Texnika falsafasi


Texnologiyaning tarkibiy tuzilishi



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə48/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Texnologiyaning tarkibiy tuzilishi. Texnologiyalarning rivojlanish jarayonida uch asosiy bosqichni farqlash mumkin. Bu bosqichlar bilan texnologiyaning uch asosiy tarkibiy tuzilishi (strukturasi) muvofiq keladi. Birinchi bosqichga ijtimoiy-madaniy omillar va faoliyatning immanent qonunlari ta’sirida texnologiya-ning o‘z-o‘zidan, stixiyali shakllanishi xos. Masalan, har qanday ishlab chiqarish (metallurgiya, mashinasozlik, kemasozlik, uysozlik va sh.k.)ning rivojlanish faoliyati yo‘lga qo‘yilishi va amalga oshirilishi natijasi murakkab texnologiya yaratilishiga olib keladi. Aytaylik, temir quyish uchun, bir tomondan, temir rudasini qazib chiqarish, so‘ng uni eritib xom ashyoga aylantirish, boshqa tomondan, yuqori darajali harorat talab etiladi. Buning uchun esa, o‘z navbatida, shaxtalar, rudani boyitish uchun zavod va domnalar qurish zarur. Tegishli ravishda, mazkur texnik inshootlar yaratish uchun yana bir qancha texnik va notexnik ishlarni bajarish talab etiladi. Texnologiyaning stixiyali rivojlanish bosqichiga u yoki bu texnik qurilma va inshootlarni yaratish vazifalari yetakchilik qilishigina emas, balki madaniyatda (masalan, Misr ehromlarini qurish paytida) yuzaga kelgan muammolar yoki infratuzilmani ta’minlash masalalari ham xos.
Rivojlanishning ikkinchi bosqichida (taxminan XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab) tor ma’nodagi texnologiya (texnologik operatsiya va sharoitlar tavsifi, tahlili va sintezi) shakllanadi va inson texnologik jihatdan bir-biri bilan bog‘langan jarayonlar zanjirlarini ongli tarzda yaratishni o‘rganadi. Bular ishlab chiqa-rish jarayonlarigina emas, balki tadqiqot, muhandistik, loyihalash va keyinchalik har qanday turdagi faoliyatni tashkillashtirish jarayonlariga ham ta’sir etadi. Texnologiya rivojlanishining mazkur darajasini “lokal rivojlanish darajasi” deb nomlash mumkin.
Uchinchi bosqichda (XX asrning 40–50-yillaridan boshlab) so‘zning keng ma’nosidagi texnologiya shakllanadi, tegishli ravishda, texnologiya rivojlanishining bu darajasini “global rivojlanish darajasi” deb atash mumkin. Ayni shu bosqichda olim va muhandislar (shu jumladan, yangi) texnologik jarayon, operatsiya va prinsip hamda mazkur madaniyat va mamlakatda vujudga kelgan fan, texnika, muhandistik, loyihalash, ishlab chiqarishning holati bilan turli ijtimoiy, madaniy jarayon va tizimlar o‘rtasida uzviy aloqa mavjudligini aniqladilar. Yarim o‘tkazkichlar, kompyuter yoki raketa texnikasi va boshqa murakkab texnik tizimlarning yaratilib, ishlab chiqarilishi ilmiy tadqiqotlar, muhandislik ishlanmalari, loyihalashning mazkur mamlakatda erishilgan rivojlanish daraja-siga ham, mehnatni tashkil etish xususiyati, zaruriy resurslar mavjudligi, ustuvor vazifa va jamiyat maqsadlarining nisbati, ishlab chiqarilayotgan xom ashyo, mahsulot sifati kabi ko‘plab omillarga ham bog‘liq ekanligi ayon bo‘ldi. Hozirgi keng ma’nodagi texnologiya – texnologiyaning erishilgan darajasi bilan ham, turli ijtimoiy-madaniy omil va jarayonlar bilan ham belgilanadigan o‘ziga xos “texnosfera”ni tashkil etuvchi prinsiplar majmui.
Keng ma’nodagi texnologiya rivojlanishi bilan texnikani yaratish usullari butunlay o‘zgaradi. Tabiiy jarayon va texnik elementlar o‘rtasidagi aloqani aniqlash (muhandislik faoliyatidagi kabi) ham, texnik qurilma (mashina, mexanizm, inshoot) asosiy jarayonlari va konstruksiyalarini ishlab chiqish, hisob-kitob qilish ham emas, balki mavjud texnika ideal ob’ektlarining, tadqiqot, muhandislik va loyihalash faoliyati turlarining, texnologik hamda ixtirochilik jarayonlari, operatsiya va prinsiplarining o‘ziga xos birikmalari birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Ixtirochilik faoliyati va konstruksiyalash tabiat jarayonlarini bilish va bilimlardan texnikada foydalanish imkoniyatlari bilan emas, balki keng ma’nodagi texnologiyaning ichki rivojlanish mantiqi bilan belgilanuvchi mazkur murakkab jarayonga xizmat ko‘rsata boshlaydi. Mazkur mantiqni texnikaning o‘z holati ham, bilimlar xususiyati ham, muhandislik faoliyatining rivojlanish jarayoni (tadqiq etish, ishlab chiqish, loyihalash, ishlab chiqarish, foydalanish) ham, ijtimoiy-madaniy tizim va jarayonlarning xususiyatlari ham belgilaydi. Tadqiqotlar keng ma’nodagi texnologiya iqtisodiy taraqqiy etgan, ilg‘or mamlakatlarda qolgan barcha texnik tizim va qurilmalarning, shuningdek, texnik bilim hamda fanlarning shakllanishi va rivojlanishini belgilovchi texnik supertizim (texnosfera)ga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Hozirgi zamon texnologiyasi doirasida asosiy “demiurgik majmualar”, shu jumladan, “umumbashariy”, ya’ni sayyoramiz tabiati-ga ta’sir ko‘rsatuvchi majmua ham vujudga kelgan. XX asrda inson o‘zi qo‘ygan vazifalarni yechish uchun zaruriy material va resurslarni jalb qilish, tegishli infratuzilmalar (tashkilot, kommunikatsiya, inshoot va sh.k.)ni yaratish, mutaxassislar tayyorlashni o‘rgandi. Harbiy, xalq xo‘jaligiga doir yoki mahkamaviy vazifalarni hal qilishga barcha kuchlarni tashlash orqali davlat va jamiyat (yoki transmilliy korporatsiyalar), bir tomondan, yangi texnika, murakkab texnik tizimlar, texnologiyalar, qimmatbaho mashina yaratish, inshootlar qurish yo‘li bilan o‘z maqsadiga erishadi, boshqa tomondan esa – turli konstruktiv va destruktiv jarayonlarni yaratadi. Aynan destruktiv jarayonlar ekologik, antropologik va boshqa shunga o‘xshash inqirozlar yuz berishiga sabab bo‘ldi. Lo‘nda qilib aytganda, hozirgi zamon texnik voqeligi doirasida inson demiurgga aylandi: o‘z g‘oyalariga muvofiq u o‘ziga zarur bo‘lgan “demiurgik majmualar”, “dunyolar” (asosan, texnik dunyolar)ni yaratadi. XX asrning ikkinchi yarmida insonning demiurgik faolligi o‘z cho‘qqisiga ko‘tarildi, u shunday xususiyat kasb etdiki, geologik va kosmik omil (jarayon)lar bilan tenglashdi. Boshqacha qilib aytganda, inson “umumbashariy demiurg”ga aylandi, lekin mazkur ilmiy-texnikaviy “xudo”ning ijodi Yer kurrasidagi hayotga tahdid sola boshladi. Albatta, mazkur jarayonlarning shakllanishini faqat tabiiy fanlar, texnika va texnologiyaning rivojlanishi bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmaydi, bu yerda insonning o‘z ideallarini ro‘yobga chiqarish niyati, hokimiyat immanent mexanizmlarining rivojlanishi, ommaviy madaniyat va iste’mol sohasining shakllanishi kabi omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə