12-mavzu. 1917-1991 yillarda Qoraqolpog‘iston (2 soat) Reja


Qoraqalpog‘istonning sanoati va qishloq xo‘jaligi (1945 – 1991 yillar)



Yüklə 68,86 Kb.
səhifə2/5
tarix20.05.2023
ölçüsü68,86 Kb.
#111683
1   2   3   4   5
12-mavzu

2. Qoraqalpog‘istonning sanoati va qishloq xo‘jaligi (1945 – 1991 yillar)
Qoraqalpog‘istonda urushdan keyingi dastlabki yillarda paxtachilik, chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish bilan bir qatorda, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni ko‘tarish, mahalliy sanoat va sanoat kooperasiyasida keng iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni bir qadar oshirish, qurilish mahsulotlari hajmini kengaytirish ko‘zda tutilgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, keyinchalik mavjud nomutanosibliklar ko‘zga yaqqol tashlanib qoldi. Qoraqalpog‘iston sanoati nafaqat urushgacha bo‘lgan imkoniyatlarini tikladi, balki uni oshirishga ham muvaffaq bo‘ldi. 1950 yilda sanoat mahsuloti umumiy hajmining o‘sish sur’atlari 1940 yilga nisbatan 124 foizni tashkil etdi.40 Bu bejiz emas edi.
1947 yilda Chorjo‘y – Qo‘ng‘irot temir yo‘lini qurish ishlari boshlandi. Qoraqalpog‘istonlik 24 000 nafar kolxozchi qishloq xo‘jaligi ishlaridan ajratilgan holda temir yo‘l qurilishining dastlabki bosqichida ishtirok etdi41. Qoraqalpog‘istonning biror-bir ministrligi yoki muassasasi Amudaryoning quyi oqimi uchun nihoyatda muhim bo‘lgan temir yo‘l magistrali qurilishidan chetda turmadi. Ular quruvchilarga amaliy yordam ko‘rsatib, turli mehnat qurollari tayyorlashdi, kiyim-bosh yetkazib turishdi, quruvchilarni zarur sanoat mahsulotlari bilan ta’minlashdi, temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab oshxona, choyxona, do‘kon, novvoyxona, ustaxona va boshqalarni tashkil etishdi, quruvchilarga madaniy va maishiy xizmat qilib, har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi42.
SSSR hukumati paxtachilik sohasiga juda katta e’tibor berdi va bu maqsadda “O‘zbekistonda paxtachilikni tiklash va yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (1945 yil 14 iyul); “1946 – 1953 yillar davrida O‘zbekistonda paxtachilikni tiklash va yanada ko‘tarish bo‘yicha reja va tadbirlar to‘g‘risida” (1946 yil 2 fevral); “O‘zSSR kolxoz va sovxozlarida paxtachilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (1949 yil 9 yanvar); “1950 yilda O‘zbekiston SSRda paxtachilikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida” (1949 yil 7 dekabr); “1954 – 1958 yillarda O‘zbekiston SSRda paxtachilikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi (1953 yil 4 sentyabr) qarorlarini qabul qildi.
Bir qarashda bu qarorlar O‘zbekiston, shuningdek, Qoraqalpog‘iston aholisining ahvolini yaxshilashga xizmat qilishi kerak edi. Paxtachilikka katta pul mablag‘i ajratildi, irrigasiya kanallari qurildi, qishloq xo‘jaligi mashinalari va texnikasi olib kelindi. Ammo tarixiy tajriba ko‘rsatganidek, qarorni joriy qilish mexanizmida asosiy omil – inson yoddan chiqdi. Paxtakorni mehnatkash va tajribali bobodehqon, “oltin qo‘llar” egasi deb ko‘kka ko‘tarishdi. Shu bilan birga u paxta xomashyosi ishlab chiqarish sohasida SSSRni boshqa mamlakatlardan mustaqilligini ta’minlovchi tizimning oddiy murvatchasi bo‘lib qoldi. Avvalgidek paxtakor kechayu kunduz dalada tinimsiz ishlar edi. Shunga qaramay Markaz o‘z qarorlarida Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Xorazm viloyatlarida paxta ishlab chiqarishda jiddiy oqsashlar borligini ko‘rsatib o‘tdi43.
Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi urushdan oldingi ko‘rsatkichga faqatgina XX asrning 50-yillari boshlarida chiqdi. Paxta xomashyosining yalpi ulushi 134 000 tonnani, kanop poyasi 25 000 tonnani, jut 10 000 tonnani tashkil etdi. Kolxozlardagi chorva mollarining miqdori ko‘payib, qoramol soni 80,6 ming boshga, sigirlar 22,5 ming boshga, qo‘y va echkilar 288,3 ming boshga, tuyalar 3,6 ming boshga, eshaklar 11,1 ming boshga yetdi44.
Urushdan keyingi davrdagi ijtimoiy vazifalarni bajarishda 1947 yil pul islohoti va buning natijasida kartochka tizimining bekor qilinishi, mehnatni me’yorlashtirish va unga haq to‘lashni takomillashtirish sohasidagi dastlabki tadbirlari bilan shubhasiz tub burilish davri bo‘ldi. Natijada 1950 yil boshiga kelib, Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga 34 kg don, 13 kg kartoshka, 16 kg sabzavot, 29 kg poliz, 18 kg go‘sht, 121 kg sut ishlab chiqarildi45.
1950 yilda Qoraqalpog‘istonda 19 ta mashina-traktor stansiyasi mavjud edi. 1949 – 1950 yillarda ular 257 ta katta kuchga ega zanjirli, 176 ta chopiq traktorlarini oldi. Shunday bo‘lsa-da, respublikaning kichik hajmdagi ekin maydoniga ega bo‘lgan 410 ta “mayda” kolxozlari yangi texnikalardan samarali foydalana olmadi. Shu bois 1950 yildan so‘ng kolxozlar mustahkamlanib, respublikada 200 ta kolxoz qayta tashkil etilib, o‘rta hisobda bitta kolxozga 883 ga ekin maydoni to‘g‘ri keldi.
1950 yildan boshlab sug‘oriladigan yer maydonlarini kengaytirish, ulardan foylanish sharoitini yaxshilash va yangi sug‘orish tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘istonning shimoliy va janubi-g‘arbiy rayonlarida yagona kompleks asosida Amudaryoda Taxiatosh to‘g‘onini qurish bo‘yicha qator tadbirlar ishlab chiqildi. 1950 yilning 12 sentyabrida SSSR Ministrlar Sovetining “Bosh turkman kanalini qurish to‘g‘risida, Gʻarbiy Turkmanistonni, Kaspiyning janubiy rayonlarini, Quyi Amudaryo va Qoraqum cho‘lining g‘arbini sug‘orish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi46.
Endigina urushdan chiqqan xalq uchun nihoyatda muhim bo‘lgan bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, ozuqabop o‘t ekinlar, lub ekinlari, sholi ishlab chiqarishni rivojlantirish katta imkoniyatlar ochar edi. Ustyurtdagi tabiiy yaylovlarning o‘zlashtirilishi bilan bir qatorda suv chiqariladigan katta maydonlardagi yaylovlar qishloq aholisiga chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratdi.
Qoraqalpog‘iston rahbarlari N. Japakov va A. Mahmudovlarning 1952 yil 29 iyulda “Qoraqalpog‘iston ASSR ishlab chiqarish kuchlarini Bosh turkman kanali ta’sir doirasiga joylashtirish masalasiga oid”47 O‘zbekiston rahbarlari N. Muhitdinov va A. Niyozovga yo‘llagan maktublarida Nukus shahrida to‘qimachilik kombinati, kiyim-kechak, ip yigirish, ipak to‘qimachiligi fabrikalari, dag‘al-movut matolar kombinati, oyoq kiyim kombinati, idish qadoqlash fabrikasi, go‘sht-sut zavodi, go‘sht kombi­nati, pivo qaynatish zavodi, non zavodi, makaron fabrikasi, qandolatchilik fabrikasi, xolodilnik zavodi, tamaki fabrikasi, vino-aroq mahsulotlari zavodi kabilarni qurish zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar.
Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi Xo‘jayli shahrida teri-charm zavodi, oyoq kiyim fabrikasi, yog‘-moy ajratib olish za­vodi, gidroliz zavodi, yog‘-sut zavodi, go‘sht yaxlamalari, kon­serva zavodi, non zavodi, kraxmal zavodi, qandolatchilik fab­rikasi, xolodilnik zavodi, un kombinati kabilarni qurish zarur edi. Qoraqalpog‘iston hukumati nurchilar shahri Taxiatoshda non zavodi, xolodilnik zavodi, yog‘-sut zavodi, qurilish buyumlari zavodi, yog‘ochni qayta ishlash zavodi, avtota’mir zavodi, be­ton zavodi kabilarni qurishni iltimos qildi. Maktubda qurilish zavodlari, kimyo va neft sanoati korxonalari, temir yo‘l vokzallari sonini oshirishga katta ahamiyat berildi48. Biroq sovet hokimiyati yillarida ko‘zda tutilgan bu ob’yektlardan faqat ayrimlari qurildi, xolos. Shunday bo‘lishiga qaramay, faoliyat yuritgan bu korxonalar ham Qoraqalpog‘iston aholisi uchun katta ahamiyat kasb etdi.
Iqtisodiy imkoniyatlarni amalga oshirish muammosi yangi rezervlarni ishga solish yo‘li bilan hal etildi. Qoraqalpog‘istonning Shumanay, To‘rtko‘l, Beruniy rayonlaridagi qo‘riq yerlar shunday rezervlar sirasiga kirar edi.
Ekin maydonlari qo‘riq va bo‘z yerlar hisobiga kengaytirildi. 1950 yilda qishloq xo‘jaligi yerlarining sug‘orma ekin maydoni 141738 gektargacha oshirildi. Asosiy e’tibor Paxta-Arna kanalini qayta qurishga qaratildi. Qoraqalpog‘istondagi butun paxta ekiladigan maydonlarning 28 foizi Paxta-Arna kanali sug‘oradigan yer maydoniga bog‘liq edi49.
1957 yilda Erkindaryo sug‘orish kanalini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar tugatilib, Kegeyli rayonidagi Kegeyli va Uyg‘uryob kanallari ta’mirlandi. V. Lenin nomidagi magistral kanalning so‘nggi qismi ta’mirdan chiqarilib, Shumanay rayonida yangi Mashinayob, Ekskavatoryob kanallari qurildi. Mashinada sug‘orish kolxozchilar mehnatini ancha yengillashtirib, ular bir vaqtlardagi “qazuv” (hashar) ishlaridan ozod bo‘ldilar. Bu ma’lum darajada qishloq ahlining ijtimoiy ahvoli va maishiy hayotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Bu davrdagi sovet xalq xo‘jaligi tizimi mutlaqo tushunarsiz bo‘lib, “boshqaruvni takomillashtirish” tamoyiliga mos kelmas edi. Qoraqalpog‘iston miqyosida sanoat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha viloyat komitetlari (obkomlar) vujudga keltirilib, respublika rayonlarida esa qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimi paydo bo‘ldi. Agrar respublika sharoitida rayonlarning partiya rahbarlari ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Shunday qilib, To‘rtko‘l rayonida K.Nurimbetov va M.Rozumbetov; Amudaryo rayonida F.Vasigov va R.Japakov; Xo‘jayli rayonida D.Ojirayev va V.Donsov; Ke­geyli rayonida P.Xalmuratov va T.Naurizbayev; Chimboy rayonida K.Abdreymov va X.Majitov kabi partiya va xo‘jalik rahbarlari rayonda kim xo‘jayin degan masalani hal qilishlari kerak edi. Bu jarayon bor-yo‘g‘i ikki yil davom etgan bo‘lsa-da, xalq xo‘jaligiga katta zarar yetkazdi50.
1960 yil oxiriga kelib Qoraqalpog‘istonda 525 000 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadigan 5300 ta o‘ringa mo‘ljallangan 96 ta tibbiyot muassasasi, shu jumladan, 8 ta shahar va 7 ta rayon, 26 ta qishloq uchastka kasalxonalari, 13 ta maxsus dispanser faoliyat yuritdi. Sog‘liqni saqlash tizimida 395 nafar vrach va 1682 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ish olib bordi51.
Uy-joy qurilishi sohasida ham muammolar mavjud edi. Masalan, Qoraqalpog‘iston g‘isht zavodlari ishlab chiqargan mahsulot hajmi yiliga bor-yo‘g‘i 15,3 mln donani tashkil etardi. Kigiz-chodir kombinatining mahsuloti esa yiliga 200 dona edi, xolos52.
Boshqa bir muammo temir yo‘llar qurilishi bilan bog‘liq edi. Ma’lumki, Chorjo‘y-Qo‘ng‘irot temir yo‘li Amudaryoning chap qirg‘og‘ida joylashgan edi. Shu bois, 50-yillarda kelajakda quriladigan Taxiatosh-Nukus-Qizil O‘rda temir yo‘lini baholash bo‘yicha ilmiy ishlar olib borildi. 1958 yilda Qoraqalpog‘istonning ishlab chiqaruvchi kuchlarini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy konferensiyada ham bu masalaga e’tibor qaratilib, Taxiatosh-Jezqazg‘on temir yo‘lini qurish istiqbolli ekanligi belgilab olindi53.
1959 yilda Qoraqalpog‘iston hududi 159,5 ming km2ni tashkil etib, unda 510 ming aholi yashagan. Qoraqalpog‘iston bo‘yicha paxta ekiladigan yer maydonlari O‘zbekiston ekin maydonlarining 8 foizini tashkil etgani holda, bu o‘lka O‘zbekiston SSR paxtasining 6 foizini yetkazib bergan, xolos. Boshqa bir tomondan, Qoraqalpog‘iston baliqchilik va baliq sanoati mahsulotlarining 98 foizini yetkazib berar edi. 1957 yilda 20 998 000 dona konserva bankasi ishlab chiqarilib, 25 688 tonna baliq ovlangan. Shunday bo‘lishiga qaramay, yengil va oziq-ovqat sanoati Qoraqalpog‘iston sanoatining asosiy sohasi bo‘lib qolaverdi. 1957 yilda go‘sht ishab chiqarish (kolxozlar va shaxsiy xo‘jaliklar mahsulotisiz) 3867 tonna, sariyog‘ 410 tonna, o‘simlik yog‘i 7840 tonnaga yetdi.54
Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘z hududining kattaligi bilan Qoraqalpog‘iston boshqa viloyatlardan farq qilgan, ya’ni u butun O‘zbekiston hududining 39 – 40 foizini tashkil qilgan. Shunday bo‘lsa-da, bu hududda O‘zbekiston aholisining bor-yo‘g‘i 6,3 foiz yashagan. Qoraqalpog‘istonda 2,3 mln ga yaylov yerlari mavjud bo‘lib, shundan 1,3 mln ga yer yil davomida chorvani boqishga yaroqli edi. Bu ayniqsa, 60-yillarda paydo bo‘lgan iqtisodiy buhronlar paytida yana yaqqolroq namoyon bo‘ldi: 1962 yilga nisbatan 1963 yilda Qoraqalpog‘iston milliy daromadi 5,7 foizdan 4 foizgacha tushib ketdi, yalpi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish 1963 yilda 1962 yildagi darajaning 92,5 foizini tashkil qildi.55
Qoraqalpog‘istonda 1965 yildagi islohotlarning yo‘nalishi nafaqat 80-yillar o‘rtalarigacha bo‘lgan qishloq xo‘jaligining asosiy rivojlanish dasturi, balki butun mamlakat agrar-sanoat kompleksining dasturi ham bo‘lib qoldi. Aprel oyida Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.
Islohotlar paxtachilikka ko‘zga ko‘rinarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 1965 – 1975 yillarda Qoraqalpog‘istonda paxta hosildorligi 9,6 syentnerga oshdi, vaholanki avvalgi 10 yil (1955 – 1965 yillar)da bu ko‘rsatkich gektaridan 3,8 syentnerni tashkil qilardi, xolos56.
Yangi tashkiliy-ishlab chiqarish natijalari asosida o‘ylab topilgan brigada pudrati va shu kabi shakllar 60-yillarda kollektivizmni mujassam etgan muhim “kashfiyot” bo‘ldi. Ammo Qoraqalpog‘istonda avvalgi holat: maxsus ko‘rsatmalar kutish, “yuqori” idoralarning kafolati saqlanib qoldi. 1965 yilda brigada va fermalarda ishlash uchun 8877 kishi o‘tkazildi. Respublika va rayon tashkilotlaridan kolxoz va sovxozlar, brigadalarga 750 nafar qishloq xo‘jaligi mutaxassislari jo‘natildi57.
XX asrning 60-yillari ikkinchi yarmida Amudaryoning quyi qismida jadal sur’atlar bilan sholichilik rivojlantirildi. Navbati bilan 9 ta maxsus sholichilik sovxozi tashkil etilib, 1970 yilda 90 mln rubldan ziyod kapital mablag‘ o‘zlashtirildi, 24 ming gektarlik sholi muhandisligi tizimi qurildi58. Qo‘riq, avval cho‘l bo‘lib yotgan joylarda o‘tish yo‘llari asfaltlangan, shinam va obod qo‘rg‘oncha (posyolka)lar qad rostladi.
1977 yilda 74 ming ga sug‘oriladigan yerlar sholichilik bilan band qilinib, 14 ta ixtisoslashtirilgan sholichilik sovxozlari tashkil etilib, ular tomonidan 1978 yilda 225 ming tonna sholi xomashyosi ishlab chiqarildi. Markaziy hokimiyat o‘rtacha yillik sholi xomashyosini 1 mln tonnaga yetkazish bo‘yicha tadbir ishlab chiqdi.
1964 yildan 1968 yilgacha bo‘lgan oraliqda qishloq joylaridan Qoraqalpog‘iston shaharlariga 31608 kishi ko‘chib keldi. Bu paytda Qoraqalpog‘iston aholisining 68 foizini qishloq aholisi tashkil qilib, ularning aksariyati hali pasportlashtirish tizimiga jalb qilinmagan edi.
Tabiiy-iqtisodiy zonalar bo‘yicha aholi o‘sishidagi bunday xilma-xillik qishloq aholisining respublika ichidagi migrasiyasidan darak berar edi. Shimoliy zona, ayniqsa chap qirg‘oqdagi aholi tez sur’atlar bilan o‘sib borardi. Ushbu rayonlarda iqtisodiyot rivojining jadal odimlashi Chorjo‘y-Qo‘ng‘irot temir yo‘lining qurilishi, ulkan gaz quvurlarining, yirik sanoat korxonalarining ishga tushirilishi bilan bog‘liq edi. Shimoldagi Nukus, Taxiatosh, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irotda yangi sanoat korxonalarining paydo bo‘lishi qishloq aholisining shaharlarga oqib kelishini tezlashtirdi. Dengiz bo‘yi zonasidagi aholi nufusining bir qadar kamayishiga Orol dengizi rayonlarida baliq ovlanishining qisqarishi ham sabab bo‘ldi.
Janubiy tabiiy-iqtisodiy zonada anchagina salmoqli mehnat resurslari mavjud edi. Janubiy zonaning mehnatga layoqatli qishloq aholisi boshqa joylarga deyarli ko‘chib o‘tmadi. Bu qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yuritish va aholi yashashi uchun tabiiy-iqlim sharoitining shimoliy zonaga nisbatan qulayligi bilan izohlanardi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Qoraqalpog‘iston oblast partiya komiteti birinchi sekretarlari bo‘lib 1952 – 1956 yillarda Arzi Mahmudov, 1956 – 1963 yillarda Nosir Mahmudov, 1963 – 1984 yillarda Qallibek Kamolov, 1984 – 1989 yillarda Kakimbek Salikov faoliyat ko‘rsatdi.

189-surat. 683-betga. Qallibek Kamolov

Deyarli o‘ttiz yil davomida hal qilinmay kelayotgan xutor tizimini bartaraf etish, aholini kolxoz va sovxoz qo‘rg‘onlariga ko‘chirib o‘tkazish vazifasi hali-hanuz o‘z yechimini topmagan edi. Rejalashtirilgan 549 ta istiqbolli qo‘rg‘onlar (posyolkalar)dan 1986 yilga kelib birortasining qurilishi to‘la kompleksda yakunlanmagan edi59.
1973 yilda sara urug‘ va beda uni (kukuni) ishlab chiqarish bo‘yicha Shumanay va Taxtako‘pir ray­onlarida ixtisoslashgan xo‘jaliklar tashkil etildi. Davlat bir syentner urug‘lik uchun 400 – 500 rubl pul to‘ladi. 1975 yilga kelib mazkur xo‘jaliklarning har biri 400 – 500 tonna sara urug‘ va 15 – 16 syentnerdan beda uni (kukuni) yetkazib berishi rejalashtirildi. Ammo bu xo‘jaliklar rejalashtirilgan darajaga chiqmadi. Gap shunda ediki, sovxozlar tresti xo‘jaliklarga shunday rejalar berardiki, ular bir vaqtning o‘zida paxtachilik, chorvachilik va bedachilik bilan ham shug‘ullanishi kerak edi. Shunday qilib, vaqtincha katta daromad keltirgan ixtisoslashish jarayoni qisqa muddatli yutuqlardan so‘ng o‘z intihosini topdi.
Qoraqalpog‘iston paxtachilik kompleksi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bu avvalambor, iqlim sharoitlariga bog‘liq edi. Dunyo bo‘yicha paxta ekishning eng shimoliy chizig‘i shu yerdan o‘tardi. Ikkinchi bir o‘ziga xoslik – respublika ichidagi iqlimning xilma-xilligi edi. Respublika sug‘orma dehqonchiligi turli geografik kengliklarni egallagan bo‘lib, shimoldagi Orol bo‘yidan to janubidagi To‘yamo‘yin darasigacha bo‘lgan masofa 500 kmni tashkil etardi. Ekinlar janubdan shimolga qarab har 10 kmda gektaridan 1 syentnerdan kamayardi. Janubdagi va shimoldagi paxtakor rayonlarning o‘rtasidagi masofa 210 kmni tashkil etib, ular orasidagi hosildorlik tavofuti o‘rtacha 20 syentnerdan oshardi.60
Qoraqalpog‘istonning eng shimoliy paxta ekiladigan chizig‘ida 5 ta rayon: Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Chimboy, Qo‘ng‘irot, Leninobod rayonlari joylashgan. Bu rayonlardagi 39 ming gektar yoki ekin maydonining 32 foizi paxta ekini bilan band bo‘lib, ushbu rayonlarning yalpi hosildorlik bo‘yicha solishtirma ulushi 21foizga teng edi.
Vaholanki, Qoraqalpog‘istondagi paxta ekiladigan maydonlarni shimoldan janubga ko‘chirish imkoni bor edi. 1977 yili qo‘riq yerlarda Ellikqal’a rayoni tashkil etildi. 1979 yilda bu yerda 12 000 gektar yerga paxta ekildi. “Janubqoraqalpoqsuvqurilish” va “Qirqqizsovxozqurilish” trestlari yangi yerlarni topshirish bo‘yicha yillik rejani (5 ming gektardan) oshirib bajardi. Bo‘sh yotgan yerlar batamom o‘zlashtirilsa, bu zonalarda paxta ekilgan taqdirda, har yili 400 – 500 000 tonna paxta xomashyosi berishi mumkin edi. Bunday haydab, ekin ekishga yaroqli yerlar 130 000 gektarni tashkil qilardi.
1981 – 1985 yillarda 15 ming kishi Qoraqalpog‘iston ovul va qishloqlaridan shaharlarga ko‘chib o‘tdi va ayni paytda qator rayonlarning qishloqlarida mexanizator va boshqa kadrlarning yetishmovchiligi keskin sezilib qoldi.
1982 yildagi mamlakat oziq-ovqat dasturida aholi tomorqa xo‘jaliklaridan foydalanish ko‘zda tutilgan edi. Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligiga yaroqli 10,9 ming gektar yer tomorqa xo‘jaliklari tasarrufiga berildi. 1985 yilda bu xo‘jaliklar tomonidan sabzavotning 39 foizi, polizning 31 foizi, kartoshkaning 57 foizi, meva va rezavorning 49 foizi, uzumning 32 foizi, sutning 73 foizi, go‘shtning 56 foizi, tuxumning 44 foizi yetishtirildi.61 128 ta sanoat korxonasi va tashkilotdagi yordamchi xo‘jaliklarning o‘rni ham ortib bordi.

190-surat. 684-betga. Qoraqalpog‘istondagi sholi dalalari

Nukus shahri atrofida aholining jamlanishi shahar aglomerasiyasi – yaqin oradagi murakkab va turli xil aloqalar orqali birlashgan Qizketgan, Samanboy, Sarancha, O‘roq-bolg‘a, Pristan, Koskol kabi manzilgohlarning tez rivojlanib, shaharga qo‘shilib ketishiga turtki bo‘ldi. Poytaxt shahar aglomerasiyasining shakllanib, keng quloch yoyishi zamonaviy urbanizasiyaning muhim xususiyati bo‘lib qoldi. Poytaxtning g‘arbiy chegaralari Xo‘jayli va Taxiatoshga, sharqi Xalqobodga yetib bordi.
1958 yilda Qizketgan (24 ming kishi) va Pristan (15,6 ming kishi) posyolkalari poytaxga qo‘shib berildi. 1964 yilda uzoqdagi Qoratau (2,9 ming kishi) posyolkasi poytaxtning ma’muriy ixtiyoriga topshirildi.62.
1965 – 1975 yillar davomida Qoraqalpog‘istonning qishloq va suv xo‘jaligi uchun qariyb 1 mlrd rubl ajratildi. Kolxoz va sovxozlarga ko‘rsatilgan iqtisodiy rag‘bat natijasida ularning texnikaviy bazasi mustahkamlanib, sug‘orish va meliorasiya ishlari rivojlantirilishi o‘z samarasini bera boshlaganligini adolat yuzasidan ta’kidlash joiz. Qoraqalpog‘iston kolxoz va sovxozlarining daromadi 1964 yildagi 91 mln rubldan 1974 yilda 270 mln rublga ko‘tarilganini yoki 3 barobar ortganini rad etib bo‘lmaydi. Asosiy qishloq xo‘jaligi tovar mahsuloti bo‘lgan paxta xomashyosini ishlab chiqarish 1964 yildagi 227 ming tonnadan 1974 yilda 371,3 ming tonnaga o‘sganligi ham e’tiborni tortadi. Qolaversa, bu strategik xom ashyo va soha uchun ko‘proq mablag‘ ajratilganligini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Mamlakat 1965 – 1975 yillarda 1 mln tonnaga yaqin qoraqalpoq paxtasini qabul qilib oldi63.
Aholining turmush sharoitini ta’minlash dasturi (1966 – 1975 y.) bo‘yicha 9 ta sholichilik sovxozlarining har birida 450 – 500 oilaga mo‘ljallangan turar joylarning, 536 – 640 o‘rinli maktablarning, 50 o‘rinli kasalxonalarning, bolalar bog‘chasi va yaslilarining, hammom, oshxona, do‘kon, klub va kinoteatrlarning qurilgani shubhasiz katta ahamiyat kasb etdi. Yana har bir sovxozning qurilishiga sarf qilingan mablag‘ 1966 – 1975 yillarda 199 mln rublni tashkil etganini ham ta’kidlash joiz.
XX asrning 60-yillari o‘rtalariga kelib avval boshlangan kolxozlarni yiriklashtirish ishi qayta ko‘rib chiqilganligi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. U paytda o‘zibo‘larchilik va o‘ylanmay qarorlar qabul qilinganligi e’tirof etildi. 1965 yilda Qoraqalpog‘istondagi ma’muriy rayon, kolxoz va sovxozlar, dalachilik brigadalarining yangi chegaralarini aniqlash bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Shunday qilib, 1975 yilda Qoraqalpog‘istondagi 38 ta kolxoz paxtachilik, 75 sovxozdan 42 tasi paxtachilik, 9 tasi sholichilik, 12 tasi chorvachilik, 3 tasi sabzavot-sutchilik, 4 tasi bog‘-uzumchilik, 2 tasi bedachilik, 1 tasi parrandachilik, 1 tasi asalarichilik yo‘nalishida ish olib borgan.
1973 yilda chorvani sug‘orish uchun Ustyurtda 162 ta shaxtali quduqlar qazildi. 1974 yilda “Us­tyurt” sovxozi qish uchun ozuqa ehtiyot zaxirasini tayyorlab, 6 ming bosh chorva bo‘sh hududning qoq o‘rtasida qishladi. Bu tajriba kutilgan natijalarni berdi.64
1985 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli bo‘yicha tahlil qilinsa, Qoraqalpog‘iston mintaqasi aholining turmush sharoiti va madaniyati borasida sovetlar mamlakatida eng so‘nggi o‘rinlardan birida turganini ko‘rish mumkin. Qoraqalpog‘iston aholisining jon boshiga milliy daromadining umumiy ko‘rsatkichlari SSSRdagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ikki barobar orqada edi. Qoraqalpog‘iston sanoati kuchsiz, ishlab chiqarish va ijtimoiy tuzilmalari qoloq agrar mintaqa bo‘lib qolaverdi. Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik ahvol muvozanatni buzdi. Tabiiy imkoniyatlar kamayib, cho‘llashish jarayoni va bepoyon rayonlarning tanazzulga uchrashi oqibatida ahvol yanada og‘irlashdi.
1980 yilning 1 yanvariga kelib, qishloq aholisi 536 ming kishini tashkil etdi. Aholi 6 ming xutor (ovul va qishloqcha) va 1,5 ming ta aholi punktlarida yashardi. Ulardan faqatgina 521 ta turar joy manzillari istiqbolli deb belgilandi.
1980 yilda Nukusda O‘zbekiston FAning sayyor sessiyasi o‘tkazilib, unda yaqin kelajakdagi (1981 – 1985 y.) va uzoq istiqboldagi (1986 – 2000 y.) Orolbo‘yi muammolari ko‘rib chiqildi. Ilmiy tavsiyalar qabul qilindi. Ammo hujjatlarda qabul qilingan ko‘plab qarorlar bajarilmay qoldi.
Amudaryo quyilish joyidagi tabiiy irmoqlarni tozalash va ta’mirlash, sug‘orish tarmoqlarini qurish, suv yoqalarini chuchuk suv bilan ta’minlash Qoraqalpog‘istonda 300 – 350 gektar maydonga ega yirik agrosanoat kompleksini tashkil etishning imkonini berardi. Bu respublika shimolida yirik oziq-ovqat bazasini yaratishga zamin yaratib, go‘sht-sut yo‘nalishida chorvachilikni, shuningdek sabzavotchilik, polizchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik salmog‘ini ham ancha oshirgan bo‘lar edi.65
Mavjud vaziyat sovet iqtisodiyoti xalq xo‘jaligi kompleksini belgilangan holat darajasiga ko‘tarish uchun respublika xalq xo‘jaligi kompleksidagi ishlab chiqarishni yuqori darajaga olib chiqishda aynan yangiliklarni joriy qilishni talab etardi. Shu munosabat bilan 1986 yilning 17 martida Markaz tomonidan “Qoraqalpog‘iston ASSRning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinib, unda o‘lka xalq xo‘jaligini rivojlantirishning 1986 – 1990 yillarga mo‘ljallangan rejasi ko‘rib chiqildi. Ammo bu qaror bir yoqlama bo‘lib, u asosan ishlab chiqarishning xomashyo olib chiqib ketish bilan bog‘liq xarakteriga ega edi66.
Ittifoq hukumatining o‘lkada iqtisodiy islohotlar o‘tkazishdagi xatosi bu yillarda boshlangan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalqlarini badnom qilish va yomon otliq qilish maqsadida “paxta ishi” deb nom olgan kampaniya paytida yanada chuqurlashdi. Shu yillarda birgina Qoraqalpog‘istonning o‘zidan 133 nafar kishi tergov qilindi67.
1960 yilda Orol havzasidagi ekin maydonlarining hajmi 5,12 mln gektarni tashkil etdi. Bir yilda Amudaryo va Sirdaryodan suv chiqarish 50 km kubga yetdi. Shunday bo‘lsa-da, 1960 yilga qadar Orol dengizi sathi nisbatan barqaror ahvolda edi.68
Tarix hali-hanuz bir avlod ko‘z o‘ngida yer yuzidan 6 mln gektar sahnga va 69 m chuqurlikka ega dengiz yo‘q bo‘lib ketib, uning o‘rnida mudhish, qum-tuz cho‘li hosil bo‘lganligini bilmaydi69. Orol bo‘yi 1985 yilga kelib uch xil juda o‘tkir muammolar: iqlimning quruqlashishi, yerlarning sho‘rlanishi hamda ichimlik va sug‘orish suvlarining yomonlashishiga duch keldi. Agar 60-yillarda Orol dengizi 450 ming syentnergacha ov baliqlarini bergan bo‘lsa, 1985 yilga kelib Orol ko‘llaridan tutilgan baliq miqdori 20 ming syentnerdan oshmadi. Orol bo‘yi shahar va qishloqlarida daraxtlar quriy boshladi, xiyobonlar yo‘q bo‘ldi, bog‘lar halokatga uchradi.
1960 yilda Orol dengiziga quyiladigan suvning yillik hajmi 63 km kubni tashkil etdi. 1978 yildan Sirdaryo umuman dengizga suv quymay qo‘ydi. Amudaryo suvi ham Orolga bormas edi. Daryo suvlarining dengizga quyilmay, sug‘orishga sarflanishi natijasida Orol dengizining sathi 13 metrga tushib ketdi. 1975 yildan to 1981 yilgacha kosmosdan olingan tasvirlarda yirik tuz-chang to‘zonlari 200 – 450 km masofagacha yoyilgani aks ettirilgan.
Qoraqalpog‘istonning 1945 – 1991 yillardagi sanoati va qishloq xo‘jaligidagi ahvoli tahlil etilar ekan, o‘lka xalqlari taqdiriga u yoki bu darajada ta’sir etgan tub burilish nuqtalari: 1952 yil – urushdan keyingi jarohatlarni davolashni, Bosh turkman kanali qurilishi bilan bog‘liq umidlar va ko‘tarinkilikni; 1956 yil – ijtimoiy yangilanish jarayonining boshlanishini; 1965 yil – iqtisodiy islohotlar va yangi xo‘jalik mexanizmini yaratishga urinishni; 1982 yil – Oziq-ovqat dasturini; 1985 yil – qayta qurishning ijtimoiy dasturlarini alohida ta’kidlab ko‘rsatish mumkin.
Biroq Markazning kamsituvchi iqtisodiy siyosatidan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston hammadan ham ko‘p jabr ko‘rdi. Qoraqalpog‘iston jiddiy iqtisodiy salohiyatga ega emas edi, shu bois ham bu yerda qishloq xo‘jaligi va xomashyo mahsulotlarini qayta ishlash sanoati jadal rivojlandi. Bu esa aholining, ayniqsa qishloq aholisining ijtimoiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.



Yüklə 68,86 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə