Ravish so’z turkumining gaplarda qo’llanishi boshlang’ich ta’lim fakulteti Ibrohimova Shahlo



Yüklə 18,43 Kb.
tarix24.12.2023
ölçüsü18,43 Kb.
#158722
shaonatili


RAVISH SO’Z TURKUMINING GAPLARDA QO’LLANISHI
Boshlang’ich ta’lim fakulteti
Ibrohimova Shahlo
Annotatsiya: mazkur maqolada ravish so’z turkumu tuzilishi, shakli, turlari, ishlatilinishi haqida ma’lumotlar namunalar bilan yoritib berilgan.
Kalit so’zlar: ravish so’z turkumi, ona tili, so’z turkumlari, sifat, ravish turlari.
Harakat va holatning belgisini, belgining belgisini (sifat va ravishning), ba’zan predmetning (ot) belgisini bildiradigan mustaqil so`z turkumi ravish deyiladi. Masalan: Qutlug`jon tez orada o`zbekcha biyron-biyron gaplasha boshladi (O.). Ko`kday bepoyon mening Vatanim (Q.Hikmat).Sifat so`z turkumi kabi ravish ham belgi bildiradi. Lekin sifat, asosan, predmetning belgisini, ravish esa, asosan, ish-harakatning belgisini, belgining belgisini bildiradi. Ravish ish-harakatning bajarilish tarzi (astoydil urindi), payti (hozir keldi), o`rni (yuqoriga intildi), miqdori (kam gapirdi), darajasi (nihoyatda achindi), sababi (noiloj ko`ndi) va maqsadi (jo`rttaga indamadi)ni anglatadi.Ayrim ravishlar ba’zan otga bog`lanib, predmetning noaniq miqdorini (ko`p kitob), sifat va ravishning o`ziga bog`lanib, belgini kuchini; darajasini, o`xshashligini (obdon pishiq, ancha ilgari, toshday qattiq) ifodalaydi. SHu ma’no xususiyatlariga ko`ra ravish qanday? qay tarzda? qachon? qaerga? qaerda? qaerdan? qancha? qay darajada? nega? nima maqsadda? kabi so`roqlariga javob bo`ladi.
Ravish o`ziga xos grammatik xususiyatlarga ega:
1) ravish boshqa so`z bilan bog`lanib kelganda morfologik jihatdan o`zgarmaydi (so`z o`zgartiruvchi affikslarni olmaydi). Lekin ma’lum kelishik yoki egalik kelishik shaklida (qotib qolgan holda) ravishga ko`chgan so`zlar mavjud: kunda, yiliga, kunduzi, chindan, rostdan, yaqinda, birdan, birga kabi.
2) ravish belgi bildiruvchi so`z bo`lgani uchun sifat kabi belgini (harakatning belgisini) darajalab, chog`ishtirib ko`rsatish xususiyatiga ega. Biroq ravishlarda daraja anglatish sifatlardagi kabi taraqqiy qilgan emas. Ravish ham uch daraja ko`rinishiga ega: oddiy daraja, qiyosiy daraja, orttirma daraja. Daraja ma’nosi sifat darajalaridagi vositalarning o`zi bilan ifodalanadi. Belgini darajalab ifodalash, asosan, holat ravishlari (ayrim payt va miqdor)ga xos.
Oddiy daraja. Oddiy darajada ravish ish -harakat belgining normal holatda (chog`ishtirilmagan holatda) ekanligini bildiradi va o`ziga xos morfologik ko`rsatkichga emas: Usmonjon gunoxkorona jilmaydi (S.Z.).
Qiyosiy daraja. Qiyosiy darajadagi ravish harakat belgisining boshqa belgi bilan chog`ishtirish orqali belgining kamligi, kuchsizligi, ko`pligi, ya’ni kuchaytirish ma’nosini ko`rsatadi va ravishlarga -roq affiksini qo`shish bilan hosil qilinadi: astaroq, ozroq, barvaqtroq, keyinroq kabi: Zaynab ilgariroq, Kumush keyinroq ichkariga kirishdi (A.Qodiriy). Ba’zan qiyosiy darajadagi ravishdan oldin sal, yana, tobora kabi ravishlar keladi. Bunday holda kuchaytiruv va kuchsizlantiruv ekspressiv yo`l bilan yanada orttirilgan bo`ladi: Sal burunroq o`tkazilsa, ancha bo`y bergan bo`ladi (SH.Rashidov).
Orttirma daraja esa ravishdan oldin juda, nihoyatda, eng, hammadan kabi so`zlarni keltirish bilan hosil qilinadi va harakat belgisining normal holatdan o`ta ortiqligini, kuchaytirilganligini ifodalaydi: Bu yurtda eng avval senda tong otar, Eng keyin tark etar seni quyoshing (E.Vohidov). Imon bilan amal bir-biriga juda yaqindir. Ular bir-birisiz durust emas (Hadisdan).
3) ravishning fe’lga bog`lanib, gapda ko`pincha hol vazifasida kelishi, uning asosiy grammatik xususiyatlaridan biri sanaladi: Ogahiy yaratgan she’riy misralar o`zining serjiloligi bilan kishilarni hamon o`ziga rom qilib kelmoqda (Kaykovus).
4) ravish sifat va ravishga, ba’zan otga bog`lanib kelib, belgini belgisini bildiradi, gapda sifatlovchi-aniqlovchi vazifasi bajaradi: Tog`day og`ir bilak berdim... (H.O.). Ba’zi ravishlar otga ham bog`lanib, uning belgisini ko`rsatadi va sifatlovchi aniqlovchi vazifasini bajaradi. Fe’lga bog`lanib, harakatning belgisini bildirgan sifatlar ravish so`z turkumiga o`tib ketmagani kabi, otga bog`langan ravishlar ham sif at turkumiga o`tmaydi: U ancha jo`yaklarni oraladi, ancha qovunlarni ushlab, qay birini uzishni bilmadi (O.). Etti qizning onasi haligacha kelinchak (Topishmoq).
5) ravish otlashish xususiyatiga ega, ya’ni ravish bog`lanib kelgan ot gapda qo`llanmasligi mumkin. Bunday holda ravig otga xos egalik, kelishik, ko`plik affikslarini qabul qiladi va gapda ot kabi ega, qaratuvchi-aniqlovchi, to`ldiruvchi vazifalarida keladi: Ko`pni ko`rgan ko`hna dunyoda Baxt axtarib ko`plar o`tdilar (H.O.). Ilm ko`pgaetkazar, hunar esa ko`kka (Maqol). Har bir ishimizdan ertaning shabadasi kelib turibdi, o`g`lim (O.)
Ravishlarda otlashish hodisasi, asosan, holat, miqdor belgisini (ba’zan payt belgisi) bildiruvchi ravishlarga xos.
6) ravish gapda hukm tushunchasini anglatib bosh bo`lak ot kesim vazifasida ham keladi: Odam har qancha olim bo`lsa ham, uning o`zi sezmagan kamchiliklari ko`p(«Oz-oz o`rganib dono bo`lur»).
7) ravish so`z yasalish xususiyatiga ega. Ravish yasovchi maxsus so`z yasovchi affikslar mavjud: do`stona, yangicha, tasodifan, butunlay kabi. Bunday usul bilan ravish yasalishi morfologik usul sanaladi. Ravish sintaktik usul bilan ham yasaladi: bir oz, har gal, bir yo`la, dam-badam kabi.
8) ravishlarda modal ma’no yasalishi ham mavjud. Bunday shaklda kelgan ravishlar harakat belgisining kuchsizligi, ta’kid, noaniqlik kabi ma’nolar anglatadi. Bu modal ma’no sintetik shakl orqali hosil qilinadi, ya’ni ravishga -roq, -gina (-kina, -qina) affikslarini qo`shish orqali: ko`proq, endigina, sekingina, kechagina kabi hamda ravishlarni aynan takrorlash yo`li bilan hosil qilinadi: asta-asta, tez-tez, sal-pal kabi. Men ko`proq uni ko`rish niyatida yurar edim, lekin o`ylaganim bo`lmadi (P.Qodirov). Hasanali sekingina daricha ostig`a yotib hujra ichiga quloq soldi (A.Qodiriy). CHiqsak ham Sulton amaki bilan chiqardik. Sekin-sekin unga o`rgana boshlagandik (H.Nazir).
Ravishlarning ma’no turlari; Ravishlar ma’no jihatdan olti guruhga bo`linadi: 1) holat ravishi, 2) payt ravishi, 3) o`rin ravishi, 4) miqdor-daraja ravishi, 5) sabab ravishi, 6) maqsad ravishi.
Holat ravishi. Holat ravishi ish-harakatning qay tarzda, qay holatda bajarilishini bildirib, qanday? qay tarzda? qanday qilib? kabi so`roqlarga javob bo`ladi: asta, sekin, tez, piyoda, ayov, qo`qqisdan, tasodifan, xomlay, ochin-to`kin, butunligicha, jim, darov, darhol, zo`rg`a, birdan, birga, majburan, yaqqol, harbiylarcha, o`zbekcha, yuzma-yuz, ochiq-oydin kabi. Holat ravishlari, asosan, ravish holi otga bog`lanib kelganda sifatlovchi-aniqlovchi va kesim vazifalarida keladi: Bobur ota yurtidan ajralganini endi astoydil his qildi (P.Q.). Salqin shabadasi kelib olqishlar bizning g`olibonabayrog`imizni (A.M.). Auditoriya jimjit, hamma unga qarar (P.Q.).
Payt ravishi. Payt ravishi ish-harakatning paytini bildirib, qachon? qachongacha? qachondan beri? kabi so`roqlarga javob beradi. Payt ravishlariga: hozir, boya, hali, endi, oldin, burun, avval, qadim, bultur, tunov kun, yaqinda, hamisha, hanuz, hamon, bugun, indin, keyin, so`ng, yiliga, dastlab, har kuni, erta-indin, erta-kech, qishin-yozin kabilar kiradi. Payt ravishlari asosan, payt holi, ba’zan kesim vazifasida keladi. Masalan: Sen bir birodaringning ayblarini zikr qilmoqchi bo`lsang, avval o`z ayblaringni esla! (Imom Ismoil al Buxoriy). Bugun sening tug`ilgan kuning, Bugun uying to`ladi gulga (H.O.).
O`rin ravishi. O`rin ravishi ish-harakatning bajarilish o`rnini va harakat yo`nalgan tomonni anglatadi. O`rin ravishi qaerga? qaerda? qaerdan? kabi so`roqlarga javob berib, ularga nari, beri, oldinga, pastda, tubanda, yuqoridan, quyidan, u yoqqa, bu yoqqa, yaqinda, orqadan, to`g`riga, chapda, o`ngda kabilar kiradi. O`rin ravishlari gapda, asosan, o`rin holi ba’zan esa kesim vazifasini bajaradi: Biror kishi gapirgan paytida u yoq - bu yoqqa qarab qo`ysa, demak bu gap omonatdir (Hadisdan). YOshi ulug` Nazarali ota shu erda (G`.G`ulom).
Miqdor-daraja ravishi. Miqdor-daraja ravishi ish-harakatning miqdoriy belgisi, bajarilish darajasini, shuningdek, predmetning noaniq miqdori, belgining darajasi va miqdorini anglatadi. Miqdor-daraja ravishlari ma’no xususiyatiga ko`ra ikki guruhga bo`linadi: miqdor ravishi va daraja ravishi. Miqdor ravishi miqdor tushunchasini anglatib, harakat-holatning bajarilishida uning miqdoriy belgisini ko`rsatadi. SHu bilan birga miqdor ravishi otga ham bog`lanib kela oladigan ravish turidir, shu jihatdan bu ravishlar predmetning noaniq miqdorini ham ifodalaydi. Miqdor ravishi qancha? so`rog`iga javob berib, ularga ko`p, mo`l, kam, bir oz, sal, picha, xiyol kabilar kiradi. Daraja ravishi daraja tushunchasini anglatib, harakat-holatning bajarilish darajasini ko`rsatadi. Ba’zan daraja ravishlari sifat va ravishning o`ziga bog`lanib kelib, belgi ma’nosini kuchaytirib keladi. Bu ravishlar qay darajada? so`rog`iga javob berib, ularga tez, g`oyat, nihoyatda, obdon, yana, o`ta, tag`in, aslo, sira kabilar kiradi. Daraja ravishlari belgi ma’nosini kuchaytirishiga ko`ra (juda, g`oyat) sifat va ravishlarning orttirma darajasini hosil qiladigan element sifatida ham qatnashadi. Miqdor-daraja ravishlari, asosan, miqdor-daraja holi, ba’zan kesim vazifasini bajaradi: Mo`l-ko`l nur to`kar, ko`kdan qadrdon quyoshimiz (E.Vohidov). Biroq ko`zgu shunaqangi xira Ediki, o`zimning yuzimni zo`rg`a ko`rardim (O`.H.). Miqdor-daraja ravishi predmetning belgisini bildirib, sifatlovchi-aniqlovchi vazifasida ham keladi: Ko`p gap quloqqa yoqmas (Maqol).
Sabab ravishi. Sabab ravishi ish-harakatning bajarilish sababini anglatadi. Sabab ravishi nega? nima uchun? nima sababdan? kabi so`roqlarga javob bo`ladi va ularga noiloj, noilojlikdan, chorasiz, chorasizlikdan kabi ravishlar kiradi. Sabab ravishi, asosan, sabab holi vazifasini bajaradi: Qunduzoyning qistashi bilan noiloj birinchi qatorga borib o`tirdi (Oydin).
Maqsad ravishi. Maqsad ravishi ish-harakatning bajarilishidagi maqsadni anglatib, nega? nima maqsadda? kabi so`roqlarga javob beradi. Bu ravishlarga atay(in), ataylab, jo`rttaga, qasddan kabilar kiradi. Maqsad ravishi gapda, asosan, maqsad holi vazifasini bajaradi: YUksak binolar tomon, Bordik bizlar atayin (Po`lat Mo`min).
Ravish tuzilishiga ko`ra: 1) sodda, 2) qo`shma, 3) juft, 4) takroriy ravishlarga bo`ladi. Sodda ravishlar bir o`zak morfemadan tuziladi: yaqqol, ko`p, hozir, vijdonan, kamtarona kabi. Qo`shma ravishlar ikki so`z asosining birikishi orqali tuziladi: har gal, bir vaqt, tez fursatda, shu yoqqa kabi. Juft ravishlar ikki so`z asosining teng bog`lanishidan tuziladi: hali-beri, erta-kech, eson-omon kabi. Takroriy ravishlar esa bir so`z asosini aynan takrorlash bilan yoki ikkinchi takrorlangan ravishda tovush o`zgarishi yuz bergan holda tuziladi: endi-endi, asta-asta, oz-moz, sal-pal, zo`rg`azo`rg`a kabi. Takroriy ravishlar so`zning leksik ma’nosini o`zgartirmay, balki ortiqligi,kamligi, noaniqlik, ta’kid kabi qo`shimcha ma’nolarni ifodalab keladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. Rafiyev A., G’ulomova N. Ona tili va adabiyot (kasb-hunar kollejlari uchun
darslik). T., “Sharq”, 2013.
2. Erkaboyeva N. Q. Adabiyot fanidan savol-javoblar to‘plami. T. “Navro’z”, 2018.
3. “Umumta‘lim fanlari metodikasi” jurnali, 1-, 2-, 3-, 4-sonlar, 2018.
Yüklə 18,43 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə