2-mavzu. Davlat qarzi nazariyasi


Qo‘shimcha mulohazalar (Postskriptum)



Yüklə 0,62 Mb.
səhifə11/34
tarix29.11.2023
ölçüsü0,62 Mb.
#141880
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   34
2-mavzu. Davlat qarzi nazariyasi

Qo‘shimcha mulohazalar (Postskriptum)
“Ilk” klassiklar – Xyum, Smit va Rikardo qarzni “yomon narsa” deb hisoblaganlar, chunki u davlat qudratini kuchaytiradi va kapitalni parchalaydi, buzadi. “So‘nggi” klassiklar Adams, Bastebl, Lerua-Bole va Byukenen esa, agar qarz mablag‘lar investitsiyalarga sarflansa, jamiyatga foyda keltirishi mumkin deb qaraganlar. Neoklassik Barro iqtisodiyot uchun davlatning o‘z xarajatlarini qaysi yo‘l bilan moliyalashtirish muhim emasligini ko‘rsatib, “so‘nggi” klassiklar bilan aloqani uzdi, ammo “ilk” klassiklar “huzuriga” qaytmadi. Barro talqinida rikardocha ekvivalentlikdan keyin ilmiy adabiyotlarda qarz to‘g‘risida biron bir e’tiborga loyiq qarashlar paydo bo‘lmadi. Maltus, Pigu, Keyns, Lerner, Domar, Masgreyv va boshqa bir qancha nomdor olimlar muqobil, barqarorlashtiruvchi defitsit nazariyasining timsoli hisoblanadilar. Defitsit iqtisodiy barqarorlashtirish jihatidan foydali, qarz esa, uzoq muddat nazarda tutilganda, davlat moliyasiga xavf solmaydi. Shu sababli urushdan keyingi birinchi o‘n yillikda defitsit va qarz masalasini o‘ylab o‘tirmasdan byudjet siyosati bo‘yicha nazariyabozlik yaxshi obro‘ keltiradigan mashg‘ulot bo‘lib qoldi. Klassiklar va keynschilarni birlashtirgan narsa – bu fiskal siqib chiqarsh xususidagi xavotirlar edi.
1970-yillarda barqarorlashtirish nazariyasi boshiga klassik nazariya kuni tushdi va akademik tadqiqotlar nazaridan chetda qoldi. Stagflyatsiya qiyofasidagi “shafqatsiz reallik” unga qaqshatg‘ich zarba berdi. Turg‘unlik holatidagi biznes, ishsizlikning yuqori darajasi va avjiga chiqqan inflyatsiya birga qo‘shilgan vaziyatda byudjet siyosati qanday bo‘lishi lozimligini keynschilar bilmas edilar. Barqarorlashtirish nazariyasiga akademik (ilmiy) qiziqishlarning pasayishiga yana bir sabab – yangi klassik iqtisodiyotning ravnaq topishi bo‘ldi. Keynschilikni tanqid qilgan rikardocha ekvivalentlik maydonda yolg‘iz emas edi. U bilan birga ayni bir vaqtda monetarizm bilan mustahkam bog‘langan va yangi klassik iqtisodiyot filosofiyasi (!) deb atalgan ratsional kutishlar nazariyasi paydo bo‘ldi. Bu nazariya iqtisodiyotga davlatning kutiladigan aralashuvini samarasiz va, hatto, zararli deb e’lon qildi, chunki mukammal bozorda xodimlar va ish beruvchilar o‘z prognozlarida muntazam yanglishmaydilar25.
Faqat barqarorlashtirish nazariyasigina emas, balki keynschilikning jami g‘oyaviy asosi hujumga uchradi. Hujum shu qadar muvaffaqiyatli bo‘ldiki, 1990-yillarga kelib, byudjet siyosatining nazariy negizlari bo‘lishi mumkinligi masalasi o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu klassik modelga va uning byudjet muvozanatiga qaytish (hatto burilish ham) emas edi. Bu “hammasini bozor hal qiladi” shiori ostida iqtisodiyot fanida yuz bergan navbatdagi revolyutsiya edi.
2000-yillarda iqtisodchilarning byudjet siyosatiga qarashlarini juda nari borsa betartib (xaotik) deb atash mumkin. Meynstrim “akademiklari” doirasida muvozanatlovchi byudjet siyosati nazariy va amaliy sabablarga ko‘ra yomon nom qozondi va obro‘sizlandi. Bir vaqtlar mashhur bo‘lgan keynscha qarashlar o‘rnini byudjet siyosatini ishlab chiqish uchun yaroqsiz bo‘lgan formal modellar egalladi.
Byudjet siyosatiga qiziqishi so‘ngan “akademiklar” (va makroiqtisodchilar) uzoq yillar davomida pul siyosati va markaziy banki hamda uning foiz stavkalari bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ular samarali barqarorlikka bo‘lgan umidlarni pul siyosati bilan bog‘lashga harakat qildilar. Monetarizm davrida inflyatsiyani defitsit bilan bog‘laydigan fiskal narxlari nazariyasi shakllandi. Markaziy bank qarzi ko‘payib ketgan davlatning tazyiqi bilan qarzga olingan mablag‘larni pul emissiyasi yo‘li bilan arzonlashtirishi mumkin (qisman qarzni uzishi mumkin). Agar Markaziy bank pul bosish stanogini xuddi shu maqsadda ishga tushirib yuboradigan bo‘lsa, Tomas Sarjent va Nil Uolles 1981 yilda e’lon qilingan ilmiy ishlarida ko‘rsatib o‘tganlaridek, inflyatsiya fiskal hodisasi bo‘lib qoladi (Fridman uni qat’iy pul hodisasi deb hisoblagan). Agar davlat katta qarzlardan, markaziy bank esa xaddan ortiq pul emissiyasidan voz kechsa, inflyatsiya tezda pasayadi26.
Sarjent va Uollesdan keyin davlatning xususiy sektor ustidan fiskal hukmronligi va turg‘un defitsitli moliyalashtirish mavjud mamlakatlarda pul bosish stanogi ertami-kechmi inflyatsiyani yuzaga keltiradi deb qaraladi. Garchi keyingi tadqiqotlarda inflyatsiyani kuchaytiradigan boshqa mexanizmlar ham aniqlangan bo‘lsa-da, defitsit ko‘pgina nazariy qarashlar markazida qolib kelmoqda. Rivojlanayotgan va o‘tish iqtisodiyoti mamlakatlari to‘g‘risidagi adabiyotlarda “fiskal narxlar” nazariyasi ancha mashhur. Bu mamlakatlarda soliqlar yig‘iluvchanligining pastligi, siyosiy beqarorlik va tashqi kreditlarga chiqishning qiyinligi senoraj xarajatlarini pasaytiradi, bu esa ularning inflyatsion soliqlarga qaramligini kuchaytiradi va iqtisodiy barqarorlikka g‘ov bo‘ladi.
Fiskal nazariyasiga ko‘ra, narxlar darajasi davlatning byudjet cheklovlari bilan belgilanadi:
Narxlar darajasi=Nominal qarz / Real profitsitning (1.11)
joriy qiymati
Nominal qarz ma’lum bo‘lgani uchun narxlar darajasi shunday o‘zgarishi kerakki, real qarz (o‘zgarmas narxlarda) kelajakdagi real profitsitning joriy qiymatiga tenglashsin:
Nominal qarz / Narxlar darajasi=Real profitsitning (1.12)
joriy qiymati,
bu erda Nominal qarz / Narxlar darajasi – inflyatsiya chegirilgan qarz. Kelajakdagi real profitsitning o‘zgarmas joriy qiymatlarida qarzning o‘sishi narxlar darajasining o‘sishini keltirib chiqarishi kerak, shunda davlatning fiskal barqarorligi saqlanib qoladi. Aksincha, narxlar darajasi o‘zgarmasligi, nominal qarz esa o‘sishi uchun davlat kelajakdagi real profitsitning joriy qiymatini oshirishi, o‘stirishi lozim.

Yüklə 0,62 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   34




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə