Tilda millat ruhi aks etadi



Yüklə 26,97 Kb.
tarix22.03.2024
ölçüsü26,97 Kb.
#180565
TILDA MILLAT RUHI AKS ETADI





TILDA MILLAT RUHI AKS ETADI

 “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Abdulla Avloniy

Til – inson qalbining ko'zgusidir. Unda nafaqat inson qalbi, balki o'sha xalqning o'tmishi, buguni, kelajagi, madaniyati va boshqa bir qancha jihatlari ham aks etib turadi. Bejizga biz til so'ziga ona so'zini egizak qilib aytmaymiz. Shuning uchun ham biz uni onamizdek qadrlashimiz, e'zozlashimiz, saqlashimiz va kelajak avlodga sof holda etkazishimiz lozim. Til insonning libosidir. Bu libosni qanday kiyish har bir insonning o'ziga bog'liq. Ba'zi insonlar oddiy libosni ham go'zal qilib, yarashtirib kiyadi. Ba'zi insonlarda esa har qanday go'zal libos o'z ko'rkini yo'qotadi. Til – qalb tarjimoni. Chunki har bir so'z, eng avvalo, qalb torlarida chertiladi. So'ngra so'zlarda jilolanib tinglovchiga etkaziladi.

Til – bu inson kamolotining koʻzgusi, til millat ruhi, shu tariqa tilga bir qancha tashbehlarni keltirishimiz mumkin. Til benihoya muqaddas va moʻtabar neʼmat, u inson degan mavjudotni shakllantirgan, taraqqiyot bosqichlariga olib chiqqan, ruhiy komillikka boshlagan, ijtimoiy munosabatlarga yoʻl koʻrsatgan, tafakkur qulflarini yechgan, ilm yoʻlida mayoq, zulmatlarda chiroq boʻlgan sehrli bir jilodir. Shuning uchun ham tilga hurmatsizlik, insoniyatning oʻziga boʻlgan behurmatligidir. Bejiz emaski, xalqimiz tilga, xususan, oʻzining ona tiliga muntazam muhabbat bilan eʼtiborda boʻlgan, uni eʼzozlab ardoqlagan, oʻzbek tilining mukammalligi va betakrorligidan faxr-u iftixor qilgan.


Bugun oʻzbek tili dunyo tillari qatori jahonda oʻz oʻrni, obroʻ va maqomiga ega. Shu bilan birga bugun ona tilimiz imkoniyatlarini qay darajada namoyon eta olyapmiz, degan haqli savol ham borki, u har birimizni oʻylantirishi, mushohadaga tortishi, shu jumla qalbimizda isyon qilib turishi darkor. Biz kelajak avlodni tilimiz boyliklari bilan taʼminlashimiz, til xazinamizning nodir merosini saqlab turgan asarlarimizni ularga kengroq oʻrgatishni insoniylik va pedagoglik burchimiz deb bilishimiz lozim.


Oʻzbek tili boyligini yaxlit holda tasavvur etish uchun eski oʻzbek adabiy tilining asoschisi, Maqsud Shayxzoda taʼbiri bilan aytganda, soʻz mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy asarlari dunyosiga bir nazar tashlashning oʻzi kifoya. Bu olamda butkul koinot aks etadi, bu bepoyon tafakkur va tuygʻular olami adabiyot va ilm ummoniga boshlab boradi. Alisher Navoiy ijodiga nazar tashlasak, ona tili ravnaqi uchun ulkan ishlarni amalga oshirganini guvohi boʻlamiz. Alisher Navoiy oʻzbek tilini xazina deb baholaydi. 


Bu xazinani esa “ilon” va “tikanlar” oʻrab turganini taʼkidlaydi. Navoiy “Muhokamat-ul lugʻatayn” kabi lingvistik ahamiyatdagi asari bilan bemisl xazina − tilimiz qadr-qimmatini oshirdi, sharq mumtoz adabiyotining hamma janr va turlarida betakror asarlar yaratdi. Bu tilda birinchi “Xamsa”ni, birinchi “Majolis un-nafoisni” yozdi. Mavjud adabiy anʼanalarga yangiliklar kiritdi. Xalq madaniyati, maʼrifati va maʼnaviyatining yuksalishida tilning muhim vosita ekanligini, til bashariyat naslini oʻtmish va zamon bilan bogʻlovchi timsol ekani shoir va arbob Navoiyning hamisha diqqat markazida boʻldi.


Mumtoz adabiyotimiz vakillarining xalq dostonlari – “Alpomish”, “Kuntugʻmish”, “Rustamxon”, “Goʻroʻgʻli” turkumdagi asarlarining taʼrifga sigʻmas boy tili, shuningdek Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Oybek, Gʻafur Gʻulom, ularning izdoshlari Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon va boshqa ijodkorlar yaratgan goʻzalliklar ham, “Boburnoma”day asardagi tafakkur saltanati ham oʻzbek tili buyukligini, yuksakligini namoyon etadigan bebaho, oʻlmas adabiy boylikdir. Nutqning goʻzalligi, tilning burroligi, ifodaning aniqligi inson uchun oʻziga xos husndir, bu husn esa oxir-oqibatda jamiyatning millatning yuzini koʻrsatadi.


Yozuvchi Ulugʻbek Hamdam ham: “Til – millatning maʼnaviy pasporti”, – deya taʼrif bergan edi . Haqiqatan ham, tilda millat ruhi yashaydi, millat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlar tilda xuddi koʻzgudek aks etib turadi.


I.Gʻofurov shunday degan edi: “Til millatning birinchi haqqidir. Shu haq oʻksitilgan boʻlsa, demak, millat oʻzini oʻzi oʻksitib kelgandir”. Shuning uchun ham milliy til har qanday davlatning ramzlaridan biri hisoblanib, tilning takomili, rivoji davlat himoyasida boʻladi. Har bir davlat oʻz rasmiy tilining sofligi va boyib borishini taʼminlaydi va uning isteʼmol doirasi kengayib borishi uchun turli davlat dasturlarini ishlab chiqadi, oʻrganish uchun esa qulay shart- sharoitlar yaratib beradi. Biz ham ona tilimiz mavqeining oshishi, milliy yuksalishi, ravnaq topishi va yana-da takomillashuvi uchun oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim.


Bugun yurtimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya ilgari surilmoqda. Barcha sohalar bilan birga davlat tilining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targʻib qilish, unga nisbatan milliy gʻurur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, yana muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ijodiy yondashuvni rivojlantirishda bizning fakultetda ham bir qancha ishlar amalda yoʻlga qoʻyildi.

Bundan 27 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma'noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!.


Shuni ta'kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.
Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. YuNeSKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi xamon o‘z yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan ta'lim tizimida foydalanishning imkoniyati yo‘q. Internetdan foydalana olmaydigan tillar haqida-ku aytmasa ham bo‘ladi. Chunki yangi texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o‘z tillaridan ko‘ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bugun Internet tilining 81 foizi ingliz tiliga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, avvallari ham tillar paydo bo‘lgan, muammolada bo‘lib, ma'lum vaqtdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin hozirgidek tillarning jadallik bilan yo‘qolishi tarixda kuzatilmagan. Yo‘qolib ketish havfida bo‘lgan tillarning saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini ta'minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning o‘tmishi va madaniyati hurmat qilinadi. Tilshunoslar yo‘qolib ketish arafasida turgan tillarni saqlab qolishning imkoniyatlari hozircha qo‘ldan boy berilmaganini aytishadi. Tillarni saqlab qolish uchun esa, BMT ekspertlarining fikricha, bu tillardan ta'lim tizimida keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak.
Til – millatning ma'naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.
Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng xozir muamolada bo‘lgan tillarning o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan.
Bugungi kunda dunyoda 6809 ta til mavjud bo‘lib, ularning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh va Rossiya xissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p tilli mamlakat sifatida Hindiston tan olinadi. Bu mamlakatda axoli 845 til va laxjada so‘zlashadi. Ikkinchi o‘rinda esa 600ta til va shevada so‘zlashuvchi Papua — Yangi Gvineya turadi. Sayyoramizda eng ko‘p aholi so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olingan. Birinchi o‘nlikka hindi, bengal, arab, portugal, nemets, rus va yapon tillari ham kiritilgan. Jaxon tillarining atigi 4 foizi Yevropa qitasiga to‘g‘ri kelsa-da, eng ko‘p so‘zlashuvchi tillarning teng yarmi “ko‘hna qita”da ekani ma'lum bo‘ldi. 341 million kishi ingliz tilini ona tili sifatida tan oladi, biroq yana 350 million kishi bu tilni ikkinchi ona tili sifatida ko‘rishini ma'lum qilgan. Taxlilchilar xitoy va ingliz tillari foydalanish bo‘yicha o‘z mavqeini oshirib borayotganini aytishadi. Vaziyatni o‘rganayotgan kuzatuvchilarning fikricha, foydalanuvchilar soni bo‘yicha ayni damda ingliz tili yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, XXI asr o‘rtalariga borib, xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin.
Mavjud tillarining 90%ning har biridan 100.000 aholi foydalanadi. Mana shuning o‘ziyoq bu tillarning kelajagi qorong‘uligidan dalolat beradi. Bugungi kunda 357 tilda atigi 50 nafar kishi so‘zlashar ekan. 46 tildan esa atigi bir kishining foydalanishi aytiladi. Ularning o‘limi bilan bu tillar ham yo‘qoladi. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250taning ichida ekani quvonarli, albatta.
YuNeSKO tomonidan nashr qilinadigan “Yo‘qolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari atlasi”da Yevropadagi 50ta, Tinch okeani mintaqasida esa 200ta til yo‘qolib ketish arafasida ekani ta'kidlanadi. Afrikadagi 1400ta tildan 600tasi kelajakda, 250tasi esa yaqin orada butunlay yo‘qolishi xaqida bong urilmoqda.
AQSh hududlariga yevrropaliklar qadam qo‘yganlarida bu mintaqada minglab tillar mavjud edi. Ayni damda shimoliy Amerika hindularning kamida 150ta tili saqlanib qolgan. Leyptsig universiteti xodimi Baltazar Bikelyaning so‘zlariga qaraganda, Kavkazda atigi 3-4 kishi so‘zlashuvchi tillar bor.
YuNeSKO xomiyligida Leyptsigda bo‘lib o‘tgan lingvistlarning xalqaro anjumanida kam sonli xalqlarning tillari yo‘qolib ketishiga globalizatsiya aybdor ekani aytildi. Biroq ayrim taxlilchilar, tillarning yo‘qolishiga globalizatsiyadan tashqari ayrim xukumatlar olib borayotgan siyosat xam aybdor ekanini eslatib o‘tishdi. Bu kabi vaziyat asosan Afrika mamlakatlarida uchramoqda.
Olimlar insoniyat tarixida 9000 mingdan ortiq til yo‘q bo‘lib ketganini aytishadi. Nafaqat bosib olingan xududlardagi xalqlarning tillari, balki fotihlarning tillari xam yo‘qolib ketgani tarixdan ma'lum. Bu borada qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarini misol sifatida keltirish mumkin. YuNeSKO mutaxassislari o‘lib va yo‘qolib borayotgan tillarni qutqarib qolish mumkinligini aytishadi. Misol tariqasida o‘tgan asrning 80 yillarida atigi 8 kishi so‘zlashgan Yaponiyaning Xokkaydo orolidagi ayn tilini keltirish mumkin. Bugungi kunda tiklangan bu tilda bir necha ming kishi gaplashmoqda. Ikki ming yil davomida o‘lik til xisoblanib kelingan ivrit tili xam qayta iste'molga kiritildi. Bugungi kunda ivrit tilida 9 million kishi suxbatlashadi.
Qadimda xalqlar o‘z turar joylaridan majburan ko‘chirilganlari bois ular boshqa mintaqalarda so‘zlashuvchi xalqlar bilan qorishib ketib, ularni tillarini o‘zlashtirishga majbur bo‘lgan. Lotin Amerikasidagi ayrim xalqlar esa alkogol va giyoxvand moddalar iste'moli tufayli yo‘q bo‘lib ketgan. Endilikda esa kichik bir xalq yoshlarining kelajagi porloq sifatida ko‘riladigan ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yo‘qolmoqda.
Qachonki bolalar o‘z ona tillarida o‘qishni to‘htatar ekan, o‘sha til yo‘qolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tillarni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak.


Bajardi: Abduraimova Binafsha
Yüklə 26,97 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə