Texnika falsafasi


X.Gyuygensning muhandislik ijodi



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə32/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

X.Gyuygensning muhandislik ijodi. Galiley tadqiqotlari oxirgi hal qiluvchi qadamni tashlash – muhandislik faoliyatining dastlabki namunalarini yaratish uchun mustahkam zamin hozirladi. Eksperimentning ishlab chiqilishi (ixtiro qilinishi) Galileyga nazariya va tabiiy hodisalar (jarayonlar)ning holatlari o‘rtasida muvofiqlikni texnik yo‘l bilan belgilash imkoniyatini berdi. Bu yerda nazariya ideal ob’ektlari holatlarining tajribada ajratilgan real tabiiy jarayon holatlariga muvofiqligi (izomorfizmi) haqida gapirish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bunday muvofiqlikni aniqlash nazariya-dan keng foydalanishga, yangi bilimlar olishga real ob’ekt parametr-larini to‘g‘ri aniqlashga yo‘l ochar, bularning barchasi jamuljam holda tabiat kuchlari va energiyalarini ishga solib, ulardan foyda-lanishni ta’minlar edi. Agar nazariya va real jarayon muvofiqligi mavjud bo‘lsa, biz antik davr texnik-faylasuflari (Arxit, Evdoks, Arximed) qanday vaziyat bilan ishlagan bo‘lsalar, shunday vaziyatni olamiz.
Galiley o‘z oldiga texnik qurilmalar yaratish, real ob’ektlar-ning parametrlarini aniqlash uchun zarur bilim olish maqsadini qo‘ymagan. Qiya tekislikdan foydalanish g‘oyasini ilgari surar va uning parametrlarini belgilar ekan, Galiley bu vazifani tabiat qonunlarini tavsiflovchi yangi fanni yaratish jarayonida, “yo‘l-yo‘lakay” hal qilgan. X.Gyuygens esa o‘z oldiga Galiley vazifasining ziddi sifatida namoyon bo‘luvchi vazifani qo‘ygan. Galiley muayyan tabiiy jarayon (jismning erkin tushishi)ni berilgan deb hisoblagan va shundan so‘ng mazkur jarayonning yuz berish qonunini tavsiflovchi bilim (nazariya)ni yaratgan. X.Gyuygens o‘z oldiga qarama-qarshi vazifa – nazariyada berilgan bilim (ideal jarayon parametrlarining o‘zaro nisbati)ga tayangan holda mazkur bilimga muvofiq keluvchi real tabiiy jarayon xossalarini aniqlash vazifasini qo‘yadi. X.Gyuygens ishining tahlili u hal qilgan vazifa aslida nisbatan murakkabroq bo‘lgani va nafaqat berilgan nazariy bilimda tavsif-langan tabiiy jarayon xossalarini aniqlashni, balki nazariy darajada X.Gyuygens uchun qiziqarli bo‘lgan tabiiy hodisalarni tavsiflovchi qo‘shimcha bilimlar olish, izomorfizm nisbatini ta’minlovchi shartlarni qanoatlantirish, ob’ektning tadqiqotchi o‘zi boshqarishi mumkin bo‘lgan parametrlarini belgilashni ham nazarda tutganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, aniqlangan parametrlarni ko‘rsatmali mulohazalar asosida belgilanadigan boshqa parametrlar bilan konstruktiv bog‘lash va berilgan boshlang‘ich nazariy bilimda tavsiflangan tabiiy jarayonni ro‘yobga chiqaruvchi texnik qurilmani yaratishga erishish ham talab etilgan. Boshqacha qilib aytganda, X.Gyuygens yangi davr texnik va olimlari orzusi hamda g‘oyasini ro‘yobga chiqarishga – ilmiy nazariy mulohazalardan kelib chiqib real tabiiy jarayonni ishga tushirishga, uni inson faoliyati mahsuliga aylantirishga harakat qiladi. Umuman olganda, u bunga muvaffaq bo‘ladi. X.Gyuygens oldida turgan muhandislik vazifasi mayatnigi izoxron tebranuvchi, ya’ni muayyan fizik nisbatga (bunday mayatnik-ning yo‘ldagi biron-bir nuqtadan uning eng quyi nuqtasigacha tushish vaqti tushish balandligiga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas) bo‘ysunuvchi soat yasashdan iborat bo‘lgan. X.Gyuygens jismning mazkur nisbatni qanoatlantiruvchi harakatini tahlil qilib, agar mayatnik cho‘qqisi pastga qaragan sikloid bo‘ylab tushadigan bo‘lsa, u izoxron harakat qiladi, degan xulosaga keladi. Shundan so‘ng u mayatnikni ipga osadi va uning ikki tomoniga sikloidsimon-bukilgan tasmalarni shunday joylashtiradiki, “mayatnik tebranganida ip ikkala tomondan qiy-shiq yuzalarga yondosh bo‘lsin. Shunda mayatnik chindan ham sikloidni tavsiflaydi”4.
Shunday qilib, X.Gyuygens mayatnikning ishlashiga qo‘yilgan texnik talab va mexanikaga oid bilimlardan kelib chiqib, mazkur talabni qanoatlantirishi mumkin bo‘lgan konstruksiyani aniqlaydi. Mazkur texnik vazifani yechar ekan, u antik davr va o‘rta asrlar texnik faoliyatiga xos bo‘lgan odatdagi sinov hamda xatolar metodi-dan voz kechib, fanga murojaat etadi. X.Gyuygens soat mexanizmi ayrim qismlarining ishlashini tabiiy jarayon va qonuniyatlar bilan bog‘laydi, so‘ngra ularni nazariy tavsiflab, olingan bilimlardan yangi mexanizmning konstruktiv xossalarini aniqlash uchun foydala-nadi. Mayatnikning tabiatini o‘rganish jarayonida X.Gyuygens Gali-ley aniqlagan ilmiy bilim (ideal ob’ektlar) va real muhandislik ob’ekti o‘rtasidagi munosabatlarga tayanadi. Ammo, Galiley real ob’ektni ideal ob’ekt bilan muvofiq holatga keltirish, aksincha, mazkur ideal ob’ektni “eksperimental” modelga aylantirish uchun nima qilish kerakligini ko‘rsatib bergan bo‘lsa, X.Gyuygens ideal va real ob’ektlarning nazariya va eksperimentda olingan muvofiqligi-dan texnik maqsadlarda foydalanish uchun nima qilish kerakligini namoyish etdi. Shu tariqa X.Gyuygens va Galiley muhandislik tafak-kuri va faoliyatining negizini belgilovchi ilmiy bilimlardan amalda izchil foydalanishni amalga oshirdilar. Qo‘yilgan texnik vazifa bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday ob’ekt muhandis uchun, bir tomondan, tabiiy qonunlarga bo‘ysunuvchi tabiat hodisasi sifatida, boshqa tomondan esa – sun’iy yo‘l bilan (“boshqa tabiat sifatida”) yaratish lozim bo‘lgan mehnat quroli, mexanizm, mashina, qurilma sifatida amal qiladi. Muhandislik faoliyatida “tabiiy” va “sun’iy” mo‘ljallarning birikuvi muhandisni fanga ham, mavjud texnikaga ham tayanishga majbur etadi. Fandan u tabiiy jarayonlar haqidagi bilimlarni olsa, mavjud texnikadan materiallar, konstruksiyalar, ularning texnik xossalari, ularni yasash usullari va hokazolar haqidagi bilimlarni o‘zlashtiradi. Mazkur bilimlarni birlashtirib, muhandis tabiat va amaliyotning shunday “nuqta-lari”ni topadiki, ularda, bir tomondan, mazkur ob’ektga qo‘yila-digan talablar undan foydalanish bilan qanoatlantiriladi, boshqa tomondan esa – tabiiy jarayonlar va yasovchi harakatlarning muvofiq kelishi yuz beradi. Agar muhandis mazkur ikki qatlamli “voqelik”da yaratilayotgan ob’ekt faoliyati uchun zarur bo‘lgan tarzda amal qiluvchi tabiat jarayonlarining uzluksiz zanjirini ajratishga, shuningdek, bunday zanjirda jarayonlarni “ishga tushirish” va “quvvatlash” vositalarini amalda topishga muvofiq bo‘lsa, u o‘z maqsadiga eri-shadi. Shu tariqa X.Gyuygens mayatnikning izoxron harakati sikloid-ning yoyilgan ko‘rinishidan iborat bo‘lgan konstruksiya bilan ta’minlanishi mumkinligini ko‘rsatib berishga muvaffaq bo‘lgan. Mazkur konstruksiya yordamida shaklan o‘zgartirilgan mayatnikning tushishi mexanikaning ilmiy bilimlariga ham, soat mexanizmiga qo‘yiladigan muhandislik talablariga ham muvofiq keluvchi tabiiy jarayonga turtki bergan.
O‘z risolasida X.Gyuygens o‘zi hal qilishi lozim bo‘lgan vazifa-larni sanab o‘tadi: Galileyning jismlar tushishi haqidagi ta’li-motini bir qancha yangi teoremalarni isbotlash yo‘li bilan kengay-tirish, egri chiziqlarning kengaytirilgan ko‘rinishlarini o‘rganish (natijada X.Gyuygens evolyutlar va evolventlar nazariyasini yara-tadi), mayatnikning tebranish markazini o‘rganishga doir tadqiqot o‘tkazish, nihoyat, olingan bilimlarni soatning konkret mexanik qurilmasida gavdalantirish. Shundan so‘ng (mexanika, optika va shu kabilarga oid) tabiiy ilmiy bilimlardan turli-tuman texnik qurilmalarni yaratish uchun izchil foydalana boshlaydilar. Buning uchun tabiiy fanda muhandis-olim nazariy bilimlarning maxsus guruhini ajratadi yoki yaratadi. Bunda yaratilayotgan texnik qurilma-ning aynan muhandislik talab va tavsiflari bunday bilimlarni tanlash yoki nazariyada isbot qilish talab etiladigan yangi nazariy qoidalarni ta’riflashga ta’sir ko‘rsatadi. Ayni shu talab va tavsiflar (X.Gyuygens tadqiqoti bilan bog‘liq holda – izoxron mayatnik yasash, shuningdek, o‘sha davrda yaratilayotgan mexanik qurilmalarning texnik tavsiflarini aniqlash talabi) qaysi fizik jarayon va omillarni (jismlarning tushishi va ko‘tarilishi, sikloidning xossalari, og‘ir jismning sikloid bo‘ylab tushishi) o‘rganish, qaysi fizik jarayon va omillarni (havo qarshiligi, ipning yuzaga ishqalanishi) esa e’tibordan soqit etish mumkinligini ko‘rsa-tadi. Nihoyat, nazariya darajasida o‘rganish muhandislik hisob-kitobining ilk namunalariga o‘tish imkoniyatini beradi.
Ayni holda hisob-kitob nazariyada olingan mexanika, optika, gidravlika va hokazolarga oid bilimlardan foydalanishnigina emas, balki ularni dastlab nazariy yo‘l bilan ta’riflashni ham nazarda tutgan. Hisob-kitob – texnik qurilma tavsiflarini, bir tomondan, berilgan texnik (ya’ni, muhandis o‘zi belgilashi va mavjud texnolo-giyada nazorat qilishi mumkin bo‘lgan) parametrlardan, boshqa tomon-dan esa – texnik yo‘l bilan amalga oshirish talab etilayotgan fizik jarayonning nazariy tavsifidan kelib chiqib belgilash. Fizik jarayon tavsifi nazariyadan olingan, so‘ngra mazkur jarayonning muayyan tavsiflariga texnik parametr tusi berilgan, nihoyat, nazariyada fizik jarayon tavsiflarini bog‘lovchi nisbatlardan kelib chiqib, muhandisni qiziqtirayotgan parametrlar belgilangan. Soat haqidagi risolada X.Gyuygens bir nechta hisob-kitobni, chunonchi: oddiy izoxron mayatnik uzunligi, soatning ishlashini rostlash usuli, hajmdor jismlarning tebranish markazi hisob-kitoblarini amal-ga oshirgan. Amalda Arximed nazariyasidayoq o‘ziga xos hisob-kitob-lar (masalan, suzuvchi jismlarning turg‘unligi hisob-kitobi) mavjud bo‘lgan va antik davrning buyuk olimi ular yordamida texnik qurilmalarni hisob-kitob qilgan bo‘lsa kerak. Ammo Arximed uchun hisob-kitob – fan chegarasidan tashqarida yotuvchi faoliyat. Texnik qurilmani hisob-kitob qilish Arximed tasavvurida matematik g‘oya (mohiyat) mavjudligining ayrim ko‘rinishlaridan birini aniqlash-dan boshqa narsa bo‘lmasa kerak. Arximed kabi olim uchun bunday vazifalarni yechish mumkin bo‘lgan va u yaratgan mexanizmlarga qara-ganda, mazkur vazifalarni u (ko‘p karra) yechishga muvaffaq bo‘lgan.
X.Gyuygens tadqiqoti yana bir jihatdan diqqatga sazovor: uning asarida tegishli matematik egri chiziq va ular bo‘ylab harakatlanayot-gan jismlar (ya’ni, matematika va mexanikaning ideal ob’ektlari) tavsiflarigina emas, balki soat konstruksiyasi yoki uning element-lari (masalan, sikloidsimon bukilgan tasmalar) rasmi ham keltiri-ladi. Bir tadqiqotda ikki xil (ideal va texnik) ob’ektlar tavsifi-ni bunday birlashtirish muayyan ideal ob’ektlarni tanlash va tuzishni dalillash bilan bir qatorda, butun tadqiqotni alohida tarzda tushunish imkoniyatini ham beradi: bu sof ilmiy bilish ham, oddiy texnik tuzish ham emas, balki aynan muhandislik faoliyati-dir. Uning asosida alohida muhandislik borlig‘i vujudga keladi. Mazkur borliq doirasida XVIII, XIX asrlarda, XX asr boshida muhandislik faoliyatining asosiy turlari: muhandislik ixtirochi-ligi, konstruksiyalash va loyihalash shakllanadi.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə