Qadim-qadimdan komillik martabasiga yetganlar shunday yoʻlni tutganlar, ya’ni: Qur'on va hadislarga amal qilganlar va iymonli doʻstlarining nasihatiga quloq solganlar



Yüklə 125,94 Kb.
tarix31.05.2022
ölçüsü125,94 Kb.
#88463
Qadim

Qadim-qadimdan komillik martabasiga yetganlar shunday yoʻlni tutganlar, ya’ni: Qur'on va hadislarga amal qilganlar va iymonli doʻstlarining nasihatiga quloq solganlar. Hazrati Umar, Alloh undan rozi boʻlsin, «Menga ayblarimni koʻrsatuvchi kimsaga Alloh xayr bersin!» deb duo qilar ekanlar. U muhtaram zot koʻpincha Solmon Forsiyga, Alloh undan rozi boʻlsin, murojaat qilar ekanlar. Bir kuni «Mening ayb va qusurlarimni ayting», deganlarida Solmon Forsiy avval u hazratdan uzr soʻrab keyin: «Eshitishimcha, dasturxonga ikki xil ziravor qoʻydirarmishsiz. Biri kunduzi, ikkinchisi kechasi kiyadigan maxsus ikki shimingiz bor emish?» - debdilar. Hazrat Umar bu dashnomni eshitib: «Bulardan boshqa yana aybim bormi?» - deb soʻrabdilar. Solmon Forsiy «Yoʻq», - deb javob qilganlarida u sharafli zot: «Shu ikkisi ham menga yetarli», - degan ekanlar. Hazrati Umar Huzayfadan, Alloh undan rozi boʻlsin, ham oʻz qusur va ayblarini soʻrab turar ekanlar. Hatto bir kuni u kishidan: «Sen munofiqlar masalasida Alloh Rasulining sirdoshi eding. Menda munofiqlik alomatlaridan biron belgi koʻrasanmi?» - deb soʻragan ekanlar. Hazrati Umar oʻz qadr-qimmatlarining yuksakligiga va martabalarining balandligiga qaramay, oʻz nafslarini hamisha shunday shubha ostida tutar ekanlar. Gʻazzoliy hazratlari ta’kid etmishlarkim: «Odam qanchalik aqlli va daraja jihatidan qancha yuksak boʻlsa, kibr va havo jihatidan shu daraja kichik boʻladi. Nafsini eng katta shubha ostida tutadigan inson ham shudir».


«Lekin, ochigʻini aytganda, bunday xislatlarning bahosi oshib ketdi. Juda oz kishilar bunday fe’l-atvorlarga egadirlar. Doʻstu ulfat, oshna-ogʻaynilar orasida bir-biriga laganbardorlik qilmaydiganlar, birining ayb va qusurlarini naridan beri yoymaydiganlar, hasad qilmaydiganlar juda ozayib ketdi. Doʻst-ulfat, oshna-ogʻaynilar ichida, hech shak-shubhasiz, hasadgoʻylar, gʻarazgoʻylik bilan ish yuritib, ayb va qusur boʻlmagan bir harakatingni ayb va qusur deb gap tarqatuvchilar yohud tabiiy laganbardorligi tufayli qusur va ayblaringni yuzingga aytmaydiganlar bor. Mana shunday sabablarga koʻra Dovud Toiy insonlardan ajrashib ketgan edi. Oʻzidan: «Nega insonlar bilan osh-qatiq boʻlmaysan?» deb soʻralganida shunday javob bergandi:
-Menga ayb va qusurlarimni aytmaydigan insonlar bilan yaqin yurib nima qilaman? Dindor kishilar uchun eng sevimli narsa - boshqalarning tanbehi bilan oʻz qusur va ayblaridan voqif boʻlmoqdir.
Mana, buyuklarimizning holi!.. Afsuski, bizning zamonamizda ish tersiga qarab ketdi. Ahvol shu darajaga yetdiki, endi bizlarga nasihat qiladigan, ayb va qusurlarimizni aytadigan kishilarni eng yomon insonlar oʻrnida koʻradigan boʻlib qoldik. Bu - iymonimiz zaiflashganining alomatidir. Chunki yomon fe’l-atvorlar - chaqongʻich ilonlar va chayonlardir. Agar libosimiz etagiga bir chayon yopishib, chaqay deb turganda bizga birov bundan xabar bersa, albatta unga minnatdor soʻzlarimizni aytamiz, sevinamiz va chayonni chertib tashlab, oʻldirishga chogʻlanamiz. Holbuki, bu chayonning zarari badangadir, beradigan azobi esa bir kun, yarim kun davom etadi. Yomon axloqning qalb sofligiga beradigan zarari esa qoʻrqinchliroqdir, oʻlimdan keyin esa abadiyan va yo minglarcha yil davom etadigan qoʻrqqulikdir.
Shuni bilamizmi? Bilsak, nechun birov bizga qusur va ayblarimizni aytsa, bundan sevinmaymiz, bu qusur va ayblarni yoʻqotish bilan mashgʻul boʻlmaymiz. Aksincha, biz ham u kimsaga nasihat qilishga kirishamiz va shunday deymiz:
-Oʻzing ham shunday-shunday qilasan. Oʻzingning ham shunday qusurlaring bor!
Uning nasihatini shu tariqa qabul etamiz va teskarisini qilib, orada dushmanchilik tugʻilishiga sababchi boʻlamiz. Bu hol - gunohlar koʻpligi sabab boʻlgan qalb qashshoqligidandir. Bularning asli esa iymonning zaifligidandir...»
Mazkur satrlarni oʻqib «Toʻgʻri gaplar...» degandirsiz? Ha, barakalla! Lekin nima uchun qoʻshtirnoq orasida bayon qildik, shunga ahamiyat berdingizmi? Gap shundaki, bu aqlli gaplarni biz toʻqimadik, balki Abu Homid Gʻazzoliyning kitoblaridan koʻchirdik. Qarang, bundan salkam ming yil muqaddam aytilgan fikrlar bugungi kunga mos kelib tursa? Bu nima, asrlar davomida insonlar yaxshilik sari siljimadilarmi? Iymon zaifligi to hanuz saqlanib qolyaptimi? Yoʻq, bunday xulosaga bormaslik kerak. Badbinlikka berilmoq ham oʻrinsizdir. Har zamonaning oʻziga xos fazilatlari va oʻziga xos qusurlari mavjud. Bu foniy dunyo - imtihon dunyosi ekan, har bir avlod bu imtihondan oʻziga xos tarzda oʻtadi. Har bir avlodning afzalliklari va gunohlari ham boʻladi. Shayton alayhila’na to qiyomatga qadar odamzotga dushmanlik qilar ekan, to qiyomatga qadar unga qarshi jihod - ruhiy jihod davom etajakdir. Agar bir birodarimizni bezori urayotganini koʻrsak, unga yordam berishga shoshilamiz. Ammo ne uchun shayton vasvasasiga tushib qolgan qarindoshimizni, qoʻshnimizni yoki doʻstimizni qutqarishga shoshilmaymiz? Yaqinda bir ulfatdagi namozxonlar shayton yoʻrigʻidagi birodarlarini insofga chaqirganlariga guvoh boʻlib edim. Bolalikdan birga ulgʻaygan doʻstlarning koʻplari iymon yoʻlida, ayrimlari hanuz shayton yoʻlidan qaytmagan ekanlar. Iymonlilari bu doʻstlariga nasihat qilishib: «yoshlaring oltmishga boryapti, shuncha yillarni aroqxoʻrlik bilan oʻtkazganlaring yetar endi. Alloh huzurida gunohkor ekanliklaring bir masala, yana bir masala - farzandu nabiralaring senlar tufayli isnodga qolyaptilar. «Aroqxoʻrning farzandi» degan malomat toshini koʻtarib yurishga orlanyaptilar», -desalar, u adashganlar: «Bizdan orlansalaring biz ulfatdan chiqdik!» -deb oʻrinlaridan turib ketishdi. Oʻzlaricha goʻyo mardlik qilishdi. Holbuki, bu mardlik emas, nodonlikning navbatdagi koʻrinishi edi. Agar ular desalarki: «Birodarlar, sizlarga rahmat, bizlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatdilaring, sizlarning hurmatinglar uchun shu ondan boshlab aroq ichishni tashladik, shu ondan e’tiboran peshonamiz joynamozga tekkuvsi. Sajdani zinhor tark etmasmiz...» - mana shuni chin mardlik atasak boʻlardi. Ulfatchilikdagi noxush holatga guvoh boʻlgach, ustozlar bayonidagi bir ibratli voqea xayolimizga keldi:
Rivoyat qilishlaricha, Utbatulgʻulom ismli bir kishi fisqu fujur ahlidan edi. Buzgʻunchilikda va sharobxoʻrlikda unga yetadigani yoʻq edi. Ana shu fasodchi va mayxoʻr odam bir kuni Hasan Basriy hazratlarining davrasiga kirib qolibdi. Hasan Basriy izdihom ahliga Hadid surasini oʻqib, tafsir qilib berayotgan edilar. «Iymon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil boʻlgan haqqa (ya’ni Qur'onga) moyil boʻlish vaqti kelmadimi?! Yana ular uchun ilgari kitob ato etilgan, soʻng paygʻambarlaridan keyingi muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya’ni yahudiy va nasroniylar) kabi boʻlib qolmaslik vaqti kelmadimi? Ulardan koʻplari fosiqdirlar (ya’ni itoatsizdirlar)», - mazmunidagi oyatni oʻqiyotgan onlarida u kishi kirib keldi. Oyatni oʻqiganlaridan soʻng chiroyli suhbat qildilar, shunday suhbatki, butun jamoatni yigʻlatdilar. Shu orada yoshgina bir yigit oʻrnidan turdi va Hasan Basriyga xitoban shunday dedi:
-Ey moʻ'minlarning eng goʻzal axloqlisi! Alloh menday fisq-fujur sohibi - gunohkorning tavbasini ham qabul qiladimi?
-Ha, azamatim, agar boshqa bunday qilmaslik sharti bilan yomon fe’l-atvorlaringni tark etsang va Allohdan afv tilasang, seni ham kechiradi.
Yigit bu soʻzlarni eshitganda rangi oʻchib, bir «oh» tortdi-yu, hushidan ketdi. Oʻziga kelganda Hasan Basriy unga yaqinlashdilar-da, bu baytni oʻqidilar: Ey Allohga qarshi yigit, osiy sangʻi, Gunohkorning jazosi ne, bilasanmi? Osiylarning joyi - saqar. Yonar oʻzi, Shiddatli oʻt ichra pishar goʻzal yuzi. Mayli, oʻtda yonar desang - Haqni unut... Yo oʻzingni gunohlardan uzoqda tut...
Bu baytni eshitib, Utbatulgʻulom ham bir «oh» koʻtarib, hushidan ketdi. Hushiga kelganida Hasan Basriyga yuzlanib:
-Ey, ustod,-dedi.-Marhamati keng boʻlgan Alloh menday gunohkorning tavbasini ham qabul qiladimi?-deb soʻradi.
-Oʻz-oʻziga jafo qila olgan bandaning tavbasini karamli Allohdan boshqa kim ham qabul eta olardi?- deb javob berdilar Hasan Basriy.
Shundan keyin Utbatulgʻulom boshini koʻtarib, Allohga uch xil duo oʻqib, yolbordi:
-Allohim, tavbamni qabul qil, gunohlarimni afv et, menga tushunishni va oʻrganishni hamda oʻrganganlarimni muhofaza eta olish qobiliyatini berki, oʻzlashtirganlarimni va uning ilmiy asoslarini aqlimda tutay.
-Allohim, menga shunday bir goʻzal ovoz berki, mening Qur'on oʻqishimni eshitgan har kimsaning - qalbi qaygʻuga choʻmgan boʻlsa ham - qalbida mehr ortsin!
-Allohim, menga halol rizq nasib et va oʻzim kutmagan joydan rizqlantir...
Allohga dildan qilingan bu duolarning natijasi oʻlaroq yigitning tushunish qobiliyati va zakosi ortdi, oʻrgangan ilmiy asoslarini hech unutmaydigan boʻldi. Uning Qur'on oʻqishini eshitgan har kishi tavba qilar, yomon fe’llaridan voz kechar edi. Har kuni uyiga bir kosa shoʻrva bilan ikki lochira kelardi. Bular qaerdan va kim tomonidan yuborilganini hech kimsa bilmas edi. Bu hol to uning oʻlimiga qadar davom etdi...
Ha, yolgʻiz Alloh uchun yomon fe’llaridan voz kechib, ilohiy axloq asoslariga rioya qilganlarning hayoti shundaydir. Alloh, yomon fe’llarni tark etib, yaxshi fe’l-atvor bilan naqshlangan va goʻzal amallar ado etganlarning mukofotlarini albatta beradi.
Biz guvoh boʻlganimiz ulfatchilikdagi adashganlarga bunday mukofot nasib etmadi, afsus... Bilishimizcha, ular arazlab keyingi yigʻinga kelmabdilar. Ular debdilarki: «Bizning ichishimiz bilan ularning nima ishlari bor, ichib olib ularni urmasak, soʻkmasak...» Dillari bu qadar qotib ketgan ekan, fosiqlik libosiga bu qadar chirmashib oʻranib olgan ekanlar... Alloh insof bersin ularga.
Hech birimizga sir emaskim, adashgan bandalar orasida oʻzimiz uchun eng ardoqli boʻlmish insonlar - birovimizning ota-onamiz, birovimizning ogʻa-inilarimiz, yana birovimizning yaqin yoki uzoqroq qarindoshimiz, yana qoʻshnimiz, hamkasbimiz... ham bor. Ehtimol ular hidoyatdan adashganlarini bilarlar, ehtimolki, bilmaslar. Bilmaganlarga bildirib qoʻyish vazifamiz emasmi? Ehtimol ular iymonsizlik jaridan qutulmoqchilaru ammo toʻgʻri yoʻlga chiqishga kuchlari yetmayotgandir. Ularga yordam qoʻlini uzatib, iymonsizlikdan qutulishga koʻmaklashish burchimiz emasmi?
Qur'oni Karimning «Nahl» surasida shunday mazmunli oyat bor: «(Ey, Muhammad!) Rabbingizning yoʻli (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng goʻzal uslubda munozara qiling! Albatta, Rabbingizning oʻzi Uning yoʻlidan chalgʻigan (adashgan) kimsalarni yaxshi bilguvchi va U hidoyat topganlarni ham bilguvchidir.» Mazkur oyatda Alloh taolo paygʻambarimiz Muhammadga, sollallohu alayhi va sallam, va u kishi orqali da’vatchi ummatlariga Islom da’vati asoslarini va uslublarini bayon qilib bergandir.
«Fussilat» surasidagi oyati karimada: «(Ushbu Qur'on) iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir» deyilgan ekan, toʻgʻri yoʻlni, ruh xastaligiga shifoni oʻzga yerlardan qidirishlarda ma’no yoʻqdir. Oʻtmish jamiyatida nima uchun odamlar orasidan mehr-oqibat, mehr-muruvvat, mehr-hurmat koʻtarildi? Nima uchun zulm toʻfoni avjiga chiqdi? Nima uchun koʻplar buzuqlik botqogʻiga botdi? Sabab: choʻkayotgan odam xasga tirmashib umid qilganiday, zaif mafkuradan najot kutdilar.
Ota-onalarning tarbiya usullari, nasihatlari hidoyat va shifo bulogʻidan mahrum boʻlgani uchun ham shirin meva bermadi.
Hazrati Soʻfiy Ollohyor «Sabotul ojiziyn» deb nomlangan durdona asarlarida shunday deydilar:
Xudo qilsa nido: «e bandayi zor,
Na kelturding, na turluk qilmishing bor?»
Mazkur baytni donishmand olimlardan Tojuddin shunday sharhlaydi: qiyomatda Xudoyi taolo bandalariga aytadi: «Ey bandalarim, mening huzurimga nima amallar bilan keldingiz va nima ishlar qildingiz?»
Tanu teringda totligʻ jon yarattim,
Bahoyim qilmadim, inson yarattim.
...va yana aytadi: «Ey bandalarim, tanlaringizga aziz jon berdim, toʻrt oyoqli hayvon emas, komil aql egasi inson qilib yaratdim.»
Hamisha ayladim tarbiyatingni
Nagʻu qilding parishon niyatingni?
«Seni otalaring pushtida, onalaring qornida tarbiyalab, dunyoga keltirdim. Dunyoga kelganingdan soʻng ham turli-turli ne’matlar bilan tarbiya qildim. Xoʻsh, nega endi niyatingni buzib, mendan boshqani doʻst tutding?»
Kommunistik jamiyat umrini yashab boʻlgach, nazarimizda nopoklik barham topganday boʻldi. Ammo bu masalada xulosa chiqarishga shoshilmang, azizlar. Jamiyat yoʻq boʻlgani bilan uning rahnamosi-shayton tirik. Shaytonga sajda qiluvchilar esa kam emas hali. Yaqinda xalqaro Nobelʼ mukofoti bilan taqdirlangan moskvalik Ginzburg degan fizik olim televidenie orqali gapirib: «Xudo yoʻq, qiyomat, farishtalar, u dunyo degan tushunchalar quruq safsata», deb ochiq aytdi. Bu shunchaki bir odamning fikri emas, uning atrofida necha yuzlab yoki minglab yoki undanda koʻp maslakdoshlar borligini unutmaslik kerak. Agar u yolgʻiz boʻlganida bu qadar shakkoklikka jur'at qilolmagan boʻlar edi. Biz ayni oʻrinda xudojoʻylik yoki shakkoklik xususida bahs yuritmoqchi emasmiz. Maqsadimiz axloq asoslariga nazar tashlash ekan, savol bermoqchimiz: «Xudoga ishonmaydigan odam boshqalarga yaxshilikni ravo koʻrishi mumkinmi? Uni axloq bobida komil inson deya olamizmi?» Deylik, oʻsha «olim» (aslida uni «olim» deyishga til bormaydi, qoʻshtirnoq orasiga olganimiz boisini anglarsiz) mukofotini olish uchun Norvegiyaga boradigan paytda onasi (xotini yoki farzandi) oʻlim toʻshagida yotibdi. Xoʻsh, u safardan voz kechadimi? Onasining yonida oʻtirib rozi-rizolik tilaydimi? Bizningcha, bunday qilmaydi. Xudoni tanimagan onani taniydimi, ayting-chi? Bu ham oʻtmish jamiyat tarbiyasining mevasi. Shukrlarkim, keyingi oʻn-oʻn besh yil orasida koʻplar bu botqoqdan qutula olishdi. Biroq... shayton yana qancha odamlar koʻziga bu sassiq botqoqni zilol suvli koʻl suratida koʻrsatyapti ekan?
Donolar aytmishlarkim, Odam bolasi kichik gunohga qasd aylasa, shayton der: «Buni qilgil, bunda koʻp ziyon yoʻqdir.» Odam bolasi shayton soʻziga kirib kichik gunohni qilgach, soʻng kattarogʻiga oʻtadi. Bora-bora ish kufrlik bilan tugaydi. Shundan soʻng bu kishi Allohning dargohidan yiroq boʻlib qoladi. Yuqorida bayon qilganimiz donolar fikrini isbot etmaydimi? Atrofimizga qaraylik-chi, Allohdan yiroqlashayotganlarni koʻrmayapmizmikin? Koʻrsak, qanday chora-tadbir qilyapmiz?
Yoshing yetgan sari fe’ling saning yosh,
Koʻzing yoshi qani, e magʻzi yoʻq bosh?
Hazrati Soʻfiy Ollohyor baytlarida bu ma’no bor: «Yoshing ulgʻaygan sari hanuz yoshligingdagi narsalarni tilarsan. Qartayganingni bilmay hanuz havoiy nafs ketidan quvarsan. Ey bema’ni bosh, yigʻlash payting kelgan boʻlsa-da, qani, koʻzlaringda yosh yoʻq-ku?»
Bunday hollarda koʻzda yosh yoʻqligi ham bir fojiadir. Bu oʻrinda shoir Allohdan qoʻrqib yigʻlashni nazarda tutyapti-ki, bunda hikmat koʻpdir. Allohning Rasuli (s.a.v.) buyuradilarkim:
«Kimki Allohdan qoʻrqib yigʻlasa, koʻkrakdan chiqqan sut qaytib koʻkrakka kirmagunicha, u ham jahannamga kirmaydi» - ya’nikim, koʻkrakdan chiqqan sut koʻkrakka qaytib kirmaganidek, taqvodorlar ham jahannamga kirmaydilar, deyilmoqchi. «Raqoiq ul-axbor» («Nozik xabarlar») degan kitobda shunday bir xabar bayoni bor:
«Qiyomat kuni bir kishini olib kelishadi. Savoblari bilan gunohlari qiyoslanib, gunohlari ogʻirroq chiqqach, shunga yarasha jazoga tortish haqida amr berilganida, kipriklaridan bir tolasi tilga kirib, deydiki:
-Ey Rabbim, sening rasuling hazrati Muhammad - unga saloming yogʻilsin - «Kim Alloh qoʻrquvidan yigʻlasa, Alloh u koʻzni jahannam otashiga harom qiladi», deb buyurgan edi. Men dunyodaligimda sendan qoʻrqib yigʻlagan edim-ku?!
Shunda Alloh oʻsha kishini afv etadi, dunyoda Rabbidan qoʻrqib yigʻlagan bir kiprik tolasidagi nam tufayli uni azobdan qutqaradi. Jabroil esa:
-Falon kishi Allohdan qoʻrqib yigʻlagan bir kiprik tolasi hurmati, jazodan ozod qilindi,-deb e’lon qiladi”.
Biz tilimizda «axloq» degan soʻzni tez-tez ishlatamiz. Ammo unga sifat bermaymiz. Odam zotiga qanday axloq zarur? Albatta ilohiy axloq - ya’ni Alloh tomonidan buyurilgan axloq. Buni «Rasulullohning axloqlari» deb atasak ham boʻladi.
Ustozlar hikoya qiladilar:
«Bir odam choʻlda ketayotib badbasharani koʻradi va undan «Sen kimsan?»- deb soʻraydi. Badbashara «Men sening yomon amallaringman»,-deydi. U odam: «sendan qutulishning iloji bormi?»- deb soʻraganida, u: «bor, buning uchun paygʻambarimiz Muhammadning (s.a.v.) goʻzal axloqiga ega boʻlishing va unga salotu salom yoʻllashing kerak!»-deb javob bergan ekan.
Ana shunday goʻzal ilohiy axloqqa yetishmoqlik barchamizga nasib etsin! Bu baxtga odamiylik mulkiga ega boʻlmoqlik ila erishish mumkinligini unutmasak bas. Yusuf Xos Hojib hazratlari aytadilarkim: «Qiz ermas bu yalnchuq, kishilik qiz oʻl» («yalnchuq» - odam demakdir, «kishilik» - odamiylik, «qiz» - «qadrli» degan ma’noni anglatadi. Hikmatning mazmuni: «Odamning oʻzi qadrli emas, odamiyligi qadrlidir».) Ana shu qadrga yetishmoqlik yoʻllarini izlab koʻraylik. Siz, muhtaram kitobxon bilan bu safargi suhbatlarimiz shu xususda boʻladi, insha Alloh.
Duo qilaylik:
-Ya Rabbimiz Alloh! Oʻzingga erta-yu kech zorilik qilamiz: ishlarimizni pishiq qilmogʻimizni, xom qoldirmasligimizni nasib et. Riyo, kibru hasaddan va barcha axloqi zamimadan bizlarni xalos qil, ulardan bezor boʻlguvchilardan qilgin bizlarni. Axloqi hamidalar bilan ziynatlanganlar safidan bizlarga joy ber.
-Ya Rabbimiz Alloh! Oʻzingning kaloming va rasuling hadisi shariflariga asoslanib tarbiya kitoblarini yozgan ulugʻ salaf allomalar, donishmandlarni Oʻzing magʻfirat ayla. U sharafli zotlarning kitoblaridagi hikmatlarni anglash uchun bizlardagi aql-zakovatni ziyoda etib, ularga amal qilishga muvaffaq qil. Bizlarni zohiriy va botiniy ilmlar bilan muzayyan qilgin. Qalb va koʻngil koʻzlari ochiq, ma’naviy-ruhoniy olamning turli-tuman goʻzal his tuygʻulariga sohib boʻlgan insonlardan ayla. Ichki olami nurga toʻlgan, iymon ziyosi bilan munavvar boʻlgan e’tiqodli, shafqatli, marhamatli, goʻzal axloqli qullaringdan ayla! Omiyn, ya rabbal olamiyn!

Yo saodat - yo falokat...


Bu bob inson roʻparasida turgan ikki yoʻl va tarbiya mezoni xususidadir.
Koʻchada notanish bir yigit meni bexos savolga tutib qoldi:
-Hamonki, inson taqdiri hali tugʻilmasidan ilgariyoq belgilab qoʻyilgan ekan, yomonning yaxshi boʻlishiga harakat qilmogʻi behuda ekanda?
Masalani tushuntirib berishga zarur ilm kaminada yetarli boʻlmasa-da, savol berilgan, javob kutilmoqda edi. Aqlim yetganicha dedimki:
-Ha, kishining taqdirini Alloh hali tugʻilmasidan ilgariyoq belgilab qoʻygandir. Ammo kishining roʻparasida ikki yoʻlni ham bergan: biri - hidoyat, ikkinchisi - zalolat. Bu yoʻllardan birini tanlash uchun esa unga aql, zehn va farosat ham berilgan. Ayni choqda bu aqlni quvvatlantiruvchi kalomini ham tushirgan hamda hidoyat bilan zalolatni farqlashlarida toʻgʻri yoʻlni koʻrsatsin, deb bandalari orasidan oʻzining rasulini ham belgilab qoʻygan. Kimki aqli va qalbi bilan kalomullohni anglabdi, Rasulullohga (s.a.v.) ergashibdi - u hidoyatga yetibdi. Kimki anglamabdi, anglashga intilmabdi yoki intilishni istamabdi - shaytonning etagini tutibdi va zalolat yoʻlini oʻziga ma’qul koʻribdi. Demak, Alloh bandaga ixtiyor berib qoʻyibdi.
Bolalik va yoshligi ateistlarcha tarbiya («ateist» soʻzining ma’nosi «xudosiz»dir) bilan oʻtgani soʻzlaridan sezilib turgan notanish suhbatdosh bilan shu tarzda fikr almashdik. Men qisqa suhbatda uning fikrini oʻzgartira olishga qodir emas edim. Zero, qalblarni isloh etuvchi yaratgan Egamning yolgʻiz Oʻzidir. Ana shu uchrashuvdan keyin tarbiya mezoni va asoslari xususida oʻylab qoldim va siz azizlar bilan niyat qilganim suhbatning dastlabki bobini shu mavzuga bagʻishlashni ixtiyor etdim.
Abdulla Avloniy hazratlari yozgan ekanlar: «Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak - tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni oʻrgatmak, yomon xulqlardan saqlab oʻsdurmakdir. Tarbiya qiluvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgani kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan berub, katta qilmak lozimdur. Zeroki, «Hassinu axloqakum» amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakka amr oʻlinganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi boʻlishining asosiy panjasi tarbiyadur... Hukamolardan biri: «Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʻlidur»,-demish. Shariati islomiyada oʻz bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak - otalarga farzi ayn, oʻz millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadir...»
Mazkur fikrlarni yaxshilab anglash uchun tarixga murojaat qilaylik: oʻtmishda diyorimizda bir necha marta kuchli-kuchli davlatlar qad rostlagan va koʻp oʻtmay nurab, yakson boʻlgan. Afsusli yeri shuki, davlatlarning yoʻq boʻlishiga tashqi dushmanlarning zarbasi emas, koʻproq ichki nizolar sabab edi. Xususan, amir Temur saltanatining tarixini eslaylik. Bu holatni tarixchilar qanday sharhlashsa sharhlashsin, lekin biz deymizki, dunyoni lol qoldirgan saltanatning yemirilishiga shahzodalarning yaxshi tarbiya koʻrmaganlari sababdir. (Bu xususda keyingi boblarning birida alohida toʻxtalib oʻtarmiz, insha Alloh).
Endi bizlarni bir masala koʻp oʻylantiradi: tarbiyachi kim? Ota-onami, maktab muallimlarimi? Biz bu haqda «Jinoyatning uzun yoʻli» deb atalmish risolada batafsil fikr yuritganimiz sababli soʻzni muxtasar qilamiz. Faqat bir narsani ta’kidlaymiz: bola «Sen tarbiyalashing kerak», deb goh u yoqqa, goh bu yoqqa oshiradigan koptok emas. Farzand tarbiyasiga ota-ona mas'ul, maktab esa bu sohada koʻmakchi. Ha, aynan shunday. Chunki farzandning oilada olgan tarbiyasiga qarab ota-onasiga rohat yoki jazo keltirishini hamma biladi. Otaning ish-amali farzandiga singsa, uning xulqida jilvagar boʻladi.
Bolani tergab-nazorat qilish ota-ona yuzining yorugʻligini ta’minlaydi. Tarbiyadan tashqaridagi bola bebosh va yaramaslik sari ogʻadi. Erka boʻlib oʻsgan oʻgʻil-qizlar xatti-harakati ota-onaga mung va alam keltiradi. Shu bois ham Abdulla Avloniy ta’kid etganlaridek: «tarbiya bizlar uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidur» deyilmish fikrni barchamiz birdek shior sifatida qabul qilmogʻimiz lozim boʻladi.
Afsuslarkim, ayrimlarimizning koʻngillarimiz koʻchaga bogʻlangan. Ishga, ulfatga muhabbat oilaga boʻlgan muhabbatdan ortiq. Choyxonalarda, restoranlarda, turli ziyofatlarda yayrashga umrimizning hisobsiz soatlarini behuda sarflaymiz. Bola tarbiyasiga esa vaqtni qizgʻanamiz. Sariq chaqaga arzimas matohlarimiz farzandlarimizga nisbatan qiymatliroq. Piyolani sindirib qoʻysa ayamay uramiz, guldonni sindirsa doʻpposlaymiz. Agar aka ukasini ursa yana jazolaymiz. Holbuki, kattaning kichik, kuchlining kuchsiz ustidan hokim ekanini oʻzimizning aynan shu harakatimiz bilan oʻrgatyapmiz: gapga kirmagan kichikni yoki kuchsizni urish mumkin!
Bola shoʻxlik qilsa «hali qarab tur, dadangga aytaman», deb qoʻrqitamiz. Ota kelganda bola yomonlanadi. Ayni shu holatda ota-bola orasiga dushmanlik urugʻi sochilganini fahm etmaymiz. Otani jazolovchi inson sifatida koʻrsatmay, ota kelganda uni izzat-hurmat bilan kutib olishni oʻrgatish afzalroq emasmikin?
Abdurauf Fitrat hazratlarining bizga bir oz keskinroq, hatto qoʻpolroq tuyulishi mumkin boʻlgan bayonlari bor. Birga oʻqiylik: «...koʻraylik-chi, biz musulmonlar, xususan turkistonliklar, oʻz farzandlarimizga tarbiya beryapmizmi yoki yoʻqmi? Savolning oxiridagi soʻz bunga javob boʻla oladi, ya’ni «yoʻq!» Men buni shunday isbot qilaman: biz, turkistonliklar bolalarimizdan koʻra mollarimizga yaxshiroq qaraymiz. Eshak va qoʻylarimizni farzandlarimizdan ham koʻproq yaxshi koʻramiz, deb aytmayapman. Yoʻq-yoʻq, bolalarimiz jonimizdan ham aziz. Ular nazarimizda hammadan suyukli va ardoqli. Lekin baxtimizga qarshi shuni e’tirof qilish lozimki, shuncha muhabbat va mehrga qaramasdan, eshak va qoʻylarimizdan kamroq tarbiyalaymiz! Mening bu soʻzlarimdan hayron boʻlmang, sabr qiling, da’vomni isbotlayman. Falon narsani tarbiyalash, ya’ni uni asta-sekin kamolga yetishtirishdir. Nazarimizda qoʻyning kamoli uning semizligi va sogʻlomligidadir. Eshakning kamoli uning kuchi, oyoqlarining baquvvatligi va yaxshi yurishidadir. Faraz qiling, qoʻzi yoki hoʻtik sotib olib uyga keltirasiz. Diqqat bilan ularga qarab, bir muddatdan keyin qoʻyni semirtirib, eshakni baquvvat va yoʻrgʻa qilasiz, ya’ni ularni tarbiyalab, kamolga yetishtirasiz. Ammo aziz farzandlaringizga shunday diqqat bilan tarbiya bermaysiz. Bahona qilasizki, bolangiz ham kamolga yetishgan. E’tiroz bildirishingiz mumkinki, biz mollarimizni boqishga qancha urinsak, farzandimiz tarbiyasiga ulardan yuz barobar koʻproq harakat qilamiz, deb.
Bu da’voingiz ma’lum boʻlsa-da, ammo toʻgʻri emas. Dalil shulkim, kimning uyida moli boʻlsa, tekshirsa koʻradiki, yil davomida uning mollaridan bittasi ham kasal boʻlmagan, ammo farzandi hech boʻlmasa, uch marta xastalikka chalingan. Bas, ma’lum boʻladiki, u kishi molining kasal boʻlmasligiga koʻproq e’tibor berar ekan. Soʻzingiz toʻgʻri boʻlsa ham mening da’voyimga hech zarari yoʻq, chunki bolaning sogʻligʻiga e’tibor berish ham farzand tarbiyasi bilan shugʻullanishni bildirmaydi. Haqiqatdan agar odam qoʻy va eshakka oʻxshab kamol topishi sogʻliq, bilaklarining kuchliligi bilan chegaralanib qolganida edi, biz ham farzand sogʻligʻi uchun boʻlgan harakatni, farzand tarbiyasi deb atardik. Tanu toʻshli va sogʻlom bolani kamolga yetishgan deb qabul qilardik.
Odamning kamoli faqat sogʻliq va kuchdan iborat boʻlmay, balki jismonan, aqlan va axloqan yuksalishdan iborat. Odamning jismi, aqli va axloqi turli kasallik va nuqsonlardan uzoq boʻlishi lozim. Odam ham oʻz manfaatini oʻylab, ham yaqinlarini baxtiyor qilishga qodir boʻlib oʻsishi lozim. Zotan, bu mantiqiy olishuvlarga nima hojat bor?»
Bu fikrlar toʻqson yil muqaddam bayon etilgan, lekin ayrim jihatlaridan bugun aytilayotganga oʻxshaydi, shunday emasmi? Demak, tarbiyada hali yetarli ilgarilab ketolmabmiz. Bugun biz bola tarbiyasi deganda uni yaxshi kiyintirishni tushunyapmiz, katta pul sarflab oʻqishga kiritishni anglayapmiz...
Agar avtomashinamiz buzilib qolsa, ustaxonada bir kun yoki bir hafta oʻtirishimiz mumkin, ammo farzandimiz bilan bir soat yonma-yon oʻtirib dars tayyorlashga toqatimiz yetmaydi.
Birodarlarimizdan biri maqtandi: «sinfdoshlarimiz bilan doʻstligimizni hech buzmaymiz. Har kuni ishdan keyin falonchi oʻrtogʻimiznikida uchrashamiz, choy-poy ichib, shaxmat-nardi oʻynab, televizor tomosha qilib, kechqurun ba’zan oʻn bir - oʻn ikkigacha oʻtiramiz...» Albatta doʻstlikni uzmaslik yaxshi, biroq, oila bagʻriga barvaqt borish undan a’loroq. Har kuni uyiga kech borsa, bolalari bu vaqtda uxlab qolgan boʻladi. Tarbiya bilan qachon shugʻullanadi? Nazarimizda bu birodarlarimiz doʻstlikni mustahkamlash haqida notoʻgʻri tushunchaga egalar, oila, farzand tarbiyasi, degan tushunchadan esa butunlay mahrumlar.
Hayot - imtihon ekanligini avvalgi bobda aytib edik, yana shu mavzuga qaytsak: imtihon bor joyda burch, javobgarlik, mas'uliyat boʻladi. Inson ana shu mas'uliyat bilan dunyoga keladi. Barchamiz zimmasiga omonat yuklatilgan, imtihonda turgan insonlarmiz. Bu dunyo nash'ali, ammo asl joyimiz emas. Biz farzandlarimiz taqdiri uchun hujayralarning eng olis nuqtasigacha, vujudning har bir zarrasiga qadar javobgar boʻlgan kishilarmiz. Oʻzimiz jannatga kirsagu azob farishtalari farzandlarimizni jahannam oʻtiga otsalar, yuragimiz bardosh berarmikin? Agar biron kishi farzandimizning qoʻliga choʻgʻ bosaman, desa xotirjam qarab turamizmi? Oʻylab ham oʻtirmasdan himoyaga tashlanamiz! Xoʻsh, nima uchun jigarbandlarimizni doʻzax oʻtlaridan himoya qilishni oʻylamaymiz? Bu bir masala. Ikkinchi masala - doʻzaxiy farzandlarni “tarbiyalagan” ota-onaga jannat nasib etarmikin? Bu oʻrinda jumla tuzishda xatoga yoʻl qoʻydik: ehtimol «doʻzaxiy bolalarni «tarbiyalash» emas, «bolalarni doʻzaxbop qilib tarbiyalash» desak toʻgʻriroq boʻlar? Yoʻq, eng toʻgʻrisi - «bolalarni umuman tarbiya qilmagan»...
Oʻzlaricha doʻstlik rishtalarini mustahkamlayotgan oʻsha birodarlarimiz oʻylab koʻrsinlar: qiyomatda «nega oʻrtoqlaringnikida choy ichmading, nega tun yarmigacha oʻtirmading?» deb soʻralmaydi. «Sen oʻzingni qanday tarbiya qilding va farzandlaringga nega tarbiya bermading?» deb soʻraladi. Qiyomatdagi jazoga ancha vaqt bor. Bu dunyodagi jazo koʻp kuttirmaydi. Agar farzandi giyohvandlarga qoʻshilib ketsa (Alloh saqlasin!), buzuqlikni kasb etsa (Alloh saqlasin!) dardini kimga aytadi? Kimni ayblaydi? Kimdan najot soʻraydi?
Goʻzal xulq va tarbiyali onaning xislatlari, yaxshi fe’l-atvori farzandlarida ham namoyon boʻladi. Ular ham onalarining goʻzal xislatlariga ega boʻladilar. Tabobat fani onadagi turli ichki xastaliklar bolada ham boʻlishini isbotladi. Irsiyat fani onadagi ichki xastaliklar bilan birga undagi ruhiy, ma’naviy jihatlarning ham bolada takrorlanishini isbotlagan. Bu tarbiyani bola tugʻilmasidan oldin, hatto oila qurmasdan oldin boshlash kerak, degani emasmi?
Ota oʻz farzandlariga meros etib molu dunyo emas, odob-axloq qoldirishi kerak. Mol-dunyo merosi kundan kun kamayib, odob-axloq merosi esa oshib boradi. Bu rivoyat fikrimizning dalili:
Misr hukmdori bilan Rum hukmdori oʻzaro kelishib, doʻstlik ahdini tuzdilar va oradagi adovatga barham berdilar. Hatto Misr hukmdori Rum hukmdorining qizini oʻgʻliga nikohlab, qizini esa Rum shahzodasiga uzatdi. Ularning doʻstlik va qarindoshlik aloqalari uzoq davom etdi. Bir kuni Rum hukmdori qudasiga bu mazmundagi maktubni yoʻlladi:
-Koʻzlarimizning nurlari boʻlmish aziz farzandlarimizning bizlardan keyin ham farogʻatda yashamoqliklari uchun hozirdan chora-tadbir koʻrishimiz kerak. Men oʻgʻlim uchun juda koʻp oltin jamladim. Chiroyli bogʻ va saroy barpo ettirdim. Siz ham shunday qilgandirsiz?
Misr hukmdori maktubni oʻqib tabassum qildi va bu javobni yoʻlladi:
-Azizim, men sizdan koʻra sal boshqacharoq yoʻl tutdim. Vafosiz mol-dunyo va matohlariga iltifot etmaganim tufayli oʻgʻlimga oltinu javharlar emas, ilm, hunar, odob, axloqni meros etib qoldirishni istadim. Uni ilmli, hunarli, xushaxloqli qilib tarbiyaladim.
Uni yaxshi adab libosi bilan bezadim. Mol-dunyoga qachondir zavol yetadi, ammo men qoldirayotgan merosga hech zamon zavol yetmaydi. Bu meros farzandimni har qanday balo-ofatlardan omon saqlagay...
Birga oʻylaylik: tarbiyasiz odam jonsiz jasad kabi emasmi?
Davraga qoʻshilguvchi har bir odam avval oʻzining tashqi koʻrinishi, qiyofasiga qarab qabul qilinadi, soʻng esa tarbiyasi va fazilatiga qarab taqdir etiladi. Kishidagi fazilat goʻyo farzand kabidir, uni avaylab saqlash va yanada barkamol etish lozim. Har bir odam, avvalroq aytib oʻtganimizday, oʻzini oʻzi tarbiya qilishga oʻrganishi kerak. Insonning ulugʻligi oʻzini idora va tarbiya qilish kuchiga ega boʻlishi bilan bilinadi. Buni tushunish uchun Iysodan (alayhissalom) bir rivoyatni eslaymiz: Iysodan (alayhissalom) soʻradilar: «Sizni kim tarbiya qildi?» Javob berdilarki: «Meni hech kim tarbiya qilmadi. Johilning jaholatini, axloqsizning axloqsizligini qusur va ayb sifatida koʻrdim. Jaholat va axloqsizligidan qochdim». Mazkurni tushunush uchun qisqa izoh lozim. «Hech kim tarbiya qilmadi» deganlarida albatta atroflaridagi odamlar nazarda tutilgan. Chunki barchaning tarbiyachisi - Rabbisi Allohdir. Alloh oʻzining elchisini jaholat va axloqsizlikni qusur va ayb sifatida koʻradigan qilgan. Ulardan qochish esa bu illatlardan nari turish, holi boʻlish degan ma’noda.
Kishi oʻzini oʻzi tarbiya qilishga oʻrganishi lozim, degan fikrni quvvatlash uchun Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan bir hadisi sharifning ma’no tarjimasini oʻqiymiz. Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilarki: «Har bir moʻ'min banda oʻz birodarining koʻzgusidir. U birodarida bir aybni koʻrsa, oʻzida koʻrgan shunday aybni tuzatishga harakat qilishi kerak». Ya’nikim, biz birodarimizda hasad yoki chaqimchilik illatini koʻrib turibmiz. Uni tarbiya qilishimizdan avval biz oʻzimizdagi oʻsha illatni tuzatishga kirishmogʻimiz kerak ekan.
Oʻzini oʻzi tarbiya qilmoq qanday boʻladi?
Ogʻzaki nasihatlarni eshitamiz, kitoblarda oʻqiymiz, masalan, bu kabi:
Luqmoni Hakim oʻz oʻgʻillariga debdilar: «Qarindosh urugʻlardan aloqangni uzma, oʻylab ish tut. Odamlarni gʻiybat qilma, odamlar yomon ishga bosh qoʻshsa, sen ularga qoʻshilma. Shoshilib ish tutma, boylik deb oʻzingni gʻam-qaygʻuga tashlama. Oʻz qadrini bilmagan odamdan yaxshilik umid qilma. Oʻtirishlarda oʻz joyingni bil, odamlarning soʻzlariga quloq sol, odamlar soʻrasa gapir, oʻzingdan ulugʻlar oldiga tushib yurma, odamlar ichida boshingni quyi solib oʻtirma, oʻngu chapga qarayverma, mehmonlar oldida birovga oʻshqirma, mehmonga esa ish buyurma. Mast va devona odamlar bilan hamsuhbat boʻlma. Bekorchi odamlar bilan koʻchada oʻtirma. Oʻz foydangni oʻylab obroʻyingni toʻkma. Oʻziga bino qoʻyuvchi takabburlardan boʻlma. Xusumatdan uzoq boʻl, senga ish buyursalar bajar, va’da qilsang, albatta uddasidan chiq. Hech kimni ranjitma...»
Hindistonlik donishmand esa oʻgʻliga bunday nasihat qilibdi: «Aziz oʻgʻlim, qoʻlingga kirmagan yoki qoʻlingdan ketgan narsa uchun qaygʻurma. Har yerda kurakda turmaydigan behuda soʻzlar soʻzlab yurishdan yiroq boʻl. Nokas, qurumsoq kishidan qarzdor boʻlma. U bilan aslo muomala qilma, keyin pushaymon qilasan. Sharm-hayosiz va baxil kishi bilan suhbatdosh boʻlma, shunday yaramas odamlar bilan qoʻshni boʻlmaslikka harakat qil. Oʻz kuching orqasidan non topib yegil, tekinxoʻrlikka oʻrganma, olijanob mard odamlar bilan suhbatdosh boʻlsang, yaxshilik bilan nom chiqarasan. Maqtanchoq va ezma odamlardan hazar qil...»
Boshqa bir donishmandning nasihati budir: «Falokatga duchor boʻlishni istamasang -magʻrur va mutakabbir boʻlma. Rohatda yashashni istasang - dilingni hirsdan pok qil. Xoru zorlikni istamasang - ta’magir boʻlma, oʻzingga yaxshilik qilinishini istasang - yaxshilik qil, hech kimga ozor berma, yaxshilikni ulugʻ ish deb bil. Qadr-qimmating oshishini istasang - baland himmatli boʻl. Ishing pushaymonlik bilan natijalanishini istamasang - avval yaxshiroq oʻylab, dono, tajribakorlar bilan kengashib, soʻngra ishga kirish. Oʻzingni hammaga sevdirishni istasang - fe’l-atvoringni tuzat, adabli, tarbiyali boʻl. Obroʻga, izzat va hurmatga ega boʻlishni xohlasang - halol mehnat qil. Hammaning qoshida ishonchli, margʻub va maqbul odam boʻlishni istasang - yolgʻonchilikdan saqlan, chaqimchi, igʻvogar boʻlma, ma’nisiz, tuturuqsiz soʻzlarni aytib yurishdan hazar qil. Mabodo oʻngʻaysiz holda qolsang, ishingda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, qaygʻu-hasrat ichida qolsang - dod-faryod qilib yurma, sabr qil. Oʻngʻaysiz holdan qutulish chorasiga kirish...»
Bu kabi nasihatlar donolarning bizlarga bergan yoʻl-yoʻriqlaridir. Ta’bir joiz boʻlsa, kishining oʻzini oʻzi tarbiyalashidagi bir rejadir. Endi rejani qanday tarzda amalga oshiradi -uning aqliga bogʻliq.
Yuzaki qaralsa, bu nasihatlarga amal qilish uncha ogʻir emas. Aytaylik, odamlar orasida boshni quyi solmaslik, mehmonga ish buyurmaslik... Agar bu fazilat oʻzimizda boʻlmasa, tez kunda oʻrganib ketishimiz mumkin. Lekin ayrim fazilatlar - axloqi hamidalar borkim, unga erishish kunlar, oylarni talab etadi. Ya’nikim, kishi har daqiqa, har soat, har kun bu sohada oʻzini oʻzi tarbiya qilib bormogʻi talab etiladi. Deylik, bir kun tarbiya etmadimi, yaxshi fazilatni bir kun unutdimi - izdan chiqib ketishi hech gapmas. Fazilatning oʻrni uzoq vaqt boʻsh turmaydi, u bizni tark etdimi, darhol oʻrnini illat, yomon xulq egallaydi. Ba’zan kishi yaxshi xulqqa erishishni istaydi ammo buning uddasidan chiqish yolgʻiz oʻziga bogʻliq emas. Yomonlar bilan hamsuhbatlik masalasi bu fikrga misol boʻla oladi. Bir kishining zulmkorligini yoki razilligini bilasiz, lekin undan nari turishning iloji boʻlmay qoladi.
Oʻzgaga tarbiya berishdan koʻra oʻzni tarbiya etmoq yuz chandon ogʻirroqdir. Oʻzgaga tarbiya berish uchun bilimga yoki hayot tajribasiga tayanib, toqatingiz yetganicha nasihat qilasiz. Tarbiyalanuvchi nasihatlaringizni quloqqa olmasa, qoʻl siltab qoʻya qolasiz. Kishi oʻzini tarbiya qilishi uchun esa juda mustahkam irodaga ega boʻlishi kerak. Chunki oʻzni tarbiya etmoqlik vujudingizga hukmronlikni da’vo etayotgan nafs va shayton bilan olishib, yengmoqlikdir.
Aqlingiz deydiki:
-Shuncha yurganing yetar, hidoyat yoʻliga kir. Bugun xizmatdan qaytgin-u, tahorat ol, poklan, solih qoʻshnilaringga qoʻshilib masjidga chiq, peshonangni sajdaga qoʻy...
Shayton deydiki:
-Masjidga chiqishga ulgurasan, yoshing oltmishdan oshsin, bugun restoranga ziyofatga taklif etilgansan, maishatingni qil.
Aqlingiz deydiki:
-Chaqimchilik qilma, gunohga botasan.
Shayton deydiki:
-Shu odamning shu ishini xoʻjayinga kirib aytsang, ishdan haydaladi, uning oʻrniga oʻzing oʻtirasan...
Aqlingiz yana deydiki:
-Xizmatchi podshohga boshqa xizmatchini yomonladi. Shunda podshoh: «Gaplaringni tekshiraman, agar toʻgʻri soʻzlagan boʻlsang, chaqimchiliging uchun sendan nafratlanaman, seni dushmanim deb bilaman. Yolgʻon soʻzlagan boʻlsang tuhmatchiliging uchun jazolayman» degan ekan, sen oʻsha xizmatchi holiga tushib qolmagin.
Shayton yana deydiki:
-Bu safsatalarga quloq solma, hozir unaqa podshohlar yoʻq...
Shu oʻrinda bahsni shsha hal qilib beradi. Agar iroda chinakam aql bilan quvvatlangan boʻlsa - yengadi. Oʻzini oʻzi tarbiya qilishda yana bir muhim qiyinchilik borkim, uni «muhit» deb ataymiz. Kishining atrofida qanday muhit bor? Iymonlilar, yaxshilar boʻlsa bu tarbiya jarayoni yengilroq kechadi. Zalolatdagilar boʻlsa... ogʻir, juda ogʻir... Shu bois kishi atrofini aql koʻzi bilan kuzatib, yomon davralarni tark etishga jazm etmogʻi shart. Botqoqda turib yuvinib, poklanishga urinishdan naf yoʻq.
Endi tarbiyaning asoslari nimalardan iboratligi xususida fikrlashib olsak:
Fazilatni qoʻriqlaydigan goʻzal axloqni va yaramas yoʻldan, yomon ahvolga tushishdan saqlaydigan hushyorlikni donolar muhim asoslardan hisoblaganlar. Yana: va’daga - vafo, nasibaga - rizo, har bir baxtsizlikka qarshi chidamli boʻlish, haqiqat va toʻgʻrilikka rioya qilish...
Insonni inson boʻlishiga bois tarbiyadir va uch narsaga ehtiyoj sezadi: iste’dodga, ilmga va mashqqa.
Hazrat Navoiy debdilarkim: «Qobiliyatli odamni tarbiya qilmaslik -zulmkorlikdir. Noqobil odamga esa tarbiya xayfdir. Tarbiyangni ayab, unisini nobud etma, bunisiga tarbiyangni zoe qilma.
Qobilgʻa tarbiyat erur ul nav'kim, guhar,
Tushsa najosat ichra yugay kimsa oni pok.
Gar it uzumiga kishi may birla bersa suv,
Bu tarbiyat bila qila olgʻaymu oni tok.»
(Qobiliyatli kishiga berilgan tarbiya gavhar kabi qiymatlidur. Gavhar najosatga tushsa ham yuvilsa tozalanadi, qiymatini yoʻqotmaydi. Ituzum may bilan sugʻorilsa ham ituzumligicha qoladi, hech zamon tokka aylanmaydi.)
Bosh aql va ilmga toʻlib toshsa ham, axloqni sira unutmaslik kerak: inson oʻzidagi ma’naviy jihatlarni, vijdon va nafsni tarbiyalashi, ehtirosini boshqara olishi, xunuk odatlarni tark etishi, ilmiy yutuqlarini insoniyat foydasiga yoʻnaltirishi kerak. Yoʻqsa, u toʻgʻri yoʻldan ozishi mumkin. Ya’ni Vatan va xalqini mudofaa qilishga mas'ul harbiy odamning tarbiyasi durust boʻlmasa Vataniga xiyonat etishdan ham qaytmas. Bemorlarni halol va xolis ravishda davolashga qasam ichgan vrach qasamini buzar. Hatto poraxoʻr va sudxoʻr mol-dunyo evaziga yurtini boshqalar qoʻliga mustamlaka qilib berishdan ham tap tortmas.
Tarbiyalash shaxsiy namuna, ogʻzaki yoki yozma nasihat yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ana shu nasihatlarni olmaydigan odam baxtli boʻladimi? (Bu haqda ham avvalgi bobda soʻz yuritib edik, takrorni qusur emas, ta’kid sifatida qabul qilasiz, degan umiddamiz va bundan soʻng ham ahamiyatli masalalarda shu kabi takrorlarga oʻrin beramiz.)
Ba’zilarga nasihat qilsangiz malol oladi, hatto gʻazablanadi.
-Qizingiz tor shim kiyib, kindigini ochib yuribdi, yaxshi emas,-deysiz. Sizning niyatingiz xolis, bu yurishda yosh qizning (Alloh saqlasin!) buzuq yoʻlga kirib ketishi hech gapmas. Ammo birodaringiz buni fikr qilmaydi, unga ayni damda sizning aql oʻrgatishingiz yoqmaydi va deydiki:
-Mening qizim bilan ishing boʻlmasin, oʻzingning bolalaringni tarbiya qilaver.
U nodon janobi Rasuli akramning (s.a.v.) «Ikki musulmon oʻzaro uchrashganida Alloh albatta ularni bir-biridan foydalantiradi», deganlari muborak hadislaridan bexabardir balki? Mazkur hadisda deyilmoqchiki, ikki musulmonning birlashgani ikki qoʻl kabidir: bir-birini yuvib poklaydi. Bitta qoʻl chala yuvadi, oʻzidan boshqasini yuvolmaydi. Ammo ikki qoʻl bir-birini tozalaydi.
Nodonlarga nasihat bir rivoyatni yodga soladi:
Quyosh botib, dunyo yuzini zulmat pardasi qoplaganda jilovsiz izgʻirin har tomonga yugurib, maymunlar toʻdasiga hujum qila boshladi. Bechora maymunlar sovuqdan titrar va isinish uchun chora axtarar edilar. Ular nogoh yaltiroq qurtni koʻrib qoldilar. Uni choʻgʻ deb oʻylab, talay oʻtin yigʻib, atrofiga qaladilar va hadeb puflayverdilar. Daraxt tepasidagi qush ularning bu nodonliklaridan kulib: «Bu olov emas, kechalari yaltirab koʻrinadigan qurt», desa ham e’tibor bermadilar. Shu asnoda oʻtkinchi bir odam ahvolni koʻrdi va qushga qarab: «Oʻzingni koʻp koyitma, ular sening soʻzingga quloq soladigan, foydasiz ishdan voz kechadiganlardan emas. Ularga nasihat qilish - qilichni toshga urish va shakarni suv ostiga berkitish bilan barobardir»,-dedi. Qushning nodonligi maymunlarnikidan qolishmas edi, u odamning nasihatiga quloq solmay, maymunlarning xatosini tushuntirish uchun daraxtdan tushib, ular yoniga keldi. Maymunlar esa... uni oʻrab olib, boshini uzib tashladilar...
Hazrat Navoiy bejiz aytmaganlar: «Telba qulogʻiga pand - quyun oyogʻiga band» - ya’nikim, nodonga nasihat qilganing - boʻronning oyogʻini kishanlab olishga urinish kabidir...
Ayrim birodarlarimizning nasihatga munosabatlari sal boshqacharoq. Ular nasihatni keskin rad etmaydilar, ammo iymon yoʻlidan yurishni galga solaveradilar.
-Ichmang, birodar, haromdan hazar qiling,-deysiz.
-Xoʻp, tashlayman, falon tashvishimdan qutilib olay...-deydi.
-Qimor oʻynamang...
-Xoʻp, keyingi oydan tashlayman...
-Savob ishlarga ragʻbat qiling...
-Xoʻp... xoʻp...
Oʻnlab hatto yuzlab «xoʻp», «xoʻp»... ammo ahdida turmaydi. Nasihatni davom ettirsangiz «irodam boʻshlik qilyapti», kabi bahonalarni taxlab tashlaydi. Ehtimol chindanam irodasi boʻshdir. Biroq, buning iymon zaifligidan ekanini anglaydimi u birodarimiz? Nasihatga koʻnsa-da, galga tashlayotgan, amalga oshirishni orqaga surayotgan bu birodarimiz hali uzoq umr koʻraman, har qanday savobga ulguraman, deb oʻylaydi. Ertaga boʻlmasa indinga albatta tuzalishiga umid qiladi. Ammo bu umid insonni mahv etuvchi tuygʻu ekanini anglab yetolmaydi. Axir kishi savobli ishni bir kun emas, hatto bir daqiqa ham ortga surishi mumkin emas-ku! Har bir odam, yoshmi-qarimi - farqi yoʻq, «hozir yoki bir ozdan soʻng oʻlib qolishim mumkin. Darhol tavba qilib, yaxshi odam boʻlay, yomon ishlarimni tashlay», deyishi zarur emasmi? Loqaydlik, ayshu farogʻat bilan umr oʻtkazish, toat-ibodat gʻamini yemaslik koʻngilni oʻldiradi, bora-bora insonni mahv etadi. Hazrat Navoiy ta’kid etganlaridek: «shafqatli nasihatgoʻy gapini tinglamaganning
jazosi - afsuslanmoq va oʻzini koyimoqdir». Hazrat Hofiz Sheroziy deydilarkim: «Dono qariyalarning nasihatiga baxtli yoshlargina quloq soladilar». Abdurahmon Jomiy esa bunday deydilar:
«Quloqdan dilingga gar kirmasa nur
Sichqon kavagidan ne farqi boʻlur?»
Donolardan biri degan ekan: «Ey doʻstim, agar senda fazl daryosining dur-gavhari bor boʻlsa, ularni nasihatlaringni qabul qilib, shu nasihatlarga amal qiluvchi yaxshilarning oyoqlari ostiga toʻk. Nasihatlaring zoe ketmaydi».
Xalqimizda «Gapni gapir uqqanga - jonni jonga suqqanga» degan ibratli maqol bor. Ma’lumingizkim, hazrati Soʻfiy Ollohyor «Sabotul ojiziyn» asarlarini avval fors tilida yozib soʻng turkiy tilda ham bayon qilganlar:
Oʻzimdek xastalar boʻlgʻaymu deb shod,
Nasoyihdin ham andak ayladim yod.
Demoqchilarkim: «Bu kitobni turkiy bilan yozganimning yana bir sababi shuki, oʻzim kabi xasta koʻngillar uni oʻqib quvonsinlar. Buning uchun bir oz nasihat soʻzlar ham aytdimki, oʻqiganlar oʻgitlansinlar. Zeroki, esi bor kishi oz nasihatdan koʻp ibrat olar. Ammo bir ahmoq uchun va’zdan katta kitob oʻqib bersang ham zarra foyda olmaydi».
Nasihat tinglamas dili saxt mahjub,
Koʻkarmas, toshga yagʻmur yogʻsa ham koʻp.
Demoqchilarkim: «Tosh ustiga qanchalik koʻp yomgʻir yogʻib suv tushsa-da, oʻt chiqib koʻkarmagani kabi koʻngli qotgan kishilarga qanchalik oʻgitlar qilsang ham quloqlariga olmaslar. Oʻzlari uchun biror foyda ola bilmaslar».
Bu fikr Baqara surasidagi: «soʻngra shunday moʻ'jizalarni koʻrgandan keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, u dillar tosh kabidir», oyati karimasi bilan quvvatlanadi. Yoki Hashr surasidagi «doʻzax egalari bilan jannat egalari barobar boʻlmas», oyati karimasini «xayrli nasihatlarni quloqqa olib, itoat etuvchilar, oʻzlarini hidoyat yoʻlida tarbiya qiluvchilar - jannat egalaridir, zalolatni tanlagan, nasihatlarga ters qaraganlar esa oʻzlariga oʻzlari doʻzaxni tanlagandirlar» degan ma’noda talqin qilsa ham boʻlar, vallohi a’lam!
Mazkur oyati karimaning davomiga diqqat qilaylik: «Agar biz ushbu Qur'onni biron toqqa nozil qilganimizda, albatta Siz u togʻni Allohning qoʻrquvidan egilib-yorilib ketgan holida koʻrgan boʻlur edingiz». Mazkurdan «ayrim insonlarning dillari togʻning toshidan ham qattiqroq boʻlgani sababli ularga Qur'on oyatlari ham ta’sir qilmas», degan ma’noni uqsak ham boʻladi. Alloh shunday kimsalardan boʻlib qolishdan barchalarimizni, qiyomatga qadar tugʻiladigan zurriyodlarimizni ham asrasin!
Ogʻzaki nasihatlarni kunda koʻp martalab eshitamiz. Avvalo nasihatning ta’siri nasihatgoʻyning aqliga, bilimiga bogʻliq. Shuningdek, qanday vaziyatda nasihat qilish ham muhim. Mast odamga «ichma» deb nasihat qilish - shamolga qarshi qichqirish kabidir. Gʻazabga minib birovni soʻkayotgan odamning qulogʻiga ham soʻkishning gunoh ekani haqidagi nasihatlar kirmaydi. Nasihatgoʻy tarbiyasidagi odamning yoshi, aql darajasini, ayni damdagi ruhiy holatini ham hisobga olishi shart. Aynan bir mavzu, masalan, soʻkish haqida oʻn yoshli va yigirma yoshli bolaga bir xilda, bir xil uslubda gapirilmaydi. Tarbiya jarayonida donolarning «yoshlik -beparvolik, yigitlik - bir musobaqa, qarilik esa taassufdir», degan ta’kidlarini unutmasak durust boʻladi. Nasihat deganda biz kattaning yoshga oʻgitini tushunadigan boʻlib qolganmiz. Keksaroq odamga nasihat qilish bizga gʻalati tuyuladi. Holbuki tarbiya keksalar uchun ham zarur. Tarbiya ma’lum yoshga yetgach toʻxtamaydi. Barchamiz yaxshi biladigan «Beshikdan qabrga qadar ilm egalla» deyilguvchi hadisi sharif bizlarni shunga da’vat etadi. Alhol, ilm olish ham tarbiyaning muhim asosidir.
Nasihatning yana muhim shartlaridan biri - nasihatgoʻy nasihat qilish uchun ma’naviy huquqqa ega boʻlishi kerak. Ya’ni u biron fazilatni egallash haqida nasihat qilyaptimi, demak bu fazilat uning oʻzida boʻlishi kerak. «Birovning haqiga xiyonat qilma», deb aql oʻrgatsa-yu, oʻzi bozorda tarozidan urib tursa, gaplarining ta’siri boʻlmaydi.
Tarbiyachilik, nasihatgoʻylik - mas'uliyatdir. Chunki bu vazifa Alloh tomonidan buyurilgandir. Hadisi qudsiyda oʻqiymiz: «Bandalarimning ibodatlari ichida menga suyumlirogʻi -mening yoʻlimda yaxshi amallarga targʻib hamda xolis nasihat qilishdir». E’tibor beraylik: xolis nasihat ibodatlar oʻrnida tilga olinyapti. Imom Termiziy rivoyat qilgan sharafli hadisda Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: «Insonlarga yaxshilikni oʻrgatuvchi kishiga Alloh taolo, Uning farishtalari, osmon va yer ahli, hattoki kavakdagi chumoli, dengizdagi baliqlargacha -hammasi salavot aytadi». Koʻrinib turibdiki, toʻgʻri yoʻldagi tarbiyachi - nasihatgoʻyning martabasi shu qadar baland ekan. Demak, zimmasidagi mas'uliyat undanda balandroqdir.
Ilm oʻrgatadigan dargohlar koʻp: oʻrta maktablar, litseylar, kollejlar, institutlar, universitetlar, magistraturalar, aspiranturalar... Oʻrganish, oʻrgatish, ilm olish bor, ammo yaxshi tarbiya ta’limini qaerda oʻrganamiz? Ya’ni sevgini, marhamatni, oʻz manfaatimizdan kechib, boshqa bir insonni quvontirishni, xolis, muxlis boʻlishni qaerda oʻrganishimiz kerak? Bir-birimizni sevishni, bir-birimizga hurmat koʻrsatishni qanday oʻrganamiz? Bunga ham ustoz lozim...
Maktablarda odob darslari bor... haftasiga bir soat... Sahroda haftasiga bir tomchi suv bilan sugʻorib daraxt koʻkartirish mumkinmi? Yana... maktabda «soʻkma» deb oʻrgatadilar, uyga borganida soʻkishdan boshqa narsani eshitmaydi...
Mavlono Rumiy: «Modomiki, yunonlarning falsafasini oʻrganibsan, iymonlilarning ham falsafasini oʻrgan, u ham kerak!» - degan ekanlar. Endi gap boshqalardan oʻrganish haqida. Toʻgʻri, Amerikadan yoki Yevropadan oʻrganadigan jihatlarimiz ham bor. Aytaylik, kitobga boʻlgan qiziqish kabi. Ammo inkor etadigan tomonlarimiz koʻproq. Ularning oʻzlariga xos odob-axloqlarini kamsitmagan holda agar xolis ravishda taqqoslasak, koʻp jihatdan oʻzimizniki afzal ekanini koʻramiz. Masalan: ularning olijanobliklari bizning olijanobligimiz kabi emas. Ularning mehr-oqibatlari bizlarning mehr-oqibatlarimiz singari emas...
Oʻtgan yigirmanchi asrda jadidlar tarbiya haqida fikr yuritganlarida Yevropadan koʻp narsa olishga undaganlar. Millatning ravnaqini shu bilan bogʻlaganlar. Yevropaning ilm-fanda, madaniyatda ilgʻor ekaniga mahliyo boʻlganlar. Ularning fikriga bugun toʻgʻridan-toʻgʻri ergasha olmaymiz. Chunki tarbiya sohasida Amerika ham Yevropa ham keyingi yuz yil ichida tanazzulga yuz tutgan. Buni oʻzlari ham ba’zan tan oladilar va ijtimoiy sohalarda turli tadqiqotlar oʻtkazadilar. Fransiyalik adib Alber Kamyuning «Begona» degan asariga Nobelʼ mukofoti berilgan. Asar qahramoni hatto oʻzining onasi oʻlimiga ham befarq, sevgi ham uning qalbini yumshata olmaydi, xullas u har qanday mehr-muruvvatdan begona bir ruhsiz tana. Asar qahramoni oddiy bir yigit emas, balki bugungi Yevropaning ramziy timsoli. Buni oʻzlari ham tan olganliklari uchun yuqori mukofotga loyiq koʻrishdi.
Biz mahliyo boʻlayotgan Gʻarb jinoyatchilikka qarshi chora topolmayapti. Koʻz koʻrib, quloq eshitmagan vahshiyliklar oʻsha tomonlarda tugʻilyapti va jahonga tarqayapti. Koʻz koʻrib, quloq eshitmagan ahmoqliklar ham oʻsha yerlarda tugʻilib, yuqumli kasallik kabi tarqayapti. Bunga birgina misol: erkakning erkak bilan (gomoseksualizm), ayolning ayol bilan (lezbiyanka) nikohlanishini nima deb ta’riflash mumkin? Yetti-sakkiz yoshli qizchalarni, oʻgʻil bolalarni oʻgʻirlab, zoʻrlab (pedofil), soʻng oʻldirib yuborishni qanday izohlaymiz? Axir bu vahshiyliklar ommaviy tus olyapti-ku? Yaxshi, biz bu harom ishlarga Islom dini nuqtai nazaridan baho bermaylik, Rim papasining oʻzi ham bulardan tashvishda-ku? U barcha mamlakatlar boshliqlariga maktub yoʻllab, erkakning erkak bilan, ayolning ayol bilan nikohlanishini man etuvchi davlat qonunlari qabul qilinishini tavsiya etdi. Ammo bu tavsiya inobatga olinmadi. Masalan, Germaniya bundestagi bu masalani muhokama etib, bunday qonunning qabul qilinishi inson huquqlariga ziddir, degan qarorga kelibdi. Ana ahmoqlik! Gap qanday huquq haqida ketyapti? Buzuqlik qilish uchun ularga kim huquq bergan? Ular Lut alayhissalom qavmiga Alloh tomonidan yuborilgan qattiq jazoga nima sabab boʻlganini bilmasmikinlar?
Xoʻsh, endi aytaylik, bugunda Gʻarbdan nima olishimiz mumkin? Biz olmaymiz, deb rad etsakda, bu hayvoniy axloqlarni targʻib qiluvchi omillar turli kitoblar, internet tarmoqlari, televidenie orqali uyimizgacha kirib kelyapti-ku? Ularni qanday daf qilamiz? Bu haqda hech oʻylab koʻrganmisiz? Oʻzimizda aytaylik, «erotik tarbiya» degan ahmaqona yoʻnalish tarafdorlari bor. Ular oʻsmirlarning shahvoniy hirsini uygʻotuvchi suratlar, filʼmlarni koʻrsatish bilan bolalarni tarbiya qilishmoqchi. Siz bunga nima deysiz? Ularga qarshi qanday chora-tadbir qoʻllashimiz mumkin? Bir birodarimiz uyidagi televizorni berkitib tashlabdi. Shu bilan maqsadga yetamizmi? Koʻchalardagi internetklublar, videobarlar, diskotekalarchi?.. Uyingizdan ancha uzoqqa joylashgan litsey yoki kollejga «oʻqishga ketdim», degan farzandingizning bu joylarga kirmay kelishiga ishonchingiz komilmi? Qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ bilan osh-ovqatni baham koʻramiz. Ziyofatlarda tinmaymiz, bir-birimizga gap bermaymiz. Ana shu suhbatlarga diqqat qilaylik: tarbiya va uning usullari haqida hech soʻz yuritamizmi? Yoʻq! Nari borsa birovimiz farzandimizning qaysar boʻlib borayotganini aytib shikoyat qilib qoʻyamiz. Endi esimizni yigʻib olaylik! Agar sel kelsa yakka-yolgʻiz holda jon saqlash mahol. Bir-birimizning yordamimizga muhtoj boʻlamiz. Qaraylik: yomon tarbiya seli yopirilyapti, oʻzimizning ruhiyatimizni, farzandlarimizni, yaqinlarimizni bu balo selidan qutqarish uchun qoʻlni qoʻlga berish vaqti yetmadimikin? Qoʻlni qoʻlga berish - shunchaki quruq gap emas. Polshaliklar buni amalda isbot etishgan. Bir kun, bir soat butun mamlakat aholisi koʻchaga chiqib, qoʻlni qoʻlga berib, jonli zanjir hosil qilishgan va giyohvandlikka qarshi kurashish yoʻlida yakdil ekanliklarini ifoda etishgan.
Keyingi yillarda ilm dargohlarida islohotlar boʻlyapti. Qandaydir inglizcha sohalarni oʻrgatadigan muassasalar, jamiyatshunoslik, ruhiyatshunoslik, iqtisodiyot va shu kabi dargohlar mavjud. Yana Gʻarbdagi turli fondlarning boʻlimlari katta-katta pullar sarf qilib, nimalar bilandir shugʻullanishadi. Bular yaxshidir, bular jamiyat uchun zarurdir balki.
Lekin, takror soʻraymiz, insonga qaerda axloq oʻrgatiladi? Inson qaerda axloq ilmi bilan ta’minlanadi? Gap oʻrgatish, ilm berish haqida borayotgani yoʻq. Oʻrgatmoq - qaysidir sohaga oid ma’lumot berish deganidir. Oʻquv dargohlarida ilmli, ma’lumotli boʻladi, ammo odam boʻlish... Xalqimiz bekorga «Olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin», demagan. Shuning uchun tarbiyaning zarurligini yana qayta-qayta ta’kidlaymiz. Adabni, tarbiyani olganidan soʻng kishi haqiqiy komil inson darajasiga yetishi mumkin. Oʻzimizdagi yoki chetdagi universitetda faqat ilm olish bilan cheklangan zamonaviy bir inson komil odam boʻla olarmikin? Chinakam goʻzallik nima ekanini his eta olarmikin?
Sayyidimiz Rasuli akram (s.a.v.) «Alloh goʻzaldir, goʻzallikni sevadi», - deb marhamat qiladilar. Ha, Oʻzi goʻzaldir, goʻzallikni yaratgandir va goʻzal boʻlgan narsani sevadi. Shuning uchun insonda goʻzallik tuygʻusi, goʻzal axloq boʻlishi shart. Goʻzallikka maftunlik - har bir ishni goʻzal tarzda, ya’ni goʻzal axloq bilan bajarish talab etiladi. «Alloh sizlardan ishini mukammal tarzda bajaradiganingizni sevadi. Unday insonga marhamat qiladi», deb bashorat qiladilar janobi Rasululloh (s.a.v.). Bu oʻrinda musulmon kishining ishi sifatiga ahamiyat berilyapti. Islomda bir ishni sifatli bajarishga amr bor, ya’ni bajarayotgan ishini goʻzal ravishda qilishi shart: qilichi eng oʻtkir boʻlishi lozim, chinnisi eng goʻzal chinni boʻlishi zarur, imoratlari eng goʻzal obida boʻlishi kerak. Asrlar davomida qad rostlab turishi, buzilmasligi, xarob boʻlmasligi, mangu va goʻzal boʻlishi shart. Xullas, qoʻl urgan har bir ishni goʻzal va mukammal qilish, eng yuksak darajada, eng sifatli tarzda, muvaffaqiyatli ado etish uchun yaxshi tarbiya berilmogʻi zarurdir.
Abu Rayhon Beruniy hazratlari goʻzallikni «tashqi va ichki» deb boʻlib, shunday fikr bildirgan ekanlar:
-Tashqi goʻzallik, qiyofadagi jamol - bular ikkovi ham yoqimli boʻlishi kerak, odamlar oʻzaro uchrashganlarida ushbu goʻzal jamolni koʻrishga ragʻbat qiladilar. Lekin shakl chiroyi ona qornida ato qilinadi, uni oʻzgartirishga hech bir zot qodir emas. Ammo xulq-atvorga kelsak, uni Allohning amrlariga muvofiq davolab, tarbiyalab, goʻzal - pokiza tutib, yomon hollarga tushirmaslik mumkin.
Ummi Dardo (roziyallohu anho) aytibdilarkim: «Kechalarning birida Abu Dardo namoz oʻqish uchun oʻrinlaridan turdilar-da, tong otgunicha: «Ey Alloh! Meni chiroyli qilib yaratganingdek, axloqimni chiroyli qil!» - deb yigʻlab chiqdilar. Shunda men u zotdan: «Ey Abu Dardo! Nima uchun tun boʻyi qilgan duoyingiz faqat axloqingizni chiroyli va yaxshi qilish haqida boʻldi?» - deb soʻradim. Abu Dardo: «Bir musulmon banda oʻz axloqini yaxshilashga harakat qilaverib, oxiri shu yaxshi axloqi uni jannatga kiritadi. Agar u axloqini yomon qilaversa, shu yomon axloqi uni doʻzaxga kiritadi», - dedilar».
Islomning biror amri behuda emas. Uning amrlaridan har biri amaliy bir tadbirga bogʻlangandir. Islomning goʻzalligi nasihatni nazariy holga tashlab qoʻymay, albatta tatbiqini koʻrsatganidadir. Tarbiya ham aynan shunday.
Islomda ajoyib bir tarbiya tizimi, ichki tarbiya, axloq tarbiyasi bor. Jamiyatning komil insonga ehtiyoji bormi, demak, Islomga ham ehtiyoji bor. Din haqida bilmay turib gapiradiganlar qaysarlik, oʻjarlik va behuda gaplarni tashlab, avval Islom dinini chuqur oʻrgansinlar. Uyatsizlik, andishasizlikdan Alloh saqlasin!
Butun dunyoda goʻzal axloqqa ehtiyoj bor. Turli dinlar, guruhlar, jamoalar har xil yoʻllar orqali bu goʻzallikka erishish uchun harakat qiladilar, yoʻllar axtaradilar. Ularning aksari adash yoʻllarda sarsari boʻlib oʻtadilar bu dunyodan, ayrimlari esa halokat jariga ham qulaydilar.
Insonlarni qanday tarbiyalashni Islom yaxshi biladi. Soʻzdan - ma’noga, shakldan - ruhga, zohirdan - botinga kirib borishni biladi. Shu bois Islom shaklga ham e’tibor beradi. Chunki shakllar alaloqibat amalda goʻzal ma’naviyatni yuzaga keltiradi. Masalan, salom berilib-berilib oʻzaro muhabbat paydo boʻladi. Shu zaylda Islom muhabbatga, oʻzaro birodarlikka tashviq qiladi.
Muhabbatning esa buyuk savobi bordir. Bir-birlari bilan xafalashganlarning odatlari ma’lum: salom-alik qilmaydilar va shu harakatlari bilan muhabbatni boʻgʻadilar. Oqibat esa bu muhabbatni butunlay oʻldirib qoʻyishlari ham mumkin. Holbuki, bir inson boshqa bir insonning toʻgʻri yoʻlga kirishiga vasila boʻlishi, uni jahannam yoʻlidan qaytarib, jannat yoʻliga boshlashi, jannatiy boʻlishiga sababchi boʻlishi dunyodagi barcha narsaga ega chiqishdan koʻra yaxshiroq va xayrliroqdir.
Musulmonlik - goʻzal, ammo musulmonlar orasida qusurli, nuqsonli birodarlarimiz, opa-singillarimiz ham borki, bu bizning afsusimiz, bu bizning qalbimiz jarohatidir. Birodarlarimiz, opa-singillarimizni qusur va nuqsonlardan qutulishlariga har birimiz imkonimiz qadar koʻmaklashishimiz lozim boʻladi. Buning uchun dinni bilishimiz kerak va bu bilimni tinmay boyitib borishimiz shart. Fiqh kitoblarida «Inson foydasiga va zarariga boʻlgan narsalarni bilishi lozimdir», deb ta’kidlanadi. «Qaysi narsa mening foydamga, qaysisi zararimga - buni bilsam, dinni yaxshi bilaman», degani bu. Din - axloqni tuzatishning eng yaxshi yoʻlidir.
Kishi Islomga kirdi, besh vaqt namoz oʻqiyapti, degani hali Islom axloqini egalladi, degan gap emas. Namozini oʻqib, gʻiybatdan boʻshamaydiganlar ozmi, boshqalarga zulm qiluvchilar-chi? Poraning nomini «hadya» deb oʻzgartirib, haromdan qaytmayotganlar-chi? Ha, musulmon, agar oʻzini oʻzi tarbiya etolmasa oqibatda bu yomon odatlarning quliga aylanib qolish ehtimoli ham bor. Kin, adovat, hasad, kibrlanish, baxillik... kabilar yomon odatlardan ekanini va bular «axloqi zamima» deb atalishini bilamiz, ammo afsuski, undan qutulishga hammamiz ham ragʻbat qilmaymiz, namozimizni oʻqib yuraveramiz. Bir birodarimiz boshqa birov bilan achchiqlanib qolsa, darrov portfelidan joynamozini chiqarib: «nima deyapsan, men namoz oʻqiyman!» deb da’vo qiladi. Biz buni Islom axloqi, deya olamizmi? Albatta yoʻq! (Bu oʻrinda muhtaram suhbatdoshlarimizga uzrimizni ham aytib oʻtmogʻimiz lozim: illatlarni tilga olgan kezlarimizda bular Islom diniga taalluqli degan fikr zinhor xayolingizga kelmasin. Yana ta’kid etamizkim, Islom dini benuqson, qusur bizlarda bor va tanqidimiz ham dinga emas, oʻzimizga, ayrim birodarlarimizga qaratilgan. Maqsad - biron bir birodarlarimizni malomat qilish emas, balki qaysi illatlardan qay tarzda qutulish masalasiga barchalarimizning diqqatimizni tortish. Ayrim nuqsonlarni gapirganimizda ba’zi birodarlarimiz oʻzlarini koʻrsalar, bizdan ranjimasinlar. Chunki biz faqat bir kishiga xos nuqsonlarni tilga olmaymiz. Bir kishiga xos ayb uning oʻziga aytiladi. Adabiyotda koʻpga xos boʻlgan gaplar qalamga olinadi.)
Sahobai kiromlar Rasulullohdan (s.a.v.): «Goʻzal axloq nima, ya Rasulalloh?» deb soʻrashganida, Sayyidimiz javob qildilarkim: «Senga zulm qilganni kechir, senga bermaganga sen ber, sendan aloqasini uzgan bilan aloqa oʻrnat, bordi-keldi qil». Axloq - insonlar orasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi muhim omil ekan, bu kabi hadisi shariflarni nazardan chetda qoldirishimiz mumkin emas.
Yovuzlik, yomonlik, razolat - insondagi yomon xulqning suyukli farzandlari hisoblanadi va uning uch manbai bor: 1.Nafs. 2.Shayton. 3.Jaholat. Nafs va jaholat mavzuiga alohida bob ajratganimiz bois, ayni oʻrinda shayton xususida soʻzlashib olsak:
Shayton - biz koʻrolmaydigan, ammo mavjudligi Qur'oni Karimda bildirilgan maxluq. Barchamiz «Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas uni dushman tutinglar», deb Alloh tomonidan ogohlantirilganmiz. Shaytonning oʻz hizbi, guruhi bor: «shaytonul ins va jin», ya’ni insonlar va jinlar toifasidan ham shaytonlar mavjud. Kishilar orasida shaytonlashgan odamlar bor, koʻrinmaydigan jinlardan ham shaytonlar mavjud, deydilar. Shaytonning oʻz olami bor - uni «shaytanat» derlar. Sulton saltanatni boshqargani kabi, shayton shaytanatni boshqaradi.
Dunyodagi insonlar ikki hizb - guruhdan iboratdurlar: birinchisi - hizbulloh, ikkinchisi -hizbushshayton. (Bu atamalarning siyosiy yoʻnalishdagi guruh va oqimlarga mutlaqo aloqasi yoʻq. Bu oʻrinda ruhiy olam tafovuti nazarda tutilyapti.)
Shayton inson ustidan qat'iy hukm yurgiza olmaydi. Agar insonda mayl boʻlmasa shayton unga oʻz ta’sirini oʻtkaza olmaydi. Alloh taborak va taolo marhamat qiladi: «Albatta iymon keltirgan va yolgʻiz Parvardigorlariga tavakkul qilgan zotlar ustida (shayton) uchun hech qanday saltanat - hukmronlik yoʻqdir. Uning (shaytonning) hukmronligi faqat (uni) doʻst tutib, (Allohga) sherik qilib oladigan kimsalar ustidadir». Demak, shayton moʻ'minlarga osonlikcha ta’sir eta olmaydi. Faqatgina vasvasa qiladi. Gunoh ishlarni insonning koʻz oʻngida birma-bir jilolantirib, ulardan birini tanlash uchun inson qalbini vasvasaga soladi. La’natlangan shaytonning Rasululloh (s.a.v.) bilan boʻlgan suhbatida uning oʻzi buni ta’kid etadi: «...qaraganlarga ayolni chiroyli qilib koʻrsataman. Unga ba’zi ishlarni qildiraman. Masalan, «qoʻlingni, bilaklaringni tashqariga chiqar, koʻrsat hammaga», deyman. Ayol darhol bu amrni bajaradi. Qoʻl-bilaklarini ochib, koʻrsatadi. Keyin bu ayolning hayo pardasini tirnoqlarim bilan yirtaman... Ey Muhammad, biron kimsani zalolatga olib borish uchun qoʻlimda imkon yoʻq. Men faqat vasvasaga solaman, bir narsani chiroyli qilib koʻrsataman, xalos. Agar zalolatga olib borish uchun qoʻlimda imkoniyat boʻlsa edi, yer yuzida «La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh», deydiganlarni, roʻza tutadiganlarni, namoz oʻqiydiganlarni hech holi qoʻymasdim. Barchasini zalolatga boshlardim...»
Ba’zan bir ayb ish qilib qoʻygan birodarimiz afsus chekadi-da «shayton yoʻldan urdi», deb oʻzini oʻzi himoya qilib ham qoʻyadi: agar shayton adashtirmasa shu aybni qilmas edi. Lekin nima uchun shayton aynan shu birodarimizni yoʻldan ozdira oldi? Nima uchun boshqa birodarimiz shu gunoh ishni qilmadi?
Endi tarbiyada shaxs namunasining oʻrni haqida fikrlashsak. Birovga nasihat qilinganda «Falonchiga oʻxshasang boʻlmaydimi?» yoki «falonchidan oʻrnak olsang-chi!» degan dashnomni eshitib qolamiz. Chindan ham odamda boshqa bir odamning yaxshi fazilatlariga intilish mavjud. Ba’zan buning aksi ham boʻlishi mumkin, ya’ni yomonliklarini egallashga intilish ehtimollari ham bor. Oʻtmish jamiyatda shaxs namunasiga juda katta e’tibor berilardi. Buning uchun soxta qahramonlar yasalardi. Bolaga bogʻcha yoshidan boshlab Leninday boʻlish tarbiyasi berilardi. Soxtalikning qanday oqibat bilan tugagani ma’lum. Biz - musulmonlarning baxtimiz shundaki, kimning shaxsidan namuna olishimizni Allohning oʻzi belgilab qoʻyibdi. «Botil mokisun 'alayh» - botil oʻrnak boʻla olmaydi (botil - buzuq, behuda demakdir). Ha, botil oʻrnak boʻla olmaydi. Haq oʻrnak boʻla oladi. Ba’zi birodarlarimiz deydilar:
-Taqsir, falonchi bunday qiladi-ku, menam qilsam-chi?
-Taqsir, falonchi hoji toʻyiga aroq qoʻyibdi-ku, menam qoʻyaverayinmi?
Aziz birodarim, siz buning oʻrniga «Paygʻambarimiz (s.a.v.) shunday qilganlar, men ham shunday qilayin», deb ayting va shunday qiling. Lekin shayton qilgan boʻlsa bu ishdan qayting. Yomon xulq shaytonnikidir, undan qayting. Yomon xulq egasi sizga oʻrnak boʻla olmaydi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) davradagilardan: «Qiyomat kuni menga eng yaqin boʻluvchilaringiz kimligini aytib beraymi?»- deb soʻraganlarida sahobalar jim turishdi. Bu savollarini ikki yo uch marta qaytarganlaridan keyin ular: «Yo Rasulalloh, aytib bering»,-deyishdi. Rasululloh (s.a.v.): «Ular axloqda xalqqa yoqimliroq boʻlganlardir»,- deb marhamat qildilar.
Paygʻambarimizning (s.a.v.) axloqi bilan axloqlanmagan bir odam tushida Rasulullohni koʻribdi. Ajabki, Allohning rasuli unga hech e’tibor bermabdilar. Odamning bundan koʻngli ogʻrib, soʻrabdi:
-Ey Allohning rasuli, mendan xafamisiz?
-Yoʻq,-debdilar Rasululloh (s.a.v.).
-U holda nega menga qaramayapsiz?
-Chunki men seni tanimayman,-debdilar Sarvari olam (s.a.v.).
-Nega tanimaysiz? Men sizning bir ummatingizman. Holbuki, olimlarning aytishlaricha, siz har bir ummatingizni ona oʻz farzandini taniganidan ham yaxshiroq tanir ekansiz.
-Toʻgʻri aytding,-debdilar Paygʻambarimiz (s.a.v.),-lekin men senda mening goʻzal axloqimdan biron alomat koʻrmayapman. Va sening menga hech salot-u saloming kelmadi. Mening ummatimdan birini tanishim - unda axloqimning qay darajada borligiga bogʻliq.
U odam uygʻongach, eshitganlarini oʻylabdi va shu ondayoq Rasululloh (s.a.v.) fe’l-atvorlarini oʻz hayotiga tadbiq etishga kirishibdi. Bir muddat oʻtgach, Allohning rasulini (s.a.v.) tushida takroran koʻribdi. Rasululloh (s.a.v.) darhol:
-Endi seni tanidim, sen uchun shafoat qilaman!-debdilar.
Bunday deyishlariga sabab, endi u odam Rasulullohni (s.a.v.) sevar, ul muhtaram zotning goʻzal axloqiga moslashgan edi.
Fikr qilaylik: biz ham shundaymizmi? Agar bizlarga ham (insha Alloh!) Paygʻambarimizni (s.a.v.) tushimizda koʻrish baxti nasib etib qolsa Sarvari olam (s.a.v.) bizlarni tanirmikinlar?
Abu Abdulloh Jadaliy aytdilarkim: «Oyishadan (roziyallohu anho) Paygʻambarning, alayhissalom, oilalarida xulqlari qanday edi?» - deb soʻradim. Onamiz aytdilar: «Xulqda insonlarning eng goʻzali edilar. Fahsh soʻzlarni soʻzlovchi va fahsh ishlarni qiluvchi emas edilar, bozorlarda baqirib yuruvchi ham emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, aksincha, gunohidan oʻtib, kechirar edilar».
Ey koʻngil, biz-chi? Biz bu masalalarda qandaymiz?
Abdulloh ibn Amr (r.a.) aytadilarkim: «Rasululloh (s.a.v.) koʻpincha: «Ey Rabbim! Men sendan tan sogʻligʻini, nafsning yomon yoʻllarga boshlashdan saqlanishni, Oʻzingga va xalqlaringga ishonchli boʻlishni, yaxshi axloqli boʻlish va taqdirga rozi boʻlishga muyassar qilishingni soʻrayman»,- deb duo qilar edilar».
Biz-chi? Biz duolarimizda Rabbimizdan oʻzimiz va yaqinlarimiz uchun goʻzal axloq tilaganmizmi?
Usoma ibn Shurayj aytdilar: «A’robiylar Rasulullohdan (s.a.v.) soʻradilar: «Yo Rasululloh! Insonlarga berilgan fazilatlarning eng yaxshisi nima?» Rasululloh (s.a.v.) javob berdilar: «Insonlarga berilgan fazilatlarning eng yaxshisi axloqdir».
Mazkur hadisi sharifdan olinguvchi ma’no: axloqning eng yaxshi fazilat ekani va Rasulullohning (s.a.v.) ana shu eng yaxshi fazilat egasi ekanliklari. Takror va takror demoqchimizki, yaxshi xulqni oʻrganish uchun uzoqlardan ma’no izlamaylik, Sarvari olamning (s.a.v.) hayotlarini oʻrganish bizdagi yaxshi xulqlarni tarbiya etishga xizmat etadi. Shuning barobarinda xulofoi roshidin, ulugʻ sahobalar, tobein va taba’a tobeinlarning yaxshi xulqlari ham biz uchun oʻrnakdir. Zotan, ular Paygʻambarimizning (s.a.v.) xulqlarini oʻzlariga singdirgan xayrli zotlardir. Shunday ekan, har birimiz koʻnglimizga murojaat qilib deylikki:
-Ey koʻngil! Nazar sol, dunyodan necha-necha ajdodlar yashab oʻtishdi. Hozir ular qanilar? Sen ularning nomlarini bizning zamonlargacha yetkazib kelgan ishlarni qilishga intil. Oʻshalarga amal qil. Shunda tashvishlaring ariydi. Oʻtmish donolari oʻlimlari arafasida nimalardan afsus-nadomatlar chekishgan boʻlsa, oʻsha ishlardan tiyil!
Yer yuzida biror ummat, guruh, jamoat yoʻqki, Alloh u yerga bir xabarchi, bir ogohlantiruvchi yubormagan boʻlsin. (Masalan: Nuh alayhissalom, Lut alayhissalom...) Chunki inson farzandining nasihatga, tanbehga hamisha ehtiyoji bordir. Rasuli akramning (s.a.v.) irshod faoliyatlarini avliyoullohlar, murshidi komillar, ulamoi a’zam va mashoyixi kiromlar davom ettirib keldilar. Zotan, Paygʻambarimiz (s.a.v.) marhamat qilganlar: «Olimlar - paygʻambarlarning vorislaridir».
Suhbatimiz davomida Paygʻambarimizning, alayhissalom, xulqlaridan bahramand boʻlish haqida yana koʻp fikrlashamiz, insha Alloh. Endi har birimizning boshqalarga va boshqalarning har birimizga boʻlayotgan va boʻladigan ta’sirimiz haqida ham gaplashsak.
Avvalo, bir rivoyat:
Abdurahim ismli bir yigitning goʻzal otiga Mahmud ismli yigit ishqiboz edi, «sotgin», deb koʻp yalinardi, ammo Abdurahim uning iltimoslarini rad etardi. Oxiri Mahmud otga makr-xiyla bilan ega chiqishni ixtiyor qildi. Keksa va xasta odam qiyofasiga kirib Abdurahimning yoʻlini poyladi. Soʻng goʻzal otga minib oʻtayotgan yigit qarshisiga chiqib yalindi:
-Ey marhamatli oʻgʻlim, men manzilimga yetolmay qoldim, qaragin, ehtimol yana ozgina yursam jon taslim qilarman, menga rahm qilib, otingga mingashtirib ol. Haqqingga duolar qilay.
Abdurahim uning makrini anglamay, otiga mindirdi. Mahmud esa otni choptirib qochdi. Sal nari borgach, toʻxtab, manmanlik bilan dedi:
-Ey nodon, sen meni tanimading, men - Mahmudman! Otingni sot, deb qancha yalindim, sotmading. Ana endi otingdan umidingni uz!
Abdurahim uning gapini eshitib, debdi:
-Mayli, otni senga berdim, lekin bu qilgan ishingni birovga ayta koʻrma. Chunki bu aldamchiliging, xiyla-nayranging xalq orasida tarqalsa, koʻp kishilar sening yaramas yoʻlingga kirib ketishlari mumkin. U vaqtda birov-birovning holiga rahm etmaydi. Xalqimiz orasida shafqat, marhamat, muruvvat kabi goʻzal xislatlar yoʻqoladi. Aldamchilik, mugʻombirlik va insofsizlik kabi yaramas illatlar avj oladi. Oʻtinaman, qilgan ishingni hech kimga aytma, men ham yashirin tutaman.
Bu xitob Mahmudga ta’sir qilib, iziga qaytibdi, uzr aytibdi. Abdurahim esa otni unga sotishga rozi boʻlib, oralarida doʻstlik qaror topibdi.
Qissadan hissa: har birimiz qanday ishni qilmaylik, kimgadir oʻrnak boʻlishimiz ehtimoli borligini unutmasligimiz kerak. Oʻtmish jamiyatda, dinga qarshi xuruj boshlaganida eng birinchi ziyolilarni ishga solishgan edi. Ziyolilar dindan chiqib, yomonlik namunasi bilan ommaga oʻrnak boʻlishgandi. Shu bois ayniqsa jamiyatdagi taniqli odamlar har bir gaplarini oʻylab gapirishlari, har bir qadamlarini oʻylab bosishlari taqozo etiladi. Agar kimsa zalolat sari qadam tashladimi, bilsinkim, faqat oʻzi gunohlar olami sari ketmayapti, qaysi bir omi ham unga ergashyaptikim, uning gunohi ham zimmasidadir.
Axloq tarbiyasi - oʻzimizni yaramas mayl-havaslardan saqlash, ta’bimizdagi oliy fikrlarni taraqqiy ettirib, harakatimizni toʻgʻri bir nuqtaga yoʻnaltirish demakdir. Axloq tarbiyasining gʻoyasi - insonlarning komil va goʻzal boʻlishlarini ta’min etishdir. Xulosa qilib aytsak: Tarbiya - inson tabiatining butun qobiliyatlarini muntazam, mutanosib va kelishgan bir suvratda orttiradi, insonni xayrli maqsadiga yetkazadi. Tarbiya - haqiqiy hayot maktabida talabalarga ilm berishdir. Tarbiya - insonlarni fazilatli, jamiyatga foydali qilib yetishtirish uchun eng qisqa yoʻldir. Tarbiyaning maqsadi - insonlarning avloddan avlodga taraqqiy ettirib, insoniyatning umumiy yuksalishiga xizmat qildirishdir.
Mazkur bobga shu tarzda yakun yasaylikda soʻng duo qilaylik:
-Alloh bizlarni musulmon holda, musulmon bir oʻlkada, musulmon ota-onadan ulugʻ bir ne’mat ichida dunyoga keltirgan. Bu ne’matning qadrini, qiymatini bilishni, mukammal, komil musulmon boʻlishni, musulmonlarga, insoniyatga, eng goʻzal xizmatlar qilishni barchalarimizga nasib etsin. Bashariyatga eng foydali insonlardan boʻlishni ham nasib aylasin. Rabbimiz huzuriga vazifasini bajargan, Uning sevgisiga, lutfiga, jannatiga, jamoliga musharraf boʻlgan bir qul oʻlaroq bormoqlikni nasib aylasin. Tarbiya berguvchi - tarbiyachilardan ham, tarbiyani qabul etib, unga amal qilguvchilardan ham Alloh rozi boʻlsin! Omin, ya Rab al-olamiyn!

Sevgan suyganiga etar itoat


Bu bob ishq-muhabbat ta’rifi, uning xillari, qalbdagi jilosi bayonidan iboratdir.
Ishq-muhabbat xususinda koʻp va xoʻb yozilgan. Donolardan biri: «Muhabbat oʻzi eski narsa, ammo har bir qalb uni qaytadan kashf etadi», degan ekan. Kishining mijozi har xil boʻlganidek, uning ishq-muhabbatga doir his va tuygʻulari ham turlichadir. Shuningdek, toqatlarining darajalarida ham tenglik yoʻq. Demoqchimizkim, kishi ishq va muhabbatni bir xilda anglamaydi va qalbi bir xilda yona qolmaydi. Bir kuni Iskandar Zulqarnaynga xabar beribdilarkim:
-Falonchi qizingizni sevib qolibdi!
-Sevib qolgan boʻlsa nima qilishim kerak?-deb soʻrabdi podshoh.
-Uni oʻldirish kerak, farmon bering, - deyishibdi.
-Birov sevgani uchun, boshqa birov esa yomon koʻrgani uchun oʻldirilaverilsa dunyoda odamzotdan nom-nishon qolmaydi-ku?-degan ekan podshoh.
Ajabkim, bizlar ishq-muhabbat deyilganda koʻproq yigit va qiz orasidagi tuygʻuni tushunamiz. Shuaroning, ayniqsa bugungi shoirlarning satrlaridagi ishq va muhabbat shundan oʻzga narsa emas. Holbuki, ishq va muhabbatning qamrovi ancha kengdir. Avvallari «ishq» deyilganda koʻproq bandaning Yaratganga muhabbati tushunilgan va qadim adabiyotda bu oʻz aksini goʻzal hollarda topgan. Yana ota-onaga muhabbat, odamlarning oʻzaro muhabbatlari (buni «hurmat» ham deb ataymiz), ona zaminga, ona Vatanga muhabbat, kasb-koriga muhabbat, farzandlarga muhabbat...
Hazrat Alisher Navoiy ishqning bayonini bunday tasvirlaydilar:
«Ishq - porloq yulduzdir, bashariyat koʻzining nuru ziyosi shundan. Ishq - tovlanib turuvchi gavhardir - insoniyat tojining ziynati va bahosi shundan. Ishq - tole’ quyoshidir, qaygʻuli dillar tikanzori undan gulshan. Ishq - balqib turgan toʻlin oydir, qorongʻi koʻngillar kechasi undan ravshan. Ishq - keng dengizdir, har toʻlqini yuz aqlu xush kemasini gʻarq qiladi. U baland togʻdir, har choʻqqisining oʻtkir qirrasi ming zuhd-taqvo egasining boshini uchiradi. Ishq- kuydiruvchi shu'ladir, koʻpgina jon va koʻngillarni xashakdek yoqadi. Ishq- alangali chaqmoqdir, koʻpgina jonu dillarni yolqini bilan kul qiladi. Ishq - ajdahodir, olamni damiga tortmoq uning tilagi. Ishq - qahrli podshohdir, olam ahlini yoppasiga qirmoq uning maqsadi, u har qancha qon toʻkkani bilan zerikmaydi, u har qancha odamni qon qilsa ham qoniqmaydi. Ishq - yashindir, aqlu din xirmonini kuydiradi, u boʻrondir, kuyganlarning kulini koʻkka sovuradi. Ishq - shunchalar qaysarki, uning oldida podshoh ham gado ham teng, u shunday zulmkorki, uning qoshida iflos-fosiq ham, pokdil oshiq ham bir... Dunyo bozorining gʻavgʻosi va dunyoda bor hamma narsalarning savdoxonasidagi shovqin-suroni - ishq tufaylidir...»
Ahli shuaro: «Agar soʻzning nazm lazzatidan harorati boʻlmasa va she’rning ishq haroratidan kuyishi boʻlmasa, ularni nursiz sham' va boshliqsiz toʻda deb biling», degan fikrni bayon qiladilar. Shu oʻrinda qisqa boʻlsa-da, oʻtmish nazm gulshani xususinda suhbatlashsak. Gap shundaki, ayrim birodarlarimiz oʻtmish nazmida uchraguvchi ishq bayonining barchasi Allohga ishqni anglatadi, deydilar. Bu unchalik toʻgʻri tushuncha emas. Koʻp hollarda shuaro oshiq va ma’shuq hijronlarini bayonini berganda yigit va qizni nazarda tutadilar. Masalan:
Qani Shirin bilan Layliki sendin noz oʻrgansa,
Qani Farhodu Majnunkim, alargʻa ishq oʻrgatsam...
...Koʻzum ravshanligʻida boʻlgʻay, ey Bobur, base kamliq,
Agar qoshi bila yuzin hilolu kunga oʻxshatsam.
Mazkur satrlar alohida sharhga muhtoj emasdur. Endi Hazrati Navoiy baytlariga diqqat qilaylik:
Zohid, senga huru menga jonona kerak,
Jannat senga boʻlsun, menga mayxona kerak.
Bu bayt sovetlar davrida shoirni xudosizlar safida koʻrsatish uchun xizmat qildirildi. Sovet davrining nodon olimlari bu baytni: «Ey bu dunyodan kechgan telba odam, senga jannat va undagi hur qizlar kerak boʻlsa, ola qol. Menga mayxona (ya’ni restoran) va undagi nozli qizlar kerak», deb tushuntirdilar. Oʻrislarda «Har bir odam oʻzining buzuqlik darajasida aqldan ozadi», degan maqol bor. Ehtimol ul aqli noqislar baytni chindan ham shu holda fahm etgandirlar. Ehtimol atayin buzib talqin qilgandilar - bunisi bizga qorongʻu.
Mazkurda shoirlar sultoni demoqchilarkim: «Ey zohid, sening bu dunyodan, xususan ahli ayolingdan kechishingga sabab jannatdagi hurlar ekan, mayli oʻsha hur qizlar senga boʻlaqolsin. Mening esa jannatga kirishdan umidim u qizlar emas, balki Allohim chehrasini koʻrish. Sen jannat orzusida xayol qilib yuraver, menga ma’rifat hosil boʻladigan davra, ya’ni olimlar davrasi kerak.» (Kechayu kunduz koʻp nafl ibodatlarni bajaradiganlarni «obid» derlar. Tarki dunyo qilib ibodatga berilgan taqvodorni «zohid» derlar.)
Toʻgʻri, jannatda yashamoqlik lazzati bor. Ammo chin oshiqlar uchun eng ulugʻ baxt - Yaratganni koʻrish. Chunki Allohning solih bandalariga jannatda koʻrinish va’dasi bor. Jannat yoʻliga Allohni tanigan holda kirish - shoirning maqsadi. Allohni tanish esa ilm orqali boʻladi. Hazrati shayx Samadoniy Boyazid Bistomiy (qoddasallohu sirrahul aziz) debdilarkim: «Orifning kamtar darajasi uldurkim, muhabbat oʻtida yonib tugangay. Bir karra ma’rifat halovati kishining koʻnglida Firdavsdagi ming koʻshkdan afzaldir.» Bu fikrda shayx hazratlari ma’rifatni jannatdagi eng oliy bogʻdan ustun qoʻyib, Firdavsni inkor etayotganlari yoʻq. Aslida bu oliy ne’matga faqat ma’rifat egalari yetishadilar. Demak, fikrda bu ne’matga erishish yoʻli koʻrsatilyaptikim, Navoiy hazratlari «mayxona» afzalligini bayon qilganlarida shu muddaoni koʻzda tutganlar. Xalq orasida, ayniqsa mayxoʻrlikni xushlovchilar orasida qadim adabiyotimizdagi «may», «mayxoʻrlik» soʻzlarini aynan tushunib, oʻzlari uchun fatvo oʻrnida qabul qiluvchilar ham bor. Ayniqsa Umar Hayyomni mayparastlarning piri oʻrnida koʻruvchilar mavjud. Avvalo Umar Hayyomniki deb kelingan ba’zi ruboiylar u zotning ijodlari mahsuli emas ekan, mutaxassislar u kishidan ancha keyin yozilgan ruboiylarni aniqlaganlar. Ikkinchidan, ul zotning asarlarida ramz mavjud. Koʻpchilik «May ich, oqilu dono bilan ich», satrini misol qilib keltiradi. Oddiy mantiq tarozusi bilan oʻlchasak, «oqilu dono» odam aroq ichmasa kerak, agar ichsa, ayniqsa nodon bilan ichsa u oqil va dono boʻlarmikin? Atoqli olimlarimizdan Aliybek Rustamiy deydilarkim: «Kamina birlamchi manbalarni mutoaola qilgunga qadar Umar Hayyomni mayparastlarning piri deb oʻylaganman. Abdurahmon Jomiyning «Ey bodaparastan dar-i mayxona kujast?» ya’ni «Ey mayparastlar, mayxonaning eshigi qaerda?» Navoiyning «Kofirmen agar qilmasam oshom qadah» kabi satrlarni oʻqiganimda bular ichkilikdan parhez qilmagan ekan, degan fikrda boʻlganman. Vaholanki, u azizlar jamiyatni amalparastlik, nafsparastlik, xurofot, urugʻchilik va diniy taassub natijasida kelib chiqadigan illatlardan davolashga harakat qilgan haqparastlar ekan. Jamiyatni sogʻlomlashtirish fikrida boʻlgan ulugʻ bobolarimiz ichkilik, giyohiandlikning hamma turlariga qarshi boʻlganlar.»
Yetuk san'atkorlar, xususan, qadim shuaroning asarlari oʻqilganda uning ikki jihatini -ma’no va suvratini, ya’ni mazmun va shaklini hisobga olish va ma’noning birlamchiligini yodda tutish kerak. Alisher Navoiy hazratlari «ma’no ahli ma’noga, suvrat ahli suvratga boqar», deydilar. Binobarin, asarni toʻgʻri tushunish uchun uning ma’nosiga yetib borish kerak. «May» soʻzi va uning ma’nodoshlari asarning suvratida kelganda ichkilikni bildiradi. Lekin ma’nosida kelganda haqiqat ma’rifati, unga boʻlgan ishqu muhabbat va uni idrok qilgandagi lazzatni bildiradi. Bu holda «may» soʻzi istiora tarzida (badiiy oʻxshatma, bir soʻzning ma’nosini omonatga olib, boshqa ma’noda ishlatish) qoʻllanadi.
Ya’ni, «may» soʻzi mazmunan «haqiqat mayi», «ishq mayi» va «vasl mayi» degan iboralarga teng boʻladi. Bir narsani ikkinchi narsaga oʻxshatish uchun asos kerak. «Ishq, mehru muhabbat bilan may orasida qanday oʻxshashlik bor?» degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu savolga Abdurahmon Jomiy «Lavomi'» degan asarlarida javob berib bu oʻxshashliklardan oʻntasini bayon qilganlar:

may oʻzining asliy oʻrni boʻlmish xum ichida oʻzganing ta’sirisiz oʻzidan-oʻzi qaynab oʻzini koʻrsatishga harakat qilganidek, oshiqlar koʻnglidagi yashirin ishq ham tashqi bir sababsiz gʻalayon qilib, zuhur etishga intiladi.


may oʻz zoti haddida muayyan bir shaklga ega emas, qaysi idishga quyilsa, shu idishning ichki shaklini oladi. Xuddi shuningdek, ishq aslan mutlaq boʻlib, uning zuhuri muhabbat ahlining qobiliyati va iste’dodiga yarasha sodir boʻladi. Oshiqlar orasidagi tafovut ishqning zotiy xususiyatiga emas, ularning koʻngul idishiga bogʻliqdir.
mayning ham ishqning ham siroyati (ta’siri) yalpi jarayondan iboratdir. May kishining hamma a’zolariga ta’sir qilganidek, ishq ham oshiqning qonu joniga kirib, uning butun vujudini egallab oladi.
may oʻzining ichkuchisini, ishq sevguchini mardu saxiy qilib qoʻyadi. Ammo may masti pulni ayamasa, ishq masti jonu jahonini, boru yoʻgʻini baxshida qiladi.
may ham ishq ham kishini botir, qoʻrqmas qilib qoʻyadi. Lekin may botirligi oqibatni koʻruvchi aqlning magʻlub boʻlishidan boʻlsa, ishq shijoati haqiqat nurining gʻolibligidandir. Birinchisi shaxsni falokatu halokatga olib boradi, ikkinchisi abadiy hayotu saodatga boshqaradi.
may ham ishq ham kishi boshidan kibru havoni uchiradi va niyozu tavozuga tushiradi. Biroq, ichkilikning oqibati xorligu razolatdir, pok ishq natijasi izzatu sharofatdir.
may ham ishq ham sirni fosh qiladi. Asrlar davomida ayon boʻlgan haqiqatu ma’rifat sirlarini ishq yuzaga chiqargan.
may ham ishq ham kishini behush qiladi. Ammo may behushligi nodonlik va gʻaflatning eng tuban darajasidir, ishq behushligi esa sezgirlik va ogohlikning eng oliy martabasidir.
mayparast mayni ichgan sari yana koʻproq ichkisi keladi, ishqparast ham ishq dardiga mubtalo boʻlgan sari yana ortiqroq berila boradi. Lekin ichkuchi borgan sari odamiylik qiyofasini yoʻqotaveradi, sevguchining esa insoniy fazilatlari orta boradi.
may ham ishq ham nomus hayo pardasini koʻtaradi. Biroq, ichgan oʻzidan boshqani haqorat qilib, xalqqa ozor berishdan uyalmaydi, sevgan esa oʻzgalar uchun oʻzini xoru zor etmoqlikdan or qilmaydi.
Demak, qadim shuaroning mayparastligi insonparvarlikdan, nohaqlikdan mubarro haqparastlikdan, ilmu fan sevgisiyu ma’rifat ishqidan iborat ekan. May va ishqning yuqorida zikr etilmish oʻxshash jihatlari boʻlsa-da, ammo oqibat jihatidan ular bir-birlariga tamoman ziddir. Mutlaq lazzat haqiqat muhabbatida va uni idrok etishdadir! May haqidagi soʻzni hazrat Soʻfiy Ollohyor baytlari bilan yakunlasak:
Kel, e soqiy, muhabbat jomidin may,
Xaridor ilgina bergil, payopay.
Ma’nosi shulki: kel ey soqiy, muhabbat sharobini bizlarga ichirgil. Uni bu xaridor qoʻliga ustma-ust quyib bergil. Bu yerda «soqiy»dan murod - Allohning Oʻzidir. «Xaridor» - solik.
Layli va Majnunning ishqi haqidagi afsona koʻpchilikka ma’lum. Hazrat Navoiy bu haqda doston ham bitganlar. Keyinroq «Mahbub ul-qulub»da bir hikoyatning bayonini beradilar:
«Naql qilishlaricha, ishqning hajr oʻti Majnun joniga ulashdi, zaif badaniga haroratli u oʻtning alangasi tutashdi. Har qancha muolaja qilsalar ham foyda qilmadi - kasali ortdi, isitma tushmadi. Bemor ogʻirlashib, jon talvasasiga tushganda, kimdir bu ahvoldan Laylini xabardor qildi. Parivashni bu xabar noshod etib, oʻz devonasining holini soʻrash uchun noma yozdi. Bir odam xatni Majnunga yetkazganida, uning tanida jon asari qolmagan edi.
Shu paytda mehribonlari Layli nomasini oʻqiganlarida bemorning eshitayotgani va ta’sirlanganini sezdilar. Har gal noma takror oʻqilganda, bemor taniga jon qayta kirgandek boʻlar edi. Bemor kasaldan tuzalib, sihat-salomat boshini koʻtarguncha bu xatni takror va takror oʻqidi, sogʻaygach esa tumor qilib boʻyniga taqib oldi. Ishq alangasidan Majnunning kasali tuzaldi va u soʻz takroridan badani quvvatga kirdi. Bayt:
Oshiqqa garchi za’fu marazliqdurur mizoj,
Ma’shuq zikri ul marazigʻa erur iloj.»
(Mijozi zaif va kasal oshiqqa yagona davo - ma’shuqni yodlashdir.)
Bu rivoyatni zohiran talqin etib, «Majnun degan yigitning Layli degan qizni sevib qolishi haqida», deb tushunmogʻimiz ham mumkin. Bizningcha, rivoyatning asl ma’nosi uning botinindadir. Ya’ni Allohning quli Majnun - oshiqdir. Oshiq ahlining dardini dunyoviy dorilar bilan davolab boʻlmaydi. Behush oshiqqa ma’shuqdan maktub keldi va u oʻqildi. Maktub -Allohning kalomi. Qur'on esa shifodur. Mavlono Fuzuliyning bu bayti ehtimol soʻzlarimizni isbot etar:
Ishq dardila xusham, el chek ilojimdan tabib,
Qilma darmon kim, halokim zahri darmonimdadir.
Deyilmoqchikim: «Men bu ishq dardi bilan baxtiyorman, sarxushman. (Allohni butun qalbi ila seva olish baxtini hech bir saodatga qiyoslash mumkin emas.) Bu holimdan mamnunman. Ey tabib, sen meni davolashdan qoʻl tort, voz kech! (Axir Alloh oshigʻini davolashga urinish -Allohdan uzoqlantirishga urinish va bu undan buyuk baxtni tortib olib qoʻyish harakati emasmi?) Sen meni davolama, tashla bu doringni, bu dori-darmonda ajalim zahri bor. Men davolansam, nobud boʻlaman. (Mening Allohdan uzoqlashganim - oʻlim bilan barobardir.) Qoʻy, shu oshiqligimcha qolay, shu xastaligimcha oʻlay! (Oʻladigan boʻlsam ham shu oshiqlik holimda dunyoni tark etaykim, men uchun ma’shuqning yuzini koʻrish baxti ham bordir.)» Ishqni «dard» soʻzi bilan ham ifodalaydilar. Ya’nikim, «ishq dardi». Haqiqiy ishq ahli bu dunyoda ishq dardiga shifo izlamas, shuning uchunkim, bu halokatdir. Ishq dardiga bu dunyoda shifo talab etmoq - nafsi xitobiga quloq tutmoqdir. Demak, qalb Alloh jamoliga mushtoq emas ekan, oʻz farogʻatiga intiq ekan.
Demak, oshiq va ma’shuqni ikki koʻrinishda anglayapmiz: qiz va yigit oʻrtasidagi sevgi, Alloh va banda orasidagi ishq. Bu ikki tushuncha bir-birini inkor etmaydimi? Ikkala ishq bir qalbdan oʻrin olishi mumkinmi? Yigit va qiz orasidagi ishq ixtiyorsiz ravishda tugʻiladi, yashaydi, ma’lum muddatdan soʻng halok boʻlishi ham mumkin. Bu ishq yoʻlidagi aziyatlar qoʻshilish onida tugaydi. Ilohiy ishq esa oʻzgachadir va bu haqda keyinroq fikr yuritamiz. Hozir ikki ishqning bir qalbdan qay holda oʻrin olishi haqidagi rivoyatlar bilan tanishamiz. Abu Homid Gʻazzoliy hazratlaridan oʻqiymiz:
Sevgi - inson tabiatini zavqlantiruvchi huzurbash lazzatga mayl etishidir. Sevgining oliy darajasi «Ishq» deyiladi. Oshiqlar oʻz ma’shuqalarining visoliga yetishmoq uchun hech nimalarini, hattoki jonlarini ham ayamagaylar. Hazrat Yusufni sevib, tillarda doston boʻlgan Zulayho buning yorqin misolidir. Chindan ham Zulayho ishq yoʻlida mol-mulkini, hatto goʻzalligini ham yoʻqotadi. U
etmish tuyaga yuk boʻladigan inju javohirga sohiba edi. Bebaho zebigardonlarini Hazrat Yusufga boʻlgan ishqi yoʻlida sarf etadi. Kimda-kim «Men bugun Yusufni koʻrdim», desa unga qimmatli marjonlaridan birini berardi. Shu tariqa, sovgʻa eta-eta hech bir narsasi qolmaydi. Har narsani «Yusuf!» deb chaqirardi. Unga boʻlgan cheksiz ishqi tufayli «Yusuf» kalimasidan boshqa hamma soʻzlarni unutgandi. Bosh koʻtarib koʻkka qarasa, yulduzlar marjonday tizilib, «Yusuf» ismini yozganday boʻlib koʻrinardilar.
Yana rivoyat qiladilarki, Zulayho iymonga kelib, Hazrat Yusufga tekkanidan keyin, oʻzini ul zotdan chetlatishga urinadi va toat-ibodatga berilib, uzlatga chekina boshlaydi.
Endi bu ishqi Ishqning haqiqiy sohibi Allohga qaratilgan edi. Ahvol shunday ediki, Hazrat Yusuf uni tunda yotoqqa da’vat etsalar, u visol onini kunduzga surar, kunduz da’vat etsa, fursatni tunga surar va shunday derdi:
-Ey Yusuf, men sizni Allohni tanimasdan oldin sevgandim. Lekin uni tanigandan keyin aslida unga oid boʻlgan sevgidan boshqasiga oʻrin qolmadi. Allohdan boʻlgan bu sevgimga boshqani sherik qilmayman.»
Ikkinchi rivoyat bundan bir oz farq qiladi. Qadimdan mashhur boʻlgan shayx San'on voqeasi ibrat jihatidan juda muhimdir. Oʻn birinchi - oʻn ikkinchi asrlarda yashagan shayx San'on (ibn Saqqo)ning otashin sevgisi haqidagi qissa dunyoga mashhurdir. Badiiy adabiyotda bu qissani birinchi boʻlib Farididdin Attor 1221 yilda «Mantiqut-tayr» asarlarida nazmda berganlar. Biz hazrat Alisher Navoiy ijod yoʻllarining yakuni hisoblanmish «Lisonut-tayr» dostonlarining bugungi tilga moslashtirilgan nasriy bayonidan foydalanamiz.
Shayx San'on dargohga yetishganlardan boʻlib, koʻngillari gʻayb sirlaridan ogoh edi. Xaloyiqqa toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchilardan biri boʻlib, Ka’badagi barcha shayxlarning shayxi edilar. Biron bir gʻamgin kishi haqqiga duo qilmoqchi boʻlsalar, maloikalar qoʻl ochib, «omin» derdi. Yaqin kishilari va muridlarining soni toʻrt yuztaga yetar, ularning har biri shayxlarning ulugʻlaridan edi. Agar u zot bir duo qilsalar bormi, hatto ofat dudidan qorayib ketgan olam ham yorishib ketardi. Tushlarida biror narsa koʻrsalar bu voqea boshdan-oyoq oʻnglarida ham yuz berardi. Shunday boʻldiki, bir necha tun davomida bir tushni ketma-ket koʻraverdilar. Oqibat bu tush sabru qaror ipini uzdi. Har uygʻonganlarida oʻzlarining bu hollariga tavba qilardilar. Ul zotni bezovta qilgan tush bunday edi: emishki, Rum mamlakatida sayr qilib yurarmishlar. Eng dahshatlisi shuki, bir butxona ichida mast holda turarmishlar, mastlikdan oʻsha ibodatxona ahli kabi butparastlikka yuz tutgan emishlar. Sirlar xazinasi boʻlmish Shayx bu holdan gʻoyat tashvishga tushib, oʻzlariga dedilarki:
-Bu balodan saqlanib boʻlmaydiganga oʻxshaydi. Oʻsha mamlakatni ham koʻrish kerak. Taqdir qayoqqa yetaklasa, oʻsha tomon borish lozim. Boshimizga nimaiki kelsa, «yo nasib» deb qismatdan koʻramiz.
Shu tarzda oʻsha yurtga borishdan oʻzga chora topmadilar. Keta turib, Ka’baga yuzlarini qoʻydilar va yuz hayajon bilan vidolashmoq uchun uni tavof qildilar. Ming hasrat bilan haram tavofini qilib boʻlgach, Rum iqlimi sari yoʻl oldilar. Tariqat piriga toʻrt yuz yoʻl ahli hamroh boʻldilar. Yoʻlda borarkanlar halok qilgulik har xil savdolar Shayxning koʻngillariga gʻulgʻulalar solardi. Har dam oʻzga bir holatga tushar, bu ogʻir ahvoldan qutulish chorasini topa olmas edilar. Ul zotning bu hollariga doʻstlari hayron qolishar, ularningda aqlu hushlari boshlaridan uchardi. Pirlarining bu gʻarib ahvolidan voqif boʻla olmay, «Sizga nima boʻldi?» degan savollariga javob topa olishmagach, Shayxdan ham koʻproq iztirob chekardilar.
Koʻzlangan manzilga yetishgach, bir butxonaga duch keldilar. Koʻp sirlarni oʻziga yashirgan butxonaning toqi osmon gumbaziga yetar, uning toshlari gʻam va mashaqqat togʻidan keltirilgan boʻlib, gʻishtlari dardu balo tuprogʻidan yasalgan edi. Bino bolaxonasining ayvonchasidan qarab turgan fitnalar kishilarni gʻoyat chorasiz holga solardilar-ki, ulardan qutulishning sira iloji yoʻq edi. Binoning turli balolar maskan tutgan har darchasi ishq nuridan yorishib turar, kunguralari esa iymonga raxna solardi. Har kunguraga terilgan toshlar ishq tigʻidan kesilgan boshlarga oʻxshardi. Bu toshlar din ahli boshini uchirib yuborish, olam uzra toshboʻron qilish uchun moʻljallangandek edi. Fitna toʻdasi yurib oʻtadigan darvozasining halqa va zanjirlari yuz ming nayrangdan iborat boʻlib, ular kishilarni savdo halqasiga oʻrab devona qilar, telbalik zanjiriga oʻrab tashlar edi. Bu binoning ichida ishq oʻti yoqilgan yuzta otashkada bor boʻlib, ularning har birida yuz tuman savdoyilik mavjud edi. Ulardan chiqayotgan qora tutunlar butxona ustini xuddi kufr va isyon zulmati kabi qoplab yotardi. Bu koʻhna dunyo shuncha aylangani bilan bu xil fitnagar butxonani hanuzgacha koʻrmagan edi.
Shu butxonani koʻrgach, Shayx jismida harorat koʻtarildi, koʻngillari iztirobdan betoqat boʻla boshladi. Har dam u zotga xastalik yuzlanib, koʻzlari oʻngida qandaydir oʻzga bir olam namoyon boʻla boshladi. Har tomon oshuftavor qarab yurganlarida koʻzlari beixtiyor bir tarafga tushdi: qarshilarida yuziga parda tortgan goʻzal paydo boʻldi. Bu parda goʻyo uning quyoshdek yuzini berkitib turgan ufqdagi kamalakka oʻxshardi. Shu payt shamol kelib, uning yuzidagi pardani koʻtarib yubordi va bu quyosh nuri har tomonga yoyilib ketdi. Uni quyosh deb atamoqlik ham kamlik
qilur, chunki yuz quyosh ham unga devona boʻlib, uning husni shami atrofida parvonadek edi... Jismi gulgun boʻlib, kiygan koʻylagi goʻyo gul uzra gul edi. Din ahliga qirgʻin keltiruvchi kofirdek qotil koʻzidan barcha bahra olishni istardi. Kimki uning sochi zunnorini xayol qilsa, bu soch uning dinu iymonini poymol etardi. Husnining shu'lasi davronga oʻt solsa, otashin la’lidan jonga oʻt tushardi.
Xullas, ana shu tarso (xristian) qizi bir goʻzal shaklda turardi. Bundan Shayx koʻngillarida chaqmoq chaqilgandek boʻlib, jonlari shu'la dengizida gʻarq boʻldi. Qattiq hayajonda «la havla...» duosini qayta-qayta takrorlab, «tavba!» deb yoqa ushladilar. Ammo u qiz oʻz ruxsorining shu'lasi bilan Shayxning tavbayu duosini kuydirib yubordi. Shayx oʻzdan ketib, tuproqqa yiqilayozdilar. Bu damda qoʻllaridagi xassalari xuddi uy ustuni kabi gavdalarini suyab qoldi. Shundan soʻng hayratga choʻmdilar, hayajonning zoʻridan xassalari va jismlariga shikast yetib, holdan ketdilaru yerga quladilar...
Oxir-oqibat ul zotning toza jonlariga ishq tushdi: qon kabi kirib, butun vujudlarini qoplab oldi. Goh behol boʻlardilar, goh oʻzlariga kelardilar, yoʻldoshlari esa bu ahvoldan lol qolishardi.
Bu oʻrinda moziydan bugunga bir nafasga qaytsak: diqqat qilaylikki, Shayxni behol qilgan narsa - uning qalbidagi Allohga boʻlgan Ishq oʻrnini tarso qiziga boʻlgan mahliyolik egallay boshladi. Bu ham Allohning irodasi. Shayxni imtihon qilish barobarida bizlarga ham bir oʻrnakdir. Shayxlarning ulugʻi martabasiga yetgan taqvo egasiki vaqti kelganda shayton vasvasasini - nafsini yenga olmadimi, bizlar har qadamimizni oʻylab bosishimiz shart ekan. Allohning muhabbatiga yetishish oson emasligini bir nafas ham unutmasligimiz lozim ekan. «Men namoz oʻqiyapman, roʻza tutyapmanmi, demak, Allohning mehrini qozondim, shu holimcha oʻlaman va toʻgʻri jannatga boraman», degan xayolda xotirjam yurish esa nojoiz ekan. Allohning imtihoni, shayton bilan olishuvimiz to jonimiz chiqquniga qadar davom etajagini unutmasak yanada yaxshi. Hazrat Xoja Ahmad Yassaviyning: «Shayton gʻolib, jon chiqarda shoshdim mano...» deyishlari bejiz emas...
Yana rivoyatga qaytsak:
Tun mamlakati kunni qoraytib, atrofni oʻsha butxonadagi kufr zulmati kabi qorongʻulik qopladi. Shayxning boshlariga shu tun kabi qora qismat tushgan, ul zotning tobe’ kishilari ham qora musibat buluti bilan oʻralgan edilar. Ularning hammalari oʻsha mugʻ dayri (majusiylar ibodatxonasi) tuprogʻida, tuproq emas, balki balolar togʻida qoldilar. Shayxning boshlariga tushgan qora tunni hali hech bir odamzot koʻrgan emasdi... Tun osmonda baxtsizlik pardalarini yoydi... Osmon koʻzlaridan yulduzlar sochib, Shayx ahvoliga motamdan nishon bildirardi... Ishq Shayxning jism ila jonlariga oʻt yoqqan, kufr dinu iymonlariga oʻt solgan edi. Gʻarib hollariga yigʻlab dedilarkim:
-Har dam qaygʻu-musibatim ortib bormoqda. Ey falak! Menga nelar qilmoqdasan? Tinchligimni buzib, ishq sari boshlading, yonar yuz oʻt ichra meni tashlading. Koʻnglimga avval ravshan quyoshni koʻrguzib, keyin uni yashirgancha, gʻam shomiga tutqun etding! Gʻam shomigina emas, balki osmon boʻshligʻidagi yaratilish chehrasini qaro qilding! Gʻam doʻzaxining dudi olamni tutib ketdi... Jismim, a’zoyi badanim, sezgilarim va aqlu hushim ishqdan shunday parda yopindilarki, goʻyo ularning hech biri mavjud emasdek, ishq zulmidan hammasi nobud boʻlgandek tuyulmoqda...
...boshimni cheksiz gʻamdan qutqarmoq uchun toshga urib tilka-pora qilmoqlikka quvvat qani?!
...oʻzimni qoʻlga olishga, aqldan ozishimga toʻsqinlik qiladigan hush qani?!
...ishq tadbirlarini aytib beradigan, vayron boʻlgan koʻngulni tinglaydigan aql qani?!
...dardimga chora qiladigan yoki bagʻrim porasiga davo beradigan sabr qani?!
...holim gʻamini yeyuvchi koʻngil qani?! Axir u ham hozir oʻlik sonida-ku!..
...bir nafas urguchalik tagʻin jon qani?! Koʻngil kabi uni ham izlab topa olmayman!..
-Menga bu yoʻl ne balolik yoʻl edi?! Axir bundan battarrogʻi boʻlishi mumkin emas-ku! Umrni bu yangligʻ xoru zor koʻrguncha hargiz tirik boʻlmaganim yaxshiroq emasmidi?! Bir xatar chaqmogʻi tushib, vujudimdan asar qoldirmasa nima qilardi?!
-Doʻstlar! Menga madad bersangiz - jam boʻlib men zorni oʻldirsangiz nimangiz ketardi!.. Toinki bu olam orimdan, bashariyat ahli esa afgʻonu zorimdan qutulsin. Birodarlar, jonimga qatl tigʻini uring! Kuydirib, kulimni har tomonga sovuring! Toki jahonda bu yangligʻ rasvo boʻlmayin! Har dam yuz marta oʻlgandan koʻra bir yoʻla oʻlib qoʻya qolganim ma’qul!
Shayxning bu musibatli holiga doʻstlari hayron qolishar, uning dardidan har dam qon yigʻlashar edi. Bu gʻamgin va chorasiz kishilarning har biri Shayxga turli maslahatlar berishar, ammo Shayx bu pandlarni fahmlamas, nozik soʻzlar ma’nosini ham anglay olmas edilar. Ular Shayxga aql mezoni bilan xitob etgan boʻlsalar, Shayx ularga ishq yoʻsinida javob qaytarar edilar:
...birlari dedilar: -Ey sir ahlining peshvosi! Bu baloni daf' etish uchun namoz oʻqimoq shartdir.
Shayx dedilar: -Bu ma’nida soʻz aytma! Men telbaman, telbaga esa aql oʻrgatmaydilar.
...birlari dedilar: -Oʻrningizdan turing-da, tahorat ila poklaning va kishilarni toat-ibodat etmoqqa ishorat qiling.
Shayx dedilar: -Koʻz yoshimdan oʻzga suvim yoʻq, bagʻrimdan har dam koʻzlarimga qon yoshlari keladir.
...birlari dedilar: - Afzali gʻusl qilmoqlikdir, u koʻngilni pok etishdan tashqari gʻamdan ham qutqarajak.
Shayx dedilar: - Men yoʻqlik dengizida gʻarq boʻldim. Mendan yana nima istaysan?
...birlari dedilar: - Tasbehga mashgʻul boʻling-da, bu parishon holatdan oʻzingizni qutqaring.
Shayx dedilar: - Tasbehimning tori uzildi, uning oʻrniga zunnor ipini bogʻladim...
...yana dedilar: -Safarimiz tamom boʻldi, Vatan sari yoʻlga tushsak durustroq boʻlardi.
javob qildilar: - Ehsonli Alloh oʻzi muruvvat koʻrsatib, bu butxonani menga haqiqiy vatan etibdir.
...yana dedilar: -Sizning avvalgi vajhu holatingiz - e’tiqodingiz qani? Zuhd va ibodatda oʻtkazgan pokiza vaqtlaringiz qani?!
javob qildilar: - Holatim - butxonada turmoqdan iborat, bordi-yu vaqtu soatim yuzta boʻlsa ham hammasi shundayligicha kechardi.
Qavm oʻsha kechasi yuz bor kuyina-kuyina Shayx ahvolidan iztirob chekdi. Ular Shayxga ta’nalar qilishar, ammo Shayx bularga parvo qilmasdilar. Ular Shayxga oʻgitlar berishar, ammo ul zot bularni fahmlamas edilar.
Ertalabgacha butxonadagi kishilar gʻavgʻo qilib, din ahlining bu holini tomosha qildilar. Ular din ahli rasm-rusmlarini masxara qilish bilan oʻz dinlari tariqatidan lof urib, maqtanib qoʻyishardi. Shayx hamrohlarining baxtsizlikka duchor boʻlganlari bir fojia boʻlsa, butxona ahlining bu savdodan sevinishi fojia ustiga fojia boʻlib tushmoqda edi. Butxona ahli ular bilan diniy qoidalar xususida bahs yuritishganda Shayx oʻz qavmlariga e’tibor bermay, butxona ahli yonini ola boshladilar. Bunday mudhish hol musulmonlarga koʻp malollik yetkazdi.
Tongda butparastlar oʻzlarining katta qoʻngʻiroqlarini chaldilar. Butxona ahli Shayx ishqi va ahvoli haqida mojaro qoʻzgʻab, millatiga quvvat bagʻishlovchi bu holdan shod boʻlishardi. Musulmonlarning esa bundan hijolatlari tobora oshib boraverdi. Bechora Shayx butxonadagi bolalarga ham masxara boʻldilar. Oshiqu zor, gʻarib bir holda koʻzlarini tarso qizi tomon tikkancha yoʻl uzra yuztuban boʻlib yotaverdilar. Kishilar tahqirlab, va masxaralab bosib oʻtsalar ham mutlaqo parvo qilmas edilar. Chekkan azoblaridan gʻoyibu hozirlarning ham, ingrashlaridan moʻ'minu kofirlarning ham rahmi kelardi. Oqibat shu boʻldi-ki, muridlar nomusga chiday olmay pirlarini yolgʻiz tashlab, turli tomonlarga tarqab ketishga majbur boʻldilar.
Shayxning kunduz kunini shu tariqa qaro qilgan va uni din yoʻlidan chiqarib, kofirlar butxonasi ichida rasvo aylagan oʻsha olamga oʻt soluvchi tarsozoda esa parda orqasida oshiqu zoriga, giriftoriga yashirincha boqib turardi. Garchi u Shayxning diniga qasd qilib, uning jonini talon-taroj etgan boʻlsa-da, oʻzini goʻllikka solib, hech narsa bilmagandek tutardi.
Bir oy mobaynida Shayxning gʻam ichida qolgan jismlari tuproq bilan teng boʻlayozganida oʻsha zolim kofir - ishvagar xulqli goʻzal yana oʻsha joyida koʻrindi. Nozli husni bilan olamga oʻt solganicha oʻz giriftori holidan xabar olmoqchi boʻlib bu savolni berdi:
-Ey Islom yoʻliga yetakchi, din va Islom ahliga toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi pir! Senga Ka’ba tavofini qilish hunar edi, nechun butxona eshigida vatan tutding?! Seni din elining madadkori deyishardi, kofirlar butxonasiga nechun asir boʻlding? Agar safar ahli biror yerga tushib, u yerni manzil etsa, bir kecha oʻsha yerda boʻlib, ertasiga boshqa yoqqa ketadi. Sen Shayx esa bir oydan beri bu yerda turib, butxona tuprogʻini maskan etding. Kofirlar butxonasida yashashdan va zulmat ahlidan tilagan maqsading nima ekan?
Shayx jahonni bezata oladigan bu jamolni koʻrib, jon olguvchi soʻzlarini eshitgach yana behush boʻldilar. Butxona ahli ul zotni oʻldi, deb gumon qildi. Kufr ahli Shayxning boshiga kelib, uning ishqiga ofarinlar aytishdi. Boshlarini tuproqdan koʻtarib qarasalarki, badanlarida hali jon bor ekan. Shayxning ishqidan sanam holida ham oʻzgarish yuz berib, oʻz ishqi bilan qatl etilgan Shayx oldiga qadam qoʻydi. Xastaning dimogʻi maqsad isini sezgach, gul yuzliga qarash uchun asta koʻz soldi. Visol zavqi uni oʻz holiga keltirgach, zolim kofir unga shunday savol qildi:
-Biz Shayxdan hol-ahvol soʻrab, uning qanday kayfiyatda ekanligini bilmoq uchun savol soʻragan edik. Ammo Shayx zavq zoʻri bilan behush boʻldi. Endi u yana oʻz holiga qaytdi, savolimizga javob bersin.
Shayx soʻzlarini «Ey koʻnglimga qiyomat solgan!» deb boshlab, arzlarini bayon qildilar va soʻngida dedilarki: «Seni dardimdan xabardor ayladim. Agar chora qilsang - sen uchun oson, agar qatl qilsang ham jonimning hayoti boʻladi.»
Shoʻx unga dedi:
-Ey oliy sifatlar egasi boʻlgan murshid! Senda na hayo bor ekan va na adab! Axir seni «Shayx» deb ataydilar-ku, oq soqolingdan uyalsang boʻlmaydimi?! Yoshing toʻqson bilan yuzga borib qolibdi. Seni qari desa ham, yosh desa ham boʻladi. Yosh boʻlsang - hali aqling kirmabdi, qari kishi esa bu xil soʻzlarni oʻzining xazon faslida aytishi yarashmaydi...
Shoʻxi sarkash shu ma’noda Shayxga dashnom bergach, shartlarni bayon etishga oʻtdi:
-Agar kimki mening vaslimni tamanno aylasa, u toʻrt ishni bajarishga rozi boʻlishi shart: u may ichishi, mast boʻlib zunnor (xristianlarning belga bogʻlab yuruvchi chilviri mazkur dinga tobe’ ekanlikning belgisi sifatida zikr etiladi) bogʻlashi, Qur'onni oʻtda kuydirishi va butparastlar diniga kirmogʻi kerak. Bu toʻrt narsa ishqning sharti - shukronasidir. Uning yana ikkita jurmonasi (jarimasi) bor. Chunki bu foniylik toʻrt yoʻli boʻlsa, yana ikki yoʻl oʻsha toʻrtning ifnosi (fanoda butunlay yoʻqolish, oʻzini mahv etish) demakdir. Ulardan dastlabkisi -bir yil davomida choʻchqaboqarlik qilish boʻlsa, ikkinchisi - shu davr mobaynida otashgoh oʻtining parvonasi boʻlishing, ya’ni otashgohda oʻt yoqishing lozim... Agar mening vaslimga talabgor boʻlib, yoningda boʻlmogʻimni istasang aytganlarimning barchasini qabul qilmoqing shart. Qurbing yetmasa, erta kunni kech qilmasdan yoʻlingdan qolma!
Hushdan ayrilgan Shayx dedilarki:
-Ey xasta jonim ofati! Pariruxsor yor neki amr etsa, devona oshiqiga ne ixtiyor! Nimaiki talab qilsang, buyuraver, chunki sen hokimsan! Agar bajarmasam, jafo tigʻini boʻynimga ur!
Bu soʻzlar jafokash qizga va butxona ahliga ma’qul tushib, butxona ichini jannat kabi bezatdilar. Uning toʻrida osmon barobar yuksak taxt oʻrnatdilar. Tarso qizi unga shavq bilan chiqib keldi. Shayxni esa iymonlari yuzini qaro qilish maqsadida toʻplanganlar oʻrtasiga olib kirdilar. Atrofda butxona qoʻngʻirogʻi va argʻanun (organ - butxonadagi cholgʻu asbobi) ovozi yangrar, goʻyokim bu Shayx dilida oʻlayotgan diniga motam kuyi edi.
Olamda hech qachon bu yangligʻ razil ish boʻlgan emasdi. Kashishlar (xristian dinidagi tarkidunyo qilganlar) har tarafdan saf tortib oʻtirishardi. Ogoh murshiddan Qur'onni soʻradilar, otashgohdan oʻt olib kelib qoʻydilar. Zunnor va salib (xoch, ya’ni xristianlar boʻyinlariga osib yuradigan krest) muhayyo etilgach, tarso qizi yuz afsun bilan oʻrnidan turdi. Taxtdan tushib Shayx oldiga keldi. Uning yoniga oʻtirib, qadah toʻla mayni ichdi. Soʻng qadahni limmo-lim toʻldirib Shayxga tutdi-da dedi:
-Oxirigacha ich, ey olijanob kishi! Bilki, bir tomchi qolsa ham hisobga oʻtmaydi!
Ishqqa berilish oqibatida ayni damda Islom va iymondan chekingan Shayx beixtiyor ravishda dilnavoz uzatgan qadahni olib, mayni ichar ekanlar, koʻzlaridan yosh dumalardi. Shunday ichdilarki, boshlaridan dud chiqib, may oʻtida butun borliqlari kul boʻldi. Yana bir necha marta may tutganlaridan soʻng ul zotning ishqlari aqllariga jabr eta boshladi. Boda hushlarini yanada oʻtmas qilib qoʻygach, qizga vasldan muddao izhor etdilar.
Tarso qizi esa unga: «Shoshilma, sen shartlardan birinigina bajarding»,- deb kufr elining oliy tabaqasiga ishora qildi. Kufr elining ishlari sohasida mohir boʻlmish bu kishilar Shayx iymonlarini kufrga taqdim etdilar va ul zotni oʻz dinlariga kiritdilar. Ul zotning xirqalarini yechib olib, yalangʻochladilar, soʻng esa may hovuziga solib choʻmiltirdilar... Keyin oʻz kiyimlarini kiydirdilar. Shayx but oldida sajda qildilar, xirqalarini olovda kuydirdilar va nihoyat... Kalomullohni ham oʻtga tashladilar. Gardun ul zotning boshiga solmagan hech bir rasvolik qolmadi. Ular Shayxga kecha-kunduz may ichirib masxaralayverdilar. Ul zot bir saxar afgʻon qilib, faryod urib qizdan vasl talab qilganlarida u shoʻx shartni oxirigacha bajarishni, ya’ni bir yil davomida kunduzlari choʻchqa boqib, tunlari otashxonada oʻt yoqishni talab qildi.
Shayx talabni bajara boshladilar. Tunlari kufr oʻtini ravshanroq yoqish bilan vaqt oʻtkazib, tongda toʻngʻizlarga roʻpara boʻlardilar.
Endi ul zotni bu rasvolik botqogʻida vaqtincha qoldiraylikda, soʻzni Ka’ba tarafdan tinglaylik:
Shayxning bir foniy muridi boʻlar edi. Shayx karvonni qaerga boshlasalar bu solik (shogird) ham oʻsha manzilda unga hamroh boʻlguvchi edi. Ammo Shayx Rum sari safarga chiqqanlarida u shogird oʻzga mamlakatda edi. Vaqtiki kelib, u Makkaga qaytdi. Shayxim atrofida panoh istay, deb xonaqoh tomon yuzlandi. Ammo qarasaki, xonaqoh xarob, pirining izi ham yoʻq. Bilsaki, toʻrt yuz taqvodor uyatdan har tomon tarqab ketganlar. Shogird soʻrab-surishtirib, boʻlgan mash'um voqealardan xabar topdi. U Shayx muridlarining xalifasi boʻlgani uchun turli tomonlarga xabarchi yuborib, toʻrt yuz taqvodorni atrofiga toʻpladi va ulardan yana soʻrab-surishtirib pirining ishqi, may ichgani, zunnor bogʻlagani, Kalomullohni oʻtga tashlagani, endi esa oʻt yoqib, choʻchqa boqayotganini eshitdi. Eshitdi-yu, birodarlariga xitob qildi:
-Ey or-nomusni saqlashda toʻngʻizlardan ham battar boʻlgan kishilar! Shayx sizning piringiz edilar, sizlar ul zotga murid edingizlar. Pirimizning irshodlaridan barchaga umid najoti yetardi. Faqr aro muridlik qilish sharti shunday: agar kimki qutlugʻ tabiatli boʻlib, murshid boʻlsa, uning muridlari ham unga oʻxshash boʻlishlari kerak.
Agar u oʻzining yaxshi-yomon
kunlarida nima ish qilsa, siz unga taqlid etishingiz lozim. Siz vafosizlarga faqr tartibi odatlari hayf! Soʻfiylar kiyadigan xirqayu oʻraydigan salla ham hayf! Tinchlik payti yolgʻon lof urib, Shayxga sodiqligingizni isbot etishga tirishgansiz. Boshlariga ogʻir ish tushganda esa oʻzingizni ul zotdan nari tortasiz. Shayxingizga bevafolik qilib, butxonaga tashlab kelibsiz. Xudodan qoʻrqmay, eldan uyalmay shayximizni yolgʻiz qoldirib qaytibsiz. Shu sifat bilan yana oʻzingizni yaxshi fikrli, toʻgʻri ish tutuvchi deb hisoblaysiz, bir-biringizni yana «darvish» deb ham ataysiz. Zuhdu tasbehu ridongizdan uyat sizga! Kavush, salla va hassangizdan uyat sizga! Agar Shayx itboqarlik qilib, bir necha it parvarish etganlarida edi, unga charxdan bu yangligʻ jafo yetgan paytda itlaridan vafo koʻrgan boʻlmasmidilar?! Axir ulardan ba’zilari yoʻqolib ketsa, ba’zisi qolar, uning atrofida jilmasdan turar edi-ku! Uning muxoliflari bilan goh urishib, goh esa uning motamida ulishar edi! Agar insondan vafo yiroq boʻlsa, vafo bobida unday kishidan it yaxshiroqdir. Bordiyu sizlarda mardonalik, ixlos da’vosi ichra oqillik, donolik bor boʻlsa edi shayximiz boshlariga bu yangligʻ balo tushganda, ya’ni u birov ishqiga mubtalo boʻlib, oʻzini har jafoga duchor etganida siz vafo bilan turmogʻingiz shart edi. Ammo barchangizda unga hamdardlik qilishdan oʻzni chetga tortish zohir boʻlib, faqr ichra yuz nomardlik koʻrsatdingiz. Kishi «erman» deb lof urgani bilan er boʻla oladimi?
Jonga oziq bagʻishlovchi shogird shu tarzdagi soʻzlarni ayta tursin, biz bugungi kunimizga qaytaylik:
Musulmon birodarimiz boshiga bir ish tushsa yoinki buzuq yoʻlga kirib ketsa, biz buni koʻra-bila turib oʻzimizni qanday tutamiz? Koʻpincha indamay kuzatamiz. Nari borsa «unday qilma» degan mazmunda ozgina pand-nasihat qilamiz. Ayrimlarimiz esa birodarimizning buzuqlik botqogʻiga botayotganini koʻrib, «battar boʻlsin!» - deb quvonamiz ham. Shogirdning soʻzlarini bu oʻrinda biz atayin boʻldik. Siz ham bir oz sukut saqlab oʻylang. Ehtimol birodarga vafo bobida qusurlarimiz bordir. U holda shogirdning necha yuz yil avval aytgan gaplari bizlarga ham tegishli, bizlar uchun ham ibratdir. Shu oʻrinda hazrati Shayx Abu Said Xarrozning (quddisa sirruhu) soʻzlarini eslash foydalidir: «Tushimda koʻrdim, ikki farishta samodan tushdi va mendan «Sidq nimadir?» - deb soʻradi. Men: «Ahdga vafodir»,-dedim. Ikkisi ham «Sadaqta» (Rost aytding),-dedi va osmonga qaytdi.»
Shogird birodarlarini koyigach, «Bir yerda oʻtirish bilan ish bitmaydi», deya oʻrnidan turib Rum sari, din va iymonni yondiruvchi oʻsha manzil tomon yoʻlga chiqdi. Jamoat unga ergashdi. Choʻlu biyobonlarni bosib oʻtib, choʻchqaboqar Shayx manziliga yetib bordilar. Shayxda na Islom, na iymon maslagidan asar qolgan, na aql, na zuhdu taqvo andishasidan nishon qolgan edi.
Shayx shogirdlarini tanimay, ulardan yuzlarini teskari burdilar, choʻchqalar toʻdasi yurgan tomonga qaradilar. Soʻfiylik yoʻlini tutuvchi solik bu holni koʻrgach, shayxi uchun koʻngli buzilib oh urdi. Soʻng shaharga qaytib, butxona boshligʻini topdi va maqsadini aytdi. Keyin ibodatga berilib, kecha-kunduz iltijo yoshlarini toʻka boshladi. Iztirob bilan koʻp-koʻp duolar qildi va nihoyat Alloh uning duosini qabul etdi...
Tong shamoli mushk hid taratib esa boshladi. Xudo farzini toʻgʻri ado keltirib, sajdadan uzoq vaqt bosh koʻtarmadi. Soʻng ashoblari hamrohligida Shayx tomon yoʻlga tushdilar.
Bu paytda Shayxdan ham gumrohlik daf' boʻlib, ul zotga gʻoyibdan ogohlik yetgan edi. Kofirlar kiyimini tashlab, bellariga bogʻlangan zunnorni uzib tashlagan edilar. Koʻzlari hijolat yoshlarini oshkor etib, ohu nadomat alangasi avjda edi.
Shogirdlar kelishgach, Shayx koʻngillariga ulugʻlik yetishdi. Hazor-hazor shukrlar aytishib, shodmon boʻlishdi. Shayx gʻusl qilib, xirqa kiygach, barchalari Ka’ba sari yoʻlga chiqdilar.
Ular yoʻlda bora tursinlar, biz tarso qizi sari qaytaylik:
U pari noz uyquda yotar ekan, bir tush koʻrdi. Tushida quyosh osmondan pastga tushib, Isodan (alayhissalom) shunday xabar yetkazdi:
-Ey vafo bobida xomu noraso! Zamona ahlining murshidi boʻlgan Shayx San'on sening butxonangga mehmon boʻlib keldi. Ammo sen mezbonlik odatini bilmasdan, mehmonning boshiga ne kunlarni solmading?! Hozir u butxona mehmonligini tark etib, mezbonlik qilish uchun Ka’baga yoʻl oldi. Uning orqasidan yetib, diniga musharraf boʻl, undan kechirim soʻrab, uning jufti haloli boʻl!
Gʻayridin qiz Shayx oyogʻining izi boʻlishni istagan holda uyqudan uygʻondi. Qilgan ishlari yodiga tushib, noshod koʻngliga oʻtlar tutashdi. Oh urganicha oʻrnidan turib, Ka’ba ehromi sari yoʻlga tushdi. U zor yigʻlab borar, koʻzlaridan osmondagi yulduzlar kabi yoshlar toʻkilardi. U Shayx tomon xuddi yel uchirgan toza gul bargi yangligʻ tez yurib borar edi. Charx esa qilgan ishlari uchun kinakashlik koʻrsatmoqda edi. Ayniqsa, bu kinakashlikning biyobon ichra shiddati haddan oshib, qizni vahima, qoʻrquv va hayrat bosib kela boshladi. Unga bu nihoyasiz choʻlu biyobonda kasallik va ojizlik yuzlandi. U Yaratganga yolbordi:
-Yo Rabbim! Ojizu sargashta bir holda koʻz va koʻnglim qoniga belanganman. Zaifu bechoradurman, rahm qil! Bekasu ovoradurman, rahm qil! Garchi mening gunoh va jinoyatdan oʻzga narsam yoʻq boʻlsa-da, sendan boshqa panohim ham yoʻqdir!
Kimsasiz va chorasiz qiz oʻz holiga zor-zor yigʻladi. Uqubat shunchalik oʻz kuchini koʻrsatdi-ki, holsizlanib, tuproqqa yuztuban tushdi. Hushidan ketdi. Tuprogʻ ustida xoru dardnok boʻlib yotib qoldi.
Yuqori martabali Shayxga bu hodisa kashf boʻldi. Nainki ul zot, hamrohlik qilayotgan muridlari ham bu sinoatdan xabar topdilar. Shayx ular hamrohligida izlariga qaytdilar. Sarvinoz yotib qolgan yerga yetib kelishgach, Shayx uning hushsiz boshini qoʻyinlariga oldilar. Qiz oʻziga kelib, Shayxni koʻrgach, xasrat yoshlarini toʻka boshladi. Zaiflikdan uning nolasi ogʻzidan bilinar-bilinmas chiqar, yuzi uzra bagʻridan sizgʻigan parcha-parcha qonlar oqar edi. Qiz Shayxga dedi:
-Ey shiori taqvo va panohi din boʻlgan kishi! Sizdan qaysi til bilan kechirim soʻray olaman?! Agar menga shum baxtim bebosh bolalardek tosh otsa ham boshimga siz kabi oliy daraxt soya solib turibdi. Garchi gunohim haddan tashqari koʻp boʻlsa-da, sizdagi lutfu ehson undan ham ortiqroqdir. Qilgan beadabliklarimni bilib, sizning uzringizni istab, qora yuz bilan huzuringizga keldim. Oʻsha paytda nimaiki yomon ish qilgan boʻlsam, bular mening oʻzimning yomonligim, yurtim va dinimning yomonligi tufaylidir. Huzuringizda yana ancha sirlar aytmoqchi edim, ammo umr oshiqib shoshilmoqda, fursat esa nihoyatda oz...
Shu taxlit u oʻzining Islom diniga boʻlgan shavqini bayon etib, Iso alayhissalom aytgan nishonalarni birma-bir bayon qildi va nihoyat dedikim:
-Poyma-poy soʻzlarimni shu yerda tugataman. Tezroq iymonimni keltiring, bir nafaslik vaqtim qoldi.
Shayx yuziga koʻz yoshlarini oqizib, tarso qiziga iymon arz etdi. Qiz iymonga oshno boʻlgach, oh urgancha oʻz jonini topshirdi.
Alqissa, Shayx qizni ishq ayvonida dafn etib, din va iymon ahli goʻristoniga qoʻygach, Ka’baga qaytdilar. Allohga oʻtmishdagi ishlaridan uzr soʻrab, arz qildilar va nihoyat uzrlari qabul boʻlib, qazo ul zotni oʻz yorlariga qoʻshdi...
Qissadan hissa: Erkak va ayol orasidagi ishqning beqarorligi xususida hayotda koʻp misollarga duch kelganmiz. Bugun «sevamano sevaman, sensiz menga dunyo qorongʻu!» deb oh-voh qilib yurganlar ertaga qarasangiz «beting qursin!» deb bir-biriga teskari qaraydi. Ba’zan esa oila buziladi. Ishqning bu kabi beqarorligi bizni unchalik ajablantirmaydi. Ammo Allohning Ishqidan yuz oʻgirishni fojia deb bilamiz. Albatta valiylar yoki ularning muridlariga xos boʻlgan Ishq martabasi hammaga ham nasib etavermaydi. Chunki har bir odamning zehni, toqati, qobiliyati har xil. Agar bir xilda boʻlganida edi, barcha baravariga hofizi Qur'on, valiyulloh darajasiga yetar edi.
Erkak va ayolning ishqi bir-birini koʻrish bilan boshlanadi. Ya’ni, tashqi koʻrinish birlamchi boʻladi. Tashqi koʻrinishga maxliyolik ichki olamdagi qusurlar yuzini toʻsadi. Allohga boʻlgan Ishq butunlay oʻzgacha: banda hali Allohni koʻrmay turib unga oshiq boʻladi. Ta’kid etamiz: har bir banda oʻzining imkoni darajasida oshiq boʻladi. Birlari oʻzlaridagi nafsni yengishga kuch topa oladi, birlari esa bu borada ojizligicha qoladi. Birlarining toqati yarim yil yo undan koʻproqqa yetadi, birlari soʻnggi nafasigacha Alloh Ishqi bilan yashaydi. Allohga qul boʻlmoq zavqini totish baxtiga erishadi.
«Allohga yoʻl ikkitadir: xavosniki (xoslarniki) va avomniki», -deydilar.
Muso alayhissalom yaylovda bir choʻponga duch kelibdilar. Choʻpon butun vujudi bilan Allohga sigʻinib, munojot qilib der ekankim: «Ey Xudojon! Sen qaerdasan? Kel, sochlaringni tarayin, choriqlaringni tikib berayin, nainki oʻz jonim, balki qoʻylarim, farzandlarim ham senga fido boʻlsin. Qaerdasan, borib, dastyoring boʻlsam, sut-qaymogʻim bilan qorningni toʻydirsam. Boshing ogʻrisa boshingni silasam, yuz-qoʻlingdan oʻpsam, oyoqlaringni uqalasam...»
Muso alayhissalom bu munojotni eshitib, choʻponni koyib dedilarkim: «Ey ahmoq, bu gaplarni aytib, sen endi kofir boʻlding. Xudoning chorigʻi ham, toʻni ham yoʻq. U yemaydi, ichmaydi. Uni oʻzingga oʻxshatma. U goʻyo quyosh, sen esa bir chivin...»
Shularni aytishlari bilan Parvardigordan u zotga vahiy keladikim: «Ey Muso! Nima qildingki, bandamni mendan ayirding. Qoʻy, aytaversin. Sen bandalarning dilini Parvardigorga ulash uchun yuborilgansan, ajratib tashlash uchun emas. Biz har odamga, har bir elga oʻz darajasida, oʻz tilida muhabbat izhor etishga imkon berdik. Hindlarni hind tilida, sindlarni sind istilohida soʻzlatdik...»
Endi xoslarning ishqidan ayrim rivoyatlar bilan tanishsak:
Robi'ai-Adaviyyadan (rahmatullohi alayho) soʻradilar:
-Qaydan kelursan: Bul jahondan nechuk ketursan?
Javob berdilarki:
-U jahonga keturman.
-Bu dunyoda naylarsan?
-Pushaymon yurgayman. Chunki foniydir, boqiy emasdur.
-Haqni sevarmisan?
-Bali.
-Shaytonni dushman tutarmisan?
-Yoʻq.
-Nechun?
-Shuning uchunki, koʻnglimda Rahmon sevgisi shunchalik toʻlib turgayki, shayton dushmanligi sigʻmas.
Boshqa bir rivoyatda Robia’ derlarkim: «Bir kun tushimda Paygʻambar (s.a.v.) janoblarini koʻrdim.
-Yo Robia’! Meni sevgaymisan? - deb marhamat etdilar.
-Yo Rasulalloh! Sizni kim sevmagay?! Lekin. Haq sevgisi meni shunchalik chulgʻab turgayki, hech doʻstlik-dushmanlik joyi qolmagandir, - dedim.»
Shu oʻrinda notoʻgʻri tushunchadan saqlanishimiz kerak. Ya’ni Allohga va uning Rasuliga (s.a.v.) boʻlgan Ishqni bir-biriga zid qoʻymaslik lozim. Chunki Allohga boʻlgan Ishqni Rasulullohga boʻlgan sevgidan tashqarida tasavvur etib boʻlmaydi. (Bu haqda yana soʻz yuritamiz.) Rivoyatda Robia’ Allohga boʻlgan Ishqning oliy darajasini ta’kid etish maqsadida shunday deganlar.
Bir kuni Iso alayhissalom bogʻdagi daraxtlarni sugʻorayotgan navqironga duch keladilar. Yigit hazrati Isoga: «Rabbimdan menga bir zarra sevgi soʻrab ber»,- deb arz qiladi. Iso alayhissalom: «Allohdan bir zarra sevgi soʻrab bersam, sen unga bardosh berolmaysan»,-deganlarida, yigit: «U holda zarraning yarmisini bersin!»- deb yalinadi. Hazrati Iso:
«Yo Rabbim! Bu navqiron yigitga zarraning yarmisicha sevgingdan ato et!»-deydilaru yoʻllarida davom etadilar. Oradan bir muddat oʻtib, yana ayni shu yerga kelganlarida oʻsha navqiron yigitni bogʻda koʻrmay, qaerdaligini surishtiradilar. Odamlar:
-U aqldan ozib qolib, toqqa chiqib ketgan, - deb javob berishadi.
Hazrati Iso oʻsha yoshni oʻzlariga koʻrsatishni soʻrab, Allohga munojot etadilar va uni togʻda bir qoyaning ustida samoga termulganicha oʻtirgan holida topadilar. Salom beradilar, lekin yigit salomga alik olmaydi. Shunda:
-Men Isoman! - deya sado beradilar.
Vale Alloh vahiy yoʻli bilan hazrati Isoga buyuradiki:
-Ey Iso! Qalbida zarraning yarmisicha mening sevgim boʻlgan kimsa insonlarning soʻzini qanday eshitsin?! Izzatim va Jalolim haqqi aytaman, agar bu yigitni arra bilan arralasang ham sezmaydi.
Bu oʻrinda ham, avvalgi holatda ham Allohga boʻlgan Ishqning darajasi nisbat misolida keltirilyapti. Albatta bu oliy maqomga hamma ham erisha olmaydi. Kim oshiqlikning bu martabasiga erishibdi - bu dunyoning chin baxtiga yetibdi.
Er bilan ayol orasidagi sevgi oʻzaro boʻlganidek, Alloh bilan banda orasidagi Ishq ham oʻzarodir. Bandaning Allohni va uning Rasulini sevishi - ularga itoat etishi, amrlarini bajarishi demakdir. Alloh bandasini sevishi esa, undan rozi boʻlishi, uni afv etishi demakdir. Har bir banda toqati yetgan qadar Alloh Ishqi bilan yashashini aytdik. Ammo bilibmi, bilmaymi aldanib qolish ehtimollari borki, bundan ehtiyot boʻlmoq zarur. Ulamo derlarkim: «Kim uch narsani da’vo qilsa-yu, uch narsadan oʻzini poklamasa, u aldangan boʻladi:

Allohning oʻrtaga qoʻygan axloq asoslariga rioya qilish zavqli ekanidan lof ursayu lekin dunyo sevgisidan voz kechmasa.


Amallarni yolgʻiz Alloh uchun qilishni sevishini aytsayu lekin insonlarning unga ta’zim qilishidan mamnun boʻlsa.
Allohni sevaman desayu lekin nafsini tarbiya qilmasa, u kimsa aldangan boʻladi.
Aldanib qolishdan barchalarimizni Alloh asrasin. Endi har birimiz dunyodan ozgina muddatga uzilaylikda oʻz koʻnglimizga murojaat etib koʻraylik:
-Ey koʻngil! Sen Alloh meni sevadimi, sevmaydimi, deb qiziqyapsanmi? Xoʻsh, buning oʻlchovi bormi, bor boʻlsa nimadan iborat? Sen Allohga qalban naqadar bogʻliqsan? Allohga boʻlgan ishqing qay darajada - oʻlchov mana shudir. Bilkim, sening Allohga boʻlgan muhabbating Allohning senga boʻlgan muhabbatidir. Bu insonning botinidagi tuygʻularga bogʻliq. Ana shu tuygʻular maydonga kelsin, qalb nurlansin, deb zikr qilinadi. Zero, Allohning «Bas, Meni eslangiz, Men ham sizlarni eslayman», degan va’dasi bor. Bu amal naqadar goʻzal!
Ishq haqida har bir kishi aqli yetgan darajada fikr bildiraverishi mumkin. Ammo Ishq tufayli Allohning doʻsti - valiyulloh martabasiga yetganlarning yoki donish ahlining ustozlari sanalmish muhtaram zotlarning fikrlari bizlar uchun muhimroqdir, degan toʻxtamga kelib, ayrimlari bilan tanishib oʻtishni lozim koʻrdik. Izoh sifatida deymizkim, mazkur fikrlar bir-biriga oʻxshamasa-da, biri ikkinchisini inkor etmaydi, aksincha, toʻldiradi.
Dedilarkim: «Haq sevgisi nishoni uch narsa ila belgili boʻlur: kishi saxovatda dengizga oʻxshar, shafqatda quyoshga oʻxshar, tavozu' va maskanatda (miskinlik) tufroqqa oʻxshar. Har ish
mujohada (nafsni yengish yoʻlida kurashish) birlan boʻlmogʻi kerakkim, undan Allohning fazli koʻrilgay. Har kim Haqni bildi, uning savolga ehtiyoji qolmadi.»
Hazrati shayx Harisi Muhosibiy (quddisa sirruhu) aytganlar: «Allohning muhabbatiga loyiq zotlarda oʻn ikki xislat saqlanmogʻi lozim: 1. Na yolgʻon, na rost gapga qasam ichmaslik. 2. Yolgʻondan saqlanmoqlik. 3. Va’dasidan qaytmaslik. 4. Maxluqqa la’nat oʻqimaslik. 5. Hech kimni duoyi bad qilmaslik (ya’ni qargʻamaslik). 6. Zulm koʻrsa tahammul (sabr) etmoqlik. 7. Haromlardan saqlanmoqlik. 8. Oʻzini hech kimsadan ulugʻ koʻrmaslik. 9. Hech kimsaning xotirini sindirmaslik (ranjitmaslik). 10. Muridni injitmaslik. 11. Qazo kelsa sabr va shukr qilmoqlik. 12. Alloh farzlarini bajo keltirmoqlik.»
Insha Alloh, bu xislatlar xususinda alohida boblarda soʻz yuritarmiz, hozir esa koʻnglimizga yana bir murojaat etib koʻraylik:
-Ey koʻngil! Fikr qil: nahot bu shartlarni bajarish ogʻir boʻlsa?! Bu shartlarni ado etib Alloh sevgisiga yetishmoq uchun senga nima yetishmaydi? Aqlmi? Zehnmi? Irodami? Jur'atmi? Oʻyla! Alloh senga aql ham zehn ham bergan, ammo bu aql, bu zehnni nimalarga sovuryapsan? Iroda, jur'at, toqat... hammasini bergan-ku?
Endi hazrati shayx Shujo' Kirmoniyning (q.s.) ishq shartlaridan biri boʻlmish sidq (poklik, rostlik) xususidagi soʻzlariga diqqat qilaylik:
«Sidq alomati uchdir: *uning oldida dunyoning tuproqchalik ham qadri boʻlmas, ya’ni oltin va kumushni tuproq oʻrnida koʻrgay. *Xalqning maqtovi-yu, dashnomi uning oldida barobardir, na maqtovidan sevingay va dashnomidan ogʻringay. *Shahvatni ichidan chiqargay, ochlikdan xushnud va shod boʻlgay, andoqkim, dunyo ahlining toʻqlikdan shod boʻlgani kabi.»
Mazkurga bu ta’rif ayni mosdir: «Siddiqlar (ya’ni Haqgoʻylar) Haqning jamolini ochiq koʻrish umidi bilan yashaydilar va shuning bilan matlubdirlar (sevimlidurlar),-deydilar hazrat Navoiy. - Ularning Haqni koʻz bilan mushohada qilish umidlari oʻzni unutish darajasiga yetgan va bundan ham oʻtib, halok boʻlish maqomiga koʻtarilgan boʻladi. Agar hodisalar boʻroni osmon gulshanining bir qabatini uchirib ketsa - ular bexabar va agar yulduzlar gul bargini har tomonga sovursa, bularga asar qilmaydi. Ularning hislari Haq jamolini koʻrish tashvishi bilan ishdan chiqqan, shavq-zavqlari esa unga boʻlgan ishqlarining hujumi ostida yoʻqolib bitgan.»
Hazrati Yahyo Bin Muoz (q.s.) debdilarkim: «Muhabbat nishoni uldurki, yaxshilikdan kekkaymas, jafodan egilmas»
Ishqning shartlaridan yana biri zuhd (taqvodorlik) xususinda hazrati imom Ahmad Hanbal (q.s.) fikr yuritib uni uch xilga ajratibdilar: «Birinchisi - haromni tark etmoq, bu avom zuhdidir. Ikkinchisi - halolning ham koʻpini tark etmoq - bu xoslarning zuhdidir. Uchinchisi -Allohdan chalgʻitadigan hamma narsani tark etmoq. Bu - oriflarning zuhdidir.»
Hazrati shayx Abu Said Xarroz (q.s.) debdilarkim: «Banda qachonki Allohga qaytgay va Alloh amriga yopishgay, oʻzini va Haqdan boshqasini unutgay. «Qaerdan kelursan va ne istarsen?» deb soʻrasalar, «Allohdan!» der, boshqa javobi boʻlmagay. Banda bu sifatli boʻlsa, nafsini oʻldirgan boʻlur. Ne soʻzlasa, uning soʻzi Haq soʻzi boʻlgay, ne eshitsa ham, faqat oʻsha boʻlgʻay! Zero, oʻzi ul yerda boʻlmagay va aytarki: «men kimman, bilmayman, naylarman, qaydaman...»
-Nimani istaysan? - deb soʻrasalar, aytarki:
-Alloh!
-Nimani bilursan?-deb soʻrasalar, aytarki:
-Alloh!
Butun a’zoyi badani ham aytur: «Alloh!» «Alloh!» Zero, uning butun vujudi Alloh bilan toʻlgʻundir va Allohsiz joyi yoʻqdur.»
Hazrati shayx Abdulloh Muhammad Fazl Balxiy (q.s.) debdilarkim: «Muhabbat - isordir (ya’ni oʻzini ayamay bagʻishlash). Uning toʻrt ma’nosi bor: *zikri doimiy boʻlib, shuning bilan shod boʻlmoq, *Haq bilan uns (doʻstlik) tutmoq, *dunyo ishlaridan butkul uzilmoq, *Haqdan toʻsuvchilardan uzilmoq.»
Hirotlik mashhur shoir va shayx Xoja Abdulla Ansoriy bunday yozibdilar: «Koʻngilxushligi va uning faqr yoʻlida hurmatga sazovor boʻlishi dilda Undan (Allohdan) oʻzga, yodda jonondan (Allohdan) oʻzga narsa boʻlmasligidir. Har bir koʻngil shunday sifatga ega boʻlsa, uni koʻngil deb bilgil. Yoʻqsa, dengiz yoki kon boʻlsa-da, undan voz kechgil. Unga maskan boʻlgan koʻngil -koʻngildir, yoʻqsa, gulshan boʻlsa ham gulxandir.»
Biz bir narsaga e’tiborimizni qaratishimiz lozim: yuqorida zikr etilgan talablarga ul muhtaram zotlarning oʻzlari toʻla amal qilganlar. Bizga ibrat boʻlguvchi ul zotlar Allohning marhamatiga erishsalar-da, oʻzlarini tuproq qadar deb bilganlar. Holbuki, oramizda shunday birodarlarimiz borki, besh mahal namozni chala-chulpa oʻqishni oʻrganib olib, jannatga yoʻllanmani qoʻlga kiritdim, deb xayol qiladilar va hech kimga soʻz bermay gerdayib yuradilar. Shunday kimsalarga «Islom nimadir?» deb savol berib koʻraylik. Ularning javobini eshitguncha oʻzimiz deylikki: Islom - hayotning yashash bir tarzidir. Islom - namozmidir? Ha. Ammo faqat namoz emas. Roʻza tutmoqlikmi? Ha. Ammo faqat roʻza tutmoqlik emas. Hajmi? Ha. Ammo faqat haj degani emas. Ishqsiz bularning barchasi quyoshsiz osmon kabidir. Endigi rivoyat balki Ishq nimaligini bilishni istamayotgan ayrim birodarlarimizga ibrat boʻlarmikin?
Bir murid shayxi Boyazid Bistomiyni (q.s.a.) tushida koʻrdi va soʻradi: «Munkar va Nakirdan qanday oʻtdingiz?» Shayx dedilar: «Munkar va Nakir «Rabbing kim?» deb soʻraganlarida men: «Borib, Allohdan soʻrang, «Boyazid sening kimingdir?» deb. Ul ne desa Boyazid oʻshadir. Ul «Boyazid bandamdir» demagunicha mening ming karra «Rabbim Allohdir!» deb aytmogʻimning foydasi yoʻq.»
Ishq ahlining oʻlim bilan uchrashuvi ham oʻziga xosdir. Mavlono Jaloliddin Rumiy oʻzlarining oʻlimlarini «Shabi arus», ya’nikim, «nikoh oqshomi» - kelinni koʻradigan, lazzat oladigan, hayajonlanadigan, visolga erishadigan oqshom, deb ataydilar. «Oʻlganimda mening orqamdan yigʻlamang, «alvido!» demang. Men ajralishga emas, uchrashuvga ketyapman», - deganlar... E’tiqodli, oshiq bir insonning soʻnggi nafaslari...
Yana mavzuga qaytsak: «Dard (ishq) ahlining nafasi bir oʻtdirki, qattiq koʻngilni yumshatadi va diydasi qattiq odamni ham yigʻlatadi. Kuyganlarning dami shunday yelki, u manmanlik xashagini sovuradi va jaholat tuprogʻini supuradi, - deydilar hazrat Navoiy. - Doʻst diydorini koʻrishni istasang - oshiq boʻl. Buning uddasidan chiqmasang - oshiqlar atrofida boʻl. Agar senda u oʻtning shoʻ'lasini koʻrish havasi boʻlsa, bir uchquni sen tomonga yuzlansa basdir. Ishq bir oʻtdurki, oning shu'lasidin bir sharar, Tushsa gardun pardasigʻa oʻrtar andoqkim, harir, Senki jisming parda toridin dagʻi boʻlgʻay nahif, Tushsa ul yangligʻ choqin tuzgaymu ul tori haqir.» (deyilmoqchikim, Ishq - bir oʻtdir, agar uning shu'lasidan bir uchqun osmon pardasiga tushsa, uni mayin shoyidek oʻrtaydi. Sening jisming tori esa, ana shu parda ipidan ham nozikdir. Agar unga oʻshanday chaqin tushsa, bechora tor chiday oladimi?)
Hazrat Soʻfiy Ollohyor ishq masalasida koʻp satrlarni bizga meros qoldirganlarkim, oʻqisak, uqsak, amal qilsak sharaf topgumizdir. «Onang yo singling boʻlsa-yu, ularda Allohning dardi boʻlmasa, ular sening boshingni oluvchi dushmaning. Kimki, Ishq dardidan bexabar boʻlsa, oʻgʻil-qizing boʻlsa ham xasmingdir, dushmaningdir.» Kamina bu oʻgitni shunday tushunadi: yaqinlaring qalbida Ishq boʻlmogʻi uchun avvalo sening oʻzing Allohni butun borligʻing bilan seva olishing kerak. Chunki farzandlaring nimani oʻrgansa ham avvalo sendan oʻrganishadi. Agar ularga Ishq dardi oʻzga ustozlar orqali oʻtsa-yu, sening oʻzingda bu dard boʻlmasa, u holda yaqinlaringning eng katta dushmani oʻzingsan.
«Sabotul ojiziyn»da oʻqiymiz:
Muhabbat jomidin topsa kishi bahr,
Na qilsun mol-mulki Movarounnahr. deyilmoqchiki: birov muhabbat jomidan bahra olib, uning bir qultumini ichdi, deguncha molu-mulkka, garchi u molu-dunyo Movarounnahr mulkidan koʻproq boʻlsa-da, nazar-pisand qilmas. Muhabbat jomidan ichgan kimsaning istagi faqat ma’shuqiga (Allohga) qaratilgan boʻladi.
Koʻngil mulkiga bir oliy sifatdur,
Muhabbat ganji bogʻi ma’rifatdur.
Deyilmoqchiki: koʻngilning davlati va mulki shundayin bir yuqori sifatdirki, uni soʻz bilan vasf qilib boʻlmaydi. Chunki, koʻngil muhabbat bogʻi va xazinasining manbai va Allohning nazargohidir. Shunday ekan, uni bayon qilish qachon mumkin boʻlgan?
Rizoyi hazrati Ma’bud oʻshanda,
Jami'i istagan maqsudlar anda. deyilmoqchiki, Haq taoloning rizosi oʻsha koʻngilda, istalgan niyatlarning barchasi oʻsha koʻngil uyida boʻlsa, albatta bularni vasf qilish mumkin emasdir.
Aningdek mulkning sultoni boʻlsang,
Na hojat yer yuzining shohi boʻlsang. deyilmoqchiki, sen shu koʻngil mulkining shohi boʻlsang, yer yuziga sulton boʻlishlikka aslo hojat qolmaydi. Zeroki, dunyo podshohligi - foniy, oxirat shohligi - boqiy.
Alhol, hazrati shayx Ibrohim bin Adham (qoddasallohu sirrahul aziz) qissalarini eslash oʻrni keldi.
Balxning podshohi Ibrohim bin Adhamning qirq nafar oltin qalqonli quli dabdaba bilan uning oldida borar, yana qirq nafari esa ortida yurar edi. Bir kecha saroyda yotsalar tomning tepasida dupur eshitildi. «Ul nimadur?» - deb tovush bergan edilar, «Tuyani qidiryapman» degan sado keldi. «Tuyani tomning ustida qidiradilarmi?» - degan edilar, javob keldiki: «Ey gʻofil, Allohni shohi koʻrpalar ichida qidiradilarmi?»
Bu soʻzni eshitishlari bilan ul zotning jonlariga oʻt tushdi. Tongga qadar uxlay olmadilar. Ertalab mutaassir boʻlib taxtga oʻtirdilar. Arkoni davlat va qullari kelib, qoʻl bogʻladilar. Shu zamon haybatli zot eshikdan kirib kelib, taxt yoniga bordi. Biron kishi biror soʻz soʻzlay olmadi. Tillari tutildi. Ibrohim bin Adham: «Ketgil, bu saroy menikidir, sen telbamisanki, bu yoqqa kelding?» - degan edilar, ul zot: «Bul karvonsaroydur. Sendan avval kimniki erdi?» - dedi. «Otamniki, undan oldin bobomniki edi», - deb javob berdilar. Yana savol berildi: «Ular ne boʻldilar?» Javob qilindi: «Oʻldilar...» Deyildi: «Demak, mening aytganimdek, bul karvonsaroy emasmidirki, birisi kelib, birisi ketar?»
Oʻshal zot Hizr alayhissalom edilar. Ibrohim bin Adhamning dardlari zoʻraydi. Tasalli topmoq umidida shikorga chiqdilar. Unda saroy ahlidan ajralib, yolgʻiz ketar ekanlar: «Intabeh!» (Ogoh boʻl, uygʻon!) degan ovozni eshitdilar. Soʻng yana «Intabeh!» deyildi. Uchinchi marta esa «Intabeh, qoblan tantabeh!» («oʻlmoqdan avval uygʻon!») -deyildi. Buni eshitganlari zamon dunyodan qoʻl tortdilar. Otni ilgari surdilar. Roʻparalaridan bir kiyik chiqdi. Qoʻlga kamon olgan edilar, kiyik tilga kirdi: «Yo, Ibrohim! Hazrati Haq taolo seni ov qilmoq uchun dunyoga keltirdimi? Boshqa ishing yoʻqmi?» Shu soʻzlarni eshitar ekanlar yana bir ovoz keldiki: «Sen ov qilmoq uchun yaratilmading!» Bu sas ul zotni titratdi. Koʻzlariga malaklar koʻrindi. Yigʻlay boshladilar. Shu qadar yigʻladilarki, kiyimlari hoʻl boʻldi. Jonu dil bilan nasuh tavbasini qildilar. (Nasuh tavbasi - sof, xolis holda, qayta gunoh qilmaslik ahdi bilan qilinuvchi tavbadir.) Shu holda ketar ekanlar, oʻz odamlaridan boʻlmish bir choʻponga uchradilar. Choʻponning chakmoni va telpagini kiyib olib, qoʻylarini unga bagʻishlab yubordilar. Ul zotning bu hollariga malaklar nazar qildilar: «Podshohlik libosini yechib, jannat va jamolulloh oshigʻi oxirat libosini kiydi», dedilar.
Ishq ana shundaydir...
-Ey koʻngil! Diqqat ila quloq tutgilkim, ehtimol senga ham «Intabeh, qoblan tantabeh!» nidosi kelayotgandir. Ehtimol qalbing quloqlarini, qalbing koʻzlarini nafs pardalari toʻsib olgandir?! Ziyrak boʻl! Qalbingga boq!
Yana «Sabotul ojiziyn»ga qaytaylik:
Agar xandalcha boʻlsa mehri agʻyor,
Boʻlur botin koʻzi mahjubi asror.
Deyilmoqchiki, agar bir ahlillohning koʻnglida qalampir urugʻichalik Allohdan boshqaning muhabbati boʻlsa, oʻsha kimsaning koʻngil koʻzi Alloh taoloning sirlaridan pardalanadi. Ya’ni u kishiga Alloh taoloning sirlari yopiq boʻladi.
Nechukkim, zarrayi xas tushsa koʻzga,
Qilur, albatta, koʻrmakliking oʻzga.
Chunki, masalan, agar zarradek biror narsa koʻzga tushsa, albatta, koʻzning koʻrishini oʻzgartiradi. Uning koʻrishi narsa tushmasdan ilgarigidek boʻlmaydi. Shuning kabi yuqoridagi baytga qaytilsa, bir ahli muhabbatning koʻngliga Allohdan boshqa narsaning muhabbati tushsa, albatta, Alloh taoloni sevmogʻi oʻzgaradi. Shu sababdan ahlillohning koʻnglida zarra miqdori Allohdan gʻayrining muhabbati boʻlmaydi. Ertayu kech Alloh rizoligi talabida boʻladi.
Ibodat bandaning manzuri boʻlsa,
Beh ul erning uyinda huri boʻlsa.
Bir bandaning zavqi va ishqi Allohning ibodatida boʻlsa, uning uyida bir hur qiz boʻlsa ham, oʻsha goʻzal qizga maylu muhabbat bildirmas. Hamisha Allohning Ishqida boʻlib, toatu ibodatini qilur.
Rivoyat qilurlarkim, bir zohid ibodatda edi, ayol oʻtib, xayoli boʻlindi. Tanbeh berib dediki: «Men Allohim bilan band edim, sen uni buzding.» Ayol dediki: «Men ham Allohim bilan band edim, sizning bunda oʻlturganingizni sezmabman.» Ishqning quvvatiga oʻzingiz baho bera qoling.
Rus adibi Lev Tolstoyning Islomga muhabbat qoʻya boshlagani haqida ma’lumotlar bor. Lenin uning nasroniylikdan chiqqan hisoblagan, ammo Islomga munosabatini tan olmay, uni xudosiz hisoblab, «rus revolyutsiyasining otasi», deb ta’riflagan edi. Yozuvchini nasroniylarning qabristoniga qoʻyishmagan. U oʻz bogʻiga dafn etilgan, qabri tepasida xoch qoʻyilmaganini avvalgi risolamizda batafsil bayon etib edik. Lev Tolstoyning «Tarki dunyo Sergiy» deb nomlangan asari bor. Nima uchundir uni «Avliyo Sergiy» deb tarjima qilishgan. Holbuki u avliyo (svyatoy) emas, aynan dunyodan kechgan (otщelʼnik) kishidir. Bir vaqtlar e’tiborli oilaning farzandi sanalmish bu odam ofitserlar orasida baobroʻ boʻlgan. Uning sevgilisiga podsho tomonidan koʻz tashlangach, u dunyodan nafratlanadi va voz kechadi. Ha, u dunyodangina voz kechadi, Yaratganga oshiq boʻlish martabasiga yetadi. Zero, tarkidunyochilik boshqa, oshiqlik boshqa. Bu ikki tushuncha bir-biriga bogʻliq boʻlsa-da, bir narsa emas. Yozuvchi bayonidagi Sergiy boshqalar kabi rohiblikni tanlamaydi, balki undanda battarini - yolgʻizlikni afzal biladi. Xarob kulbalarda hayot kechiradi. Uni yoʻldan urgisi kelgan birodarlari turli nayranglar ishlatadilar. Oxiri bir qizni uning kulbasiga kiritadilar. Tunda shayton vasvasasidan qutulish uchun Sergiy boltani olib oʻz panjasini chopib tashlaydi. Bu voqea bayoni necha yuz yil avval bitilgan yuqoridagi baytning isboti kabi tuyuladi.
Kel, e tolib, koʻzing ibrat bilan och,
Muhabbatsiz kishidan qush boʻlib qoch.
Muhabbat ahlining joʻyoni boʻlgʻil,
Oʻshalkim, uchradi, qurboni boʻlgʻil.
Deyilmoqchiki: sen hamisha Allohni sevuchilarni izla. Banogoh ular senga uchrab qolsalar, yoʻllarida fido boʻlib, oʻzingni qurbon qil. Zero, ahlillohni topmoq - Xudoning oʻzini topmoqlikdir. Demak, oʻzni qurbon qilmoqlik - Allohga nisbatandir.
Ulugʻlarning fikrlaridan aqlimizni quvvatlantirib biz ham bir-ikki soʻz aytmoqlikni niyat qildikkim, Alloh adashtirmagay.
Inson har kuni oʻziga rizq bergan, sogʻliq va aql bergan, turli-tuman tuganmas ne’matlar bilan ne’matlantirgan Allohni mutlaqo tanishi, bilishi kerak. Bu - ishqning poydevori, avvalidir.
Maryam surasida «Shaytonga ibodat qilmanglar», deb ogohlantirgan Rabbimiz nafsga sigʻinish, unga but kabi qulluq qilish haqida Josiya surasida marhamat qiladikim: «(Ey Muhammad), havoyi nafsini oʻziga «iloh» qilib olgan va Alloh uni bilgan holida yoʻldan ozdirib, quloq va koʻnglini muhrlab, koʻz oldiga parda tortib qoʻygan kimsani koʻrganmisiz?»
Ayrim insonlar ba’zan Allohga sigʻinmay, itoat etmay, shaytonga itoat etib, uning vasvasasini bajarishadi. Ba’zilar nafsiga tobe’ boʻlib, uning xohishlarini ijro qiladilar. Bu qabihliklardan oʻzni saqlash va yolgʻiz Allohga itoat etish, uning amru farmonini bajarish, faqat Allohga sigʻinish - Ishqning tamali hisoblanadi.
Ishq - aql va mantiqqa uygʻun. Biz koʻproq amallarimizning tashqi tomoniga ahamiyat beramiz. Holbuki, botini muhimroqdir. Islomda niyat va ixlos asos hisoblanadi. Ishq ham aynan shu ikki buloqdan suv ichadi. Masalan, ikki kishi aynan bir ishni bajaradi. Lekin biriniki qabuldir, ikkinchisiniki esa yoʻq. Nima uchun? Negaki, oʻsha birinchisining niyati xolisdir, ikkinchisining xayoli boshqa narsada, niyati buzuq. Zohiran bir xil amal bajaradilar, ammo Allohga boʻlgan muhabbatlari bir xilda emas. Shunga koʻra, biriga mukofot beriladi, ikkinchisiga esa jazo. Ishq xolis samimiyatni talab etadi. Zohirparastlikni esa qabul etmaydi. Ichki poklikni, botiniy samimiyatni talab etadi.
Valid ibn Abu Valid va Abu Usmon Madaniydan Uqba ibn Muslim rivoyat qiladilar:
Abu Hurayradan (r.a.) «Janobi Rasulullohdan (s.a.v.) eshitib, xotirangizda yaxshi saqlangan hadisdan aytib bering», deb iltimos qilindi.
-Mayli, yaxshi eslaganimni ayta qolay, - dedilaru hushdan ketdilar. Soʻng oʻzlariga kelgach: -Rasulullohning (s.a.v.) oʻzlari bilan mendan boʻlak biror kimsa yoʻqligida aytgan hadislarini soʻzlayin, - deb yana hushdan ketdilar.
Nihoyat hushyor tortganlaridan soʻng bu hadisni aytdilar:
-Rasululloh (s.a.v.) oʻshanda marhamat qildilarki, Alloh taolo qiyomat kuni barchani hisob-kitob qiladi. Toʻplanganlar tiz choʻkkan koʻyi, navbatlarini kutadilar. Eng avval uch toifa odam chaqiriladi: Qur'onni koʻkragida jamlagan kishi, mol-dunyosi koʻp boʻlgan kishi va shahid boʻlgan kishi.
Alloh taolo Qur'onni yod olgan kishidan:
-Paygʻambarga nozil etilganlarni senga oʻrgatmadimmi?-deb soʻraydi.
-Menga bildirding, yo Rab!
-Senga oʻrgatilgan ilmga muvofiq harakat qildingmi?
-Ha, yo Rabbim! Kecha-kunduz Senga ibodat qildim.
-Yolgʻon gapiryapsan, - deydi Alloh taolo.
-Sen yolgʻon gapiryapsan, - deyishadi farishtalar ham.
Shunda Alloh taolo deydiki:
-Boshqalarning: «Falonchi oʻqigan odam, ilmli», deb maqtashlari uchun oʻqib-oʻrgangan eding, seni shunday deyishdi ham.
Undan keyin mol-dunyosi koʻp boʻlgan kishi oʻrtaga olib chiqiladi. Alloh taolo undan:
-Men senga yetarlicha mol-dunyo bermadimmi, hatto hech kimga muhtoj boʻlmaydigan darajada seni boy qilib qoʻymadimmi? - deb soʻraydi.
-Ha, yo Rabbiy, - deb javob qiladi u odam.
-Senga berilgan molni nima qilding, qanday sarflading? - deb soʻraydi Alloh taolo.
-Qarindoshlar haqlariga rioya etdim, sadaqa qildim, zakot berdim.
-Yolgʻon gapiryapsan, - deydi Alloh taolo.
-Sen yolgʻon gapiryapsan, - deyishadi farishtalar ham.
-Shunda Alloh taolo deydiki:
-Sen «Odamlar meni saxiy deb atasin», deya shunday qilarding. Seni shunday atashdi ham.
Shundan soʻng shahid boʻlgan kishi olib kelinadi. Janobi Haq undan:
-Sen nima uchun oʻldirilding? - deb soʻraydi.
-Yo Rabbiy, Sening yoʻlingda qurbon boʻldim.
-Yolgʻon aytyapsan, - deydi Alloh taolo unga.
-Sen yolgʻon soʻzlayapsan, - deyishadi farishtalar ham.
Shunda Alloh taolo deydiki:
-Mening amrimni ado etish uchun emas, odamlarning «Falonchi jasur ekan», deyishlari uchun kurashding. Odamlar seni shunday deyishdi-ku?»
Abu Hurayra (r.a.) davom etib aytdilarki:
«Janobi Paygʻambarimiz (s.a.v.) shundan keyin mening tizzamga urib qoʻyib:
-Ey Abu Hurayra, qiyomat kuni Allohning maxluqlaridan jahannam olovida birinchi yonadiganlari ana shu uch odamdir,-dedilar.»
«Tanbehul gʻofiliyn» asarida ta’kid etilishicha, bu uch toifaga avval jannat koʻrsatiladi. Ular «jannatga tushamiz», deb quvonib turishganda doʻzaxga hukm boʻlishadi va «bizga jannatni koʻrsatmay turib toʻgʻri doʻzaxga tashlaganing durust edi», deb yigʻlashadi. Demak, niyati xolis boʻlmaganlarning jazosi qattiqroq boʻlar ekan. Niyat xolis boʻlmoqligi uchun esa qalbda ozmi-koʻpmi Ishq boʻlmogʻi shart.
Mazkur sharafli hadis Muoviyaga aytilganda u: «Bu uch kishining boshiga shunday kulfat tushsa, boshqalarning holi qanday boʻlarkin?» - deb uzoq yigʻlagan, soʻng Hadid surasini oʻqib degan ekan-ki:
-Allohning Rasuli (s.a.v.) rost soʻzlabdilar. Chunki Alloh taolo: «Kimki dunyo hayoti va uning ziynatini istasa, ularga amallarning (savobini) shu (dunyoda) mukammal berurmiz va ular (dunyoda) ziyon koʻrmaydilar. (Ya’ni savoblari uchun ajrni ham shu dunyoda olib, oxiratda benasib boʻlurlar.) Ana oʻshalar uchun oxiratda doʻzaxdan boshqa (narsa) yoʻqdir. (Ularning) savobli ishlari habata (barbod) va qilib yurgan amallari botil boʻlur», - deya marhamat qilgan-ku!
Ishq - Allohga ishonish, Allohni tanish, Uni izlash, roziligini topish ekan va bu xolis samimiyatni talab qilar ekan. Buni «ma’rifatulloh» yoki «irfon» ham derlar. Irfon egasini esa «orif» yoki «orifun billah» ham derlar. Ya’nikim, xolis niyat ila Allohni tanigan, Allohga yetgan. Bu maqomga yetganlarni «eran» ham derlar, ya’nikim, oʻzining yuqori darajadagi ishqi tufayli Allohga yetishgan. Soʻradilar: «Orif kim?» javob berdilarkim: «Orif uldurki, hech narsa uning mashrabini (tabiatini) bulgʻay olmas, har qanday kadar unga sof boʻlur. Har kim xalqqa orifdir, Haqqa johildir. Har kim xalqqa johildir, haqiqatan orifdir. Orifning nifoqi johilning ixlosidan a’lodir.»
Turklarning ulugʻ shoiri Yunus Emro «Izlamagin olislardan, koʻnguldadir maqomi», deb yozgan ekanlar. Demoqchilarkim, «Sen Allohu taoloni uzoqlardan, osmondan yoki boshqa tomonlardan izlama, uning maqomi sening koʻnglingdadir. Koʻngling, ya’ni qalbing muhabbat bilan Allohni bilish va unga yetish ishqi bilan yonib-oʻrtanadi. Uni sevish va har bir narsani uning rizosi uchun qilish asosiy maqsad - Alloh tomonidan sevilgan qul boʻlish baxtiga yetkazadi.»
Oʻylaylik: birov «Mersedes»ni sevadi, unga erishmoq uchun tunu kun harakat qiladi. Tinim bilmaydi. Hatto Olmoniyadagi zavodiga ham borib keladi. Bu uning koʻngil ishi. Nafsi shunday buyurdi - qildi. Afsus bilan deymizki: Alloh roziligiga erishish uchun ham shunday intilsa edi...
Xos oshiqlar kimningdir sevgisiga, maqtoviga, shuhratiga, xayru-ehsoniga ahamiyat bermaydilar. Ular faqat va faqat Alloh tomonidan sevilishni xohlaydilar. Va faqat shu yoʻldagina harakat qiladilar.
Hazrati Rasululloh (s.a.v.) yahudiy ruhoniylarni Islomga da’vat etganlarida, ular: «Biz Allohni sevamiz, biz Allohning sevimli qullarimiz. Bizning oʻz dinimiz bor, oʻz e’tiqodimiz bor, nega sening oldingga kelishimiz, senga bay'at qilishimiz kerak? Senga tobe’ boʻlishga bizda hojat yoʻq. Biz Allohni taniymiz va sevamiz», - deganlarida Alloh taolo tomonidan bu oyati karima nozil boʻlgan: «Ayting, (ey Muhammad!) «Agar Allohni sevsangiz menga ergashinglar. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni magʻfirat etadi.» (Oli Imron). Bundan murod: «Siz, ey Muhammad (s.a.v.), Allohning sevgili qulisiz va rasulisiz. Sizga ergashsinlar. Shunda Alloh ham ularni sevadi», - degan mantiqli hukmdir. Allohning bir qulini sevmoqlik sharti keskin tarzda ma’lum shartlar vositasida maydonga chiqadi. Xoʻsh, bir qulning Alloh tarafidan sevilmogʻining asosiy sharti nima ekan? Rasulullohning (s.a.v.) yoʻllaridan yurmoq, har ishda hazrati Paygʻambarimizga (s.a.v.) taqlid qilmoq, u muhtaram zot kabi harakat qilmoq, tavsiyalarini bajarmoq va u zoti sharifni yaxshi koʻrmoq, sevmoq vositasi bilan boʻlar ekan. Oriflar (eranlar) mazkur shart va vositalarni amalga oshirgan Allohning suyukli bandalari edilar. Deydilarki:
Ey Allohim, meni mendan ayirma,
Meni aslo jamolingdan ayirma.
Baliq joni tirik erur suv ichra,
Ilohi, baliqni koʻldan ayirma.
«Meni ishqing daryosidan tashqariga chiqarma. Baliq suv bilan tirik boʻlgani kabi Ishq ahli Allohning sevgisi, jamoli bilan tirikdir», degan ma’noni uqamiz mazkur satrlardan.
Ishq ahlining zimmasida ikki vazifa mavjud boʻladi:
Allohni bandalarga sevdirmoq.
Bandalarni Allohga sevdirmoq.
Albatta, bandalarga Allohni sevdirmoq goʻzaldir. Masalan, bolaga biron shirinlik bersangiz, totib koʻrgach, uni yoqtirib qoladi. Bandalarga Allohni sevdirmoq unchalik qiyin emas. Aytadilarki, banda haqiqiy komillik yolgʻiz Allohga oid ekanligini, oʻz nafsida yoki boshqalarda koʻrinadigan komillik esa yolgʻiz Allohdan kelishini idrok etayotganda Allohni sevgan boʻladi. Ammo bandalarni Allohga qanday yoʻl bilan sevdirmoq mumkin? Ta’kid etamizki, buning uchun banda Rasulullohga (s.a.v.) ergashadi, Rasulullohning sunnati saniyyalariga tobe’ boʻladi, sunnati saniyyaga muvofiq kamolga yetishadi. Sunnati saniyyaga ergashmoq har xil bid'atlardan saqlanmoq, hazar qilmoqlikni talab etadi.
Avvalgi bobda ibrat xususida aytib edik. Rasulullohni (s.a.v.) qanday sevish lozimligi borasida ham tarixda biz uchun ibratlar koʻp. Hazrati shayx Uvays Qaroniy (qoddasallohu sirrahul aziz) ibratlarini eslashning oʻzi kifoya. Uvays Qaroniy hazratlari Rasulullohni koʻrmay turib ham sevganlar. Kofirlar Uhud jangida paygʻambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.) janobimizning tishlarini sindirgani xabarini eshitib, bundan gʻoyat qalban kuyib, oʻz ogʻizlaridagi barcha tishlarini sindirgan ekanlar. Hazrati Uvays avval bir tishlarini tosh bilan urib sindirib, «Paygʻambarimizning (s.a.v.) singan tishlari balki bu oʻrindagisi emasdir», deb boshqasini sindirdilar. Shu zaylda barcha tishlarini sindirib chiqdilar. Ikki jahon quyoshi - Paygʻambarimiz salavotullohu alayhi va salomuhu janobimiz Uvays Qaroniy hazratlarining madhida «Yamandan menga Alloh oshigʻining isi kelur», - deb marhamat etganlar. Bu moʻ'jizani qarangki, Rasululloh (s.a.v.) bu oshiqni koʻrmay turib, u haqda eshitmay turib bilganlar. Sahobai guzin (suyukli sahobalar) Rasululloh janobimizdan Uvaysning qaerda ekanini soʻraganlarida «Yaman viloyatining Qarn qishlogʻida», - deb marhamat etdilar.
-Yo Rasulalloh! Uvays zoti risolatpanohlarini (ya’ni Sizni) koʻrganmi? - deb soʻradilar.
-Koʻrgan va lekin zohirda koʻrmagan, - deb marhamat qildilar.
-Bul qanday oshiqdirki, Sizni koʻrmas?
-Ikki sababi bor: birinchisi - hol gʻalabasidan, ikkinchisi - shariat azamatidan, ya’ni koʻzi ojiz onasi bor uyni yolgʻiz qoldirib kelmadi. Shariat amrini tutdi, onalik haqiga rioya etdi.
Rasuli akram janobimiz oxirat dunyosiga rihlat qilar ekanlar, hazrati Umar va hazrati Aliga (r.a.) muborak muraqqa’larini (kiyimlarini) berib, Uvays hazratlariga eltmoqlikni vasiyat qildilar va hazrati Uvaysning koʻrinishlarini ta’rif etdilar: «Badani yunglidir, oʻng qoʻlining panjasida oppoq, bir tangachalik xol bordir. Mendan salom aytingiz. Muraqqa’ni kiyib, ummatimni duo qilsin...»
Oʻrni keldikim, ulugʻlarning Alloh rasulini sevmoqlik haqida aytganlarini eslamoq lozim:
«Bir kuni tushimda Paygʻambarimiz alayhissalomni koʻrdim. Mendan: «Alloh seni qaysi xislatlaring tufayli doʻstlaring orasida balandroqqa qoʻyadi, bilasanmi?» - deb soʻradilar. Men «yoʻq», deb javob berganimda, shunday deb marhamat qildilar: «Solih kishilarga xizmat qilishing, musulmon birodarlaringga oʻgit berishing, moʻminlarni va mening sunnatimga ergashganlarni sevganing va mening goʻzal axloqimga ega boʻlganing tufayli!.» (Hazrati shayx Bishri Hofiy, qoddasallohu sirrahul aziz).
«Alloh sevgisining alomati Qur'on sevgisidir. Qur'on sevgisining alomati Paygʻambar sevgisidir. Paygʻambar sevgisining alomati uning sunnatiga va goʻzal axloqiga tobe’ boʻlmoqdir. Sunnatga tobe’ boʻlishlikning alomati oxirat hayotini unutmaslikdir. Oxirat hayotini unutmaslikning alomati dunyoga hirs qoʻyishdan, harom va gʻayrimashru' daromad yigʻishdan qochishlikdir.» (Hazrati shayx Sahl bin Abdulloh Tustariy, quddisa sirruhu.)
«Allohning lutfi boʻlmasdan bir kimsa Unga yetisholmas. Allohga yetishishning yoʻli uning Rasuli hazrat Muhammadga (s.a.v.) tobe’ boʻlishdir.» (Hazrati shayx Junayd Bagʻdodiy, qoddasallohu sirrahul aziz.)
Alloh nasib etsa, keyingi boblarda ham Rasulullohning (s.a.v.) goʻzal xulqlariga ergashish masalasiga qayta va qayta murojaat etajakmiz. Alhol, birgalashib, koʻnglimizga yana deylikki:
-Ey koʻngil! Oyati karimada aytilgani kabi Rasulullohga (s.a.v.) ya’ni Allohning sevgan bandasiga oʻxshab harakat qil! Alloh oʻz habibini sevgani kabi Unga ergashgan, Unga muvofiq amal qiladigan, oʻzini Unga oʻxshatadigan, oʻzini Unga oʻxshatadigan kimsani ham sevgaydir. Buni unutma!
Endi ayt-chi: Alloh itoat etganni sevadimi yo sarkashnimi? Ibodat qiluvchini sevadimi yo osiy boʻlgannimi? Yaxshilik qilganni sevadimi yo zulmu yomonlik yoʻlida yuruvchinimi? Ha, buning javobi aniq, buni hamma yaxshi biladi. Alloh itoat etganni, savob ishlar qilganni sevadi. Bu haqda Qur'oni Karimning Baqara surasidagi oyatni qayta-qayta oʻqib, uqib ol: «Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni, ibodatini jonu koʻngildan ado etgan bandalarini sevadi.» Yana Alloh rasulining (s.a.v.) soʻzlarini unutma: «Kim mening axloqimni ihyo etsa (takrorlasa, tiklasa), meni sevganidir. Kim meni sevsa, qiyomat kuni jannatda men bilan birgadir.» Paygʻambarimiz (s.a.v.) marhamat qilganlarkim: «Insonlarning axloqi buzilganida va ixtiloflar avjiga chiqqanida Alloh rasulining goʻzal axloqini namoyon qilgan odamga yuz shahidning savobi beriladi.»
Ey koʻngil! Sen shunday savob egasi boʻlmoqlikka intil! Rasulullohning (s.a.v.) «Kim mening goʻzal axloqimga tobe’ boʻlmasa, unga shafoatim haromdir», - degan soʻzlarini hech qachon unutma va shafoatlariga umid qil.
Rasululloh (s.a.v.) marhamat qilganlarkim: «Siz bir odamni koʻrsangiz, u odam koʻkda uchsa, yo suv ustida yursa yohud olov yesa va yo shunga oʻxshash ba’zi narsalarni qilsa, lekin Alloh farz qilgan amallarni ado etmasa va Paygʻambarning goʻzal axloqiga ergashmasa, bilingizki, u kimsa yolgʻonchi va nayrangbozdir.»
Ey koʻngil! Sen undaylarga hargiz yaqin boʻlmagaysen! Har on Rasululloh (s.a.v.) huzuridaman, deb oʻylagilki, harakatlaringda ul zoti sharifning sunnatlariga zid holat chiqib qolmasin. Musibatlarga duchor boʻlganda chida va sabr et. Gunohkorlarga va Paygʻambarimizning yoʻllaridan chiqqanlarga magʻfirat tilab duolar qil...
Ey koʻngil! Sen biror mansab umidida boʻlsang yoki biron marhamat ilinjida yursang albatta boshligʻing soʻzlarini jon qulogʻi bilan eshitasan, uning buyruqlarini oshigʻi bilan bajarishga urinasan. Agar talaba boʻlsang, ustozingning aytganlariga itoat qilasan, imtihonlardan oʻtish uchun dars tayyorlaysan.
Alloh aytganlarini bajarish, vazifalarini ado etishda barchamiz ham ana shunday ragʻbat namoyish etamizmi? Tahorat qil, namoz oʻqi! Kimdir oʻqiyda, kimdir oʻqimaydi. Roʻza tut! Birov tutadi, boshqasi yoʻq. Zakot ber! Hamma ham beravermaydi. Yaxshilik qil! Bir odam bu amrga itoat etadi, yana biri yuzini ters oʻgiradi. Zulmu munofiqlik qilma! Kimdir zulmdan hazar qiladi. Yana kimdir uchun zulm - hayotining mazmuni. Zino qilma! Birov nafsini tiya oladi, yana birov bu fahshni a’lo deb biladi. Ota-onani hurmat qil! Kimdir ota-onasining duosini oladi, yana kimdir la’nat tamgʻasini afzal biladi. Aroq ichma! Bir toifa boʻgʻzini pokiza saqlaydi, boshqa toifa shayton siydigini icha-icha toʻymaydi. Yolgʻon gapirma! Birov rostlikni shior qilib yashaydi, boshqasi yolgʻon gapirmasa goʻyo oʻlib qoladiganday boʻlaveradi. Xoʻsh, bularning qay biri Alloh uchun sevimli?
Mavzuni davom etttirishdan oldin bir masalaga qisqaroq tarzda boʻlsa ham izoh berib oʻtishni lozim topdik:
Biz ishq ahli - orif (eran)lar haqida juda-juda kam bilamiz. Darvishlar haqida esa undanda kam bilamiz, bilganlarimizning ancha qismi esa xatodir. Ularni Sovet davridagi xudosizlarning kitoblari yoki kinolaridangina bilamiz. Darvishlar bizning nazarimizda gadolardir, yirtiq-yamoq kiyuvchi, isqirt yuruvchi ishyoqmas bir shaxsdir. Agar shu fikrda qolsak, u muhtaram zotlarni haqoratlagan boʻlamiz.
Toʻgʻri, darvishlar hashamdan, xususan yasan-tusandan voz kechganlar, ya’nikim, dunyo sevgisidan yuz oʻgirganlar. («Darvish» atamasining ma’nosi - dunyoni sevmagan pok, sofdil kishi, demakdir.) Toʻgʻri, hayotda ozmi-koʻpmi oʻzini bechorahol, benavo koʻrsatib, tekinxoʻrlik bilan kun koʻruvchilar boʻlgandir. Ammo ularga qarab turib, darvishlarni yomonotliqqa chiqarishimiz insofdan ham, aqldan ham emas. Tarixdan ma’lumki, ular koʻp yerlarga Islom yetib borishiga xizmat qilganlar. Masalan, Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarining darvishlari Bolqonga qadar borib u yerliklarni musulmon boʻlishlariga xizmat qilishgan. Darvishlar uzoq oʻlkalarga da’vat uchun, ma’rifat uchun ketishgan. Ular ochlikdan, kambagʻallikdan, kasalliklardan va boshqa qiyinchiliklardan qoʻrqishmagan. Mutavoze’, xushaxloq, birovga zarari yoʻq, oʻz maslagida sobitqadam boʻlganlar.
Darvish karvonlar oʻtadigan togʻ yonbagʻirlarida, daralarda, soʻqmoqlarda joylashadi. Oʻtgan-ketganga yaxshilik qiladi, siylaydi. Kechalari uyida mehmon qiladi. Mehmonlar koʻpayib borsa, binoni kengaytirib, xonaqohga aylantiradi. Nihoyat, kechagi kimsasiz soʻqmoq odamlar yashaydigan manzil-maskanga aylanadi. Soʻng esa shaharga... Soʻng esa darvishlar boshqa manzillarga ketadilar. Ba’zi shaharlar aynan shu tarzda barpo boʻlgan. Darvishlarni hatto nasroniy aholi ham yaxshi koʻrgan, hurmat qilgan. Nega? Chunki ulardan hech kimga ozor yetmagan. Halol yeb, halol turganlar. Toza koʻngil, shirinsoʻz, tabassumli, yaxshilikni sogʻinadigan, ishchan insonlar boʻlganlari uchun ham sevganlar, hatto ba’zilari ularga ergashganlar. Darvishlar butun kuch-gʻayratlarini xolis Alloh roziligi uchun sarflaganlar. Darvishlar faqat insonlarga emas, balki hayvonlarga ham xizmat qilganlar. Masalan, qoʻtir bir itni koʻrib, ichi achiydi, uni olib, davolaydi. Nega? Chunki maxluqni Xoliq rizosi uchun yaxshi koʻradi, undan muhabbatini darigʻ tutmaydi. Itga qilingan yaxshilikdan oʻziga foyda tegishi, savob yetishini biladi. Vaqti kelib, Allohning marhamati bilan bu ulugʻlar haqida toʻgʻri va yaxshi asarlar bitilgay, avlodlarimiz bu boradagi haqiqatni anglab yetgaylar, insha Alloh!
Yana mavzuga qaytsak: Alloh sevgisiga yetishmoqlikning asosiy shartlaridan birinchisi -Uning rasulini sevmoq ekan. Keyin esa musulmon musulmonni sevmogʻligi shart. (Shuning barobarinda ota-onani sevmoqligi ham shartkim, bu haqda alohida bobda soʻz yuritamiz.) Bir-birlariga nisbatan samimiyatli, chin qalbdan muomala qilganlarni Alloh sevadi. Yonidagi birodariga yoki qarindoshiga yoki ota-onasiga muhabbati boʻlmagan kimsaning «Rasulullohni sevaman!» «Allohga ishqim baland!» deyishi quruq gapdan boshqa narsa emas.
Bu sevgilardan tashqari «xizmat qilish» degan tushuncha ham bor. Ya’ni sevgi izhori bilan ish bitmaydi. Banda Alloh roziligi uchun ota-onasiga, xalqqa... xizmat qilishi shart. Savob ishlarni amalga oshirishi zarur. Xalqning ogʻirini yengil qilishga hissa qoʻshmogʻi lozim. Ya’ni ariqlar, hovuzlar qaziydi, tozalaydi, koʻpriklar quradi... xullas, xizmatlarning turi koʻp. Qay biriga qurbi yetsa, bajarishi kerak. Hassa tayanib kelayotgan otaxon yoʻldagi mushtday toshni hassalari uchi bilan chetga surib qoʻyadilar. Bu ham xizmat. Yaxshi tarbiya koʻrgan bola keksa onaxonni katta koʻchadan yetaklab olib oʻtib qoʻyadi. Bu ham xizmat...
Qul Allohning roziligini topish uchun turli yoʻllar axtaradi. Tadbirlar oʻylaydi. Alloh roziligiga bois ishlar esa koʻpdir. Shu qadar koʻpki, maxluqotning hisobi qadar emas, mahluqotning nafasi hisobi qadar koʻp, deydilar oriflar. Tasavvur qiling, bir odam qancha nafas oladi? Endi esa butun jonzotlarning bir daqiqada, bir soatda, bir kunda, oyda... olgan nafaslarini tasavvuringiz doirasiga sigʻdira olasizmi?
Yoʻl haqida soʻz ketganda tariqat tushunchasini chetlab oʻtsak yaxshi boʻlmas. Ayrimlar shariat va tariqatni bir-biriga zid, hatto dushman sifatida qarshi qoʻyadilar. Bu toʻgʻri emas. Gap shundaki, «tariqat» - yoʻl, aniqrogʻi soʻfiylik yoʻlini anglatadi. Soʻfiylik tarixida esa turli tuman yoʻllar koʻp va ular orasida adashgan hatto zararli oqimlar ham boʻlgan. Biz Naqshbandiya yoki Yassaviya tariqatlarini eshitganmiz. Ha, «bilamiz», emas, aynan «eshitganmiz». Holbuki tarix Qodiriya, Suhravardiya, Kubraviya, Bektoshiya, Mavlaviya, Qalandariya... kabi koʻplab tariqatlarning faoliyatiga guvoh boʻlgan. Chishtiya tariqatining Hindistonga, Sunusiya tariqatining Afriqaga Islomni yoyishda xizmatlari bor. Ayrim tariqatlar oz muddat faoliyat koʻrsatganlar. Ayrimlari esa yuz yillardan beri mavjuddirlar. Ma’lumki, tariqat ahlining oʻz pirlariga muhabbatlari baland. Faqat pirlari buyurgan yoʻldan yuradilar. Soʻfiy Ollohyor hazratlari pirni jang maydonidagi qoʻmondonga qiyos qiladilar. Oʻxshatish oʻrinli, ammo qoʻmondonlarning darajalari, aql-zakovotlari turlicha boʻladi. Bir qoʻmondon lashkarni gʻalabaga yetaklasa, boshqasi magʻlubiyat botqogʻiga yetaklaydi. Ana shu ikkinchi toifadagi «pirlar» tariqat ahlining pokiza nomlariga dogʻ tushirib qoʻyishgan. Bahouddin Naqshband hazratlari tariqati agar shariatga zid boʻlsa bu kunga qadar yashab kelmagan boʻlardi. Biz mazkur bitikda tariqat, soʻfiylik olami haqida batafsil fikr yuritmoqlikni maqsad qilib qoʻymaganmiz. Chunki bu oʻziga xos murakkab ilmdir va bunday ilm kaminada yoʻq hisobida. Shu bois ma’lumot sifatida tilga olib oʻtyapmiz. Soʻfiylik tarixida yomonliklari bilan zikr etilgan, hatto kofir deb e’lon qilinganlar ham borki, shulardan ikkitasini «Sabotul ojiziyn»ga Tojuddin Yolchiquli tomonidan yozilgan sharh asosida bayon qilib oʻtsak zarar qilmas, biz ojiz bandalarni xato yoʻllardan asrashga xizmat qilar, insha Alloh!
Gʻaraz, e bandalar, nozir oʻlunglar,
Yamon yoʻl firqagʻa hozir boʻlunglar.
Sharh: maqsad shuki, e bandalar, yomon yoʻldan yurguvchi guruhlar holidan bayon qilayin. Sizlar esa hoziru nozir boʻlingizlar.
Bani Odamda bordur bir firqa
Tutarlar oʻzlarin ahli tariqa.
Sharh: Odam bolalari orasida bir turli guruh bordir. Ular oʻzlarini ahli tariqat sanab, «bizlar ahli jazbamiz»,-derlar. Oʻzlari jazbaning ma’nosi va uning necha xil boʻlishini bilmaydilar. Faqat tariqat ahlidanmiz va zikri jahriyadanmiz, deya baqirib devona boʻlib yurishadi.
Alar shar'i nabiyning dushmanidur,
Alarning oti, ya’ni «ravshaniy»dur.
Sharh: sifatlanmish guruhlar Paygʻambarimiz (s.a.v.) shariatining dushmanidir. Bularning hollari kofir butidan ortiqroqdir. Ammo mazhablarining oti mazhabi Ya’rab ibni Safvon Ravshaniydur (Ravshaniy - Balxdagi bir qishloqning nomi).
Alar oʻzlarigʻa «orif» qoʻyib ot,
Oʻqurlar omiylargʻa yaxshi abyot.
Sharh: bu botil mazhab ahli bir-birlarini «orif» atab, u shunday avliyo, shundayin holli, derlar. Bir uyga yigʻilishib oxirat holni koʻrsatuvchi abyotlar va hikmatlarni omiylarga aytib va turli daf'u nogʻorayu boshqa cholgʻularda ohanglar chalurlar. Xotinlar va besoqollar nafis tovushlar bilan oʻzarlar. Bir zamondan soʻng ba’zilarining dimogʻiga shayton oʻsirgach, aqllaridan ozib, hushdan ketishadi. Lekin aytishlaricha, aqldan ozib hushdan ketishlari bir tur doridandir. Safro oʻtini gulxanga qoʻyib undan tutun chiqib dimoqlariga kirgach, hushsiz boʻlishadi. Ammo shayxlari hushlarini yoʻqotmay doim ogʻizlariga asal solib turishadi. Bu asal boyagi giyoh tutinining haroratini qaytarib turadi. Ul mal'unning gʻarazi - koʻrkam xotin yoki besoqol hushsiz boʻlgach, uni jimo' qilishdir.
Valekin aytushur behuda ma’niy,
Oʻzining yoʻligʻa solmoqqa ya’niy.
Sharh: ammo bu firqaning shayxlari oʻtgan avliyolar va ularning hollari haqidagi behuda gaplar bilan omiylarni ragʻbatlantirib, oʻzlarining botil yoʻllariga solmoq va kiritmoq havasida boʻladilar.
Alarda boʻlmagay hech yaxshi niyat
Ayolu ahlida boʻlmas hamiyyat.
Sharh: oʻsha majlisda boʻlganlarning yaxshi niyatlari yoʻq. Bir-birlariga oshiq boʻlib yurishadi. Xotinlari va oilalariga kuyunchak boʻlishmay, balki qaysi birining xotini qoʻlga tushsa, oʻshani jimo' qilishadi. Shundan soʻng «men Alloh ishqida mast boʻlib, nima narsa boʻlganini bilmadim»,-deyishadi. Va yana ayturlarki, Alloh taolo hazrati koʻzlariga goh koʻrinib, goh koʻrinmas emish. Olimlarni dushman koʻrib namozni yoqtirmaydilar. Yana deyishadiki, ularning majlisida har kim bir kecha oʻtirsa, qirq yillik ibodat savobini toparmish. (Shu oʻrinda mazkur sharh muallifi Tojuddin Yolchiqul bu mazhab holini koʻrib oʻrganish uchun ularning bir necha majlislarida oʻtirganligidan afsus-nadomatlar chekib, tavbalar qiladi, Allohdan uzr soʻraydi.)
Jami' jonvorlar tushsa koʻzga,
Hamiyyatlik boʻlur toʻngʻizdin oʻzga.
Sharh: dunyodagi barcha hayvonda gʻayrat va kuyunchaklik bordir. Yolgʻiz toʻngʻizda bu narsalar yoʻq.
Alarning fe’lidur toʻngʻizga oʻxshash,
Shariat munkaridur ogʻzigʻa tosh.
Sharh: bu mal'unlarning fe’li toʻngʻizlarga oʻxshashdur, chunki toʻngʻiz kabi bularda ham rashk yoʻq (xotinlarini qizgʻanmaydilar). Shariatni inkor qilish bularning odatidur. Olimlar oʻgit qilib, xatolarini aytsalar, uni soʻkib «kofir» derlar. Roʻzani ikki-uch kun keyin boshlab, jamoatdan ikki kun burun bayram qilishadi. Shayxlari guruhdagilarning nimaiki narsasini xush koʻrib qolsa, tilanchilik bilan olishadi. Yana nodon muridlar aytishadiki: «Molimizning yarmi shayximiznikidir. Soʻramayin olsa ham, bizlar rizo boʻlmasak ham haloldir».
Alarning fe’lini kim yaxshi bildi,
Boʻlub kofir, yonar oʻtga yiqildi.
Kimki, ularning qilmishlarini bilaturib yigʻinlariga oʻzi borsa va xotinu ahlini yuborsa, yonar oʻtiga tushganidir. Ya’ni ul kimsa kofirlardan boʻlib, jahannamda mangu qoladi.
Boʻlibdur yana ham bir firqa paydo,
Oti moʻmin, vale nafsiga shaydo.
Yana Ravshaniy mazhabi kabi bir guruh paydo boʻlibdi. Ismlari «moʻ'min»dir, ammo oʻzlarini oʻzlari aldaguvchilardir. Oʻzlari «moʻ'min» deb atasalar-da, ammo ichlarida kofirdirlar.
Yigʻarlar porayi boʻyni yuvonni,
Solurlar oʻrtagʻa qizu juvonni.
Bir guruh boʻyni yoʻgʻon giyohni yigʻib majlislarida oʻtga qoʻyib yoqadilar. Majlislariga qizlar va besoqol bolalar ham keltiriladi. Tutayotgan giyohning tutuni burunga kirib, kishini hushsiz qiladi. Shayx boʻlmish kimsa doim sirka va nordon narsalarni ichib turgani uchun unga tutun ta’sir qilmaydi. Shundan soʻng istagan qiz yoki besoqolni jimo' qiladi.
Agarchi Ravshaniy ermas, bu - Avbosh,
Vale bu ish shariat hukmdin tosh.
Buni «mazhabi Abbos ibni Ubayda Xarufiy Avboshiy» derlar. Ravshaniy mazhabidan boshqadir va yomonroqdir. Lekin har ikkisining mazhabi shariat hukmidan tashqaridir. Har ikkisi kofirdir («Avbosh» - Sheroz yaqinidagi shahar ismidir).
Abulhasan Xirqoniy hazratlari «Odobi soʻfiy» nomli kitoblarida yozishlaricha, mazkur bu ikki guruh zamona oxirida chiqib juda koʻp boʻlishar. Yana mazkur kitobda yozilmishki, bu ikki guruh yoʻldan ozganlardir va yoʻldan ozdiruvchilardir. Shariat ahli oldida uyatlidir. Ishonsinlar, deb necha aqlsizlar ul mazhabning tobelari Xoja Ahmad Yassaviydan naql qilurlar, ya’ni «bizning silsilamiz Xoja Ahmad Yassaviy», derlar va shu bilan xaloyiqni aldamoq istarlar. Ajab! Xoja Ahmad Yassaviy Alloh taoloning doʻsti (valiy) boʻlsa-yu, bunchayin bid'at va yovuz ishlarni qiladimi?! Aslo! Ulugʻ avliyodan bundayin kufr ishlar kelmas! Nozimi kitob aytadiki, Xoja Ahmad Yassaviy hazratlari shariatning quyoshi, ya’ni komilu mukammal erdilar. Ul zotning nomini bulgʻab kelayotgan bu guruh Allohning rahmatidan yiroq va ularning ishlari ahli sunnat va jamoat ishidan ayrilgandir. Shuning uchun ular kofirdirlar. Paygʻambarimiz alayhissalom marhamat qiladilarki: «Qiyomat kun boʻlsa, «omanno bihi va sadaqno» - jon bilan tan bir-biriga qoʻshilib qabrdan tursalar, har kim oʻzining yaxshi koʻrgan guruhi bilan boʻladi».
Bu satrlarni oʻqib: «tarix bayoni ekan», deb e’tiborsiz boʻlmang. Kamina huquq idoralaridan birining xodimidan diyorimizda shunday guruh mavjudligini eshitgan edim.
Poytaxtda oʻqiyotgan bir yigit ta’til kunlari qishlogʻiga kelganida uni shunday davraga olib boradilar. Yigit hushsizlikda oʻz onasi bilan qoʻshilib, soʻng oʻziga kelganida dahshatga tushadi va u yerdan chiqib oʻzini oʻzi oʻldiradi...
Demoqchimizki, soʻfiy boʻlish, bu yuqori martabaga yetishish oson emas. Shuning uchun aytadilarkim: «Ogoh boʻl, ey soʻfiy! Sen ahli holdan boʻlib, «soʻfiy» ismi bilan atalding. Va tariqat yoʻliga kirishingda zurafo ahli huzurinda «soʻfiydir», deb fikr qilinding. Shul isming va shu yoʻlingda sobit boʻl. Chunki «soʻfiy» isming tariqat yoʻliga kirib, Alloh taoloning xos qullari jumlasidan ekaningni bildirur. Agar shul ismingda sobit boʻlmayin nafsi havolaringga berilib, soʻfiy ismingga xiloflik qilsang, qiyomat kunida buning uyati qandayin boʻlarkin!? Qiyomatda oʻzingni «soʻfiy» ismidan mahrum qilib, «E, zolim!» yoki «E, fosiq!» yoki «E, osiy!» - deya undashar. Bunday ismlar bilan undalmogʻingda chidab boʻlmas xoʻrliklar bordir...»
«Ishq ichra kuyib-yonmaganni ishqqa berilgan dema! Kim jonini fido qilmas ekan, uni oshiq sanama, - deydilar hazrat Navoiy. - Ishqqa mubtalo boʻlgan kishi koʻnglidan chiqqan oʻt vayronani yondirib yuboruvchi ajdar dami kabi qudratlidir... Kimki Ishq aro oʻtga aylansa, ajablanmang, chunki oʻtga nimaiki tushsa, u ham oʻt boʻlib yonadi. Ishq bir oʻt kabi uning vujudini chulgʻab oladi, negaki, olov atrofida aylangan kishi oʻrtanmay qolmaydi. Ishq bilan oʻynashib boʻlmaydi. Jismingga oʻt tushsa, u seni quyundek sargardon qiladi. Ishq osmonida qaysi yoqqa chaqin tushsa, u shu ondayoq jonni shu'la selobiga gʻarq qilib yuboradi. Ishq chaqmogʻi xonumonini kuydirib yuboradi, xonumon nima degan gap, butun jahonga oʻt qoʻyadi!..»
Demak, ishq haqida lof urish bilan Ishqqa yetishib boʻlmas ekan. Kim buni anglabdi -yoʻllari ravondir. Agar soʻzlarning eng rosti - Alloh taoloning Soʻzi, yoʻllarning eng chiroyligi - Muhammadning alayhissalom Yoʻllari ekanini bilib, bu haqiqatni qalbimizga muhrlab olsak hayotning yoʻllarida adashmaymiz.
Mazkur bobni Ishqning muhim asoslaridan biri boʻlmish bandaning bandaga muhabbati haqidagi sharafli hadislar bilan yakunlaymiz:
Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: «Rasululloh: «Allohga qasamki, sizlar musulmoni komil boʻlmaguningizcha jannatga kira olmaysiz. Musulmoni komil boʻlishingiz uchun bir-biringizga muhabbat qoʻymogʻingiz shart. Oʻrtalaringizda muhabbat paydo boʻlishi uchun salomni oshkora beringiz va bir-biringizga jahl qilishdan saqlaningiz. Chunki jahl - tarashlaguvchidir. Ya’ni u sochni tarashlamaydi, balki dinni tarashlaydi.»
Bu xususda hazrat Soʻfiy Ollohyor nasihat qilib derlarki:
Kel, e moʻmin, hamisha xush inon boʻl,
Musulmon boʻlsa har kim mehribon boʻl.
E, moʻmin muvahhid, sen har doim musulmonlarga yaxshiliklar bilan yordam berguvchi boʻl. Har kishiki, musulmon boʻlsa, unga shafqatli boʻl.
Ochilgʻaysan ani koʻrganda guldek,
Tavozu ayla xizmatkor quldek.
Musulmonni koʻrganingda yuzing guldek ochib, tabassum qil. Xoʻjalarning qullaridek tavozu bilan uning xizmatida boʻl.
Kishilarning oʻzaro muhabbati barcha fazilatlarning debochasi sanaladi. Toʻgʻri, bunday muhabbatsiz ham hayot kechirish mumkin va buni yomon turmush kechirish hisoblamaydiganlar ham bor. Ammo bizningcha, bu kishining asta-sekin oʻlishidir. Agar daraxt shoxi kesilsa oʻrnidan yangi navda oʻsib chiqishi mumkin, ammo birodarlik muhabbati jafo arrasi bilan arralansa keyin asliday koʻkararmikin?
Abdulloh ibn Abbos aytadilarkim: «Ne’matlar (yaxshiliklar) inkor qilinishi va rahmdillik uzilib qoʻyilishi mumkin, ammo koʻngillarning bir-biriga yaqinligidek narsani biz koʻrmadik.» Deyilmoqchikim: koʻngillarning yaqinligi mustahkam boʻlsa, inkor ham qilinmaydi va uzilib ham ketmaydi. Chunki odamlardan eng avval koʻtariladigan narsa -koʻngillarning yaqinligi ekan. Mujohid ibn Jubayr deydilar: «Rasulullohning (s.a.v.) sahobalaridan bir kishi meni uchratib, yelkamdan ushladilar-da: «Men seni yaxshi koʻraman», -dedilar. Men u kishiga: «Meni sizga yaxshi koʻrsatgan Alloh taolo sizga ham Oʻz muhabbatini qoʻysin!» - dedim. Shunda u kishi Rasulullohning (s.a.v.) «Bir odam birovni yaxshi koʻrsa, yaxshi koʻrganligini uning oʻziga bildirsin», degan hadislarini eshitmaganimda seni yaxshi koʻrishimni oʻzingga aytmagan boʻlardim», - dedilar».
Nechundir biz bu hadisga kam amal qilamiz. Ochiq aytishga uyalamizmikin? Holbuki, bunday muhabbat izhorini munofiqlar oʻzlariga bayroq qilib olganlar. Ishlari bitgunicha yaxshi koʻrishlarni tinmay takrorlaydilar, soʻng esa...
Alhol bir rivoyat tinglamoqqa hojat sezildi:
Bir podshoh otda sayr qilib borayotganida unga bir xayolparast gado oshiq boʻlib, ohu vovaylo bilan afgʻon boshlab, gʻavgʻo-toʻpalon koʻtardi. Ming turli nolalar qilib, bir maskanda muqim tura olmay oʻzini oʻchib qolgan gulxan kuliga bulgʻayverdi.
Shohga bu ma’lum qilingach, u oshiqni sinamoqchi boʻldi. Otni gado tomonda yonib turgan gulxan sari burdi va amr qildiki: «U gumrahni sudrab keltiring va boshini uzing!» Gadoni sudrab keltirdilar. Shoh uni qatlga amr etdi. Bundan gado vahimaga tushib, qocha boshladi. Qoʻrquvdan hushi boshidan uchib har tomonga yugurardi. Mulozimlar esa uni quvishdan toʻxtamadilar. U lovullab yonayotgan gulxan tomon beihtiyor yugurdi va oʻzini yoʻqotgan holda oʻtga tushib, kuyib ketdi.
Shohning bu imtihonidan maqsadi shunday edi: agar gado chindan ham oshiq boʻlib, oʻz da’vosida sodiq qolsa, qatl hukmini qabul qilishi kerak edi. Shunda shoh otidan tushib, undan soʻramoqchi, ahvolidan ogoh boʻlmoqchi va sadoqati evaziga uni oʻziga musohib va yaqin xizmatkor qilmoqchi edi...
Rasululloh (s.a.v.) «Ikki kishi bir-birini yaxshi koʻrsa, ularning afzali shu birodariga muhabbati qattiqroq boʻlganidir», - deb marhamat qilganlar (Anas ibn Molikdan). Yana marhamat qilganlarkim: «Alloh taolo toatida boʻlgan bir birodarini Alloh uchun yaxshi koʻrsa va uning oʻziga «Men seni Alloh uchun yaxshi koʻraman»,-degan boʻlsa va ikkalasi ham jannatga kirishga muvaffaq boʻlishsa Alloh toatida boʻlgani uchungina yaxshi koʻrganning darajasi ikkinchisining darajasiga nisbatan yuqoriroq boʻladi» (Abdulloh ibn Amrdan). Yaxshi koʻrishning shartlari koʻp. Shulardan biri - janjallashmaslik. Bu xususda Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilarkim: «Bir-birlaringni yaxshi koʻrsang, u bilan janjallashma.
Har ikkala tomonga yomonlikni qoʻzgʻatadigan harakatni ham qilma va uning haqida surishtirma. Chunki surishtirgan kishing uning dushmani boʻlsa yoʻq narsalarni gapirib, oralaringizni buzib qoʻyishi mumkin» (Maoz ibn Molikdan).
Nizomiy Ganjaviyning «Muhabbatsiz kishi misoli muzlik, yuz joni boʻlsa ham oʻlikdir oʻlik», hikmatlari bekorga aytilmagan. Ana shunday odamlarni xalq orasida «Tirik murda» deb ham ataydilar.
Birodarlar orasidagi muhabbat mavzuini mehr-muruvvat bobida ham davom ettirish niyatimiz bor. Bu bejiz emas. Insonga hos boʻlgan barcha fazilatlar Ishq bulogʻidan suv ichadi. Bu hayot suvidan bebahra kishi illatlar botqogʻiga botgan boʻladi. Bular hususida insha Alloh, batafsil suhbatlar qurarmiz. Endi birgalashib duoga qoʻl ochaylik:
-Alloh barchalarimizning qalblarimizni nurlantirsin! Zanglarini aritsin, pardalarini olib tashlasin, orif qul boʻlmoqlik baxtini bersin. Ma’rifatullohga, ishqullohga, muhabbatullohga erishtirsin, Alloh oshiqlaridan boʻlmoqlik baxtini bersin. Allohga, diniga oshiqlarcha xizmat qilishni oʻzimizga, to qiyomatga qadar tugʻilajak zurriyotlarimizga nasib etsin. Allohning huzuriga oʻzi sevgan va oʻzi rozi boʻlgan bandasi boʻlib bormoqlikni nasib etsin. Rabbimiz bizlarni jannati va jamoli bilan siylasin. Rizvoni akbariga vosil qilsin! Omiyn!

Hurmati volidayn - farz ayn


Bu bobda ota - ona va farzand munosabatlariga doir axloq hamda muammolar haqida soʻz yuritiladi.
Ota-onasini hurmat qilmagan farzand oʻz farzandlaridan hurmat talab qilishi noloyiqdir, deydilar. Siz bu fikrga qoʻshilasizmi? Unda «qaytar dunyo» degan iboraga qanday qaraysiz? Imom Muslim rivoyat qilgan bu hadisi sharifdan qanday ma’no uqamiz: «Otalaringizga mehribon boʻlinglar, shunda sizlar ham farzandlaringizdan mehr-muruvvat koʻrasiz».
Endigi rivoyatni koʻp eshitgan boʻlsangiz ham takrorlaylik: Bir odam uzoq umr koʻrib oʻgʻlining joniga tegibdi. Oʻgʻil otadan qutilish maqsadida uni togʻu toshga tashlab kelish maqsadida qopga solibdi-yu, orqalab yoʻlga tushibdi. Charchab bir daraxt ostida toʻxtaganda qopdagi otasi kulaveribdi. Oʻgʻil bundan ajablanib, kulish sababini soʻraganida ota debdi: «Men ham otamni qopga solib togʻu toshga tashlab kelish maqsadida orqalagan edim. Tasodifni qaraginki, xuddi shu yerga kelganimda men ham dam olish uchun toʻxtagan edim...»
Yana bir rivoyat: oʻgʻil koʻzlari xiralashib qolgan, ovqat yeyayotganida qoʻllari qaltiraydigan qari otasining izzat va hurmatini bajo keltirmas edi. Bir kuni chol bechoraning qoʻllari qaltirab, osh suzib berilgan chinni kosani tushirib, sindirib qoʻydi. Buni koʻrgan kelini nordon gap aytib uning koʻnglini vayron qildi. Oʻgʻil esa otasini hovli etagidagi zax xonaga koʻchirdi. Kelin endi qaynotasiga eski yogʻoch kosada taom beradigan boʻldi. Bundan koʻngli ozor topgan qariya vafot etib ketgan kampirini eslab, zor-zor yigʻlardi. Uning yolgʻiz yupanchi va suyanchigʻi besh yoshli nabirasi edi. Bola bobosining yoniga kelib oʻtirardi, ma’sumona soʻzlari, yoqimli qiliqlari bilan bobosining koʻnglini ovlab, uning gʻam va alamlarini bir oz boʻlsa-da, yengillatardi.
Bola qoʻliga pichoq olib bir yogʻochni yoʻnib oʻtirganida otasi: «Oʻgʻlim, nima qilyapsan?» - deb soʻradi. Bola yumushidan bosh koʻtarmagan holda javob berdi:
-Dadajon, oyim eski yogʻoch kosada buvamga ovqat beradilar. Men ham yogʻoch kosa yasayapman, katta boʻlganimda oyim bilan sizga shu kosada ovqat beraman.
Goʻdakning bu ibratli gapi otaga ta’sir qildi. U darhol zax xonada yotgan otasi huzuriga kirdi, tiz choʻkdi, koʻz yoshi toʻkib, uzr soʻradi...
Bu barchaga maktab boʻlguvchi voqea bayoni. Bayonning xotimasini bu kabi ijobiy tarzda yakunlamay, «goʻdakning gaplari otasiga ta’sir etmadi, chol oʻsha zax xonada xorlik bilan oʻlim topdi», desak ham boʻladi. Chunki qalbi tosh farzandlar ham bor va ularni bir gap bilan insofga kelishlariga ishonish qiyin. Nachora, insofga kelmasalar oʻzlari ekkan bemehrlik daraxtining achchiq mevasini oʻzlari yeydilar. Bu jazo uzoq kuttirmaydi. Bugun atroflarida emaklab yurgan shirin farzandlarining yogʻoch kosada taom tutish onlari gʻoyat tez kelganini oʻzlari ham bilmay qoladilar.
Bunga oʻxshash ibratli voqealarni koʻp eshitganmiz. Endi boʻlib oʻtgan haqiqiy voqealardan aytay:
Moskva televideniesida bir koʻrsatuv namoyish etildi. Sakson uch yoshdagi sogʻlom onani ellik yetti yoshdagi oʻgʻil jinnixonaga joʻnatdi. Maqsad - uyga ega chiqish. Shu koʻrsatuvda bir jurnalist ayol Checheniston urushida koʻrganlarini soʻzlab berdi. Grozniy shahri rus askarlari tomonidan vayron etilgach, koʻchalarda boshpanasiz qolgan himoyasiz qariyalar najot umidida tentirab yurisharkan. Ular asosan rus millatiga mansub qariyalar ekan. Ular yoʻlda uchragan jurnalistlarga murojaat etishib, Rossiyaning boshqa shaharlarida yashayotgan farzandlari, qarindoshlari manzilini berishib, ularga xabar yoʻllashlarini oʻtinib soʻrasharkan. Jurnalist ayolning oʻzi oʻnlab shaharlarga qoʻngʻiroq qilibdi, xatlar yozibdi, ammo hech kim kelmabdi, otasi yoki onasini yoki qarindoshini olib ketmabdi. Sakson yoshdan oshgan koʻzi ojiz bir kampirni jurnalist ayolning oʻzi harbiylar yordamida Moskvaga keltiribdi. Shunda ham u mushtiparni oʻgʻli oilasi bagʻriga olmabdi...
Shu voqealarni bayon qilib boʻlgach, jurnalist ayol chechenlarning qariyalarini misolga keltirdi. Ularning birontasi biron qariyani e’tiborsiz qoldirmabdi. Bemorlarni opichib boʻlsa ham xatarli yerlardan olib chiqisharkan. Soʻnggi tishlam nonni yoki soʻnggi qultum suvni qariyalarga berisharkan...
Qariyalarni opichib yurishlarini eshitib, sharafli hadislarning biri yodimga tushdi: Hofiz Abu Bakr Bazzor Budayda otalaridan rivoyat qiladilar: Bir odam ziyoratda onasini koʻtarib yurib tavof qildirayotgan ekan. Paygʻambarimizdan (s.a.v.) «Onamning haqqini ado qildimmi?» - deb soʻrabdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Yoʻq, bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yoʻq», degan ekanlar».
Mazkurning yana bir goʻzal davomi ham mavjud: Abu Burda ibn Abi Muso Ash'ariyning aytishlaricha, Abdulloh Ibn Umar bir yamanlik odamning oʻz onasini opichlab, xonai Ka’bani tavof qildirib yurganini koʻrdilar. U odam bir baytni ohang bilan oʻqirkan:
Onai zorim uchun boʻynimni egkan tevaman (tuyaman),
Tevaga mingan onam horsalarda, men charchamam.
U shuni oʻqib turib, Abdullohga qaradi-da: «Ey Abdulloh ibn Umar! Mana shu xizmatim bilan men onamning xizmatini qila oldimmi?» - deb soʻradi. «Yoʻq, bu xizmating seni tugʻish vaqtida onangni qiynab tutgan toʻlgʻoqlarining bittasiga ham barobar emas», - dedilar».
Siz ehtimol Chechenistondagi voqeani oʻzga din va oʻzga millatga bogʻlab xulosa chiqararsiz? Asti unday qilmang. Chunki oqibatsiz, noqobil farzandlarni barcha millatlarda uchratamiz. Ota-onasiga bemehr, noqobil farzandlarning dini ham, millati ham yoʻq, desak adashmaymiz. Fikrimizning dalili uchun oʻzimiz guvoh boʻlgan bir voqeani bayon qilish niyatimiz bor. Ammo undan avval yana sharafli hadislarga murojaat etaylik:
Bir yigit Rasulullohga (s.a.v.) shikoyat qilib dediki:
-Otam qarib, juda bevosh boʻlib ketganlar. Aqldan ozganlarmi, deb qoʻrqaman. Uyimga kelib, qoʻllariga nima ilinsa, shuni olib chiqib ketaveradilar.
Sarvari koinot (s.a.v.) otani chaqirtirdilar. Huzurlariga kelgan qari, bechorahol, ust-boshlari xarob odamdan: «Oʻgʻlingning gaplari toʻgʻrimi?» - deb soʻradilar.
-Ha, toʻgʻri, - dedi chol. - Men oʻgʻlimni oʻzim tarbiya etganman. Onasi barvaqt vafot etgan edi. Oʻzim yemay - oʻgʻlimga yedirdim, oʻzim kiymay - oʻgʻlimga kiydirdim. Qariganimda boqar, deb umid qildim. Ammo u berahm chiqdi. Mendan xabar olmaydi. Oʻzim uyiga kelib, qoʻlimga ilingan narsani olib chiqib sotamanda puliga ovqat olib yeyman. Yo Rasulalloh! Shu ishim durustmi yo durust emasmi?
Otaning bu gaplarini eshitib Rasululloh (s.a.v.) oʻgʻilning yelkasidan mahkam ushladilar-da, dedilar: «Topgan narsalaring, hatto sening oʻzing ham otangning mulkidir. Agar topgan mulking yetmasa, otang sening oʻzingni sotib pulini yemoqlikka haqqi bor. Sen oʻylamaginki, topgan mulklarimga oʻzim molikmanu otamning unga aloqasi yoʻq, deb. Hammasiga otang egadir!»
Yana shu mavzuda bir hadis:
Bir qiz onasidan shikoyat qildi:
-Onamning aqllari oʻzlarida emas. Uyimga kelib toʻpolon qiladilar, tinchlik bermaydilar.
Rasululloh (s.a.v.) onani chaqirtirdilar. Gʻoyat qari, bechorahol ona dediki: «Yo Rasulalloh(s.a.v.)! Sabr qilayin desam, qizim xabar olmaydi. Hatto bolalarini yubormaydi. Yolgʻiz oʻzim pashshalarga yem boʻlib yotaman. Na oʻlib qutulaman, na rohat koʻraman. Qizimning beparvoligi shunchalik.
Rasululloh (s.a.v.) dedilar:
-Toʻqqiz oy, toʻqqiz kun, toʻqqiz soat seni qornida tarbiya etgan kim? Oʻlim jari yoqasiga kelib seni tuqqan kim? Seni ikki yil emizgan kim? Seni balogʻatga yetkazib uzatgan kim? Shu onang! Agar shu onangni rozi qilmasang, jannat senga harom! Tavba qilsang - qilding, yoʻqsa yarim mulkingni olib beraman.
Qiz tavba qildi...
Dersizki, Islomning dastlabki yillarida dinni yaxshi anglamaganlar orasida shunday berahmlar boʻlgandir. Ehtimol shundaydir. Ammo «Qariyalar uyi» deb nomlanmish joylarda oʻz oʻlimlarini kutib yotgan bechoralarning bolalari-chi? Bundan oʻttiz - qirq yil avval bunday uylarda oʻzbeklarni koʻrsak ajablanardik. Endi ajablanmaydigan boʻlib qoldik. Holbuki, biz ajablanish nima ekan, faryod urishimiz kerak! Otasi yoki onasini shunday joyga yuborgan ablahning yoqasidan olishimiz kerak. Oʻsha ablah qaysi birimizning yaqin qarindoshimiz, yon qoʻshnimiz, yoki mahalladoshimiz, yoki birga ishlaydigan hamkasbimiz-ku? Nega indamaymiz?
Ey koʻngil! Sen jamiyatdagi ana shunday fojiaga shohidsan. Nechun jimsan? Nechun bundaylar bilan murosa qilasan? Nechun ularning dasturxoni atrofida oʻtirib, taomidan yeysan? Sen qariyalar uyidagi bechoralarning koʻzlaridagi yoshlarni koʻrmabmiding? «Ota-onaning yigʻlashi boladan norozi boʻlganlaridan dalolat beradi va bu esa katta gunohlardandir», degan hadisi sharifni bila turib, nechun ularni ogoh etmaysan? Ota-onaga oq boʻlishning gunohlarning eng kattalaridan biri ekanligi haqidagi Rasulullohning (s.a.v.) muborak soʻzlarini nega yetkazmaysan u nodonlarning ongiga?
Oq boʻlish - ota-onaga ozor berish, ranjitish va buyruqlarini bajarmaslikdan iboratdir. Ota yoki onaning noqobil farzandiga qarab «seni oq qildim», deb e’lon qilishi shart emas ekan. Dillari ogʻrishining oʻziyoq farzandning oq boʻlishi, deydilar. «Oq boʻlish»ning lugʻaviy ma’nosi - ajralishdir. Ya’ni farzand ota-onasidan tiriklayin ajralyapti, demak. «Qariyalar uyi»da otasi yoki onasiga joy hozirlayotganlar unutmasinlarkim, ular ayni choqda doʻzaxdan oʻzlariga oʻtli joy tayyorlayaptilar. Zotan, doʻzaxning «hasrat qudugʻi» deb nomlangan eng yomon joyi ota-onasini xorlaganlar uchun ekanligi moʻ'tabar kitoblarda alohida zikr etilgan.
Muborak umra safari chogʻida koʻngillarni xira qiluvchi voqea yuz berdi: fargʻonalik bir odam onasini qutlugʻ ziyoratga olib boribdi. Albatta bu tahsinga loyiq ish. Koʻpchilik ota-onasini shunday ulugʻ ziyoratlarga olib bormoqlikni niyat qiladi. Ayrimlar esa bu kabi ziyorat ota-onalariga nasib etmay vafot etib ketganlaridan armonda yuradilar. Fargʻonalik yigitning onasiga boʻlgan qoʻpol, qoʻrs muomalasi barchani ranjitdi. Ona bechora umrida birinchi marta qishlogʻidan chetga borishi boʻlsa kerak, samolyotga yoki avtobusga qanday chiqish, oʻtirishni bilmay taraddudlanadi, ba’zan shoshib qoladi, ba’zan nimagadir ulgurmaydi. Oʻgʻil esa unga yordam berish oʻrniga doʻq uradi: «meni sharmanda qilyapsiz!»- deydi. Bilmaydiki, uning sharmandaligi onasining harakatida emas, balki oʻzining fe’lida, muomalasida. Koʻpchilik «onangni bu yerga olib kelib xunuk muomala qilganingdan koʻra, oʻz uyingda shirin muomala bilan koʻnglini olsang savobliroq boʻlarmidi! Onani koʻpchilik huzurida behurmat qilishing - Ka’bani vayron qilish gunohi bilan barobar emasmi?» - deb toʻgʻri tanbeh berdilar. Ehtimol oʻgʻilning asosiy niyati onasini ziyoratga olib kelish boʻlmagandir. Bunday deyilishga sabab: ularning bu maskanda qarindoshlari koʻp ekan. Yigit ular bergan sovgʻa-salomlar bilan ovora boʻlib qoldi. Balki onani olib kelishni oʻsha qarindoshlar talab qilishgandir. Shu talab boʻlmasa yigit onani olib kelishni xayoliga ham keltirmas... Yana Xudo biladi...
Poytaxtning Shayxontohur tumani sudida bundanda ayanchliroq voqeaga shohid boʻldik: ota qizini sudga berib, ogʻir jazo berishni talab qilyapti. Ajablanyapsizmi? Biz ham dastlab ajablangan edik, soʻng gʻazablandik. Guvohlikka kelganlardan biri: «Agar odilman, desangiz bu qizni eng oliy jazo - otishga hukm qiling, hukmni xalq oldida ijro eting. Noqobil farzandlar bundan oʻrnak olsin!» - dedi. Oʻlim jazosiga loyiq koʻrilayotgan qiz otaning yolgʻiz farzandi ekan. Onadan yosh yetim qolibdi. Qizining baxtini oʻylab, ota boshqa uylanmabdi. Qizini orzu-havas bilan kuyovga uzatibdi. Xastalanib, shifoxonaga yotganida nafsiga banda qizi ota nomidan qalbaki hujjatlar tayyorlab uyni sotib yuboribdi. Ota shifoxonadan qaytsa-ki, uy yoʻq... Qolgani sizga ma’lum. Albatta sud bu farzandni oʻlimga hukm qilmaydi.
Tovlamachiligi uchun bir necha yilga qamar yoki ayolligini e’tiborga olib, ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilar. Lekin Allohning jazosi qattiq boʻladi. U farzandni sud oʻlimga hukm qilmasa ham u allaqachon oʻlgan, tirik oʻlikka aylangan. Uni endi yer yutishga ham hazar qiladi. Esini yigʻib tavba qilsa qildi, boʻlmasa oxirati tamoman kuyadi. U-ku, tavba qilar, ammo ota rozi boʻlarmikin undan?
Endi avvalgi voqeaga qaytsak: rivoyat qiladilarkim, bir kishi Hajga bormoqchi boʻldi. Ammo keksa onasini yolgʻiz tashlab ketishga koʻzi qiymadi. «Ustozga boraman, nima desalar shu», deb hazrati shayx Abu Hozimi Madaniy huzurlariga keldi. Shayx hazratlari uxlayotgan edilar. Uygʻonib dedilarki: «Ushbu dam tushimda Paygʻambarimizni (alayhissalom) koʻrdim. Dedilarki: «Hajga ketmoqdan koʻra ona haqqini saqlamoq senga yaxshiroqdir.» Sen onangning rizosini istaki, Allohning rizosi shundadir.
«Jannat onalar oyogʻi ostidadir», mazmunli hadisi sharifni eshitmagan odam yoʻqdir. Ammo uning ma’nosini hamma ham bilavermasa kerak. Onasini yolgʻiz tashlab, mushriklar bilan urushga otlangan yigitni Rasululloh (s.a.v.) qaytarib, shunday deganlar. Ya’ni, jannatga tushish uchun jihodda jon berib, shahidlik martabasiga yetish shart emas. Onangning xizmatini qilib, roziligini olsang bas, shu topgan savobing senga jannat yoʻlini ochadi, deyilmoqchi. Onasini bir emas, yuz marta Hajga olib borib, boshqa payt koʻnglini ranjituvchilar shu hikmatlar magʻzini chaqib koʻrsalar yomon boʻlmas.
Allohning insonga baxsh etgan ilk ne’mati - ota-ona muhabbati boʻladi. Shu sababli ham Yaratgan oʻz bandalaridan ota-onaga muhabbatli boʻlishni talab etadi. Avvalgi bobdagi fikrimizni davom ettirsak - Allohga boʻlgan Ishq bilan ota-onaga boʻlgan muhabbat oʻzaro bogʻlangan. Ya’ni birinchisi boʻlmasa - ikkinchisi ham yoʻq (yoki aksincha). Kishi millati yoki dinidan qat'i nazar Yaratganni seva olsa oʻz ota-onasini xorlab qoʻymaydi. Chunki bu oʻrinda «sevish» Alloh buyrugʻini bajarish bilan ifodalanadi.
«Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiynalib homilador boʻlib, qiynalib tuqqandir. Unga homilador boʻlish va uni (sutdan) ajratish (muddati) oʻttiz oydir. Endi u qachon voyaga yetib, qirq yoshga toʻlganida: «Parvardigorim, meni Sen menga va ota-onamga in'om etgan ne’matingga shukr qilishga va Oʻzing rozi boʻladigan yaxshi amallarni qilishga muvaffaq etgin va Oʻzing men uchun zurriyotimda ham yaxshilik qilgin (ya’ni farzandlarimni ham ahli solih bandalaringdan qilgin). Albatta men Senga (qilgan barcha gunohlarimdan) tavba qildim va albatta men musulmonlardandirman». (Ahqof, 15.)
Izoh shulkim: mazkur oyati karimada har bir inson ota-onaga yaxshilik qilishga buyurilyapti. Bir savol tugʻilishi mumkin: «Nega Qur'onda bot-bot ota-onaga mehr-muruvvat koʻrsatish vojib ekanligi uqtiriladi-yu, farzandlarga mehribonlik qilishga buyurilgan oyatlar deyarli uchramaydi. Kalomullohni sinchiklab oʻqib, oʻrgangan kishigina undan bu savolga javob topa oladi. Ma’lumingizkim, Qur'onda biron behuda soʻz yoki jumla yoʻqdir. Alloh taolo moʻ'min-musulmonlarni komil inson qilib tarbiyalash uchun qaysi farmonini necha marta takrorlashni lozim deb bilgan boʻlsa, shuncha marta nozil qilgan. Negaki, Yaratgan oʻz bandalarining jismoniy jihatlaridan ham, ruhoniy xususiyatlaridan ham juda yaxshi ogohdir.
Masalan, u Zot ota-onaga, xususan onaga oʻz farzandlariga nisbatan shunday mehr ato etganki, ona uchun eng ogʻir, hatto tahlikali davr boʻlgan homiladorlik va koʻz yorish davri hamda chaqaloqni emizib, tarbiyalash yillari ota-ona hayotidagi eng baxtli damlardir. Binobarin, ota-onani (albatta ular agar insoniy ma’naviyatdan ajrab, vaxshiylik darajasiga tushib ketmagan boʻlsalar) farzandiga yaxshilik qilishga buyuraverishning oʻzi ortiqcha ishdir. Ammo farzandlar esa yoshliklariga borib yoki oʻzlarining oldilaridagi oʻgʻil-qizlari bilan ovora boʻlishib, ortlaridagi ota-onalariga beparvo boʻlib qolishlari mumkin. Shuning uchun Qur'on farzandlarni tez-tez ota-ona oldidagi burchlarini ado etishga da’vat qiladi.
Otaning farzandga mehri-muhabbati cheksizdir, chunki u farzandini oʻz suratidan koʻchirilgan nusxa, deb anglaydi. Zotan, otaning tasavvuri toʻgʻridir. Farzand otaning bir juz'i, suratda, xulq-atvorda unga oʻxshaydi. Shuning uchun ota farzandi tarbiyasiga diqqat qiladi. Oʻzi istagan fazlu kamolni farzandiga berishga, uni oʻzidan koʻra ham mukammal qilib yetishtirishga gʻayrat qiladi. Shu maqsad yoʻlida har qanday mashaqqatga bardosh beradi. Farzandi haqida xalqdan: «Tarbiya qilgan otasiga rahmat!» degan olqishni eshitsa, sevinadi. Farzandi orqali koʻzlagan maqsadiga yetishni istaydi, nevara, evaralar koʻrib, naslining davom etishini orzu qiladi. Bu oʻrinda otaning oʻgʻil koʻrganda quvonishi sababiga izoh berib oʻtsak: albatta ota uchun qiz farzand ham oʻgʻil farzand ham bir xilda suyumli. Ikkovi ham Alloh bergan ulugʻ ne’mat sanaladi. Ammo oʻgʻil farzand nasl-nasabni davom ettiruvchi boʻlgani uchun ham otada alohida quvonch uygʻonadi. Quvonch sababini qizlarni kamsitishda deb anglamaslik kerak. Chunki Islomda bolalarni ajratish, ya’ni birini koʻproq ikkinchisini kamroq yaxshi koʻrish durust hisoblanmaydi. Bashir ibn Sa’d (r.a.) oʻz oʻgʻillari Nu'mon ibn Bashirni koʻtarib Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga keldilar-da: «Yo Rasulalloh! Men shu oʻgʻlim Noʻ'monga falon-falon narsalarni berdim, siz shunga guvoh boʻling», - dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Barcha bolalaringga ham shunday narsalarni berdingmi?» - deb soʻradilar. Bashir: «Yoʻq, faqat Noʻ'monning oʻzigagina berdim», - degan edilar, Rasululloh (s.a.v.): «Shunday qilgan boʻlsang, men bunga guvoh boʻla olmayman, boshqa odamlarni guvoh qil», - dedilar. Keyin: «Oʻzingning farzandlaringning hammasi senga bir xilda yaxshilik qilishlarini xohlaysanmi?» - deb soʻradilar. U kishi: «Albatta shunday boʻlishini xohlayman», - degan edilar, Rasululloh (s.a.v.): «Unday boʻlsa, Noʻ'monning oʻzigagina berib, boshqalarini mahrum qilishing durust emas», -dedilar. Imom Buxoriy hazratlari «mazkur hadisdagi Rasulullohning (s.a.v.) «Men bunga guvoh boʻlmayman», degan soʻzlaridan «boshqalar guvoh boʻlgan taqdirda bolalaringdan bittasiga berib, boshqalariga bermasang ham boʻlaveradi», degan ma’noni anglamaslik kerak», - deb izoh beradilar. Agar biz mazkur tarbiyaga amal qilmasak, qariganimizda «Bitta ota oʻnta bolani boqishi mumkin, bitta otani oʻnta bola boqa olmaydi», degan hikmatga roʻpara kelib qolishimiz hech gap emas. Ziyrak bola oʻziga nisbatan akasi yoki ukasi koʻproq erkalatilayotganini sezadi va bu sezgi uning qalbida ogʻriqli iz qoldiradi. Ulgʻayganida ham bu ogʻriq uni tark etmaydi. Oʻsha ogʻriq unga «ota-onam buni koʻproq yaxshi koʻrardi, ana endi oʻsha yaxshi koʻrganlari koʻproq qarasin», degan xato fikr asosida yashaydi. Afsusli yeri shuki, bu xatolik keyinchalik avloddan avlodga oʻtaverishi ham mumkin.
Farzandning hayotiga sabab boʻladigan birinchi quvvat - ona jismidagi qondir. Chaqaloq shu qondan oziqlanib, hayotini saqlaydi. («Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi» degan maqolni «Qon bilan kirgan jon bilan chiqadi» deganimiz toʻgʻriroq boʻladi.) Bola birinchi soʻzni onadan eshitadi va undan oʻrganadi. Shuning uchun ham biz «ota tili» demay «ona tili» deb sifatlaymiz. Bolani oʻstirishda, tarbiya qilishda otaga qaraganda ona koʻproq hissa qoʻshadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, yosh bolalar otadan koʻra onaga koʻproq mayl etadilar. Ulgʻayganlaridan keyin ham sirlarini avvalo onaga aytib, maslahat soʻraydilar. Ona farzandi uchun oʻzini fido qilishga tayyor turadi. Muoviya ibn Hayyida (r.a.) aytadilar: «Rasululohdan (s.a.v.) «Ey Rasulalloh, men yaxshiligimni kimga qilsam boʻladi?» - deb soʻradim. «Onangga», - dedilar. Men bu savolni uch marta qaytarsam ham Rasululloh «Onangga», deyaverdilar. Toʻrtinchi marta soʻraganimda: «Otangga va yaqin boʻlgan qarindoshlaringga», - dedilar. Farzandda onaning haqi otanikidan koʻproq boʻlishi bejiz emas, «...onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan koʻtaradi» (Luqmon, 14), degan oyati karimaga diqqat qilsak buning sababini yanada oydinroq anglaymiz. Ya’ni ona homiladorlik paytida ham emizish davri deb belgilagan ikki yil mobaynida ham katta qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazadi. Shoirlarning ilhomiga ham aynan shu holatlar quvvat bersa kerak. Qadimdan to shu kungacha ona madhida yozilgan she’rlarning adogʻi yoʻq. Shulardan bitta bayt eslash vaqti yetdi: Roʻdakiy hazratlari yozadilar:
Onangdan bosh tovlama, oshmasin dardi,
Hayot toji erur oyogʻin gardi...
Agar ona qad-qomatini bir daraxtga oʻxshatsak, farzand shu daraxtning shirin bir mevasi. Bir yigit ona qadriga yetmas edi. Ona koʻz yoshlari unga ta’sir etmas edi. Bir kuni ona beshikni olib, oʻgʻli qarshisiga qoʻyib dedi:
-Ey yoshlik, chaqaloqlik paytini unutgan noinsof! Mana bu beshikni koʻryapsanmi? Chaqaloq chogʻingda shu beshikka mixlanib, tungi uyqularni men oʻzimga harom etdim. Beshikda yotganingda yuzingga bitta pashsha yoki chivin qoʻnsa uni quvishga imkoning boʻlmay yigʻlar eding. Men seni xira pashshalardan asrab, beshigingni tebratar edim. Yigʻidan toʻxtamasang, seni yechib olib, bagʻrimga bosardim. Seni deb barcha mashaqqatlarga chidadim. Kuch-quvvatimni sening kamoling uchun sarf etdim. Mana endi katta boʻlib, kuch-quvvatga toʻlding. Chaqaloqlik, bolalik, yoshlik paytlaringni unutib qoʻyding...
Biz beshiklarni koʻp koʻramiz. Ammo qachondir shu kabi beshikda yotganimizni, onamiz tunlari bedor alla aytib chiqqanlarini oʻylab koʻramizmi? Agar oʻylamasak, eslamasak, unda noinsof farzand ekanmiz. U holda uyimiz toʻriga beshik suratini chizdirib, ostiga «Unutma!» degan xitobni yozib qoʻyganimiz lozimdir?
Bir birodarimizning hikoyalari gʻoyat ta’sir qilgan edi, shuni siz, azizlar bilan baham koʻrmoqchiman:
-Hayit arafasida onam bilan birga bozorga tushdik. Niyatimga koʻra, eng avval onajonimga yangi maxsi olib berdim. Oʻsha yerning oʻzida yangi maxsini kiydirib qoʻydim. Keyin kavushlarini ham yangiladim. Soʻng taglik-patak olib kelib kavushlariga soldim. Keyin Turkiyada ishlab chiqarilgan yangi paypoq ham olib berdim. Onajonim turayotganlarida «endi roʻmol olib bersam, bosh-oyoq sarpo qilgan boʻlarkanman», deb hazillashdim. Onam “ha, ha” deb kulib qoʻydilar. Gap-soʻzlarimizni eshitib turgan maxsidoʻz “Onaxon, bu yigit oʻgʻlingizmilar?” deb soʻradilar. “Ha”, dedilar onam. Shunda maxsidoʻz ”Hozir juda ulugʻ ish roʻy berdi. Rozilik bilan shunday jilmaydingiz-ki, mana shu kulgingiz oʻgʻlingiz uchun yeru osmonning gulga toʻlganidan ham yaxshiroq boʻldi. Dunyoda Allohga iymon keltirgandan keyin ota-onaning xizmatini qilib, dilini xushnud etishdan ulugʻroq ish bormi?! Koʻrib turibmanki, oʻgʻlingiz xizmatingizni sidqidildan qilyapti, men bu ishlarga qiyomatda guvohlik beraman, hozir shu yerda farzandingiz haqqiga duo qiling, chunki shu soatda Allohning dargohi ochiq turibdi, insha
Bu hikoya kishini oʻyga toldiradi: tasavvur qilaylik, ayni damda qancha ota-ona sovuq uylarda, sovuq yolgʻizlikdan yoki farzandlarining sovuq muomalalaridan diydirab oʻtiribdilar ekan? Qani edi, oʻsha sovuq muomalali farzandlar shu yigitdan ozginagina ibrat olishsa-yu, duogoʻylarining qadrini bilishsa, jannatlari yoʻllarini topib olishsa.
Bitta haqiqat bor, unutmaslik kerak: kim ota-onasi duosidan mahrum boʻlibdi, jannatdan mahrum boʻlibdi. Alloh saqlasin!
Ota-onaning farzandga mehri fitratida - yaralishida bor, desak xato qilmagan boʻlamiz. Bunday mehrni biz hatto jonivorlarda ham koʻramiz. Dalada kuzatgan edim: ona sovliq bogʻlangan. Qoʻzichoq oʻynab yuribdi. Bir mahal oʻzidan kattaroq qoʻzi bilan suzishmoqchi boʻldi. Bundan sovliq bezovta boʻlib ma’rayverdi. Arqondan qutilishga urindi. Qoʻzisi biqinidan bir-ikki zarba yeb yiqilgach, sovliq qattiq siltandi-da, arqonni uzdi. Bu holatni «ona mehri arqonni uzdi», deb sifatlasak ham boʻlar. Siz yuvosh koʻringan mushukning bolasini olishga urinib koʻring-chi, talamasmikin?
Onalarga xos boʻlgan mehr faqat oʻz farzandlariga atalmagan. Ular begonalarga, hatto din va millatini farqlamay mehr koʻrsatadilar. Deylik, bir musofir siznikida qoʻnoq ekanida xastalanib qoldi. Albatta siz uning holidan xabar olasiz. Ammo onangiz yoki buvingiz sizdan koʻra koʻproq achinadilar. Davolash uchun zarur hamma choralarni bajaradilar. Musofir minnatdorlik belgisi sifatida hadya bersa olmaydilar, shunday emasmi? Bu ham ona qalbidagi mehrdan.
Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida oʻzbek kinochilari Hamza haqida koʻp qismli bir filʼm ishladilar. Yolgʻonga asoslangan bu bema’ni tomosha Moskva televideniesida ham koʻrsatildi. Shu tomoshada bir voqea bor: Hamzaning rus xotini homilador boʻladi. Oʻzbek ayollari uni oʻrab olishib qiynashadi... Bu fojiani koʻrib dahshatdan seskanib ketdim. Dahshat oʻzbek ayollarining zulmida emas, dahshat yolgʻonning ekranda bu qadar uyatsizlarcha aks etishida edi. Men oʻsha paytda Moskvada, rus adiblari bilan dasturxon atrofida oʻtirgan edim. Yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim. Hamkasblarga bu voqeaning tuhmatdan iborat ekanini aytmoqqa chogʻlanganimda ulardan biri mushkulimni oson qildi: «Homilador ayolni faqat aqldan ozgan erkak qiynashi mumkin. Aqldan ozgan ayol ham homiladorga bunaqa zulm qilmaydi», dedi. Bu voqeani eslashimdan maqsad: fitratida mehr boʻlgani uchun onalardan zulm kutmaymiz.
Ammo... Qani edi, hayotda shu «ammo» boʻlmasa... Hayotda farzandidan kechuvchi nopok onalar ham bor, onalik huquqidan mahrum qilinuvchilar ham bor. Jamiyat faqat oʻz nafsi uchun yashayotgan, aroqxoʻr yoki fohishalarni «ona» degan sharafli nomdan mahrum qiladi. Ayrimlar bolani tugʻib
soʻng undan yuz oʻgiradilar. Ayrimlar esa bolani tugʻilmasidan avval oʻldiradilar. Buni tibbiy tilda «abort» deyishadi, biz «qotillik» desak toʻgʻri boʻladi. Otasini oʻldirganlar «padarkush» deyiladi, farzandini oʻldirganlar-chi? «Farzandkush»mi? Afsuski farzandkushlarga bu hayotda, bu jamiyatda jazo yoʻq. Qiyomatdagi jazo esa tayin. Farzandini oʻldiruvchilar yoki kechuvchilar oʻz gunohlarini, aniqroq aytsak buzuqliklarini berkitish uchun shunday yovuzlikni amalga oshiradilar. Johiliyat zamonida arablar koʻp farzand koʻrsalar «boqa olmaymiz», deb oʻldirar ekanlar. Alloh bunday bandalarga qarab: «...bolalaringizni qashshoqlikdan (qoʻrqib) oʻldirmangiz. Biz sizlarni ham ularni ham rizqlantiramiz», deb amr qiladi. Bu oyati karima faqat oʻtmish arablariga emas, bugun «abort» deb atalmish qotillikdan qaytmayotgan ayollarga ham taalluqli. Ana shunday iymonsiz ayollarga Sahl ibn Hanzaliyaning (r.a.) soʻzlarini ibrat sifatida eslatsak: u zot hech farzand koʻrmagan ekanlar. Allohga munojot qilib der ekanlarki: «Alloh taolo menga chala tugʻilsa ham bir farzand bersa-yu, keyin uni rahmatiga olsa va men farzand dogʻiga sabr etib, shunga Allohdan boʻladigan savobni umid qilsam, bu men uchun butun dunyodan va undagi hamma narsalardan ham yaxshiroq boʻlar edi...»
Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida bir she’r ancha mashhur edi. Sharq afsonasi asosida yozilgan bu she’r hatto toʻylarda ham oʻqilardi. Afsuski, keyin-keyin unutildi. She’rning mazmuni bilan qisqa tarzda boʻlsa-da, tanishsak:
Koʻp nasldan naslga oʻtgan bir afsona bor,
Yolgʻiz ona va oʻgʻil yashar edi baxtiyor.
Balogʻat yoshiga yetgan yigit kunlardan bir kun goʻzalga oshiq boʻlib oʻzini yoʻqotadi. Qiz yigitning sevgi izhorini eshitib: Qiz dediki yigitga: Sevging boʻlsa haqiqat, shuni albat qilib kel: onangning yuragini menga olib kel! ...yigit boʻldi sarsari, toʻrt tomonga yugurdi, choʻldan topib bir hayvon yuragini sugʻurdi! Shoshib, boʻlib umidvor, yoʻllarda oqizib qon, yana qiz qarshisida boʻlgan edi namoyon. Qiz anoyilardan emas ekan, yigitning nayrangini fahmlabdi-da: qiz oʻshqirdi va dedi: keltirmabsan menga keragini, ket, koʻrinma koʻzimga, keltirmasang menga onangning yuragini! Yigit yana sarsari kezadi.
Oxiri onaga boʻlgan muhabbatidan qizga boʻlgan sevgisi ustun chiqadi-da, ona koʻksiga xanjar uradi. Yurakni sugʻurib oladi. ...yoʻlda ketarkan, oyoqlari chalishdi va mehribon onaning yuragi tushdi yerga. Shunda shoʻrlik onaning yuragi kirdi tilga va dedi qarshisidagi oʻgʻliga: «Jonim bolam, yomon yiqilmadingmi? Qaragin, sogʻmi taning, et-beting?..» ...Shunda yigit taxta boʻlib qotib qoldi, Qancha yugursa ham qizga yetolmay yotib qoldi...
Ota va onaning bolaga boʻlgan mehri ilohiy tarzda qalbga singdirilgan boʻlsa-da, bu mehrni quvvatlantirish uchun Rasulullohning axloqlaridan ibrat olishimiz lozim.
Darro ibn Ozibdan (r.a.) rivoyat qilinishicha, u kishi: «Men Rasulullohning (s.a.v.) imom Hasanni yelkalariga mindirib: «Ey Rabbim! Men bu nabiramni sevaman, Sen ham uni sevgin!» deb kelayotganlarini koʻrgan edim», - dedilar.
Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: «Hazrati Oishaga (r.a.) bir bechora xotin tilanib keldi. Oisha unga uchta xurmo bergan edilar, u yonidagi ikki bolasiga bittadan xurmo berdi-da, bittasini oʻzi uchun olib qoldi. Bolalar xurmolarini yeb boʻlishib, yana onalariga umid bilan qarashdi. Ona qoʻlida ushlab turgan xurmoni ikkiga boʻldi-da, bolalariga uzatdi. Rasululloh (s.a.v.) kelganlarida Oisha bu voqeani ul janobga aytib bergan edilar, Sarvari koinot (s.a.v.) dedilar: «Sen bunga nima uchun ajablanasan? Ikki bolasiga marhamat, mehr-shafqat qilgani uchun Alloh taolo ham unga marhamat qiladi».
Mazkur hadisning magʻzini chaqsak, Alloh taoloning marhamati deyilganda Uning ajri, ya’ni, ota-onaning qariganida farzandlari tufayli koʻradigan rohati-farogʻati nazarda tutilgan, degan ma’no chiqadi.
Hazrati Oisha onamiz (r.a.) aytadilar: «Rasululloh huzurlariga bir a’robiy kelib: «Sizlar yosh bolalaringizni oʻpasizmi? Bizlarda bunday odat yoʻq», - dedi. Rasululloh (s.a.v.):
«Alloh taolo sening koʻnglingdan rahmatini tortib olgan boʻlsa, uni men qanday qilib sening koʻnglingga joylay olaman», - dedilar.
Ta’kid sifatida ostiga chizib qoʻyilgan soʻzlarga e’tiborimizni qarataylik, shunda oz boʻlsa-da uchrab turadigan ayrim ota yoki onalarning oʻz farzandlariga nima uchun bemehr ekanliklarining sababini anglaganday boʻlamiz: demak Yaratgan Rabbimiz ularning koʻnglidan rahmatni tortib olib qoʻygan ekan. Bundaylar kelajakda qanday ajr olishlarini oʻylab koʻrisharmikin? Yoʻq, oʻylashmasa kerak. Chunki rahmat tortib olingan koʻngillarda iymon boʻlmaydi. Faqat iymonsiz odamgina oʻz farzandidan kechadi. Yetimxonalardagi tirik yetimlarning ota-onalarini «ota» yoki «ona» deyilmish sharafli nom bilan atashga til ham hazar qiladi.
Rivoyat qilurlarkim, hazrati Umar (r.a.) bir moʻ'tabar odamni shahar hokimi etib tayinlamoqchi boʻldilar. Kotib farmonni yozishga kirishgan onda bir goʻdak kirib amiralmusliminning tizzalariga chiqib, oʻtirib oldi. Xalifa bolakayni oʻpib, erkaladilar.
Hokimlikka tayinlanayotgan kishi buni koʻrib:
-Bu goʻdak oʻz oʻgʻlingizmi? - deb soʻradi.
-Yoʻq, bu bir kambagʻalning farzandi. Ota-onasi vafot etgan. Bolani oʻz tarbiyamga olganman, - dedilar hazrati Umar.
U kishi xalifaning muloyim qalbli, shafqat, marhamatli ekanliklariga ajablanib, dedi:
-Mening oʻnta farzandim bor. Men oʻz bolalarimni ham erkalab, oʻpmayman. Bolalarim meni koʻrishganda zirillab turishadi. Ota shunday boʻlishi kerak emasmi?
Xalifa bu soʻzlarni eshitib, yozilgan farmonni olib yirtib tashladilar-da dedilar:
-Bu odamni hokim etib tayinlashni istamayman. Oʻz farzandlariga toshkoʻngil boʻlgan odam xalqqa qanday manfaat yetkazishi mumkin?
Afsuslarkim, oramizda «bola otadan qoʻrqib, zirillab turishi kerak», degan notoʻgʻri qoidaga rioya qiluvchilar ham topiladi. Agar umr boʻyi bolalarini shunday tutishga intilgan odam vafot etsa, farzandlari «qutulganimizga shukr», deyishmasmikin?
Yana sharafli hadislarga qaytsak:
Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: «Rasululloh bir kuni nabiralari imom Husaynni oʻpdilar. Bu vaqt huzurlarida Aqra’ ibn Hobis oʻtirgan edilar. U kishi: «Mening oʻnta bolam bor, ulardan bittasini ham men oʻpgan emasman»,- dedilar. Janobi Rasululloh (s.a.v.) unga qaradilar-da, dedilar: «Marhamatli boʻlmagan kishiga Alloh taolo ham marhamat nazari bilan qaramaydi».
Bugun oʻz farzandlariga mehr berolmaganlar qariganlarida xorlansalar boshqalardan oʻpkalanmasliklari kerak boʻladi.
Koʻrdikki, ota-onaning farzand oldidagi burchi ham ulugʻ ekan. Bolani dunyoga keltirib qoʻygan bilan ish bitmaydi. Ota-onaning farzandlariga ilm va yaxshi axloq tarbiyasini, xususan badan tarbiyasini ham berish, jismonan chiniqtirish, xususan suzishni oʻrgatish kabi vazifalari bor. Ota-ona bolani odobli, axloqli qilib voyaga yetkazganlari uchungina olqishga sazovor boʻladilar. Ota-onaning burchlari haqida gap ketganda, farzandga chiroyli ism qoʻyish mas'uliyatini, voyaga yetganda uylantirish (kuyovga uzatish) vazifasini vaqtida bajarishlari shartligini ham ta’kidlab oʻtishimiz lozim. Ba’zan eshitib qolamiz, ayrim ota-onalar turli bahonalar bilan bu vazifani galga solaveradilar. Oqibatda oʻgʻil nikohsiz uylanib oladi, qiz homilador boʻlib qolganini aytishdan boshqa chorasi qolmaydi. Bunday boʻlishdan Alloh saqlasin! Ota-onalik burchini toʻgʻri ado etganlarni Alloh turli balolardan va malomatlardan, benomusliklardan asraydi. Agar ota-ona oʻz burchini bajarmasa oxiratda farzandning da’vo qilishi ham aytilgan. Da’vo nimalardan iborat boʻlishi mumkin? Gunoh daftari toʻlib toshgan odam ota-onasi yoqasiga yopishib deyishi mumkinki: «Yo Rabbim, men bu ota-onamga da’vogarman. Menga Islomni oʻrgatmadi. Meni teatrga yubordi, litsey, kollejga yubordi, masjidga yubormadi. Chet tilni oʻrgatdi, Qur'oni Karimni oʻrgatmadi. Amerikada oʻqitdi, ammo «la ilaha illolloh»ni oʻrgatmadi. Halol-haromni anglatmadi. Shuning uchun men senga qullik qila olmadim. Bular aybdordir...» Shunday boʻlishidan barchalarimizni Alloh saqlasin! Ayrim bandalarning esa oʻlganidan keyin nufuzi koʻtarilib qolar ekan. Shunda u ajablanib: «Ey Rabbim, bu darajamning koʻtarilishi nimadan hosil boʻldi?» deb soʻraydi. Shunda Alloh tomonidan ma’lum etilar ekanki: «Ey bandam, orqangda qolgan bola-chaqalaringning sen uchun qilgan istigʻforlarining natijasidir». Alloh barchalarimizga shunday ajr nasib etsin!
Qiyomatda buning aksi ham boʻlishi mumkin ekan. Abasa surasida ta’kid etilganki, ayrim insonlar qiyomatda ota-onasidan qochar ekan. «Ularga munosib xizmat qilmadim, endi haqlarini talab qiladilar», deb qoʻrqib, iztirobga tushar ekan. Ana shu iztirobning oldini olish uchun kishi hayotlik davrida harakatini qilib qolishi kerak. Olimlarimiz bu mavzuda suhbat yuritganlarida Isro surasidagi oyati karimani albatta tilga oladilar. Biz ham bu an'anadan chetda qolmaylik:
«Rabbing faqat Uning oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «uff» dema,
ularga ozor berma va ularga yaxshi soʻz ayt. Ikkovlariga mehribonlik ila hokisorlik qanotingni pastlat va «Rabbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt».
Bu amr Allohning qat'iy va oʻzgarmas buyrugʻi. Bu buyruqni bajarish ixtiyoriy emas, balki har bir bandaning burchi. «Uff» soʻziga bogʻliq ikki ma’no bor: 1. Ota-onaga yomon soʻz aytib, behurmat qilmaslik. Misol uchun: ota-ona ish buyurganda «uff, tinch qoʻymas ekansizda», yoki «uff, shu gaplaringiz ham jonimga tegdi» yoki «uff, sizga hech tushuntirib boʻlmas ekanda» kabi norizolikni ifoda etishni Yaratgan bizga man etyapti. 2. Ishdan charchab qaytdingiz, yoki koʻnglingiz bir nimadan gʻash. Oʻzingizcha «uff» deb qoʻydingiz. Bilmaysizki, shu «uff»ingiz bilan ota-onangiz qalbini tilib yubordingiz. Ularning «bolam ogʻir sinovga tushibdi», deb ozorlanganlarini anglamadingiz.
Endi ular kunlab, balki oylab koʻzlaringizga termilib, parishonlik bulutining koʻtarilishini kutadilar. Siz oʻzingizga uchragan pashshaday tashvishni birgina «uff» bilan fil holatida kattalashtirib ota-onangizga uzatdingiz. Demak, biz ota-onamizni tashvishimizga sherik qilmasligimiz kerak ekan. Farzand ota-onaning huzurida oʻzini qanchalik hokisor tutsa, shuncha yaxshi.
Alloh buyuradiki, «...nimaniki xayr-ehson qilsangizlar ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingizlar». Ehsonga loyiqlar orasida ota-ona bekorga birinchi zikr qilinayotgani yoʻq. Kishining oʻzidan keyingi haqdori ota-onasi boʻladi. Ota-onasini muhtoj qoʻyib, ulardan boshqalarga ehson qilishdan nima foyda bor? Qishloqlardan birida bu voqeaga guvoh boʻlgan edik. Birodarimiznikida mehmonda edik. Qoʻshnisi ehsonga taklif etdi. Chiqdik. Juda koʻp mehmon aytilgan ekan. Biz hovlida, tut daraxti soyasidagi soʻridan joy oldik. Roʻparamizda oshxona, uning yonida bir pastak hujra bor edi. Agar oʻsha hujradan xasta ovoz chiqmasa unda odam yashashiga ishonmas edim. Oʻsha hujraga koʻp tikilayotganimni sezgan birodarim «u yerda sohibi ehsonning volidalari yashaydi, bir oz xastalar», deb izoh berdi. Men «mehmonlarga joy hozirlash uchun kattaroq uydan bu hujraga vaqtinchalik olib chiqilgandir», degan oʻyda edim. Ammo ehson yakuniga yetgunicha ham birov u hujradan xabar olmadi. Bir piyola issiq choy yoki bir burda issiq non olib kirmadi. Shundan soʻng birodarimdan «doim shu uyda yashaydilarmi?» deb soʻrashga majbur boʻldim. Birodarim qoʻshnisining sirini ochayotganidan hijolat boʻlibmi, asta «ha», deb qoʻya qoldi, boshqa izoh bermadi. Boshqacharoq izohga hojat ham yoʻq edi. Bu tez-tez uchraydigan voqea emas. Biz ham vahima qilmoqchi emasmiz. Lekin bu dahshatdan (ha, aynan dahshat, aynan yovuzlik deymiz) koʻz yuma olmaymiz. Aqlni lol qoldiradigan darajada ehson dasturxonlariga mehmonlarni chorlaganlari holda otalari yoki onalariga oʻzlarining eski kiyimlarini kiyintirib qoʻyadiganlar ozmi yo koʻpmi?
Bir birodarimiz koʻzida yosh bilan aytib edi: otasi xasta ekan. Katta akasi aqiqa marosimiga tayyorlanayotgan ekan. Bizda bunaqa odat koʻp uchraydi. «Otam (yoki onam) koʻrib qolsinlar», deb toʻy yoki boshqa marosimni tezlatamiz. Bu albatta yaxshi niyat. Ammo bu niyat ortida «otam (yoki onam) oʻlib qolsa toʻyim qolib ketadi (yoki toʻyga ataganlarim azaga ishlatilib ketadimi) degan hadik ham boʻladi, buni yashirmaylik. Xullas, birodarimizning akasi aqiqa dasturxoniga olinajak ne’matlarni roʻyxat qilib oʻtirganida xasta ota «quyultirilgan shirin sut ham olib kelgin», deb iltimos qilibdi. Shunda nodon oʻgʻil oʻylamay-netmay «Bunaqa sut hozir otliqqa yoʻq, qaerdan topaman», debdi. Xasta ota indamabdi. Oʻsha paytda bu narsaning topilishi chindan ham qiyin edi. Ammo oʻgʻil otaning koʻngli uchun «albatta topamiz», desa kifoya edi. «Xudoning marhamatini qarangki, - deydi birodarimiz, - akamning bu gaplaridan ranjib turganimda bir doʻstim dadamni yoʻqlab, ikkita non bilan oʻsha soʻralgan shirin sutdan olib keldi. «Mana, dada, soʻraganingiz, ochib beraymi?» deb soʻradim. Dadam bankani qoʻllariga olib xuddi goʻdak boshini silaganday silardilar-da, «keyin ochasan», dedilar. Aqiqadan soʻng dadam hushlarini yoʻqotdilar va koʻp oʻtmay bu foniy dunyoni tark etdilar. Ayollar dadam istagan quyultirilgan shirin sutni ochib, shirinliklar pishirib ma’raka dasturxoniga qoʻydilar...»
Shunga oʻxshagan voqealar oz boʻlsa ham uchrab turadi-ki, undan koʻz yummoqlik musulmon bolasiga xos emas. Ota-onalarini izzat qiluvchilarni hayotda koʻp uchratamiz va bundan koʻngillarimiz shodlanadi. «Mening farzandlarim ham shunday solih boʻlsin», deb niyat qilamiz. Niyat qilishimiz albatta yaxshi, ammo shuning oʻzi kifoya emas. Farzandning olijanob, fazilatli boʻlishi faqat uning nasl-nasabiga ham taalluqli boʻlib qolmaydi.
Qadimda oʻgʻrilarning qoʻllari kesilganini eshitganmiz. Shunday oʻgʻrilardan biri ushlanib, jazoga hukm qilinganda bir qizcha podsho huzuriga kelib tiz choʻkib, yigʻlaganicha oʻtinib soʻrabdi:
-Otamni jinoyatlari uchun qoʻllarini kesishga buyurgansiz. Bilaman, hukmingiz adolatli.
Lekin otamning mendan kichik yana toʻrt farzandlari bor. Onamiz kasalvandlar, bizlarni boqa olmaydilar. Agar otamizning qoʻllarini kestirsangiz, hammamiz ochdan oʻlamiz. Bizlarga rahm qiling, otamizning qoʻllarini kestirmang. Agar qoʻl kesmaslikning boshqa iloji boʻlmasa, u holda otamning qoʻllari oʻrniga mening qoʻlimni kesa qoling.
Podsho bu gapni eshitib, kichkinagina qizning ota-onasiga muhabbati bu qadar ulugʻligidan hayratda qoldi. Qizni sinamoq maqsadida unga:
-Mayli, otang qoʻli oʻrniga sening qoʻlingni kestiraman. Qoʻlingni bugun emas, ertaga kesishadi. Ertagacha yaxshilab oʻylagin, keyin yana pushaymon yeb yurmagin, - dedi.
Ertasi kuni jazo maydonida yana odam toʻplandi. Qizning otasini keltirdilar. Qiz ham hozir boʻlib, otasiga dedi:
-Otajon, sira qoʻrqmang, men podshoga «Otamning qoʻllari oʻrniga mening qoʻlimni kestiring», deb yalindim. Iltimosim qabul boʻldi. Hozir mening qoʻlimni kesib, sizni ozod qilishadi.
Qiz shunday deb, kundaga qoʻlini qoʻydi. Bu holatdan podsho ham, toʻplanganlar ham koʻz yoshi toʻkdilar. Qizning otasi ozod etildi. Ota-bolaga iltifotlar koʻrsatildi. Podshoning amri bilan jazo maydonidagi kunda olib tashlanib, uning oʻrniga bir marmar tosh tiklandi-da, bu soʻzlar oʻyib yozildi:
«Bir yoshgina qiz otasining qoʻli oʻrniga oʻz qoʻlini fido etishni istadi. Shu qizdek farzandga ega boʻlgan ota-ona qanday baxtiyordir...»
Bu marmar tosh farzand mehriga qoʻyilgan oʻziga xos ramziy haykaldir. Hayotda hech yerda bunday haykal yoʻq. Ammo ota-ona farzandidan ozginagina mehr koʻrsa ham unga oʻz qalbi toʻridan bitta haykal tiklaydi. Bu haykalning nomi - shukronalik. Ota-onasini rozi qilgan farzandga esa Tubo (jannatlardan biri yohud undagi bir daraxt nomi) nasib boʻlishi, Alloh taolo umrini ziyoda etishi haqida sharafli hadisda marhamat qilinadi. Hazrat Navoiy ta’birlari bilan aytilsa - «Hurmati volidayn - farz ayn». Ota-onani hurmatlash - bajarilishi oʻta zarur amaldir.
Abdulloh ibn Umar (r.a.) Taysala ibn Miyosdan «Doʻzaxdan qoʻrqib jannatga kirishni xohlaysanmi?» deb soʻradilar. «Albatta xohlayman», dedilar Taysala. «Ota-onang tirikmi?» - deb soʻradilar. «Otam vafot etganlar, ammo onam borlar», dedilar Taysala. Shunda Abdulloh ibn Umar dedilarki: «Katta gunohlardan oʻzingni saqlaganingdan keyin onangga qattiq gapirmasang, uning ob-ovqatini berib tursang, albatta jannatga kirasan», - dedilar.
Agar e’tibor qilsak, bu hikmatning asosi ham «Jannat onalar oyogʻi ostidadir», hadisi sharifi ekanini anglaymiz.
Rivoyat qiladilarkim, Marvon ibn Hakam Madinadan bir joyga safarga ketganlarida oʻz oʻrnilariga Abu Hurayrani qoldirib ketardilar. Abu Hurayra Zul-Hulayfada turib, oʻzlari bir xonada, onalari esa boshqa xonada yashardilar. Abu Hurayra qachon oʻz xonalaridan tashqariga chiqadigan boʻlsalar, onalarining eshigi oldiga kelib salom berardilar-da: «Meni yoshligimdan tarbiyat qilganingiz uchun sizga Alloh taoloning rahmati boʻlsin», - der edilar. Onalari ham u kishining salomlariga javob qaytarib: «Katta boʻlganingda menga yaxshilik qilayotganing, roziligimni olayotganing uchun senga ham Alloh taoloning rahmati boʻlsin», der edilar. Abu Hurayra tashqaridan qaytib kelganlarida ham ona-bola oʻrtasida shu muomala takrorlanardi.
Ey koʻngil! Bu goʻzal muomala senda ham bormi? Bor boʻlsa, umring armonsiz oʻtajak. Yoʻq boʻlsa-chi? Avval aytgin: nima uchun yoʻq? Oʻntagina soʻzni aytishga tiling nima uchun aylanmaydi? Senga nima toʻsqinlik qiladi? Ehtimol onangni qaymoq bilan boqishga puling yoʻqdir. Qaymoq soʻzing-chi? Asal sotib olishga puling yetmas, ammo asal kabi totli duo uchun nimang yetishmaydi?
Ne shodki, bizning yurtimizda ota-onasini hurmat qiluvchilar koʻp. Kamina istiqomat qiluvchi «Ilgʻor» mahallasida Yaponiya mamlakatidan kelgan bir yosh olim ijtimoiy tadqiqot olib bordi.
U mahalladagi barcha marosimlarda ishtirok etishga harakat qildi. Uning ziyrak fahmi farzandlarning ota-onalarini beqiyos tarzda hurmat qilishlarini anglabdi. Bir kuni u bilan suhbat chogʻida dunyoga mashhur yapon adiblarining asarlaridan gap ochdim.
-Ha, Yaponiya ulugʻ yozuvchilarga boy mamlakat. Mening yurtim ilm-fanda ham ilgarilab ketgan, - dedi u. - Ammo har bir xalq ilm-fanda yoki adabiyotda xuddi shunday, balki bundan ham a’loroq yutuqqa ertami-kechmi erishishi mumkin. Lekin sizning xalqingiz erishgan boylikka hamma ham erisha olmaydi. Ayniqsa hozirgi kunlarda, hamma narsa ilm-fan taraqqiyoti mezoni bilan oʻlchanib, ma’naviy olamdan uzoqlashilayotgan asrda qiyin, gʻoyat qiyin. Men farzandlarning ota-onalariga mehribonligini nazarda tutyapman. Bu men uchun yangi olamday tuyulyapti. Chunki men bu olamni yoʻqotganman. Hozir ota-onam xasta. Akam qoʻshni orolda yashaydi. Lekin bir necha oylab kelib koʻrolmaydi. Kelsa, ishdan qoladi. Ishdan qolsa, vazifasidan haydaladi...
Yaponiyalik mehmon shunday deb xoʻrsinib, koʻziga yosh olgan edi...
Ota-ona orasida ba’zan kelishmovchiliklar ham boʻlib turadi. Masalan ota-ona bir ish buyursa farzand bu ishni toʻgʻri hisoblamay rad etishi mumkin. Bunda ham albatta ota-onaning koʻngli ranjiydi.
Sa’d ibn Abi Vaqqos dedilar: «Alloh taolo Qur'oni Karimdan toʻrt oyatni mening haqimda tushirdi. Onam: «Sen Muhammaddan ajralmaguningcha men hech narsa yemayman ham, ichmayman ham» deb qasam ichgan edilar. Shunda Alloh taolo: «Agar ular (ya’ni ota-onang) seni oʻzing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zoʻrlasalar, u holda ularga itoat qilma, Ularga (garchi kofir boʻlsalar-da), dunyoda yaxshi muomalada boʻlgin» (Luqmon surasi,15.), deb buyurdi.
Shayxlar debdilarkim: «Voliduka - robbuka», ya’ni otang - parvardigoringdir. Deyilmish bu ma’nodan shirk koʻrilmasligi, aksincha, «tarbiyachi Allohga itoat etganing kabi ota-onaga ham itoatda turgin», deyilmish ma’noni uqmoq joiz. Allohning inson tarbiyasiga oid amrini bolaga eng avvalo ota-ona yetkazadi. Bu oʻrinda «robbuka» - tarbiyachi ekaniga ishora hamda mas'uliyat yuki ham anglashilsa durust boʻlar. Xalqda «Hakim ota» nomi bilan mashhur zotlardan Hakim Sulaymon «ota - qodiri qayyum, ona - roziqi marsum», degan ekanlar. Ya’ni ota Allohning abadiy qudrat egasi sifatiga, ona esa Allohning barcha jonzotga rizq beruvchi sifatiga oʻxshatilyapti.
Atodin xato kelsa koʻrma xato,
Savob bil xato qilsa dogʻi ato.
Atoning xatosini bilgil savob,
Seni yuz balodin qutqargʻay Xudo.
Turkigoʻy shoirlardan Adib Ahmadning bu nasihatini yodlab olsak-da, otamiz yoki onamizga betgachoparlik bilan gap qaytarishga chogʻlaganimizda eslasak, balki ularning koʻnglini ogʻritib qoʻyishdan saqlanarmiz.
Ibrohim Xalilullohning otalari but yoʻnuvchi usta Ozar edi. Ibrohim alayhissalom otalarini butparastlikdan qaytarish uchun nasihat qilgan vaqtlarida nido keldikim, ta’zim va muloyimliq bilan nasihat qilgʻil. Va Yusuf alayhissalom otalari Ya’qubga (alayhissalom) xatolik bilan odobsizlik qilganlari uchun boshqa paygʻambarlardan yetmish yildan keyin jannatga kirishga hukm etildilar. Yusuf alayhissalom qanday odobsizlik qilibdilar ekan? Otalari bilan koʻrishayotganlarida otdan tushmay soʻrashgan ekanlar! Nuhning (alayhissalom) oʻgʻillari Xom ham odobsizligi tufayli otaning duoyibadiga uchradi: rangi qora boʻlib, uning naslidan paygʻambarlik uzildi. Xom qanday odobsizlik qilib edi? Nuh alayhissalom kemada uxlab yotganlarida shamol koʻtarilib, uyat joylari ochilib qolganini koʻrib kulgan edi!
Paygʻambarlarki ota-ona huzurida itoat etar ekanlar, bizning itoatimiz xususida soʻz boʻlishi mumkin emas. Hadisi sharifda ta’kid etilganidek, agar ular biz - farzandlarga «dunyodan kech», deyishsa ham hurmatlari uchun buyruqlarini ijro qilishga majburmiz. Jannat yoʻli shudir. Afsuskim, oramizda jannatga ishonmaydiganlar ham topiladi.
Ularga deymizki, ota-ona roziligini ololmasangiz shu dunyoning oʻzidayoq jabr koʻrasiz. Avvalo, ota-onasini xorlagan odamni jamiyat izzat qilmaydi. Bu odam jamiyat nazaridan qoladi va bundan ortiq xorlik boʻlmas. Qolaversa, yana takror aytamiz, oʻzining farzandlari ham uni xorlaydi. Xorlanib, azoblanib tezroq oʻlishni istaydi. Lekin Alloh unga oʻlim bermaydi. Ana shunday xorlangan odamlar bizlarga oʻrnak boʻlishlari kerak.
Rasul alayhissalom minbarga chiqayotib, bir qadam tashlab «omiyn» dedilar. Ikkinchi qadam tashlab yana «omiyn» dedilar. Uchinchi qadamni bosganlarida ham «omiyn» dedilar. Minbardan tushganlarida sahobalar «Yo Rasulalloh! Xutba oʻqish uchun minbarga chiqayotib nima sababdan uch marta «omiyn» dedingiz?» - deb soʻrashdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Men minbarga chiqayotganimda Jabroil alayhissalom kelib «onasi va otasi hayotlik vaqtida yoki bulardan biri hayot boʻla turib, ularning roziligini olib, jannati boʻla olmagan va bu imkoniyatni boy bergan farzandning burni yerga ishqalsin!» - dedilar. Men ham «omiyn» dedim» - dedilar.
Bundan murod: bir farzandning onasi va otasi yoki ulardan biri hayotligida ularga xizmat qilib, duosini ololmasdan, jannati boʻlolmaganlarning holiga voy, degan ma’no bor.
«Holi voy» boʻlayotganlarni koʻrmaymizmi? Yoki koʻrib koʻrmaganga olamizmi? Qaynona-kelin mojarosini hal etish uchun hovlini boʻlib olgan farzandlar yoʻqmi oramizda? «Ota-onam bolaligimda menga yaxshi qarashmagan» deb nolib yuruvchi noshukrlar-chi? Sovet davrida bolalar va yoshlar uzoq yillar mobaynida otasini sotgan oqpadar Pavlik Morozov misolida tarbiya qilingan edi. Ana shu ahmaqona tarbiyaning dogʻlari butunlay yuvildimi?
Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillaridan misol: qarib qolgan otaning bir oʻgʻil va bir qizi bor. Oʻgʻilning turmushi toʻkin, jamiyatdagi mavqei ham balandroq. Qizining oilasi bir amallab kun koʻradi. Ota xastalanib kasalxonaga tushganida bu farzandlarning mehr-oqibati aniq koʻrinadi. Oʻgʻil ishda band ekanligini bahona qilib kam keladi. Oʻgʻilning mehri shunday boʻlgach, oilasiniki qanday boʻlardi? Qiz esa kunda ikki-uch qatnaydi. Shunda ota qoʻllarini baland koʻtarib qizni duo qiladi. Qiz ketgach, joni uziladi. Oʻsha duo - otaning roziligi edi. Alloh ham undan rozi boʻldi. Oʻgʻilning oilasidan baraka koʻtarila boshladi. Boshiga koʻp tashvishlar tushdi. Qariganida farzandlari yonida boʻlsa ham, sutga ivitilgan bir qoshiq nonni ogʻziga tutguvchi mehribon topilmadi. Kasalxona farroshining qoʻlida jon berdi. Farrosh musulmonlik qoidalarini bilmagani sababli jagʻlari, oyoq-qoʻllari bogʻlanmay, gʻassolni ham ancha qiynadi. Gʻassol qancha urinmasin, jagʻ ochiqligicha ketdi. Qizning oilasi esa kundan kun yashnay berdi. Qiz keksalik yoshiga yetganida, xastalanganida farzandlari qoʻllarida koʻtarib yurganlarini oʻzim koʻrdim. Jon berishlari ham moʻ'jiza kabi yuz berdi. Farzandlari davrasida, gaplaridan adashmay, yaxshi nasihatlar qilib, bir nafas bilan yengilgina jon berdilar. Ikkinchi misolga oʻtishdan oldin diqqatimizni bir narsaga qarataylik: shu kunlarda, shu daqiqalarda ham kimning otasi yoki onasi shifoxonada yotgandir. Ularni yoʻqlab har kuni boryapmizmi? Bilishimiz joizkim, ularga doktorning dorisi emas, bizning issiq yuzimizni koʻrish davodir. Kunda bir boramizmi? Nima uchun ikki marta bormaymiz? Borganda ham necha daqiqa oʻtiramiz? Oʻn daqiqami yo yarim soatmi? Ha... biz ishga band odamlarmiz. Ishimiz koʻp. Endi diqqat qilaylik: ishimiz koʻp, ammo ota-onamiz koʻp emas. Bittagina! Bugungi ishni ertaga bajarsak ham boʻladi. Bugungi majlisga kirmaslik ham mumkin. Biroq, ota-ona gʻanimat, bugun koʻrgani kelolmasangiz ertaga issiq yuzlarini emas, sovugan jasadlarini koʻrishingiz mumkin. Har nafas gʻanimat, har daqiqa gʻanimat. Diydor onlarini qoʻldan chiqarsangiz to oʻlguningizcha armonda yashaysiz. Qiyomatda qanday holda diydor koʻrishasiz? Jannatda jam boʻlasizmi ota-onangiz bilan yoki doʻzaxda armon oʻtida yonasizmi?
Azizim, ehtimol shu satrlarni oʻqiyotganingizda otangiz yoki onangiz shifoxonadadirlar. Alloh ularga shifo bersin. Siz esa... qoʻlingizdagi kitobni qoʻying. Ularning huzurlariga boring, duolarini oling. Ehtimol ota-onangiz sogʻdir (hamisha sogʻ boʻlsinlar), ammo boshqa mahallada yoki boshqa shaharda yashashar.
Siz ham kitobni qoʻying, ularni yoʻqlashga shoshiling. Boshqa shaharda boʻlishsa qoʻngʻiroq qiling, yoki ikki ogʻiz shirin soʻzingizni oq qogʻozga tushurib yoʻllang. Bu ham savob.
Bir xonadonda chol-kampir yolgʻiz qolishgan. Holbuki, bu xonadon avval gavjum edi. Shu xonadonda yetti farzand tugʻilib oʻsdi. Toʻylar qilindi. Bu xonadon egasining onasi boʻlardi. Keksa kampir ancha aziyat chekardi. Oʻgʻil onasini ochiqdan ochiq behurmat qilardi. Unga qarab nabiralar ham buvilarini xorlashardi. Oʻgʻil onasiga «sen meni bolaligimda yetimxonaga bergansan! Buni hecham kechirmayman», deb da’vo qilardi. Ona oʻzini oqlamasdi, faqat koʻz yoshi toʻkardi. Tarixdan ma’lum, oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida gʻoyat ogʻir qahatchilik boʻlgan. Koʻchalarda ochdan oʻlganlar qalashib ketgan. Oʻshanda ona beva qolib, oʻgʻlini oʻlimdan saqlab qolish uchun yetimxonaga berishga majbur boʻlgan. Keyinchalik turmush qurgach, farzandini yana bagʻriga olgan. Shunday boʻldiki, kampir soʻnggi umrini hasratda oʻtkazib, oʻgʻlidan norizo ketdi. Tilga chiqarib «sendan rozimasman» demagan boʻlsa-da, har holda oʻgʻlini, kelinini, nabiralarini xayrli duo qilmadi. Va buning oqibati tez kunlarda koʻrindi. Ajablanarli tomoni shuki, bugun qarilik yoshida yolgʻizlikdan qiynalayotgan bu chol-kampir, yoʻqlab kelganlarga hasrat daftarini ochadilaru ammo nima sababdan bunday xorlikka duch kelganlarini mulohaza qilib koʻrmaydilar.
Ha, ota-onaning duosi bilan kishi oliy martabalarga yetishadi yoki aksincha, xorlanishi ham mumkin. Hayotiy misollarimizni hadisi sharif bilan quvvatlantirsak:
Mazkur hadis Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.):
-Bibi Maryamning oʻgʻillari hazrati Iso alayhissalom bilan Jurayjga soʻzlagan boladan boʻlak hech bir bola beshikdaligida gapirgan emas,-dedilar.
Sahobalar: «Yo Rasulalloh, Jurayj va unga soʻzlagan bola kim edi?» deb soʻrashganida, Rasululloh bu rivoyatni aytib berdilar:
-Jurayj oʻzining doimiy ibodati bilan mashgʻul rohib boʻlib, uning ibodatxonasi atrofida bir podachi sigirlarini oʻtlatib yurar edi. Shu ibodatxona yaqinidagi qishloqda yashovchi bir xotin podachi yoniga kelib-ketib turardi. Jurayj bir kuni ibodat bilan mashgʻul ekanida onasi kelib chaqirdi. Jurayj onasining ovozini eshitdi, ammo ibodatni davom ettirayinmi buzib, javob qilayinmi deb oʻyga toldi. Oʻylanib-oʻylanib, ibodatini buzmay, onasiga javob qaytarmadi. Onasi ikkinchi, uchinchi marta ham chaqirganida javob boʻlmagach, «Alloh taolo seni fohisha xotinlarga yoʻliqtirsin», - deb duoyibad qilib, iziga qaytib ketdi. Oradan koʻp oʻtmay oʻsha podachi yoniga kelib-ketib turadigan xotin bola tugʻib qoʻydi. Uni buzuqlikda ayblab podshoh huzuriga keltirib soʻroq qilishganda «Bu bola ibodatxonadagi rohibdan boʻlgan», - deb tuhmat da’vosini qildi. Buni eshitgan podshoh gʻazablanib, «rohibning ibodatxonasi buzilsin, oʻzi bu yerga keltirilsin!» deb amr qildi. Buyruqqa asosan ibodatxona buzilib, Jurayjning qoʻllari arqon bilan bogʻlanib keltirildi. Jurayj yoʻlda kela tur
-Xoʻsh, menga ayt-chi, qoʻllaringni bogʻlab olib kelayotganlarida gʻazablanish oʻrniga nima uchun kulding? - deb soʻradi.
-Yuz bergan voqeani koʻzim bilan koʻrib kulgim keldi. U ham boʻlsa, onamning menga qilgan duoyibadlari edi, - Jurayj shunday deb boʻlib oʻtgan voqeani soʻzlab berdi.
Endi bayon etilajak hadisni Abdulloh ibn Avf (r.a.) Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qiladilar:
«Rasululloh (s.a.v.) yonlarida Suffada edik. Hijrat qilgan bir ayol Rasuli akramning huzurlariga keldi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) uni ayollar yoniga, oʻgʻlini esa bizning yonimizga yubordilar. Oradan koʻp oʻtmay, ayolning oʻgʻli vaboga chalinib, vafot etdi. Sarvari olam (s.a.v.) yigitning koʻzlarini yumganlaridan soʻng, uni yuvish uchun tayyorgarlik koʻrayotganimizda menga:
-Ey Anas! Bor, onasiga xabar qil, - dedilar.
Onasiga xabar berdim. Onasi kelib, oʻlikning oyoq uchi tomoniga oʻtirdi va farzandining sovub qolgan oyoqlarini ushlab duo qildi:
-Allohim! Men oʻz xohishim bilan musulmon boʻldim. Sening diningga kirdim. Butlarga sigʻinishni tark etdim. Oʻz xohishim bilan Senga yukindim va Paygʻambaringni sevdim. Allohim! Meni balo-musibatlarga duchor qilib, butparastlarni sevintirma va toqatim yetmaydigan ushbu musibatni menga yuklama...
Allohga qasamki, ayol duo qilib boʻlar-boʻlmas, oʻlikka jon qaytdi, bola oyoqlarini qimirlatib, koʻzlarini ochdi. Rasululloh (s.a.v.) vafot etgunlariga qadar ham u yigit tirik edi...»
Ota-ona hayotlik choqlarida ularning roziliklarini olish - Allohga va Uning Rasuliga boʻlgan sevgining bir zarrasi. Yana bir zarrasi esa ularning vafotlaridan soʻng xayrli duolar bilan eslash. Namoz oʻquvchilar ota-onalarini kunda besh mahal yodga oladilar, Allohdan magʻfirat soʻrab, duo qiladilar. Benamozlar esa turli kundalik tashvishlar bilan band boʻlib ularni unutadilar. Yana bir muammo: ayrimlar otalari yoki onalari vafot etishganda «bizning xilxonamiz falon yerda», deb uzoq qabristonlarga olib borib dafn etadilar. Oqibatda otalari yoki onalari qabrlarini yilda ikki marta - hayit bayrami kunlaridagina ziyorat qiladilar. Agar oʻzlari yashaydigan mahalla (yoki qishloq) qabristoniga qoʻysalar, mahalladagi janozada ishtirok etish bahonasida ham ziyorat qilardilar.
Yaqinda bir maktabning muallimasi ibratli voqeani hikoya qilib berdi:
Ma’lumingizkim, hozir bola birinchi sinfga chiqishdan oldin muallimlarning suhbatidan oʻtadi. Bu bilan bolaning ongi, zehni darajasi aniqlanadi. Xullas, bir bolaga rasmni koʻrsatib: «Bu nima?» deb soʻrashadi. Bola javob beradi: «Bu boʻgʻirsoq». Boshqa rasmni koʻrsatib soʻrashadi: «Bu nima?» Javob beradi: «Bu tulki». Yana soʻraydilar. Ammo bola javob oʻrniga xuddi kattalarday deydiki: «Mendan bunaqa mayda-chuyda narsalarni soʻramang. Siz Paygʻambarimizning, alayhissalom hayotlarini soʻrang, aytib beray». Muallimalar noiloj «aytib ber», deyishadi. Bu yerda asosiy gap muallimalarning bilmagan ilmini bola bilishida emas. Asosiy murod - bu bola ulgʻayganida ota-onasini xorlab qoʻymaydi. Ota-onasi oʻtgandan keyin ham duoda boʻladi. Farzandiga Islom alifbesini oʻrgatgan ota va ona va dunyo oxiratlari uchun ikki muazzam saroy tiklab qoʻyibdilarkim, unda yashash ularga muborak boʻlsin.
Abu Usayd (r.a.) hikoya qiladilar:
«Biz Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida edik. Shu vaqt bir kishi kelib: «Yo Rasulalloh! Ota-onamning hayot vaqtlarida qilgan yaxshiliklarimdan tashqari ularning vafotidan keyin yana nima qilsam shu yaxshiligim davom etadi?» - deb soʻradi. Rasululloh (s.a.v.) unga dedilar:
-Toʻrtta narsani qilib yursang, ularga qiladigan yaxshiliging davom etavergan boʻladi. Ularning birlamchisi - ota-onang haqlariga duo qilasan va gunohlarini kechirmakni Alloh taolodan soʻraysan. Ikkilamchisi - ularning nasihat va shar'iy vasiyatlarini amalga oshirasan. Uchlamchi - ularning doʻstlarini hurmatlaysan va toʻrtlamchi - qavm-qarindoshlar bilan ular tufayli qaror topgan qarindoshlik aloqalarini uzmaysan.
Bu mavzuda aytaman desak, hikmat koʻp. Biroq, Alisher Navoiy hazratlaridan bir necha bayt oʻqimasak, koʻnglimiz oʻrniga tushmaydigan koʻrinadi:
Biri erur makrumati volidayn,
Bilki munung qilmogʻidur farzi ayn.
Bu ikining xidmatini bir bil,
Har necha ifrot esa, taqsir bil.
Deyilmoqchikim: Tarbiyaning yana biri ota-onani hurmat qilish; buni bajarish uning uchun majburiyatdir (shartdir). Bu ikkisiga xizmatni birdek qil, xizmating qancha ortiq boʻlsa ham, kam deb bil.
Boshni fido ayla, ato qoshigʻa,
Jismni qil sadqa ano boshigʻa.
Ikki jahoninggʻa tilarsen fazo –
Hosil eti ushbu ikisidin rizo.
Deyilmoqchikim: Otang oldida boshingni fido qilib, onang boshi uchun butun jismingni sadaqa qilsang arziydi! Ikki dunyong obod boʻlishini istasang, shu ikki odamning roziligini ol!
Tun-kunungga aylagali nur fosh,
Birini oy angla, birisin quyosh.
Soʻzlaridin chekma qalam tashqari,
Xatlaridin qoʻyma qadam tashqari.
Boʻlsun adab birla bori xidmating,
Xam qil adab “dol”i kibi qomating.
Deyilmoqchikim: Tunu kuningga nur berib turgan birlarini oy deb bil, ikkinchilarini esa quyosh. Ularning soʻzlaridan tashqari bir narsa yozma, ular chizgan chiziqdan tashqariga bir qadam ham bosma. Hamma xizmatni sen adab bilan bajar, “adab” soʻzidagi “dol” harfi kabi qomatingni ular huzurida eg.
Ming yillar mobaynida yaratilgan kitoblarda ota-onani izzatlashga doir nasihatlar qilingan. Bu nasihatlarning mualliflari koʻp boʻlgani bilan ma’nolarida farq kam. Shu bois mazkur bobni oʻn birinchi asrda yashagan Amir Unsurulmaoliy Kaykovusning Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan tarjima qilingan nasihatlari bilan yakunlashni ma’qul topdik.
-Ey farzand, bilgʻilkim, aql yuzasidan farzandgʻa ota-onani hurmat qilish vojibdur, nedinkim uning asli ota va onadur. Ota va onani nima uchun hurmat qilurman deb koʻnglinggʻa kelturmagʻil, bilgʻilki ular sening uchun oʻlimgʻa ham tayyor turadurlar.
Har farzandki, oqil va dono boʻlsa, hech vaqt ota va onaning mehr haqqini ado qilmoqdin xoli boʻlmagʻusidir. Ota-ona farmonbardordur. Bu farmonbardorlikda ham ish boʻlgʻay va ham farmon boʻlgʻay. Ota-onaning ishi seni parvarish qilmoqdur va farmoni senga yaxshilik oʻrgatmoqdur. Ey farzand, shul vajdin ota-onangni sagʻal ham ranjitmagʻil.
Ota-onaning hayoqiga din nuqtai nazaridan rioya qilmasang ham, aql yuzidan, muruvvat yuzidan rioya qil va koʻrgʻil: ota-ona aslida seni jon va dil bila parvarish qilmishlar. Agar ular haqida kamchiliklar qilsang, taqsir koʻrguzsang, sen hech yaxshilikka sazovor emasdursan, nedinkim har kishi aslning yaxshiligʻin bilmasa, oʻzganing ham yaxshiligʻin bilmagʻusidir. Oʻz farzanding sening haqingda qanday boʻlishin tilasang, sen ham ota-onang haqida shunday boʻlgʻil, nedinkim sen ota-onangga nima ish qilsang, farzanding ham sening haqingda shundoq ish qilur, chunki odam mevaga, ota-ona daraxtga oʻxshaydur. Daraxtni har qancha yaxshi tarbiyat qilsang, mevasi shuncha yaxshiroq va shirinroq boʻlur.Ota-onaga izzat va hurmatni qancha koʻp qilsang, ularning duolari shuncha tezroq mustajob boʻlur.
Zinhor meros olmoq hirsi bila ota-onang oʻlimini tilamagʻilki, ularning rizqi bila sening rizqing yetishur. Ota-onaning oʻlimini tilamagʻil, chunki ota-ona oʻlmay yursalar ham rizqing yetishaveradi, nedinkim, rizq taqsimlangandur va u har yoʻl bila vosil boʻlur. Roʻziy nasiba uchun oʻzingni koʻp ranj-mashaqqatga qoʻymagʻil, bul nasiba ranj va azob-uqubat bila ziyoda boʻlmagʻusidir.
Qur'oni Karimda va hadisi shariflarda buyurilgan amallar asosida aytilgan mazkur nasihatlarga itoat etgan holda umr kechirishni barchalarimizga Alloh nasib etsin!
Endi duoga qoʻl ochaylik:
-Yo Allohim, yo Rabbim! Gunohlarimizni afv et. Kimniki otasi yoki onasi yoki ikkovlari hayot boʻlsa, ularning umrlariga-rizqlariga baraka ber. Dardmandlarining dardlariga davo ber. Farzandu nabiralari baxti iqbolini koʻrish saodatini nasib ayla. Farzandlarini goʻdaklik chogʻida qanday rahm va shafqat bilan tarbiya etgan boʻlsalar Sen ham ularni shunday shafqating bilan panohingda asra. Haq yoʻlingdagi ota-onalarning farzandlari haqqiga qilgan xayrli duolarini dargohingda qabul va maqbul ayla. Haq yoʻlingdan adashganlar orasidagi ota-onalarga hidoyat ber. Ota-onasini oʻzingning bayting - Ka’batulloh ziyoratiga olib bormoqni niyat qilib yurgan farzandlarning niyatlarini amalga oshir. Otalari yoki onalari, yoki ikkovlari bilan yonma-yon yurib, «labbayka!»ni aytib Haj ibodatlarini solih ravishda amalga oshirmoqlarini nasib ayla. Ota-onalarining qadriga yetmay yurganlarning qalbini yumshat, koʻzlarini och, insofu tavfiq va hidoyat ber. To qiyomatga qadar tugʻilib, yashovchi zurriyodlarni bizlar yoʻl qoʻygan xato va gunohlardan asrab, ota-onalarga izzatda boʻluvch
Kimning otasi yoki onasi yoki ikkovlari bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qilishgan boʻlishsa ularni magʻfiratingga ol. Ularning izidan qilinayotgan duolarni dargohingda maqbul ayla. Ularning tavbalarini va ular uchun farzandlar qilayotgan tavbalarni ham qabul etib to qiyomatga qadar qabr azoblaridan asra. Qiyomatda Oʻzing «bandam!» deb, a’mol nomalarini oʻng qoʻllaridan olmoqliklarini nasib ayla, janob rasuli akram Muhammadning (s.a.v.) shafoatlarini nasib etib, Oʻzingni jamolingni koʻrish baxtini ber. Kimki burchini solih farzandlar qatorida ado eta olmagan boʻlsa, kimki otasi yoki onasini yoki ikkovini koʻnglini ranjitgan boʻlsa-yu, endi nadomatlar chekayotgan boʻlsa, ularning ham tavbalarini qabul etib, lutfi karaming bilan gunohlarini kechir. Qiyomatda volidaynga ochiq yuz bilan roʻpara kelishlarini va jannatda birga qovushishlarini nasib ayla. Omiyn ya Rabbal-olamiyn!
Yüklə 125,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə