Book · January 013 citation reads 419 1


Barqaror rivojlanishning ekologik-ijtimoiy jihatlari



Yüklə 4,14 Mb.
səhifə79/144
tarix29.11.2023
ölçüsü4,14 Mb.
#139862
1   ...   75   76   77   78   79   80   81   82   ...   144
Ekologiyanazariyasi

Barqaror rivojlanishning ekologik-ijtimoiy jihatlari. Barqaror rivojlanishning uchta asosiy jihatlari mavjud iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy tenglikni ta’minlash va atrof-muhit muhofazasi. Ularni bir-biridan ajratish yoki alohida baholash mumkin emas, chunki ular o‘zaro uzviy bog‘langan va bir-biridan kelib chiqadi. Har bir mamlakat, har bir xalqaro huquq subyekti barqaror rivojlanish muammolarini o‘zining siyosiy, tarixiy, madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yechadi. Ammo ushbu uch tarkibiy qismning ilmiy asoslanganligi, ularning o‘zaro tenglashtirilganligi va integratsiyalanganligi muhimdir.
Statistikada umumiy son yoki imperik yagona ko‘rsatkich olish uchun ikki yoki ko‘p omilli tahlil o‘tkaziladi. Barqaror rivojlanish modeli yoki statistik ko‘rsatkichni olish modelini yaratish murakkab masaladir. Shuning uchun ham biz uning ikki omilli sifat tahlilini berishga harakat qilamiz. Atrof-muhitga kambag‘allik, qashshoqlik, aholining o‘sish dinamikasi va uning faolligi yoki bilim darajasi, iste’mol tuzilmasi, aholi zichligi kabi ijtimoiy ko‘rsatkichlar ta’sir etishi sababli barqaror rivojlanishning ijtimoiy jihatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Qashshoqlik ham milliy, ham xalqaro xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Mazkur muammoning universal yechimi yo‘q, u muayyan mamlakatga xos ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy va siyosiy sharoitlarga bog‘liq. Shu bilan birga, xalqaro miqyosda ushbu muammo yechimi borasidagi jara- yonlar doimo amalga oshiriladi. Biroq, har bir davlatning qashshoqlikni tag-tomiri bilan yo‘qotishga o‘zining xohishi, irodasi, kuchi va intilishi bo‘lmas ekan, hech bir tashqi omil uni bartaraf etishga qodir emas.
Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun insonlar manfaatini nazarda tutmoq muhim ahamiyatga ega. Buning boisi insonlar faolligi ishlab chiqarishni kengaytirishga
olib boradi. Aks holda, u qashshoqlik muammosi yechimi nuqtayi nazaridan ham, ekologiya sohasida uzoq hukm suradigan ijobiy natijalarga erishish nuqtayi nazaridan ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Keng qamrovli resurslardan ekstensiv foydalanish hisobiga ishlab chiqarishni kuchaytirish ertami, kechmi mehnat unumdorligining pasayishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida qashshoqlik masalasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham barqaror rivojlanishning asosiy shartlaridan biri – qashshoqlikka qarshi kurashishning aniq bir strategiyasini ishlab chiqishdan iborat.
BMTning atrof-muhit komissiyasi tavsiyalariga ko‘ra rivojlanayotgan mamlakatlarning ijtimoiy va ekologik muammolarini samarali hal etish strategiyasi o‘ziga tabiiy resurslar, keng qamrovli resurslarga asos- langan ishlab chiqarish va insonlar bilan bog‘liq jihatlarni qamrab olgan bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, u demografik ko‘rsatkichlar, ya’ni tibbiy xizmat ko‘rsatish, maorif va ta’lim, xotin-qizlar huquqi, yoshlarning tutgan o‘rni, mahalliy xalqlar aholisi, mahalliy jamoalar, jamiyatni demokratlashtirishda aholining ishtiroki, mukammal boshqaruv kabilarni ham o‘zida mujassamlashtirishi lozim. Ushbu omillar o‘sib borayotgan aholining turmush ta’minotini ifodalaydi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun barqaror rivojlanish normalari tegishli ijtimoiy va ekologik
muammolarni hal qilish bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni beradi:

  • yashash uchun zarur mablag‘ topishning barqaror asoslarini yaratish;

  • adekvat hajmda mablag‘ bilan ta’minlashga qaratilgan siyosat va strategiyani amalga oshirish;

  • tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha mahalliy nazoratni kuchaytirish;

  • nodavlat tashkilotlar va mahalliy bashqaruv organlarini davlat boshqaruviga keng miqyosda jalb qilish;

  • yashash darajasi past bo‘lgan tumanlarni rivojlantirish, qashshoqlik muammolari keskinligini kamaytirish, ish bilan ta’minlash va foyda olish imkoniyatini oshirish strategiyasi va dasturlarini ishlab chiqish;

  • insoniy «kapital» rivojini asosan qishloq joylarda yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ijtimoiy muhtoj aholi tabaqalarini budjet mablag‘lari hisobidan ta’minlash rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Barqaror rivojlanishning me’yoriy hujjatlarida ko‘proq e’tiborni energetika va transportga qaratish ko‘zda tutiladi. Barqaror rivojlanish konsepsiyasiga binoan mamlakatlarning, ayniqsa, resurslarni qazib olish bilan bog‘liq iste’mol tuzilmasini o‘zgartirish uchun aholi talabi, asosiy ehtiyojini qondirish tuzilmasini o‘zgartirish, chegaralangan darajada resurslardan ishlab chiqarish jarayonida foydalanishni tashkil qilish va keraksiz sarf-xarajatni keskin kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.
O‘tish iqtisodiyotida turgan har bir mamlakat o‘zining ijtimoiy va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan, o‘z xalqining hayot tarzi va atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq muammolarni, shu jumladan, quyidagilarni hal etmog‘i kerak:

  • o‘z kuchini xalqning kambag‘al qatlamlari iste’molining oqilona tuzilmasini shakllantirishga

yo‘naltirish;

  • xalqaro tashkilotlar bilan kelishgan holda ishlab chiqarish sohalari va iste’mol bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish va uning imkoniyatlarini kuchaytirish tadbirlarini ko‘rish, shu bilan birga, mazkur sohani tahlil qilish usullarini ishlab chiqish;

  • ishlab chiqarish va iste’mol, iqtisodiy o‘sish va demografik omil kabi ko‘rsatkichlarning atrof-muhit holati bilan bog‘liqligini, texnologik kashfiyotlarga mavjud texnologiyalarning moslashuvi va boshqalarni aniqlash darkor.

BMTning barqaror rivojlanish bo‘yicha komissiya kotibiyati ta’rifiga ko‘ra, iste’mol tuzilmasini o‘zgartirish bilan bog‘liq barcha tadbirlar qashshoqlik bilan kurashishga qaraganda ko‘p sarf-xarajat talab etmaydi. Shuning uchun ham har bir mamlakat o‘zining ichki moddiy imkoniyatidan kelib chiqib ish yuritmog‘i kerak.
Nooqilona iste’mol tuzilmasini o‘zgartirishga qaratilgan milliy siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlar rivojlanayotgan mamlakatlarga uslubiy va ekologik ko‘maklashadi. Ko‘rsatiladigan yordam miqdori har bir mamlakatning aniq strategiyasi va dasturiga bog‘liq. Iste’molni o‘zgartirish milliy dasturlarida quyidagi masalalar o‘z yechimini topmog‘i lozim:

  • tinch-totuvlikda (ayniqsa, alohida muhofazalanadigan tabiiy hududlarda) yashash imkoniyatini

yaratish bo‘yicha ish o‘rinlarini tashkil etish;

  • tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhit muhofazasiga keng ommani, jumladan, mahallalarni keng jalb qilish;

  • qashshoqlik muammolarini tabiatdan ekstensiv foydalanishsiz hal etish;

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayollar, bolalar, qishloq aholisi va kambag‘al fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun budjetdan alohida mablag‘ ajratish.

Iste’mol tuzilmasini o‘zgartirish bilan bog‘liq tadbirlarning haqqoniyligi rivojlanayotgan mamlakatlardagi ekologik muammolarning keskinligi bilan belgilanadi.
Inson sog‘ligini mustahkamlash va muhofaza qilish. Aholi salomatligining buzilishi, kambag‘allik va demografik keskinlik bilan birga, barcha mamlakatlarda atrof-muhitning sanitar holati yomonlashishi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga olib kelmoqda. Barqaror rivojlanish konsepsiyasi bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlar insonlarning sog‘lig‘ini yaxshilash borasidagi asosiy ehtiyojlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Chunki ular atrof-muhit muhofazasi, ta’lim masalalari, uy-joylar qurish, jamoa ishlarini tashkil etish va turli jamoa guruhlari (shu jumladan, tadbirkorlik, ta’lim muassasalari, diniy va fuqaroviy tashkilotlar) faoliyati bilan chambarchas bog‘langan. Asosiy e’tibor profilaktika, davolash va inson sog‘lig‘ini yaxshilashning terapevtik usullari bilan bog‘liq dasturlarga qaratiladi. Buning uchun aholi salomatligini mustahkamlash va himoya qilish bo‘yicha (davlat organlarining, NNT va mahalliy jamoalar bilan birgalikda) dasturlarini ishlab chiqish lozim. Ushbu faoliyat BMT qoshida Jahon Sog‘liqni Saqlash (JSS) kabi xalqaro tashkilotlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi, albatta. Bunday dasturlar o‘z ichiga quyidagi masalalarni qamrab olishi zarur:

  • birlamchi tibbiy-sanitar xizmat (ayniqsa, ekologik holati tang bo‘lgan tumanlarda) ko‘rsatishga doir

ehtiyojlarni qondirish;

  • atrof tabiiy muhit ifloslanishi tufayli vujudga kelgan yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish;

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini muhofaza qilish;

  • antropogen o‘zgargan shahar joylari va aholi shoxobchalari, qishloq joylari, sanoat tegralariga xos bo‘lgan sog‘liqni saqlash muammolarini hal etish;

  • ifloslanish va atrof-muhitga xavfli ta’sir ko‘rsatilishi bilan bog‘liq bo‘lgan sog‘liqni yo‘qotish ehtimolini

kamaytirish.
Mamlakatlarga, ularning milliy hukumatlariga, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga BR konsepsiyada, xalqaro tashkilotlar hamkorligida quyidagi vazifalarni bajarishni tavsiya etadi:

  • amaliy faoliyatga qodir, ilmiy asoslangan, ekologiya nuqtayi nazaridan maqbul ichimlik suvi, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va sanitariya xizmatini bajaradigan birlamchi tibbiy-sanitar xizmati tizimini ishlab chiqish va borini mustahkamlash;

  • sog‘liqni saqlash va tabiatni muhofaza qilish bo‘limlari hamda mahalla ko‘rinishidagi mahalliy jamoalar

o‘rtasidagi uzviy aloqa va hamkorlikni ta’minlovchi mexanizmlardan foydalanish va ularni mustahkamlashga ko‘mak berish;

  • atrof-muhit holatini nazarda tutgan holda qurilish va tibbiy-sanitar xizmatning samarali tizimini ishlab chiqish va yaratish;

  • ekologik tang bo‘lgan ma’muriy birliklarda ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning umumiy hajmini

kengaytirish;

  • yuzaga kelgan ekologik vaziyat bilan bog‘liq ravishda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish strategiyasi va

mablag‘ bilan ta’minlash yo‘llarini ishlab chiqish;

  • ta’lim litseylari, maktablar axborotlar almashinishi, ekologik sanitariya uchun kadrlar tayyorlashda

texnik yordam ko‘rsatadigan sanitarlarni tayyorlashga ko‘maklashish;

  • himoyasiz aholi qatlamlarining (nogironlar, nafaqaxo‘rlar, bolalar) tabiiy potensialini sog‘lomlashtirish tizimiga keng miqyosda jalb qilish;

  • atrof-muhitning sanitar holatini yaxshilashga mahalliy jamoa (mahalla)larni keng jalb etish mexanizmini joriy etish;

  • atrof-muhitning sanitar holati va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlarni keng miqyosda o‘tkazish.

Yuqorida bayon qilingan dasturiy amallarni tatbiq etish uchun bar cha davlatlar 1993–2000-yillar oralig‘ida rejalashtirilgan
40 mlrd o‘rniga 15 mlrd AQSH dollari sarf qilishgan, xolos. Mazkur masalada xalqaro yordam ham rivojlanayotgan mamlakatlarning aniq dasturi va strategiyalariga juda bog‘liq. Aholi yashash joylarida,
xususan, shahar suv ta’minoti va kanalizatsiyasining sanitar-epidemiologik holati buzilishidan ogoh qilish (oldini olish)da Jahon banki va uning xalqaro assotsiatsiya (MAR)si orqali xalqaro yordamni kuchaytirish va uning hajmini oshirish belgilangan. PROONning texnik hamkorligida aholi yashash joylarini sog‘lomlashtirish uchun sarf qiladigan har bir dollari davlat va xususiy sektor orqali 120 –130 AQSH dollari sarf bo‘lishiga olib keladi. PROONning turlicha yordam ko‘rsatish sohalari orasida bu eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Aholi yashash joylarini barqaror rivojlantirish maqsadida shaharlarda atrof-muhit muhofazasiga doir quyidagi dasturlarni amalga oshirish ko‘zda tutiladi:

  • tabiiy obyektlardan kundalik yotog‘i sifatida foydalanmasliklari uchun kishilarni zarur istiqomat joylari bilan ta’minlash;

  • ekologik munosabatlarning boshqarilishini takomillashtirish;

  • yashil o‘simliklar maydoni bo‘yicha sanitar normaga ko‘ra har bir kishiga 25 m2 dan kam bo‘lmagan shahar yer fondini rejalashtirish va ta’minlash;

  • suv ta’minoti, sanitariya, kanalizatsiya chiqitlari va, ayniqsa, kundalik maishiy chiqindilarni

joylashtirish, utillashtirish va qayta ishlashga doir kompleks infratuzilmasini yaratish;

  • tabiiy ofatlar ko‘p kuzatiladigan va tabiiy texnogen xarakterdagi o‘zgarishlar bo‘ladigan hududlarda

aholi yashash joylarini rejalashtirish va boshqarish;

  • loyihalash, qurish va foydalanishga topshirish bosqichlarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish, qurilish sektori faoliyatining barqaror ishlashini ta’minlash va boshqalar.

Barqaror rivojlanish konsepsiyasiga binoan shaharlarning ekologik muammolarini hal etish uchun 1993 – 2000-yillarda 70 mlrd AQSH dollaridan ko‘p mablag‘ sarflangan bo‘lib, uning 15 foizidan ortig‘ini universal xalqaro jamg‘armalarning subsidiyalari yoki imtiyozli kreditlari tashkil etgan.
Barqaror rivojlanish konsepsiyasi amalga oshirilishida xalqaro, davlat va mahalliy boshqaruv masalalariga alohida o‘rin ajratilgan. Bunday dasturlar atrof-muhit holatining siyosat, rejalashtirish va boshqarish masalalarida hisobga olish uchun yo‘nalgan bo‘lishi zarur. Samarador huquqiy va me’yoriy asoslari yaratilishini hisobga olish, iqtisodiy mexanizmlar, bozor iqtisodiyoti va boshqa turdagi rag‘batlantirishdan samarali foydalanishga qaratilishi, ekologik va iqtisodiy omillarni hisobga oladigan kompleks tizimning yaratilishi bilan belgilanadi. Siyosat, rejalashtirish va boshqarish darajalarida atrof-muhit holatini hisobga
olish deganda har bir kishi, jamiyat va hamjamoalarning ekologik manfaatlarni nazarda tutishi tushuniladi.
Har bir mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, «XXI asr kun tartibi»da atrof-muhit
muhofazasi bo‘yicha quyidagi tadbirlar tavsiya etiladi:

  • iqtisodiy, sektorli va ekologik siyosat, strategiya va atrof-muhit holatini hisobga olishning ilg‘or rejalarini ta’minlash masalalarini sharhlash (tahlil etish);

  • atrof-muhit holatini to‘la hisobga olish maqsadida qaror qabul qilish jarayonlarining barcha tashkiliy tuzilmalarini mustahkamlash;

  • jismoniy shaxs, guruh va tashkilotlarni barcha holatlarda bir qarorga kelishlari maqsadida xizmat qiladigan mexanizmlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;

  • atrof-muhit holatini hisob oladigan ichki chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

Samarali huquqiy va me’yoriy asoslarni atrof-muhit muhofazasi maqsadida barqaror rivojlanish konsepsiyasi quyidagilarni rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tavsiya etadi:

  • ekologik qonunchilik me’yorlari va qoidalariga oid axborotlarni keng yoyish;

  • qayta tiklashga oid me’yorlarni rag‘batlantirish, shuningdek, ekologik qonunbuzarlarni jazolash,

yetkazilgan zararlarni qoplash shart-sharoiti, usullari va mexanizmlarini yaratish;

  • ekologik muammolarning globallik xarakterini inobatga olgan tarzda barqaror rivojlana olmaydigan

mamlakatlarga yordam ko‘rsatish;

  • milliy, mintaqaviy va mahalliy darajada zarur ekologik dastur va tadbirlar ishlab chiqishni

rag‘batlantirish.
Iqtisodiy mexanizmlar, bozor iqtisodiyotiga xos va boshqa rag‘batlantirishning samaradorligini ta’minlash
atrof-muhit muhofazasiga yo‘naltirilgan bo‘lishi bilan birga, «ifloslaydigan to‘laydi» yoki «tabiiy resurslardan
foydalanuvchi to‘laydi» tamoyillariga asoslanadi. Bu kabi dasturlarni amalda joriy etishni ta’minlash uchun har bir rivojlanayotgan mamlakat, o‘z sharoitidan kelib chiqib, uchta eng muhim vazifaning bajarilishiga erishmog‘i zarur:

  • atrof-muhit muhofazasida ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar tomonidan qaror qabul qilish jarayonida, shuningdek, atrof-muhitga munosabat borasida, «tekin mahsulot» ma’nosida sarf-xarajatlarni hisobga olishni ta’minlash va bu xarajatlarni jamiyatning boshqa tabaqasi, o‘zga mamlakat yoki kelajak avlodga yuklashga qaratilgan fikrlarning o‘zgarishini hisobga olishi;

  • iqtisodiy faoliyatda ekologik xarajat (chiqim)larni to‘la hisobga olmoq, boshqacha qilib aytganda, narx- navo belgilashda yetishmovchilik yoki resursning to‘la qiymatidan kelib chiqib atrof-muhitga yetkaziladigan zararning oldini olish;

  • barqaror rivojlanish uchun ekologik siyosat yurgizishda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini qo‘llash.

Ekologik va iqtisodiy omillarni kompleks hisobga olish tizimini barpo qilish deganda, odatda, barqaror rivojlanishning maqsadi va vazifalari yechimini topishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xatti - harakatlarni birlashtirish, milliy hisob raqamlar tizimini mustahkamlash, ma’lumot va axborotlarni yig‘ish samarasini oshirish va baholash mexanizmini bunyod etish, o‘zaro texnik hamkorlikni kuchaytirish kabilar nazarda tutiladi. Ko‘rsatilgan maqsadlarga erishishda rivojlanayotgan mamlakatlarga xalqaro hamjamiyatdan ko‘rsatiladigan yordamning umumiy miqdori 2 mlrd AQSH dollarini tashkil qiladi.

    1. Yüklə 4,14 Mb.

      Dostları ilə paylaş:
1   ...   75   76   77   78   79   80   81   82   ...   144




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə