10-mavzu. Moliyaviy bozorlar Reja



Yüklə 57,62 Kb.
səhifə1/7
tarix29.11.2023
ölçüsü57,62 Kb.
#141715
  1   2   3   4   5   6   7
10-mavzu IK


10-mavzu. Moliyaviy bozorlar
Reja:

  1. Moliyaviy bozorning mohiyati, ahamiyati va tarkibiy tuzilishi.

  2. Moliya bozori operatsiyalari va vositalari.

  3. Birlamchi va hosilaviy qimmatli qog‘ozlar.

  4. Foiz stavkalari va ularga ta’sir etuvchi omillar.

1-savol bayoni. Moliya bozorlari haqida gap borar ekan, bu sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini tasavvur qilish kerak. Albatta har qanday bozor kabi bu yerda ham sotib oluvchilar va sotuvchilar mavjud. Lekin olinadigan va sotiladigan narsalar moliya bo‘lganligi, ya’ni olinadigan va to‘lanadigan vosita ham moliya bo‘lganligi uchun bu bozor boshqa bozorlardan ajralib turadi. Bu bozorda sotiladigan moliya evaziga ma’lum muddatdan so‘ng kattaroq miqdorda bo‘lgan moliya qaytariladi. Va bu hol har xil ko‘rinishda namoyon bo‘lishi mumkin: bank bergan qarzlar, qarz qog‘ozlari evaziga yoki boshqa qimmatli qоg‘ozlar evaziga berib turilgan dastaklar va hokazo. Lekin, ma’lum muddatdan keyin olingan moliya unga qo‘shilgan foizlar bilan qaytarilishi bu savdoning asosini tashkil etadi.


Moliya bozori keng ma’noda qo‘llanib, oldi-sotdi munosabatlariga kirishadigan mulk egalarining o‘zaro aloqalarini tavsiflaydi. Kreditlar, xorijiy valyuta va sug‘urta polislari, qimmatli qog‘ozlar, savdo hamda harakat ob’ekti sanalmish bu bozor amaldagi iqtisodiy va ijtimoiy qonuniyatlar asosida faoliyat yuritadi. Umuman, moliya bozori mohiyatini ochishda uning boshqa bozorlardan farqini yoritish lozim. Har qanday bozor singari moliya bozori tushunchasini ham ikki qutbga bo‘lish mumkin. Ulardan birida maxsus tovar hsoblanadigan kapital yetkazib beruvchilar – vaqtincha bo‘sh mablag‘ga ega bo‘lgan va ularni to‘liq saqlash bilan birga ko‘paytirishni istovchi turli mulkchilik shaklidagi xo‘jalik sub’ektlari, jismoniy shaxslar, shuningdek, davlat turadi. Ushbu qutb ishtirokchilarining bosh maqsadi moddiy manfaatdorlikdir. Qutbning ikkinchi tomonida esa ishlab chiqarishni yangi boshlash, ishlar, xizmatlar ko‘rsatish yoki ishlab turgan quvvatlarni modernizatsiya qilish, kengaytirish, qayta ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan boshlang‘ich yoki qo‘shimcha sarmoyaga ehtiyoji bor turli mulkchilik shaklidagi sub’ektlar, jismoniy shaxslar, shuningdek, davlat turadi. Ushbu toifa vakillari jalb etiladigan sarmoya uchun ma’lum foizni to‘lashga moyillik bildiradilar.
Zamonaviy moliya bozorlari o‘ta murakkab bo‘lib, ularning faoliyatini mavjud moliyaviy vositalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Vositalar har turdagi qarz qog‘ozlari, qarz oluvchilarning va beruvchilarning majburiyatlarini tasdiqlovchi hujjatlar, sug‘urta va xatarlarning oldini oluvchi uslublar va boshqa qimmatli qog‘oz va boshqaruvchi qonun-qoidalardan iborat. Shu bilan bir qatorda, moliya bozorlarning faoliyati taraqqiy etgan davlatlarning siyosatlari, rasmiy xalqaro moliya tashkilotlarining faoliyatlari ta’sirida shakllanadi.
Ushbu murakkab jarayonlarning, hozirga kunga kelib, insoniyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri kuchayib bormoqda. Aniqki, taraqqiy topgan davlatlarning ichki iqtisodiy siyosatlariga va xalqaro iqtisodiy aloqalarning shakllanishiga moliya tizimining ta’siri juda katta. Ya’ni, ikkala eslatib o‘tilgan sohalarda moliya tizimining manfaatlari ustunligi e’tirof etilgan.
Hozirgi kunning asosiy muammosi shundaki, moliya savdosi iqtisodiy o‘sishdan bir qancha yuqori tezlikda davom etib kelmoqda. Bu moliya bozorlarining harakatlarining o‘sishi yetarlicha ishlab chiqarilgan mahsulot, tovarlar savdo-sotig‘i va ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan ta’minlanishi uchun xom ashyolarning yangi konlarini o‘zlashtirish va kayta ishlashga talab yildan-yilga ortib bormoqda.
Moliya bozorining ahamiyati juda katta bo‘lib, u bir necha shakllarni o‘z ichiga oladi. Moliya institutlariga e’tibor bersak, bular tijoriy banklar, ssuda – omonat birlashmalari, fond birjalari, sug‘urta kompaniyalari kabilardir. Moliya bozorining sub’ekt (ishtirokchi)lari iste’molchilar (“uy xo‘jaligi”), korxonalar va davlatdir.
Moliya resurslarining bozor orqali o‘tadigan qismi moliya bozorining ob’ektini tashkil etadi. Bundagi munosabatlar mulkdorlar bilan pulga ehtiyojmandlar o‘rtasida yuz beradi. Pul bozorga chiqarilar ekan, u iste’molchining talabini qondirish uchun ishlatiladi. Lekin shu bilan birga puldan foyda ko‘rish maqsadi, pulni ko‘paytirib undan qo‘shimcha pul topish moliya bozorida ishlatiladigan pul, ya’ni sotish va sotib olish jarayonlari moliya bozorining ikki tomonini ko‘rsatadi, ya’ni bir tomonda iste’molni qondiruvchi pul bozori bo‘lsa, ikkinchi tomonda kapital bozori bo‘ladi. Bu vazifalar bir necha moliya bozor shakllarini taqozo etadi.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga chet el kapitalining oqib kelish imkoniyatlarini belgilash uchun, avvalo, “qisqargan” ichki moliya bozori mavjud bo‘lgan shart-sharoitlarda hozirgi zamon jahon kapital bozori asosiy yo‘nalishlarini aniq-ravshan tushunib olish lozim. Umuman olganda, bu yo‘nalish rivojlangan mamlakatlardan kapitalning katta hajmda eksport qilinishi, so‘nggi o‘n yil ichida kapital eksport qiluvchi mamlakatlar tarkibida jiddiy tuzilmaviy o‘zgarishlar va eksport qilinayotgan kapitalda xususiy mablag‘larning ko‘pligi (taxminan 95 foiz) bilan ifodalanadi.
Mamlakat raqobatbardoshlik qobiliyatini oshirish dinamik moliya bozorini shakillantirish va rivojlantirishni ko‘zda tutadi, bu esa, o‘z navbatida, milliy jamg‘armalarning yuqori darajada bo‘lishini talab qiladi.Ushbu ikki ko‘rsatkich bir-biriga shunchalik bog‘liqki, ularning qaysi biri birlamchi va qaysinisi ikkilamchi ekanligini aniqlab olish ancha qiyin.
Moliya bozorlarining samarali foaliyat ko‘rsatishi uchun ma’lum muhit mavjud bo‘lishi shart. Avvalambor mazkur shart iqtisodiy tizim barqarorligi va moliya tizimining erkin va ishonchli harakat qilishiga mo‘ljallangan qonunchilikka asoslanishi talab qilinadi. Bu qonunchilik har biri alohida milliy davlatlarda shu millatning urf-odatlari va udumlaridan istisno, umumiy xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishini talab etadi. Shu jumladan, milliy davlatlar hukumatlaridan moliya tizimini boshqaruvchisi Markaziy Banklarning erkinligini, inflyatsion jarayonlarga yo‘l qo‘ymaslikni, milliy valyutaning kundalik savdo bo‘yicha konvertatsiyasini ta’minlashni, g‘arbiy uslubdagi demokratiya qoidalarini o‘rnatishni va boshqa moliya erkinligini ta’minlovchi standartlarni bajarilishini talab qilinadi. Bunga erishishning qator ko‘rsatkichlari va turlicha uslublari mavjud. Ana shu standartlarga alohida davlatlarning ichki iqtisodiy muhitlari muvofiqlashganida, xalqaro moliya erkinligi uchun to‘la sharoit yaratilib, moliya oqimlari to‘siqlarsiz har qanday davlat chegaralarini kesib kiradilar va yana bemalol bu davlatning moliya bozorlarini tark etadilar.
Moliya bozorining asosiy funksiyalaridan biri – moliyaviy instrumentlarning ob’ektiv bozor kursini (narxini) shakllantirishdir. Bunday kurs qanchalik tez shakllansa, bozorda kapital shunchalik samara bilan joylashtiriladi.
Moliya bozori vazifalarini asosiy va qo‘shimchalarga ajratish mumkin. Asosiy vazifalari uning bozor munosabatlari tizimidagi ahamiyati va qulay sharoitlarni ta’minlashi bilan ifodalanadi (ular yuqorida sanab o‘tilgan).
Moliya bozorining qo‘shimcha vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
- emitentning moliya oqimlarini optimallashtirish;
- bozor qatnashchilarining ijobiy imidjini shakllantirish;
- emitentning iqtisodiy manfaatlarini himoyalash;
- biznesni rivojlantirish va qo‘shimcha ish joylarini yaratish;
- jahon moliya tizimiga integratsiyalashtirish;
- siyosiy xuruj, moliyaviy va iqtisodiy qiyinchilik, moliyaviy repressiya va valyutaviy intervensiya vositasi sifatida ta’sir ko‘rsatish;
- investorlarning xuquqlarini himoyalash va maqsad-manfaatlarini ta’minlash.
Zamonaviy moliyaviy bozorning eng umumiy ko‘rinishini quyidagi tarkibiy qismlar birligi sifatida tasavvur qilish mumkin (1-rasm).


1-rasm. Zamonaviy moliyaviy bozorning eng umumiy ko‘rinishi


Eng sodda tarzda aytiladigan bo‘lsa, moliyaviy bozorda moliyaviy aktivlar sotiladi va sotib olinadi. O‘z navbatida, qarz majburiyatlari (debt), aksiyalar (equity) va hosila qimmatli qog‘ozlar (derivatives) moliyaviy aktivlarning asosiy turlaridan bo‘lib hisoblanadi. Qarz instrumentlari pulni qarzga oluvchi hamma – firmalar, hukumatlar va uy xo‘jaliklari tomonidan chiqariladi. Tegishli ravishda, qarz majburiyatlari bozorida korporativ va davlat obligatsiyalari, uy-joy va tijorat garovlari, shuningdek iste’mol qarzlari kabi aktivlar bilan savdo qilinadi. Qarz instrumentlarini yana qayd qilingan daromad instrumenti (fixed-income instruments) deb ham atashadi. Zero, ular bo‘yicha kelgusida qayd qilingan summani to‘lash va’da qilinadi. Ularni yana qattiq foizli qimmatli qog‘ozlar deb atash ham mumkin.


Qarz instrumentlari, shuningdek, qarzni uzish muddati (maturity) asosida ham klassifikatsiyalanadi. Qisqa muddatli (qarz uzish muddati bir yildan kam bo‘lgan) qarz majburiyatlari bozori pul bozori (money market) nomiga ega. Uzoq muddatli qarz majburiyatlari va aksiyalar bozori esa kapital bozori (capital market) deb nomlanadi.
Pul bozorida, asosan, yo xususiy sektorning ishonchli qarz oluvchilari tomonidan (veksellar va yirik korxonalarning boshqa tijorat qog‘ozlari) yoki davlat tomonidan (masalan, g‘aznachilik vekseli) chiqarilgan foizli qimmatli qog‘ozlar kabi instrumentlar aylanadi.
Zamonaviy pul bozorlari uchun global integratsiya1 va likvidlik (liquidity) o‘ziga xos harakterga ega. Aktivning likvidlik darajasi uni pulga konvertatsiya qilinish jarayonining oddiyligi, xarajatlari va tezligiga bog‘liq holda aniqlanadi.
Moliya bozorini tarkiban qimmatli qog‘ozlar bozori va qarzga beriladigan pul bozoridan iborat bo‘ladigan desak ham xato bo‘lmaydi. Qarz puli tabiatdan bir xil emas.
U birinchidan, pulni ishlatib, daromad topishni ko‘zlaydi, bunda pul kapital shaklini oladi.
Ikkinchidan esa, pul shaxsiy ehtiyojlarni qondirish uchun ishlatiladi va oddiy to‘lov yoki harid vositasini o‘taydi.
Banklarda, fond birjasida va auksionlarda o‘tkaziladigan moliya bozori asosan qarz pullar bozori ko‘rinishida bo‘ladi. Qarz pullar iste’mol tovarlarni sotib olish, o‘z xususiy ishini tashkil etish yoki kengaytirish (ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchini sotib olish) uchun olinishi mumkin.
Xalqaro mavqega ega bo‘lgan zamonaviy moliya bozori o‘zining asosiy roli doirasida (ya’ni iqtisodiyotning holati “barometri”) jahon globallashuvi sharoitida iqtisodiyotda bir-biri bilan bog‘liq quyidagi rollarni o‘ynaydi:
1. “Iqtisodiyotning muammolari darajasini metrik o‘lchagichi”, ya’ni iqtisodiyotda omillar ta’siri ostida paydo bo‘luvchi muammolarni maxsus indikatorlar yordamida miqdorini o‘lchashga va shu asosda mas’ul davlat organi hamda iqtisodiyot sub’ektlari tomonidan siyosat yuritishda tegishli qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi;
2. “Moliyaviy resurslarni bozor kon’yukturasi asosida iqtisodiyot sub’ektlari o‘rtasida tartiblashgan tarzda samarali taqsimlanishi va qayta taqsimlanishining kommutatori”. Bunda bozor kon’yukturasi fiskal va monetar siyosatlar yordamida tartiblashtiriladi;
3. “Iqtisodiyotda raqobat muhitini rivojlantirish katalizatori” sifatida ilmiy-texnikaviy progress va innovatsiyalarni rag‘batlantiradi;
4. “Bozor qatnashchilari tarkibini internatsionalizatori” sifatida iqtisodiy globallashuvni rivojlantiradi;
5. “Moliyaviy instrumentlar va ular bilan bog‘liq operatsiyalarni standartizatori” sifatida moliyaviy globallashuv jarayonini rivojlantiradi;
6. “Iqtisodiyot sub’ektlarining investitsion faolligini stimulyatori” sifatida iqtisodiyotni rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Investitsion faollik moliya bozorida investorlarning haq-xuquqlarini himoyalanganlik darajasi va risklar sharoitida moliyani samarali boshqarilishga bog‘liq;
7. “Bozor iqtisodiyoti sharoitidagi stixiyali jarayonlarni regulyatori”. Bunday jarayonlar ma’lum indikatorlar (ko‘rsatkichlar) yordamida baholanib, ularning kritik (chegaraviy) qiymatlarini bilgan holda ma’lum regulyativ vositalar yordamida tartiblashtiriladi;
8. “Bozor narxlari stabilizatori” sifatida bozor savdosi tendensiyalarini (dinamikasini) barqarorlashtiradi, talab va taklifni muvozanatlashtiradi;
9. “Iqtisodiyotni tartiblashgan faoliyatini ta’minlovchi algoritmik protsessor” sifatida barcha moliyaviy munosabatlarni bozor qatnashchilari tomonidan maqsadli strategik tarzda amalga oshirilishiga ko‘maklashadi;
10. “Aktivlar sekyurizatori” sifatida samarasiz real aktivlarni qimmatli qog‘ozlarga transformatsiyalab, ularga yangi hayot bag‘ishlaydi va faol investitsion jarayonga qayta kiritadi;
11. “Iqtisodiyot sub’ektlari informatori” sifatida ularning risklarini pasaytirishga (yoki boshqarishga) ko‘maklashadi;
12. “Innovatsion moliyaviy vositalar (mahsulotlar va operatsiyalar) sintezatori” sifatida raqobatbardoshlilik va moliyaviy havfsizlikni ta’minlaydi;
13. “Moliyaviy vositalarning mahsus industriyasi” sifatida bozor qatnashchilari uchun moliyaviy instrumentlar bilan bog‘liq faoliyat bo‘yicha ishlab chiqarish jarayonini tashkillashtiradi;
14. “Iqtisodiyotning investitsion muhiti sifati va muammolari darajasini analizatori”;
15. “Bozor qatnashchilariga o‘z muammolarini anglashga, baholashga va hal qilishga ko‘maklashadigan mexanizm”;
16. “Ekvivalent ko‘zgu” sifatida barcha bozor qatnashchilarining faoliyat natijalari sifatini bevosita va bilvosita aks ettiradi hamda kelajakdagi strategiyalarini maqsadli qurishga ko‘maklashadi;
17. “Spekulyativ operatsiyalar totalizatori” sifatida bozor qatnashchilarini kutilajak, ammo riskli, manfaalar tomon chorlaydi. Bunda emitentlar qimmatli qog‘ozlari sifatini spekulyativ investorlarning orzuli maqsad-manfaatlarini kerakli (spekulyativ) darajada ta’minlashga majburlar, aks holda investorlardan mahrum bo‘ladilar. Sababi, emitentlar iqtisodiy rivojlanish uchun yangi va qo‘shimcha investitsion resurlarga muhtoj, investorlar esa – moliya instrumentlari bo‘yicha kam (yoki ko‘p) riskli bozor daromadiga intiladilar, chunki, aynan spekulyativ investorlar iqtisodiyotda investitsion muhitni belgilaydilar. Shunday qilib, moliya bozori spekulyativ investorlarning azartga kirishi muhitini qizdiradi, moliyaviy instrumentlarni muomalaga chiqaruvchilarni esa doimiy tarzda moliyaviy barqarorlikka majbur qiladi, investitsiyalarga bo‘lgan raqobatli kurashini qizdiradi, natijada bozor raqobatini muhitini ta’minlaydi;
18. “Moliya bozori qatnashchilarini bir butun infratuzilmaviy tizimga birlashtiruvchi” sifatida har bir qatnashchini o‘z o‘rnini, maqsad va vazifalarini, funksiyalarini, bir-biri bilan bog‘liqlikdagi tartibli faoliyatini ta’minlaydi; Moliya bozorining bir butun tizimliligi deganda uni bir-biri bilan uzviy bog‘langan unsurlardan (qatnashchilardan) iborat murakkab katta tizim (strukturaviy-funksional model) sifatida tashkillashgani tushuniladi. Har bir unsur bozorda o‘ziga hos maqsadga va tegishli faoliyat turiga ega;
19. “Moliyaviy mahsulotlar (instrumentlar), resurslar va hizmatlar gipermarketi” sifatida barcha bozor qatnashchilarini ularning tovarlarini ob’ektiv narxlarda almashinuvi borasida uchrashtiradi va manfaatlarini qondirish uchun kerakli sharoitlarni yaratadi;
20. “Bozor muhiti” sifatida bozorda ochiq (erkin) iqtisodiyot qonunlarining amal qilinishini, iqtisodiyotni monetizatsiyalashuvini, kapital aylanmasi va transformatsiyasini, aktivlar sekyuritizatsiyasi tamoyillarini ta’minlaydi. Bunda har bir mamlakat bozori muhiti o‘zining quvvat potensiali miqdori doirasida aytilgan rolini bajaradi;
21. “Moliyaviy globallashtiruvchi” sifatida yuqorida keltirilgan rollar asosida milliy iqtisodiyotlar birlashuvini ta’minlaydi, bozor qatnashchilarining xalqaro darajada faoliyat chegaralini va ta’sirini kengaytiradi, davlatning regulyativ rolini kamaytiradi (xalqaro regulyativ tashkilotlar evaziga), resurslar oqimini geografik kegaytirib tezlashtiradi va samaradorligini oshiradi;
22. “Moliyaviy instrumentlarning ob’ektiv kurslarda konvertori” sifatida valyutalarni va qimmatli qog‘ozlarni erkin bozor baholarida va hajmlarida raqobatli almashinuvini ta’minlaydi.
23. Investorlarning mablag‘lari uchun kuchli raqobatli kurash sharoitida “Investitsion loyihalar seleksiyasini va strukturaviy (tuzilmaviy) islohatlarni amalga oshiruvchi mexanizm”. Ushbu rolni samarali bajarilishi yuqorida keltirilgan rollarga hamohang bo‘lib davlatning monetar (asosan foiz stavkasini o‘zgartilishi) va fiskal siyosatlari bilan bog‘liq iqtisodiy o‘sish modelida katta ahamiyatga ega.
Moliya bozorining bozor munosabatlari tizimidagi ahamiyati uni tomonidan quyidagi qulay sharoitlarni ta’minlanishi bilan bog‘liq asosiy vazifalari asosida belgilanadi:
- iqtisodiyotning real sektoriga investitsion moliya resurslarni samarali jalb qilinishi;
- kapitalni samarasiz tarmoqdan samaralisiga qayta taqsimlanishi;
- davlat byudjetiga xizmat ko‘rsatishi, uning kamomadini (defitsitini) qoplash uchun pul mablag‘larini samarali jalb qilinishi;
- iqtisodiyotning holatini aniq bozor indikatorlari yordamida baholanishi;
- inflyatsiya sur’atlari (templari) va valyuta kurslari o‘zgarishiga operativ ta’sir ko‘rsatilishi;
- davlatning kredit-pul va byudjet-soliq siyosatini ob’ektiv va mutanosiblikda olib borilishi;
- jahon globallashuvi jarayonlariga milliy iqtisodiyotni integrallashuvi.

2-savol bayoni. Moliya bozorida ikki guruhdan iborat sub’ektlar pul bilan munosabat qiladilar. Birinchisi – pul egalari yoki uni saqlab turuvchilar. Bunga aholi, firma, kompaniya va davlat muassalari kiradi, Ikkinchisi – pulga muhtoj bo‘lgan sub’ektlardir. Bunga ham tarkiban aholi, firma, kompaniya va davlat muassalari kiradi.


Har ikkala sub’ektlar orasida erkin pul muomalasi, ya’ni uning oldi-sotdi qilinishi moliyaviy bozorni bildiradi. Bu bozordagi sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlar har ikkala tomon uchun manfaatli bo‘lgandagina yuzaga keladi. Mana shu munosabatlarning ob’ekti pul mablag‘laridir. Ular o‘z egalari qo‘lida vaqtincha bo‘sh turgan holda boshqalar uchun zarur bo‘ladi. Bu tabiiy hol, chunki jamiyatdagi pul oqimlari, ya’ni pulning kelib tushishi va sarflanishi bir vaqtda yuz bermaydi. Masalan, fuqarolar kelajakda qarilik chog‘ida ishlatish uchun ma’lum bir miqdorda pul to‘plab uni bankda qo‘yadilar. Ayni shu vaqtda fermer xo‘jaligi uchun pul zarur bo‘lib qoladi. Vaqtincha bo‘sh turgan pul fermer xo‘jaligi uchun moliya resursini tashkil etadi, unga ega bo‘lish uchun u moliya bozorida qatnashishi zarur.
Moliya bozori ishtirokchilari mulk egasi sifatida o‘z boyligini bilganicha tasarruf eta oladilar, shu sababli ular pul yuzasidan erkin bitimga keladilar. Moliya bozorida pulga qimmatli qog‘ozlar – obligatsiya va aksiyalar sotib olinadi. Veksel va sertifikat kabi hujjatlar ham pul singari muomalada bo‘ladi. Ular ham moliya bozorida oldi-sotdi qilinadi. Moliya bozori amaliyotida tijorat banklari, sug‘urta, investitsiya, moliya kompaniyalari, fond birjalari, auksionlar orqali faoliyat ko‘rsatadi.
Moliya bozorlarining taraqqiyoti moliya vositalari bajarayotgan vazifalarning o‘zgarib borishi bilan bog‘liq. Moliya vositalari avvalambor savdo-sotiqni ta’minlovchi vazifalarni bajarib, boshlang‘ich davrida oltin-kumush zaxiralari va har xil boshqa mol boyliklari bilan ta’minlangan davrdan taraqqiy topgan. U davrda davlat va boshqaruv tizimi tarafidan moliya aylanishi juda katta nazoratni talab qilmagan. U davrdagi nazorat pul standartlarini, ya’ni chop etilgan pullar va aylanishga chiqarilgan moliya, mol va boshqa boyliklar bilan ta’minlanganligi nazoratidan iborat edi. Iqtisodning o‘sib borishi, chiqarilayotgan mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmat, savdo-sotiqlarning – moliyaviy ta’minotning o‘zgarishi bilan uzviy bog‘liqligi bilan to‘g‘ri korrelyatsion bog‘liqlik sezilarli emas edi. Moliya bozorining va tizimining taraqqiyoti asta – sekin mol va boyliklar bilan ta’minlangan moliyani o‘rnini farmoyish moliya yoki qarz bilan ta’minlangan moliya bilan almashtirilish jarayonini vujudga keltiradi.
Moliya bozoridagi operatsiyalar maxsus vositachilar, o‘ziga xos dallollar, dilerlar va brokerlar firmalari orqali amalga oshirilib, hujjatlashtiriladi. Moliya bozori muassasalari orasida fond birjalari asosiy o‘rinda turadi, chunki qimmatli qog‘ozlar asosan fond birjalari orqali sotiladi. Moliya bozori yordamida moliya resurslarini beto‘xtov shakllantirish, ulardan samarali foydalanish, sarmoyalash amalga oshiriladi. Moliya bozori xalq xo‘jaligida pul mablag‘lari harakatini tashkil etadi.
Moliya bozori bo‘sh pul mablag‘larini safarbar etib, ularni moliyaviy resurslariga aylantiradi. U kapitalga aylanayotgan pulni xo‘jalikning turli sohalari o‘rtasida erkin ko‘chib yurish, moliya resurslaridan erkin va oqilona foydalanishni ta’minlaydi. Ayniqsa, bu novatsiyada, ishlab chiqarishning tarkibini qayta kurishda qo‘l keladi. Muximi shuki, u aholini qo‘lidagi o‘lik, harakatsiz pulni jonli, daromad keltiruvchi pulga aylantiradi. Moliya bozori orqali moliyaviy munosabatlar demokratiyalashadi, xo‘jalikni moliyalashtirishda xalqning puli qatnashadi, xalq o‘z pulidan daromad ko‘radi.
Pulning kapital sifatida ishlab chiqarishga safarbar etilishi iqtisodiy potensialni kuchaytiradi, fan-texnika taraqqiyotini jadallashtiradi va shu asosda xalq farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Moliya bozori moliya resurslarini ishlab chiqarishning talabiga qarab, turli korxonalar, sohalar va tarmoqlar o‘rtasida taqsim qiladi, ular kerakli joyga oqib borib, iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi. Masalan, elektronika mahsulotlariga talab oshsa, ular yaxshi sotilib foyda ko‘p olinadi, elektronika korxonalari aksiyalari egalari boshqalarga qaraganda ko‘proq divident oladi. Natijada ular qo‘lidagi aksiyalarning bozori chaqqon bo‘ladi, aksiyalar ko‘plab sotiladi, tushgan pul kapital sifatida shu sohaga qo‘yiladi.
Pirovardida elektronika sohasi jadal o‘sib, iqtisodiyotga siljish yuz beradi. Bunda korxona, firma yoki kompaniya moliyasi ham mustahkamlanadi. Hozirgi kunda bu hol O‘zbekistonda avtomabilsozlikning rivojlanishi misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Davlat o‘z qo‘lidagi moliya resurslaridan foydalanib, byudjetni moliyalashtirish, dоtatsiya berish, soliqlardan ozod etish yoki imtiyozlar berish orqali iqtisodiy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatadi. Moliyaning iqtisodiyotga ta’siri bir qator moliya vositalari yordamida boradiki, ular birgalikda moliya mexanizmini tashkil etadi. Moliya mexanizmi moliyaviy munosabatlarning amalda umumlashtirishning shakli, usulidir. Moliya bozorini shakllantirish vaqt jihatidan bir necha yo‘lni o‘z ichiga olgan g‘oyat murakkab jarayon.
Moliya bozorini ixtiyoriy yo‘l bilan, o‘zining qonunlari asosida asta-sekin yaratsa bo‘ladi. Bunda mulkchilik shakllarining xilma-xilligi, qattiq pul-kredit siyosati, erkin narxlar va mukammal bozor iqtisodiyotining boshqa komponentlari moliya bozorining real ishlashi uchun zaruriy shart-sharoit yaratish kerak. Bu jarayon O‘zbekistonda siyosiy mustaqillik qo‘lga kiritilgandan so‘ng boshlandi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda moliya bozorining tashkiliy strukturalarining mavjudligi mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.

3-savol. O‘zbekiston Respublikasining qimmatli qog‘ozlar bozori modeli tamoyillariga asoslangan ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tish mamlakat iqtisodiy rivojlanish strategiyasining yaxlit ekanligi xozirgi kundagi xaqiqatdir. O‘zbekiston Respublikasida qimmatli qog‘ozlar bozori bozor iqtisodiyoti tizimining moliyaviy mexanizmi bo‘lib axoli va xo‘jalik sub’ektlarini vaqtincha bo‘sh mablag‘larining aylanishiga keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, qimmatli qog‘ozlarning har bir egalari u fuqaro yoki yuridik shaxs bo‘lishidan qat’iy nazar tadbirkorlar harakatiga taaluqli shaxs bo‘lib qoladi. Ushbu bozorga kirishda motivatsiya mexanizmlari, turtkilari bo‘lib iqtisodiy o‘zgarishlar, siyosiy masalalarning xal qilinishi, qimmatli qog‘ozlarning kurs qiymati dinamikasi, tijorat banklarini fondlarining miqdori, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha taklif etilayotgan foydaning miqdorlari xizmat qiladi.


«Qimmatli qog‘ozlar – bu ularni chiqargan shaxs bilan ularning egasi o‘rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki zayom munosabatlarini tasdiqlovchi dividend yoki foizlar ko‘rinishida daromad to‘lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga berish imkoniyatini nazarda tutuvchi pul hujjatlaridir.
O‘zbekiston Respublikasining «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘grisida»gi qonunning 3-moddasiga asosan quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
aksiya — o‘z egasining aksiyadorlik jamiyati foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishga, aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etishga va u tugatilganidan keyin qoladigan mol-mulkning bir qismiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi, amal qilish muddati belgilanmagan, egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qog‘oz;
birja obligatsiyasi — chiqarilishi fond birjasi tomonidan ro‘yxatga olinadigan va fond birjasining kotirovkalash varag‘iga kiritilgan, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan qarz emissiyaviy qimmatli qog‘oz;
veksel — veksel beruvchining yoxud vekselda ko‘rsatilgan boshqa to‘lovchining vekselda nazarda tutilgan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani to‘lashga doir qat’iy majburiyatini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog‘oz;
davlat qimmatli qog‘ozlari — O‘zbekiston Respublikasining g‘azna majburiyatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organ tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining obligatsiyalari;
depozitar tilxatlar — nominal qiymatga ega bo‘lmagan qimmatli qog‘oz bo‘lib, u taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning muayyan soniga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlaydi va uning egasining ushbu qimmatli qog‘oz emitentidan depozitar tilxat o‘rniga taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning tegishli sonini olishini hamda taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlar bilan mustahkamlangan huquqlarning depozitar tilxat egasi tomonidan amalga oshirilishi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatilishini talab qilish huquqini mustahkamlaydi;
depozit sertifikati — bankka qo‘yilgan omonat summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) omonat summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog‘oz;
deponent — depo hisobvarag‘iga ega bo‘lgan shaxs;
infratuzilma obligatsiyalari — ishlab chiqarish infratuzilmasini va boshqa infratuzilmani barpo etish va (yoki) rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish uchun pul mablag‘larini jalb etish maqsadida xo‘jalik jamiyatlari va davlat korxonalari tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar;
korporativ obligatsiyalar — aksiyadorlik jamiyatlari, mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar;
obligatsiya — emissiyaviy qimmatli qog‘oz bo‘lib, u obligatsiyani saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qat’iy belgilangan foizni olishga bo‘lgan huquqini yoxud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlaydi;
xalqaro obligatsiya — sotiladigan emissiyaviy qimmatli qog‘oz bo‘lib, u emitent tomonidan chiqariladi va moliyaviy tashkilotlarning guruhi tomonidan joylashtiriladi, emitentning mamlakatidan tashqari bir yoki undan ko‘proq davlatda taklif etiladi, birlamchi ravishda (shu jumladan obuna bo‘yicha) faqat ushbu guruh orqali sotib olinadi;
emitent — emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qog‘ozlarning egalari oldida majburiyatlari bo‘lgan yuridik shaxs;
O‘zbekiston Respublikasining g‘azna majburiyatlari — emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar bo‘lib, ular emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar egalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga pul mablag‘lari kiritganligini tasdiqlaydi va bu qimmatli qog‘ozlarga egalik qilishning butun muddati mobaynida qat’iy belgilangan daromad olish huquqini beradi;
qimmatli qog‘ozlar bozori — yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog‘liq munosabatlari tizimi;
qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari — qimmatli qog‘ozlarning emitentlari, qimmatli qog‘ozlarning egalari, investorlar, qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari, shuningdek birjalar va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi;
qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish — qimmatli qog‘ozlarni ularning dastlabki egalariga berish;
qimmatli qog‘ozlar egasi — qimmatli qog‘ozlar o‘ziga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
qimmatli qog‘ozlar emissiyasi — emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish;
qimmatli qog‘ozlarning emissiya risolasi — emitent va u chiqaradigan qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek investorning qimmatli qog‘ozlar olish to‘g‘risidagi qaroriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa axborotni aks ettiruvchi hujjat;
qimmatli qog‘ozlarning hosilalari — o‘z egalarining boshqa qimmatli qog‘ozlarga nisbatan huquqlarini yoki majburiyatlarini tasdiqlovchi va yuridik shaxslar tomonidan opsionlar, qimmatli qog‘ozlarga doir fyucherslar, depozitar tilxatlar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar.
Amaldagi qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan qimmatli qog‘ozlar hosilalarining quyidagi turlari muomalada bo‘lishi mumkin:
1. Opsion;
2. Fyuchers;
3. Varrant.
O‘zbekiston Respublikasida muomalaga qimmatli qog‘ozlarning hosilalarini chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud, ya’ni mamlakatimiz xududida qimmatli qog‘ozlarning hosilalarini chiqarish tartib-qoidasiga ko‘ra qimmatli qog‘ozlarning hosilalari faqatgina aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlari (asosan aksiyalar) asosida muomalaga chiqarilishi mumkin. Qimmatli qog‘ozlarning hosilalari emissiyasi amaldagi qonunchilikka asosan tegishli davlat organida davlat ro‘yxatidan o‘tishi lozim.

Yüklə 57,62 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə