Texnika falsafasi


-mavzu.TEXNIKA FALSAFASI O‘QUV PREDMETI SIFATIDA



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə2/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

1-mavzu.TEXNIKA FALSAFASI O‘QUV PREDMETI SIFATIDA


Texnika falsafasiga oid yondashuvlar. Falsafa tarixida texnika xususida ziddiyatli qarashlarga duch kelish mumkin, lekin bu ziddiyat noan’anaviy xususiyatga ega. Masalan, antik falsafada “texne” tushunchasiga duch kelish mumkin, lekin u texnikani emas, balki har qanday buyumlar yasash texnikasini (rasm chizish va haykal yasashdan boshlab texnika qurilmalari, masalan, harbiy mashinalar yasashgacha) anglatadi. F. Bekon ham mashinalar va texnika qurilma-lari yasash imkoniyati hamda ular odamlarga keltirishi mumkin bo‘lgan foyda haqida mulohaza yuritadi. Ammo bu mulohazada texnika fenomeni va tabiatining o‘zi nazarda tutilmaydi, chunki u inson ongida mustaqil, eng muhimi – muammoli borliq sifatida hali shakllanganicha yo‘q. XIX asrdagina texnika mustaqil borliq sifati-da anglana boshlandi, mazkur borliqni tushunib yetishning alohida shakllari (avval texnika fanlari metodologiyasida, keyinroq falsa-fada) paydo bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda texnika “Texnika falsafasi” degan nom olgan fanda har tomonlama va atroflicha o‘rganiladi. “Texnika falsafasi” atamasi kishini chalg‘itishi mumkin. Bir qarashda bu falsafaning texnika anglab yetiladigan va tahlil qilinadigan bo‘limidek bo‘lib tuyuladi. Ammo bu tasavvur qay darajada to‘g‘ri? Bugungi kunda “san’at falsafasi”, “fan falsafasi”, “tabiat falsafasi”, “ma’na-viyat falsafasi”, “huquq falsafasi”, “madaniyat falsafasi” (“tex-nika falsafasi” yoki “ta’lim falsafasi” bilan o‘xshashlik bo‘yicha) kabi falsafiy bilimlar (falsafa bo‘limlari)ga ko‘proq falsafiy bilimning tarixiy shakli sifatida yondashiladi. Falsafiy bilimni tashkil etishning bunday shakli hozirgi davr bilan hamohang emas-dek, o‘tgan zamon hodisasidek bo‘lib tuyuladi. Ammo fanlarning “falon sohani o‘rganish falsafasi” degan nomi saqlanib qolgan. Xo‘sh, ular hozirgi davrda nimani anglatadi? Avvalambor, agar bu falsafa bo‘lsa, noan’anaviy, zamonaviy falsafadir. Yagona falsafiy tizimning yo‘qligi, texnikani anglab yetishning falsafiy usulidan tashqari tarixiy, aksiologik, metodologik, loyihaviy usullari, texnika falsafasiga doir amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarning mavjudligi ham buni tasdiqlaydi. Texnika xususidagi mulohaza-larga tafakkurning mazkur fenomen g‘oyasi va mohiyatini aniqlash, uning madaniyat va ijtimoiy universumdagi o‘rnini tushunish, uni o‘rganishga nisbatan tarixiy yondashuvni belgilaydigan yondashuvlari falsafiy tus beradi. Ba’zan tafakkurning bu xususiyatlari jamul-jam holda falsafiy transsendensiyalash sifatida tavsiflanadi, bunda aynan transsendensiyalash falsafani texnika falsafasiga aylantirishi ta’kidlanadi.
Ayrim olimlar texnika falsafasi – falsafa emas, balki texnika ustida keng faoliyatni o‘zida ifodalovchi bilimlarning fanlararo sohasidir1, degan fikrni ilgari suradilar. Bu nuqtai nazarni mustahkamlash uchun, asosan, ikkita dalil keltiriladi. Birinchisi, texnika falsafasi mazkur fenomenni anglab yetishning turli xil shakllarini o‘z ichiga oladi, shu tufayli ham til jihati-dan klassik falsafiy an’analardan ancha uzoqlashadi. Ikkinchi dalil texnika falsafasi hal qiluvchi vazifalar xususiyati bilan bog‘liq. Bu vazifalarni yechish metodologiyasiga nazar tashlash texnika falsa-fasi, asosan, ikki vazifani yechishga qarab mo‘ljal olishini ko‘rsatadi. Birinchi vazifa – texnikani anglab yetish, uning tabiati va mohiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish texnikaning inqirozi bilan emas, balki hozirgi zamon “Texnogen sizivilizatsiyasi”ning inqirozi bilan belgilanadi. Uni yechish jarayonida sivilizatsiyaning ekologik, esxatologik, antropologik (ma’naviy) va madaniy inqiroz-lari bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekanligi, bunda texnika kengroq ma’noda – hamma narsa va hodisalarga texnik munosabat dunyo miqyosidagi mazkur beqarorlik omillaridan biri hisoblanadi. Ayni shu sababli sivilizatsiyamizni “Texnogen sivilizatsiya” deb nomlov-chilar soni ko‘payib bormoqda. Bunda sivilizatsiyaning barcha jihat-lari va insonga texnikaning ta’siri, shuningdek, sivilizatsiya taraqqiyotining teran texnik asoslari nazarda tutiladi1.
Ikkinchi vazifa ko‘proq metodologik tabiatga ega: bu falsafa-da texnika inqirozi muammosini yechish yo‘llarini izlashda namoyon bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu yo‘llarni izlash, eng avvalo, yangi g‘oyalar, bilimlar va loyihalar intellektual sohada amalga oshiri-ladi. Masalan, insoniyat madaniyati va sivilizatsiya inqirozini ko‘p-gina faylasuflar hamda texnik taraqqiyot bilan bog‘laydilar. Chunon-chi, M.Xaydegger hozirgi zamon texnikasi tabiatni ham, insonni ham o‘z “xizmatkori” (texnikaning funksional elementi)ga aylantir-ganini davrimizning asosiy muammosi deb hisoblaydi2. K.Yaspers ham ayni shu xususda so‘z yuritar ekan, inson ishlov berish uchun mo‘ljallangan xom ashyo turlaridan biriga aylanayotganini va o‘zi yaratgan texnika hukmidan xalos bo‘la olmayotganini ta’kidlaydi4. Eng achinarlisi shundaki, buning natijasida tabiat ham, inson ham tanazzulga uchramoqda, vayron bo‘lmoqda, chunki jonsiz mashina – ishlab chiqarish omilining oddiy funksional elementlari va materialiga aylanmoqda. L.Memford inqirozning sababini boshqa narsada – madaniyatda “megamashinalar” (inson faoliyatining murak-kab ierarxiyaviy tuzilmalari)ning ahamiyati haddan tashqari oshib ketganida ko‘radi5.
Kasallik qanday tushuntirilgan bo‘lsa, uni davolash uchun ko‘rsatilgan yo‘llar ham shunday bo‘ladi. M.Xaydegger inson o‘zi allaqachon texnika “omili”ga aylangani va tabiatni ham “omil”ga aylantirganini anglab yetishi lozim, deb hisoblaydi. L.Memford “megamashina”ni vayron qilishga chaqiradi. Shu narsa diqqatga sazo-vorki, texnika yaratgan muammolarni texnika yordamida yechish mumkinligiga ikkala faylasuf ham ishonmaydi. Ularning bu fikri-ga boshqa faylasuflar ham qo‘shiladi. Masalan, J.Martin bugungi kunda sayyoramizga yetkazilgan zarar oqibatlarini tugatishdan ko‘ra sayyoramizning o‘zini yo‘q qilib tashlash osonroq ekanligini tan olar ekan, ayni vaqtda, “bu muammoni texnologiya yaratgan, lekin uning birdan-bir yechimi – texnologiyaning rivojlanishiga monelik qilish emas, balki uni har tomonlama rivojlantirish. Texnologiyadan voz kechish yoki uning rivojlanish jarayonini to‘xtatish dunyoni misli ko‘rilmagan muhtojliklarga mahkum etishdan boshqa narsa emas... Tabiat bilan uyg‘un bo‘lgan texnologiyalarni tanlash va rivojlan-tirish zarur”6, deya ta’kidlaydi. Lo‘nda qilib aytganda, ayrim fayla-suflar texnika (texnologiya)ni insoniylashtirish, tabiat va inson bilan muvofiq holatga keltirish lozim, deb hisoblaydilar. Ayni vaqtda, ba’zi faylasuflar7 hozirgi zamon texnogen sivilizatsiyasini insoniylashtirish yo‘lidagi har qanday urinishlar behuda ish, chunki tizim bunday “kosmetik operatsiyalar”ga nisbatan o‘ta chidamlilikni namoyish etishga qodir, degan fikrni asoslashga harakat qiladilar. Shu narsa diqqatga sazovorki, bahslashayotgan taraflarning ikkalasi ham o‘z qarashlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ancha ishonarli dalillar keltiradilar.
Agar texnika falsafasi bu yerda ko‘rsatilgan ikki asosiy vazifa (texnikaning tabiati va mohiyatini anglab yetish, shuningdek, texnika va texnogen sivilizatsiyasi ta’sirida vujudga kelgan inqirozdan chiqish yo‘llarini izlash)ni bajarsa, u falsafa emas, balki ayrim metodologiya, shuningdek, fanlararo tadqiqot va ishlanmalar maqomiga ega bo‘ladi. Hozirgi vaqtda ayrim faylasuf-lar, masalan, V.Shvirev, A.Ogursov hozirgi zamon noklassik falsa-fasi odatdagi muammolardan tashqari aynan metodologik va amaliy vazifalarni yechish bilan shug‘ullanadi, bu vazifalar texnika falsafasida muhokama qilinadigan vazifalarga o‘xshab ketadi, deb hisoblaydilar. Darhaqiqat, so‘nggi zikr etilgan holda texnika falsafasi to‘laqonli noklassik falsafiy fan hisoblanadi.
Texnika falsafasining maqomi va tabiati to‘g‘risidagi masala yana bir muammo bilan bog‘liq: texnika falsafasiga amaliy vazifa-lar va muammolarni kiritish o‘rinli bo‘ladimi? Amalda bunday vazifalar va muammolarni texnika falsafasiga kiritish jarayoni yuz bermoqda: bugungi kunda ushbu fanga, masalan, ilmiy-texnika siyosati asoslarini belgilash, ilmiy-texnika va gumanitar-texnika ekspertizalari metodologiyasini ishlab chiqish, ilmiy-texnikaviy prognozlashtirish metodologiyasini yaratish kabi muammolar kiri-tilmoqda. Ammo texnika falsafasi shakllanish jarayonining dast-labki davrida, ya’ni XIX asr oxiri XX asr boshida mazkur fanga bunday amaliy muammolar kiritilmagan. Bu o‘rinda shunday savol tug‘iladi: tabiatan va hajman har xil bo‘lgan ikki soha – texnika muammolari, tabiati va mohiyatini falsafiy-metodologik o‘rganish, shuningdek, intellektual sohada bu muammolarni yechish yo‘llarini izlash hamda amaliy muammo va vazifalar sohasini bitta “falsa-fiy” fan doirasida birlashtirish maqsadga muvofiqmi yoki texnika falsafasidan amaliy muammo va vazifalarni ajratish to‘g‘riroq bo‘ladimi?

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə