Shaxs taraqqiyotining yoshga bog‘liq xususiyatlari.
o‘spirinlik va yetuklik davrlari psixologiyasi. Akmeologiya.
REJA:
1.
Shaxs taraqqiyotidagi ijtimoiy va genotipik omillar.
2.
Shaxs taraqqiyotini davrlarga bo‘lish.
3.
O‘smirlik va o‘spirinlik davrlarida shaxs ijtimoiylashuvining o‘ziga
xosligi.
4.
Yoshlardagi attraksiya va emosional munosabatlar.
1. Shaxs taraqqiyotidagi ijtimoiy va genotipik omillar
Shaxs individual taraqqiyotining muhim omillaridan yana biri uning yoshiga
bog‘liq bo‘lgan xususiyatlaridir. Chunki taraqqiyotning har bir yosh bosqichi o‘zining
rivojlanish omillariga, qonuniyatlariga, yangiliklari va o‘zgarishlariga ega bo‘lib, ular
shaxsning xarakteri, temperamenti, iqtidori, bilish jarayonlariga bevosita ta’sirini
o‘tkazadi.
Yosh taraqqiyoti davrlarining ham sifat, ham miqdor o‘zgarishlariga ega bo‘lgan
ko‘rsatgichlari borki, amaliy psixologiya har bir yosh xususiyatlarini ana shu ikkala
ko‘rsatgich nuqtai nazaridan o‘rganishi va shaxs xulqini boshqarish va ta’sir
ko‘rsatishda ularga tayanmog‘i lozim. Umuman psixologiyada isbot qilingan
faktlardan biri shuki, turli davrlardagi inson taraqqiyoti o‘ta murakkab jarayon bo‘lib,
har bir davrning o‘z qonuniyatlari mavjud. Har bir bosqichda shaxsning biror bir
xususiyatlari o‘zining yetuklik fazasiga erishadi. Masalan, olamni sensor jihatdan
bilishning yetuklik fazasi 18 - 25 yoshlarda (Lazarev ma’lumotlariga ko‘ra),
intellektual, ijodiy yetuklik - 35 yoshlarda (Leman ma’lumotlari), shaxsning yetukligi
50 - 60 yoshlarga kelib eng yuqori nuqtasiga erishadi. Shunga o‘xshash xususiyatlar
insonning butun umri mobaynida muttasil kamolga yetib, rivojlanib borishini
ta’minlaydi. Shunisi xarakterliki, har bir yoshda biror funksiyalarning rivojlanishi
boshqa bir funksiyalarning susayishi hisobiga ro‘y beradi. Masalan, bolalikning ilk
bog‘cha yoshida fazoga moslashuv juda kuchaysa, keyinchalik uning o‘rnini vaqtni
adekvat idrok qilish kuchayadi. Qariyalarning biror narsalar xususida bilimdonligi,
ma’lumotlar dunyosidagi yaxshi oriyentasiyasi, psixomotorik funksiyalar va bevosita
bilish jarayonlarining susayishi hisobiga ro‘y beradi. Xuddi shunday bolaning 3-5 yosh
davri tilni, uning lug‘aviy va strukturaviy xususiyatlarini o‘zlashtirishga juda maqbul
bo‘lsa, yetuklik davri bo‘lmish 45-55 yoshlarga kelib ayni shu sifat deyarli o‘zini
yo‘qotadi («til qotib qoladi”).
Psixologiyaning maxsus tarmog‘i hisoblanmish yosh davrlari psixologiyasining
eng asosiy muammolaridan biri shuki, inson psixik taraqqiyotida qanday omillar -
genetik, tug‘ma yoki orttirilgan, ijtimoiy omillar roli yetakchi ekanligi masalasidir. Bir
tomondan, bolaning o‘z ota - onalaridan meros sifatida o‘zlashtirgan sifatlari, masalan,
anatomo - fiziologik xususiyatlar, miya faoliyatining o‘ziga xosligi, tana tuzilishi (qo‘l,
oyoq, yuz tuzilishi va boshq.) albatta psixologik jihatdan odam bolasining muhitga
moslashuvi, unga erkin harakat qilishi, jarayonlarni ongida aks ettirishiga sabab
bo‘ladi. Chunki oddiygina anatomik anomaliya holati (qo‘lning kaltaligi, bo‘yning
juda kichikligi kabi) psixikaga va shaxsning jamiyatda o‘zini tutishiga salbiy ta’sir
ko‘rsatadi. Lekin ikkinchi tomondan tashqi muhit ta’sirini ham kamsitib bo‘lmaydi.
Masalan, agar bola maxsus o‘quv maskanlarida o‘qimasa, unga tarbiyaviy ta’sirlar
ko‘rsatilmasa, uning rivojlanishi qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.
Bu muammolar ustida bosh qotirgan olimlar L. Vugotskiy, J. Piaje, S.
Rubinshteyn, A. Leontev va ko‘plab boshqa psixologlar ikkala omil rolini ham inkor
qilmagan xolda ijtimoiy muhitning yetakchi ta’siri to‘g‘risidagi fikrni baravar
yoqlaganlar. Chunki to‘g‘ri tashkil etilgan ta’lim-tarbiya, oila va undagi o‘zaro
munosabatlarning xarakteri, shaxs muloqotda bo‘ladigan ijtimoiy guruhlar, u tanlagan
kasb va kasbdoshlari muhiti, nikoh va ma’lumot masalalarining qanday hal qilinganligi
kabi qator ijtimoiy omillar shaxsning rivojlanishi, uning o‘z-o‘zini anglashi va
o‘zgalarga munosabati, bilish jarayonlari hamda intellektual taraqqiyotida katta
ahamiyatga egaligiga shubha yo‘q. Respublikamiz Prezidenti I. Karimov boshchiligida
mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq boshlangan «Sog‘lom avlod uchun”
shiorini amalga oshirish siyosati farzandlarimizning ham jismonan, ham ruhan, ham
aqlan yetuk bo‘lishlariga qaratilgan. Jismonan sog‘lom tanada sog‘lom ruh bo‘lishi
tabiiy.
2. Shaxs taraqqiyotini davrlarga bo‘lish.
Shu vaqtgacha psixologiya ilmida shaxs taraqqiyotini davrlarga bo‘lib
o‘rganishga juda katta e’tibor qaratilgan. Bir qancha davriy sxemalar ham taklif
etilgan. Lekin shu sohada astoydil ijod qilgan har qanday olim o‘zining «davrlarini”
taklif etavergan. Bu tushunarli, zero insonning hayotiy yo‘li va uning asosiy lahzalari
tarixiy taraqqiyot mobaynida o‘zgaradi, bir avloddan ikkinchi avlod taraqqiyotiga
o‘tishning o‘zi ham qator o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Davrlarga bo‘lishga qaratilgan klassifikasiyalarning o‘zi ham ikki turli bo‘ladi:
juz’iy (alohida davrlarni yana qo‘shimcha davrlarga bo‘lish - «davrlar ichidagi
davrlar”) va umumiy (inson umrining barcha bosqichlarini o‘z ichiga olgan). Masalan,
juz’iy klassifikasiyaga J. Piajening intellektning rivojlanishini bosqichlarga bo‘lishini
kiritish mumkin. U bu taraqqiyotni 3 bosqichda tasavvur qilgan:
•
sensomotor intellekt bosqichi (0 - 2 yosh). Bunda asosan olti bosqich
farqlanadi;
•
konkret operasiyalarni bajarishga tayyorlash va uni tashkil etish bosqichi
(3 - 11 yoshlar);
•
formal operasiyalar bosqichi (12 - 15 yoshlar). Bu davrda bola nafaqat
bevosita ko‘rib turgan narsasi, balki mavhum tushunchalar va so‘zlar vositasida ham
fikr yurita oladi.
D.B. Elkoninning yosh davrlari bosqichlari ham shu guruhga kiradi va u ham
bolalikning uch davrini farqlaydi: ilk bolalik, bolalik va o‘smirlik. Har bir bosqichning
o‘ziga xos yetakchi faoliyati, o‘zgarishlari va rivojlanish shart - sharoitlari mavjud
bo‘ladi va ularni bilish tarbiyachilar uchun katta amaliy ahamiyatga ega bo‘ladi. Har
bir bosqichda faoliyat motivlari ham o‘zgaradi, ularning o‘zgarishi shaxs ehtiyojlari va
talablari darajasining o‘zgarishiga mos tarzda ro‘y beradi.
Inson hayotining barcha davrini yaxlit tarzda qamrab olgan klassifikasiyalardan
biri butun jahon olimlarining qaroriga ko‘ra, 1965 yili Fanlar Akademiyasining maxsus
simpoziumida qabul qilingan sxema hisoblanadi. U quyidagi 6 - jadvalda keltirilgan.
U B.G. Ananev, chet ellik olim Birrenlar taklif etgan klassifikasiyaga yaqin bo‘lib,
umumlashtirilgan toifalashdir.
7-Jadval.
T/r
Yosh davrlari
Erkaklarda
Ayollarda
1.
Chaqaloqlik
1-10 kun
1-10 kun
2.
Emiziklik davri
10 kundan -
1 yoshgacha
10 kundan -
1 yoshgacha
3.
Ilk bolalik
1-2 yosh
1-2 yosh
4.
Bolalikning 1-davri
3-7 yosh
3-7 yosh
5.
Bolalikning 2-davri
8-12 yosh
8-11 yosh
6.
O`smirlik davri
13-16 yosh
12-15 yosh
7.
O`spirinlik davri
17-21 yosh
16-20 yosh
8.
O`rta yetuklik davri:
Birinchi bosqich
22-35 yosh
21-35 yosh
9.
Ikkinchi bosqich
36-60 yosh
36-55 yosh
10.
Keksalik davri
61-75 yosh
56-75 yosh
11.
Qarilik davri
76-90 yosh
76-90 yosh
12.
Uzoq umr ko`ruvchilar
90 yoshdan
ortiq
90 yoshdan
ortiq
Taraqqiyotni yosh davrlarga bo‘lishda o‘ziga xos klassifikasiyalar ham bor.
Masalan, E. Erikson shaxs «Men” ining rivojlanish bosqichlarini ajratgan va har birida
ham ijobiy, ham salbiy jihatlarni ajratgan.
1 - bosqich (ishonch - ishonchsizlik) - bu hayotning 1 - yili.
2 - bosqich (mustaqillik va qat’iyasizlik) - 2 - 3 yoshlar.
3 - bosqich (tadbirkorlik va gunoh hissi) - 4 - 5 yoshlar.
4 - bosqich (chaqqonlik va yetishmovchilik) - 6 - 11 yoshlar.
5 - bosqich (shaxs identifikasiyasi va rollarning chalkashligi) - 12 - 18 yoshlar.
6 - bosqich (yaqinlik va yolg‘izlik) - yetuklikning boshlanishi.
7 - bosqich (umuminsoniylik va o‘ziga berilish) - yetuklik davri.
8 - bosqich (yaxlitlik va ishonchsizlik) - keksalik.
Erikson klassifikasiyasining o‘ziga xos qimmati shundaki, unda shaxsning o‘zi
to‘g‘risidagi tasavvurlarining jamiyat ta’sirida o‘zgarishi nazarda tutiladi. Shunga
o‘xshash bosqichlarga bo‘lishlar oxirgi paytda yana ko‘plab mualliflar tomonidan
taklif etilmoqda (G. Grimm, D. Bromley va boshk.). Ularning barchasidagi umumiy
mezon shuki, har bir taraqqiyot davri shaxs rivoji uchun nimani taklif etadi-yu, shaxs
unda qanday rivojlanish ko‘rsatgichlariga ega bo‘ladi. Ularni tabiiy o‘zgarishlarda
bilish va o‘rganish kerak, chunki busiz shaxs tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib
bo‘lmaydi. Masalan, maktab yoshidagi bolalarga qo‘yilgan talablar katta odamlar
jamoasiga to‘g‘ri kelmaydi, yoki bog‘cha yoshidagi bola bilan til topishish bilan talaba
bilan til topish o‘ziga xos pedagogik taktni va o‘sha yosh sohasida bilimdonlikni talab
qiladi.
3. O‘smirlik va o‘spirinlik davrlarida shaxs ijtimoiylashuvining o‘ziga xosligi
O‘smirlik va o‘spirinlik davrlari maktab va boshqa ta’lim maskanlarida o‘qish
davrlariga to‘g‘ri keladi. Bu davrdagi yetakchi faoliyat o‘quv faoliyati bo‘lib, unda
bola bilim olish bilan bog‘liq, malaka va ko‘nikmalarni orttirishdan tashqari, shaxs
sifatida ham muhim o‘zgarishlarga yuz tutadi.
O‘smirlik davri eng murakkab va shu bilan birga muhim taraqqiyot bosqichidir.
Ilk o‘smirlik 11-13 yoshni, katta o‘smirlik - 14 - 15 yoshlarni o‘z ichiga oladi. Bu
davrning eng muhim hislati shundan iboratki, u bolalikdan o‘spirinlik, kattalikka,
yoshlikdan yetuklikka o‘tish davridir.
O‘smirlik - organizm taraqqiyotidagi shiddat va notekislik bilan xarakterlanib,
bu davrda tananing intensiv tarzda rivojlanishi va suyaklarning qotishi ro‘y beradi.
Yurak va qon tomirlar faoliyatida ham notekislik bo‘lib, bu ham bola fe’lining
o‘zgaruvchan, dinamik va ba’zan noma’qulliklar va noqulayliklarni keltirib chiqaradi.
Bular albatta asab tizimiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib, bola tezga achchiqlanadigan
yoki tormozlanish yuz berganda anchagacha depressiya holatidan chiqolmaydigan
tushkunlikda qolishi ham mumkin.
O‘smir jismoniy taraqqiyotini belgilovchi asosiy omil jinsiy balog‘at bo‘lib, u
nafaqat psixik, balki ichki organlar faoliyatini ham belgilaydi. Shu bilan bog‘liq xolda
ongli jinsiy mayllar, shu bilan bog‘liq noxush his - kechinmalar, fikrlar paydo
bo‘ladiki, bola ularning asl sababini ham tushunib yetolmaydi. Psixik taraqqiyotning
o‘ziga xosligi shundaki, u muttasil rivojlanib boradi, lekin bu rivojlanish ko‘plab
qarama-qarshiliklarni o‘z ichiga oladi. Bu taraqqiyot o‘quv jarayonida kechgani uchun
ham to‘g‘ri tashkil etilgan o‘quv faoliyati bola psixikaning muozanati va uning turli
fikr - o‘ylardan chalg‘ishiga zamin yaratadi. Ayniksa, diqqat, xotira, tafakkur
jarayonlari rivojlanadi. Ayni shu davrda bola mustaqil ravishda fikrlashga intila boradi.
Chunki bu davrda u ko‘proq o‘z fikr-uylari dunyosida mushohada qilish, olam va uning
sirlarini bilishga, nazariy bilimlarni ko‘paytirishga intiladi. Buning sababi - yana o‘sha
kattalikka o‘tish bo‘lib, bolada o‘ziga xos «kattalik” hissi paydo bo‘lib, bu narsa uning
gapirishi va fikrlashlarida ham ifodalanadi. Shuning uchun ham maktabda berilgan
mustaqillik va to‘g‘ri tashkil etilgan o‘qish sharoitlari, samimiylik muhiti unda
mustaqil fikrlashiga katta imkoniyatlar ochishi va undagi ijodiy tafakkurni
rivojlantirishi mumkin. Shunga bog‘liq tarzda o‘smirning o‘z falsafasi, o‘z siyosati,
baxt va muhabbat formulasi yaratiladi. Mantiqan fikrlashga o‘rganishi esa unga o‘zicha
aqliy operasiyalarni amalga oshirish, tushunchalar va formulalar dunyosida harakat
qilishga majbur qiladi. Bu o‘ziga xos o‘smirlik egosentrizmining shakllanishiga - butun
olam va uning qonuniyatlari unga bo‘ysunishi kerakday fikrning paydo bo‘lishiga olib
keladi. Shuning uchun ham aynan o‘smirlik paytida bolalar o‘z ota-onalari bilan hadeb
tortishaveradilar. Aniq bir to‘xtamga kelolmasa ham tortishish biror firkni izxor qilish
ehtiyojining o‘zi unga juda yoqadi.
Shunday bo‘lishiga qaramay, o‘smirlik yuqorida ta’kidlanganidek, qarama -
qarshiliklarga boy davrdir. Uni ba’zi olimlar «krizislar, tanazzullar” davri ham deb
ataydilar. Sababi - bola ruhiyatida shunday inqiroziy holatlar ko‘p bo‘ladiki, u bu
inqirozni bir tomondan o‘zi hal qilgisi keladi, ikkinchi tomondan, uni hal qilishga
imkoniyati, kuchi va aqli yetishmaydi. Masalan, «kattalik hissiga” to‘skinlik qiladigan
omillardan biri - bu ularning o‘z ota - onalaridan moddiy jihatdan qaramligi. Ruhan
qanchalik o‘zlarini katta deb his qilmasin, o‘smir maktabga ketayotib, onasidan yoki
otadan pul so‘raydi, ular esa bolaga bolalarcha munosabatda bo‘lib, ozginagina pul
beradilar. Ikkinchidan, kattalarday bo‘lishni xohlaydi, lekin qiz bola onasining, o‘g‘il
bola otasining kiyimini toshoyna oldida kiyib ko‘rsa, baribir yarashmaydi. Ya’ni,
tashqi ko‘rinishdagi kamchiliklar - hali qaddu-qomatning kelishmaganligi, uning
ustiga yuzlari va tanasida paydo bo‘ladigan noxush toshmalar uning ruhan salbiy
hislarni boshdan kechirishiga olib keladi. Ya’ni, bu yoshni «arosat” yoshi ham deb
atash mumkin, chunki katta bo‘lib katta emas, bola ham emas. Shularning barchasi
o‘smirlik davridagi ruhiy tug‘yonlarga sabab bo‘ladi. Lekin shularga qaramay, bola
o‘zi bilib, bilmay o‘z aqliy salohiyatini o‘stirishga intiladi, chiroyli fikrlashga tashna
bo‘ladi va bu - uning psixik taraqqiyotidagi eng muhim o‘zgarish hisoblanadi.
O‘smir shaxsning takomillashuvi va shakllanishiga turtki bo‘lgan omillardan biri
- o‘quv faoliyati motivlaridagi sifat o‘zgarishidir. Kichik maktab yoshidagi boladan
farqli, o‘smir endi faqat bilimlar tizimiga ega bo‘lish, o‘qituvchining maqtovini
eshitish va «5” baholarni ko‘paytirish uchun emas, balki tengkurlari orasida ma’lum
ijobiy mavqeni egallash, kelajakda yaxshi odam bo‘lish uchun o‘qish motivlari ustivor
bo‘lib boradi. Lekin I.V. Dubrovinaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quv faoliyati
motivlari orasida umuman bilish, yangi bilimlarga ega bo‘lish motivi kuchsiz bo‘lgani
sababli, ular maktabga borgisi kelmaydi, o‘qishga og‘rinib kelib, salbiy emosiyalar va
havotirlik hislarini boshdan kechiradilar (o‘rtacha 20% o‘quvchilar). Bu kattalarning
o‘smir bilan ishlashini qiyinlashtiradi.
O‘smirning shaxs sifatida taraqqiyotida ikki xil holat kuzatiladi: bir tomondan,
boshqalar, tengqurlar bilan yaqinrok aloqada bo‘lishga intilish, guruh normalariga
bo‘ysunish, ikkinchi tomondan, mustaqillikning oshishi hisobiga bola ichki ruhiy
olamida ayrim qiyinchiliklar kuzatiladi. O‘zgalarni anglash bilan o‘z- o‘zini anglash
o‘rtasida ham qarama-qarshiliklar paydo bo‘ladi. Ko‘pincha o‘smir o‘z imkoniyatlarini
yuqori baholaydi, boshqalar esa uning kuchi, irodasi va salohiyatiga ishonchsizlik bilan
qaraydi. Lekin shunday bo‘lsa-da, o‘zini nima qilib bo‘lsa ham hech bo‘lmaganda
tengqurlar jamiyati tomonidan tan olinishiga erishishga intiladi va ular bilan muloqot
hayotining ma’nosiga aylanib qoladi. Agar mabodo o‘smir shu davrda biror sabab bilan
tengqurlari jamiyati tomonidan inkor qilinsa, u bunga juda katta mudxish voqeaday
qaraydi, maktabga bormay qo‘yishi, hattoki, suisidal harakatlar (o‘z joniga qasd qilish)
ni ham sodir etishi mumkin.
O‘smirlik davridagi qiyinchiliklarning oldini olishning eng ishnochli va foydali
yo‘li - bu uning biror narsaga turg‘un qiziqishiga erishish, faoliyat motivlarini
mazmunliroq qilishdir. Masalan, shu davrda texnikaga qiziqib qolgan bola qiziqishini
qondirish shart-sharoitining yaratilishi, bekor qolmasligiga erishish, har bir harakatini
rag‘batlantirish, unga bir ish qo‘lidan keladigan odamday munosabatda bo‘lish katta
pedagogik ahamiyatga ega. Uning qiziqishlarini bila turib, oldiga yangidan yangi
maqsadlar qo‘yish - bola shaxsining rivojiga asosdir. Shundagina uning o‘z «Men”i
to‘g‘risidagi tasavvurlari ijobiy, o‘z-o‘ziga bahosi ob’yektiv va adolatli bo‘ladi,
o‘zining nimalarga qodirligi va kim ekanligi haqida yaxshi fikrlar paydo bo‘ladi.
O‘spirinlik davri. Yuqori sinfga o‘tgan o‘spirin psixologiyasining o‘ziga xosligi
shundaki, u hozirgi paytini, buguni va ertasini kelajak nuqtai nazaridan, istiqbolga
nazar bilan qabul qiladi. Aynan shu davrga kelib, o‘spirin turli kasblarga qiziqa
boshlaydi, o‘zining kelajakda kim bo‘lishini tasavvur qila boshlaydi. Demak, o‘z-
o‘zini professional nuqtai nazardan ajratish, tasavvur qilish - o‘spirinlikning eng
muhim yangiligidir. Professional taraqqiyotning asosiy bosqichlarini ajratar ekan,
Ye.A. Klimov (1996), alohida «optasiya” (lotincha so‘z: optatio - xoxish, tanlov)
bosqichini ajratadi va uning xarakterli tomoni - odam tomonidan professional
taraqqiyotning bosqichi tanlanishidir, deb e’tirof etadi. Optasiya bosqichi 11 - 12
yoshdan 14 - 18 yoshgacha bo‘lgan taraqqiyot davrini o‘z ichiga oladi.
Biror aniq kasb - xunarni tanlash va o‘z faoliyatini shunga yo‘naltirish o‘spirin
shaxsi uchun juda katta ahamiyatga ega. Ana shunday tanlovning adekvat va to‘g‘ri
bo‘lishi o‘spirindagi bilish bilan bog‘liq qiziqishlar va professional yo‘nalishning
shakllanganligiga bog‘liq bo‘ladi. Professional qiziqishlarning shakllanishining o‘zi
olimlar tomonidan to‘rt bosqichli jarayon sifatida qaraladi. Uning birinchi bosqichi 12-
13 yoshlarga to‘g‘ri keladi va o‘ta o‘zgaruvchanligi, shaxsdagi bilish jarayonlari va asl
iqtidor bilan bog‘lanmaganligi bilan xarakterlanadi. 14-15 yoshlarga to‘g‘ri keladigan
ikkinchi bosqichda qiziqishlar paydo bo‘ladi, ular ko‘p bo‘lib, bevosita bolaning bilish
imkoniyatlari va shaxsiy xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Uchinchi bosqichda - 16-
17 yoshlarda qiziqishlarning shunday integrasiyasi ro‘y beradiki, ular avvalo jinsiy
xususiyatlar va shaxsdagi individual xususiyatlar bilan bog‘liq xolda rivojlanadi.
Masalan, qizlar va o‘g‘il bolalar o‘zlariga mos va yarashadigan kasb-hunarni tanlay
boshlaydilar. L. Golovey (1996) fikricha, to‘rtinchi - hal qiluvchi bosqichda qiziqishlar
doirasi sezilarli darajada torayib, professional yo‘nalish shakllanaib bo‘ladi va u kasb
tanlash bilan yakunlanadi.
O‘zining yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan qiziqishlar o‘spirinning professional
yo‘nalishi va to‘g‘ri kasb-hunarni tanlashiga zamin yaratadi. Ular boladagi individual
- psixologik xususiyatlar va jinsiy farqlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ham o‘g‘il
bolalar ko‘prok - texnik va iqtisodiy yo‘nalishlarni, qizlar esa - ijtimoiy-gumanitar va
badiiy sohalar bilan bog‘liq kasblarni tanlaydilar.
Umuman, inson hayotida professional o‘z-o‘zini anglash katta o‘rin tutadi va u
juda yoshlik paytidanoq shakllana boshlaydi. Bu jarayonni bosqichlarda tasavvur qilish
mumkin.
Birinchi bosqich: bolalar o‘yini, bunda bola ilk yoshlikdanoq u yoki bu kasbga
bog‘liq professional rollarni qabul qiladi va uning muhim elementlarini o‘zicha
«o‘ynaydi” («o‘qituvchi”, «doktor”, «traktorchi”, «futbolist”, «artist” va shunga
o‘xshash).
Ikkinchi bosqich: o‘smirlik fantaziyasi - bunda o‘smir o‘ziga juda yoqqan
professional rolni hayolan egallaydi.
Uchinchi bosqich: kasb-xunarni dastlabki tanlash - o‘smirlik va ilk o‘spirinlik
davriga to‘g‘ri keladi. Turli-tuman faoliyat turlari dastlab o‘smirning qiziqishlari
nuqtai nazaridan («prokurorlikka qiziqaman, demak, yurist bo‘lishim kerak”), keyin
uning qobiliyatlari nuqtai nazaridan («matematikani oson yechaman, matematik yoki
muhandis bo‘lsammikan?»), va nixoyat, o‘smirdagi qadriyatlar tizimidagi ahamiyatiga
qarab («nochor kasallarga yordam bergim keladi, vrach bo‘laman”) toifalarga bo‘linadi
va ajratiladi.
To‘rtinchi bosqich: amaliy qaror qabul qilish - kasbni tanlash. Bunda ikkita
muhim jihat bor: konkret ixtisoslikni uning kvalifikasiyasi xususiyatlari, ishning hajmi,
og‘irligi, mas’uliyatliligi va unga yetarli tayyorgarlikning borligi. Lekin oxirgi
sosiologik ma’lumotlarga ko‘ra, oliy o‘quv yurtini tanlash, konkret kasb-hunarni
tanlashdan oldinroq yuz bermoqda. Masalan, o‘spirin qiz «Men baribir Nizomiy nomli
universitetga kiraman”, deydi va so‘ngra konkret fakultet tanlanadi. Shuning uchun
ham ko‘pincha, ixtisoslikdan, keyinchalik professiyadan «sovib qolish”lar ana shunday
ustanovkalar bilan tushuntiriladi.
Bundan tashqari, kasb tanlashga ta’sir qiluvchi yana boshqa omillar ham borki,
ularning hisobga olinishi ham ba’zan yoshlarning to‘g‘ri, o‘z imkoniyatlari va
kobiliyatlariga mos kasb-hunarning tanlanmasligiga sabab bo‘ladi. Masalan, bunday
omillarga oilaning moddiy shart-sharoiti, o‘qish joyining uydan uzoqligi, o‘quv
tayyorgarligining saviyasi, emosional yetuklik, sog‘likning holati va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasida kadrlar tayyorlash Milliy dasturining 1997 yilda
qabul qilinishi Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, mustaqil fikrlaydigan, yuksak
malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Joylarda tashkil qilinayotgan kasb-hunar
kollejlari, akademik liseylar, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tashkil etilgan
Tashxis markazlari 9-sinfni tamomlagan yoshlarning iqtidori va layoqati, qiziqishlarini
o‘z vaqtida aniqlash, uni psixologik metodlar yordamida diagnostika qilishni amalga
oshiradi. Bu tadbirlar yoshlardagi kasb-hunarga bo‘lgan yo‘nalishni adekvat qilish, o‘z
yashash joyidan uzoq bo‘lmagan sharoitda zarur, o‘z layoqatiga mos hunar egasi bo‘lib
yetishishga yordam beradi.
4. Yoshlardagi attraksiya va emosional munosabatlar
Hissiyot borliqqa, turmushga, shaxslararo munosabatga nisbatan shaxsni
sub’yektiv kechinmalarining aks ettirilishidir. Sub’yektiv munosabatlarning inson
miyasida his-tuyg‘ular, emosional holatlar, yuksak ichki kechinmalar tarzida aks etishi
hissiyot va emosiyani yuzaga keltiradi. Hissiyot- yaqqol voqelikning ehtiyojlar
sub’yekti bo‘lmish shaxs miyasida ob’yektlarga nisbatan uning uchun qadrli,
ahamiyatli bo‘lgan munosabatlarining aks ettirilishidir
O‘smirlik va o‘spirinlik davrlari nafaqat professonal tanlov va kasb egallash
uchun maqbul davr bo‘lmay, bu davr yoshlarning o‘zligini anglash, o‘z qadr -
qimmatini bilish va boshqalarga nisbatan munosabatda bo‘lish tajribasini egallash
davri hamdir.
O‘smir ham o‘spirin ham qancha ichki ruhiy iztirob, qarama-qarshilik,
mas’uliyat onlarini boshidan kechirmasin, uning emosional olami, atrof - muhitda ro‘y
berayotgan hodisalarni ongida aks ettirishi katta o‘rin tutadi. Aynan o‘smirlik davri
bola qalbida kim bilandir sirlashish, kimnidir o‘ziga eng yaqin kishi sifatida tan olish,
uni ruhiyatida kechayotgan barcha o‘zgarishlardan vofiq etish istagi va ehtiyojini
uyg‘otadi. Birinchi marta «do‘stlik”, «muhabbat”, «sevgi » tushunchalari ham aynan
shu davrda paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham yetuklik va keksalik davridagi kishilar
ham o‘smirlik va o‘spirinlik yillarini eng beg‘ubor, jozibali va yoqimli sifatida
xotirlaydilar.
Bu taraqqiyot davri attraksiya deb atalmish hissiyotning paydo bo‘lishi uchun
eng maqbul davrdir. Attraksiya (lotincha attrahere - yoqtirtirish, o‘ziga jalb etish) - bu
bir insonning boshqa bir insonga ijobiy munosabati asosida yoqishi va yoqtirishi,
o‘zaro moyillikni tushuntiruvchi emosional hisdir. Bu bir odamda boshqa bir odamga
nisbatan shakllanadigan ijtimoiy ustanovkaning bir ko‘rinishi bo‘lib, simpatiya -
yoqtirishdan tortib, to sevgi muhabbat kabi chuqur emosional bog‘liqlik ham shu his
asosida paydo bo‘ladi. Ijtimoiy psixologiyada ushbu hissiyotning asl sabablari ijtimoiy
motivlar - sheriklarning bevosita bitta makon va zamonda ekanliklari, ularning tez - tez
uchrashib turishlari, uchrashuvlar tezligi, suhbatdoshlar o‘rtasidagi masofa,
hissiyotlarning tarbiyalanganligi kabi omillar ta’sirida paydo bo‘lishi va uning kechish
mexanizmlari o‘rganiladi. Tadqiqotlar bu kabi emosional munosabatlar aynan balog‘at
yoshi arafasida rivojlanishini isbot qilgan. Shunisi ahamiyatliki, attraksiyaning
namoyon bo‘lishi, uning kuchi va mazmuni o‘smir - yoshning shaxs sifatida o‘zini
idrok qilishi, o‘z-o‘zini hurmat qilishi va o‘zgalarga nisbatan munosabatlarda
toqatliroq bo‘lishiga bevosita ta’sir ko‘rsatar ekan. Shuning uchun ham ana shu davrda
o‘smir va o‘spirin atrofida u yoqtirgan va uni yoqtiradigan odamlarning bo‘lishi juda
katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, uning aksi bola ruhiy azoblanishining
sabablaridan hisoblanadi.
Do‘stlik. O‘smirlik va o‘spirinlik yoshida paydo bo‘ladigan barcha
muammolarni yechish va u bilan o‘rtoqlashish uchun bolaga do‘st kerak. Psixolog tili
bilan aytganda, do‘st - bu «alter-Ego”, ya’ni ikkinchi «Men” bo‘lib, u o‘sha paytdagi
«Men”ning bir qismi sifatida idrok qilinadi. Bu shunday odamki, shaxs u bilan barcha
dardu-hasratlarini muhokama qiladi, muammolarini uning oldiga to‘kib soladi.
Do‘stlikning boshqa intim, emosional hissiyotlardan farqi shuki, u odatda bir jins
vakillari o‘rtasida bo‘ladi va do‘stlar odatda 2 kishi, ayrim xollarda 3-4 kishi bo‘lishi
mumkin.
Do‘stlikning ham ko‘zlagan maqsadlari bo‘ladi: u amaliy, ish - faoliyat bilan
bog‘liq, sof emosional (ya’ni, muloqot ehtiyojlarini qondirish), rasional (intellektual
muammolarni hal qilishga asoslangan), axloqiy (o‘zaro insoniy sifatlarni
takomillashtirishga xizmat qiluvchi) bo‘lishi mumkin. Do‘stlikning asosiy sharti -
o‘zaro bir-birini tushunish. Shu shart bo‘lmasa, do‘stlik haqida gap bo‘lishi mumkin
emas. Agar ana shunday tushunish bo‘lsa, do‘stlar gap-so‘zsiz ham qiliqlar, yuz
ifodasi, yurish - turishga qarab ham bir - birlarini tushunib olaveradilar.
Ikki jins vakillari o‘rtasida ham do‘stlik bo‘lishi mumkin, faqat u ko‘pincha
tanishuv bilan sevgi-muhabbat o‘rtasidagi oralikni to‘ldirishga xizmat qiladi.
Do‘stlarga xos bo‘lgan sifatlarga bir-birini ayash, g‘amxo‘rlik qilish, ishonch, shaxsiy
muammolarga befarq bo‘lmaslik, qo‘llab-quvvatlash, mehr kabilar kiradi. Ularning
ardoqlanishi do‘stlikning uzoq davom etishi va ikkala tomon manfaatiga mos ishlarni
amalga oshirishga undaydi. Do‘sti yo‘q o‘smir yoki o‘spirin o‘zini juda baxsiz, nochor
hisoblaydi. Ayniksa, agar do‘sti xoinlik qilsa, uning kutishlariga zid ish qilsa, bu holat
juda qattiq ruhiy iztiroblarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham har bir yosh o‘z
do‘stini hafa qilib qo‘ymaslik, uning ko‘ngliga qarab ish qilishga harakat qiladi. Agar
ilk o‘spirinlikda do‘stlik mazmunan ancha yuzaki, bevosita muloqot maqsadlari
asosida tashkil etilgan bo‘lsa, yosh o‘tgan sari u hayot mazmuni va yuksak qadriyatiga
aylanib boradi.
Sevgi. Agar do‘stlik attraksiya namoyon bo‘lishining birinchi ko‘rinishi bo‘lsa,
sevgi qalblar yaqinlashuvining muhim alomatidir. Sevgi - bu nafaqat hissiyot, balki
boshqalarni seva olish qobiliyati hamda sevimli bo‘la olishdir. Shuning uchun ham
o‘smirlar va o‘spirinlar uchun bu hissiyotning borligi juda katta ahamiyatga egadir.
Aynan o‘smirlir va ilk o‘spirinlikdagi sevgi beg‘ubor, tiniq, samimiy bo‘lib, yosh
o‘tgan sari uning mazmuni boyib, boshqa qadriyatlar ham o‘rin egallay boshlaydi.
To‘g‘ri, o‘smir bilan o‘spirin sevgisida ham sifat farqlari bor. Masalan, o‘smirlar bir-
birlariga mehr qo‘yishganda ko‘proq sheriklarning tashqi qiyofalari, intellektual
imkoniyatlari va ijtimoiy mavqelariga e’tibor beradilar. Haqiqiy sevgi o‘spirinlik
yillarining oxirlarida paydo bo‘lib, uning asosiy mezoni endi tashqi belgi va afzalliklar
emas, balki insoniy fazilatlar bo‘lib xizmat qiladi.
Sevgi - bu shunday tuyg‘uki, u bir shaxsning ikkinchi shaxs ustidan mutloq
ustunligi yoki afzalligini inkor etadi. Bunday hissiyot esa sevgi bo‘lmaydi. Shuning
uchun ham o‘spirinlik yoshidagi yigit va qizlar guruhda muloqotda bo‘lishni va bunda
teng huquqli munosabatlar bo‘lishini xohlaydilar. Bu talab sevishganlar uchun ham
qonun hisoblanadi. Do‘stlikdan farqli, bu yerda turli ko‘rinishlar yoki turlarni ajratish
mumkin emas. Bu hissiyot shundayki, u tomonlarni faqat axloqan va ma’naviy jihatdan
yaqin bo‘lishini taqozo etadi. Sevgan yurak ma’naviy jihatdan yaxshi, ulug‘ va ijtimoiy
jihatdan manfaatli ishlarni qilishga qodir bo‘ladi. To‘g‘ri, ko‘pchilik ota-onalar
o‘quvchilik yillarida paydo bo‘lgan sevgi hissidan biroz cho‘chiydilar, uni cheklashga,
hattoki, qizlarga ta’qiqlashni ham afzal ko‘radilar. Lekin aynan shu hisning borligi
yoshlarni ulug‘vorroq, samimiyroq, har narsaga qodir va kuchliroq qiladi. Sevgida
«ishi yurishmaganlarning” esa boshqa sohalarda ham ishi yurishmaydi. Ular o‘zlarini
tushkun, baxsiz, omadsiz hisoblaydilar.
Olimlar sevgining yoshlarda namoyon bo‘lishi va uning psixologik tahlilini
o‘rganishgan. Ma’lum bo‘lishicha, sevgining dastlabki bosqichi - o‘zaro yoqtirib
qolish - simpatiya bo‘lib, bunda asosan sevgi ob’yektining tashqi jozibasi rol o‘ynaydi.
Masalan, o‘zbek xonatlasini chiroyli qilib tiktirib olgan qizchaning davrada paydo
bo‘lishi, tabiiy ko‘pgina yigitlarning e’tiborini beixtiyor o‘ziga tortadi. Ulardan
ko‘pchiligi birdaniga, bir vaqtda aynan shu qizchani «yoqtirib” qolishadi. Lekin
davradagi qaysi yigit unga ham ma’lum jihatlari bilan yoqib qolsa, o‘zaro simpatiya
shu ikki shaxs o‘rtasida ro‘y beradi. Vaqtlar o‘tib, bu ikki yosh bir necha marta
uchrashib turishsa, oddiy yoqtirish sevgiga, jiddiyroq narsaga aylanishi mumkin. Shu
narsa ma’lumki, aynan shu qonuniyatni bilgani uchun ham ko‘pchilik o‘spirinlar
birinchidan, davralarda bo‘lishni, qolaversa, birovlarga yoqish uchun tashqi
ko‘rinishlariga alohida e’tibor berishga harakat qiladilar. Yoqimtoy bo‘lishga harakat
qilsa-yu, birortaning e’tiborini o‘ziga tortolmagan o‘spirin esa bu holatni juda chuqur
qayg‘u bilan boshdan kechiradi. Agar xuddi shunday narsa bir necha marta surunkalik
takrorlansa, o‘sha yosh davralarga ham bormay qo‘yadigan, o‘zi haqida yomon
fikrlarga boradigan, faqat ayrim xollardagina hammani o‘ziga «dushman” bilib, hafa
bo‘ladigan bo‘lib qoladi.
Eksperimental izlanishlarning ko‘rsatishicha, sevishganlik o‘spirin yoshlarning
shaxs sifatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatib, uning hatti - harakatlarida namoyon bo‘ladi.
Masalan, sevishganlar boshqalardan farqli, ikki marta ziyod o‘zaro gaplashishar,
gaplari sira ado bo‘lmas ekan. Bundan tashqari, bundaylar sakkiz (!) marta ortiq bir -
birlarining ko‘zlariga qarab vaqt o‘tkazisharkan.
Yana shu narsa aniqlanganki, sevgi bilan bog‘liq hissiyotlar har bir jins vakilida
o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekan. Masalan, o‘spirin yoshlar qizlarga nisbatan
romantizmga beriluvchan, tezginada yaxshi ko‘rib qoladigan bo‘lisharkan. Ularning
tasavvuridagi sevgi ancha romantik, ideal ko‘rinishga ega bo‘ladi. Qizlar esa yigitlarga
nisbatan sekinroq sevib qolishadi, lekin sevgini unutish, undan voz kechish ularda
osonroq kecharkan. Agar yigitlar bir ko‘rishdayok yoqtirib qolgan qizni sevib ham
qolishi ehtimoli yuqori bo‘lsa (eksperimentlarda sevgi bilan simpatiyaning
korrelyasion bog‘liqligi kuchli), qizlarda bunday bog‘liqlik ancha past ekan, ya’ni
hamma yoqtirganlarini ham sevmas ekan, umuman simpatiyaning paydo bo‘lishi ham
biroz qiyin ekan.
Bunday tashqari, o‘spirinlik yillaridagi sevgi va muhabbat hissi nafaqat qarama-
qarshi jins vakiliga qaratilgan bo‘ladi, balki aynan shu davrda ota-onaning kadrlanishi
va ularga nisbatan sevgi-muhabbat, yaqinlar - aka-uka, opa-singil, hayotda ibrat
bo‘ladigan kishilarni yaxshi ko‘rish, Vatanni sevish kabi oliy hislar ham tarbiyalanadi.
Shuning uchun ham haqiqiy yuksak muhabbat sohiblari bo‘lmish yoshlarni tarbiyalash
- jamiyatda insoniy munosabatlarni barqarorlashtirish, odamlar o‘rtasida samimiy
munosabatlar o‘rnatish va ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ta’limning barcha bosqichida ma’naviy tarbiyaning ajralmas bo‘lagi sifatida ana
shunday samimiy munosabatlarni tarbiyalash, targ‘ib etish, kerak bo‘lsa, yoshlarga ana
shunday sevgi va sadoqat haqidagi qadriyatlarimizni ongga singdirishimiz kerak. Sevgi
va muhabbat hislari keng ma’noda - Vatanga, yurtga, halqqa, borliqqa, kasbga va yaqin
kishilarga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Qisqacha xulosalar:
Ushbu mavzu orqali shaxs psixologiyasi va xarakterining yoshga bog‘liqligi,
yosh davrlari klassifikasiyasi, har bir yosh davrining o‘ziga xosligi, yosh davrlari
krizislari haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Yoshlardagi attraksiya va emosional
borlikning namoyon bo‘lishi, o‘spirinlik davridagi do‘stlik, sevgi va sadoqat
hislarining ko‘rinishlari, ularni tarbiyalash yo‘llari ko‘rsatib utilgan. Yosh davrlari
psixologiyasi va akmeologiyaning kasb tanlash va kasbga yunaltirish muammolari
bo‘yicha o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilingan. Bu kabi ma’lumotlar talabalarning o‘z-
o‘zini anglashlariga va tengqurlari, atrofdagilar bilan yetarlicha o‘zaro tushunishlariga
yordam beradi.
SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
1.
Shaxs taraqqiyotidagi ijtimoiy omillar qanday?
2.
Qanay genotipik omillar shaxs taraqqiyotiga ta’sir etadi?
3.
Yosh davrlari qanday klassifikasiyaga ega?
4.
O‘smirlik davrining alohida belgilari qanday?
5.
O‘spirinlik davri qanday xususiyatlari bilan ajralib turadi?
6.
Attraksiya - qanday manoni anglatadi?
7.
Do‘stlikning belgilari nimada?
8.
Sevgining psixologik mohiyati nimada?
9.
Simpatiya qanday ko‘rinishga ega?
10.
Vatan tuyg‘usining shakllanishiga ta’sir qiluvchi omillar nima?
ADABIYOTLAR
1.
Karimov I.A. O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida: xavfsizlikka
tahdid , barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolati.- T., 1998
2.
Gamezo M.V., Domashenko I.A. Atlas po psixologii.- M., 1986
3.
Merlin V.S. Struktura lichnosti , Xarakter sposobnosti,
samosoznaniye – perm., 1990
12-mavzu.
Dostları ilə paylaş: |