Adabiyotning ijtimoiy vazifasi



Yüklə 2,11 Mb.
tarix28.11.2023
ölçüsü2,11 Mb.
#134992

Adabiyotning ijtimoiy vazifasi
R e j a:
1. Adabiyot-ijtimoiy ongning o‘ziga xos sohasi va ijtimoiy taraqqiyotning qudratli omili sifatida.
2. Adabiyot va zamonaviylik.
3. Adabiyot hayotning in’ikosi ekanligi.
4. Adabiyot - hayot ustidan chiqarilgan hukm ekanligi.

XX asr boshlarida ulug` yurtdoshimiz Cho`lpon "Adabiyot nadir?" degan savolni o`rtaga tashlagan va shu nomli maqolasida unga baholi qudrat javob izlagan edi. Asrimizning o`rtalarida ulug` fransuz yozuvchisi va adabiyotshunosi J.P.Sartr ham huddi shu nomli maqola bilan chiqqan hamda shu savolga o`zicha javob bergan edi. Agar biz diqqat bilan kuzatsak, insoniyat ongini tanigandan beri ushbu savol u yoki bu tarzda muntazam qo`yilib kelishiga guvoh bo`lamiz. Qizig`i shundaki, bu savolga har bir davr o`zicha javob beradi, boz ustiga, bir davrda yashayotgan odamlarning javoblari-da bir-biridan jiddiy farqlanadi. Tugal va uzil-kesil javob berilishi mumkin bo`lmagan "adabiyot nadir?" savolining hozirgi kunda ham kun tartibida turgani tabiiy. Bugungi kunda mazkur savol tegrasidagi bahslar "adabiyot san`atmi yoki ong sohasimi", "adabiyot ijtimoiy bo`lishi kerakmi yoki yo`qmi", "adabiyot ommaviy bo`lishi kerakmi yoki elitarmi" kabi asosiy masalalarni o`z ichiga oladi.


Biz o`zimiz bilishni istagan narsa haqida tugal hukm chiqarishga moyilmiz, oxirigacha tugal anglab bo`lmaydigan, oxirigacha muayyan ta`rifu qoidalar asosida tushuntirib bo`lmaydigan murakkab hodisalar mavjudligini tan olgimiz kelmaydi. Holbuki, mavjud narsa-hodisalarning aksariyati, jumladan, adabiyot ham, ana shunday murakkab, ziddiyatli tomonlarni o`zida jam etgan hodisa sanalishi kerak. Yuqorida qo`yilgan savollardan birinchisiga — "adabiyot san`atmi yoki ong sohasimi" degan masalaga to`xtalsak, bu narsa ancha ravshan ko`rinadi.
Keyingi yillarda sho`ro davrida o`ta yalang`och ijtimoiylashgan adabiyotga, uni ommani kommunistik ruhda tarbiyalash va sh.k. maqsadlarga bo`ysundirish amaliyotiga aks ta`sir tarzida adabiyotni "sof san`at" sifatida tushunish, unda faqat san`at hodisasinigina ko`rish tamoyili kuzatiladi. Holbuki, adabiyotda faqat vositani ko`rishlik qanchalik xato bo`lsa, unda "sof san`at"nigina ko`rish ham shunchalik xatodir. "Sof san`at" tarafdorlari adabiyotning ijtimoiy ong sohasi ekanligini inkor qiladilar, juda insof qilganlari adabiyotning bu jihatiga e`tiborsizroq, ko`z yumib qaraydilar. Biz aql va hisni bir-biriga ko`pincha zid qo`yamiz, holbuki, bu narsa vujudimizda aql va hisning bir paytda mavjud bo`lishiga, ikkisining birlikda inson ruhiyatini tashkil etishiga halaqit bermaydi. Bas, nega endi inson ruhiy faoliyatining mahsuli bo`lgan adabiyot ularning ikkisini o`zida jam qilolmas ekan?!
Bu masalani badiiy ijod tabiatidan kelib chiqib tushunish va tushuntirish o`ng`ayroq ko`rinadi. Adabiyotning ilk namunalari sanaladigan asotir(mif)larni, afsonalarni esga olaylik. Axir, "Avesto"dagi rivoyatlar yoxud qadim yunon yoki misr afsonalari tabiatni, insonning paydo bo`lishi, uning o`limi sirlari va sh.k. muammolarni bilishga intilish natijasi emasmi? Albatta, hozirgi insonning tafakkur darajasi ham, adabiyot va san`atning rivojlanish darajasi ham ulardan ko`z ilg`amas darajada uzoqlashdi. Lekin badiiy ijodga turtki beradigan birlamchi omil hamon bilish ehtiyoji bo`lib qoldi. To`g`ri, keyingi davrlarda yaratilgan asarlarda doim ham ijodkor bilishga intilayotgani asotirlardagi kabi ravshan sezilmasligi mumkin, lekin uning yaratilishiga bevosita mana shu ehtiyoj turtki bergan. Deylik, bir ijodkorni jamiyatning mavjud holati yoki rivojlanish tamoyillarini bilish(ko`proq romanlarda), boshqa birovini o`zni anglash orqali Haqni tanish(tasavvuf she`riyati), tag`in birini qalbidagi kechinmalarini(ya`ni, o`zini) anglash va shunga o`xshash umumiy nomi BILISH ataluvchi ehtiyoj ijodga undaydi. Faqat shunisi borki, keyingi davrlarda yaratilgan asarlarda bilish ehtiyojining ravshan sezilmasligi ijodkor tarafidan anglangan narsaning asarda boshqacha yo`sinlarda ifodalanishi bilan izohlanishi mumkin. Deylik, ijodkor o`zi anchadan beri yecholmay kelayotgan, o`zi anglashga intilayotgan masalaning yechimini tabiat manzarasida, hayotdagi biron bir holatda, hodisa va sh.k.larda ko`rishi, ya`ni, o`sha narsada hikmat ko`rishi-da mumkin. Ijodkor o`z asarida o`sha narsani (manzara, holat, hodisa va sh.k.) aks ettirishning o`zi bilanoq ehtiyojni qondiradi. Qatag`on davrida insonning qadrsizlangani, butun boshli jamiyatning totalitar tuzum oldidagi ojizligiyu kishilarning o`zgalar fojiasiga tomoshabin bo`lib turgani haqida o`ylagan va azob chekkan A.Qahhor "O`g`ri"da tasvirlangan voqeada, mustabid tuzum sharoitidagi ijodkor qismatini Oybek "Na`matak"dagi manzarada ko`rgan bo`lsa ne ajab?! Aytmoqchimizki, shu asarlarni yaratish bilan har ikki ijodkor ruhiyatida paydo bo`lgan bilish ehtiyoji qondirildi. Zero, ijod onlarida har ikkisi ham o`zini o`ylatgan masalani o`zicha hal qildi, muayyan bir to`xtamga keldi. Albatta, bu asarlarni har birimiz o`zimizcha tushunamiz, sababki, biz ulardagi obrazlar tilini o`zimizcha mantiq tiliga ko`chiramiz — anglaymiz. Biroq bu narsa asarning yaratilishiga turtki bo`lgan bilish ehtiyojining genetik jihatdan ijtimoiy harakterga egaligini inkor qilolmaydi. Badiiy ijodga turtki beruvchi bilish ehtiyojining turli sath va navdagi ijtimoiy munosabatlar asosida vujudga kelishi badiiy asarning, demakki, badiiy adabiyotning ham genetik jihatdan ijtimoiy xarakterga egaligidan dalolatdir. Boshqa bir muhim tomoni shuki, har ikki adib o`zlari yaratgan badiiy obrazlar vositasida bilibgina qolmadi, ikkisi ham o`zining orzu-armonlarini, his-tuyg`ularini — bir so`z bilan aytganda — o`z idealidan kelib chiqqan hissiy munosabatini (va shu yo`sin bilvosita o`z idealini) ifodaladi. Biroq hissiy munosabatni yoki badiiy bilish jarayonida anglangan haqiqatni ochiqdan-ochiq ifodalash shart emas. Boz ustiga, hissiy munosabatning ochiqdan-ochiq ifodalanishi "nasihatgo`ylik", anglangan haqiqatning ochiqdan-ochiq ifodalanishi «aqllilik» tomon tortib ketishi mumkin. Shuning uchun, masalan, "O`g`ri"da A.Qahhor "xolis kuzatuvchi" mavqeida turadi: qalbini jumbushga solgan voqeaning, holatning suratini chizish bilan kifoyalanadi. Mahorat bilan tasvirlangan holat tasavvurida jonlangan onlarda (hikoyani o`qish jarayonida) o`quvchi adibning (ijod onlaridagi) his-tuyg`ularini qalbdan kechiradi. Biroq yozuvchi ijod onlarida qay muammoni badiiy idrok etishga intilgani doim ham ko`zga tashlanavermaydi. Buning hech bir ajablanarli joyi ham yo`q: badiiy asar arifmetik, fizik va yo boshqa sh.k. masala emaski, unda konkret shartlar ko`rsatib qo`yilsa. Shunga qaramay, matnda doim ham aks etmagani holda ham bilish ehtiyoji badiiy ijodga turtki beruvchi asosiy omil bo`lib qolaveradi.
Misolga olingan har ikki asarda ham bir narsaning mohiyati boshqa narsa orqali anglanayotganiga shohid bo`layotirmiz. Har ikki ijodkor ham o`zlarini o`ylatgan muammolarni anglash uchun hayotga aynan taqlid qilgani, hayotdan nusxa ko`chirgani yo`q. Zero, bir narsaning mohiyatini ikkinchi narsada ko`rish uchun aqlning o`zi kamlik qiladi, buning uchun ijodkorda avvalo san`atkorona nigoh, san`atkorga xos "qalb ko`zi" bo`lishi lozim. YA`niki, adabiyotdagi bilish fandagidek ratsional bilishgina emas, unda aql bilan barobar his, sezgi (intuitsiya) kabi unsurlar ishtiroki ham kattadir (shuning uchun ham aqlli odamlarning bari ham san`atkor bo`lavermaydi, bo`lolmaydi). Sirasi, atrofdagi narsa-hodisalarda ayricha hikmat ko`rishga qobil, kuzatuvchan, zukko kishilar ham oz emas. Biroq ularning hammasini ham san`atkor demaymiz, nari borsa «shoirtabiat», «zukko» deya ta`riflaymiz. Ulardan farqli o`laroq, san`atkor narsaning mohiyatini ochuvchi boshqa narsani ko`ribgina qolmaydi, uni o`zining tuyg`u-fikrlarini ifodalashga muvofiq tarzda qayta yaratadi (odatga ko`ra buni "tasvirlaydi" degan mohiyatga nomuvofiq so`z bilan ataladi) va mana shu qayta yaratish jarayoni IJODdir. Ruhning alohida va betakror holati bo`lmish ijod onlarida san`atkorga o`zi izlagan mohiyat ayon bo`ladi, ya`ni, bilish ehtiyoji faqat ijod jarayonidagina qondiriladi. San`atkorning ijod onlaridagi holati, uning zo`riqib ishlayotgan ongiyu jumbush urgan qalbi esa asar matnida muhrlanadi. Modomiki badiiy ijod bilishga qaratilgan jarayon ekan, demak, badiiy adabiyot ham ongga aloqador hodisa, faqat bunda bilishning san`atga xos yo`lidan boriladi. Bungacha aytilganlarga tayanib, adabiyot ikkiyoqlama hodisa, u san`atga ham, ijtimoiy ongga ham birdek aloqadordir degan xulosaga kelish mumkin.
Adabiy bahslarda tez-tez ko`tarilib turgan "adabiyot ijtimoiy bo`lishi kerakmi yoki yo`qmi" masalasi ham sho`ro davri adabiy siyosati ta`sirida yuzaga keldi, o`tkirlashdi. Adabiyotning ijtimoiy ekanligini inkor qilish ma`qul bo`lmaganidek, uning individual-shaxsiy hodisa ekanligini ham inkor etib bo`lmaydi. Bu da`vo faqat murosa ilinjida, bahsda oraliqni — eng havfsiz mavqeni egallash ilinjida emas. Mazkur savolga javob berish uchun biz adabiyotning predmeti masalasiga to`xtalishimiz zarur.
Adabiyotshunoslikka oid asarlarda, darsliklarda "badiiy adabiyotning predmeti — inson" deb ko`rsatiladi. Biroq mazkur fikrni tor tushunish, uni mutlaqlashtirish unchalik to`g`ri bo`lmaydi. Chunki adabiyot insonni alohida(izolyatsiya qilingan holda) emas, balki jamiyat, tabiat(bir so`z bilan aytganda — borliq) bilan uzviy aloqada o`rganadi. Zero, insonning o`zini ulardan holi, izolyatsiya qilingan holda tasavvur etib bo`lmaydi, inson tabiatan ijtimoiy hodisadir. Modomiki adabiyotning predmeti ham, uning yaratuvchisi ham inson ekan, adabiyotning ijtimoiy bo`lmasligi mumkin emas. Nima uchun asar yoziladi, nima uchun ijodkor asarni yozishga kirishadi? Axir kundalik turmushda duch kelgan odamlar, hodisalar uning qalb qozonida, aql-idrokida qaynamadimi, uni yozmasa bo`lmaydigan holatga keltirib, qo`liga qalam olishga majbur qilmadimi? Demak, genetik jihatdan hohlasak-hohlamasak adabiyot ijtimoiy hodisa ekan. Biroq yaratilishi jihatidan, dunyoga nuqtai nazar, o`sha dunyo tufayli paydo bo`lgan hissiyotlar, fikrlar nuqtai nazaridan tom ma`noda shaxsiy hodisadir.
Ma`lum bo`ladiki, badiiy asarda ijtimoiylik va shaxsiylik qorishiq holda zuhur qilar ekan, faqat bu o`rinda ijtimoiylik va shaxsiylik nisbati har bir konkret asarda turlicha bo`lishini, turlicha zuhur qilishini e`tiborda tutish lozim bo`ladi. Deylik, ijtimoiylik darajasi epik va lirik asarlarda jiddiy farqlanadi, ba`zan lirik asarda ijtimoiylikdan asar ham yo`qday ko`rinadi. Ayrimlar, xususan "sof san`at" tarafdorlari ayni shu holni mutlaqlashtirmoqchi bo`ladilar, she`riyat faqat ko`ngil ishi bo`lishi kerak degan gaplar eshitiladi. Xo`sh, insonning ko`nglidagi tuyg`ular, iztirobu quvonchlarning o`zi kelib chiqishi jihatidan ijtimoiy emasmi? Misol tariqasida lirik qahramonning muayyan bir holati, kayfiyatigina qalamga olingan bir she`rni olib ko`raylik:
Bahor kunlarida kuzning havosi,
Tanimni junjitar oqshomgi shamol.
Nega muncha g`amgin nayning navosi,
Nega qalbim to`la o`kinch va malol?
Barglar orasiga tinmasdan sira,
Oshno yulduzlardan to`kiladi nur.
Bilmayman qiynaydi qaysi xotira,
Titroq yulduz kabi muzlagan shuur.
Mag`lub bahodirning nayzasi misol,
Mayus egiladi terak uchlari,
Barglar soyasida o`ynaydi behol
Uyqudagi qizning bedor tushlari.
Atrofimda yotar g`arib bir viqor,
Bilmam, nega o`chdi qalbim safosi.
Nima ham qilardim, na ilojim bor,
Bahor kunlarida kuzning havosi.
Ko`rib turganimizdek, she`rda tabiat manzarasi tasvirlanadi va shu asosda mahzunlik kayfiyati ifodalanadi. Biroq, "bahor kunlarida kuz nafasining esish"idan kelgan mahzunlik — obraz, mana shu holatning yuzaga kelish sabablari o`zgacha bo`lishi ehtimoldan yiroq emas. Mazkur she`r 1967 yilda yaratilgan edi. Nechun endi A.Oripov bahor kunlaridagi kuz havosi haqida gapiradi? Gap shundaki, she`r yozilgan payt 50-yillar oxiridan jamiyat hayotida kuzatilgan uyg`onish, nisbiy erkinlikning 60-yillar o`rtalaridan qaytadan bo`g`ila boshlagan davriga to`g`ri keladi. A.Oripov jamiyatning bir a`zosi sifatida, erkka tashna ijodkor sifatida bu holdan iztirob chekadi, azoblanadi. Xassos shoir o`zini qiynagan DARD suratini tabiat manzarasida ko`radi, "bahor kunlaridagi kuz havosi"dan kelgan iztirobini, alamu o`kinchini ifodalaydi. Jamiyatning ko`zi ochiq a`zolarini iztirobga solgan bu ijtimoiy dard shoirning shaxsiy dardiga aylangan, dardning shaxsiylanish darajasi shunchalarki, biz she`rni "ko`ngil she`riyati" deyishga-da, uni "sof san`at" namunasi sifatida baholashga-da moyilmiz.
Ijtimoiy dard ijodkorning shaxsiy dardiga aylanmasa, ijodkor o`sha dardni chinakamiga qalbidan kechirmasa, biz yuqorida aytgan "yalang`och ijtimoiylashuv" yuzaga keladi. SHo`ro davri adabiyotining eng katta fojiasi ham shu edi. Totalitar tuzum barchaning birdek o`ylashini taqozo etgandiki, bu narsa jamiyatda shaxs maqomining susayishi, jumladan, ijodkor shaxsining yemirilishiga olib keldi. Natijada ko`plab asarlarda ijtimoiy dard ijodkorning qalb qozonida obdon qaynamasdan, faqat rasmiy mafkuraning badiiylashtirilgan ifodasi bo`lmish shiorbozlikka to`la she`rlar, hayotni rasmiy mafkura ko`zi bilan ko`ruvchi, tasvirlovchi va baholovchi(garchi "sotsialistik realizm" namunasi sanalsa-da, realizmdan tamomila yiroq) epik asarlar yaratildi. Bu narsa adabiyotning tussizlashuviga, ijodiylikning inqiroz topishiga olib keldi. Adabiyotdagi tussizlikning boisi shuki, sho`ro adabiyotidagi (ayniqsa, 30-60 yillardagi) ko`plab asarlarda ijtimoiylik bo`lgani holda ijodkor shaxsi yo`qolgan, natijada ular bir-biridan shakliy xususiyatlari bilangina farqlanadigan, go`yo rang-barang qog`ozlarga o`rab berilgan bitta matohga aylanib qolgandi. Albatta, chinakam iste`dod bunday bo`g`iq sharoitga ko`nikolmaydi, isyon qiladi. Shu bois ham hatto mustabid tuzum zug`umi kuchaygan davrlarda ham katta iste`dodlarning asarlaridagi ayrim o`rinlarida ijodiy "men" bo`y ko`rsatib, asarga jonlilik baxsh etib turadi.
60-yillardan boshlab esa adabiyotimizda ijodiy "men"ning isyoni kuchliroq namoyon bo`la boshladi, dunyoni o`zicha tushunish va baholashga intilish boshlandi. Shunga qaramay, bular adabiyotimizning umumiy holatini, "havosi"ni belgilay olmas, zero, rasmiy mafkura rag`bati bilan kuchaygan "yalang`och ijtimoiylik" bir tushovga aylanib qolgan va dadil olg`a bosishga imkon bermasdi. Tabiiyki, bularni e`tiborga olgan holda ko`pchilikning adabiyotdagi ijtimoiylikdan bezganlik kayfiyatini tushunsa bo`ladi, biroq mafkura tazyiqi bilan "yalang`ochlangan ijtimoiylik"ni deb adabiyotning tabiatiga xos bo`lgan ijtimoiylikni inkor qilish to`g`ri bo`lmaydi.
Yaqin yillardagi va qisman hozirda ham bahslarga sabab bo`lib turgan masalalardan yana biri "adabiyot qanday bo`lishi kerak?" degan savol tegrasida aylanadi. Mazkur bahsda tomonlarning biri "adabiyot ommaviy bo`lishi kerak" degan fikrni, ikkinchisi "adabiyot xos kishilarga mo`ljallangan (elitar) bo`lishi kerak" degan fikrni oldinga suradilar. Ikkinchi tomonning ommaviylikka qarshi turgani adabiyotning jo`nlashuvidan norozilik bilan, birinchi tomonning xoslargagina mo`ljallangan adabiyotga qarshiligi bu holda adabiyotning jamiyatdagi ahamiyati susayadi deb hisoblashi bilan izohlanadi. Bir qarashda bu bahs nihoyasizdek, uni hal qilib bo`lmaydigandek ko`rinishi mumkin. Biroq, unutmaslik kerakki, muammoning yechimi bahs bir tomonga hal bo`lganidagina topiladi deyishlik xato, ko`p hollarda bahsning yechimi murosada bo`ladi. Zikr etilgan bahsning yechimi ham, bizningcha, murosadadir. Shu o`rinda murosaning foydasiga ayrim fikrlarni qayd etib o`tish joiz.
Birinchisi. Hammaga ayonki, badiiy adabiyotni iste`dodlar yaratadi. Iste`dod esa ommadan ko`ra tiyranroq qalb ko`ziga egaligi, tafakkur darajasining undan yuqoriroq ekani bilan farqlanadi. Baski, chinakam iste`dod yaratgan asarning darajasi ham ommadan yuqoriroq bo`lmog`i tabiiy va shunday bo`lishi kerak ham. Ikkinchi tomondan, shu adabiy-madaniy zaminda yetishgan iste`dodning ommadan qo`z ilg`amas darajada uzoqlab ketishi ham mahol, shu bois ham "atayin ommaga moslab yozish" degan da`vo yo yolg`on, yo iste`dodsizlikni xaspo`shlash uchun bahonadan boshqa narsa emas. Demak, bahsdan iqadigan birinchi xulosani "bizga chinakam iste`dodlar, iste`dod bilan yozilgan asarlar kerak" tarzida ifodalash mumkin.
Ikkinchisi. Badiiy asar juda murakkab hodisa, konkret asarni hammaning birdek tushunishi, birdek suyushi va unga birdek qimmat berishi mumkin emas. Aytaylik, o`quvchi bir paytlar o`qiganda deyarli e`tiborini tortmagan she`r vaqtiki kelib uni yondirib yuborishi hech gap emas. Shuningdek, shu o`quvchining yuragiga o`t yoqqan she`rga boshqa o`quvchi mutlaqo e`tiborsiz qarashi-da mumkin. Nihoyat, badiiy asar tubsiz ummon misoli, yuzasida yurgan nari borsa mavjlaru jozib qudratni ko`rar, biroq uning tubida olam-olam sir-sinoatlar yashirin, uning tubida-da butun boshli bir hayot kechadi. Kimdir bu ummonning yuzasidagina yuradi, kimdir sayozroq, kimdir chuqurroq sho`ng`iydi, baski, iste`dod bilan yaratilgan badiiy asar bir paytning o`zida turli toifalarga — ham ommaga, ham xoslarga mo`ljallangan bo`ladi. Demak, iste`dod bilan yozilgan asardan hammaga tushunarli bo`lishlikni talab qilish talab qiluvchidagi didning darajasini ko`rsatadi, xolos.
Uchinchisi. Kishilarda didning turlicha ekanligi fakt, bu hol bilan faqat murosa qilish mumkin xolos. Besh qo`l barobar emas, kimdir chuqur ruhiy tasvirga boy asarni, kimdir intellektul jihatdan yuksak asarni, kimdir ko`ngilochar asarni, kimdir detektiv, kimdir jangari asarlarni suyadi. Xohlasak xohlamasak, adabiyot maydonida ham raqobat bor. Agarki hozir yengil-yelpi asarlarga qiziqish kuchaymoqda ekan, bu yuksak didli adabiyotning aybi. Demak, bahslashish emas, jizzakilik qilish, ommaning didsizlashayotganidan zorlanish emas — chinakam adabiyotni, badiiyati yuksak asarlarni yaratmoq kerak.
Badiiy adabiyot — inson faoliyatining mahsuli. Inson faoliyati esa keng va serqirradir. Inson faoliyati bir-biriga bevosita yoki bilvosita bog`liq bo`lgan "mehnat faoliyati", "ruhiy faoliyat", "estetik faoliyat" kabi jihatlarni o`z ichiga oladi. Boz ustiga, ruhiy faoliyatning o`zi "aqliy", "hissiy", "ruhoniy" faoliyat qirralarini namoyon etadi. Badiiy adabiyot insonning go`zallik qonunlari asosidagi ijodiy-ruhiy faoliyati mahsulidir. Shunday ekan, badiiy adabiyotni ta`riflashda biryoqlamalikka yo`l qo`yish, uni faqat ijtimoiy ong yoxud faqat san`at hodisasi sifatida tushunish predmetning mohiyatini jo`nlashtiradi, bizni uning tabiatini anglashdan uzoqlashtiradi.
Yuqorida biz badiiy adabiyot haqida, uning tevaragidagi bahslar xususida so`z yuritdik. Keyingi fasllarda badiiy adabiyot mohiyati haqida kengroq to`xtalamiz. Biroq shuni unutmangki, biz sizga uning mohiyatini anglashga yo`nalish beramiz, tabiiyki, retsept emas. YA`ni, mohiyat haqida tasavvurga ega bo`lgach, siz bu xil bahslarda o`z mavqeingizni o`zingiz, mustaqil ravishda belgilashingiz kerak bo`ladi.
Adabiyot–hayot hodisalari ustidan hukm. Adabiyot – hayotni qayta qurish quroli. Zamonaviylik va ijod erkinligi. Zamonaviylik badiiy asarning badiiyligini ta’minlovchi omil. Xalqchillik – adabiyot va san’at asarlarining tushunarli bo‘lishi. Milliy adabiyot va milliy zamin. Badiiy adabiyot - keng ma’nodagi adabiyotning, ya’ni matbuotning bir qismidir. Bu narsa badiiy adabiyotning eng muhim xususiyatlaridan birini maydonga keltiradi: badiiy adabiyot - ijtimoiy ongning bir ko‘rinishidir. Kishilik jamiyatining u yoki bu konkret tarixiy davrda tabiat va jamiyat haqidagi tasavvurlari «ijtimoiy ong» deb ataladi. Matbuot - kishilarning bilimlari xazinasidir, insoniyatning hayotiy tajribasini yig‘ib saqlovchi xotiradir. Badiiy adabiyot ana shu matbuotning ajralmas qismidir. Kitob kishini dunyoni tushunishga va yashashga o‘rgatadi. Tanqidchi Belinskiy adabiyotni «xalq fikrining so‘nggi va oliy ifodasi» deb ta’riflaydi. Adabiyot ijtimoiy ongning shakllaridan yoki sohalaridan biridir. Shu bilan birga, xalq fikrining o‘ziga xos bir ifodasidir. Bu o‘ziga xoslik shundan iboratki, tabiiy yoki ijtimoiiy fanlardan farqli o‘laroq, adabiyot san’at sohasiga mansubdir. San’atning boshqa turlari (musiqa, rasm, raqs, kinofilm...) kabi adabiyot bizni fikrimizni, hayot haqidagi tushunchalarimizni boyitadigan emas, balki chuqur emotsiyalar (his-hayajon) ham uyg‘otadi: u bizni hayajonga soladi, quvontiradi, g‘azab yoki xayrihohlik xislarini uyg‘otadi. Aristotelning «Poetika» sida qayd etilgandek, san’at va adabiyot kishini ruhan «tozalash» kuchiga egadir. Adabiyot ijtimoiy ongning badiiy shakldagi ifodasidir. Adabiyotning asosiy quroli - tildir. Chunki so‘z, til umuman ijtimoiy ongning qurolidir (tabiat fanlarining vakili ham, ijtimoiy fanlar mutaxassisi ham o‘z fikrlarini, badiiy adabiyot vakili - yozuvchidek, so‘z orqali ifoda etadi). Adabiyot - ijtimoiy ongning so‘z orqali badiiy ifodasidir. 11Adabiyotning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va o‘ynagan roli uning ijtimoiy funksiyasi deb ataladi. (Funksiya-latincha so‘z bo‘lib, vazifa, xizmat, faoliyat demakdir). Kishilik faoliyatining, shu jumladan, aqliy faoliyatning har bir sohaga oid o‘ziga xos xususiyatlari o‘sha sohalarning spetsifikasi deb ataladi. («Spetsifika» - latincha so‘z, o‘ziga xoslik, boshqa narsalardan farq ma’nolarida ishlatiladi). Badiiy adabiyotning ham fandan yoki tasviriy san’at va musiqadan farqli o‘laroq, o‘ziga xos xususiyatlari borki, ular adabiyotning spetsifikasi deb ataladi. Adabiyotning ijtimoiy hayotda o‘z funksiyasini qanday shaklda, qanday vositalar orqali bajarishiga oid masala - adabiyotning spetsifikasi masalasidir. Adabiyotning ijtimoiy funksiyasi va spetsifikasi masalalari adabiyotshunoslikning eng muhim, markaziy problemalari, o‘rganilish lozim bo‘lgan masalalardir. Buyuk fransuz yozuvchisi Anotol Fransning «Insoniyat» hikoyasida quyidagi voqea tasvirlanadi: Bir vaqtlar o‘tgan Sharq podshohlaridan biri insoniyat tarixi va odamlar hayotining ma’nosini tushunish orzusida ekan, u olimlarni yig‘ib, insoniyat tarixini yozib chiqishni topshiribdi. Olimlar ko‘p yillar ishlab insoniyat tarixini yozib chiqibdilar. Bu tarix qirq tuyaga yuk bo‘ladigan ko‘pdan ko‘p kitobdan iborat bo‘libdi. Podshoh bu zo‘r adabiyotni o‘qib chiqishga umri yetmasligini bilib, tarixni qisqartirib qaytadan yozib chiqishni buyuribdi. Olimlar qisqacha tarixni yozib keltiribdilar: endi u bir eshakka yuk bo‘ladigan kitoblardan iborat ekan. Podshoh bu vaqtda qarib, qolgan edi. U bu kitoblarni ham o‘qib chiqishga o‘lgurmasligini fahmlab, tarixni yana ham qisqartirib yozib kelishni iltimos qiladi. Olimlar butun insoniyat tarixini bir katta kitob qilib olib keladilar. Ammo bu vaqtda podshoh qattiq kasal bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotar edi. Insoniyat tarixini bilmasdan o‘lib ketishni istamagan podshoh o‘sha olimlarning eng donosidan so‘radi: - Agar bir so‘z bilan ifoda etilsa, insoniyat tarixi nimadan iborat? - Odamlar tug‘iladilar, azob chekadilar va o‘ladilar, - deb javob berdi dono. Afsonaga yaqin bir tarzda yozilgan bu hikoyaning shakli va mazmuniga e’tibor bersak, biz ikki narsani ko‘ramiz: birinchidan, yozuvchi insoniyat tarixi va odamlar hayoti haqida ma’lum bir fikrni o‘quvchiga yetkazmoqchi bo‘lgan; ikkinchidan, bu fikrni yozuvchi to‘ppa-to‘g‘ri aytib qo‘yaqolmagan, balki o‘quvchini o‘sha fikrni eshitishga tayyorlaydigan bir hayot manzarasini yaratgan. Adabiyot - hayotning in’ikosidir, degan qoida yozuvchilarning ijodiy tajribasida juda ham ko‘p shakllarda namoyon bo‘ladi. Masalan, Abdulla Kahhorning «O‘g‘ri» hikoyasida bittagina ho‘kizi bo‘lgan dehqonning uyiga o‘g‘ri tushadi. Dehqon ho‘kizini topaman deb undanda xonavayron bo‘ladi. O‘g‘ri - o‘g‘ri emas, balki o‘sha davrdagi qoziyu, amaldorlar o‘g‘ri degan xulosa kelib chiqadi. «O‘tgan kunlar» romani, A.Kodiriyning e’tirof etishicha, «tariximizning eng qaro kunlari bo‘lgan keyingi xon zamonlari» tasviriga 12bag‘ishlangandir. Otabek va Kumush taqdiri orqali tarixiy sharoitni tasvirlaydi. Hayotning adabiyotdagi in’ikosi bir kishining (masalan muallifning) kechinmalari shaklida (hayot manzarasisiz) ham maydonga kelishi mumkin, bunday hol ko‘pincha «lirika» deb atalmish adabiy turda uchraydi. YA’ni she’riyatda buni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Hayotning adabiyotda in’ikos etishning usul va shakllari juda ham boy. Adabiy asar qaysi usul bilan yaratilgan bo‘lmasin, u ijodning qaysi tur va xilida maydonga kelmasin, baribir hayotning in’ikosi bo‘lib qoladi. Hayot - adabiyotning ham mazmuni ham shakliga asos. Hayot adabiyotning mazmunini tayin etadi. Shu bilan birga, adabiy shakllarning yuzaga kelishida ham hayot katta rol o‘ynaydi. Adabiyotning mazmuni va g‘oyalarigina emas, balki shakli ham hayot va zamon, kishilarning konkret tarixiy sharoitdagi ehtiyoj va tasavvurlari bilan tayin etiladi. («Ming bir kecha» - arab ertaklari yig‘indisi, Maxabxarata va Ramayana - qadim xind xalqi ijodi). Adabiyotning mazmuni va g‘oyalarigina emas, balki shakli ham hayot va zamon, kishilarning tarixiy sharoitdagi ehtiyoj va tasavvurlari bilan tayin etiladi. Adabiyotning in’ikoschilik xususiyati haqida olim va yozuvchilar bildirgan fikrlari. Tarixda ko‘zga ko‘ringan yozuvchilar hayotni aks ettirish–adabiyotning bosh vazifasi deb tushunganlar va o‘z ijodlarini shu vazifaga bo‘ysundirishga harakat qilganlar. Alisher Navoiy ilk devoni «Badoyiul-bidoya» («Ilk go‘zal asarlar») nomli she’riy to‘plamiga yozgan «Debocha» sida ijodi umrida boshiga tushgan hodisalar, ular tufayli ongida tug‘ilgan fikrlar va kechinmalarning qaydidan iborat ekanini gapiradi: turmushda o‘tgan yaxshi va yomon ishlardan, sevgining rohatu azoblaridan. Onore de Balzak o‘zining muazzam «Inson komediyasiga» yozgan so‘z boshida deydi: «Fransuz jamiyati o‘zi tarixning yaratuvchisi bo‘lib chiqdi, menga esa uning sekretari bo‘lish vazifasigina qoldi. Ehtimol menga shuncha tarixchilar tomonidan unitilgan tarix – xulqlar tarixini yozib chiqish muyassar bo‘lar. Men ko‘p bardosh va jasorat yig‘ib turib, ehtimol XIX asr Fransiyasi haqidagi kitobni oxiriga yetkazarman». Va u buning uddasidan chiqadi. M.Avezovning ta’kidlashicha «Abay» epopeyasining maqsadi qozoq xalqi tarixining katta bir davrini aks ettirishdir. Oybekning fikricha, «Kutlug‘ qon» va «Navoiy» romanlari o‘zbek xalqi tarixining turli davrlari manzarasini yaratish maqsadida yozilgandir. Buyuk san’atshunos va adabiyotshunoslar ham adabiyotni doim hayotning in’ikosi deb tushunganlar. V.G.Belinskiy uchun san’at o‘zining mazmuni jihatidan xalqning tarixiy hayotining ifodasidir. 13Adabiyot–hayotni o‘rganish. Kishi ongi bilan hayot orasidagi munosabatlar aniq amaliy mazmunga ega, ya’ni odam tabiat va jamiyat qonunlarini faqat bilib qo‘yish uchungina emas, balki o‘z hayotini saqlash va yaxshilash, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ham o‘rganadi. dabiyot ham shunday o‘rganishning bir shaklidir. Hayotni o‘rganish jihatidan olim bilan yozuvchining orasida prinsipial farq yo‘q. Badiiy asarlarda yozuvchi o‘zi aytmoqchi bo‘lgan g‘oyani o‘quvchiga bayon etishdan avval va ko‘pincha bu g‘oyani butunlay bayon etmay, bizning ko‘z oldimizda hayot manzarasini namoyon qiladi. Bu manzara shunday tasvirlanadiki, biz yozuvchi bilan birga hayotning hamma ikr-chikirlarini ko‘ramiz, kishilarning hayotida doir bo‘lga hodisalar va psixologiyasidagi o‘zgarishlarning guvohi bo‘lamiz. Adabiyot–hayotdan ta’sirlanish va hayot haqiqatini chuqur o‘rganish samarasidir. Adabiyot–hayot hodisalari ustidan hukmdir. Kishi hayot hodisalarini bilibgina qo‘ymaydi, balki ular haqida ma’lum xulosalarga keladi, ular yuzasidan ma’lum hukm chiqaradi va bu hukm uning amaliy ishida qo‘llanma bo‘ladi. Adabiyot (xuddi kishi ongining boshqa sohalaridek) voqelikni faqat o‘rganish bilan cheklanmaydi, balki voqelik hodisalari yuzasidan hukm chiqaradi. Shuning uchun ham, N.G. Chernishevskiy juda haqli suratda quyidagi xulosalarga keladi: «Agar hayotni kuzatish natijasida tug‘ilgan masalalardan qattiq hayajonga tushgan kishi san’atkorlik talantiga ega bo‘lsa, u holda uning asarlarida, ongli va ongsiz ravishda uni qiziqtirayotgan hodisalar ustidan hukm chiqarishga intilish o‘z ifodasini topadi. Unda san’atkor mutafakkirga aylanadi va san’at asari, san’at sohasida o‘rin tutgan holda ilmiy ahamiyat kasb etadi». Adabiyot hayotni qayta qurish qurolidir. Hayotni qayta qurish tilagi adabiyotda ham o‘z aksini topib kelgan. Agar kishining xayoli (orzusi) real hayotga, uni haqiqatdan qayta qurish imkoniyatlariga asoslangan bo‘lsa, bunday xayol hayot haqida to‘g‘ri, haqqoniy tasavvur yaratishga xalaqit bermaydi. San’at va adabiyotning jamiyat taraqqiyotiga katta ta’siri masalasi aslida g‘oyalarning kishilar ongiga va pirovardida iqtisodiy bazisga ta’sir masalasining bir qismiginadir. Ma’lumki, g‘oyalar, ularni omma egallaganda, moddiy kuchga aylanadi. Adabiyot hayotni o‘rganadi va uning ustidan hukm chiqaradi. Adabiyotning hayotning aks ettirish, o‘rganish, hayot ustidan hukm chiqarish va hayotni qayta qurish quroli ekani, uning yana bir xosiyatini keltirib chiqaradi, Bu xosiyat–zamonaviylikdir. Jamiyat taraqqiyotining har konkret bosqichi yoki pallasida kishilarning hayot sharoitini yaxshilash, odamlarning o‘zlarini ma’naviy mukammallashtirish borasida paydo bo‘lgan muhim ijtimoiy-axloqiy va boshqa masala hamda ehtiyojlarni aniqlashga intilish, u ehtiyoj va masalalarga javob axtarish, javob topa bilish – zamonaviylik deb ataladi. 14Jahon adabiyoti tarixi ko‘rsatadiki, haqiqiy adabiyot zamonaviy bo‘lmasligi mumkin emas. Faqat zamonaviy bo‘lgan asargina jahon adabiyoti tarixiga qimmatli hissa bo‘lib kiradi. Buyuk yozuvchilar o‘z davrining ijtimoiy hayotidagi hodisalarni va yangi ijtimoiy–axloqiy ehtiyojlarni ifoda etuvchilar bo‘lib maydonga chiqadilar. A.Kodiriy «O‘tgan kunlar» ga yozgan so‘z boshida romanning zamon talabi bilan yozilganligiga quyidagicha iqror bo‘ladi: «Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas biz har bir yo‘sinda ham davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchilik, romanchilik va hikoyachilikdan ham yangi asarlar yaratishga, xalqimizni shu zamonaning «Tohir va Zuhra»lari, «Farhod va Shirin» va «Bahrogo‘r»lari bilan tanishtirishga o‘zimizda majburiyat his etamiz». Ajoyib romanistning bu so‘zlaridan ma’lum bo‘ladiki, adabiyotning mashhur asarlari ham o‘z zamonasining talabi bilan maydonga kelgan. Yozuvchi o‘z zamonasini qiziqtirgan, zamondoshlarining xayolini band etgan masalalarga xilma–xil tarzda javob berishi mumkin. Alisher Navoiy «Hayratul abror» dostonida o‘z zamonasining hamma ijtimoiy va axloqiy masalalariga alohida «maqolat» lar (boblar) bag‘ishlab o‘z qarashini ifoda etadi. Unda shoir o‘z zamonasidagi zolim podshoh saroyidagi buzuqlikni chuqur nafrat bilan tasvirlaydi. Asarda Navoiy bevosita zamonasi, uning kishilari haqida so‘z yuritadi. Shu bilan birga, Navoiy «Sab’ai sayyor» va «Saddi Iskandariy» kabi asarlarida zamonasini emas, uzoq o‘tmish voqealarini tasvirlaydi. Mazkur asarlarda tasvir obyekti zamona xodisalari emas tarixdir. Tarixga murojaat etish–hamma davrlar va hamma xalqlar adabiyotida uchraydigan hodisadir. Yozuvchining tarixiy o‘tmish materialini tasvir predmeti qilib olishi uni zamonasidan yuz o‘girgani yoki uzoqlashganini ko‘rsatmaydi. Haqiqiy yozuvchi uzoq tarixni tasvirlaganda ham, zamonaviylik uning ijodining bosh xususiyati bo‘lib qoladi. Shunday qilib, adabiyot–doimo zamonaviydir. Zamon hayoti materialiga murojaat etish va tarixdan (yoki afsonalardan) tasvir predmeti olish–adabiyotga zamonaviylikning faqat ikki qirrasidir. Tarixiy voqealarni tasvirlagan asarlar faqat o‘z zamonasining muhim problemalari nuri bilan yoritilgandagina adabiyotga katta xissa bo‘lib kiradilar, zamondoshlar diqqatini o‘ziga jalb eta oladilar. (Kodiriyning «Mehrobdan chayon», Hamzaning «Maysaraning ishi» kabi asarlari, Oybekning «Navoiy» asarlari). Zamonaviylik–badiiy adabiyotning eng muhim xususiyatlaridan, adabiyot taraqqiyotining barqaror va samarali qonuniyatlaridan biridir. Zamonaviylik–zamonaga moslash (zamonasozlik) emas, balki ma’lum davrda kishilik jamiyatining taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan yangi g‘oyalarni ifoda etishdirki, bunday progressiv g‘oyalar xamisha zamona kishilarning ongida hukmron bo‘lgan g‘oyalarga mos bo‘lavermaydi. Haqiqiy yozuvchi yangi, progressiv hayotiy hodisa va g‘oyalarni kashf qiluvchi, o‘sha yangilikka mos 15yorqin ifoda beruvchidir. Har bir haqiqiy badiiy asar–ijtimoiy ong sohasida yangi so‘zdir. Zamonaviylik–adabiyotning faqat mazmuniga emas, uning shakli, tasvir usullari va vositalariga ham taalluqli masaladir. Yangi zamonaviy mazmun bilan adabiyotning shaklida ham o‘zgarishlar yuz beradi. O‘rta asrning so‘nggi va yangi zamonning ilk shoiri bo‘lgan Dante zamona talabi bilan Italyan tilida badiiy adabiyot yaratish uchun kurashadi. (Dantegacha Italiyada badiiy adabiyot asarlari faqat latin tilida yozilar edi.) Lutfiy va Navoiy qadim o‘zbek tili (turkiy)da buyuk adabiyot yaratadilar. Zamonasining eng ilg‘or ijtimoiy kuch va g‘oyalari bilan mustahkam aloqa–yozuvchi ijodining eng katta ijtimoiy ahamiyatini ta’min etuvchi omillardan biridir. Haqiqiy yozuvchi doimo kurashchi, jangchidir: u jamiyat hayotidagi hodisalarga befarq qarab turaolmaydi. Buyuk yozuvchilar doimo ijtimoiy hayotda aktiv ishtirok etgan kishilardir. Demak adabiyotning zamonaviyligi faqat adabiyot asarlarining mazmunidagina emas, balki yozuvchining jamiyat hayotida shaxsan o‘ynagan roliga bog‘liq. Albatta yozuvchi ijodi uning jamiyat hayotida o‘ynagan rolini tayin etuvchi bosh omildir, ammo bunga yozuvchining ijtimoiy hayotda shaxsan aktiv ishtiroki qo‘shilsa, o‘sha ijodning ijobiy roli yana ham ortadi. Yozuvchilar buni yaxshi tushunadilar va o‘zlarining– zamonaning ilg‘or kishilarining jamiyat hayoti bilan chambarchas bog‘liqligini doimo ish yoki so‘z bilan ifoda etib turadilar. Yozuvchi shaxsan ijtimoiy akivlik ko‘rsatmagan taqdirda ham, uning ijodigina emas, balki ma’naviy qiyofasi ham ilg‘or jamoatchilikning bayrog‘i va o‘zi esa zamonaning ilg‘or kishilari uchun eng aziz shaxs bo‘lib qoladi. Yozuvchi shaxsining katta ijtimoiy faktor (omil)ga aylanishi hamma halqlarning adabiyotlari tarixi uchun ham xarakterlidir. Firdavsiy hayotiga oid bir faktni esga olaylik. Firdavsiy buyuk «Shohnoma» ni tamomlab, podshoh Mahmud G‘aznaviyga taqdim etadi va o‘zining o‘ttiz yillik ijodiy mehnatining munosib taqdirlanishini kutadi. Podsho shoir qilgan qahramonlikning qadriga yetmaydi, unga ma’naviy madad bermaydi, ozgina pul bilan mukofotlaydi. Shoir hammomga tushadi va xodmichi yollaydi va unga Mahmudning butun pulini beradi hamda podshohni tavsiflab yuz baytdan iborat hajviya yozadi. Bu hajviyaning shuhrati olamni tutadi. Mahmud shoirni o‘ldirmoqchi bo‘ladi, shoir mamlakatdan qochib qutuladi. Podsho hajviyaning har nushasi uchun katta pul mukofot va’da qilib, Firdavsiy asarlarini olamdan yo‘qotmoqchi bo‘ladi. Ammo u niyatiga yeta olmaydi–buyuk shoirning asarlari asrlar osha bizgacha yetib keldi. Albatta, ijtimoiy hayotda aktiv rol o‘ynash har safar ham yozuvchining zamona voqealariga qizg‘in ishtirok etishi tarzida namoyon bo‘lavermaydi. Ba’zan jamiyat uchun eng foydali bo‘lgan o‘z ijodini samarali qilish uchun yozuvchi kundalik hayotdan atayin uzoqlashuvi ham mumkin va bu hol uning 16ijtimoiy roli pasayganini ko‘rsatmaydi. Masalan, Firdavsiy «Shohnoma» ni yozish uchun 30 yil umrini yolg‘izlikda o‘tkazgan edi. Lutfiy ham umrining oxirini Hirotdan uzoqda, qishloqda o‘tkazdi. Odatda zamonasining ijtimoiy sharoiti tinch va samarali ijodga yo‘l qo‘ymagan choqda yozuvchilar shunday qilishga majbur bo‘ladilar. Aktiv ijod bilan qizg‘in ijtimoiy faoliyatni bir-biriga qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lganda ham, bo‘lmaganda ham yozuvchi doimo o‘zini jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi va xizmatchisi deb his etadi. Zamonaviylik va ijod erkinligi. Ba’zan yozuvchi ijodining zamona bilan chambarchas bog‘liqligi uning erkin ravishda ijod etishiga, «o‘z ko‘nglida bor gaplarni aytishga» to‘sqinlik qiladigandek tuyuladi. Agar yozuvchi zamonaning talablariga itoat etib, ish ko‘rsa, qanday qilib «o‘quvchidan biroz oldinda borish» talabiga javob bera oladi. Uning ijodi qanday qilib zamonasi uchun ixtirochilik rolini o‘ynaydi? Bu yerda go‘yo adabiyotning asosiy vazifalari bilan zamonaviylik talabi orasida jiddiy qarama-qarshilik bordek ko‘rinadi. Zamonaviylik–adabiyotning hayotiyligi alomati, uning jonidir. Zamonaviylikning hissiy, ya’ni zamonasining ilg‘or intilish va ehtiyojlarini seza bilish yozuvchiga ajoyib mazmundor badiiy asarlar yaratishga yordam beradi. Zamonaviylik yozuvchining zamondoshlari va kelajak avlodlari oldida katta xizmati bo‘lib qoladi. Zamonaviylik badiiy asarning abadiyligini ta’minlovchi omil ekanligi. Alisher Navoiyning chuqur zamonaviy lirikasi (masalan, g‘azallari) bugun ham o‘zbek va boshqa sharqlarning ma’naviy hayotida katta o‘rin tutadi. Buyuk asarlarning badiiyligining «siri» shundaki, ularga zamonasining konkret ijtimoiy va axloqiy muammolari munosabati bilan san’at va adabiyotning (va umuman ijtimoiy tafakkurning) doimiy mazmunini tashkil etadigan «abadiy problemalar» – adolat uchun va zulmga qarshi kurash, muhabbat, nafrat, do‘stlik, insoniylik, ma’rifat va shunga o‘xshash problemalar yoritiladi. Ammo bu problemalar (muammolar) konkret tarixiy sharoit bilan bog‘liq xolda qanchalik chuqur yoritilsa, asarning adabiy qimmati shunchalik baland bo‘ladi. Demak zamonaviylik adabiy asarning abadiyligini ta’minlovchi omillardan biridir. Yozuvchining zamona kishilarining ehtiyojlariga yaqinligi uni kelajak avlod kishilaridan uzoqlashtirmaydi, chunki hamma davrlar va xalqlar orasida, ularning psixologiyasi, ma’naviy va estetik ehtiyojlarida doimo umumiylik saqlanadi. Insonparvarlik g‘oyalari G‘arbiy Yevropa adabiyotida XIV- XV asrlarda Uyg‘onish davri boshlanishi munosabati bilan paydo bo‘lgan edi. Italyan Petrarka (1304-1374) va Jovanni Bokachcho (1313-1375) fransuz Fransua Rable (1494-1553), nemis Ulrix fon Gutten (1488-1523) va boshqa ko‘pgina buyuk yozuvchilar insonni uning yer yuzidagi hayotini kuylaydilar. O‘rta Osiyo tarixida adabiyotning bizga ma’lum ilk namunalaridan masalan, Firdavsiyning “Shohnoma”, Yusuf Xos Hojibning “Kutadg‘u bilig” 17asarlaridan boshlab ijtimoiy - fikrda insonparvarlik (gumanizm) paydo bo‘lganini aytish mumkin. Dunyoviy adabiyot (Durbek, Xorazmiy, Lutfiy, Navoiy va boshqalar ijodi) gumanistik adabiyotning namunasi deb hisoblanadi, bu adabiyotning asosiy mazmuni – insonni madh etish, uning baxtini kuylash va yer yuzidagi hayotini e’zozlashdan iboratdir, Navoiy: Jondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz!
Sondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz!
Har neniki sevmoq ondin ortiq bo‘lmas,
Ondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz! – deydi.
“Xamsa” va “Chor devon” da XV asr odamining keng ichki dunyosi, zamonasining eng muhim qarama-qarshiliklari va buyuk yozuvchining insonparvarlik orzulari ifoda etilgan. Insonparvar yozuvchilarning xizmatlaridan biri – adabiyotni xalq ijodi bilan yaqinlashtirishdir. Gumanist yozuvchilar ko‘pincha folklorda ishlangan syujetlarni o‘z asarlariga asos qilib oladilar va ularni o‘z dunyoqarashlari nuqtai nazaridan qayta ishlab, buyuk asarlar yaratadilar, (Sharq adabiyotidan Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy, Navoiy, G‘arb adabiyotidan Dante, SHekspir va Gyote misol bo‘la oladi). Insonparvar adabiyotning uchta xosiyatini alohida ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tamiz : 1. Adabiyotni insonni, uning hislarini kuylashga qaratish,insonni e’zozlash va madh etish ; 2. Adabiyotni zamonasining muhim ijtimoiy problemalar (adolat, ma’rifatparvarlik, insonni hur fikrliligi va hakoza)ni hal etishga yaqinlashtirish. 3. Adabiyotning vositalarini (birinchi galda tilini) xalqqa yaqinlashtirishga intilish. Gumanist yozuvchilar o‘z davri uchungina emas, keyingi avlodlar uchun ham qimmatli asarlar yaratib qoldiradilar. Ulardan keyin insonparvarlik hamma davr adabiyotlarining traditsiyasi bo‘lib qoladi. Adabiyotning xalqchilligi. Xalq ongini to‘g‘ri in’ikos ettirish va shakllantirishga qodirlik adabiyot va san’atning xalqchilligi deb ataladi. Xalqchil yozuvchi o‘z asarlarida xalqning manfaatlarini ifoda etadi. Adabiyot va san’atning xalqchilligi turlicha namoyon bo‘ladi. Xalq manfaatlarini u yoki bu darajada ifoda eta bilgan asar xalqchildir. Bu xalqchillikning bosh kriteriysi–o‘lchovidir. Xalqchillikning yana quyidagi element yoki tashqi alomatlari mavjuddir. a) adabiyot va san’at asarining xalqqa tushunarli vositalar bilan yaratilishi; b) yozuvchi ijodining xalq ijodi bilan chambarchas aloqasi, folklorda uchraydigan syujetlardan tasvir vositalaridan foydalanish; 18v) adabiyot va san’at asarida muallif mansub bo‘lmagan “begona” xalqlar hayoti obyektiv tasvirining mavjudligi–yozuvchi ijodining baynalmilallik (internatsionalizm) ruhida bo‘lishi. Bu alomatlar hammasi bir asarda jamlangan holda yoki yakka-yakka tarzda ham uchrashi mumkin. Bunday vaqtda asarning mazmunida insonparvarlikni ko‘zlash uning xalqchilligini tayin etuvchi bosh omil bo‘lib qoladi. Asar xalqchil bo‘lishi uchun har safar ham unda xalq hayoti tasvirlanishi shart emas. Navoiyning “Farhod va Shirin” asarida xalq tasvirlanmagan bo‘lsa ham, xalqchildir: unda hayot zamonasi uchun progressiv g‘oyaviy pozitsiyada turib, butun jamiyat va uning ko‘pchiligi uchun tushunarli, vositalar bilan yaratilgan hamda mazkur asarlar mazmunida insonparvarlik mavjuddir. Har qanday asarning xalqchilligini tayinlaganda birinchi mezon–uni mazmunining xalq va butun jamiyat taraqqiyoti manfaatlariga mosligidir. Adabiyotning milliy va umuminsoniy mazmuni. Hozirgi zamon o‘quvchisi, qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar Gomer va Firdavsiyni, SHekspir va Nizomiyni, Navoiy va Gyoteni, Balzak va Pushkinni, Abay va Hamzani katta qiziqish bilan o‘qiydi. Adabiyotning eng yaxshi namunalari, qaysi mamlakatda va qaysi xalq tomonidan yaratilmasin, butun dunyoda sevib o‘qiladi. Bunga sabab ularning mazmunining milliyligidan tashqari, umuminsoniy va baynalmilal xarakterga ham ega bo‘lganidir. Badiiy adabiyot hamma uchun qiziqarli va foydali bo‘lgan juda ko‘p muammolarni, ijtimoiy va axloqiy masalalarni qamrab oladi. Insoniyat psixologiyasi va intilishlarining mushtarakligi tufayli bir vakili (yozuvchi) tomonidan shu xalq hayotiga asoslanib yaratilgan asar, agar yetarli g‘oyaviy va badiiy saviyada yozilgan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan yer yuzining hamma joylaridagi kishilar uchun qiziqarli bo‘lib qoladi. Har bir milliy adabiyot, o‘z milliy zamini asosida maydonga keladi. Har xalqning uning adabiyotida o‘z aksini topadi. Har bir yozuvchi birinchi navbatda o‘z atrofidagi hayotni–o‘z xalqiga mansub kishilarning xarakterlarini tasvir etadi. Shuning uchun ham Gomer va Firdavsiy, Navoiy va SHekspir, Abay va Hamza asarlarida tasvirlangan hayot va qahramonlar bir-birlaridan farq etadilar. Shu bilan birga, yozuvchi tasvirining markazida turgan narsa–odam bo‘lgani tufayli, asar mazmuni dunyodagi hamma kishilarni qiziqtiradigan umumiy masalalarni qamrab oladi. SHekspirning “Romeo va Julyetta”, Navoiyning “Farhod va Shirin” asarlarining konkret tarixiy va milliy mazmuni bir-biridan juda katta farq qiladi, qahramonlarning hayot sharoiti va psixologiyasida ham ana shunday katta tafovut mavjud. Ammo har ikki asar ham inson erkini, sof va pokiza muhabbatni ulug‘lashi, yaqin kishilarni badbaxt qiluvchi bid’atlarni fosh etishiga ko‘ra bir-biriga juda yaqin va shu sababli jahondagi xamma xalqlarning sevimli asarlari bo‘lib qolgan. Badiiy adabiyotning ikkiyoqlama mohiyati, uning bir tarafdan san`at hodisasi, ikkinchi tomondan ijtimoiy ong shakllaridan biri ekanligini aytib o`tdik. Endi nima uchun badiiy adabiyot ijtimoiy ong sohasiga mansub deyilishi, uning ijtimoiy ong shakli sifatidagi o`ziga xosligini ko`rib chiqish darkor.
Taniqli rus adabiyotshunosi A.Potebnya badiiy adabiyot haqidagi ma`ruzalarini "eng umumiy tushuncha — inson faoliyati" degan so`zlar bilan boshlagan edi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, inson tomonidan yaratilgan narsalarning bari - faoliyat mahsuli, demak, birinchi galda "faoliyat" tushunchasiga to`xtalishimiz zarur bo`ladi. Inson faoliyati juda keng va serqirra bo`lib, quyida uning eng muhimlariga to`xtalib o`tamiz.
Mavjud jonzotlar ichida qadim ajdodlarimizgina tabiatda tayyor holda mavjud narsalarning, shart–sharoitlarning o`zi bilangina qanoatlanib yashamadilar. Jonivorlardan farqli o`laroq, ular tabiatni, mavjud narsalarni o`z talab–ehtiyojlariga muvofiq o`zgartirib yashadilar, zero, ular tirik qolish va naslni davom ettirish uchun shunga majbur ham edilar. Insonning yashash uchun tabiatni o`zgartirish jarayoni "mehnat" (amaliy faoliyat) deb nomlanadi. Inson azaldan o`zining amaliy faoliyatida tabiatni, atrof muhitni o`zgartirib keladi — o`ziga yashash uchun sharoit yaratadi, tirikchilik uchun oziq topadi. Tabiatni o`zgartirish jarayonida o`zgartiruvchi(inson)ning o`zi ham o`zgarib boradi, chunki amaliy faoliyat davomida u tajriba orttirib, atrof–muhitni tobora chuqurroq bilib boradi: insonning borliq haqidagi tasavvurlari boyib, ongi rivojlanib boradi. O`z navbatida, borliq haqidagi tasavvur va bilimlarning boyishi amaliy faoliyatning samaraliroq bo`lishiga xizmat qilgan. YA`ni, o`sha paytlardayoq inson faoliyati ikkiga — amaliy(mehnat) va nazariy(ruhiy) faoliyat turlariga ajrala borgan. Aslida bu ikki faoliyat turi bir-biriga bog`liq va har qanday insonda ular baqamti (faqat nisbati turlicha) kechadi. Biroq kishilik jamiyati taraqqiyoti davomida, mehnatning bo`linishi natijasida hozirgi zamon kishisi haqida, uning faoliyati haqida gapirganda biz ko`pincha "jismoniy mehnat" va "aqliy mehnat" degan faoliyat turlarini ajratamiz. Holbuki, bu o`rinda "ruhiy faoliyat" atamasining ishlatilgani ma`qul, chunki "aqliy mehnat" deb ataganimiz ruhiy faoliyatning bir qirrasi, xolos.
Haqiqatda ruhiy faoliyatning o`zi "aqliy" va "hissiy" qirralarga ega bo`lib, bu ikkisi tanganing ikki tomonidek, har vaqt bir–birini taqozo etadi. Zero, inson dunyoni bilishga intilarkan unga(konkret narsa-hodisaga) muayyan hissiy munosabatda bo`ladi, o`z navbatida dunyo uning hislariga ta`sir qiladi. Ikkinchi tomondan, ijtimoiy mahluq sifatida inson muloqot ehtiyojini, o`z hislarini ifodalash ehtiyojini tuyadi. YA`ni, bu ehtiyoj ahamiyati jihatidan yashash va nasl qoldirish uchun tabiatni o`zgartirish ehtiyojidan aslo kam bo`lmagan tabiiy ehtiyojdir. Inson o`zining tabiat bilan munosabatlari natijasi o`laroq yuzaga kelgan eng ibtidoiy hislari(qo`rquv, sevinch)ni ham, jinsdoshlari bilan munosabati natijasida tug`ilgan hislarini ham ifodalashga intilgan. Ibtidoiy odamning g`orga chizgan suratlarida, ritual marosimlarida ayni shu narsa ko`zga tashlanadi. Insonning hissiy faoliyati, tabiiyki, aqliy faoliyatga turtki bergani, o`sha hislarni anglashga, oxir–oqibat o`zini anglashga yo`naltirgani ham bejiz emas. YA`ni, ruhiy faoliyatning predmeti ikkiga ajralmoqda: inson, bir tarafdan, o`zidan tashqaridagi olamni o`rganishga, ikkinchi tarafdan, o`zidagi "olam"ni anglashga intila boradi. Demak, ruhiy faoliyat tashqariga va ichkariga yo`naltirilgan bo`lishi mumkin ekan. Shu o`rinda amaliy va ruhiy faoliyat orasidagi eng muhim farqqa diqqat qilish lozim. Amaliy faoliyat voqelikdagi predmetni real o`zgartirishi bilan xarakterlanadi. YA`ni, amaliy faoliyat jarayonida faoliyat yo`naltirilgan narsa o`zgarishga uchraydi. Ruhiy faoliyat davomida esa o`zgarish faqat ongda, tasavvurdagina yuz beradi. Agar shu xil o`zgartirish bo`lmaganida edi, ruhiy faoliyatni "faoliyat" deb atashlik mumkin bo`lmagan bo`lur edi.
Badiiy adabiyot — insonning ruhiy faoliyati mahsuli. Badiiy adabiyotni ruhiy faoliyat turlaridan biri deb atashga imkon beradigan narsa shuki, ijodkor o`zining "faoliyati" yo`naltirilgan predmetni (keng ma`noda borliqni) o`z ongida o`zgartiradi va badiiy obrazda aks ettiradi. Demak, "adabiyot dunyoni o`zgartiradi", degan gapni aynan tushunishimiz xato bo`ladi. Zero, adabiyot real voqelikni bevosita emas, bilvosita — dunyoni o`zgartiruvchini, INSONni o`zgartirish orqali amalga oshiradi.
Yuqorida aytilganidek, ruhiy faoliyatning o`zi "aqliy" va "hissiy" qirralariga ega bo`lib, bu ikkisi har vaqt bir–birini taqozo etadi. Insonning borliq bilan munosabatini o`zaro aloqa sifatida tushunish to`g`riroq bo`ladi. Chunki borliqni bilish jarayonida inson unga muayyan hissiy munosabatda bo`ladi va, o`z navbatida, borliq ham uning hislariga ta`sir qiladi. Shuningdek, konkret masalani aqlan idrok etishga ojiz kishi uni hissiy idrok etishi mumkin, zero, inson ongidagi milliardlab hujayralarda asrlardan buyon to`planib kelayotgan informatsiya, qadim ajdodlarga xos bo`lgan va hozir go`yo konservatsiyalangan ruhiy imkoniyatlar yashaydi. Badiiy ijod jarayonida ong faoliyati nechog`li muhim bo`lsa, ongning ost qatlamida konservatsiyalangan holda yashovchi ruhiy imkoniyatlarning (podsoznatelnoye) ishtiroki ham ulkandir. Xuddi shu narsaga ulug` shoirimiz Cho`lpon o`n yetti yoshligidayoq e`tibor qilgan edi: "... muhit bo`shlig`inda bo`lgan qat`iy to`lqunning bir–biriga birlashmagidan har odamga har xil shodlik va yo ko`b achchiq ta`sir etmagindan odamning ko`nglida o`zi bilmasdan o`rnashub qolg`on va har vaqt, umrining oxiriga qadar saqlanaturg`on qayg`ulanmak va yo ko`krak kerib ko`b dam olurday oh urmaklar — hammasi ko`ngulda har xil rangda, har xil kayfiyatda to`lub yotqon adabiyot xosasindan sanalur". Cho`lpon "ko`ngul" deb atayotgan narsa aslida ong osti qatlamlari(podsoznatelnoye)dan boshqa narsa emas. Yosh shoirning talqinicha, insonni umr bo`yi bezovta qiladigan va adabiyotning «xosa»si sanaladigan narsalar uning o`ziga sezilmagan holda ko`nglida o`rinlashib qoladi. Tuyqus xayolimizga kelib qolgan fikr, xulosani biz g`aybdan deb o`ylashimiz mumkin. Aslida esa u qachondir nimaningdir ta`sirida tug`ilgan va ongimizning olis burchaklarida mudroq holda yashab kelgan, endilikda, muayyan bir vaziyatda anglangan o`z fikrimiz, o`z xulosamizdir. Ijod jarayonini, ijod onlarida san`atkorning o`zi kutmagan kashfiyotlarga duch kelishini yoki o`zi qilgan kashfiyotni anglayolmay qolishini tush ko`rishga mengzash mumkin. Inson tushida o`zini kutayotgan narsani oldindan ko`rishi mumkin, ko`pincha bu narsalar ramzlar tarzida ko`rinadi, ularning mag`zini chaqishga urinamiz. Holbuki, o`sha ramzlarning hosil bo`lishiga asos bo`lgan voqealar ishtirokchisi bo`lganmiz, o`y–fikrlarni ongdan, his–kechinmalarni qalbdan o`tkarganmiz. Endi esa, uxlagan chog`imizda ong ostki qatlami ishlagan, harakatga kelgan.
Inson — ijtimoiy mahluq deganlari bejiz emas. Zero, inson sifatida shakllanish uchun odamdan tug`ilgan bo`lishning o`zi kifoya emas. Inson dunyoga keltirgani holda insonlardan ayro yashagan odam inson sifatida shakllana olmaydi. Bunga hayotda ancha-muncha misollar bor. Shunga ko`ra, bizning ongimizdagi bilim va tasavvurlarning aksari vorisiy xarakterga ega. YA`ni, bugungi kun chaqalog`ining ongida mavjud imkoniyatlar olis ajdodlar ongida mavjud imkoniyatlardan chandon balanddir, zero, unda asrlar davomida to`plangan informatsiya kodlangan holda mavjuddir. Bundan ko`rinadiki, shakllanish jihatidan ong ijtimoiy xarakterga ega, bizda mavjud bilimlar va tasavvurlar o`z ongimizning, miyamizninggina faoliyati bilan bog`liq emas.
Ijtimoiy ong deganda kishilik jamiyati taraqqiyotining muayyan bosqichida o`sha jamiyat a`zolarining ongida mavjud bo`lgan borliq (olam, odam, jamiyat) haqidagi bilimlar, tasavvurlarning jami tushuniladi. Ijtimoiy ong bevosita jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ma`rifiy taraqqiy darajasi bilan bog`liq bo`ladi. Aytaylik, ibtidoiy jamiyat kishisi bilan hozirgi zamon kishilari ongidagi olam va odam haqidagi bilimlar orasidagi farq yer bilan osmoncha.
Ijtimoiy ongni, ya`ni, dunyo haqidagi bilim va tasavvurlarni hosil qilish, boyitishga xizmat qiluvchi sohalarning bari ijtimoiy ong shakllari deb yuritiladi. Din, ilm-fan, san`at, badiiy adabiyot, axloq, huquq, siyosat, — bular bari ijtimoiy ong shakllari sanaladi. Kishilik jamiyati taraqqiyotining ma`lum bir bosqichida bu sohalarning qaysidir bittasi yetakchi mavqega ega bo`lishi, keyin yetakchiik boshqasiga o`tishi mumkin. Masalan, kishilik jamiyatining tongida insonlarning tabiat hodisalarini anglashga intilishi natijasida yuzaga kelgan miflar yetakchi mavqega ega edi (aniqrog`i, miflar u davrda ijtimoiy ongning asosiy shakli edi). Dunyoning, inson va boshqa jonzotlarning paydo bo`lishi, hayot va o`lim sirlari, tabiat hodisalarining sodir bo`lishi kabi inson bilishga qiziqqan masalalar miflarda o`z ifodasini topgan. Albatta, miflar qadim ajdodlarimizning bu masalalar mohiyatiga yetmaganini ko`rsatadi, biroq miflarda ularning olam va odam haqidagi bilimlari — ijtimoiy ongi akslangani ham ayon haqiqatdir. Keyinroq, antik jamiyatda falsafaning yetakchiligi kuzatilsa, o`rta asrlarga kelib ijtimoiy ong shakllari orasida din yetakchi mavqe egalladi. Zero, o`rta asrlarda olam va odam mohiyati diniy ta`limotlar asosida tushunildi va tushuntirildi. Insonning dunyo haqidagi bilimlarining chuqurlashuvi XYIII asrga kelib fanning yetakchiligini ta`minladi, endi ilmiy bilishning ahamiyati ortdi.
Ijtimoiy ong shakllarining keyingi davrlardagi, xususan, hozirgi holatiga nazar solsak, unda turlichalikka duch kelamiz. Zero, hozirda ularning bari parallel holda (umuman insoniyat miqyosida olsak, taraqqiyot darajasining turlichaligi bois mifologik tafakkurdan tortib to yuksak ilmiy bilishgacha) mavjud. Albatta, biz bu o`rinda insoniyatning ilg`orini, rivojlangan jamiyatlarni nazarga olishimiz to`g`riroq bo`ladi. Bu holda bilish jarayonida ijtimoiy ong shakllaridan bir qanchasi ishtirok etayotganiyu har birining o`z sohasi (fan, san`at, siyosat, huquq) borligiga amin bo`lamiz.
Ijtimoiy ong shakllari orasida badiiy adabiyot va san`at borliqni badiiy obrazlar vositasida idrok etishi bilan farqlanadi. Xususan, badiiy adabiyot so`z vositasida ish ko`radi. So`z esa universal bilish va ifodalash vositasi sanaladi. So`z vositasida ish ko`rgani uchun ham badiiy adabiyotning badiiy bilish imkoniyatlari anchayin keng: u hayotdagi turli muammolarni, uning turli jihatlarini badiiy tadqiq etish imkoniga ega.
Badiiy adabiyotning jamiyat hayotidagi o`rnini tasavvur qilish uchun u bajarayotgan ijtimoiy funksiyalar(vazifalar) nimalardan iborat ekanligini ko`rib chiqish lozim. Badiiy adabiyotning eng muhim vazifasi shuki, u insonni komillikka yetaklaydi, jamiyatni mukammallashtirishga xizmat qiladi. Yuqorida "badiiy adabiyot dunyoni o`zgartiradi" degan fikr xususida to`xtalgan edik. Darhaqiqat, badiiy adabiyot inson(demakki, jamiyatni)ni o`zgartirish orqali dunyoni o`zgartiradi. Negaki, badiiy adabiyot real voqelikni aks ettiribgina qo`ymaydi, u ideal asosida fikrlaydi, voqelikni ideal asosida qayta yaratadi, chinakam san`at asaridagi badiiy hukm idealdan kelib chiqqan holda chiqariladi. Ideal esa, ma`lumki, o`zida mukammal inson, mukammal jamiyat haqidagi tasavvurlarni, orzu-intilishlarni mujassam etadi. Ijodkor sog`ingan ideal badiiy asar orqali o`quvchiga, o`quvchilarga ko`chadi va, bilingki, ideal sog`inchini o`ziga yuqtirgan o`quvchi endi o`zgargan insondir. Inson(insonlar)dagi o`zgarish esa, tabiiyki, jamiyatdagi o`zgarishlarning asosidir. Demak, badiiy adabiyotning eng muhim vazifalaridan biri jamiyatni ideal asosida qayta qurishdan iborat ekan.
Mutaxassislar san`at, xususan, badiiy adabiyot haqida so`z borganda ularning polifunksionalligi, ya`ni, ko`p vazifalarni bajarishini ta`kidlaydilar. Quyida biz badiiy adabiyotning ijtimoiy hayotda bajaruvchi vazifalari xususida qisqacha to`xtalib o`tamiz.
Bilish (evristik) funksiyasi. Badiiy adabiyot borliqni badiiy bilish orqali bizning olam, odam va jamiyat haqidagi bilim va tasavvurlarimizni boyitadi. «Adabiyot — hayot darsligi», degan gap faqat chiroyli ta`rifgina emas, uning zamirida katta haqiqat yotadi. Zero, badiiy asarlar mutolaasi davomida biz inson qalbining chuqur puchmoqlariga kirib boramiz, uning turfa fe`l-atvori bilan tanishamiz, insonlar orasidagi murakkab munosabatlarni kuzatamiz, ularning tublik sabablarini his qilamiz. Badiiy adabiyot orqali o`quvchi o`zga insonlar tajribasi bilan o`rtoqlashadi, buning natijasi o`laroq u hayotga, insonlarga o`zgacharoq yondasha boshlaydi, chuqurroq tafakkur qiladi, fikrlash doirasi kengayadi. Bu esa, agar inson umrining qisqaligi, uning umri davomida bevosita ko`rish va his qilish imkoniyatining cheklangani e`tiborga olinsa, juda katta ahamiyatga molikdir. Zero, badiiy asarni o`qish davomida o`quvchi asar voqeligida yashaydi, asar qahramonlarining o`ylarini ongdan, hislarini qalbdan kechiradi. Ehtimolki u o`z hayoti davomida o`sha tasavvurdagi olamda ko`rgandek taqdirlarga duch kelmas, unda tasvirlangandek holatlarga tushmas... — lekin boshqa olamda, boshqa odamlar orasida yashagani, ular ko`rganni ko`rgani, bilganni bilgani, his qilganni his etgani qolaveradi. YA`ni, badiiy adabiyot bamisoli hayot ichidagi yana bir hayot, inson qisqa umri davomida ko`proq ko`rishi, his qilishi, anglashi uchun berilgan qo`shimcha imkoniyat, aytish mumkinki, qo`shimcha «umr»dir.
Badiiy-konseptual funksiya. Badiiy adabiyot hayotni, jamiyatning joriy holatini badiiy tahlil qilish orqali olam va odam haqida yaxlit badiiy hukm — badiiy konsepsiyani ishlab chiqishga intiladi. Bu jihati bilan badiiy adabiyot falsafaga yaqinlashadi. Falsafadan farq qilaroq, olam va odam konsepsiyasini ishlab chiqishda badiiy adabiyot mantiq kategoriyalariga emas, ma`no serqirraligi bilan xarakterlanuvchi badiiy obrazlarga tayanadi. Jahon falsafiy tafakkuri Dante, SHekspir, Gete, L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, T.Mann, A.Kamyu singari o`nlab ijodkorlar fikrlari bilan boyigani, o`z vaqtida ulardan turtki olganligi shubhasizdir. Biz o`zining ko`lamli falsafiy mushohadaga moyilligi bilan tanilgan va e`tirof etilgan ijodkorlardan ayrimlarinigina sanadik. Haqiqatda esa badiiy konseptuallikka intilish iqtidor bilan yozilgan har qanday badiiy asarga xosdir. Xayyom ruboiylarini yo hazrat Navoiy dostonlarini, A.Qodiriy romanlari yo A.Qahhor hikoyalarini, O.Yoqubov nasri yo A.Oripov she`riyatini olasizmi — barida hayot, olam va odam haqidagi chuqur falsafiy mushohadalarga duch kelasiz, mualliflar mavjudlikning o`tkir masalalari yuzasidan chiqargan badiiy hukm-xulosalar bilan o`rtoqlashasiz.
Kommunikativ funksiya. Badiiy adabiyot shaxslararo, avlodlararo, millatlararo muloqotning amalga oshishiga xizmat qiladi. Badiiy asarni yaratish davomida ijodkor tasavvurdagi o`quvchi bilan muloqotga kirishsa, uni o`qish jarayonida o`quvchi ijodkor bilan muloqotga kirishadi. Muloqot jarayonida keng kitobxonlar ommasiga badiiy informatsiya yetkaziladi, bu esa o`quvchining bilim va tasavvurlar doirasini kengaytiradi, informatsiyaga bo`lgan ehtiyojini qondiradi. Badiiy adabiyot vositasida amalga oshuvchi muloqot qarshisida davriy yoki xududiy chegaralar mavjud emas: uning vositasida o`quvchi o`zidan bir necha asrlar ilgari yashagan shaxs bilan ham, o`zidan minglab chaqirim olisda yashovchi shaxs bilan ham muloqot qila biladi. Masalan, ko`p mutolaa qilgan hozirgi kitobxon olis ajdodlarining turmushi, fikrlash tarzi, orzu-intilishlari bilan ham, olis dengiz ortidagi xalqning turmushi, fikrlash tarzi, orzu-intilishlari bilan ham yaqindan tanish bo`la oladi.
Tarbiyaviy (didaktik) funksiya. Badiiy adabiyot shaxsni aqlan va ruhan kamolga yetkazadi, jamiyatning ma`nan tozarishi va yuksalishiga xizmat qiladi. E`tibor berilsa, deyarli barcha milliy adabiyotlar taraqqiyotining ilk bosqichlarida didaktik funksiya oldingi planda turgani ko`riladi. Adabiyotning tarbiyaviy ahamiyatiga juda qadim davrlardan ayricha e`tibor berib kelinishi bejiz emas. Xususan, qadimgi yunon faylasufi Aflotunning «Davlat» asarida adabiyotning tarbiyaviy tomonidan qanday foydalanish kerak, kimga, nimani va qanday o`qitish kerak degan masala keng qo`yilgan. Sharq xalqlarida ham yosh avlodni tarbiyalashda badiiy adabiyotdan keng foydalanilgan. Shu bois ham Sharq mumtoz adabiyotida «Guliston», «Bo`ston», «Qutadg`u bilik», «Hibatul haqoyiq», «Qobusnoma» singari didaktik asarlar yaratilgan. To`g`ri, adabiyot taraqqiyotining keyingi bosqichlarida sof didaktik xarakterdagi asarlar kamayib boradi, hatto oshkor didaktikaga berilgan asarlar badiiy mukammallikdan yiroq tushadi, deb hisoblanadi. Shunga qaramay, adabiyotning mazkur funksiyasi hamon juda kuchli va sezilarlidir. Zero, chinakam san`at asarida ijodkor ezgulik, go`zallik, adolat singari umuminsoniy qadriyatlar tomonida turib fikr yuritadiki, ayni shu narsa badiiy adabiyotdagi tarbiyaviy funksiyaning har vaqt mavjudligini ta`min etadi.
Kompensatorlik funksiyasi. Badiiy adabiyotda inson o`z hayotida ko`rmaganini ko`radi, undan o`ziga yetishmayotgan narsalarni topadi va shu asosda ruhiy qoniqish hosil qiladi. Bu jarayonning asosi shuki, badiiy asar mutolaasi davomida o`quvchi irreal olamda — badiiy reallikda yashaydi: shu irreal olamda real hayotida ko`nglidan kechirmagan hislarni kechiradi, umri davomida tushmagan vaziyatlarda «yashaydi».
Badiiy bashorat. Badiiy adabiyotning bashoratchilik funksiyasi xalq og`zaki ijodidagi ertaklardayoq namoyon bo`ladi. Xususan, ertaklardagi «uchar gilam»lar, «oynai jahonnamo»lar aviatsiya va televideniye paydo bo`lishidan ancha ilgari bashorat qilingan edi. Insonning bugungi imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ertadan bashorat qilish yozma adabiyotda, xususan, fantastik va ilmiy-fantastik asarlarda ham kuzatiladi. Masalan, J.Vernning «Yerdan Oyga» (1865), «Oy atrofida» (1869) asarlarida insonning Oyga sayohati, «20000 lye suv ostida» (1870) romanida uning dengiz qa`rlarida sayohat qilishi tasvirlangan. Holbuki, mazkur asarlar yozilgan paytda insoniyat hali bularga qodir emasdi.
Badiiy adabiyot «kecha» yoki «bugun»ning badiiy tahlili asosida kishilik jamiyatining "erta"si haqida fikr aytishga intiladi. Zero, jamiyatdagi joriy holat, undagi rivojlanish tamoyillarining badiiy tadqiqi bunga yetarli asos beradi. Masalan, nemis adibi L.Feyxtvangerni olaylik. Adib 1933 yilda, Germaniyada fashistlar diktaturasi o`rnatilgach, xorijga chiqib ketgan. YA`ni, Feyxtvanger fashistlarni hokimiyat tepasiga keltirgan shart-sharoitlarni, siyosiy jarayonni hamda buning natijasida yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy holatni juda yaxshi bilgan. Yozuvchi o`zining «Soxta Neron»(1936) romanida ayni shu jarayonlarni metaforik tarzda badiiy tadqiq etadi va mustabid tuzumning muqarrar halokatini bashorat qiladi, buni badiiy asoslab beradi. Shunga o`xshash, A.Qodiriy «O`tgan kunlar»da yurtimizning yaqin o`tmishini badiiy tahlil qilib, «qipchoq — qorachopon» mojarolari Chor istibdodiga yo`l ochganidek, yurtning «qizil»lar va «oq»larga bo`linishi «qizil istibdod»ga yo`l ochishini bashorat qilgan, yurtdoshlarini bundan ogoh qilishga intilgan edi.


ADABIYOTLAR:


1. Izzat Sulton. Adabiyot nazariyasi. T. «O‘qituvchi» 1980 yil. 50-53
betlar.
2. Adabiyot nazariyasi dasturi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi
vazirligi. T., 1999 yil.
3. Kollektiv «Adabiyot nazariyasi». 2-tomlik. T., Fan. 1978-1979 yil.
4. Kollektiv «Adabiy turlar va janrlar». 2-tom. T., Fan. 1991-1992
yil.
5. www.ziyouz.com
6. www.mum-toz.narod.ru
Yüklə 2,11 Mb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə