Pirimqul Qodirov Yulduzli tunlar 480. indd


HIROT, MARV PAYMONASI TO‘LGANLAR



Yüklə 1,78 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə25/39
tarix17.05.2023
ölçüsü1,78 Mb.
#110873
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   39
yulduzli tunlar 0

HIROT, MARV PAYMONASI TO‘LGANLAR
Hirot atroflarida qish osoyishta o‘tdi-yu, avji bahor kunlarida 
Shayboniyxon ellik ming qo‘shin bilan Murg‘ob daryosidan o‘tib, 
Xurosonga bostirib kirdi. Badiuzzamon mirzo bilan Muzaffar mirzo 
Hirotning shimolida Qorarabot va Tarnob degan joylarda ikki bo‘lak 
qo‘shin, ikki alohida sarkarda bilan lanj bir ahvolda o‘tirgan edilar. 
Shayboniyxonning Ubaydulla Sulton va Temur Sulton boshliq otliq 
askarlari bu ikki qo‘shinning orasiga tig‘day yorib kirdi-yu, kuchli 
bir zarba bilan ikki podshohni ikki tomonga uloqtirib tashladi. Mir-
zolar ko‘pchilik bek va navkarlari bilan tumtaraqay bo‘lib qochdilar. 
Faqat Zunnunbek arg‘un o‘zining Hizabrulla bo‘lishiga va Shayboni
-
yxonning qilichini sindirishiga hali ham ishongani uchun bir necha 
yuz navkarini xon qo‘shini qarshisiga boshlab chiqib, oxirgi nafasi 
qolguncha olishdi. Ubaydulla Sultonning otliqlari hayal o‘tmay uni 
egardan urib tushirdilar, boshini kesib nayzaga sanchdilaru Shay-
boniyxon mingan otning oyog‘i tagiga eltib tashladilar.
Jang maydonidan halloslab qochgan Badiuzzamon mirzo Hirotga 
hammadan oldin yetib keldi, ammo shahar ichiga kirmadi. Bog‘i Jaho-
noroda bir necha soat to‘xtab, otlariga dam berdi-yu, oltin-kumush 
va javohirlaridan ko‘targanicha oldi. Uning xotin-bolalari shahar ichi-
da – arkda edi. Orqadan quvib kelayotgan yov tahlikasidan qo‘rqqan 
Badiuzzamon mirzo shahar dorug‘asini chaqirib, qal’a darvozalarini 
bekitib olishni buyurdi. «Qamalda qolishdan qo‘rqmanglar, biz Qan-
dahor tomondan qo‘shin to‘plab kelib, sizlarni xalos qilurmiz», degan 
quruq va’da bilan xotinlari va bolalarini qo‘rg‘on ichida qoldirib o‘zi 
janubga qarab shoshildi.
Hirotga kechasi yetib kelgan Muzaffar mirzo hatto yengilish va 
qochishda ham akasi bilan musobaqalashgan kabi ish qildi. U ham 
shahar tashqarisidagi Bog‘i Safidda bir necha soat to‘xtab, nafasini 
rostlagach, eng kerakli narsalarini oldi-yu, yov yetib kelib qolishidan 
qo‘rqib, arkka kirmadi, onasi va xotinlarini qal’a ichida qoldirib, dar-
vozalarni bekitishni buyurdi, u ham Qamalda qolsalaring o‘zim kelib 
qutqaramen!» deganicha Astrobodga qarab qochdi.
Mirzolarni kutganidan ham oson yenggan Shayboniyxon sha-
hardan o‘n besh chaqirimcha sharqdagi Qahdiston degan xushhavo 
o‘tloqqa tushib, shohona chodirlarini tikdirdi. Xadicha begim Hirotda 
bor a’yonlar va qo‘riqchi askar sarkardalarni to‘plab, qo‘rg‘on dar-


296
vozalarini bekitishga urinib ko‘rdi. Ammo ikki og‘a-ini podshodan 
birontasi Hirot mudofaasiga bosh bo‘lmasdan qochib ketganligi 
hammaning ruhiga yomon ta’sir qilgan, qamal azobini hech kim zim-
masiga olishni istamas edi. Xonning g‘azabiga qolmaslik uchun Hirot-
ni unga jangsiz topshirishni ma’qul ko‘ruvchilar ko‘p edi. Axiri Hirot 
shayxulislomi Taftazani bir necha nufuzli kishilarni yoniga olib, Hirot 
shahrining kalitlarini qimmatbaho sovg‘a-salomlar bilan birga xon-
ga eltib topshirdi. Qahdistonning orombaxsh bahor havosida ulkan 
g‘alabadan ta’bi ochilib yurgan Shayboniyxon endi jozibali bir ayol 
bilan qovushgisi kelar edi. U Hirotning eng ta’rifi ketgan go‘zal juvoni 
– Muzaffar mirzoning yigirma yoshlik suyukli xotini Qorako‘z begim 
deb eshitgan edi. Toshkentda va Andijonda Qorako‘z begim deb ot 
chiqargan qiz-juvonlar qanchalik chiroylik bo‘lganini xon yaxshi bi-
lar edi. Hirotlik Qorako‘z begimning asl nomi boshqa bo‘lsa ham qora 
ko‘zli go‘zallar orasida eng chiroylisi bo‘lgani uchun el orasida shu 
ism bilan tanilgan edi.
Shayboniyxon doimiy odatini qilib, bu juvonga g‘oyibona oshiq
bo‘lgani haqida qisqa
bir g‘azal yozdi-yu, shoir Muhammad Solihni oraga qo‘yib, she’rini 
begimga yetkazdirdi.
Muzaffar mirzo nomardlik qilib xotinlarini tashlab ketganidan 
qahri kelgan Qorako‘z begim xonning g‘azalini xush qabul qildi. Xadi-
cha begim boshliq boshqa kelinlar Hirotning eng mustahkam istehko-
mi bo‘lgan Ixtiyoriddin qal’asiga kirib bekinganlarida Qorako‘z begim 
ulardan ajralib qoldi va otasining shahar tashqarisidagi chorbog‘iga 
ketdi. Keyin begimni hammomda yuvintirishib, kelinlarday yasanti-
rishdi-yu, xon yuborgan shohona mahofaga solishib Qahdistonga olib 
ketishdi.
Kechki payt Hirotning shayxulislomi va qozisi xon qarorgohiga 
chaqirildi.
Bugun odatdagidan yoshroq ko‘rinayotgan Shayboniyxon shariat 
peshvolarini mahfuri gilam to‘shalgan borgohda qabul qildi. Xonning 
yonida turgan mullo Abdurahim Qorako‘z begimni bugun imomi za-
monga nikohlash haqida gap ochdi.
– Bugunmi? – deb shayxulislom qoziga sarosima bo‘lib ko‘z tash-
ladi. Qozi bu qarashning ma’nosini tushundi.
Qorako‘z begim Muzaffar mirzoning nikohida edi. Erining tash-
lab ketganiga besh kun ham bo‘lgani yo‘q. Holbuki, bir musulmon-


297
ning nikohidagi xotinning iddasi bo‘ladi, uch oy o‘tmaguncha boshqa 
kishiga nikohlash mumkin emas. Shariat buni qat’iyan man qilgan! 
Shayxulislom xonning oyog‘i tagidagi gilamni o‘pib, shu to‘g‘rida gap 
boshlagan edi, xon uning so‘zini kesdi:
– Shariatni bizga o‘rgatmang! Begimni hezalak eri bundan to‘rt oy 
oldin uch taloq qo‘ygan. Siz uch oy deysiz! Begim to‘rt oy boshi ochiq 
yurgan! Nahotki, siz, shariat peshvolari bundan bexabarsiz?!
Xonning qahridan qo‘rqib ketgan shayxulislom oppoq soqolini 
mahfuri gilamga surkab yana yer o‘pdi.

Xabardormiz, hazratim!

Xabardormiz! – dedi qozi ham gilamni o‘pib. Ular Muzaffar 
mirzoning bundan to‘rt oy burun achchiq ustida xotinini uch taloq 
qo‘yganini bilar edilar. Biroq keyin mirzo xotini bilan yana yarash-
ganda shayxulislom bilan qozi begimni eriga qaytadan nikohlab ber-
gan edilar. Lekin begimning avvalgi yosh eri tilga olinganidan rashki 
kelib, sabr kosasi to‘lib turgan xonga buni aytish– o‘limni bo‘yniga 
olish bilan barobar edi.
Shariat peshvolari endi bu to‘g‘rida «churq» etmasdan nikoh 
o‘qishga hozirlandilar...
* * *
Sallasiga la’l va gavhar bilan birga ukpar ham qadalgan Shayboni-
yxon kechasi begimning xobgohiga shahdam qadamlar bilan kirib 
ketdi. Xobgohning tashqi bo‘lmasida xonning haramiga qaraydigan 
keksa beka, ikkita bichilgan habash qul va begimga ergashib kelgan 
ikkita kaniz navbatchilik qilib qolishdi.
Bir vaqt xobgoh eshigi shaxt bilan ochildi-yu, yelvagay to‘n ki-
ygan, boshidagi oq shabpo‘shi* bir yonga og‘ib ketgan Shayboniyxon 
chiqib keldi. Uning rang-quti o‘chgan, lablari pirpiraydi.
– Behayo ekan! Buzilib ketgan ekan! Bezbet!
Haram bekasi begimning kanizlari bilan birga shosha-pisha 
ichkariga kirdilar. To‘shak chetida yuzini qo‘llari bilan bekitib olgan 
go‘zal juvon yelkalari silkinib, piq-piq
 
yig‘lar edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qorako‘z begim Hirotning so‘nggi podsholari 
yaxshi ko‘radigan va oliy tabaqa ayollari «g‘alvira» deb ot qo‘ygan 
sho‘x bir qiliq qiladi. Bu bilan u ellik olti yoshlik xonni qoyil qilmo-
qchi, balki uning ilhomini oshirmoqchi bo‘ladi. Biroq ko‘p marta uy-
langan, qancha qiz-juvonlar bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan xon um-


298
rida bunday qiliqlarni ko‘rmagan ekan. U avval sarosimaga tushadi, 
keyin Qorako‘z begimning avvalgi yosh erini eslaydi. Begim bunday 
qiliqlarni avvalgi eriga ham qilganlarini ko‘z oldiga keltiradi-yu, haf-
salasi birdan pir bo‘ladi va so‘kinib o‘rnidan turib ketadi. Begim bu 
sho‘xlikni xonga yoqish uchungina qilganini, Hirot asilzodalari orasi-
da bu joiz ekanini kanizlar haram bekasiga tushuntirdilar. Begimga 
rahmi kelgan haram bekasi xonning oldiga chiqib, uni jahlidan tush-
irishga tirishdi:

Hazratim, ayb faqat bu begimda emas! Ayb unga shu qiliqni 
o‘rgatganlarda! Hirotda behayolar ko‘p ekan.

Bu shahar – dindan qaytgan rofiziylar uyasi! – dedi xon ham 
endi g‘azabini boshqa tomonga yo‘naltirib. – Bu juvonning qaynonasi 
Xadicha begim – bezbetlarning eng kattasi! Eng avval o‘shani tutib 
jazosini berish kerak.
Shayboniyxon xobgohga qaytib kirmadi. Qorako‘z begimni tavfiq 
va hayo yo‘liga qaytarishni haram bekasi bilan habash qullarga top-
shirdi-yu, o‘zi borgohga joy soldirib yotdi. Ammo tong otguncha ux-
lay olmadi.
Ertalab azonda borgohdan hirgohga o‘tdi-yu, lashkarboshilardan 
Ubaydulla Sultonni, mulozimlardan Muhammad Solihni, mavlono 
Binoiyni va Mansur baxshini chaqirtirdi. Eng avval jiyani Ubaydulla 
Sultonni so‘roqqa tutdi:

Ixtiyoriddin qal’asi olindimi, yo‘qmi?

Xon hazratlari, bugun-erta oling‘usidir!

Bitta buzuq xotin bekitib yotgan qal’ani shuncha lashkar bilan 
haligacha ololmaysan! Yo o‘zim borib olaymi?
Xonga kechasi bir balo bo‘lganini hamma sezdi. Yigirma yoshli 
devqomat Ubaydulla Sulton ulkan gavdasini egib, xonga ikki bukilib 
ta’zim qildi:

Hazratim, qal’ani shu bugun olamiz. Hozir men o‘zim borib 
hamla qilamen!

Hamla qilamen deb, lashkaring dehqonlarning ekinini toptab 
ketibdi. Biz Hirotga mehmon bo‘lib kelganimiz yo‘q. Dehqonning 
hosili o‘zimizga kerak! Bog‘larni ham ot bosmasin! Mevasini o‘zing 
yeysan! Sen temuriyzodalarning urug‘ini qurit! O‘shalarga xizmat 
qilib quturgan shialarni bos!

Barcha aytganlaringizni bajo keltiramiz, hazratim! Ubaydulla 
Sulton ketishga chog‘landi. Shunda Shayboniyxon:


299

Agar qal’ani bugun oladigan bo‘lsang, Mansur baxshini ham olib 
ket! – dedi. – Bu baxshi yana bo‘ydoq yuribdi. Bunga xotin chidamay-
di. Xadicha begim shunga o‘xshagan zo‘r bir er topolmay yurgan em-
ish. Qal’a-ni olsang, o‘sha xotinni Mansur baxshiga nikohlab berasan!
Semirib, avvalgidan battar yo‘g‘onlashib ketgan o‘tovday katta 
Mansur baxshi:

Aynalayin sizdan, xon hazratlari! – dedi. – Samarqandda ni-
kohlab bergan Zuhra begimingiz o‘lgandan beri so‘qqaboshlik jon
-
imga tegib yurgan edi!

Lekin sen baxshi hadeb nafsingni o‘ylay berma!– dedi xon. – 
Hirotning eng katta boyliklari Xadicha begimning qo‘lida. Menga 
axboroti kelgan, bu xotin oltindan gul yasatgan emish, barglari zum-
raddan emish. Gulga qo‘nib turgan bulbulning og‘zida gavhari bor 
emish.

Xon hazratlari, bunisini men sizga toptirib beraman! – dedi 
Mansur baxshi. – Xazinasi ham sizniki! Menga o‘zi bo‘lsa bas!
Bu sho‘x gaplardan keyin Shayboniyxonning chehrasi sal ochil-
di-yu, Ubaydulla Sulton bilan Mansur baxshiga ketish uchun ruxsat 
berdi. Muhammad Solih bilan mavlono Binoiy xon qarshisida hamon 
qo‘l qovushtirib, oyoq ustida sukut saqlab turishardi. Qizil kimxob 
ko‘rpacha ustida chordana qurib o‘tirgan xon Muhammad Solihga 
qarab:
– Sen, shoir, nuqul Hirotni maqtar eding, – dedi.– Hiroting hay-
osini yo‘qotgan betavfiqlarning uyasi ekan-ku!
Muhammad Solih xonning boshiga kechasi qanday hangoma 
tushganini allaqachon payqagan edi. Shayboniyxon hozir keksalik 
zaifligiga chora topolmay alami kelayotgani ham sezilib turardi. Mu
-
hammad Solih uning yarasiga tuz sepmaslik uchun gapni boshqa yo-
qqa burdi:

Hazratim! Hirotning axloqini temuriylar buzgan. Siz temuriy-
larni jangda jismonan yengdingiz, endi ularni ma’nan yengmoqdasiz! 
Imomi zamonamizning axloqiy pokliklari hirotliklarga ibrat bo‘lmog‘i 
kerak.

Gapga chechansen! Lekin Hirotning axloqini shoirlar ham buz-
ganini nega aytmaysen! Temuriylarni maqtab, behayo she’rlar yozib, 
lagan-lagan oltin olgan shoirlaring bo‘lmag‘anmi?

Bo‘lgan, xon hazratlari. Mana mavlono Binoiyni Hirotdan ana 
o‘shanaqa shoirlar ketkizib yuborgan!


300
Shayboniyxon mavlono Binoiyga yuzlandi:

Shundaymi?

Shundoq, hazratim! – dedi Binoiy ta’zim bilan.

Unday bo‘lsa mavlono Binoiy adolat qilichini beliga taqib, yo-
mon shoirlardan qasdini olsin! – dedi xon. – Bizning g‘olib navkar-
larimizdan ellik-oltmishtasini mavlononing ixtiyoriga bering. Te-
muriylarning oltinidan quturib yurgan shoirlarning molu mulki 
musodara qilinsin! Barcha oltinlarini tortib olib xazinaga topshir-
ing! Keyin bu shoirlarning ko‘zi ochilib, tavfiqu hayo yo‘liga qaytishi 
oson bo‘ladi!
Mavlono Binoiy bezovtalanib Muhammad Solihga qaradi. U bir 
vaqtlar o‘ziga alam o‘tkazgan ba’zi Hirot shoirlarini har qancha yo-
mon ko‘rsa ham, lekin yoniga askar olib, birovlarning uyini tintishni, 
molu mulkini musodara qilishni o‘ziga munosib ko‘rmas edi. Biroq 
buni xonga ro‘yi-rost aytish ham mumkin emas edi.

Hazratim, shunday ulug‘ vazifani faqirga ishonib topshirmoq 
niyatingizdan sarfarozmen!.. Faqat bir andesham bor.

Xo‘sh?

Hazratim, men umrimda qilich chopmagan keksa odammen. 
Yoshim ellikdan oshgan. Bu farmoni oliyni jangovar bek shoir Mu-
hammad Solih janoblari faqirdan yuz hissa yaxshi bajarurlar! Faqir 
bu janobga kuchim yetganicha yordam beray!
Muhammad Solih bu ishni o‘ziga yo‘latgisi kelmadi.
– Mavlono, men Hirot shoirlarini sizchalik yaxshi bilmaymen!
Buyrug‘i sansalor bo‘layotganini sezgan Shayboniyxon, ko‘zlari 
tahdidli yaltirab, Binoiyga tikildi.
– Ot in’om qildik – mindingiz. To‘n in’om qildik– kiydingiz. Ulufa 
berdik – yo‘q demadingiz. Endi ish buyursak, yo‘q deysizmi?!
Boshqa e’tirozga o‘rin qolmadi. Olti yildan beri xon xizmatida 
yurgan Binoiy uning hozirgi buyrug‘ini bajarishga majbur edi...
Shayboniyxonning o‘ng qo‘l vaziri – oltmish besh yoshlik mulla 
Abdurahim Hirot allomalaridan oltin undirishning boshqa bir yo‘lini 
o‘ylab topdi. Hirot atroflaridan g‘oliblarning qo‘liga tushgan o‘ljalar 
orasida suruv-suruv qo‘ylar ham bor edi. Mulla Abdurahim shu 
qo‘ylardan oltmishtasini Hirotning Qipchoq darvozasi tashqaris-
idagi bozorga haydab tushishni xizmatkorlariga buyurdi. So‘ng sha-
harga bir to‘p navkar yuborib, temu-riylar davrida mashhur bo‘lgan 
Xondamirni, Boburga yaqinligi bilan tanilgan mavlono Fazliddinni, 


301
Husayn Boyqaroga atab she’rlar yozgan «ko‘ksa» laqablik shoir Sul-
ton Muhammadni, yana shularga o‘xshash besh-olti kishini qo‘y bo-
zoriga majburan olib keltirdi. Keyin mulla Abdurahimning o‘zi ham 
bir to‘p mulozimlari bilan bozorga o‘ynoqi bir arg‘umoqni minib kirib 
keldi. Mulozimlardan biri piyoda qo‘l qovushtirib turgan Xondamirga 
va uning hamrohlariga shunday dedi:
– Sudurlar sadri Nizomiddin Abdurahim hazratlari o‘zlarining bu 
qo‘ylarini faqat sizlarga sotmoqchilar!
Xondamir sheriklariga: «Shu bilan qutulsak koshki!» deganday 
qilib qaradi-yu, keyin sudurlar sadriga ta’zim qildi:

Bajonidil olurmiz. Narxini aytsinlar. Mulozim ovoziga tantanali 
tus berib dedi:

Bu qo‘ylar – sudurlar sadrining nafasi tekkan tabarruk 
qo‘ylardir. Sizlar temuriylar xizmatida haromxo‘rlikka o‘rganib, 
buzilib ketgan odamsizlar. Bu qo‘ylarni so‘yib yeb halqumlaringni 
poklashlaring kerak. Shuning uchun qo‘ylardan har birining narxi olti 
yuz dinor!
Olti yuz dinorga bitta emas, yetti-sakkizta qo‘y olish mumkin 
edi. Biroq qo‘ylarni sudurlar sadri aytgan narxda olmaslik – uning 
g‘azabiga uchrash va shafqatsiz jazoga giriftor bo‘lish demak edi. 
Puldan qiynalibroq yurgan mavlono Fazliddin bezovtalanib so‘radi:

Janoblar, yaqinda moli omon ham to‘lagan edik-ku? Shoir Mu-
hammad Sulton istehzoli kulimsiradi:

Mavlono, bu noyob qo‘ylarga hazratimizning muborak nazar-
lari tushgan ekan. Shuning uchun endi bu moli omon emas, balki moli 
imondir!
Mulla Abdurahim istehzoni payqab qahri keldi va navkarlariga 
buyurdi:
– Bularning har biriga qo‘ylardan o‘nta-o‘nta qo‘shaloqlab ber-
inglar! Bularni temuriylarning oltini quturtirgan! Hammasining 
dimog‘i juda baland! Bularni osmondan yerga tushirib qo‘yish kerak. 
Qo‘ylarni uylarigacha o‘zlari haydab ketsin! Hech kim haydashma-
sin! Uylarigacha kuzatib borib, pulini undirib kelinglar. Qaysi biri 
buyruqni bajarmasa, molu mulkini musodara qilib, o‘zini zindonga 
tashlanglar!
Navkarlar buyruqni bajarishga kirishdilar.
Hirotda ko‘pchilik taniydigan shoir, olim va me’mor issiq kunda 
halpillab, sertuproq, serchang ko‘chalardan qo‘y haydab ketdilar. 


302
Keyin bu «tabarruk» qo‘ylarning pulini qarz havola qilib bo‘lsa ham, 
to‘lab qutuldilar.
Ubaydulla Sultonning bir yarim ming navkari o‘n kundan beri 
Ixtiyoriddin qal’asining atrofida g‘ivirlar, ammo o‘q ham, shoti ham 
yetmaydigan balandlikdagi qal’ani olishning hech ilojini topolmas 
edi. Temir darvozalarga to‘pdan o‘q otib ko‘rishdi, bo‘lmadi. Keyin 
yer tagidan g‘or qazishga tushishdi.
Shuni hisobga olmaganda, Hirot hozir bir qadar tinchib bormo-
qda edi. Musodara qilinadigan xazinalar bo‘shab qolgan, talanadi-
gan molu mulklar talanib bo‘lgan edi. Shayboniyxon Qahdistondan 
Bog‘i Jahonoroga ko‘chib kelib, Hirotning mashhur san’atkorlarini 
o‘z huzuriga chaqirtirdi. San’at ishlarini boshqarayotgan Muhammad 
Solih vositachi bo‘lib, Behzodni xon bilan bir-ikki marta uchrashtirdi. 
Xonning maslahatgo‘yi mulla Abdurahim rasm chizishni shialar va 
rofiziylarning ishi deb yomon ko‘rsa ham Shayboniyxon Behzodning 
rasmlari Husayn Boyqaroni qanchalik mashhur qilganini bilar, endi 
bu musavvirning iste’dodidan o‘z shuhrati uchun foydalanishni istar 
edi. Behzodga Shayboniyxonning rasmini chizish topshirildi.
Musavvirning iltimosi bilan xonni qip-qizil kimxob ko‘rpa ustiga 
o‘tqazdilar, uning orqasiga qora baxmal bolish qo‘ydilar, beliga in-
gichka oltin kamar bog‘latdilar, oldiga oltin muqovali kichik daftar, 
qalam va siyohdon qo‘ydilar. O‘ttiz yildan beri rassomlik qilib yurib, 
ko‘pgina podshohlarni ko‘rgan va ular bilan muomala qilishni yaxshi 
biladigan Behzod Shayboniyxonga ham faqat maqtov yoqishini al-
laqachon payqagan edi:

Hazratimni arg‘umoq ot ustida qilich yalang‘ochlagan payt-
larida tasvirlashim mumkin. Biroq hozir sizning eng zo‘r lashkar-
boshi ekanligingiz hammaga ayon. Ammo olam ahli sizning ko‘p yil 
madrasalarda o‘qigan fozil imomi zamon ekanligingizni ham suratda 
ko‘rmog‘i kerak. Shu sababli faqir sizni muqaddas kitobu oltin qalam 
bilan tasvir etmoqchimen!

Ma’qul, – deb xon bunga rozilik berdi.
Surat tayyor bo‘lgandan keyin Shayboniyxon, Muhammad Solih 
va boshqa bir necha mulozimlar Behzod ishlagan xonaga to‘plandilar. 
Mulla Abdurahim rasmga, so‘ng xonga qaradi-yu, hayron bo‘lib:
– Hazratimning xuddi o‘zlari-ya! – dedi.
Suratda Shayboniyxonning ko‘pni ko‘rgan tajribali odam ekanligi 
ko‘zga aniq tashlanib turardi. Bo‘yoqlar Behzodga xos ulug‘ bir ma-


303
horat bilan xillangan edi. Oddiy odam rasmdan hech bir kamchilik 
topolmas, Behzod xonni izzat-ikrom bilan tasvirlabdi, deb o‘ylar edi. 
Lekin Muhammad Solih xonning tagidagi ko‘rpaning rangi qip-qizil 
qon rangida ekanini sezdi. Xon ko‘rpa ustida emas, go‘yo qon daryosi 
ustida o‘tirganga o‘xshardi. Xonning beliga bog‘langan ingichka oltin 
kamarning uchi chalmashgan oyoqlar tagidan xuddi qoramtir boshli 
sariq ilonga o‘xshab buralib turar edi. Xon suyangan qora bolish ham 
qora kuchlarning timsoliga o‘xshardi.
Shayboniyxonning barcha ishlaridan xabardor Behzod bu yashirin 
ramziy bo‘yoqlar bilan nimalar demoqchi bo‘lganini Muhammad Solih 
payqadi-yu, qo‘rqib ketdi. Agar u sezgan ma’noni xon sezib qolsa, Be-
hzod ham omon qolmaydi, orada vositachi bo‘lgan Muhammad Solih 
ham! Shuning uchun u suratga xomush tikilib turgan Shayboniyxon-
ning fikrini xatarli ramziy ma’nodan uzoqroq olib ketishga intildi:

Muhammad alayhissalom yashil rangni yaxshi ko‘rar ekanlar. 
Imomi zamon xon hazratlari ham yashil rangni suyishlarini musav-
vir durust payqabdir. Qarang, hazratimning ko‘ylaklari yashil rangda. 
Suyangan devorlari ham yashil.

Bunisi ma’qul, – deb xon endi og‘zini ochdi. – Lekin... biz mav-
lono Behzodning boshqa suratlarini ham ko‘rgan edik...
Shayboniyxon Behzod tasviridagi shertaxlit Husayn Boyqaroni 
esladi. Husayn Boyqaroning safarga chiqqan paytini tasvir etgan 
boshqa bir rasmda go‘yo bulutlar ham, osmon ham, hatto tog‘u tosh-
lar ham podshoning ketidan ergashib, u ketayotgan tomonga intilib 
borayotganday ko‘rsatilgan edi. Temuriylarni bunchalik ulug‘lagan 
Behzod Shayboniyxonni jo‘n bir odam qilib tasvirlaganga o‘xshardi. 
Xon suratni ko‘rganda ko‘nglida qo‘zg‘algan murakkab tuyg‘ularni 
aytishga munosib so‘z topolmadi-yu, Behzodga qarab:
– Mo‘yqalamni menga bering! – dedi.
Xonning avzoyi yomonligini hamma sezdi. Behzod maxsus 
qalamdonda turli bo‘yoqlar bilan birga turgan mo‘yqalamlarni xon-
ga ta’zim bilan tutdi. Shayboniyxon qoramtir qo‘ng‘ir bo‘yoqqa bot-
irib qo‘yilgan mo‘yqalamni oldi. U Buxoroda madrasada o‘qib yur-
gan paytlarida surat chizishni ham ancha mashq qilgan, mo‘yqalam
tutishni sal-pal bilar edi. Behzod chizgan suratda Shayboniyxon-
ning soqol-mo‘ylovi haddan tash-qari qisqa va siyrak ko‘rsatilgan, 
xonning nazarida, tasvir shuning uchun jo‘nlashib ketganga 
o‘xshardi.


304

Soqolni durustroq chizmoq kerak! – deb Shayboniyxon o‘zining 
suratida – quloq yaqinida juda siyrak ko‘rsatilgan soqolni bir oz 
qalinlashtirmoqchi bo‘ldi. Ammo mo‘yqalamda bo‘yoq ko‘proq ekan, 
quloq oldidagi soqol birdan kigizday qalinlashib ketdi. Behzod sog‘ 
tishi sug‘urib olinayotgan odamday:

Ih! - dedi.
Ammo Muhammad Solih Behzodning bilagini ma’nodor qilib qis-
di-yu:
– O! O! Hazratim mo‘yqalam tekkizishlari bilan suratga yana fayz 
kirdi! – dedi.
U Behzodni falokatdan faqat xonni maqtab qutqarish mumkin 
ekanligini sezib shunday demoqda edi, buni Behzodga ham sezdir-
gisi kelib:
– Mavlono, tarixiy bir hodisa yuz berdi! – dedi.– Siz chizgan surat-
ga imomi zamon, Iskandari soniy o‘z muborak qo‘llarini tekkizdilar! 
Buni odamlar asrlar davomida bir- birlariga aytib yurgaylar!
Behzod xonning qilgan ishini – san’atkorga ahmoqona xo‘jayinlik 
qilishning namunasi deb bilmoqda edi. «Shu ma’noda chindan ham 
buni tarix unutmas, odamlar bir-birlariga kulib aytib yururlar», de-
gan fikr Behzodning xayoliga endi keldi. Muhammad Solih rasm-dagi 
ramziy ma’noni allaqachon payqaganini, endi xondan baloga qolma-
slik uchun ataylab shu gaplarni aytayotganini Behzod tushundi-yu, 
ichki bir istehzo bilan xonga ta’zim qildi:

Qulingiz chizgan suratga xalifai zamonamizning nazarlari tush-
ganidan boshim ko‘kka yetdi!

Barakalla! – deb xon uni endi maqtadi.
Xonning qo‘li bilan chaplangan soqol quloq yaqiniga yopishtir-
ib qo‘yilgan po‘stak parchasiga o‘xshar edi. Behzod ichida: «Battar 
bo‘lsin!» dedi-yu, xon bu soqolni qanday xunuk chaplagan bo‘lsa, 
shundayligicha qoldirdi.
Xadicha begim kirib bekingan Ixtiyoriddin qal’asi Ubaydulla Sul-
tonni o‘n yetti kun ovora qildi. Nihoyat, qal’a devorining otbozoriga 
tutashgan nochorroq bir joyini tagidan kavlab, naqb solib* buzib 
kirdilar. Qal’ani mudofaa qilib turgan ellik-oltmish yigit bitta qolmay 
qirib tashlandi. Qo‘lga tushgan qiz-juvonlar g‘olib qo‘shinning bek va 
navkarlariga ulashildi.
Xadicha begimning o‘zi haramning ichma-ich eshiklarini 
orqasidan tambalatib, eng to‘rdagi bir xonaga kirdi-yu, yonida qol-


305
gan kanizlarga buyurdi: – Tantanali marosimlarda kiyadigan kiy-
imlarimni keltiring! Ubaydulla Sultonning navkarlari haramning 
ichida tambalangan eshiklarini buzib kirgunlaricha Xadicha begim 
katta gavhar qadalgan binafsharang toqisini boshiga kiyib, yasanib, 
oxirgi eshikdan o‘zi chiqib keldi. Oltin aralash ipakdan to‘qilgan 
qabosi ko‘zni qamashtirar edi. Qaddini tik tutib kelayotgan barv-
asta ayol malikalarga xos ulug‘vorlik bilan shoshilmay eshikdan 
chiqar ekan, qilich yalang‘ochlagan, hansiragan navkarlarni uning 
salobati bosdi. Xadicha begim boshini mag‘rur tutib yaqin kelganda 
navkarlar beixtiyor o‘zlarini chetga olib, unga yo‘l berdilar. Begim 
ularning sarkardasini so‘radi. Navkarlar uni hovlida otliq turgan 
Ubaydulla Sultonning oldiga boshlab chiqdilar. Hamon kanizlar 
qurshovida kelayotgan begim yengil bir ta’zim bilan shoshilmay gap
boshladi:
– Sulton janoblari, taqdir ekan, biz taslim bo‘ldik. Endi men Shay-
boniyxon hazratlarining huzuriga yo‘llashingizni iltimos qilamen!
Ubaydulla Sulton beklarining orasida turgan Mansur baxshi bilan 
ma’noli ko‘z urishtirib oldi-yu, masxaraomuz kulimsiradi:

Xon hazratlari begimga aytadigan gaplarini bizga tayinlab 
yubordilar.

Unday bo‘lsa qulog‘imiz sizda, sulton janoblari!
Ubaydulla Sultonning beklari orasida oq sallalik bir eshon ham 
bor edi. Ubaydulla Sultonning ishorasi bilan Mansur baxshi va eshon 
otdan tushdilar. Mansur baxshi zar yoqalik to‘n, qizil etik kiyib, kuyo-
vlarday yasanib kelgan edi. Yigitlardan yetti-sakkiztasi uning atrofini 
kuyovnavkarlar kabi o‘rab oldilar. Shundan keyin Ubaydulla Sulton 
Xadicha begimga yuzlandi:

Imomi zamonning farmoni bilan siz bugun Mansurbekning ni-
kohiga o‘tursiz!

Begimning o‘zlari ham bilganday yasanib chiqibdilar! – deb 
kuldi mulozimlardan biri. Xadicha begim qop-qora yo‘g‘on Mansur 
baxshining cho‘tir yuziga qaradi-yu, dahshatga keldi:

Men... men xon hazratlari bilan o‘zim so‘zlashamen!

Xonning siz bilan so‘zlashishga vaqtlari yo‘q!

Axir men ham podshoh oilasidanmen! Bu qanday xo‘rlik?!

Siz rofiziylar oilasidansiz! Rofiziylarni jazolash – savob!

Sulton janoblari, sizning ham mendek keksa onangiz bordirlar. 
Hech bo‘lmasa onaligimni hurmat qiling!..


306

Mening onam siz qilgan razilliklarni qilgan emas! Qaysi ona 
o‘z nevarasini o‘zi o‘ldirtiribdi?! Siz nevarangiz Mo‘min mirzoning 
o‘limiga sabab bo‘lgan xunxo‘rlardansiz! Xadicha begimning boyagi 
ulug‘vor va mag‘rur qiyofasi endi birdan ayanchli tusga kirdi, qaddi 
bukchayib, qo‘llari osilib qoldi.
Ubaydulla Sulton navkarlariga buyurdi:
– Ichkariga olib kiringlar. Endi buning ko‘zini Mansur baxshi 
ochsin!
Xadicha begimning bo‘shashib, go‘yo to‘kilib ketayotgan gavdasi-
ni ikki kaniz ikki tomonidan suyab ichkariga olib kirib ketdilar.
Nikoh o‘qilgach, Mansur baxshi kanizlarni haramdan chiqarib 
yubordi-yu, Xadicha begim bilan yakkama-yakka qoldi.
Tun sukunatida qandaydir mislsiz qiynoqlardan chinqir-
gan begimning faryodi haram atrofidagi uylarga ham eshitilib 
turardi.
Yarim kechada Mansur baxshi oyoqda zo‘rg‘a turgan Xadicha be-
gimni oldiga solib, haramdan chiqdi. Ikkovi oydin qal’aning bir cheti-
ga qarab ketishdi.
– Oltin gul, – deb shivirladi Mansur baxshi. – Oltin bulbuli bor. 
Og‘zida gavhari bor. Ana shuni topib bermasang, hozirgidan beshbat-
tar qilamen. Top tezroq!
Hozir jonidan boshqa narsa ko‘ziga ko‘rinmayotgan Xadicha be-
gim Mansur baxshini qo‘rg‘on chetidagi yashirin xazinaga boshlab 
keldi. Yer ostidagi bu xazinaga salqin suv saqlanadigan sardobaning 
chetidagi maxfiy yo‘ldan kirilar edi. Mansur baxshi qo‘lida yoqmas
-
dan olib kelayotgan mash’alani yer tagiga tushganda yoqdi. Yer osti-
da besh-oltita temir sandiq qator turibdi. Xadicha begim madorsiz 
qo‘llar bilan ularga bir-bir kalit solib, ochib ko‘rdi. Ikkitasida kumush 
tangalar, bittasida oltin tangalar. Bittasida qilich va xanjarlarning ol-
tin dastalari. Yana bir sandiqda ayollarning qimmatbaho taqincho-
qlari. Mansur baxshi ko‘zlari yonib, bu boyliklarga bir-bir qo‘l urib 
ko‘rdi-yu:
– Oltin gul qani? – dedi. – Barglari zumrad gul qaerda?
Yer ostini ag‘dar-to‘ntar qilib qidirsalar ham bu gul topilmadi. 
Xadicha begim:

Voh! – dedi musibatli tovush bilan. – Eng ishongan odamlarim 
ham menga xiyonat qilmishlar. Gulni o‘g‘irlab ketmishlar! So‘nggi na-
jotimni ham o‘g‘irlatibmen! Oh!


307

Sen oh-voh deb, Husayn Boyqaroni aldab o‘rgangansen. Lekin 
meni alday olmaysen. Top gulni! Qani, qaerga yashirgansen?

Mana shu chetki sandiqda edi...

Yolg‘on! Sen uni boshqa joyga yashirgansen! Ko‘rsat o‘sha joyni!
Mansur baxshi Xadicha begimni zinapoyadan yuqoriga sardoba 
bo‘yiga olib
 
chiqdi.

Meni alday olmaysen! Ko‘rsat!

Men sizni aldaganim yo‘q? O‘zim aldandim! Mening paymonam 
to‘lgani rost ekan. Meni o‘g‘lim aldab ketdi! Muzaffar mirzoni deb 
men nimalar qilmagan edim! Oqibati shu bo‘ldi! Meni bu qiynoqlarga 
o‘g‘lim tashlab ketdi! O‘g‘lim!!!

Lekin sen oltin gulni o‘g‘lingga ham bermagansen! Uni o‘zing ya-
shirgansen! Xon hazratlari menga aytdilar. «Gavhar donasini tishlab 
turgan bulbuli bor», dedilar. Men bu gulni oltin bulbuli bilan xonga 
peshkash qilamen deb so‘z berganmen. Top hozir!

O‘g‘irlatgan bo‘lsam qanday topay?!

Topmaysenmi hali? Topmaysenmi?! Mana topmasang! Devday 
zo‘r Mansur baxshining bir zarbi bilan Xadicha begim suvi muzday 
sardobaga shaloplab qulab tushdi. Mansur baxshi uni sochidan tortib 
chiqarib oldi-yu, haramga tomon sudrab ketdi.
Bu qiynoqlar uch kun davom etdi, ammo oltin gul topilmadi. Xadi-
cha begimning joni qattiq ekan, tirik qoldi. Mansur baxshini esa kela-
jakda bo‘ladigan janglardan birida ajal kutmoqda edi...
«Nahotki mening ham paymonam to‘lgan bo‘lsa?»– degan 
qo‘rqinchli o‘y Shayboniyxonning xayoliga Mur-g‘ob daryosining 
bo‘yida to‘satdan Shoh Ismoilning qo‘shinlari qurshoviga tushib qol-
gan paytda keldi.
Achchiq izg‘irin esib, qor uchqunlab turgan bu bad-qovoq kun-
da Shayboniyxon Murg‘ob bo‘yiga Shoh Ismoil Safaviyni ta’qib etib 
borib qolgan edi. Bundan bir necha soatgina oldin Shoh Ismoil bor 
qo‘shini bilan Marv qo‘rg‘onidan orqaga chekingan paytda Shayboni-
yxon o‘zining yana ulkan g‘alabaga erishishiga mutlaqo ishongan 
edi. Chunki Marv qo‘rg‘oni ichida ko‘pdan beri kuch saqlab o‘tirgan 
Shayboniyxonning o‘n besh ming qo‘shini bor edi. Xonga kelgan aniq 
axborotlarga qaraganda, Shoh Ismoilning Marv qo‘rg‘onini qamal 
qilib, qish sovug‘ida izg‘ib yurgan qo‘shini o‘n ikki mingdan oshmas 
edi. Sovqotib, orqaga betartib chekingan lashkarga ichkarida issiq-


308
qina joyda kuch to‘plab yotgan lashkar hamla qilsa – Shayboniyxon-
ning g‘olib chiqishi muqarrardek tuyulardi.
So‘nggi yillarda Shayboniyxonning eng zo‘r istagi– Shoh Ismoil 
ustidan uzil-kesil g‘alaba qilish edi. O‘zini «xalifai rahmon» deb e’lon 
qilgan Shayboniyxon musulmon olamiga yagona diniy rahbar bo‘lish 
niyatida edi. Eron va Ozarboyjonda shia mazhabini davlat dini qilib 
ko‘targan Shoh Ismoil Safaviy esa o‘zini «sohibi zamon» deb e’lon qil-
gan edi. Demak, u ham musulmon olamiga rahbar bo‘lishga intilardi. 
«Bir qinga ikki qilich sig‘magay, musulmon olamiga yo men rahbar 
bo‘lishim kerakyoki Shoh Ismoil!» Shayboniyxon shu e’tiqod asosida 
Shoh Ismoil bilan bultur astoydil bellashmoqchi bo‘ldi. Hirotdan el-
lik ming qo‘shin bilan Eronning Kermon va Gurgon shaharlarigacha 
bostirib bordi. O‘shanda Shoh Ismoil g‘arbdagi turk sultoni Boyazid II 
bilan jang qilib yurgan edi.
Gurgonda va ayniqsa Kermonda shialar harakati juda avjiga 
chiqqan, Shayboniyxon bu shaharlardagi shialarning boshliqlarini 
ayovsiz qatl ettirdi, ularning masjid va ziyoratgohlarini buzdirdi, 
mol-mulklarini talattirdi. Bu hammasi shialar peshvosi Shoh Ismoilni 
darg‘azab qilishi va darhol jangga otlantirishi kerak edi. O‘sha pay-
tda hal qiluvchi jang bo‘lsa, Shayboniyxon g‘olib chiqishi muqarrar, 
chunki Shoh Ismoilning yarim kuchi turk sultoni bilan urushda band 
edi. Buni shohning o‘zi ham sezgan bo‘lsa kerak-ki, hamma alamini 
ichiga yutib, Shayboniyxonga yaxshi muomala qildi, maxsus elchi yu-
borib, uni Movarounnahr va Xurosonning oliy hukmdori, deb tan oldi 
va oradagi adovatni urushsiz bartaraf qilishga istak bildirdi.
Shayboniyxonning o‘g‘li Temur Sulton, jiyani Ubaydulla Sulton-
lar shoh elchisiga iloji boricha yaxshi muomala qilishni, unga shirin 
gaplar aytib, shohga sovg‘a-salomlar yuborib, uni Samarqanddagi 
Sulton Ali mirzo va Toshkentdagi Mahmudxon kabi g‘aflatda qoldi
-
rishni, keyin payti kelganda o‘shalarga o‘xshatib yo‘q qilib yuborishni 
istar edilar. Lekin orada dinu mazhab nizosi ajdahoga o‘xshab og‘zini 
ochib turardi. Shayboniyxon Xurosonda turgan o‘z qo‘shinining shi-
alar ta’sirida shu ajdahoning domiga tortilib ketishidan qo‘rqar, «dinu 
imon yo‘lida murosa yo‘q, kimki shialarga qo‘l bersa, dindan qaytib, 
rofiziy bo‘lg‘ay», degan gapni ko‘p takrorlardi. Endi agar Shayboniyx
-
on o‘g‘li va jiyanining so‘ziga kirib, Shoh Ismoilni tan olsa, unga yax-
shi muomalada bo‘lsa, shu bilan beixtiyor shia mazhabini tan olgan 
bo‘lmaydimi? Odamlar: «Xonimizning o‘zi ham rofiziylik yo‘liga kir
-


309
yapti!» demaydimi? Yo‘q! Shayboniyxon o‘zining pok e’tiqodiga dog‘ 
tushirishni istamaydi! Uningcha, g‘ayridindan ham rofiziylik yomon. 
Chunki g‘ayridin – hali musul-monchilikdan bexabar. Rofiziylar esa 
avval musulmon bo‘lgan, keyin choryorlar nomiga xiyonat qilib, ul-
ardan yuz o‘girgan. Shayboniyxon bunday odamlarga shafqatsiz mu-
nosabatda bo‘lishi kerak. Shu fikr asosida u shoh elchisini behurmat 
qilib qaytardi. Shohning maktubiga esa osmondan kelib javob yozdi. 
«Sen bir shayxning o‘g‘lisan, toju taxtni senga kim qo‘yibdi, belingga 
kashkulingni bog‘lab, qalandarligingni qilsang-chi!» degan ma’noda 
unga kashkul va hassa «sovg‘a» qilib yubordi. Bu voqeadan keyin 
Shoh Ismoil turk sultoni bilan sulh tuzdi-yu, Shayboniyxonga qarshi 
jangga tayyorlana boshladi. Xonning Kermondagi shia masjidlarini 
buzdirgani ustiga endi Shoh Ismoilning elchisini behurmat qilib qay-
targani qo‘shilgach, Shayboniyxondan qasos olishni istovchilarning 
soni ko‘payib ketdi.
Xuddi shu paytlarda Movarounnahrdan ham tashvishli xabar-
lar kela boshladi – ko‘chmanchi sultonlar zulmiga chiday olmagan 
Toshkent, Farg‘ona, Buxoro aholisi ularga qarshi isyon ko‘taradilar. 
G‘alayonlar Samarqandda ham, Hisorda ham bo‘layotganini eshit-
gan Shayboniyxon Hirotdagi qo‘shinlaridan o‘ttiz mingini Mova-
rounnahrdagi sultonlarga yordamga yubordi. Bu g‘alayonlarning 
sababini bilishiga yuborilgan maxsus kishilar Turkiston, Hisor va 
Buxoro sultonlarining o‘zboshimchalik yo‘liga o‘tganlarini aniqlab 
keldilar. Shayboniyxon uch yildan beri Hirotda yashamoqda edi. Un-
ing uzoqdaligidan foydalangan sultonlar o‘zlarini xon, ko‘lankalari 
maydon bilib ish olib bormoqda edilar. Xufiyalar ularning ig‘vo ga
-
plarini ham Shayboniyxonga yetkazib turar edilar. Xususan, Ubay-
dulla Sulton, Ko‘chkinchixon va Hamza Sultonlar Shayboniyxonning 
Shoh Ismoil bilan qaltis siyosat olib borayotganidan norozi edilar: 
«Jangni biz qilamiz, g‘alabani biz keltiramiz, xonimiz faqat yosh 
qizchalarni nikohiga olib, lazzatlanishni biladi, hech qaysimizning 
maslahatimizni olmaydi, shunday bo‘lgach, biz ham bu yerda ista-
ganimizcha davron suraylik-da». Sultonlarning bu gaplari Shayboni-
yxonning g‘azabini avjiga chiqardi. U ichki nizolarni bir zarba bilan 
bartaraf qilmoqchi bo‘ldi-yu, Ubaydulla Sultonni Buxoro hokim-
ligidan, Ko‘chkinchixonni Turkiston hokimligidan, Hamza Sultonni 
Hisor hokimligidan olib tashladi va ularning o‘rinlariga boshqa itoat-
kor odamlarni qo‘ydi. Albatta, bu keskin tadbir xon qo‘shini orasida 


310
katta obro‘ga ega bo‘lgan Ubaydulla Sulton va Hamza Sultonlarning 
tarafdorlarini qattiq norozi qildi.
Movarounnahrdagi g‘alayonlar va xon saroyidagi ichki nizolardan 
xabar topgan Shoh Ismoil bu qulay fursatdan foydalanib qolishga in-
tildi. Odatda, katta harbiy yurishlar bahor va yoz oylarida boshlanar, 
Shayboniyxon ham shohning hujumini «bo‘lsa, qish o‘tgandan keyin 
bo‘lar», deb o‘ylar edi. Ungacha Movarounnahrga jo‘natilgan o‘ttiz 
ming qo‘shin Hirotga qaytib ulgurishi mumkin edi. Lekin Shoh Ismoil 
xon kutmagan kech kuz paytida Hirot ustiga qo‘shin tortib kelayot-
gani ma’lum bo‘ldi. Xurosonda Shayboniyxondan norozi odamlar 
juda ko‘p, Shoh Ismoil yaqinlashsa, ular bosh ko‘tarishi muqarrar. 
Xonning asosiy kuchlari esa Amudaryodan narida. Shayboniyxon 
shoshilinch ravishda Murg‘ob bo‘yiga – Marv qo‘rg‘oniga chekinishga 
majbur bo‘ldi. Xonning bunday seskanib chekinishini ko‘pdan beri 
ko‘rmagan a’yonlari qattiq sarosimaga tusha boshladilar. Shunda xon 
ularning o‘pkasini bosadigan bitta vaj ko‘rsatdi:
«O‘sha g‘addor rofiziylar yurtidan uzoqroq ketganimiz ma’qul. 
Shoh bizga ergashib Movarounnahrga yaqinroq borsin. O‘zimizning 
pok mazhabli sunniylar yurtidan madad olurmiz. Ungacha o‘ttiz ming 
lashkar yetib kelgay. Biz shohga Marvda qopqon qo‘yib, tumshug‘idan 
ilintirgaymiz!»
Xonning bu rejasini barcha mulozimlari va a’yonlari darhol: 
«Dono tadbir!» deb maqtadilar. Biroq ular Marv qal’asida bekinib 
o‘tirgan paytlarida Shoh Ismoil qo‘rg‘onni qamal qilib, Shayboni-
yxon nomiga kinoyali maktublar yo‘lladi. «Xon yuborgan hassaga 
suyanib, kashkulni belimizga bog‘lab keldik, qani endi xonda yurak 
bo‘lsa qo‘rg‘ondan chiqsin, shayxning o‘g‘li bilan bellashsin!» degan 
zaharxanda gaplar Shayboniyxonning izzat-nafsiga qanchalik qat-
tiq tegmasin, u tishini tishiga qo‘yib, haftalar davomida qo‘rg‘onda 
o‘tirdi. U tajribali lashkarboshi sifatida shuni yaxshi bilar ediki, yi-
girma to‘rt yoshli Shoh Ismoil qanchalik urinmasin, ertami-kechmi 
qish sovuqlari va izg‘irinlari uni iliq joy izlashga majbur qiladi. Ochiq 
havoda diydirab yurgan askarlar qo‘li qovushga kelmay qunishib 
chekinishga tushsa, ana o‘shanda Shayboniyxon issiq qo‘rg‘onda 
kuch to‘plab yotgan o‘z askarlarini boshlab chiqadi. Ungacha albatta 
Movarounnahrdagi lashkar ham kelib qoladi. Ikki tomondan berilgan 
zarba Shoh Ismoilni tamom qilishi aniq. Ana undan keyin Eron ham 
Shayboniyxonniki bo‘ladi, naryog‘i Bag‘dodga va Makkayu Madinaga 


311
yo‘l ochiladi... Shayboniyxon chindan ham butun musulmon olamiga 
xalifai rahmon va Iskandari soniy bo‘ladi!..
Xonning bu shirin o‘ylarini faqat bir narsa taxir qilmoqda edi. 
Chopar ketidan chopar borib, Movarounnahrdagi qo‘shinni tezroq 
Marvga yetib kelishga undayotgan bo‘lsa ham o‘ttiz ming lashkar 
hamon Amudaryodan narida imillab yurar edi. Xon bu imillashning 
sababini bilardi. Qo‘shinda hali ham Ubaydulla Sulton va Hamza Sul-
tonlarning ta’siri zo‘r. Ular hokimlikdan tushirilganliklari uchun xon-
dan juda xafa. «Mana endi onhazratimiz bizsiz jang qilib ko‘rsinlar!» 
degandek arazlab yurishibdi.
«Lekin men bo‘lmasam hammang kuchukbachchaday xor bo‘lib 
o‘lasan-ku!» – ichida sultonlarini so‘kardi Shayboniyxon.
Hozir butun davlatimiz, butun sulolamiz xavf ostida-ya, na-
hotki shuni fahmlamasanglar? Hayot-mamoting hal bo‘ladigan pay-
tda, yo shoh meni yo‘q qiladigan, yoki men shohni nest-nobud qila-
digan asnoda shunday arazlab yurishlaring itlik emasmi? Sen itlar 
hali ko‘rasenlar, shu qamaldan eson-omon qutulsak, hammangni 
tavbangga tayantirgaymen!»
Nihoyat, izg‘irinli sovuq kunlarning birida, Shoh Ismoil xonga 
yana bir maktub yo‘llab, uning qo‘rg‘ondan chiqmaganini qo‘rqoqlik 
deb atadi, bahorda yana qaytib kelajagini bildirdi, so‘ng Marvning 
g‘arbi janubidagi Mahmudi degan qishloq tomonga chekina boshladi.
Shayboniyxon o‘n besh ming qo‘shinni darhol otlantirdi. Uch 
yuztacha navkarni qal’ada qo‘riqchilik qilish uchun qoldirdi-yu, qol-
ganlarini qo‘rg‘on darvozalaridan tashqariga boshlab chiqdi. Uzoqda 
shoh askarlari chodir va o‘tovlarini aravalarga ortib, betartib chek-
inib bormoqda.
Shayboniyxon baland bir joyga chiqib, Amudaryo tomonga uzoq 
tikilib qaradi. Qani endi o‘sha o‘ttiz ming qo‘shini hozir yetib kelsa! 
Lekin o‘sha yoqdan otini yeldirib kelgan chopar qo‘shinning hali ham 
Amudaryodan narida yurganini aytdi.
Shoh Ismoil askarlari hamon chekinib bormoqda. Nahotki 
Shayboniyxon shunday qulay fursatni boy berishi kerak? Odamlar: 
«Xon qo‘rqoqlik qilgan, bo‘lmasa uning qo‘shini shohnikidan ko‘p, 
dadil hamla qilsa yengar edi», deyishmaydimi? Narigi sultonlar 
esa:
«Ana, bizsiz xon hech vaqt jang qilolmaydi!» deyishi ham turgan 
gap. Eh, agar shu gal xon g‘alabani narigi Ubaydulla Sulton va Temur 


312
Sultonlarsiz qo‘lga kiritsa edi, qolgan butun umri shon-shuhrat ichi-
da o‘tmasmidi?
Xon ikkilanib turganini ko‘rgan mulla Abdurahim izg‘irinda lab-
lari ko‘karib, iltimos qildi:
– Hazratim, biz sizning ulug‘ joningizni xavf-xatardan uzoqroq 
tutmog‘imiz darkor. Movarounnahrdan keladigan qo‘shinni kutaylik.
Xon qahr bilan so‘radi:

Qani o‘sha qo‘shin! Qani?!

Qish izg‘irinida daryodan o‘tmoq mushkul. Biroq Ubaydulla Sul-
ton bilan Temur Sultonlar hademay kelib qolurlar.

Shoh Ismoil Tabriziga yetganda kelurmi? Agar bu it sultonlar 
istasa allaqachon yetib kelmasmidi? Bu sultonlaring jo‘rttaga meni 
yolg‘iz tashlab qo‘ydi! «Hamma g‘alabani biz qo‘lga kiritamiz!» deb 
maqtanar emishlar, ablahlar! Men bo‘lmasam g‘alabani tushlarida 
ham ko‘rishmas edi!

Haq gapni aytdingiz, hazratim!

Men mana bu shunqorlarim bilan erishganmen butun g‘ala-
balarga! – Shayboniyxon shunday dedi-yu, jangga shay bo‘lib turgan 
o‘n to‘rt mingdan ortiq qo‘shinning saflari orasiga ot choptirib kirdi: 
– Shunqorlarim, yog‘iyning safi buzilib chekinganini ko‘rdilaring. 
Ular son jihatdan ham bizdan oz! O‘zlari sovuqda diydirab holdan 
ketgan. Men ishonamen, ollohu taolo bizga yana bir ulkan g‘alabani 
in’om etgusidir! Muhammad alayhissalomning arvohlari pok sunniy 
mazhabidagilarni qo‘llab-quvvatlagusidir! Choryori bosafolar ma
-
dadkoringiz bo‘lsin, shunqorlarim. Dushman o‘z saflarini qayta tuzib 
ulgurmasdan yetib boringlar! Xudo omadlaringni bersin! Omin ol-
lohu akbar! Minglab ovozlarning:

Ollohu akbar!

Ollohu akbar! – degan hayqirig‘i barcha saflar bo‘ylab taraldi.
Ko‘pakbiy va Qambarbiylar oldinda, Shayboniyxon qo‘shinning 
o‘rtarog‘ida qizilboshlar ketidan ot choptirib ketdilar.
Ilgari xonga aniq axborotlar berib turadigan maxsus odamlar bu 
gal Shoh Ismoilning yolg‘ondakam chekinayotganini va harbiy nay-
rang ishlatmoqchi ekanini bilmay qolgan edilar.
Shoh Ismoil Marvni qamal qilish uchun askarlarning ozroq bir qis-
mini boshlab borgan edi. Uning yana yigirma ming kishilik saralan-
gan askarlari Marvdan yigirma chaqirimcha naridagi qumtepalar or-
tiga pistirma qilib qo‘yilgan edi.


313
Bunday harbiy nayrangni Shayboniyxonning o‘zi o‘n ikki yil 
muqaddam Buxoroning Qorako‘l shahrida qo‘zg‘olon ko‘targan isy-
onchilarga qarshi ishlatgan edi. U ham qo‘shinning asosiy qismini 
Qorako‘lning sharqidagi pana joylarga bekitib qo‘yib, ozgina askari 
bilan hujumga borgan, qal’a ichidagi isyonchilar yovning ozligidan 
dadillanib tashqariga chiqqan edilar. Shunda xonning qo‘shini 
jo‘rttaga tumtaraqay bo‘lib qochgan, isyonchilar esa ularni «Yeng-
dik» deb ketlaridan quvgan edi. Biroq qal’adan besh-olti chaqirim 
uzoqlashganlaridan keyin pistirmadagi xon askarlari yopirilib 
chiqqan va isyonchilarni qirib tashlagan edi. Keyin Shayboniyxon 
qal’a ichida qolganlarni ham qatliom qilib, Qorako‘lning otbozorida 
odam kallasidan ulkan minora yasatgan edi. Hozir o‘z kuchiga or-
tiq darajada ishonadigan Shayboniyxon bu hiylani boshqa lashkar-
boshilar unga nisbatan ham ishlatishlari mumkinligini xayoliga 
keltirmas edi. Shoh Ismoilning Marvga ko‘rinish bergan o‘n ming 
chog‘lik qo‘shini Mahmudi degan joyda Murg‘ob daryosi ustiga 
qurilgan ko‘prikdan shosha-pisha o‘tib ketdi. Shoh Ismoil go‘yo bu 
ko‘prikni himoya qilib turish uchun uch yuztacha askar qoldirgan 
edi. Shayboniyxon ko‘prikka yaqinlashgach, bu uch yuz qizilbosh 
xo‘jako‘rsinga tiraqaylab qochdi. Daryodan faqat shu ko‘prik orqali 
o‘tish mumkin edi – har ikki qirg‘oq ham baland jar, kechuv yo‘q, 
buning ustiga, qishki daryoning suvi juda sovuq, to‘ng‘ib qolish 
hech gap emas edi. Shayboniyxonning butun qo‘shini ko‘prikdan 
o‘tib bo‘lguncha Shoh Ismoilning pistirmada yotgan kuchlari o‘zini 
sezdirmadi. Shayboniyxon uzoqda «qochib ketayotgan» Shoh Is-
moil qo‘shinining izidan tushib, ko‘prikdan ancha uzoqlashgandan 
keyin pistirmada yotgan kuchlar birdan maydonga chiqdi. O‘qlab 
qo‘yilgan zambaraklar xon ustiga to‘satdan o‘q yog‘dirdi. To‘rt 
tarafni qizilboshlar tutib ketdi. Shayboniyxon o‘zining Qorako‘lda 
ishlatgan harbiy hiylasini endi esladi-yu, orqada qolgan ko‘prikka 
qarab chekindi. Ammo yog‘och ko‘prik allaqachon buzib tashlan-
gan edi. Chekinib borgan qo‘shinning bir qismi jardan daryoga 
qulab tushdi. Daryoning o‘zanini otlar va odamlarning o‘ligi tutib 
ketdi. Xonning o‘zi saralangan xos navkarlari bilan mollar qishlay-
digan atrofi yopiq bir qo‘raga kirdi. Qo‘rani qizilboshlarning olov 
halqasi o‘rab oldi. Xonning xosnavkarlari qizilboshlar qurshovida 
o‘lgan-qolganlariga qaramay jang qildilar. Qo‘ra darvozasining old-
ilari, paxsa devorlarning taglari har ikki tomondan qirilganlarning 


314
jasadiga to‘lib ketdi. Xon himoyada qattiq turganini ko‘rgan Shoh 
Ismoil zambaraklarni qo‘raning atrofiga o‘rnattirib, devor osha 
o‘q ottira boshladi. Zambarak gumburlashidan hurkkan, yarador 
bo‘lib quturgan otlar bir-birlarini urib, yiqitib o‘zlarini u yoqdan-
bu yoqqa tashlay boshladilar. Qo‘ra ichida dahshatli tiqilinch, ur-
sur boshlandi. Shayboniyxon qo‘lida qilichi bilan odamlariga hay-
qirib, to‘polonni bosmoqchi bo‘layotganda to‘pning tosh o‘qlaridan 
biri xon mingan otning boshiga kelib tegdi. Ot gandiraklab bir yoni-
ga yiqildi-yu, egasini ham yerga otib urdi. Shayboniyxon oyog‘ini 
uzangidan chiqarishga ulgurmadi– bir oyog‘i otining tagida qoldi. 
Shu zahoti yana bir ot surinib yiqildi-da o‘mrovi bilan xonning 
ko‘kragidan bosib tushdi. Shayboniyxon qovurg‘alari sinib, vu-
judi ezilib, nafas ololmay qoldi-yu, hushidan ketdi. Jang tugagan-
dan keyin xonni taniydigan qizilbosh beklardan biri uning jasadini 
qalashib yotgan ot va odam o‘liklari orasidan arang qidirib topdi. 
Abdurahim Turkistoniy, Mansur baxshi ko‘taruvchi va boshqa juda 
ko‘p mulozimlar, navkarlar ham xonning nari-berisida o‘lib yotar 
edilar.
G‘oliblar Shayboniyxonning boshini kesib, nayzaga sanchdilaru 
Shoh Ismoil minib turgan otning oyog‘i tagiga eltib tashladilar. Keyin 
qizilboshlar Shayboniyxon qirgan shialar qasdiga uning kesik boshi-
dan terisini shilib olib ichiga somon tiqdilar. G‘arbda shialarni quvg‘in 
qilayotgan va Shoh Ismoilga alam o‘tkazgan sunniyparastlardan yana 
biri – turk sultoni Boyazid II edi. Shoh Ismoil Shayboniyxonning so-
mon tiqilgan boshini turk sultoniga: «Men bilan qasdlashgan sunniy-
lar qay ahvolga tushishini ko‘rib qo‘y!» degan ma’noda «sovg‘a» qilib 
yubortirdi.
Sunniy – shia dushmanligi shu darajaga yetgan ediki, qizilboshlar 
bunga ham qanoat qilmay, Shayboniyxonning bosh suyagiga oltin qo-
platib, undan may ichadigan kosa yasaydilar.
Aql bovar qilishi qiyin bo‘lgan bu tafsilotlar Shoh Ismoilning du-
shmanlari tomonidan yozib qoldirilsa mubolag‘a deb o‘ylash mumkin 
edi. Lekin bu tafsilotlar Shoh Ismoilning xayrixohlari yozgan «Tarixi 
olam oroyi Abbosiy»da va Xondamirning «Habib us-siyari»da ham 
keltirilgan.


315

Yüklə 1,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə