12-mavzu. 1917-1991 yillarda Qoraqolpog‘iston (2 soat) Reja


Qoraqalpog‘istonning sovet hokimiyati yillaridagi madaniy hayoti



Yüklə 68,86 Kb.
səhifə3/5
tarix20.05.2023
ölçüsü68,86 Kb.
#111683
1   2   3   4   5
12-mavzu

3. Qoraqalpog‘istonning sovet hokimiyati yillaridagi madaniy hayoti
Ta’lim. Qoraqalpog‘iston hududida sovet hokimiyati o‘rnatilgach, ta’lim tizimi tizimi ham yangidan tashkil qilina boshlandi. 1918 yil 30 iyunda Amudaryo bo‘limi xalq ta’limi bo‘limi tashkil etildi. Nukus, Nazar­xon, Chimboy, Biy-Bazor, Shayx-Abboz, Saribiy va boshqa joylarda 470 nafar bolani qamrab olgan 8 ta boshlang‘ich maktab ochildi. 1919 yilning iyunida To‘rtko‘l shahrida savodsizlikni tugatish maktabi (likbez) ochilib, unda 420 kishi savod chiqardi70.
1922 yilga kelib 19 ta maktab va 9 ta bolalar uyi mavjud edi. Boshlang‘ich ta’lim ishini tashkil qilishda X.Mazitov, Ye.Kojurov, Yu.Axmetov, X.Salimov, K.Avezov va boshqalar bosh-qosh bo‘ldilar.71 Ular maktab bolalarini arab imlosiga o‘rgatib, ularga tushunarli bo‘lgan xalq tilida darsliklar yaratishdi. S.Majitov isloh qilingan arab yozuvi asosida qoraqalpoq birinchi “Alifbo”sini, “O‘quv kitobi”ni va “Kattalar uchun savod” darsliklarini tuzdi.
Hamza Hakimzoda Niyoziy tashabbusi bilan XXSRning Qozoq-Qoraqalpoq muxtor viloyatidagi Xo‘jayli internatida boshlang‘ich ta’lim olib borildi. Kattalar uchun (60 kishi) savodsizlikni tugatish maktabining kechki kurslari ochildi hamda harbiylar uchun maktab tashkil etildi72.
1927 yilning 1 avgustidan Qoraqalpog‘istonda lotin alifbosi joriy etilib, kechki kurslar ochildi. Turli to‘garaklar va ko‘maklashish bo‘yicha komitetlar vujudga keltirilib, “Yerkin qaraqalpaq” (“Erkin qoraqalpoq”) gazetasi sahifalarida yangi alifboning ahamiyati keng yoritib borildi73. 1929 yildan maktablarda S. Majitov tomonidan rus tilida yozilgan lotin grafikasidagi “Qoraqalpoq alifbosi”, “Qoraqalpoq tili bo‘yicha darslik”, “Qoraqalpoq tili grammatikasi” kabi darsliklardan foydalana boshlandi. Natijada eski yozuvdagi adabiy yodgorliklar millatning ma’naviy iste’molidan tashqarida qoldi.
Qoraqalpog‘istonda “Hujum” siyosatini olib borish jarayonida mahalliy shart-sharoitlar, xotin-qizlarning hayot tarzi, an’ana va urf-odatlari hisobga olinmadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu siyosat faqatgina paranji yoki chopon-jegde yopinib yurishdan, balki umuman xotin-qizlarning ahvolini o‘zgartirishga ham qaratilgan edi. Qoraqalpog‘istonda xotin-qizlar paranji va chachvon o‘rniga chopon va jegde kiyishgan. “Hujum” kampaniyasi Qoraqalpog‘istonda O‘zbekistonda olib borilgan siyosatdan boshqacharoq shaklda yuz bergan. Bu jarayon Qoraqalpog‘istonda 1929 – 1931 yillarda amalga oshirilgan. 1929 yil bahorigacha Qoraqalpog‘istonda olib borilgan madaniy-ma’rifiy ishlar asosan qalin va ko‘p xotinlikka qarshi kurashga yo‘naltirilib, bu ayollarni ozodlikka chiqarishning muhim yo‘li hisoblangan74.
Qoraqalpog‘istonda pedagogika, qishloq xo‘jaligi, moliya texnikumlari faoliyat yuritib, ularda A.A. Yakovlev, S.A. Shaytir (Moskva), R.G. Adigamov, Ya.Sh. Yakupova (Ufa), A.D. O‘razayeva (Toshkent) kabi chetdan kelgan mutaxassislar ta’lim berdi. Mazkur o‘rta ta’lim muassasasini bitirib chiqqanlar orasidan Qoraqalpog‘istonning P. Seitov, K. Aimbetov, T. Bekimbetov, K. Ubaydullayev, J. Oymirzayev, N. Sagitov, S. Kamolov, M. Nurmuhamedov kabi taniqli jamoat arboblari, yozuvchilari va olimlari yetishib chiqdi.
1934 yilning 1 sentyabrida qoraqalpoq tili va adabiyoti hamda fizika-matematika bo‘limlaridan iborat O‘qituvchilar instituti ochildi. O‘qituvchilar instituti 118 nafar qoraqalpoq tili va 67 nafar rus tili muallimini, 80 nafar fizika va matematika hamda 27 nafar tarix o‘qituvchisini tayyorladi75.
1938 yilga kelib Qoraqalpog‘istondagi boshlang‘ich maktablar soni 641 taga yetib, ularda 73 000 nafar o‘quvchi qamrab olingan edi. O‘quvchilarga 2 mingdan ziyod o‘qituvchi ta’lim berardi76. O‘qituvchilar institutidagi talabalar soni 65 nafardan 125 kishiga, pedagogika texnikumidagi o‘quvchilar soni 230 nafardan 350 kishiga, pedagogika ishchi fakultetidagilar soni 250 nafardan 270 kishiga, boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash kurslaridagilar soni 100 nafardan 250 kishiga, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash bo‘yicha tinglovchilar soni 150 nafardan 200 nafarga yetdi. Sohadagi taqchillikni bartaraf etish uchun boshqa respublikalardan yana 150 kishi taklif qilingan.
Qoraqalpoq, qozoq va o‘zbek maktablarida rus tilining majburiy joriy qilinishi (1938 yil) qoraqalpoq alifbosining rus grafikasiga o‘tkazilishi bilan qo‘shib olib borildi. 1940 yilning 1 sentyabridan boshlab barcha turdagi kichik sinflarda rus grafikasiga asoslangan qoraqalpoq alifbosi asosida darslar o‘tiladigan bo‘ldi.
Qoraqalpog‘istonda chorvachilik, veterinariya, mexanizasiya va irrigasiya sohalari bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in mutaxassis kadrlari deyarli tayyorlanmas edi. Vaholanki, QQ ASSRda chorvachilik paxtadan so‘ng qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i sanalardi.
1976 yil sentyabrda pedagogika instituti bazasida Nukus davlat universiteti (hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti) tashkil topdi77. 1976 – 1985 yillar davomida universitet 19 ta soha bo‘yicha 5214 nafar mutaxassis chiqardi78. 1990 yilda Nukus pedagogika instituti yangidan tashkil etildi. XX asrning 80-yillari oxirida avtonom respublikada 25 ta texnikum, 45 ta kasb-hunar bilim yurti faoliyat yuritgan.
Fan. Ilmiy-tadqiqot ishlarining muhimligiga asosiy e’tiborni qaratgan Qoraqalpog‘iston hukumati 1931 yilning 12 avgustida To‘rtko‘l shahrida Qoraqalpoq kompleks ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etdi79. To‘rtko‘lda institutning ochilishi katta ahamiyat kasb etgan edi, chunki u o‘sha davrda Xorazm vohasidagi birinchi va yagona ilmiy-tadqiqot instituti edi. Institutning birinchi direktori etib N.A.Gnedenko, ilmiy kotib etib N.A.Baskakov tayinlandi. Institut o‘z oldiga Qoraqalpog‘iston ASSR iqtisodi va madaniyati rivoji uchun xizmat qiladigan dolzarb yo‘nalishlardagi vazifalarni bajarishni maqsad qilib qo‘ygan edi80. 1932 yilda SSSR FA Qoraqalpog‘istonga tarkibida geoximiya, agroiqtisodiyot, geobotanika, qum-sahro, geologiya-razvedka, etnografiya va tarixiy-bibliografiya sohalariga oid otryadlar bo‘lgan kompleks ekspedisiyani yubordi81. Ekspedisiya tomonidan hali foydalanilmay yotgan boy tabiiy, xo‘jalik va madaniy resurslar mavjudligi aniqlandi.
Qoraqalpog‘istondagi ishlab chiqaruvchi kuchlarni o‘rganish bo‘yicha birinchi ilmiy konferensiya (1933 yil 18 – 25 mart, Leningrad) ishida olimlar o‘z e’tiborini o‘lkani o‘rganish bo‘yicha kelgusidagi ishlarning mintaqa iqtisodi va madaniyati rivoji uchun ko‘maklashishiga qaratdilar. P.P.Ivanov, A.N.Samoylovich, N.N.Palmov, A.I.Ponomarev kabi olimlarning ilmiy ishlari Qoraqalpog‘iston xalqlari madaniy merosini saqlashga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga yordam berdi. 1935 yilda rus tilida “Qoraqalpog‘iston tarixi bo‘yicha materiallar” nashr etildi.
1937 yilda SSSR FAning Tarix va moddiy madaniyat instituti tomonidan S.P. Tolstov rahbarligida Xorazm arxeologik-etnografik ekspedisiyasi tashkil etildi. Ekspedisiya Xorazm va unga yondosh bo‘lgan Orolbo‘yi dasht viloyatlari tarixining turli davrlariga – paleolit davri manzilgohlaridan to so‘nggi o‘rta asrlarigacha bo‘lgan qal’alar, shaharlar va qishloqlarga oid 650 dan ziyod arxeologik ob’yektlarni kashf etdi va o‘rgandi. Ekspedisiyaning Qoraqalpoq etnografik otryadi esa respublikaning barcha tumanlarida, avvallari qoraqalpoqlar yashagan Sirdaryoning quyi hududlarida, Jonadaryo va Quvondaryo havzalarida tarixiy-etnografik tadqiqotlarni amalga oshirdi. T.A. Jdanko, B.V. Andrianov, M.V. Sazonova, K.L. Zadixina, N.P. Lobacheva, S.K. Kamolov, R.K. Kosbergenov, U.X. Shalekenov singari tadqiqotchilar qoraqalpoq xalqi tarixiy an’analarini biladigan odamlardan qoraqalpoq urug‘lari, ularning kelib chiqishi va tarkibi, qoraqalpoqlarning Amudaryo deltasiga o‘tishi va undan avvalgi harakat yo‘nalishlari haqidagi ko‘plab og‘zaki rivoyatlarni so‘zma-so‘z yozib oldilar82.
O‘zbekiston FAning sayyor sessiyasi (1945 yil 9 – 12 oktyabr, Nukus) jahonshumul ahamiyatga molik qadimiy irrigasiya (sug‘orish) inshootlarini saqlash bo‘yicha choralar ko‘rish masalasini ilgari surdi. Sessiya ishida Qoraqalpog‘iston hududidagi moddiy madaniyat yodgorliklarini har tomonlama keng ko‘lamda o‘rganish ham taklif qilindi. Qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi namunalarini yozib olishni kuchaytirish va xalq dostonlari namunalaridan iborat to‘plamni nashrga tayyorlash vazifasi ham qo‘yildi.
Qoraqalpog‘istonda Dehqonchilik instituti (Chimboy shahrida), O‘zbekiston sholichilik instituti filiali, O‘zbekiston pedagogika fanlari instituti filiali, O‘zbekiston teri-tanosil kasalliklari instituti filiali, SANIIRIning Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Onkologiya va radiologiya instituti filiali, Chorvachilik instituti filiallari faoliyat yuritdi.
1959 yil 25 iyulda O‘zbekiston hukumati Qoraqalpog‘istonning xalq xo‘jaligi va madaniyati sohalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlaridagi vazifalarning kengaytirilishini hisobga olib, O‘zSSR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston kompleks instituti bazasida o‘z filialini tashkil etdi. Qoraqalpog‘iston filialining raisi etib akademik M.K. Nurmuxamedov tayinlandi. 1960 – 1970 yillarda O‘zSSR FA Qoraqalpog‘iston filiali S.K. Kamolov rahbarligida Quyi Amudaryo va Orol dengizi janubidagi, Ustyurt pasttekisligi va Shimoli-Gʻarbiy Qizilqum tabiiy resurslarini, QQ ASSR hududida yashayotgan xalqlar tarixini, iqtisodi va madaniyatini o‘rganuvchi kompleks ilmiy markazni o‘zida mujassam etgan edi83. Olimlar Orol dengizida yuz berayotgan ekologik xavf haqida turli darajadagi idoralarga bong ura boshlagan edilar. Ko‘pchilik nafaqat tabiiy boyliklarni o‘rganish, balki ularni asrab-avaylash haqida ham gapira boshlagan edi. Ammo olimlarning hayqiriqlari byurokratlarning kabinetlaridagi sansalorlik girdobida g‘arq bo‘lib ketdi84. Shunday bir paytda Markazdan Qoraqalpog‘iston manfaatlariga javob bermaydigan tadqiqotlar uchun yangi-yangi mavzular kelib turardi.
Qoraqalpog‘iston oliy o‘quv yurtlarida fanga katta e’tibor qaratilib, universitet olimlari tomonidan 1976 yildan to 1984 yilgacha 65 ta monografiya va risola, 13 ta ilmiy ishlar to‘plami, 67 ta darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar nashr etildi. 1960 yildan 1985 yilgacha 26 nafar fan doktori va 324 nafar fan nomzodi tayyorlandi.
Qoraqalpog‘iston o‘lkasida tibbiyot ishlari uch muassasa tomonidan: Nukus o‘latga qarshi stansiyasi, O‘zbekiston teri-tanosil kasalliklari institutining Qoraqalpog‘iston filiali hamda Toshkent onkologiya va radiologiya instituti filiali orqali amalga oshirilar edi. 1986 yil Nukusda Ch.Abdirov rahbarligida O‘zSSR Sog‘liqni saqlash ministrligining eksperimental va klinik medisina ilmiy tekshirish instituti tashkil etildi.
Qoraqalpoq olimlaridan M.K.Nurmuhamedov, S.K. Kamolov, Ch. Abdirovlarning O‘zSSR FA akademigi, Ya.M. Dosumov, I.T. Sagitov, J. Bazarbayev, A. Baxiyevlarning O‘zSSR FA muxbir-a’zosi etib saylanishi qoraqalpoq fanida muhim va haqqoniy voqelik bo‘ldi.

Yüklə 68,86 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə