Texnika falsafasi



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə6/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Tayanchlarning ko‘p sonliligi tamoyili. Qadriyatlarga tuzatish kiritish zarur bo‘lgan vaziyatda tayanchlarning ko‘p sonliligi tamoyi-li asosiy e’tiborni ishlarning ikki yo‘nalishiga qaratadi. Birin-chisi – qadriyatlarning yangi sharoitlar bilan muvofiq kelmaydigan eski talqinini tanqid, mazkur talqinni kishilar hayoti va faoliyati-dagi turli xil tayanchlar bilan bog‘lovchi aloqalar to‘plamining mavjudligini inobatga olishi lozim. Bu tayanchlarga e’tiborsizlik barcha oqilona dalillar mo‘rtligining bosh sababidir. Ikkinchisi – qadriyatning ijtimoiy ongdagi yangicha talqini u etno-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va boshqa sohalarda o‘z tayanch-larini topganlaridan keyingina hamjamiyat tomonidan qabul qili-nadi36.
Qadriyatlar tizimlarining uyg‘unligi tamoyili. “Ierarxiya o‘rnini qadriyatlar o‘rtasidagi tizimli, uyg‘un aloqalar haqidagi yanada samarali va realistik tasavvur egallashi lozim. Qadriyatlar tizimlarining uyg‘unligi tamoyili asosiy kuch-g‘ayratni ierarxiya tuzishga emas, balki qadriyatlarni o‘z ichiga oluvchi faoliyat mexani-zmlarini aniqlashga, qarorlar qabul qilishda qadriyatlarni o‘zaro nisbatlash qoidalari va strukturalariga qaratadi”37.
Konstruktiv aksiologiyaning sanab o‘tilgan tamoyillariga muallif yana ikkita, ta’bir joiz bo‘lsa, “realizatsiya” tamoyilini qo‘shimcha qiladiki, biz ularni falsafiy tafakkurga tatbiqan qayta ta’riflaymiz.
Konstruktivlik tamoyili qoidalarning oqilonaligi, reflek-sivligi, tanqid va tuzatish kiritish uchun ochiqligi, mantiqiy izchil-ligini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, falsafiy fikrlash asoslari aniq mazmunga ega va bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi lozim. Asosli tanqid bo‘lgan taqdirda mazkur tuzilmaning ayrim bo‘g‘inlarini yoki asoslar o‘rtasidagi aloqalarning o‘zini tuzatish, to‘ldirish yoki almashtirish imkoniyati mavjud bo‘lishi kerak.
Qadriyatlarni asoslash tamoyili falsafiy tafakkurni asos-lashga da’vogar bo‘lgan turli dunyoqarash va nuqtai nazarlar uchun qadriyatlarning umumiy tilini belgilashni anglatadi38.
Nihoyat, N.S.Rozov qadriyatlarning quyidagi uch muhim guruhini ajratishni taklif qiladi: 1) kardinal qadriyatlar; 2) subkardinal qadriyatlar; 3) etos qadriyatlar. Qadriyatlarning dastlabki ikki guruhiga izoh berib o‘tamiz.
Kardinal qadriyatlar. “Bular shunday bir qadriyatlarki, ular-ning buzilishi individ va hamjamiyatlarning o‘z mo‘ljallariga muvofiq yashash, fikrlash va ish ko‘rish huquqlariga bevosita daxl etadi. Shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, jismoniy yaxlitligi va daxlsizli-giga tegishli bo‘lgan vital qadriyatlar, shuningdek asosiy fuqarolik huquqlari kardinal qadriyatlar hisoblanadi...”39. N.S.Rozov kardi-nal qadriyatlarni umum ahamiyatga molik qadriyatlar deb hisoblab shunday tavsiflaydi: “Sub’ektlarning hayot mo‘ljallari har xil bo‘l-gan sharoitlarda shunday umumiy qadriyatlarni belgilash zarurki, ularni amalga oshirish hozirgi va kelajak avlod sub’ektlariga hayot-ni o‘z mo‘ljallariga muvofiq qurishga amalda imkoniyat yaratsin”40.
Subkardinal qadriyatlar. Subkardinal qadriyatlar kardinal qadriyatlarga shu ma’noda bo‘ysunadiki, subkardinal qadriyatlarning buzilishi kardinal qadriyatlarga amalda xavf tug‘diradi. Subkardi-nal qadriyatlarga mashhur siyosiy-huquqiy tamoyillar: matbuot erkinligi va mustaqilligi, fuqarolarning saylash va saylanish huquqlari, sudning mustaqilligi tamoyili, shuningdek, ekologik qadriyatlar kiradi41.
Agar biz texnikani o‘rganish pirovard natijada hozirgi sivi-lizatsiya va madaniyat inqirozidan chiqishga ko‘maklashishi lozim, degan g‘oyani qabul qilsak, N.S.Rozovning konstruktiv aksiologiyasi qoidalariga amal qilish bizga fikrlash jarayonida yordam berishi mumkin.
Ikkinchi qoida o‘rganish ob’ekti sifatidagi texnikaning (umu-man emas, balki aynan falsafada) o‘ziga xos xususiyatlariga tegishli. O‘z vaqtida M.Xaydegger falsafa texnika fenomenining o‘zini emas, balki texnikaning mohiyatini o‘rganishini qayd etgan edi. M.Xaydeg-ger fikriga ko‘ra, texnikaning mohiyati hozirgi zamon madaniyati-ning yashirin tomonlarini ochib berishida, aniqroq aytganda – inson va tabiatni ishlab chiqarish omiliga aylantirishida namoyon bo‘ladi. Nazarimizda, texnikaning mohiyati bundan ham murakkab. Mohiyat haqida gapirganda, biz texnika hodisalarini anglab yetish, texnik rivojlanish jumboqlarini tushuntirish, texnikaning shakllanishi va amal qilishini o‘rganishga qaratilgan nazariy faoliyatga yo‘l ko‘rsatish, texnika falsafasining amaliy vazifalarini hal qilish uchun zarur bo‘lgan bilimlarni shakllantirish imkoniyatini beruvchi tasavvurlarni nazarda tutamiz.
Navbatdagi metodologik qoida – texnikaning ontologik tav-siflarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sintez qilish, texnikaning umumiy ta’riflarini yaratishga urinishlar samarali emasligini tan olish. Nazarimizda, tadqiqotchilar texnikaning turli (moddiy, faoliyatga doir, aksiologik, kulturologik va h.k.) ontologik tavsiflarini to‘plash, umumlashtirish va yaxlit bir butunga birlashtirish orqali bilimlarning o‘sishiga erisha olmaydilar. Bunday umumlashtirish-larning barchasi mexanik xususiyat kasb etadi. Texnika texnika falsafasini o‘rganish ob’ekti sifatida alohida tuzilmadir: garchi empirik darajada u ko‘z o‘ngimizda substansiya, konstruksiyalar sifa-tida namoyon bo‘lib, sirtdan tabiiy fanlar va texnika fanlari ob’ektlarini eslatsa-da, falsafiy o‘rganishda texnika ko‘proq guma-nitar bilish ob’ekti hisoblanadi. Falsafada texnika faqat birin-chi tabiat ob’ektlari kabi, inson mavjudligi bilan bog‘liq bo‘l-magan, inson borlig‘iga ta’sir ko‘rsatmaydigan fenomen sifatida qaralishi mumkin emas. Texnikada inson o‘z-o‘zi bilan, o‘zining g‘oya-lari bilan uchrashadi, lekin bu yerda mazkur g‘oyalar alohida texnik borliq sifatida amal qiladi. Borliq sifatida texnika amalda yuz beradi, inson tomonidan yaratiladi va idrok etiladi. Hozirgi vaqtda texnikaga nisbatan samaradorlik yoki ishonchlilik muammolari-nigina emas, balki texnika taqdiri, texnika mazmuni, texnika bilan mavjudlik, texnikaga bog‘liqlikdan xalos bo‘lish kabi muammo-larni, ya’ni sof gumanitar va falsafiy masalalarni ham yechishga to‘g‘ri kelmoqda. Bunda ancha murakkab muammo yuzaga keladi: agar texnika (texnikaning mohiyati) har bir madaniyatda o‘zgarib turuvchi talqini va konsepsiyalarini o‘z ichiga olsa, bundan tashqari, alohida texnik borliq sifatida qaralishi lozim bo‘lsa, texnikaning mavjud-ligi haqida qaysi ma’noda gapirish mumkin?
Umuman, mavjudlikning gumanitar talqinini qanday ta’rif-lash mumkin? Bu tadqiqotchining o‘z tajribasi, uning qadriyatlari bilan bog‘langan mavjudlik tipi. V.Diltey bu haqda shunday deb yozgan edi: “Boshqa narsa yoki hodisani anglab yetish imkoniyati naza-riy bilishning eng chuqur muammolaridan biridir... Bu imkoniyat sharti shundan iboratki, begona individuallikning namoyon bo‘lishi-da anglab yetayotgan sub’ektda mavjud bo‘lgan muayyan unsur amal qilmasligi mumkin emas”42. Ayni vaqtda mavjudlikning mazkur tipi gumanitar fanlar va amaliyotlarning ijtimoiy tajribasi bilan ham bog‘lanadi. Garchi mavjudlik “gumanitar” tushunchasi individual yondashuv va dunyoqarash bilan bog‘langan, hatto inson hayot faoliyati va amaliyotining gumanitar sohalari (san’at, pedagogika, axloq va h.k.)ga qaratilgan bo‘lsa-da, lekin bilish yetakchi pozitsiya bo‘lib qoladi. Zero individual tajriba emas, balki ijtimoiy taj-riba anglab yetiladi43. Bu o‘rinda ijtimoiy borliqning talqinigina individual hisoblanadi.
Mavjudlikni gumanitar tushunishning boshqacha ma’nosi “borliq” tushunchasi bilan belgilanadi, ya’ni gumanitar yo‘sindagi texnika – “texnik borliq”dir. Hozirgi vaqtda “borliq” tushunchasi mustaqil tushuncha sifatida ilgari surilishi va unga bo‘lgan qizi-qishning yanada kuchayishini belgilagan uch asosiy omilni ko‘rsatish mumkin.
Shaxsiy hayot va shaxsning ahamiyati XIX asrdayoq shu darajada kuchaydiki, individual tajriba va hayot qadriyat sifatida ijtimoiy tajriba va hayot bilan tenglashdi. To‘g‘ri, o‘tgan davrlarda ham ayrim individlar o‘zlarini jamiyat yoki madaniyat bilan teng darajaga qo‘yganlar (shu o‘rinda Suqrotning apologiyasini eslash kifoya bo‘lsa kerak), lekin ular ayrim ezoterik shaxslar bo‘lganlar. Hozirgi vaqt-da shaxs (individ) va madaniyatning nisbatdoshligi ko‘pchilikning ongidan asta-sekin o‘rin olayotgan dalildir.
Ikkinchi omil – fan va bilishning o‘rni yangicha tushunish bilan bog‘liq. I.Kantdan so‘ng ilmiy tafakkur madaniyatning o‘zagi sifati-da tanazzulga yuz tutadi. San’at, din, axloq, insonning ruhiy hayoti, madaniyatga qiziqish kuchayadi. Shu bilan bir vaqtda, ssientizm va ilmiy-texnika taraqqiyoti tanqid ostiga olinadi. Natijada biz bugungi kunda ilmiy bilishni inson hayot faoliyatining shakllari-dan biri sifatidagina idrok etmoqdamiz.
Uchinchi omil – inson hayoti va ijtimoiy hayotning mohiyatini, ruhiyatimiz va ongimiz xususiyatlarini mehnat, faoliyat, ruh emas, balki til va semiotika belgilaydi, degan tobora mustahkamlanib borayotgan faraz. Yuqorida zikr etilgan uch omilni qamrab oluvchi, fikrlash jarayonini ilmiy bilish va ijtimoiy tajribadan simvo-lik hayotning har qanday shakllari va individual tajribaga yo‘nal-tiruvchi yangi tushunchaga ehtiyoj tug‘ildi. “Borliq” tushunchasi aynan shunday tushunchadir. Mavjudlik g‘oyasi uchun eng muhimi ilmiy bilishni ta’minlovchi ontologiya bo‘lsa, “borliq” g‘oyasi uchun eng muhimi individual borliqning to‘laqonliligini ta’minlash va borliqdagi hayotni qaror toptirishdir.
Borliq – shaxs (individ) to‘laqonli umrguzaronlik qilishi mum-kin bo‘lgan dunyo; borliq (mavjudlikdan farqli o‘laroq) – yolg‘iz emas: bir borliqqa boshqa borliqlar qarama-qarshi turadi; nihoyat, bor-liqni bilish mumkin, faqat shu ma’nodagina, ya’ni fizikalistik darajada emas, balki gumanitar darajada u mavjud. Borliq g‘oyasi nuqtai nazaridan mavjudlikning o‘zi ham aslida borliq turlaridan biri, aniqroq aytganda, “ma’rifiy borliq”dir. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘ilishi mumkin: shaxs qaysi ma’noda to‘laqonli yashashi mum-kin, aytaylik, u tushlarda yoki ezoterik borliqlarda yashaydimi? Bu savolga ayrim mualliflar javob berishga harakat qilganlar, xusu-san, inson hayoti psixologik va falsafiy nuqtai nazarlardan “tildagi va til bilan kechadigan hayot” ruhiy va dolzarb faoliyatga o‘tuvchi tilga oid ijod ekanligini ko‘rsatganlar44.
Yuqorida aytilganlar texnikaning mohiyatini aks ettiruvchi yondashuv tavsiflarini ajratish mumkin emas, degan ma’noni angla-tadimi? Bizningcha, anglatmaydi, faqat mazkur tavsiflarni onto-logik nuqtai nazardan emas, balki aynan yondashuv sifatida, texnika-ni tushunishning maxsus tarixiy va madaniy usuli sifatida, texnikaning mohiyatinigina emas, balki texnik borliqni ham o‘rga-nish sifatida tushunish lozim. Ushbu yondashuvni tavsiflashda M.Xaydegger va M.Fuko taklif qilgan o‘rganish metodlaridan foy-dalanish, bizningcha, o‘rinli bo‘ladi. Ya’ni, mazkur yondashuv fikrlash-ning metodologik an’anasini M.Xaydegger va M.Fuko qarashlari bilan bog‘laydi. Ushbu yondashuv kontekstida hozirgi intellektual vaziyat quyidagicha namoyon bo‘ladi.

  • Hozirgi zamon tafakkurining mahsuli o‘laroq fikr bilan uyushtirilgan bilimlar, tushunchalar, ideal ob’ekt va sxemalarni o‘z ichiga oluvchi fan yaratiladi. Funksional jihatdan bu fan uch aso-siy vazifani yechishga qarab mo‘ljal oladi. U muayyan hodisa (o‘rganish ob’ekti), masalan, texnika yoki texnologiyani tavsiflaydi va tushun-tirish imkoniyatini beradi. Mazkur hodisa ijtimoiy ahamiyatga molik ta’sir ko‘rsatish uchun qo‘llanilishi mumkin. Fan – hozirgi zamon tafakkurining pirovard mahsuli. Ishlash nuqtai nazaridan tafakkur, hodisani bilishdan tashqari, mazkur hodisaga ijtimoiy ahamiyatga molik ta’sir ko‘rsatishni, shuningdek, fikrning o‘zini uyushtirish va qayd etishni tavsiflashni ham o‘z ichiga oladi. Bular-ning barchasi jamuljam holda hodisani bilish va unga ijtimoiy ahamiyatga molik ta’sir ko‘rsatishni qayd etish uchun imkoniyat yaratadi.

  • Hodisa (texnika yoki texnologiya) haqidagi fikr – mening fikrim; shu ma’noda u mening mazkur hodisa haqidagi (aprior va aposterior) tasavvurim va unga bo‘lgan munosabatimni, shu jumladan, ushbu hodisaga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatimni ifodalaydi.

  • Hozirgi zamon tafakkuri, odatda, turli mutafakkirlar ish ko‘ruvchi fikrlash kommunikatsiyalari maydonida rivojlanadi. Bunda mazkur mutafakkirlar o‘xshash material va muammolarni turlicha talqin qiladilar va tushuntiradilar. To‘g‘ri fikrlashning zaruriy sharti – qarashlarni anglab yetish, ularning orasidan qo‘shilish mum-kin bo‘lganlarini o‘zlashtirish, qo‘shilish mumkin bo‘lmaganlarini esa dalillar bilan rad etish.

  • Kommunikatsiya jarayonida ishtirok etuvchilarning qarash-lariga munosabatni shakllantirish uchun tegishli diskurslar va konsepsiyalarni, ayni holda texnika diskurslari va konsepsiyalari-ni tahlil qilish zarur. Muayyan hodisa (masalan, texnika) diskursi deganda, uni anglab yetish, talqin qilish va tilda ifodalashning muayyan usulini tushunish, bizningcha, o‘rinli bo‘ladi. Masalan, D.Janiko “texnodiskurs” tushunchasini shunday ta’riflaydi: “Har qanday texnika o‘z lug‘ati, o‘z kodlari, o‘z “listinglari”, o‘z holatlari, o‘z muammolari va operativ ssenariylariga ega bo‘ladi. Texnodiskurs – til faoliyatining audiovizual vositalar orqali amalga oshirila-digan samarali qismi; texnodiskurs – reklama. Texnodiskurs – tex-nokratik fikrlash usuli. Texnodiskurs – dunyo miqyosidagi raqobat, unumdorlik va hokazolar haqidagi siyosiy-mafkuraviy-audiovizual bilimlar majmui. Bu texnodiskurslar jamiyatda texnikaning rivojlanish darajasini aks ettiradi va uni rag‘batlantiradi. Ular dunyo miqyosida texnikaning rivojlanish jarayonini yanada jadallash-tiruvchi “informatsion rele” vazifasini bajaradi”45. Diskursdan farqli o‘laroq, konsepsiya fenomenni muayyan (falsafiy yoki nazariy) nuqtai nazardan tushuntirishni nazarda tutadi. Texnika konsepsiyalarini muayyan diskurslar doirasida rivojlantirish mumkin.

  • Mutafakkirlarning qarashlariga munosabatni shakllanti-rish o‘rganilayotgan hodisaning mohiyatini tushunish va ko‘rsatila-digan ta’sir xususiyatini aniqlashni nazarda tutadi. Xususan, fikr-lashning metodologik maktabi vakillari hodisalarni tarix, mada-niyat, madaniy yoki individual ong, faoliyat, til (semiozis) nuqtai nazaridan tavsiflaydilar. Texnika yoki texnologiya qabilidagi hodi-saning mohiyatini aniqlash bilish va tushuntirish ob’ektiv taomil-larini, binobarin, muammolarni qo‘yish, empirik verifikatsiya, ideal ob’ektlar, tushuncha va sxemalarni yaratish, bilimlarni tizimli tashkillashtirishni o‘z ichiga oladi.

  • Metodologik nuqtai nazardan texnika yoki texnologiya qabi-lidagi hodisalarning mohiyati “dispozitiv” tushunchasi bilan belgi-lanadi. Muayyan hodisaning dispozitivi deganda, ayni shu hodisa-ning ideal ob’ekt sifatidagi tavsifini tushunish, bizningcha, o‘rinli bo‘ladi. Bunda mazkur tavsif ushbu hodisa atrofidagi bahs-munozaralar tahlilini u yoki bu darajada e’tiborga oladi, ayni shu hodisa bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni tushuntirish imkonini beradi, unga ta’sir ko‘rsatish uchun imkoniyat yaratadi. Dispozitiv ob’ekt haqida yaxlit, lekin geterogen tasavvur hosil qilish imko-niyatini beradi. Modallik nuqtai nazaridan ushbu ob’ekt “ehtimol tutilgan ob’ekt” sifatida (masalan, ehtimol tutilgan texnika, ehti-mol tutilgan texnologiya) tavsiflanishi mumkin, chunki mulohaza yurituvchi diskurslarni tahlil qilar ekan, vaziyatni qoniqarsiz deb topib, unga muammo tusini beradi va o‘zini qiziqtirayotgan hodisaga ta’sir ko‘rsatishni mo‘ljallaydi. Keyingi tadqiqotlar hamda ehti-mol tutilgan ob’ektni tavsiflovchi va tushuntiruvchi fanni yaratish jarayonida mazkur ob’ektning tuzilishi aniqlanib, konkretlashti-riladi (zarur holda qayta ko‘riladi). Ushbu fanni tuzish jarayonida dispozitivdan metodologik reja-xarita sifatida, shuningdek, ehti-mol tutilgan ob’ektning konfiguratori sifatida foydalaniladi (shu tufayli ham mazkur fanni “dispozitiv fan” deb nomlash mumkin).

Xulosa. Mulohaza yuritish va fikrlash ishini, uning asos va yondashuv-larini e’lon qilish, o‘z nuqtai nazari va qarashlarini boshqa muta-fakkirlarning fikri bilan nisbatlash, o‘z diskursi aniq va tushu-narli bo‘lishiga erishishga harakat qilish fikrlash kommunikatsiya-sining zaruriy sharti hisoblanadi.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə