Aqishda fuqarolar urushi



Yüklə 41,17 Kb.
səhifə1/2
tarix19.12.2023
ölçüsü41,17 Kb.
#151995
  1   2
aqsh


AQISHDA FUQAROLAR URUSHI
Reja:

  1. AQSHda fuqarolar urushi va janubni rekonstruksiya qilish.

  2. Fuqarolar urushi

  3. 1861 yil yozida janubliklar 120 ming kishilik qo`shin tashkil qildi.

AQSHda fuqarolar urushi va janubni rekonstruksiya qilish.A.Linkolnning 1860 yildagi prezident saylovlarida g’alaba qozonishi quldorlarning siyosiy hokimyatdan mahrum bo’lganligini bildirardi. Bunday vaziyatda Janub o’zboshimchalik bilan AQSHdan ajralib chiqishga qaror qildi.
1861 yil qish-bahorida janubdagi 11 ta shtatdan iborat Janubiy Konfederatsiya tashkil topdi, Richmond uning markazi va D.Devis prezidenti deb e’lon qilindi. Janubliklar 13 aprelda Charlston buxtasidagi Samter fortini o’qqa tutdilar va uni egallab oldilar. 15 aprelda Linkoln janubliklarni isyonchilar deb e’lon qildi va 75 ming kishilik qo’shin to’plashga farmon berdi. Shu tariqa AQSH tarixidagi eng qonli va vayronali bo’lgan 4 yillik fuqarolar urushi boshlanib ketdi.
Sanoat quvvati va odam resurslari bo’yicha Shimol ustunlikga ega edi, lekin Janub harbiy jihatdan kuchli edi. Janubliklarda professional zobitlar, qurol-yarog’ zahirasi katta bo’lib, ular tez va qat’iy g’alaba ularga muvaffaqiyat keltirishini bilardilar.
Urushning boshidagi beparvolik va tez harakat qilmaslik Shimolliklarga qimmatga tushdi. 1861 yilda Shimolliklar faqat mag’lubiyatga uchradilar va sal bo’lmasa poytaxt Vashington janubliklar tomonidan egallanishi mumkin edi. Shimol armiyasiga ko’ngillilarning to’xtovsiz kelib turishi natijasida 1861 yil oxiriga borib askarlar soni 650 ming kishiga etdi. Lekin qo’mondonlik yo’l qo’ygan xatolar tufayli jangda ustunlikga erishib bo’lmadi.
1862 yilda ham federal qo’shinlar ustunlikga erisha olmadilar. Shimol armiyasining Konfederatsiya poytaxti Richmondni egallash uchun 3 marta uyushtirgan hujumi natijasiz tugadi. Janubliklarning R.Li qo’mondonligidagi qarshi hujumini to’xtatish uchun G’arbdagi qo’shinning bir qismini olib kelishga to’g’ri keldi.
Urushni “inqilobchasiga” olib borish orqali Shimol foydasiga o’zgartirishga erishildi. Front orqasidagi tartib-intizomni kuchaytirish, soliqlarni oshirish bilan birga 1862 yil 20 maydagi gomstedalar to’g’risidagi qonun va 22 sentabrdagi qullarni ozod qilish to’g’risidagi akt hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ldi. Gomsteda to’g’risidagi qonunga binoan mamlakatning AQSHga qarshi isyonda ishtirok etmagan har bir fuqarosi 10 dollar boj to’lash evaziga gomsted – erkin yerlardan ferma uchun 160 akr (64 gektar) yer olish huquqiga ega bo’ldi. Bu yerda 5 yil yashab, unga ishlov berganidan keyin yer unga bepul xususiy mulk qilib beriladigan bo’ldi. Bu Respublikachilar partiyasi tomonidan 1860 yilda va’da qilingan agrar masalaning tubdan hal qilinishi edi. Bu qonun bevosita harbiy ahamiyatga ega bo’lmasada, u keng xalq ommasini Janub ustidan g’alaba qozonishga undadi, chunki shusiz G’arbdagi yerlarga ko’chib borib bo’lmas edi.
Ikkinchi qonun qullarni 1863 yil 1 yanvardan ozod deb e’lon qildi. Konfederatsiya hududida uning o’z qonunlari amal qilayotgan bo’lsada, endilikda qullar qaysi tomonda turib urushish kerakligini yaxshi bilardilar.
Quldorlar tomonidan olib borilgan qattiq terrorga qaramasdan Konfederatsiya o’zining mustahkam front orqasidan mahrum bo’ldi, negrlar ommaviy ravishda Shimolliklar tomoniga o’tib, federal armiyada xizmat qila boshladilar.
Janub qamal qilingan katta lagerga o’xshardi, bu yerda eng zarur mahsulotlarning etishmasligi kuchayib borardi. Uning uncha katta bo’lmagan sanoati urush ehtiyojini qondira olmas edi, dengiz qamali esa Yevropaga paxta xom ashyosini olib chiqish va u yerdan oziq-ovqat va dori-darmonlarni olib kelish imkoniyatini bermas edi. Janubning moddiy va inson resurslari tugab borayotgan bo’lsada, hali uning harbiy kuchlari tor-mor qilinmagan edi.
Janubliklar Li qo’mondonligi ostida 1863 yil bahorida Virginiya yo’nalishida Chanselorvill yonida federal qo’shinga qattiq zarba berdilar, lekin bu isyonchilarning so’nggi katta g’alabasi edi. Shimol esa o’z armiyasini qayta tiklab olib, qarshi hujumga o’tish imkoniyatiga ega edi. Shimol sanoati armiyani zarur mahsulotlar bilan to’liq ta’minlab turardi.
Janubliklarning Li boshchiligidagi armiyasi Gettisberg (Pensilvaniya) yonida to’xtatildi va 1863 yil iyulida Virginiyaga uloqtirib tashlandi. Grant qo’shinlari esa konfederatchilarning Missisipi daryosidagi mustahkamlangan tayanch punkti bo’lgan Viksberg shahrini qo’lga kiritdilar. Bu urushda burilish yuz berganini bildirar edi. 1864 yil bahorida federal qo’shin Konfederatsiyaning yuragi bo’lgan Jorjiya shtatiga hujum boshladi. Kuzda ularning qo’mondoni general Uilyam Sherman Janubning eng yirik sanoat markazi bo’lgan Atlantani egalladi. Grant qo’shinlari 1865 yil aprelda hujum bilan Richmondni egalladi. 9 aprelda Lining 28 ming kishilik armiyasi taslim bo’ldi. Janubning boshqa generallari ham urushni to’xtatdilar. Umumiy hisobda 175 ming kishi taslim bo’ldi. Har ikki tomondan 600 mingdan ko’proq inson hayotini olib ketgan fuqarolar urushi ana shunday tugadi.
Urush Avraam Linkolnning hayotiga ham zomin bo’ldi. 1865 yil 14 avgustda teatrda quldorlar tomonidan yollangan qotil – aktyor Jon Uilks Bus uning hayotiga yakun yasadi. Linkolnning o’limi butun Amerikani motamga soldi. U turli siyosiy qarash va e’tiqodga ega bo’lgan millionlagan amerikaliklarning hurmat va muhabbatini qozongan edi. Linkoln Janubga nisbatan kuch ishlatish tarafdori emas edi, u AQSHni avvalgi, hamma shtatlar uchun teng bo’lgan konstitutsiya asosida qayta tiklash, qulchilikning bekor qilinganligini e’tirof etish tarafdori edi.
AQSHda qulchilikni bekor qilinishi Konstitutsiyaga 13-o’zgarish sifatida kiritildi. Lekin sobiq Konfederatsiya shtatlarini ittifoqqa qabul qilish, sobiq quldorlar va ozod qilingan negrlarning maqomi, hokimyatning tuzilishi masalalari hal qilinmagan edi. AQSHning hukmron doiralari ichida bu borada yakdillik yo’q edi. Tadeush Stivens va Charlz Samner boshchiligidagi bir guruh respublikachi kongressmenlar Janub ustidan harbiy diktatura o’rnatish, isyonning faol ishtirokchilarini fuqarolik huquqlaridan mahrum qilish, negrlarga fuqarolik huquqlarini berish taklifi bilan chiqdilar.
Linkoln vafotidan keyin prezident bilan kongress o’rtasida ixtilof kuchaydi. Sobiq vitse-prezident Endryu Jonson obro’-e’tiborga, shuhratga ega emas edi. Uning tinchlik o’rnatish siyosatining dastlabki natijalari o’ziga qarshi chiqdi. U 1865 yil mayida plantatsiya egalarini fuqarolik, siyosiy va mulkiy huquqlarini tiklash to’g’risida amnistiya haqida farmon chiqarib, o’z zimmasiga juda katta ma’sulyat oldi.
Urush davrida musodara qilingan plantatsiyalarni sobiq egalariga qaytarishga to’g’ri keldi, ular qora tanli aholini zo’ravonlik va qo’rqitish yo’li bilan o’zlariga ishlashga majbur qildilar. Avvalgi tartiblarga qaytishni istamagan negrlar va ularga hayrihoh bo’lgan oq tanli aholiga qarshi dahshatli jazolashlarni amalga oshiruvchi ko’p sonli terrorchi tashkilotlar, Shu jumladan o’z shafqatsizligi bilan mashhur bo’lgan ku-kluks-klan tashkiloti paydo bo’ldi. Plantatsiya egalari hokimyatga ega bo’lishgach, shtatlarning qonunchilik majlislari orqali sobiq qullarni erdan, erkin ko’chib yurish, so’z va yig’ilishlar erkinligidan mahrum qilishga, oq tanlilar bilan nikohga kirishni taqiqlovchi qonunlarni – “qora kodekslarni” qabul qilinishiga erishdilar. Bularning hammasi ilgarigi qulchilik tizimini qayta tiklash sari tutilgan yo’l edi.
Janubda plantatsiya egalari bilan ozod qilingan qullar o’rtasida Yangi fuqarolar urushi boshlanishi xavfi paydo bo’ldi. Ozod qilingan negrlar o’z tashkilotlarini tuzib, er uchun, fuqarolik huquqlari uchun kurash boshladilar. O’z navbatida plantatsiya egalari AQSH kongressiga saylovlar o’tkazishib, 1865 yil dekabrida Janubning Yangi senatorlari va vakillari Vashingtonga keldilar. Ular ichida hatto Janub Konfederatsiyasining sobiq vitse-prezidenti Aleksandr Stefens ham bor edi. AQSH kongressining radikal kayfiyatdagi a’zolari ularni majlislar zaliga kiritmaslik, Rekonstruktsiyani davom ettirilishini kongress zimmasiga yuklash va Janubdagi ishlar bo’yicha tergovni davom ettirish to’g’risida qaror qabul qilinishiga erishdilar.
Kongress 1866 yil iyulda AQSH Konstitutsiyasiga 14-tuzatishni kiritdi. U Konfederatsiya rahbarlarini davlat mansablarini egallash huquqidan mahrum etdi va negrlar huquqini oq tanlilar huquqi bilan tenglashtirdi. “Qora kodekslar” taqiqlandi.
Respublikachilar saylovlarda g’alaba qozonib, kongressda 2/3 dan ko’proq ovoz to’plab, Rekonstruktsiyani (qayta qurish) amalga oshirishga kirishdilar. 1867 yilda Janubda harbiy holat joriy qilindi va shtatlarning avvalgi konstitutsiyalari bekor qilindi. 14-tuzatish asosida qora tanli aholining huquqlari tiklandi. Janubni harbiy okruglarga ajratish vaqtinchalik tadbir sifatida, ya’ni 14-tuzatish shtatlar tomonidan ratifikatsiya qilingach tugatilishi ko’zda tutildi. Bu favqulodda tadbirlar tufayli 1868 yil iyuliga kelib Janub shtatlari uni ratifikatsiya qildilar va Fuqarolar urushining qo’lga kiritgan yutuqlari asrab qolindi.
Tub Rekonstruktsiya janubiy shtatlarga kiritilgan armiyaga tayangan holda , lekin yakobincha terrorsiz va diktaturasiz Janub hayotini majburiy ravishda demokratiyalashtirishni bildirar edi. Hamma narsa qonun yo’li bilan hal qilinardi, Konstitutsiyaning 14-tuzatishi 1870 yilda 15-tuzatish bilan to’ldirildi, unda AQSHda ovoz berish huquqi fuqaroning tanasining rangi, irqiy kelib chiqishi va o’tmishda qul bo’lgani bilan cheklanmasligi belgilab qo’yildi.
Gomsteda to’g’risidagi 1862 yilgi qonun Janub shtatlariga ham joriy qilindi. Lekin ozod qilingan negrlarning ko’pchiligi mulkdorlarga aylana olmadilar va ularning jamiyatdagi mulkiy tengsizligi yana uzoq davrlargacha saqlanib qoldi. Lekin qora tanli aholi o’rtasida savodsizlikning tugatilishi sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi, 1880 yilga kelib savodsizlar miqdori 70 % ga qisqardi. Negrlar o’zlarining siyosiy huquqlaridan faol ravishda foydalanib, saylab qo’yiladigan organlarga, shu jumladan kongressga ham saylanardilar, ular ishtirokida Janub shtatlarida “Rekonstruktsiya hukumatlari” tashkil etilardi. Bu hukumatlar islohotlarni amalga oshirishda faol qatnashdilar. Janub konstitutsiyalarining qayta ko’rib chiqilishi ularni ittifoqqa yangi asosda qabul qilinishining hal qiluvchi sharti bo’ldi.
Bu bilan Rekonstruktsiya o’zining asosiy vazifasini bajardi. 1868 yilda Shimol armiyasining sobiq qo’mondoni general U.Grant prezident qilib saylandi, uning prezidentligi davrida mamlakatda tadbirkorlik faoliyati sezilarli darajada kuchaydi.
Tez rivojlanib borayotgan kapitalizm Shimol bilan Janub o’rtasidagi farqlarni evolyutsion yo’l bilan, tabiiy ravishda yo’qolib borishiga olib keldi va 70 yillarga kelib tub Rekonstruktsiya yo’qqa chiqdi. Janubiy shtatlardagi “Rekonstruktsiya hukumatlari” o’rniga Demokratik partiyaning janubiy qanoti kela boshladi. Uning kongressga ta’siri kuchaydi. Ana Shunday sharoitda Konstitutsiyaning 14 va 15-tuzatishlarini tan olishni istamagan va qora amerikaliklarni ijtimoiy jihatdan asoratga solishni ko’zda tutgan reaktsiya kuchlari jonlanib qoldi. Kongress tomonidan 1876 yilda ku-kluks-klan faoliyatining taqiqlanishi ham katta samara bermadi.
1876 yilda demokratik partiyadan prezidentlikga nomzodi ko’rsatilgan Semyuel Tilden respublikachilar nomzodi Ruterford B.Xeysdan ko’p ovoz to’pladi. Lekin saylov natijalarini qayta ko’rib chiqishda ko’pchilik ovoz Xeysga berildi. Natijada 2 partiya rahbarlarinig o’zaro kelishuvi amalga oshdi: AQSH prezidentligi avvalgidek respublikachilar qo’lida qoldi, lekin buning evaziga u Janubdagi shtatlarda turgan federal qo’shinni olib chiqishga va’da berdi. Xeys hokimyatga kelgach, 1877 yilda Janubdagi federal qo’shinlarni olib chiqishga farmon berdi va bu bilan Rekonstruktsiya jarayoni tugadi.
Bu ikki voqea o’zaro bog’langan bo’lib, Shimolning Janub ustidan g’alabasi doirasidan chiqib ketardi. Qulchilikni tugatish masalasi mamlakatni fuqarolar urushiga olib keldi. Tarixchilar AQSHdagi Fuqarolar urushini burjua-demokratik inqilob bilan tenglashtiradilar. Ularning umumiy tomoni Shundan iboratki, jadallik bilan rivojlanib borayotgan kapitalizm o’ziga to’sqinlik qilayotgan har qanday to’siqlarni – mustabid monarxiya, siyosiy tarqoqlik, feodalizm sarqitlari va shuningdek qulchilikni ham yo’q qilib tashlardi. Rivojlanmagan kapitalizm qulchiliksiz yashay olmas edi, rivojlanganidan keyin esa uni yo’q qilib tashladi.
Fuqarolar urushining asosiy yakuni qulchilikni bekor qilinishidan iborat bo’ldi. Amerika iqtisodiyotining boshqa unsurlari – sanoat, savdo, fermerlikga asoslangan qishloq xo’jaligi undan oldin ham muvaffaqiyatli rivojlanib kelmoqda edi, jumladan AQSHning shimoli-sharqida 60-yillarda sanoat to’ntarishi amalga oshgan edi. 1862 yilda qabul qilingan gomstedalar to’g’risidagi qonun agrar masalani hal qilishda dunyo tarixidagi eng progressiv qonun hisoblanadi. 1861 yildan 1884 yilgacha hokimyat tepasida turgan respublikachilar partiyasi tadbirkorlar manfaatini ko’zlab bir qator tadbirlarni amalga oshirdi.
Janubning fuqarolar urushidan keyingi ahvolini ko’radigan bo’lsak, u AQSHning Shimoli va G’arbidan orqada qolishda davom etdi. Plantatsiyalarning bir qismi egalaridan olinib, yangi xo’jayinlar qo’liga o’tdi, bir qismi mayda uchastkalarga ajratilib, ijaraga berildi. Plantatsiyalarda ilgarigidek qora tanli aholi ishlardi, lekin endi ular batraklar va ijarachilar sifatida mehnat qilib, hosilning bir qismini yer egalariga berardilar. Janubda ham oilaviy fermerlar soni o’sib bordi. Qulchilikning bekor qilinishi Janubda yollanma ish kuchi bozorining shakllanishi uchun shart-sharoit yaratdi, lekin u tub Rekonstruktsiya davrida ham to’la shakllanib bo’lmadi. Qora tanli aholini irqiy jihatdan kamsitilishi buning asosiy sababi edi, negrlarni asosan eng og’ir va iflos ishlarga jalb qilar edilar.
Rekonstruktsiya Janubni AQSHning erkin Shimol va G’arb kabi regionga aylantirish masalalarini to’la hal qila olmadi. Buning uchun plantatsiya egalaridan yerlarni tortib olish va bu yerlarni negrlar, kambag’al oq tanli aholi o’rtasida taqsimlab berish kerak edi. Radikal respublikachilar rahbarlari bunday tadbirlarni amalga oshirish tarafdorlari edilar, lekin bu tadbirlar AQSH uchun uzoq davom etadigan larzalar va qon to’kilishlarni keltirib chiqarardi. Voqealar esa tadrijiy (evolyutsion) yo’l bilan ketdi.
Qora tanli amerikaliklarning o’z fuqarolik huquqlari uchun kurashi to’la muvaffaqiyat bilan yakunlanishi uchun deyarli 100 yil kerak bo’ldi. Bu faqat ularning kurashlari ta’siri ostidagina emas, balki butun amerika jamiyatining umuminsoniy qadriyatlarni e’tirof etishi va inson huquqlariga hurmat bilan qarashi natijasida ham amalga oshdi.

Yüklə 41,17 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə