rsatish kuchi baxshida etilgan kishilar. Xristianlikda aytilishicha, avliyolar odamlarga homiylik qilishlari va hayotiy muammolarining hal etilishiga ko'maklashishlari mumkin. Ular xudo va odamlar o'rtasidagi vositachilardir. Avliyolar mahshar kuni kishilar gunohining kechirilishini xudodan so'rab berishlari mumkin.

Xristianlik shakllanayotgan davrlarda odamlarga xizmatlari uchun avliyo unvoni berishning umum e'tirof etgan qoidasi hali ishlab chiqilmagan edi. Shu bois o'sha davrlarda afsonaviy obrazlar, xalq folklori qahramonlari va majusiy ma'budlar ham avliyo deb e'lon qilingan. Keyinchalik bu masaladagi noaniqliklar bartaraf etilgan (jumladan, pravoslaviyeda avliyo unvonini berish masalasi bilan maxsus komissiya shug'ullanadi va uning taklifi muqaddas Sinodda ko'rib chiqilganidan keyin muhokamaga qo'yiladi hamda qaror qabul qilinadi). Avliyolar ijtimoiy hayotdagi ahamiyatiga ko'ra bir-biridan farqlanadi va quyidagilarga bo'linadi: farishtalar, payg'ambarlar, havariylar, taqvodorlar, haqiqat uchun kurashganlar va hokazo.

Marhumlarga sig'inish - vafot etgan kishining mayyiti xudoning irodasi bilan chirishdan saqlanib qolishiga ishonish. Xristianlar chirimay saqlanib qolgan shahidlar mayyitida ilohiy kuch mujassamlashganligiga va uning odamlarga foyda keltirishi mumkinligiga ishonadilar. Pravoslaviyeda chirishdan saqlanib qolgan tananing qismlarida ham mo'jizaviy kuch bor deb hisoblanadi.

Pravoslaviye ta'limotini targ'ib qilishda diniy bayramlarga alohida e'tibor beriladi. Chunki pravoslaviyeda bayramlar juda ko'p bo'lib, ahamiyatiga ko'ra, katta, o'rta va kichik bayramlarga bo'linadi. Katta bayramlarning eng nufuzlisi pasxa (grekcha pascha - qadimgi yahudiy tilidagi pesach so'zidan olingan va so'zma-so'z tarjimasi - kelib chiqish, nasl-nasab, asli degan ma'nolarni anglatadi) bayramidir. Bu bayram Isoning xochga tortib o'ldirilganidan keyin mo'jizaviy qayta tirilishi xotirasiga bag'ishlanadi. Xristianlikdagi ushbu bayram iudaizmdagi messiyaning kelishiga bag'ishlab o'tkaziladigan pasxa bayramidan o'zlashtirilgan. Dastlabki davrlarda ularning o'tkazilish vaqti ham bir kunga to'g'ri kelgan. Pasxa bayrami iudaizmdagi pasxa bayrami tugaganidan keyingi birinchi yakshanbada o'tkaziladi. U bir hafta davom etadi.

Pasxadan keyin (ahamiyatiga ko'ra) ulug' bayram hisoblanuvchi o'n ikkita bayram qabul qilingan. Ular quyidagilardan iborat:



  • Isoning tug'ilishi;

  • Xudoning cho'qintirilishi;

  • Uchrashuv;

  • Ilohiy xushxabar;

  • Xudo qiyofasining o'zgarishi;

  • Bibi Mariyamning tug'ilishi;

  • Bibi Mariyamni xotirlash;

  • Isoni xochga tiklash;

  • Xudoning Quddusga kelishi;

  • Isoning osmonga ko'tarilishi;

  • Muqaddas uchlik.

Yuqorida sanab o'tilgan o'n ikkita ulug' bayramlar orasida Isoning tug'ilishi va Muqaddas uchlik alohida mavqega ega.

Protestantizm oqimi. Protestanizm tarixi Martin Lyuterdan (1483-1546) boshlanadi. U birinchi bo‘lib katolik cherkovi bilan aloqani uzdi va protestant cherkovining asosiy qoidalarini ishlab chiqdi va uni himoya qildi. Bu nizomga ko‘ra, insonning Xudo bilan bevosita muloqoti mumkin. Lyuterning diniy va dunyoviy hokimiyatga qarshi chiqishlari, katolik dindorlarning imonni va vijdonni inson bilan Xudo o‘rtasidagi vositachi sifatida nazorat qilish haqidagi mulohazalarga qarshi chiqishi jamoatchilik tomonidan favqulodda diqqat bilan tinglandi.

Protestantizmning mohiyatiga ko‘ra, ilohiy lutfu marhamat insonlarga cherkovning vositasisiz, bevosita in’om etiladi. Inson najot topishi uning shaxsiy e’tiqodi va Isoning vositasi orqali ro‘y beradi. Avom ruhoniylardan farqlanmaydi, ruhoniylik hamma dindorlarga bir xilda joriy etiladi. Protestantlik diniy marosimlarning ko‘pchiligini bekor qildi, faqatgina lyuteranlikda non va vino bilan cho‘qintirish saqalanib qoldi.

O‘lganlarga bag‘ishlangan duo o‘qish, aziz-avliyolarga sig‘inish, muqaddas murdalarga, sanamlarga topinish bekor qilindi. Ibodat uylari ortiqcha hashamlardan, mehroblardan, sanamlar, haykallardan tozalandi, ruhoniylarning uylanmaslik shartlari bekor qilindi. Bibliya milliy tillarga tarjima qilindi, uni sharhlash har bir xudojo‘yning eng muhim burchi bo‘lib qoldi.

Asrorlardan faqat cho‘qinish va mansublik (cherkovga) e’tirof etiladi. Ibodat va’z-nasihatlar, birgalikdagi ibodat va suralarni kuylashdan iborat bo‘ldi. Protestantlar Bogorodisa shaxsiyatini, a’rofni tan olmaydilar. Lyuter tomonidan tuzilgan reformasiya bosh taomillari 95 tezis shaklida yozib bergan. Ular Vittenbergning Nasriy cherkovining shimoliy eshiklariga yozib qo‘yilgan. Mana shu tezislardan biri: Iso payg‘ambar: «Tavba qiling, chunki samoviy shohlik yaqinlashib qoldi» deb jar solganida shuni ta’kidlaydiki, imon keltirganlar hayoti boshdan-oyoq to‘xtovsiz tavba-tazarrudan iborat bo‘lmog‘i darkor.

Tavba-tazarru ruhoniy (avliyo) oldidagi birgina tazarrudan iborat emas. Birinchi to‘rt tezisda, Lyuter ta’kidlaydiki, haqiqiy tavba uzoq muddatli jarayondir, birgina xatti-harakat bilan ro‘yobga chiqmaydi. Papa faqat o‘zi belgilagan jazoni olib tashlashi mumkin. Cherkov hech qaysi samoviy jazodan insonni ozod qila olmaydi. Tavba-tazarru qonunlari tiriklar uchun joriy qilinadi (belgilanadi). Bu erda va keyingi bir qancha tezislarda papaning a’rof ustidan hukmronligi rad etiladi. «Ruhlar uchun indulgensiya olgan shaxslarga tavbu-tazarru qilish talab qilinmaydi», degan ta’limot Iso ta’limoti emas. Chindan tavba qilgan kishilarni Xudo gunohlarini kechadi va abadiy azobdan ozod qiladi. Gunohkor papa yorlig‘isiz ham bunday mag‘firatdan umid qilishi mumkin.

Lyuter bir necha tezislarda ta’kidlaydiki, chindan tavba qilgan, nadomat chekkan xristian (nasoro) «samoviy jazoga shoshilmaydi, ya’ni unga samoviy jazo joriy etilmaydi». Cherkovning haqiqiy xazinasi muqaddas Injil va xudo marhamatidir. Lyuterning ta’kidlashicha, «xayrli amallar xazinasi»ning mavjudligi kambag‘allar uchun emas boylar uchun foydalidir, bu xazinalarga papa marhamati bilan emas, o‘z amallari bilan erishuvi mumkin. Bu xil vositalar bilan Xudoning mehrini qozonmoqni Lyuter sarob deb ataydi. Haqiqiy xristian Isoga ergashish istagi bilan yonmog‘i zarur. Najot yo‘li ruxsatnoma yorlig‘ida emas, balki chin yurakdan nadomat chekmoq va tavba qilmoqdadir.



Katolik oqimining o’ziga xos jihatlari
Katolik oqimi. Xristianlikning yirik yo‘nalishlaridan biri katoliklardir. U Evropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarida tarqalgan bo‘lib, muxlislari taxminan 800 mln. kishini tashkil etadi.

Katolisizm umumiy, dunyoviy degan ma’nolarni ifodalaydi. Uning manbai - uncha katta bo‘lmagan Rim Xristian jamoasi bo‘lib, rivoyatilarga ko‘ra uning birinchi Episkopi apostol Petr bo‘lgan. Katolisizmda Bibliyani sharxlash huquqi faqatgina ruhoniylarga beriladi, chunki ular uylanmaslik haqidagi diniy talabga amal qiladilar. Diniy ibodatlar dabdabali va sohtalashtirilgan ko‘rinishga ega, diniy o‘qish, duo, iltijolar lotin tilida olib boriladi. provslaviyadagi kabi katolisizmda ham farishta, ikona, ilohiy kuch, chirimaydigan marhum jasadlariga sig‘inish odatlari mavjuddir. Katolisizm xristianlikning yo‘nalishlaridan biri sifatida uning asosiy aqida va qoidalarini tan oladi, biroq diniy ta’limot, sig‘inish va tashkiliy masalalarda bir qator xususiyatlar bilan ajralib turadi. Katolik diniy ta’limotning asosini Muqaddas kitob va Muqaddas yozuvlar tashkil qiladi. Biroq Pravoslav cherkovidan farqli o‘laroq katolik cherkovi Muqaddas yozuvlar deb nafaqat avvalgi etti Butun Olam Xristian Soborlarining qarorlarini, balki hozirgacha bo‘lib o‘tgan barcha Soborlar qarorlarini, bundan tashqari Papaning maktublari va qarorlarini ham hisoblaydi.

Katolik cherkovi tashkiloti qat’iy markazlashuv bilan ajralib turadi. Rim papasi bu cherkovning boshlig‘i. U diniy axloq masalalariga oid qonun-qoidalarni belgilaydi. Uning hokimiyati dunyoviy soborlar xokimiyatidan yuqori turadi.

Katolik cherkovining markazlashuvi jumladan diniy ta’limotni noan’anaviy tahlil qilish (sharhlash) huquqida aks etgan dogmatik taraqqiyot tamoyilini keltirib chiqaradi. Masalan, Pravoslav cherkovi tomonidan tan olingan diniy ramzda ta’kidlanishicha, Muqaddas ruh ota xudodan kelib chiqadi. Katolik aqidasiga ko‘ra esa Muqaddas ruh ota xudodan va o‘g‘il xudodan kelib chiqadi. Cherkovning najot borasidagi roli haqida ham o‘ziga xos alohida ta’limot shakllangan. Najotning asosi imon va xayrli ishlar hisoblanadi. Cherkov, Katolik ta’limotiga ko‘ra, xayrli zaruriy ishlar xazinasiga Iso tomonidan yaratilgan «Xayrli ishlar zaxirasiga» ega.

Cherkov Iso, Bibi Maryam, Muqaddas Ruh nomidan bu xazinani tasarruf qilish, undan muhtojlarga ulashish, ya’ni gunohlarni avf etish, nadomat chekuvchilarga pul yoki tufha evaziga avf - kechirim tufha qilish huquqiga ega. Pul evaziga yoki cherkov oldidagi xizmatlari uchun gunohlarini kechirish - indulgensiya haqidagi ta’limot mana shundan kelib chiqqan.

A’rof haqidagi (do‘zax va jannat oralig‘idagi mavze) aqida faqat katolik ta’limotida mavjud. Gunohi katta bo‘lmagan gunohkorlarning ruhi u erda o‘tda kuyadi (ehtimol bu vijdon va nadomat azobining ramziy in’ikosidir), keyin jannatga yo‘l topadi. Ruhning a’rofda bo‘lish muddati xayrli ishlar tufayli qisqartirilishi (ibodat va cherkov foydasiga xayr-ehson qilish bilan) mumkin. Bu ibodat va xayr ehsonlar o‘lganlar xotirasiga yaqinlar tomonidan qilinadi.

A’rof haqidagi ta’limot I asrdayoq paydo bo‘lgan edi. Pravoslav va Protestant cherkovlari a’rof haqidagi ta’limotni rad etadi.

Bundan tashqari, pravoslav dini ta’limotidan farqli o‘laroq, katolik yo‘nalishida papaning begunohligi haqidagi aqida ham bor. Bu aqida 1870 yildagi birinchi Vatikan soborida qabul qilingan. G‘arb cherkovining Bogorodisaga nisbatan alohida e’tibori 1950 yilda papa Piy XII tomonidan kiritilgan, Bibi Maryamning meroji haqidagi aqidada o‘z aksini topdi. Katolik ta’limoti pravoslav ta’limoti kabi etti asrorni tan oladi, biroq bu asrorlarni talqin qilinishidan qarashlar mos kelmaydi. Masalan, pricheshenie (tamaddi) qilish qattiq non bilan, (pravoslavieda bo‘ktirilgan non bilan) dunyoviy (miryane)larga non va vino bilan shuningdek faqat non bilan amalga oshiriladi. Cho‘qintirish sirini o‘tash paytida suv sepiladi (cho‘qintiriluvchiga), muz ostidagi suvga cho‘ktirilmaydi.

Miropomazanie (cho‘qinuvchining peshonasiga eley surkash) etti-sakkiz yoshlarda amalga oshiriladi, go‘dakligida emas. Bunda o‘spirin (bola) yana bitta ismga ega bo‘ladi. Bunda u o‘sha avliyoning qilmishlari va g‘oyalarini maqsad qilib qo‘yadi. Shunday qilib, bu rusumning ijro etilishi imon mustahkamlanishiga xizmat qilishi zarur.

Pravoslavlarda nikohsizlik rusumini faqat qora ruhoniylik qabul qiladi. Katoliklarda esa nikohsizlik (selibat) Papa Grigoriy VII tomonidan joriy qilingan qoidaga ko‘ra barcha ruhoniylar uchun majburiydir.

Din markazi - ehromdir. Dinning muhim elementlari cherkovga qatnovchilar hayotining maishiy asoslarini tartibga soluvchi bayramlar, shuningdek postlardir.

Milodiy post katoliklarda advent deb ataladi. U Avliyo Andrey kunidan keyingi birinchi yakshanbada - 30 noyabrda boshlanadi. Ular uch ibodat bilan: yarim tundagi, ertalabki va kunduzgi ibodat bilan nishonlanib, Bibi Maryam homilador bo‘lishi, Isoning tug‘ilishi va dindorning qalbida bo‘lishi kabi ramziy ma’noni anglatadi. O‘sha kuni tazim qilish uchun ehromlarda go‘dak Isoning figurasi qo‘yilgan yaslilar o‘rnatiladi.

Katolik ierarxiyasida uch darajadagi ruhoniylar bor: diakon, ruhoniy (kyure, pater, kendz) Episkop. Episkopni papa tayinlaydi. Papani kardinal kollegiya saylaydi. Bunda umumiy ovozning uchdan ikki qismi plyus 1-ovoz (yashirin ovoz berish yo‘li bilan) II Vatikan soborida (1962-1965 yillar) cherkov hayotining barcha jabhalarini yangilash, zamonaviylashtirish jarayoni boshlandi. Birinchi navbatda ibodat an’analariga tegishli bo‘ldi. Masalan, ibodatni lotin tilida olib borishdan voz kechildi.

XULOSA

Katolik cherkovi xristianlikning yetakchi yo'nalishlaridan biri sifatidagi ahamiyatini saqlab qoldi. Uning tarkibidagi rasmiy va muxolif yo'nalishlar ijtimoiy hayotdagi turli manfaat va ehtiyojlarni to'liqroq ifodalashga yordam bermoqda. Xristianlikda, katolik cherkovi bilan bir vaqtda pravoslaviye yo'nalishi vujudga kelgan. Pravoslaviye G'arbiy Rim imperiyasidagidan keskin farq qiladigan ijtimoiy-siyosiy va madaniy muhitda rivojlangan. Vizantiyada markazlashgan davlat hokimiyatining kuchli boshqaruv tizimi G'arbiy Rim imperiyasi qulaganidan keyin yana uzoq vaqt davomida saqlanib qolgan. Davlatga imperator rahbarlik qilgan. Imperator cheklanmagan hokimiyatga ega bo'lib, unga Konstantinopol cherkovi ham bo'ysungan. Cherkov davlat apparatining tarkibiy qismiga aylantirilgan va u imperiya manfaatlariga xizmat qilgan.

Markaziy Osiyo va xususan, O’zbekiston hududiga xristianlik yo’nalishining oqimlari milodimizning IV asrida kirib kelgan. Xristianlikning kirib kelishini ikkinchi bosqichi XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlariga to’g’ri keladi.

Mamlakatimizda diniy bag’rikenglik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda xristian konfessiyalarining ham muayyan o’rni bor. Birinchidan, ular, ayniqsa, pravoslavlar o’z faoliyatlari davomida aholida diniy bag’rikenglik madaniyatini kamol toptirish yo’lida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelmoqdalar. Ikkinchidan, mamlakatda dinlararo totuvlikni qo’llab-quvvatlash hamda turli nizo va murakkabliklarni keltirib chiqaruvchi missionerlik kabi xatti-harakatlarga qarshi amalga oshirilayotgan tadbirlarda faol qatnashmoqdalar. Uchinchidan, ularning xalqaro anjumanlarda mamlakatimizda e’tiqod erkinligini ta’minlash, millatlararo va dinlararo totuvlikni barqarorlashtirishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi ma’ruzalari dunyo jamoatchiligining mazkur islohotlar bilan yaqindan tanishuvida muhim ahamiyat kasb etmoqda.






Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2019
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə