8-Mavzu: Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi ma’naviy va madaniy taraqqiyot


O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo munosabatlardagi barqarorlikni



Yüklə 42,6 Kb.
səhifə5/5
tarix29.03.2022
ölçüsü42,6 Kb.
#84840
1   2   3   4   5
5. O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo munosabatlardagi barqarorlikni

ta’minlash borasidagi davlat siyosati.

Jamiyatda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, fuqarolar totuvligini ta’minlash, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Bular Konstitutsiyamizda mustahkamlangan fuqarolarning irqi, millati, tili, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi tamoyillari hamda turli millat va elatlar vakillarining tili, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, ularni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga asoslanadi. Jamiyatda do‘stlik va ahillik, tinchlik va barqarorlik muhitini mustahkamlash ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy sohalarda islohotlarni izchil amalga oshirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishning muhim omili va zarur sharti hisoblanadi.

Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo‘lib yashamoqda. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishga va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga katta hissa qo‘shmoqdalar. Mustaqillik yillarida milliy madaniy markazlarning 120 dan ortiq faoli davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi, orden va medallar bilan taqdirlandi, jumladan, 14 nafariga «O‘zbekiston Qahramoni» yuksak unvoni berildi.

Respublika baynalmilal madaniyat markazi, 138 milliy madaniy markaz, O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, shuningdek, 34 do‘stlik jamiyati faoliyati O‘zbekistondagi barcha millatlar va elatlarning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, an’ana hamda urf-odatlarini asrash va har tomonlama rivojlantirish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Ular «xalq diplomatiyasi» mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi hamyurtlar bilan yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim muassasalarida o‘qish 7 tilda olib borilmoqda. Tele-radio ko‘rsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va amalga oshirilishi, biz yashayotgan bugungi davrning o‘zi davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakat atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratishga qaratilgan puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy siyosatni yuritish, shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta’minlash, fuqarolar ongida katta, ko‘p millatli yagona oilaga mansublik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

Xususan, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur Qo‘mita zimmasiga jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, tinchliksevar siyosatni, mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni keng targ‘ib qilish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, chet eldagi hamyurtlarimiz diasporasi bilan do‘stlikni mustahkamlashga doir davlat siyosatini izchil amalga oshirish vazifasi yuklanadi.

Qo‘mita millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish, millatlararo munosabatlar madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, muvofiqlashtirish va rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shuningdek, milliy madaniy markazlarga amaliy va metodik yordam ko‘rsatadi, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi, millati, irqi va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, fuqarolar ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» tamoyilini amalga oshirish choralarini ko‘radi.

Yoshlarni bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, tarix, madaniyat, milliy ana’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu millatchilik va ekstremizm aqidalariga qarshi mafkuraviy immunitetga ega, mustaqillik g‘oyalariga sodiq, O‘zbekiston milliy manfaatlarini himoya qiladigan va ilgari suradigan ma’naviy barkamol avlodni shakllantirish imkonini beradi.

Qo‘mitaga davlat organlarida milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining manfaatlarini himoya qilish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillarining o‘ziga xos milliy an’analari, urf-odatlari va marosimlarini asrash va rivojlantirishga ko‘maklashish vazifasi yuklangan.

Farmonda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni, chet eldagi hamyurtlarimiz va turdosh tashkilotlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash vazifalari belgilangan. Qo‘mita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy mamlakatlarning tashkilotlari va diplomatik vakolatxonalari, xorijiy davlatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan turdosh tashkilotlar bilan samimiy va o‘zaro hurmatga asoslangan aloqalar o‘rnatish hamda izchil rivojlantirishga qaratilgan ishlarni tizimli amalga oshiradi.

Bu boradagi ishlar xalqaro hamjamiyatda respublikaning nufuzi va maqomini yanada yuksaltirish, O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish borasida erishilgan yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan. Bu borada o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari va an’analari, shu zaminda tug‘ilib o‘sgan buyuk olim va mutafakkirlar merosi, ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng namoyish etish bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi.

Qo‘mita o‘zbek xalqining mamlakatimiz tashqarisidagi tarixiy va madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashni ta’minlash maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratadi.

Xorijiy mamlakatlar bilan millatlararo munosabatlar va do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish va olib borishda bevosita ishtirok etishga ko‘maklashish Qo‘mitaning ustuvor vazifalari sifatida belgilangan.

Farmonga muvofiq hududlarda millatlararo munosabatlarni rivojlantirish va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.

Muxtasar aytganda, Farmon qoidalarining hayotga tatbiq etilishi mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yaxlit tizimni rivojlantirish, milliy madaniy markazlar uchun yanada qulay va keng imkoniyatlar yaratish, ularning bunyodkorlik tashabbuslari va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalarini yanada rivojlantirish, “xalq diplomatiyasi” vositasida chet eldagi vatandoshlar bilan munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

2019-yil 15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Quyidagilar millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish;

millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an'analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qo‘shimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;

jamiyatda ko‘p millatli katta oila his-tuyg‘usini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini ta'minlash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakat hududida va undan tashqarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni va chet mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish, vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xorijdagi o‘zbek diasporalari bilan yaqin hamkorlik qilish, O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro‘-e'tibori va imijini oshirish;

O‘zbekiston Respublikasining davlat va jamiyatni rivojlantirishdagi ustuvor maqsadlarni, ilg‘or xorijiy tajribani e'tiborga olgan holda millatlararo munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tuzilmasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar, metodika va ekspertiza bo‘limi o‘rniga yuridik shaxs tuzmasdan, shtatdagi xodimlar soni 4 nafardan iborat Millatlararo munosabatlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi.

Quyidagilar tashkil etilayotgan Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

millatlararo munosabatlar sohasida tizimli asosda ilmiy, shu jumladan, ijtimoiy tadqiqotlar, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi jarayonlar rivojining monitoringini olib borish;

millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy maqolalar, kitoblar, ilmiy-tadqiqot materiallari, axborot-tahliliy sharhlar tayyorlash va e'lon qilish;

yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari, ma'ruzalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;



millatlararo munosabatlar sohasidagi muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda xorijiy tajribani tahlil qilish hamda O‘zbekiston sharoitida ana shu tajribadan foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

millatlararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda millatchilik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktik aqilish, shuningdek, mazkur sohadagi xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash.
Yüklə 42,6 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə