"tasdiqlayman" O‘quv va tarbiyavuy ishlar


Shaxsning ijtimoiy borliqni bilishi. Bilish mezonlari va



Yüklə 3,01 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə16/66
tarix20.10.2023
ölçüsü3,01 Mb.
#129172
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   66
O`QUV MAJMUA Xasanboy

Shaxsning ijtimoiy borliqni bilishi. Bilish mezonlari va 
uning adekvantligi. Idrok, xotira va diqqat jarayonlarini boshqarish. 
Reja: 
1. 
Bilish jarayonlari va professional faoliyat. 
2. 
Bilish jarayonlari. 
3. 
Idrok va idrok qilish qonunlari. 
4. 
Xotira va shaxs tajribasining boyligi. 
5. 
Bilish jarayonlarini boshqarish usullari. 
Qo‘llaniladigan pedagogik texnologiyalar: aqliy hujum, guruhlarda ishlash, 
blits-so‘rov. 
Tayanch so‘zlar: Persepsiya, idrok, xotira, assosiasiya, konstantlik, diqqat, 
parishonxotirlik. Bilish jarayonlari. professional faoliyat, idrok va idrok qilish 
qonunlari. xotira va shaxs tajribasining boyligi. 
Bilish jarayonlari va professional faoliyat. Professional faoliyat shaxsdan juda 
ko‘p bilimlarni hamda malakalarni talab qiladi. Nima uchun u yoki bu kasbni 
tanlaganini anglab yetgan shaxs(motivlar muammosi), endi o‘z faoliyati va 
qobiliyatlarini boshqara bilishi va o‘z ustida muttasil ishlab, malakalarini orttirib 
borishi shart. Professional bilimdonlik shu nuqtai nazardan shaxs umumiy 
madaniyatining shunday yo‘nalishiki, unga faqat kasbiga taalluqli bo‘lgan bilimlardan 
tashqari shu bilimlarning hosil bo‘lish yo‘llari va malakalarning takomillashuvini 
ta’minlovchi psixologik jarayonlar va holatlarni bilishni ham taqozo etadi. Bu 
psixologiyada bilish jarayonlari va ularning mohiyatini va kechishini bilish demakdir. 
Ma’lumki, odamlar bir-birlaridan ko‘p jihatlari bilan farq qiladilar. Masalan, 
ayrimlar ko‘rgan-kechirganlarini juda yaxshi esda olib qolib, kerak vaqtda aniq esga 
tushira oladilar. Ba’zilar ko‘zi bilan ko‘rgan har qanday ob’yektni mayda 
detallarigacha bayon etish qobiliyatiga ega. Yana birlari eshitgan narsalari xususida 


aniqroq fikrlaydi, kimdir sodda, ravon tilga o‘z his-kechinmalarini ayta olsa, 
boshqalar-har bir hikoyaga albatta, fantaziya elementlarini qo‘shishga moyil bo‘ladilar. 
Demak, odamlarning tashqi olamdan oladigan taasurotlari va ularni ongda 
tartiblashtirish qobiliyatlari har xil bo‘larkan. Ikkinchi tomondan, shunday kasb-korlar 
borki, u shaxsdagi u yoki bu sifatlarning mukammalashib borishiga imkon beradi. 
Masalan, yirik avtomatik boshqaruv tizimlarida ishlaydigan operator o‘z diqqatini har 
qanday mayda o‘zgarishlarga ham qaratishga o‘rgansa, konstruktor mavhum 
matematik hisob-kitoblarga usta bo‘lib boradi. Iqtisodchi-moliyachi pulning har bir 
tiyinidan foyda olishga o‘rgansa, shoir tabiatan barcha hodisa va voqealarni badiiy 
buyoqlarda, o‘ziga xos idrok qilishga moyilligi oshadi. Demak, odamning tashqi olam 
hossa va xususiyatlarini ongida aks ettirishi uning iqtidori o‘sishi va professional 
malakalari rivojlanganligiga bog‘liq tarzda kechadi. Shuning uchun har ongning 
muhim aks ettirish shakllari bo‘lmish bilish jarayonlari-idrok, sezgilar, xotira, diqqat, 
tafakkur, iroda va hissiyotlarning inson hayoti va professional o‘sishidagi roliga 
to‘xtab o‘tamiz. 
Bu jarayonlar insonga juda yaqin va tanish. Chunki har birimiz ongimiz 
borligini, atrofdagi narsalar va hodisalarning ayrim alohida hamda yahlit 
xususiyatlarini bilamiz. Bu narsa va hodisalar bizda har bir alohida sharoitda o‘ziga 
hos hissiy-kechinmalarni keltirib chiqarishini ham bilamiz. Masalan, qorningiz och 
qolganda, yemishga bo‘lgan talabingizni xaqiqatan bor yoki yo‘qligini birovlardan 
so‘ramaysiz-ku? Yoki kitob mutolaa qilayotgan shaxs shu kitobni rost bilan ham o‘zi
o‘qiyotganligini boshqalardan so‘ramaydi. Bunday ishlar o‘z-o‘zidan tabiiy 
jarayonlarday kechaveradi. Faqat imtihon paytida kecha kechasi bilan mutoaala qilib, 
o‘rganib chiqqan materialni nega hozir domla oldida eslay olmayotganligingiz sizni 
ko‘proq qiziqtiradi va siz «Xotiram ustida ishlashim kerak” degan xulosaga kelasiz. 
Darhaqiqat, bilish jarayonlari ham ma’lum ma’noda boshqariladigan jarayonlar 
bo‘lib, agar siz o‘z imkoniyatlaringizni kengaytirish yoki iqtidor darajangizni 
orttirmoqchi bo‘lsangiz, bu jarayonlarga oid ma’lum qoidalar va xususiyatlarni bilib 
olishingiz kerak. 
Bilish jarayonlari. Inson ongi bir qarashda yahlit narsa, aslida u ayrim alohida 
jarayonlardan iborat. Shuning uchun ham atrof-muhitni, o‘zimizni bilishimizga imkon 
beruvchi ongni o‘rganish uchun uni alohida psixik jarayonlarga bo‘lib o‘rgana 
boshlaganlar. Bu jarayonlar-sezgilar, idrok, xotira, diqqat, tafakkur, nutq va 
boshqalardir. Bu jarayonlar shu qadar bir-birlari bilan bog‘liqqi, birini ikkinchisiz 
tasavvur qilishning o‘zi qiyin. Masalan, ko‘rib idrok qilib turgan narsangizni fikrlamay 
ko‘ringchi, uning mohiyatini bilasizmi? Diqqat bilan ko‘rgan yoki o‘qigan tekstingizni 
eslab qolasiz. Yoki biror narsa to‘g‘risida fikrlash uchun bizga bir vaqtda ham ilzgarigi 
idrok obrazlari, ham eslab qolish mahoratimiz, ham ichki nutqimiz, irodamiz va diqqat 
kerak bo‘ladi. Hattoki, tasodifan qo‘limizga kirib ketgan zirapchaga bergan 
reaksiyamiz ham emosiyalardan tashqari, o‘sha narsaning bu yerda qanday paydo 
bo‘lganligi kabi qator tafakkur jarayonlarini keltirib chiqaradi. 


Murakkab kompyuter texnikasi chiqqandan keyin odamning o‘z psixik 
jarayonlariga qiziqishi yanada ortdi. Endi ma’lumotlarni qabul qilish(an’anaviy idrok 
deb ataluvchi jarayonga o‘xshash), ularni qayta ishlash(tafakko‘rga o‘xshash) va uni 
saqlash(xotira) haqida ko‘p gapiradigan bo‘lib qoldik. Lekin bu insondagi tabiiy jonli 
jarayonlar ahamiyati va tarbiyasi masalasini yanada yuqori kutardi. 
Psixologiya sohasida eksperimental ishlarning muvaffikiyatli amalga oshirilishi 
aslida inson psixikasi kompyuterdan ko‘ra murakkabligi va odam anglagan 
ma’lumotlaridan ko‘proq narsalarni idrok qilib, qabul qilishini isbotladi. Masalan, 
maxsus asboblar yordamida aslida odam ko‘rmayotgan, his qilmayotgan juda kuchsiz 
signallar ham fiziologik reaksiyalarni keltirib chiqarayotganligi qayd etildi. Masalan, 
shu narsa aniqlanganki, odam kino ko‘rayotganda bir sekundda 24 kadrni idrok qiladi 
va biror tasvir ko‘z o`ngida gavdalanadi. Psixologlar shunday eksperiment qilishdi: 
kunlarning birida o‘ziga hos tasvir namoyon etildi. 24 ta kadr o‘rniga 25 kadr berib,
o‘sha 25-kadrda «Koka-kola iching” degan yozuv berildi. Tabiiy, oddiy idrok bu bitta 
kadrni ilg‘amaydi. Lekin kinoteatr bufetida ushbu ichimlikni ichish kadrdan keyin 18 
foizga oshgan. Demak, aslida ong bu ma’lumotni qabul kilgan, lekin real anglash, 
oydinlashuv ro‘y bermagan ekan. 
Analogik holat xotiramizda ham tez-tez ro‘y beradi. Kimnidir uchratib 
qolamizda, o`ylanamiz: qayerda ko‘rgan ekanman? Xech eslolmaysiz, lekin yuzi, ko‘zi 
va boshqa sifatlari tanishday. Buni ham shunday izohlash lozimki, odam ko‘rgan-
kechirganlari aslida miyada saqlanadi, biz ong sohasiga ayrimlarinigina chiqara 
olamiz. Faqat, kasal bo‘lib yoki biror narsadan qattiq tashvishga tushganimizda 
kallamizga har xil o`y-fikrlar kelaveradi. o‘shalar aslida bor narsalarning beixtiyor 
tiklanishi. 
Ongdagi ma’lumotlarning aslida miyamizdagilardan kamligining asosiy sababi-
odam har qanday ma’lumotni saralab, tanlab qabul qiladi, o‘zi uchun «ahamiyasiz” 
deb baholagan narsaga diqqat ham qilmaydi, esga tushirmaydi ham. U o‘z ongida 
barcha mavjud ma’lumotni o‘ziga xos tarzda qayta ishlaydi, o‘zgartiradi. Shuning 
uchun ham har bir inson o‘ziga hos va qaytarilmasdir-individualdir, deyiladi. Bilish 
jarayonlardagi individuallik sabablarini tushunish uchun eng muhim bilish jarayonlari 
bilan tanishamiz. 
Odamning tegishli sezgi organlariga moddiy olamdagi narsa va xodisalar ta’sir 
ko‘rsatgan paytida ulardagi ayrim xossalarning miyamizda aks ettirilishidan iborat 
bo‘lgan eng sodda psixik prosess sezgi deyiladi. Masalan: qarshimizda turgan biron-
bir narsa, chunonchi stol bilan ish ko‘rar ekanmiz, ko‘rish yordamida biz uning 
rangini, shaklini, katta-kichikligini aniqlaymiz: tuyish orqali uning qattiqligini,
silliqligini ; bilamiz qo‘lda siljitib ko‘rish bilan uning og`irligiga ishonch hosil
qilamiz va hokazo. Bularning barchasi mazkur moddiy buyumning alohida sifatlari 
bo‘lib, ular haqidagi ma`lumotlarni bizga sezgilar beradi. 
Sezgilar sodda psixik prosess bo‘lishlariga qaramay, barcha bilimlarimizning
asosi hisoblanadi. Chunki narsa va hodisalarni aks ettirishning ko‘pchilik qismi


sezishdan boshlanadi. Agar sezgilarimiz bo‘lmaganda, biz tevarak atrofdagi narsa 
va hodisalarni aks ettirishdan va ularni bilishdan mahrum bo‘lgan bo‘lar edik. Moddiy
olamni aks ettirishda sezgilarimizning ahamiyati juda katta. Sezgilarimiz bo‘lmasa,
boshqacha yo‘l bilan, biz moddaning xech qanday shaklini, harakatning xech
qanday shaklini sezgilardan boshqacha yo‘l bilan bila olmaymiz. Shuning uchun 
ham idrok, tasavvur, xotira, tafakkur kabi murakkab aks ettirish prosesslari
sezgilarimiz asosida hosil bo‘ladi. Amaliy nutqimizda shunday iboralar uchrab turadi. 
"Men og‘riqni his qilyapman : u totli mazani his qildi, bu odam yaxshi rivojlangan
his etish organlariga ega «Tilimizdagi shunga o‘xshash iboralar hali fanda
«xissiyot va «sezgi” tushunchalari bir-biridan aniq farq qilinmagan davrlardan
saqlanib qolgan. Endilikda biz ularning turli xildagi psixik prosesslar ekanligini
yaxshi tushunamiz.Binobarin endi og‘riq , tam-maza hissi , hissiy organlar deb 
emas, balki, og‘riq sezgisi, tam - maza sezgisi, sezgi organlari deb atash to`g‘ri
keladi. 
Atrof muxit odamga beqiyos darajada turli-tuman ta’sir ko‘rsatib turadi.
Yorug‘lik xamda xavo to‘lqinlari, issiqlik xamda ultra-binafsha nurlari va boshqa 
qo‘zg‘atuvchilar shular jumlasidandir. Qo‘zg‘atuvchilarning barchasi analiz qilinadi
va ularni tegishli apparatlar qabul qiladi. Bu sezgi organlari miya katta yarim 
sharlari faoliyati bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, nerv sistemasining tashqi olam bilan
aloqa bog‘lash sistemasidan iborat. Pavlovning ta`kidlashicha, katta yarim sharlar 
qo‘zg‘a tuvchilarni analiz qilish organidir. Shu sababli Pavlov sezgilarning paydo 
bo‘lishini taxmin etuvchi barcha fiziologik apparatni analizatorlar deb atagan. 
Analizatorlar uch qismdan iborat: 
1. tashqi ta’sirni qabul qiluvchi asbob yoki reseptor (ko‘z, quloq, teri). 
2. ta’sirongi reseptordan olib markazga eltuvchi /afferent/ va markazdan
tegishli javob reaksiyasini olib qaytuvchi /efferent/ nerv tolalari. 
3. analizatorlarni orqa va bosh miyadagi markaziy qismlari. 
Sezgilarning xosil bo‘lishi mana shu qismlarning ishiga bog‘liqdir. Agar
analizatorlarning birorta qismi ishdan chiqsa hech qanday sezish prosessi hosil
bo‘lmaydi. 
Analizatorlarning asosiy vazifasi organizmga ta’sir etayotgan turli
qo‘zg‘atuvchilarni ayrim bo‘laklarga ajratish, ularni bir-biridan farqlash ya’ni
analiz qilishdan iboratdir. 
Sezgilarning turlari: 
Odamda paydo bo‘luvchi sezgilarni uch gruppaga ajratish mumkin. 
1.Tanamizning tashqi tomoniga joylashgan sezgi organlari
/eksterireseptorlar/. Bu sezgilar bizda tashqaridagi narsalarning xususiyatlarini aks 
ettiradi./ko‘rish, eshitish, xid bilash, ta’m-maza/. 
2.Tanamizning ichki organlariga joylashgan sezgi organlari /interoseptorlar/.
Organik sezgilar /ochlik, chanqash/ shular jumlasidandir. 
3.Xarakat yoki kanestezik sezgi. Bu sezgilar xarakatlar va gavdaning fazodagi 


xolati bilan bog‘liq. Xarakat analizatorlarining reseptorlari /proprioseptorlar/ 
muskullarda va paylarda joylashgan bo‘ladi. 
1.Ko‘rish sezgilari. Ko‘rish sezgisi narsalarga urilishi tufayli qaytarilgan 
yorug‘lik to‘lqinlarining ta’siri natijasida vujudga keladi. Yorug‘lik to‘lqinlari ko‘z 
qorachig‘i orqali o‘tib, ko‘rish reseptori hisoblanuvchi ko‘z to‘r pardasiga ta’sir etadi. 
Odam ko‘rish sezgilari orqali narsalarning rangi xaqida ma`lumot oladi, ko‘rish 
sezgisi, harakat sezgilari bilan birga ko‘shilishi natijasida esa narsalarning shakli, olis-
yaqinligi, fazoviy holati va harakati to‘g‘risida xabardor bo‘ladi. 
Odam sezadigan ranglar axromatik /oq, qora, kul rang/ va xromatik/ kamalak
ranglari: qizil , sariq , ko‘k, binafsha v.x.k/ ranglarga ajraladi. 
Yorug‘lik nurlari va ranglar ko‘zning asosiy qismi bo‘lmish to‘r pardadagi
nervlarga bevosita ta’sir qilib, qo‘zg‘alish prosessini yuzaga keltiradi. Hosil bo‘lgan 
qo‘zg‘alish markazga intiluvchi nerv tolalari orqali bosh miya yarim sharlarining 
orqa qismiga olib boriladi va ana shu yerda analizatorlarning markaziy qismida 
ko‘rish sezgisi xosil bo‘ladi. 
Odamning ko‘zi murakkab tuzilishga ega bo‘lib uch qavat parda bilan 
qoplangan: tashqi parda, tomirli parda, to‘r parda. Ko‘rish sezgisi uchun eng asosiysi
ana shu to‘r parda bo‘lib, ko‘zning deyarli butun ichki yuzasini qoplab olgan. U
asosan ko‘rish nervlaridan iborat. Ko‘z qorachig‘i va ko‘z gavhari yorug‘lik nurlari
va ranglarni ta’sirini to‘r pardaga tushirib beradi. Yuqorida aytganimizdek to‘r
pardadagi nerv tolalarining faoliyati tufayli ko‘rish sezgisi xosil bo‘ladi. 
Eshitish sezgilari: Eshitish sezgisi orqali odam har xil tovushlarni aks ettiradi.
Tovushlar asosan ikki gruppaga bo`linadi. 
1. Muzikaviy tovushlar 
2. Shovqinli tovushlar 
Eshitish sezgilari tovush tarqatuvchi narsalarning tebranishidan hosil bo‘lgan 
havo to‘lqinlarining quloqqa ta’sir etishi natijasida paydo bo‘ladi. Havo
to‘lqinlarining tebranish tezligi va to‘lqin uzunligiga qarab, tovushlar past /baland, 
ingichka-yo‘g‘on bo‘lishlari mumkin. 
Eshitish a’zosi hisoblangan quloq juda murakkab tuzilishga ega bo‘lib, uch 
qismdan iborat. 
a. tashqi quloq ; 
b. o‘rta quloq ; 
v. ichki quloq. 
Havo to‘lqinlaridan xosil bo‘lgan qo‘zg‘alish ichki quloq orqali miyadagi
eshitish markaziga olib boriladi va o‘sha yerda eshitish sezgisi xosil bo‘ladi. Quloq 
chig‘anog‘ining ichida Kortiy organi joylashgan bo‘lib, bu organ quloq chig‘anog‘ini 
yuqori tomondan berkitib turuvchi tayoqchasimon xujayralardan iborat. Ichki
quloqdagi eshitish nervining uchlari ana shu xujayralarga kelib tutashadi. Demak, 
xar xil tebranishdagi xavo to‘lqinlari ana shu Kortiy organi orqali eshitish nervlariga 
beriladi. Reseptorlarda xosil bo‘lgan qo‘zg‘alish markazga intiluvchi nerv tolalari 


orqali bosh miya katta yarim sharlarining chakka qismiga ya’ni eshitish markaziga 
olib boriladi va o‘sha yerda eshitish sezgisi xosil bo‘ladi. 
Xid bilish sezgilari. Bu sezgi nafas olish jarayonida xidli moddalarning
gazsimon xolatda xavo bilan birga burun bo‘shlig‘iga kirib xidni sezuvchi nerv 
tolalariga ta’sir etishi natijasida xosil bo‘ladi. Bu sezgilar bizga xushbo‘y xidlardan 
xuzurlanish, shuningdek salomatlik uchun zararli narsalardan saqlanish imkonini
beradi. 
Xid bilish reseptorlarida xosil bo‘lgan qo‘zg‘alish markazga inti-luvchi nerv 
tolalari orqali bosh miya katta yarim sharlarining xid bilish markaziga yetkaziladi,
va u yerda u yoki bu xid sezgisi xosil bo‘ladi. 
Ta’m bilish sezgisi. Og‘zimizga olingan moddaning zarrachalari taxm bilish
sezgilarining qo‘zg‘atuvchilari hisoblanadi va ular til, tomoq, tanglay, kichik til
yuzasida joylashgan nerv uchlariga ta’sir ko‘rsatadi. Ta`m-maza sezgilari asosan 
to‘rt xil buladi: shirinni, nordonni, sho‘rni va achchiqni sezish. Taxm-maza 
sezgilari-ning to‘liq sodir bo‘lishida xid bilish sezgilarining axamiyati kattadir.
Agar odamning dimog‘i xidni sezmasa, odam ovqat yegan paytida mazasini xam
yaxshi bila olmaydi 
Teri sezgilari. Teri orqali og‘iz hamda burunning shilliq pardalari yordamida
bizda tanamizga narsalarning tekkanligini sezish yoki taktil sezgilari, issiqni sezish,
sovuqni sezish, og‘riqni sezish vujudga keladi. Bu sezgilardan xar birining 
maydonga kelishi uchun terida va shilliq pardalarda maxsus sezuvchi nuqtalar 
mavjuddir. Gavdaning tashqi yuzasida turli nuqtalarga joylashgan nerv uchlari teri
sezgilarining reseptorlari xisoblanadi. Bu sezuvchi nuqtalar teri yuzasida bir tekis
taqsimlangan emas, terining ayrim joylarida bu nuqtalar ko‘p miqdorda bo‘lsa,
boshqa joylarda kamroqdir. 
Organik sezgilar. Qorin ochlikni, chanqashni, to‘qlikni, ko‘ngil ozishini
sezish organik sezgilar jumlasiga kiradi. Bu sezgilar ichki organlardan birontasini 
normal faoliyati buzilganligi to‘g‘risida ogoxlantiriladi. Odatda tanamiz sog‘lom, 
qornimiz to‘q va xech narsa bizni bezovta qilmagan paytlarda bizda og‘riq sezgilari 
deyarli sodir bo‘lmaydi. 
Xarakat yoki kinestetik sezgi. Bu sezgilar bizga o‘zimiz qilgan harakatlar 
haqida xabar beradi. Xar bir odam xatto ko‘zlarini yumib olgan bo‘lsa ham o‘z qo‘li
oyog‘i, tanasining boshqa qismi qanday holatdaligini sezib turadi. Harakat 
sezgilarining reseptorlari paylarda, bo‘g‘inlarning ustida asosan bo‘g‘inlarda 
joylashgan. 
Muvozanat sezgilari. Bu sezgilar boshimizning, binobarin butunlay 
gavdamizning harakati hamda, fazodagi holati haqida darak beradi. Muvozanat 
sezgilarining reseptorlari ichki quloqqa joylashgan. Bu organ faoliyati izdan chiqsa 
odam o‘zini noxush xis qiladi. 
Narsalarning alohida-alohida sifatlari (rangi, tovushi, qattiq-ligi va hakazo)
sezgilar tufayli miya katta yarim sharlarida aks ettiriladi. Ammo odamni qurshab


olgan voqealikdagi har bir narsa yoki hodisada turlicha sifatlar va xususiyatlardan 
yaxlit kompleksi mujassamlashgan bo‘ladi. Analizatorlar orqali hosil bo‘ladigan 
sezgilar narsa va hodisalarni to‘g‘riroq aks ettirish uchun miyada bir-biri bilan birikadi
va odamda narsa va hodisaning yaxlit obrazi yaratiladi. Ayni chog‘da sezgi 
organlariga ta’sir etib turgan narsa va hodisalardan aks ettirilishdan iborat bo‘lgan 
psixik proses idrok deyiladi. 
Katta yarim sharlar po‘stlog‘ida vujudga keluvchi murakkab shartli refleks 
bog`lanishlar idrokning fizologik asosi hisoblanadi. Tashqi qo‘zg‘atuvchilar 
ta’sirida yuzaga keluvchi qo‘zg‘alishlar katta yarim sharlar po‘stlog‘ida sintez
qilinadi. Idrok qilishda bir necha analizatorlar ishi bilan organizmning qator
qo‘zg‘aluvchilari komplesi ta’siriga javoban reaksiyasi bir-biri bilan uyg‘unlashadi.
Masalan: biz atir gulni idrok qilar ekanmiz bir vaqtni o‘zida uni chiroyini ajoyib
rangini ko‘ramiz, gulni xushbo‘y hidini hidlab sezamiz, uni mayin-ligini to‘yib
sezamiz va x.k. Bundan tashqari biz uni atirgul ekanini taniymiz, ya’ni xotira prosessi
ishga tushadi. Gul hidi bizga xuzur bag‘ishlaydi. Nihoyat idrok prosessi tarkibiga
tafakkur ham kiradi. Idrok prosessida hayol xam qatnashadi. Masalan: osmondagi 
bulutlarga qarab ularni shaklini nimagadir o‘xshatish mumkin. 
Ma`lumki idrok odatda ixtiyoriy va ixtiyorsiz bo‘ladi. Ixtiyorsiz idrok biror 
narsaning to‘satdan ta’sir etishi yoki ta’sir etayotgan narsani boshqa narsadan keskin 
farq qilishi, originalligi, yorqinligi natijasida yuzaga keladi. Ixtiyoriy idrok oldindan
belgilangan muayyan bir maqsad asosida amalga oshiriladi. Irodani ishtiroki asosan 
ixtiyoriy idrokdan namoyon bo‘ladi. Chunki ixtiyoriy idrok ko‘pincha odamda 
irodaviy zo‘riqishni talab qiladi. Masalan: darsni ixtiyoriy idrok bilan eshitib 
o‘tirish odamda anchagina iroda kuchini talab etadi. Odatda ikki turli idrok bir-
biridan farq qilinadi. Ulardan biri sodda idrok bo‘lsa, ikkinchisi murakkab
idrokdir. Sodda idrok deganda tevarak atrofdagi turli tuman narsalarni bevosita
idrok etishni tushinamiz (stol - stul, shkaf). Murakkab idrok qilish deganda esa,
fazo va vaqtni idrok qilishni tushinamiz. 
Idrok va idrok qilish qonunlari. Psixologlarning fikricha, inson nimaniki idrok 
kilsa, uni figura va fonda idrok qiladi. Figura-shunday narsaki, uni aniq anglash, 
ajratish, ko‘rish, eshitish va tuyish mumkin. Fon esa aksincha, noaniqroq, umumiyroq 
narsa bo‘lib, aniq ob’yektni ajratishga yordam beradi. Masalan, gavjum bozorda 
ketayotgan taqdirda ham o‘z ismimizni birov aytib chaqirsa, darrov o‘sha tarafga 
qaraymiz. Ism-figura bo‘lsa, bozordagi shovqin-fon rolini o‘ynaydi. Boshqacha qilib 
aytganda, biz biror narsani idrok qilayotgan paytimizda uni albatta biror fondan ajratib 
olamiz. Masalan, gul bozorida aynan qip-kizil atirgul sizga yoqib qolib, o‘shani harid 
qilasiz, qolgan gullar fonday ongingiz aktiviga o`tmaydi. 
Shunday qilib, idrok-bu bilishimizning shunday shakliki, u borlikdagi ko‘plab, 
xilma-xil predmet va hodisalar orasida bizga ayni paytda kerak bo‘lgan ob’yektni hossa 
va xususiyatlari bilan yaxlit tarzda aks etishimizni ta’minlaydi. Ya’ni, idrokning 
asosida narsa va hodisaning yahlitlashgan obrazi yotadiki, bu obraz boshqalaridan farq 


qiladi. Idrok o‘ziga nisbatan soddaroq bo‘lgan sezgi jarayonlaridan tashkil topadi. 
Masalan, olmaning shaklini, xidini, mazasini, rangini sezamiz, ya’ni alohida-alohida 
hossalar ongimizda aks etadi. Bu-sezgilarimizdir. Sezgilar yahlit tarzda idrok 
jarayonini ta’minlaydi. Lekin olimlar idrokni sezgilarning oddiygina, mexanik tarz-
dagi birlashuvi, degan fikrga mutloq qarshilar. Chunki idrok ongli, maqsadga 
qaratilgan murakkab jarayon bo‘lib, unda shaxsning u yoki bu ob’yektga shaxsiy 
munosabati va idrokdagi faolligi aks etadi. Masalan, buning isboti uchun ko‘pincha 
Rubin figurasi tavsiya etiladi. Unda ikkita ko`ra profil oq fonda berilgan. Bir qarashda 
ayrimlar bu rasmlarga qarab, «Bu-vaza” deb atasa, boshqalar uni bir-biriga qarab 
turgan ikki kishi yuzining yon tomondan ko‘rinishi, deb ta’riflashi mumkin. Shunisi 
xarakterliki, birinchi marta shu rasmni ko‘rgan odam uni yaxlit idrok qilib, nima 
ekanligini tushunishga harakat qiladi, lekin biror figurani ko‘rgach, ma’lum vaqtgacha 
boshqasini ko‘rmay turadi. Agar shu idrok darajasi qolsa, ya’ni yana nimanidir 
ko‘rishni hohlamasa, u ikkinchi figurani ko‘rmasligi ham mumkin. Bu bizdagi idrok 
jarayonlarining faolligimizga, ob’yektga munosabatimizga bevosita bog‘liqligini 
ko‘rsatib turibdi. Ikkinchidan, idrok bizning kayfiyatimizga ham bog‘liq. Tashvish 
bilan yo‘lakchadan o‘tib ketayotib, oyog‘ingiz tagidagi narsa tugul, ro‘paradagi 
odamni ham ko‘rmay qolishingiz mumkin. Yoki san’at muzeyida tomosha qilib yurgan 
ikki kishi bir rasmda tamoman har xil narsalarni, elementlarni ko‘rishi mumkin. Yaxshi 
kayfiyatda, yaxshi do‘stlar kompaniyasida iste’mol kilgan taom sizga juda mazaliday 
tuyuladi. Agar talaba biror fan predmetidan karzdor bo‘lib qolsa, och qoringa yegan 
shirin taomi ham «tatimaydi”, hatto nima yeganini ham unutib qo‘yadi. Yomon 
kayfiyat ko‘proq qora, nursiz ranglarni idrok qilishga moyil bo‘lsa, yaxshi ko‘tarinki 
kayfiyat, aksincha, hamma narsani eng yokimli ranglarda «ko‘radi”. Bu yana bir bor 
idrokning oddiygina aks ettirish yoki bilish jarayoni emas, balki shaxsdagi faol 
ustanovkalarga bog‘liq bo‘lgan, mantiqan asoslangan ongli jarayon ekanligini 
isbotlaydi. 
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shaxs idrok qilishi jarayonlariga hos bo‘lgan bir 
nechta qonuniyatlarni belgilaymiz: 
A. Figura va fonning ilgarigi harakatga bog‘liqligi qonuni. Bu qonunning 
ma’nosi: odam ilgarigi tajribasida bo‘lgan, bevosita to‘qnash kelgan narsalarini idrok 
qilishga moyil bo‘ladi. Agar biror predmetni u ilgari figura sifatida idrok kilgan bo‘lsa, 
demak, keyingi safar ham uni aynan figuraday idrok qiladi, agar fon bo‘lgan bo‘lsa, 
tabiiy, fonday qabul qiladi. Bu qonunning hayotdagi o‘rni chet davlatlarda borgan 
turistlar tajribasiga tayanib tushuntirilishi mumkin. O‘zbekistonliklar Yer kurrasining 
kaysi burchagida bo‘lmasin, o‘zbek do‘ppisi yoki atlas qo‘ylakni juda tez ilg‘ab 
oladilar va suyunib ketadilar ham. Yonidagi sheriglari o‘zbek bo‘lsa ham, aynan 
do‘ppili o‘zbekni ko‘rib, ko‘zlari yashnab ketadi. Boshqa millat vakillari, masalan, 
nigeriyalik ham milliy qo‘ylagida yurgan bo‘lishi mumkin, lekin o‘zbek turist uchun 
bu qiyim fon edi, fonligicha qoladi ham. 
B. Idrokning konstantliligi qonuni. Bu qonun ma’lum ma’noda oldingisiga 


bog‘liq. Ya’ni bunda ham ilgarigi tajriba katta rol o‘ynaydi. Ma’nosi: odam o‘ziga 
tanish bo‘lgan narsalarni o‘sha hossa va xususiyatlar bilan o‘zgarishsiz idrok qilishga 
moyildir. Masalan, samolyot ichida o‘tirib yerga qaraganmisiz? Avtomobil yo‘llari, 
ularda harakat qilayotgan mashinalar kichkina ko‘rinadi, lekin biz ularni hozir 
kichrayib qolgan, deb idrok qilmaymiz-ku? Aslida ko‘z korachig‘imizdagi aks 
kichkina bo‘lsa-da, ularni o‘zimiz «to‘g‘rilab” alohida predmetlar sifatida idrok 
qilaveramiz. 
Bu o‘rinda bir etnografning Afrikadagi kuzatishi xarakterli. U kunlarning birida 
pigmeylar deb ataluvchi qabila vakillaridan biri bilan quyuq o`rmondan chiqqan(bu 
qabilaning umri qalin o‘rmonda o‘tadi). Ro‘parada yaylovda sonsiz mollar podasi 
o`tlab yurgan bo‘lgan. Etnograf ularni oddiy mollar podasi sifatida idrok qilgan, 
pigmey esa ularni chumolilarga o‘xshatib, ularning ko‘pligi va kichikligidan 
xayratlangan. Olimda idrokning konstantligi namoyon bo‘lgan bo‘lsa, uning sherigida 
uning uzilganligi kuzatilgan. 
Demak, idrokimizning konstantligi, ya’ni ilgarigi tajriba asosida narsalarning 
xossa va xususiyatlarini o‘zgartirmay, turg‘un holda yaxlit tarzda idrok qilish 
xususiyati bizga tashqi muhitda to‘g‘ri moslashuvimiz, narsalar dunyosida 
adashmasligimizni ta’minlaydi. Konstantlik-«constanta” so‘zidan olingan bo‘lib,
o‘zgarmas, doimiy degan ma’noni bildiradi. 
V. Kutishlar va taxminlarning idrokka ta’siri. Ko‘pincha bizning idrokimiz ayni 
paytda biz nimalarni kutayotganimizga bog‘liq bo‘lib qoladi. Biz o‘zimiz kutgandan 
ham ko‘p paytlarda o‘zimiz ko‘rgimiz kelgan narsalarni ko‘ramiz, eshitgimiz kelgan 
narsani eshitamiz. Masalan, sonlar qatorida paydo bo‘lgan V harfi uzoqdan albatta 13 
soniday idrok qilinadi, yoki aksincha harflar orasidagi 13 «V” ga juda o‘xshaydi. 
Kechasi yolg‘iz qolib kimnidir kutayotgan bo‘lsangiz, har qanday juda sekin sharpa 
ham oyoq tovushlariga o‘xshayveradi. Sog‘ingan do‘stingizga biror jihati bilan
o‘xshash bo‘lgan odamni ko‘rsangiz-chi? 
Shunday qilib, inson idroki shaxsiy ma’no va ahamiyat kasb etgan ma’lumot 
vositasida ongdagi bo`shlikni to‘ldirishga harakat qiladi. Birovning orqadan 
chaqirishini kutayotgan bo‘lsangiz, negadir albatta, bosh harfi to‘g‘ri kelgan ismni 
aytsa ham tezginada o‘sha tomonga o‘girilib qaraysiz. Aynan shunday hodisalar 
ba’zan idrokdagi xatoliklarning kelib chiqishiga olib keladi. Amerikalik Dj. Begbi 
degan olim stereoskop orqali amerikalik va meksikalik bolalarga shakli unchalik aniq 
bo‘lmagan slaydlarni birin-ketin ko‘rsatgan. Amerikalik bolalar ularni beysbol o‘yini, 
ok sochli qiz ifodalangan desalar, meksikalik bolalar ularni buqalar jangi, qora sochli 
qiz, deb ta’riflaganlar. Ko‘pchilik bolalar esa ko‘rsatilgan ikkita rasmdan faqat bittasini 
ko‘rganini e’tirof etganlar. Demak, bizning idrokimiz, uning mazmuni madaniy va 
ma’naviy muhitga ham bog‘liq bo‘lib, bu kutishlar tizimidan kelib chiqarkan. 
G. O‘zgarmas ma’lumotning idrok qilinmasligi qonuni. Bu qonunning mohiyati 
shundaki, muntazam ta’sir etuvchi ma’lumot ongda uzoq ushlab turilmaydi. Masalan,
o‘tirganingizda soatning tiqqilashini eshitganmisiz? Xa, tovush eshitiladi, lekin 


ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng go‘yoki u yo‘q bo‘lib qolganday-eshitilmaydi. Yoki 
eksperiment sharoitida yolg‘iz bitta nuqtadagi yoro‘g‘lik manbai ko‘zga ta’sir etilib, 
ko‘z ham shu nuqta bilan bir vaqtda harakatga keltirib turilganda, 1—3 sekunddan 
so‘ng odam yoro‘g‘lik manbaini ko‘rmay qo‘ygandek. Shunga o‘xshash 
eksperimentlar barcha idrok turlarida ham sinalgan. Past oxangli qo‘y ham ma’lum 
vaqtdan keyin eshitmaganday hisni keltirib chiqarishini sinab ko‘rishingiz mumkin. 
Nutq vositasida hadeb bir xil so‘zlarni qaytaraverish psixoterapevtik praktikada 
gipnotik holatni keltirib chiqaruvchi omil sifatida ishlatiladi. Chunki bir xil so‘zlar 
hadeb qaytarilaversa, ular o‘zining ma’no-mohiyatini ham yo‘qotadi. Masalan, 
ko‘chalarda yuradigan «folbinlar”ni ko‘rganmisiz? Ular avtomatik tarzda aytadigan 
so‘zlari aslida ularning o‘zlari uchun umuman ma’nosini yo‘qotgan(«baxtingdan 
ochaymi, taxtingdan ochaymi?» va xokazo shunga o‘xshash so‘zlar). Har qanday 
harakat hadeb qaytarilaversa, «psixologik to‘yinish” hodisasi ro‘y beradi va harakatlar 
avtomatlashib, uning ayrim detallari umuman ong nazoratidan chiqadi. Masalan, 
mahoratli raqqosa har qanday raqsga ham chiroyli, jozibali harakatlar bilan o‘yin 
tushib ketaveradi. 
D. Anglanganlik qonuni. Idrok qilayotgan shaxs uchun figuraning anglanganligi, 
uning zarurati va ma’nosi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Agar biz kuzatayotgan 
predmet, eshitayotgan nutq yoki his qilayotgan narsamiz ma’nosiz, tushunarsiz, noaniq 
bo‘lsa, biz juda tez charchaymiz va toliqamiz. Masalan, xitoy tilini bilmaydigan odam 
shu tilda so‘zlashuvchilar orasiga tushib qolsa, psixologik jihatdan juda qiynaladi. 
Ya’ni, bizga barcha narsalarda biror ma’no va mazmun kerak. Odam odatda 
tushunadigan narsasinigina idrok qiladi. hattoki, ma’ruzachining bugun 
tushuntirayotgan ma’ruzasidagi faktlar sizning tushunchalaringiz va bilim 
doirangizdan uzoq bo‘lsa, professorga qarab o‘tirgan bo‘lsangiz ham uning gaplari 
qulog‘ingizga kirmaydi. Shunday paytlarda «Nima deyapti o‘zi?» deb qo‘shnimizdan 
so‘rab qo‘yamiz ham, zero ma’ruzasi o‘sha biz uchun qadrdon bo‘lgan o‘zbek tilida 
gapirayotgan bo‘lsa ham. Sinab ko‘rish uchun o‘rtog‘ingizga bir nechta so‘zlardan 
iborat qatorni bering. Ular orasida mazmunan bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan so‘zlar, 
hattoki ma’nosiz(teskarisiga yozilgan so‘zlar) bo‘lsin. Oraga 2—4 ta tanish o‘zbek 
tilidagi so‘zlardan aralashtiring. Bir daqiqa mobaynida qarab, eslab qolganini 
qaytarishni so‘rasangiz, o‘sha 2—4 ta so‘zlardan boshqalarni deyarli 
«ko‘rmaganining” guvohi bo‘lasiz. 
Ye. Taxminlarni tekshirish jarayonida idrok qilish. Biz idrok jarayonida ilgarigi 
tajribaga tayanganimiz bilan ko‘pincha adashamiz, ba’zan esa o‘zimiz uchun 
yangiliklar ochib, tajribani yanada boyitamiz. Ilgarigi tajriba va kelajakni bashorat 
qilish insonga hos xususiyat bo‘lib, bizning sezgi organlarimiz orqali keladigan 
ma’lumotlarning qo‘lami va imkoniyatlarini yanada oshiradi. Shu nuqtai nazardan olib 
qaralganda, idrok-tashqi muhit to‘g‘risidagi taxminlarimizni isbot qilishga qaratilgan 
faol jarayondir. Biz bevosita idrokimiz «tagiga yetolmayotgan”, «tushunmayotgan” 
narsalarni bevosita his kilgimiz, qo‘limiz bilan ushlab ko‘rgimiz, ular bilan ishlagimiz 


keladi. Ya’ni, idrok qilinayotgan narsada noaniqlik, sir paydo bo‘lsa, biz «Bu nima 
bo‘ldi?» degan savol asosida taxmin qila boshlaymiz va uni tekshirish uchun harakat 
qilamiz. Aynan harakatlar, amaliy ishlar idrokimiz imkoniyatlari va chegaralari 
kengaytiradi va anglashga yordam beradi. Shuning uchun ham har bir ishni 
boshlashdan avval nimaga egamiz, nima kerak va nima kilsak, tezroq yaxshi natijaga 
ega bo‘lamiz, degan savol bilan o‘zimizdagi tajribada bo‘lgan bilimlarimiz bilan 
unchalik aniq bo‘lmagan ma’lumotlarni tarozuga solish va imkon boricha nutqimiz, 
harakatlarimiz bilan real tajribani kengaytirishga intilishimiz kerak. Shunday qilib, bir 
qarashda oddiyroq tuyulgan idrok ham inson bilimlari, tushunuvchanligi va faolligi 
bilan bog‘liq psixologik jarayon bo‘lib, u aslida shaxsiy tajribamizning birlamchi asosi 
va bazasidir. Anglangan va shaxsning tajribasiga aylangan ma’lumotlar yana bir 
muhim psixik jarayon-xotirada o‘z aksini topadi. 
Xotira va shaxs tajribasining boyligi. Odam ko‘rgan, his kilgan va eshitgan 
narsalarining juda oz mikdorinigina eslab qola oladi. Ma’lum bo‘lishicha, bir vaqtning
o‘zida odam ongida 7 tadan ortiq belgiga ega bo‘lgan ma’lumotning qolishi qiyin ekan. 
Bu yettita so‘z, son, belgi, narsaning shakli bo‘lishi mumkin. Agar telefon rakamlari 
8 ta belgili bo‘lganda, uni yodda saqlash ancha qiyin bo‘larkan. Demak, ongning 
tanlovchanligi va ma’lumotlarni saralab, terib ishlatishi yana bir psixik jarayonni-
xotirani bilishimiz lozimligini bildiradi. 
Xotira-bu tajribamizga aloqador har qanday ma’lumotni eslab qolish, esda 
saqlash, esga tushirish va un o‘tish bilan bog‘liq murakkab jarayondir. Xotira har 
qanday tajribamizga aloqador ma’lumotlarning ongimizdagi aksidir. 
Xotiraninng sakkiz qonuni. 
Odatda biz biror bir materialni o‘qiydigan bo‘lsak, uni xech bir o‘zgarishsiz 
eslab qolishga harakat qilamiz. Lekin ajablanarlisi shundaki, borgan sari material 
ma’lum o‘zgarishlarga yuz tutib, xotirada dastlabki paytdagisidan boshqacharoq bo‘lib 
saqlanadi. Ba’zi bir material yoki ma’lumot xoxlasak ham xotiradan o`chmaydi, 
boshqasi esa juda qattiq xoxlasak ham kerak paytda yodimizga tushirolmaymiz, bu 
kabi savollar, inson bilish jarayonlaridagi eng muhim savollar bo‘lib, ba’zan o‘z 
taraqqiyotimiz va kamolotimizni ham ana shunday omillarga bog‘lagimiz keladi. 
Ma’lum bo‘lishicha, inson miyasi har qanday ma’lumotni saqlab qoladi. Agar 
shu ma’lumot biror sabab bilan odamga kerak bo‘lmasa, yoki o‘zgarmasa, u ongdan 
tabiiy tarzda yo‘qoladi. Lekin har doim ham bizning professional faoliyatimiz 
manfaatlariga mos ma’lumotlarni esda saqlash juda zarur va shuning uchun ham 
ko‘pchilik ataylab xotira tarbiyasi bilan sho‘g‘ullanadi. 
Inson xotirasining yaxshi bo‘lishi, ya’ni his-kechinmalarimiz, ko‘rgan-
kechirganlarimizning mazmuni to‘laroq miyamizda saqlanishi quyidagi omillarga 
bog‘liq: 
esda saqlab qolish bilan bog‘liq harakatlarning yakunlanganlik darajasiga; 


shaxsning o‘zi sho‘g‘ullanayotgan ishga nechog‘lik kizikish bildirayotganligi 
va shu ishga moyilligiga; 
shaxsning bevosita faoliyat mazmuni va ahamiyatiga munosabatining 
qandayligiga; 
shaxsning ayni paytdagi kayfiyatiga; 
irodaviy kuchi va intilishlariga. 
Xotira jarayonlari shaxsning faoliyatdagi yutuqlariga bog‘liq bo‘lgani uchun 
ham, uning tabiati, qanday kechishiga ko‘plab olimlar ahamiyat berganlar. Masalan, 
nima uchun odam u yoki bu ma’lumotni xotirada saqlaydi, degan savolga turli olimlar 
turlicha javob beradilar. Masalan, fiziologlar uning sababini miyada hosil bo‘ladigan 
nerv 
bog‘lanishlari-assosiasiyalar 
bilan bog‘lashsa, bioximiklar-ribonuklein 
kislota(RNK) va boshqa bioximik o‘zgarishlar okibatidadir, deb tushuntiradilar. 
Psixologlar esa xotirani doimo inson faoliyati, uning shaxs uchun ahamiyati va 
motivlar xarakteri bilan bog‘laydilar. Chunki shaxsning yo‘nalganligi, uning hayotdagi 
mavqei va qobiliyatlarining rivojlanganlik darajasi aynan xotirasining mazmuniga 
bog‘liq. Shuning uchun hattoki, shunday gap ham bor: «Nimani eslashingni menga ayt, 
men sening kimligingni aytaman”. 
Amaliy nuqtai nazardan xotiraning samaradorligi va uni o‘quv va mehnat 
faoliyati jarayonida oshirish katta ahamiyatga ega. Chunki ko‘pincha odamlar orasida 
ishchanrog‘i, o‘quvchi yoki talabalar orasida bilimlirog‘i ham bir qarashda 
xotirasining kuchi bilan boshqalardan ajralib turadi. Buyuk bobokalonimiz Amir 
Temurning xotirasi haqida afsonalar yuradi. Masalan, u o‘z qo‘l ostidagi beklarning 
nafaqat ismini, balki otasining ismlarini ham yoddan bilarkan, uchrashuvlarda bevosita 
nomini aytib murojaat qilarkan. Bu fazilat ham uning o‘z qo‘l ostidagilar orasida 
obro‘ining balandligiga ta’sir ko‘rsatgan. Amerikaning mashxur Prezidentlaridan 
Avraam Linkoln ham ana shunday fenomenal xotirani o‘z yaqinlari va ish yuzasidan 
u bilan bog‘liq bo‘lgan hodimlarga nisbatan namoyon etib, lol qoldirgan ekan. Demak, 
xotira tarbiyasi, uni kerakli yo`sinda rivojlantirish-kerak bo‘lsa, shaxsiy obro‘ hamda 
ishdagi samara masalasi bilan bevosita bog‘liq ekan. 
Umuman, xotiraning samaradorligi eslab qolishning ko‘lami va tezligi, esda 
saqlashning davomiyligi, esga tushirishning aniqligi bilan bog‘lanadi. Demak, odamlar 
ham aynan shu sifatlarga ko‘ra ham farqlanadilar: 
materialni tezda eslab qoladiganlar; 
materialni uzoq vaqt esda saqlaydiganlar; 
istagan paytda osonlik bilan esga tushiradiganlar. 
Ba’zi odamlarning xotirasiga hos jihatlarni to‘g‘ma deb atashadi. To‘g‘ri, oliy 
nerv tizimi, uning o‘ziga hos ishlash xususiyatlari xotiraning o‘ziga hos individual 
uslubini belgilashi mumkin. Lekin hayotda ko‘pincha shaxsning bilish jarayonlari va 
sezgi organlarining ishlash qobiliyatlariga bog‘liq tarzda ajralib turadigan tiplari 
haqida gapirishadi. Masalan, ayrim odamlar ko‘rgan narsalarini juda yaxshi eslab 
qoladi, demak, ularning xotirasi ko‘rgazmali-obrazli bo‘lib, ko‘zi bilan ko‘rmaguncha, 


narsaning mohiyatini tushunmaydi ham. Boshqalar esa o‘zicha fikrlab, nomini aytib, 
mavhum tarzda tasavvur qilmaguncha, eslab qolishi qiyin bo‘ladi. Bundaylar so‘z-
mantiqiy xotira tipi vakillaridar. Yana bir tipli odamlar bevosita his kilgan, 
«yuragidan” o‘tkazgan, unda biror yorqin emotsional obraz qoldirilgan narsalarni 
yaxshi eslab qoladilar, bu-emotsional xotiradir. Lekin yana bir xotira egalari borki, 
ularni fenomenal xotira sohiblari deb atashadi. Psixologiyaga oid kitoblarda ana 
shunday xotiraga ega bo‘lgan kishilar to‘g‘risida ko‘p yozilgan. Bu shunday kishilarki, 
ular bir vaqtning o‘zida nisbatan juda katta xajmdagi ma’lumotlarni esda saqlay oladi 
va esga tushiradi. Masalan, tarixiy shaxslar orasida Yuliy Sezar, Napoleon, Motsart, 
Gauss, shaxmat ustasi Alyoxin kabi insonlar xotirasi ana shunday noyob bo‘lganligi 
haqida ma’lumotlar bor. Taniqli, rus psixologi va neyropsixologi A.R.Luriya ham ana 
shunday xotira sohiblaridan biri-asli kasbi jurnalist bo‘lgan Shereshevskiy degan shaxs 
xotirasini ataylab uzoq vaqt mobaynida o‘rgangan. Uning xotirasi shunday ediki, 
Dantening «Iloxiylik komediyasi”dan olingan uzundan-uzoq parchani bir marta qarab 
olgandan so‘ng, 15 daqiqadan so‘ng so‘zma- so‘z aytib berolgan. Shunisi xarakterli 
ediki, komediya unga notanish bo‘lgan italyan tilida yozilgan edi. Ko‘pchilikni qanday 
qilib yaxshi, mustahkam esda saqlab qolish muammosi qiziqtirsa, Shereshevskiy uchun 
qanday qilib un o‘tish masalasi murakkab edi. Uni xotira obrazlari doimo qiynar, 
ko‘rgan narsalari ko‘z oldida gavdalanaverar edi. Qanday qilib eslab qolasiz? degan 
savolga u shunday javob bergan: men «materialni” o‘zimga tanish va sevimli bo‘lgan 
Moskva ko‘chalariga joylashtiraman. Bir marta bir materialning bir bo‘lagi o‘sha 
«ko‘chaning” salkin tushgan yeriga tushib qolib, esga tushirishi ancha qiyin bo‘lgan 
ekan. Shunga o‘xshash har bir fenomenal xotira egalarining o‘ziga hos eslab qolish 
uslublari bo‘lar ekan. 
Shotlandiyalik matematik A.Etkin 1933 yili 25 ta bir-biri bilan bog‘lanmagan
so‘zlardan iborat ikki qatorni eslab qolib, xech bir hatosiz uni 27 yildan keyin esga 
tushira olgan. «Qilich va qalqon” kinofilmidagi rus razvedchigi I. Vaysning nasistlar 
tomonidan rejalashtirilgan birinchi navbatda batamom yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan 
ob’yektlar-shifrlari bilan ko‘rsatilgan ro‘yhatini bir karra ko‘rib chiqib, bir necha 
daqiqadan so‘ng esga tushirganini eslang. U ham go‘yoki, ko‘rib turganday o‘sha 
ro‘yhatlarni qaytadan o‘qiganday, takrorlaydi. Tarixda bunday kishilar bor va ular 
bizning oramizda ham yo‘q emas. Muhimi shundaki, ana shu fenomenal xotirani shaxs 
va jamiyat manfaatiga mos tarzda unumli ishlata bilishdir. 
Esda saqlangan ma’lumotni xotiradan chiqarib olib, qayta tiklash ham muhim 
muammo. Chunki ko‘pincha biz xotiramizda kechagina o‘qigan yoki yaqindagina
o‘qituvchimiz aytib bergan ma’lumotning borligini bilamiz-u, lekin kerak vaqtda uni 
esga tushira olmaymiz. Ma’lumotni xotiradan chaqirib olish omillariga quyidagilar 
kiradi: 
Mahmulotning anglanganligi. Biz o‘zimiz to‘la anglagan, tushungan narsalarni 
osonroq esga tushiramiz. Masalan, alfavitni juda oson esga tushiramiz, yoki 1, 2, 3, 4 
va xokazo tartibli sonlarni bir ko‘rgandan so‘ng u milliongacha bo‘lsa ham esga 


tushirishimiz sirayam qiyin emas. Lekin shu sonlardan bor yo‘g‘i 7-8 tasini teskari yoki 
aralash tartibda yozilgan bo‘lsa, ularni esga tushirish ancha mushqul bo‘ladi. 
«Psixologiya” yozuvini esga tushirish juda oson, lekin «i p i o x o ya s l g” harflari 
to‘plami aynan o‘sha harflardan iborat bo‘lsa ham sira esga tushira olmaymiz. Demak, 
materialni yaxshilab esda saqlash va esga tushirish uchun uni tushunish va anglash 
kerak. Mazmunini va mohiyatini tushungan holda iloji bo‘lsa, o‘zimizdagi 
qiziqishlarga bog‘lay olishimiz kerak. 
Kutilmagan ma’lumot. Kutilmaganda paydo bo‘lgan yangi va yaxshi ma’lumot 
ham yaxshi esga tushadi. Masalan, sonlar qatorida berilgan bitta harf, yoki aksincha, 
harflar orasidagi bitta son, ouzun jumlalar orasida paydo bo‘lgan qisqa jumla esga 
tezroq va aniqroq tushadi. Buning oddiy sababi-biz kutilmaganda paydo bo‘lgan 
ma’lumot yoki narsaga xayratlanamiz, jonli emosiyalar bilan javob beramiz, bu esa 
yaxshi eslab qolishga va kerak bo‘lganda, yorqin tiklashga asosdir. 
Ma’lumotning mazmun yoki shakl jihatdan bir-biriga yaqinligi. Masalan, agar 
ko‘plab bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan so‘zlar orasida «erkak” va «ayol” so‘zlari 
paydo bo‘lgan bo‘lsa, bittasining esga tushirilishi ikkinchisining ham esda tiklanishiga 
sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘quv rejasiga kiritilgan barcha fanlar shunday 
birin-ketinlikda beriladiki, birini o‘zlashtirish ikkinchisining ham o‘zlashtirilishi, bir-
birini to‘ldirishga hizmat kilsin. 
Esda saqlash vaqti bilan esga tushirish vaqti o‘rtasidagi farq. Odamda berilgan 
ma’lumotni idrok qilish va shu orqali esda saqlash vaqti qanchalik ko‘p bo‘lsa, esga 
tushirish ham osonroq bo‘ladi. Shuning uchun ham uzoq muddatli xotirada 
saqlanadigan informasiya uzoq vaqt mobaynida, ko‘pincha bir necha marta qaytarib 
beriladi, qisqa muddatlida esa bir marta, qisqa fursatda beriladi va shu narsa esga 
tushirish kerak bo‘lganda, tiklanmaydi. Masalan, biror tekstni kompyuterga kiritish 
uchun o‘rtog‘ingizga berib, keyin nimalarni kiritganini so‘rang. Javob aniq: «Esimda 
yo‘q”. Ya’ni ma’lumotning umumiy mazmuni yodda qolsa ham, asosiy tushunchalar 
va mohiyat esda qolmaydi. 
Shunday qilib, xotira faol jarayon bo‘lib, u shaxsning u yoki bu turli ma’lumotlar 
bilan ishlash malakasiga, unga munosabatiga, materialning kimmatini tasavvur 
qilishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Eng xarakterli narsa o‘qi, inson faqat eshitgan 
ma’lumotining 10 foizini, eshitgan va ko‘rgan narsasining 50 foizgachasini, o‘zi faol 
bajargan ishlarining deyarli 90 foizini yodda saqlaydi. Bu ko‘plab psixologik 
eksperimentlarda isbot qilingan. Shaxsning o‘zi o`ylab topib, o‘zi bevosita bajargan 
ishlari juda oson esga tushadi. Bu hodisa psixologiyada generatsiya effekti deb ataladi. 
Agar talaba yoki o‘quvchi ham o‘zi biror teoremani mustaqil ravishda isbot qilgan 
bo‘lsa, yoki biror xulosaga mustaqil ravishda kelolgan bo‘lsa, o‘qituvchi tushuntirgan 
hodisaga yaqin narsa to‘g‘risida o‘rtoqlariga so‘zlab bergan bo‘lsa, albatta uni 
hohlagan paytda osongina esga tushiradi. Shuning uchun ham ohirgi paytlarda o‘yin 
metodlari, munozara metodlaridan o‘quv jarayonida ham keng foydalanilmoqda. 
Hattoki, kattalarni qisqa fursatda o‘qitish va malakalarini oshirishda ham turli xil 


amaliy o‘yinlardan, ijtimoiy psixologik treninglardan foydalanishning ma’nosi ham 
shunda-yaxshi va tez eslab qolish hamda samarali esga tushirish. Iqtisodiy o‘quvlarda 
turli xil «keys stadi”larni tahlil qilish va o‘z nuqtai nazaricha maqbul harakat shakllari 
qarorlar qabul qilish ham mutahassislar malakasini oshirishga samarali ta’sir 
ko‘rsatadi. 
Shu o‘rinda xotiraning sakkiz qonunini eslab qo‘yishni taqlif etamiz: 
Anglanganlik qonuni. Oddiy, lekin murakkab qonun, ya’ni berilgan materialni 
qanchalik chuqur anglasak, shunchalik uni mustahkam xotirada muhrlagan bo‘lamiz. 
Qizikish qonuni. Anatol Frans: «Bilimlarni yaxshi xazm qilish uchun uni ishtaxa 
bilan yutish kerak” deganda, albatta, materialga jonli kizikish bilan munosabatda 
bo‘lishimiz, va uni yaxshi ko‘rishimiz kerakligini nazarda tutgan. 
Ilgarigi bilimlar qonuni. Ma’lum mavzu yuzasidan bilimlar qanchalik ko‘p 
bo‘lsa, yangisini esda saqlab qolish shunchalik oson bo‘ladi. Masalan, ilgari o‘qigan 
biror kitobni qaytadan o‘qib, uni yangidan o‘qiyotganday his kilsangiz, demak, siz 
ilgarigi tajribangiz yetishmaganligidan uni yaxshi o‘zlashtira olmaganligingizni his 
qilishingiz mumkin. Demak, eski bilimlar ham tajribaga aylangandagina, yangilariga 
zamin bo‘la oladi. 
Eslab qolishga tayyorlik qonuni. Biror materialni eslab qolishdan avval, 
bo‘lg‘usi aqliy ishga qanday hozirlik ko‘rgan bo‘lsangiz, shunga mos tarzda eslab 
qolasiz. Masalan, fizika o‘qituvchisining barcha darslari sizga doimo ma’qul bo‘lgan 
bo‘lsa, Siz: «Bugun ham yangi narsa o‘rganib chiqaman”, deb o‘zingizni ishontirasiz 
va okibatda natija ham yaxshi bo‘ladi. Yoki vaqtga nisbatan tayyorlik ham shunday. 
«Bir amallab imtixon topshirsam, keyin qutulaman”, deb darsga tayyorlangan 
bo‘lsangiz, imtixon tugagach, go‘yoki miyangizni birov «yuvib qo‘yganday” tasavvur 
hosil bo‘ladi. Agar materialni mutaxassis bo‘lishim uchun juda kerak, deb umringiz 
ohirigacha muhimligini anglasangiz, u narsa xotirada muqim saqlanadi. 
Assosiasiyalar qonuni. Bu qonun xakida eramizdan avval Arastu ham yozgan 
edi. Qonunning mohiyati shundaki, bir vaqtda shakllangan tasavvurlar xotirada ham 
yonma-yon bo‘ladi. Masalan, ayni konkret xona o‘sha yerda ro‘y bergan hodisalarni 
ham eslatadi. 
Birin-ketinlik qonuni. Harflarni alfavitdagi tartibida yoddan aytish oson, uni 
teskarisiga aytish qiyin bo‘lganidek, xotirada ham ma’lumotlarni ma’lum tartibda 
joylashtirishga va kerak bo‘lganda, tartib bilan birin-ketin tiklash maqsadga 
muvofiqdir. 
Kuchli taassurotlar qonuni. Eslab qolinadigan narsa to‘g‘risidagi birinchi 
taassurot qanchalik kuchli bo‘lsa, unga aloqador obraz ham shunchalik yorqin bo‘ladi. 
Bundan tashqari, siz uchun ahamiyatli va jozibali ma’lumotlar oqimida eslanayotgan 
material ham yaxshi esga tushiriladi. 
Tormozlanish qonuni. Har qanday muayyan ma’lumot o‘zidan oldingi 
ma’lumotni tormozlaydi. Shuning uchun uning uchib ketmasligi uchun yangini esda 
saqlashdan avval mustahkamlash choralarini ko‘rishingiz kerak. 


Demak, yaxshi kuchli bilimlarga ega bo‘lish uchun har bir predmet yoki fanning 
mavzularini o‘ziga hos tarzda yoqtira olish va xotirada saqlash uslublarini ishlab 
chiqishingiz kerak ekan. Lekin albatta, matematika fanidan keyin fizikani, tarixdan 
keyin adabiyot fanini, shehr yodlashni uyku oldidan amalga oshirmaslikni maslahat 
beramiz.
Idrok va xotira jarayonlarining samaradorligi yana bir muhim psixik 
jarayonga bog‘liqki, u ongni u yoki bu idrok qilinadigan va eslab qolinadigan ob’yekt 
yoxud predmetga yo‘naltirib turadi. Bu psixik jarayonni psixologiyada diqqat deb 
atashadi. Diqqat-shunday psixik jarayonki, u shaxs ongining narsa va hodisalarga 
yo‘nalganligini aks ettiradi. Diqqat ham ta’lim-tarbiya tizimida boshqariladigan 
jarayondir. Talabalar o‘z faoliyatlarida uning salbiy jihatlarini ham bilishlari kerak. 
Bu birinchi navbatda-parishonxotirlik bilan bog‘liqdir. Bu sifat ish va o‘qish 
faoliyatida samaradorlikni pasaytiradi, diqqatning uzoq vaqt davomida jadal bir 
narsaga qaratishda layoqasizlikda, tez-tez va oson bo‘linib turishida namoyon bo‘ladi. 
Shuningdek, diqqatning xaddan tashqari harakatchanligi(ko‘chuvchanligi) va 
aksincha, harakatsizligi(barqarorligi) kabi xususiyatlari ham kuzatiladi. Yuqorida biz 
alohida ta’kidlagan psixik jarayonlar-idrok, sezgilar, diqqat va xotira ob’yektiv 
olamning odam tomonidan aks ettirilishini ta’minlaydi, ushbu mazmunning tahliliy
o‘zlashtirilishi esa tafakkur jarayoni vositasida amalga oshadi. 
SAVOL VA TOPSHIRIQLAR 
1.
Bilish jarayonlari haqida so`zlab bering. 
2.
Idrok nima va uning qonuniyatlarini sanab bering. 
3.
Analizator necha qismga bo`linadi? 
4.
Xotiraning sakkiz qonuni haqida so`zlab bering. 
5.
Fenominal xotirali kishilardankimlarni bilasiz? 
ADABIYOTLAR 
1. Dyui Dj. "Psixologiya i pedagogika mыshleniya". M., Progress, 1998. 
2. Karnegi D. "Kak zavoyevat druzey i okazjat na nix-vliyaniye".M., Progress, 
1990. 
3. Karimova V. M. Targ‘ibotning psixologik uslublari.-T.: Ma’naviyat, 2000 
- 16 b. 
4. Karimova V. M. Ota-ona maktabi — baxt kaliti.- T., 2002. 
5. Oila psixologiyasi./ Prof. Gʻ. Shoumarov tahr. ostida.- T.: Sharq, 2001 
6. Petrovskaya L.A. "Kompetentnost v obodenii". Sosialno-psixologicheskiy 
trening. M., Universitet, 1989. 
10-Mavzu: 

Yüklə 3,01 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   66




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə