Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat



Yüklə 27,19 Kb.
səhifə3/6
tarix11.01.2022
ölçüsü27,19 Kb.
#82789
1   2   3   4   5   6
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat

Bekor ketgan ikki yil

Yoshi ulug‘roq yurtdoshlarimiz yaxshi biladi. Sobiq tuzum davrida harbiy xizmat ikki yil bo‘lib, 18 yoshga to‘lgan, to‘rt muchasi sog‘ har bir yigit uchun majburiy edi. Endi maktabni bitirgan, hali biror kasb-korning boshini tutib ulgurmagan, aksari o‘z qishlog‘idan narini ko‘rmagan o‘spirinlar uzoq-uzoq yurtlarga, xalqona qilib aytganda, dunyoning narigi chetiga «Vatan himoyasi»ga jo‘natib yuborilardi.

O‘zimdan qiyos. Men harbiy xizmatga Germaniyaga nega borganimu, kimni kimdan, qanday himoya qilganimni, mana, oradan chorak asrdan ziyodroq vaqt o‘tib ham, to‘la anglay olganim yo‘q. Albatta, biz, askarlar turli o‘lkalardan va har xil millat vakillari bo‘lganimizga qaramasdan, yerli xalq nazdida bitta – «soveyshn» edik. Qancha harakat qilmaylik, boshqasini bilmas, tan olmas edi. Davlatchilik tarixi ming yillarni so‘raydigan, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga, jahon harbiy san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ allomayu, buyuk sarkardalar diyori O‘zbekiston, o‘zbek xalqi haqida qayoqdan ham bilsin. Axir, o‘zimiz ham bu xususda, O‘zbekistonda yashashimizni hisobga olmaganda, ulardan pesh emas edik-da. Bir kuni asli qaysi yurtdan ekanimni bildirib qo‘yish maqsadida siyosiy xaritadan Termiz shahrini ko‘rsatdim:

– Mana shu yerdanman, – dedim ko‘rsatkich barmog‘im bilan nuqib.

– O-o-o, ... deb yubordi.

Garchi, tilini bilmasam-da, nima demoqchiligini tushundim.

Sobiq tuzum davrida yurtimizdan armiya xizmatiga chaqiriluvchilarni asosan bitta «manzil» – qurilish va ta’mirlash batalonlari kutar edi. Jangovar tayyorgarlik, aqliy salohiyat talab etiladigan boshqa harbiy qismlarga deyarli yo‘l yopiq edi. Buning sababi sifatida “Ulug‘ Lenin” tilini yaxshi bilmaslik vaj qilib ko‘rsatilsa-da, aslida bu siyosat zamirida mavjud hokimiyatning ishonchsizlik va mintaqani o‘z izmida ushlab turish uchun yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlashga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi yotar edi.

Ayniqsa, qishloqlardan borgan yigitlar til muammosi tufayli ko‘p qiyinchilik va haqoratlarga duch kelar, masxara bo‘lardi. «Bilasanmi» savoliga «Bilasanmi» javobi haqidagi latifanamo hangomalar o‘sha zamonlar mahsuli.

Harbiy qismlarda chuqur ildiz otib ketgan turli salbiy holatlar haqida hamma bilardiyu, lekin hech kim yurak yutib bir narsa deyolmasdi. Xususan, harbiy xizmatchilarni tahqirlash, aybdorlarning jazoga tortilmasdan, askarlarning himoyasiz, chorasiz qolishiga tabiiy holdek qaralardi.

Boshqacha aytganda, janub quyoshida toblangan chayir yigitlar harbiy xizmat niqobi ostida eng og‘ir ishlarga, hatto zaharlanish darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan hududlarga jalb qilingan. Umrining gul faslini hayotda hech qachon zarurat bo‘lmaydigan ishlarga sarflagan.

Shu tariqa minglab, millionlab yoshlarning eng zavqli, kuchga to‘lgan, orzu-umidlarga boy ikki yil umri zoye ketardi.

– Bekor o‘tgan ikki yil umrimga achinaman, – degandi meni harbiyga kuzata turib qo‘shnimiz Mardonqul aka. – Biror foydali ishni o‘rganish o‘rniga ikki yil o‘rmonda to‘ng‘iz boqqanman.

Sobiq tuzum davridagi harbiy xizmatning eng ayanchli jihatlaridan biri u hali dunyoqarashi to‘liq shakllanib ulgurmagan navnihol yoshlarni o‘ta loqayd va beparvo, qo‘pol va dag‘al qilib qo‘yardi. Tamaki chekish, spirtli ichimlik ichish, omonatga xiyonat, yolg‘on... Bunday illatlar hatto rag‘batlantirilardi. Masalan, yo‘riqchi serjantning har soatda «chekuvchilarga «perekur», boshqalar davom etsin», degan g‘ayritabiiy buyrug‘i o‘sha «saboq»ning boshi edi. Men ham chekishni xizmatda o‘rganganman. Aminmanki, yoshi katta kashandalarning qariyb hammasiga xos achchiq qismat bu...

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan asrning 80-yillarida O‘zbekistondan har yili qurolli kuchlar safiga 320 mingdan ziyod yigit chaqirilgan, bu boshqa respublikalarga nisbatan, aholi jon boshiga hisoblaganda, ancha ko‘p edi.




Yüklə 27,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə