Bank-moliya xizmatlari


Xalqaro iqtisodiy munosabatlar tartiblash zaruriyati



Yüklə 101,25 Kb.
səhifə3/9
tarix08.05.2023
ölçüsü101,25 Kb.
#109213
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Nasrullayev Abdulaziz.

1.2. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar tartiblash zaruriyati
Xalqaro iqtisodiy integratsiya – bu turli mamlakatlar iqtisodiy aloqalarining barqarorlashib, chuqurlashib rivojlanishi, ular xo‘jaliklarining chambarchas birlashish jarayonlaridir. Mikrodarajada bu jarayon hudud jihatdan yaqin joylashgan mamlakatlar alohida firmalarining o‘zaro ta’siri orqali, ular o‘rtasidagi turli tuman iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi, shu jumladan chet ellardagi filiallarini tashkil etish asosida boradi. Davlatlararo darajada integratsiya davlatlar iqtisodiy birlashmalarining shakllanishi hamda iqtisodiy siyosatlarning kelishuvi asosida amalga oshadi.
Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning asosiy shakllari quyidagilar:
- erkin savdo hududlari. Bu iqtisodiy integratsiyaning eng oddiy shakli bo‘lib, uning doirasida qatnashuvchi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo cheklashlari bekor qilinadi. Erkin savdo hududlarining tashkil etilishi ichki bozorda milliy va xorijiy tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, bu bir tomondan, milliy ishlab chiqaruvchilarning bankrot bo‘lishi xavfini kuchaytirsa, boshqa tomondan ishlab chiqarishni takomillashtirish va yangiliklarni joriy etish uchun rag‘bat yaratadi. Bunga Yevropa erkin savdo uyushmasi va MDH mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro bitim misol bo‘la oladi;
- bojxona ittifoqi. Iqtisodiy integratsiyaning bu shakli erkin savdo hududlarining faoliyat qilishi bilan birga yagona tashqi savdo tariflari o‘rnatishni va uchinchi mamlakatga nisbatan yagona tashqi savdo siyosati yuritishni taqozo qiladi. Yevropa Ittifoqi (EI) bojxona ittifoqiga yorqin misoldir;
- to‘lov ittifoqi. Bu milliy valyutalarning o‘zaro erkin almashuvini va hisob-kitobda yagona pul birligining amal qilishini ta’minlaydi. Yevropa hamjamiyati, Janubi-sharqiy Osiyo va MDH mamlakatlari uchun to‘lov ittifoqi pirovard maqsaddir;
- umumiy bozor. Bu iqtisodiy integratsiyaning ancha murakkab shakli bo‘lib, uning qatnashchilariga erkin o‘zaro savdo va yagona tashqi savdo tarifi bilan birga kapital va ishchi kuchining erkin harakati hamda o‘zaro kelishilgan iqtisodiy siyosat ta’minlanadi. Bunga Yevropa iqtisodiy ittifoqi yoki Yevropa umumiy bozorini misol qilib keltirish mumkin. Uning doirasida barcha boj to‘lovlari va import me’yor (kvota)lari bekor qilinadi, boshqa mamlakatlardan Yevropa bozoriga tovarlar kirishi bir xil tartibga solinadi, pul mablag‘lari va ishchi kuchining chegaradan erkin o‘tishi ta’minlanadi hamda umumiy muammolarni hal etishda yagona siyosat o‘tkaziladi;
- iqtisodiy va valyuta ittifoqi. Bu davlatlararo iqtisodiy integratsiyaning eng oliy shakli hisoblanadi. Bunda iqtisodiy integratsiyaning barcha qarab chiqilgan shakllari umumiy iqtisodiy va valyuta-moliyaviy siyosat o‘tkazish bilan birga uyg‘unlashadi.3
Xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonini ob’ektiv tavsifdagi bir qator omillar taqozo qiladiki, ularning ichidan quyidagilar asosiy o‘rinni egallaydi:
- xo‘jalik aloqalarining baynalminallashuvi va globallashuvi;
- xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi;
- umumjahon fan-texnika revolyutsiyasi;
- milliy iqtisodiyot ochiqligining kuchayishi.
Integratsiya jarayonlarini rag‘batlantiruvchi asosiy omillardan biri – milliy iqtisodiyot ochiqlik darajasining oshishidir. Ochiq iqtisodiyotning o‘ziga xos belgisi bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

  • mamlakat iqtisodiyotining jahon xo‘jalik munosabatlari tizimiga chuqur kirishganligi;

  • tovarlar, kapital, ishchi kuchining mamlakatlararo harakati yo‘lidagi to‘siqlarning kamaytirilishi yoki to‘liq bartaraf etilishi;

  • milliy valyuta konvertatsiyasining ta’mnlanganligi.

Davlatlararo iqtisodiy integratsiyaning rivojlanishida quyidagi bir qator shart-sharoitlarning mavjudligi ta’sir ko‘rsatadi:
- integratsion aloqaga kirishayotgan mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyot jihatidan bir xil darajada bo‘lishi hamda bir turdagi xo‘jalik tizimlariga ega bo‘lishi;
- ularning hududiy jihatdan yaqinligi, yagona mintaqada joylashganligi va umumiy chegaraga egaligi;
- ularning tarixan tarkib topgan va yetarli darajada mustahkam iqtisodiy aloqalarga egaligi;
- iqtisodiy manfaatlar va muammolarning umumiyligi hamda ularni hal etishda birgalikdagi harakatning samaradorligi va h.k.
Hozirgi jahon rivojining xususiyatli belgisi tashqi iqtisodiy aloqalarning, avvalo, tashqi savdoning tez o‘sishi hisoblanadi. Tashqi savdo xalqaro hamkorlikning ishlab chiqarish, ilmiy-texnika va boshqa shakllari (kadrlarni tayyorlash, turizm va h.k.) bilan bir qatordagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning muhim shakli hisoblanadi. Barcha mamlakatlar tashqi savdosi majmui xalqaro savdoni tashkil etadi. Xalqaro savdo – bu turli davlat-milliy xo‘jaliklari o‘rtasidagi tovar va xizmatlarning ayirboshlash jarayonidir. Xalqaro savdo qadimdan mavjud bo‘lsada, faqat XIX asrga kelib, ya’ni deyarli barcha rivojlangan mamlakatlar xalqaro savdo aloqalarida ishtirok eta boshlashi bilan jahon bozori shakliga kirdi.
Xalqaro savdo tashqi savdo aylanmasi, eksport va import, savdo balansi kabi ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanadi.
Eksport – bu tovarlarni chet ellik mijozlarga sotish bo‘lib, bunda mazkur mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovar mamlakatdan tashqariga chiqariladi. Eksportning iqtisodiy samaradorligi shu bilan aniqlanadiki, mazkur mamlakat ishlab chiqarishning milliy xarajatlari jahon xarajatlaridan past bo‘lgan mahsulotlarni chetga chiqaradi. Bunda eksportda olinadigan yutuq hajmi mazkur tovar milliy va jahon narxlarining nisbatiga, mazkur tovarning xalqaro aylanmasida ishtirok etuvchi mamlakatlarning mehnat unumdorligiga bog‘liq.
Xalqaro savdoda tovarlarning eksport tarkibi fan-texnika revolyutsiyasi va xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi ta’siri ostida o‘zgaradi. Hozirgi davrda xalqaro savdoning eksport tarkibida qayta ishlovchi sanoat mahsulotlari yetakchi o‘ringa ega bo‘lib, uning hissasiga jahon tovar ayriboshlashining 3/4 qismi to‘g‘ri keladi. Oziq-ovqat, xom-ashyo va yoqilg‘i ulushi faqat 1/4 qismini tashkil qiladi. Xizmatlar eksporti tovarlar eksportidan farq qiladi. Chet ellik iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish, chet el valyutalarini olish bilan bog‘liq bo‘lib, u milliy chegarada amalga oshiriladi (masalan, chet el kompaniyasi vakillariga pochta, telegraf xizmati ko‘rsatish, chet el fuqarolariga sayyohlik xizmati ko‘rsatish va h.k.). Kapital eksport qilish ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Kapital eksporti kredit berish yoki chet el korxonalari aksiyalariga maqsadli qo‘yilmalar kabi shakllarda amalga oshirilib, kapital chiqarilgan vaqtda eksport qiluvchi mamlakatdan mablag‘lar oqimini taqozo qiladi va shu orqali tasarrufida bo‘lgan resurslar hajmini qisqartiradi. Boshqa tomondan, kapital eksporti chet davlatlarning mazkur mamlakatdan bo‘lgan qarzlarini ko‘paytiradi. U jahon bozoriga tovarlarning keyingi eksporti uchun qulay sharoit yaratadi va chet el valyutasida foiz yoki dividend shaklida barqaror daromad olish omili hisoblanadi.
Ko‘plab mamlakatlar, cheklangan resurs bazasiga va tor ichki bozorga ega bo‘lib, o‘zlarining ichki iste’moli uchun zarur bo‘lgan barcha tovarlarni yetarli samaradorlik bilan ishlab chiqarish holatida bo‘lmaydi. Bunday mamlakatlar uchun import kerakli tovarlarni olishning asosiy yo‘li hisoblanadi. Import eksportdan farq qilib chet ellik mijozlardan tovarlar (xizmatlar) sotib olib, ularni mamlakatga keltirishni bildiradi. Bunda mamlakat ichida ishlab chiqarish xarajatlari tashqaridan sotib olingan chog‘dagi xarajatlaridan yuqori bo‘lgan mahsulotlar import qilinadi. Tashqi savdo samaradorligini hisoblashda mazkur mamlakat tomonidan import qilish hisobiga muayyan tovarlarga bo‘lgan o‘z ehtiyojining tezlik bilan qondirilishi hamda bunday tovarlarni mamlakat ichida ishlab chiqarilgan chog‘da sarflanishi lozim bo‘lgan resurslarning tejalishi natijasida olinuvchi iqtisodiy naf e’tiborga olinadi.
Mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalardagi ishtirokini ifodalovchi bir qator ko‘rsatkichlar ham mavjud. Masalan, tarmoq ishlab chiqarishining xalqaro ixtisoslashuvi darajasi ko‘rsatkichlari sifatida taqqoslama eksport ixtisoslashuvi koeffitsienti (TEIK) hamda tarmoq ishlab chiqarishidagi eksport bo‘yicha kvotadan foydalanish mumkin. TEIK quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
Eksport buyicha kvotaning ko‘payishi ham mamlakatning xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokining, ham mahsulot raqobatbardoshligining o‘sib borishidan darak beradi. Mamlakatdagi aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi eksport hajmi uning iqtisodiyotining «ochiqligi» darajasini ifodalaydi. Eksport salohiyati (eksport imkoniyatlari) – bu mazkur mamlakat tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotning o‘z iqtisodiyoti manfaatlariga putur yetkazmagan holda jahon bozorida sotishi mumkin bo‘lgan qismi.
Tovarlar eksporti va importi summasi tashqi savdo aylanmasi yoki tashqi tovar aylanmasini tashkil etadi. Qandaydir mamlakat ishlab chiqaruvchi mamlakatdan tovarni o‘z iste’moli uchun emas, balki uchinchi mamlakatga qayta sotish uchun olgan taqdirda reeksport ro‘y beradi. Reeksport bilan reimport uzviy bog‘liq. Reimport iste’molchi mamlakatdan reeksport tovarni sotib olishni bildiradi.
Xalqaro savdo bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega:
- iqtisodiy resurslarning harakatchanligi mamlakatlar o‘rtasida, mamlakat ichidagiga qaraganda ancha past bo‘ladi;
- mamlakatlarning turli valyutalardan foydalanishi ular o‘rtasida xalqaro savdoni amalga oshirishda muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi;
- xalqaro savdo siyosiy aralashuv va nazoratga mahkum bo‘lib, bu ichki savdoga nisbatan qo‘llaniladigan tadbirlardan tavsifi va darajasi bo‘yicha sezilarli farqlanadi.
Xalqaro savdoni tashkil etish shakllari ham takomillashib bormoqda. An’anaviy ko‘rinishdagi tovar birjalari, auksionlar, savdo-sanoat yarmarkalari, savdo ko‘rgazmalari bilan bir qatorda ikki tomonlama bitimlarning quyidagi shakllari ham keng qo‘llanmoqda:
1) barter – tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, pul ishtirokisiz bir-biriga ayirboshlash. Barterda pul ishtirok etmasada, tovarlarning qiymatini bir-biriga taqqoslash uchun pulning qiymat o‘lchovi vazifasi orqali baholab olinadi;
2) eksport qiluvchilar tomonidan yetkazib berilgan tovarlar qiymatining bir qismiga import tovarlarni xarid qilish;
3) texnikaning yangi modellarini sotishda eskirgan modellarni sotib olish;
4) import qilingan asbob-uskunalar qism va detallarini importga sotuvchi mamlakat tomonidan butlab berish;
5) kompensatsion bitimlari. Mazkur bitimlar shartiga ko‘ra, texnologik asbob-uskunalar yetkazib beruvchi tomonlarning biri taqdim etgan kredit (moliyaviy, tovar ko‘rinishidagi) bo‘yicha to‘lovlar ana shu asbob-uskunalarda tayyorlangan tayyor mahsulotlarni yetkazib berish orqali amalga oshiriladi;
6) bir mamlakatda undirilgan xom ashyoni boshqa bir mamlakat ishlab chiqarish quvvatlari yordamida qayta ishlashda ushbu qayta ishlash va tashib berish xizmatlarini qo‘shimcha xom ashyo yetkazib berish orqali to‘lash;
7) kliring operatsiyalari, ya’ni o‘zaro talab va majburiyatlarni hisobga olish orqali naqd pulsiz hisoblashuv.
Xalqaro savdoda ishtirok etish har bir mamlakat uchun milliy ishlab chiqaruvchilarni tashqi raqobatdan himoya qilish vazifasini dolzarb qilib qo‘yadi. Bu vazifa mamlakatlarning savdo siyosati orqali amalga oshadi. Jahon amaliyotida bu siyosatning proteksionizm (tashqi ta’sirdan himoyalash) va fritrederlik (savdoga to‘liq erkinlik berish) kabi shakllari keng tarqalgan.
Erkin savdo yo‘lida juda ko‘p to‘siqlar mavjud bo‘ladi. Ularning asosiylari quyidagilar:
1) boj to‘lovlari. Boj to‘lovlari import tovarlarga aksiz soliqlari hisoblanadi, u daromad olish maqsadida yoki himoya uchun kiritilishi mumkin;
2) import kvotalari. Import kvotalari yordamida ma’lum bir vaqt oralig‘ida import qilinishi mumkin bo‘lgan tovarlarning maksimal hajmi o‘rnatiladi;
3) tarifsiz to‘siqlar. Tarifsiz to‘siqlar deyilganda litsenziyalash tizimi, mahsulot sifatiga standartlar qo‘yish yoki oddiy ma’muriy taqiqlashlar tushuniladi;
4) eksportni ixtiyoriy cheklash. Eksportni ixtiyoriy cheklash savdo to‘siqlarining nisbatan yangi shakli hisoblanadi. Bu holda chet el firmalari o‘zlarining ma’lum mamlakatga eksportini ixtiyoriy ravishda cheklaydi.
Erkin savdo (fritrederlik) siyosati proteksionizm siyosatining aksi bo‘lib, tashqi savdoni erkinlashtirishga qaratilgan. Bu siyosat xalqaro savdo hajmlarini o‘sishiga olib keluvchi turli tarif va kvotalarni qisqartirish, milliy iqtisodiyotning ochiqligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.4
Xalqaro savdoni tartibga solish xalqaro va milliy darajalarda amalga oshadi.
Milliy darajadagi tartibga solish eksport va importni tartiblash orqali namoyon bo‘ladi. Eksportni tartiblash tashkiliy va kredit-moliyaviy usullar yordamida uni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan. Eksportni rag‘batlantirishning tashkiliy usullariga quyidagilarni kiritish mumkin:
- eksport qiluvchilarga axborot va maslahat berish xizmatlarini ko‘rsatiuchun maxsus bo‘linmalarni tashkil etish;
- savdo bitimlarini tuzishda davlat idoralarining ishtirok etishi;
- tashqi savdo uchun malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashuv;
- xorijiy mamlakatlarda ko‘rgazmalar tashkil etishda yordam ko‘rsatish;
- milliy kompaniyalarni diplomatik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va h.k.
Eksportni rag‘batlantirishning kredit-moliyaviy usullari quyidagilardan iborat:
- eksportga tovarlar yetkazib berishni subsidiyalash;
- eksport qiluvchilar uchun davlat kreditlarini berish va xususiy kreditlar berilishini rag‘batlantirish;
- xorijda amalga oshiriluvchi savdo bitimlarini davlat tomonidan sug‘urtalash;
- eksportdan olinuvchi foydadan soliq to‘lashdan ozod etish va h.k.
Importni tartibga solish asosan uni tarifli va tarifsiz vositalar orqali cheklashdan iborat. Asosiy tarifli to‘siq sifatida bojxona bojlarini keltirish mumkin. To‘lov balansi - mamlakat rezidentlari (uy xo‘jaliklari, korxonalar va davlat) va chet elliklar o‘rtasida ma’lum vaqt (odatda bir yil) oralig‘ida amalga oshirilgan barcha iqtisodiy bitimlar natijasining tartiblashtirilgan yozuvi.
Iqtisodiy bitimlar – qiymatning har qanday ayirboshlanishi, ya’ni tovarlar, ko‘rsatilgan xizmatlar yoki aktivlarga mulkchilik huquqining bir davlat rezidentlaridan boshqa davlat rezidentlariga o‘tishi bo‘yicha kelishuvlardan iborat. Har qanday bitim ikki tomoniga ega bo‘ladi va shu sababli to‘lov balansida ikki tomonlama yozuv tartibiga rioya qilinadi. Har bir bitim to‘lov balansining debet va kredit qismlarida o‘z ifodasini topadi.
Kredit – qiymatning mamlakatdan chiqib ketishi bo‘lib, uning hisobiga mazkur mamlakat rezidentlari chet el valyutalarida qoplovchi to‘lovlar ekvivalentini oladi. Debet – qiymatning mazkur mamlakatga kirib kelishi bo‘lib, uning hisobiga rezidentlar chet el valyutalarning sarflaydi. To‘lov balansida kreditlar umumiy summasi debetlarning umumiy summasiga teng bo‘lishi zarur.
To‘lov balansidagi barcha bitimlar o‘z ichiga joriy va kapital bilan operatsiyalarni olishi sababli, u uchta tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi (3-jadval):

  1. joriy operatsiyalar hisobi;

  2. kapital harakati hisobi;

  3. rasmiy zahiralarning o‘zgarishi.

Mamlakatning tashqi savdo balansi (to‘lov balansi) mazkur davlatning chet ellik sheriklari bilan xalqaro iqtisodiy munosabatlarning holatini ifodalab, uning kredit-pul, valyuta, byudjet-soliq, tashqi savdo siyosatini amalga oshirish va davlat qarzlarini tartibga solishi uchun indikator bo‘lib xizmat qiladi.
Tovarlar eksporti va importi o‘rtasidagi farq savdo balansini tashkil qiladi.
Investitsiyalardan sof daromadlar (chet eldan sof omilli daromadlar) kreditli xizmatlardan olinadigan sof daromad hisoblanib, u chet ellarga qo‘yilgan milliy pul kapitali hisobiga keladi. Agar chet elga qo‘yilgan milliy kapital mazkur mamlakatga qo‘yilgan chet el kapitaliga qaraganda ko‘proq miqdorda foiz va dividend keltirsa, bunda investitsiyalardan olinadigan sof daromad ijobiy, aks holda esa salbiy bo‘ladi.
Sof transfertlar xususiy va davlat mablag‘larning boshqa mamlakatlarga o‘tkazilgan summasini bildiradi (pensiya, sovg‘a, chet elga pul o‘tkazishlar yoki chet mamlakatlarga insonparvarlik yordamlari). Bunday to‘lovlar mamlakatda mavjud chet el valyutalari zahirasini kamaytiradi.
Absorbsiya - yalpi ichki mahsulotning mazkur mamlakatdagi uy xo‘jaliklari, korxonalar va davlatga realizatsiya qilinadigan qismi.
Kapital harakati hisobida aktivlar bilan amalga oshiriladigan barcha xalqaro bitimlar o‘z ifodasini topadi. Bular chet elliklarga aksiyalar, obligatsiyalar, ko‘chmas mulk va h.k. sotishdan olinadigan daromadlar hamda chet eldan aktivlar sotib olish natijasida vujudga keladigan sarf xarajatlar. Chet el aktivlarini sotish chet el valyutalari zahiralarini ko‘paytiradi, ularni sotib olish esa kamaytiradi. Markaziy bank tomonidan chet el valyutalarining sotilishi va sotib olinishi rasmiy zahiralar bo‘yicha operatsiyalar deyiladi. Bu operatsiyalar Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalari bilan bir xil emas. Rasmiy zahiralar bilan operatsiyalar natijasida joriy hisobdagi qoldiq summasi, kapital harakati hisobi va zahiralar miqdorining o‘zgarishi nolni tashkil qilishi zarur.


Yüklə 101,25 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə