Boshlang‘ich sinf Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi mazmuni



Yüklə 55,81 Kb.
səhifə1/3
tarix29.11.2023
ölçüsü55,81 Kb.
#138739
  1   2   3
4-dars Mutaxasis — копия

4-mavzu 2 soat 1 juftlik


Boshlang‘ich sinf Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi mazmuni

1.Boshlang‘ich sinf o’quvchilarining ona tili ta’limidan egallashi lozim bo’lgan bilimlar.
2.Boshlang‘ich sinf o’quvchilarining o’qish fanidan egallashi lozim bo’lgan bilimlar.
3.Boshlang‘ich sinf o’quvchilarining matematika ta’limidan egallashi lozim bo’lgan bilimlar.
Boshlang‘ich sinf o’quvchilarining ona tili ta’limidan egallashi lozim bo’lgan bilimlar.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
UMUMIY O‘RTA VA O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMINING DAVLAT TA’LIM STANDARTLARINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
2017 yil 6-apreldagi
187-son qarori
Umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi (keyingi o‘rinlarda — o‘quv dasturi deb ataladi) tayanch o‘quv rejaga muvofiq o‘quv fanlarining sinflar va mavzular bo‘yicha hajmi, mazmuni, o‘rganish ketma-ketligi va shakllantiriladigan kompetensiyalari belgilangan hujjat hisoblanadi.
O‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim mazmunining majburiy minimumi va yakuniy maqsadlariga, o‘quv yuklamalari hajmiga hamda ta’lim sifatiga qo‘yiladigan talablardan iborat bo‘lib, u quyidagilardan tashkil topadi:
bilim — o‘rganilgan ma’lumotlarni eslab qolish va qayta tushuntirib berish;
ko‘nikma — o‘rganilgan bilimlarni tanish vaziyatlarda qo‘llay olish;
malaka — o‘rganilgan bilim va shakllangan ko‘nikmalarni notanish vaziyatlarda qo‘llay olish va yangi bilimlar hosil qilish;
kompetensiya — mavjud bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish qobiliyati.
Baholash tizimi — davlat ta’lim standarti bo‘yicha umumiy o‘rta ta’limning malaka talablarini o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi darajasini hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasasining faoliyati samaradorligini aniqlaydigan mezonlar majmuidan iborat.
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartining maqsad va vazifalari:
Davlat ta’lim standartining maqsadi — umumiy o‘rta ta’lim tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari hamda ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etish, ma’naviy barkamol va intellektual rivojlangan shaxsni tarbiyalashdan iborat.
Davlat ta’lim standartining vazifalari quyidagilardan iborat:
umumiy o‘rta ta’lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
Umumiy talablarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
O‘quv-metodik majmua — darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua.
Darslik — davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablarga javob beradigan, o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilgan
Mashq daftari — darslikning tarkibiy qismi hisoblanadigan, davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quvchilar tomonidan egallangan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda o‘quv fanining mavzulariga mos ravishda ishlab chiqilgan, mantiq va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan
O‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma — darslikdagi har bir mavzuni samarali o‘qitish metodikasi, qo‘shimcha sinov topshiriqlari va o‘qituvchining darsni qiziqarli tashkil etishiga oid boshqa metodik ko‘rsatmalar berilgan, har bir darsning maqsadi, darsda foydalaniladigan vositalar va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashg‘ulotlar, qo‘shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida metodik ko‘rsatmalar
Darsliklarning multimediali ilovalari — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida o‘quv faniga oid materiallarni davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturiga mos ravishda yorita oladigan, o‘quv fanini samarali o‘zlashtirishga, o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi hamda video, ovoz, animatsiya, jadval, matn va lug‘atlarni o‘z ichiga olgan, bilimlarni nazoratdan o‘tkazish va mustahkamlashga yo‘naltirilgan, o‘quv fanining asosiy mazmunini boyitadigan qo‘shimcha materialga ega bo‘lgan yoki shu kabi manbalarga murojaatlarni o‘z ichiga olgan interaktiv elektron axborot-ta’lim resursi.
Ona tili fanini o‘qitishning asosiy maqsadi — o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda to‘g‘ri va ravon bayon qiladigan, kitobxonlik madaniyati shakllangan, mustaqil va ijodiy fikrlay oladigan, o‘zgalar fikrini anglaydigan — muloqot va nutq madaniyati rivojlangan shaxsni kamol toptirishdan iborat.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida Ona tili fanini o‘qitishning asosiy vazifasi:
o‘quvchi shaxsini fikrlashga, o‘zgalar fikrini anglashga, o‘z fikrini og‘zaki hamda yozma shaklda savodli bayon qila olishga qaratilgan nutqiy kompetensiyani rivojlantirish;
o‘quvchilarda grammatikaga oid o‘zlashtiriladigan bilimlarni (fonetika, leksikologiya, so‘zning tarkibi, so‘z yasalishi, morfologiya, sintaksis, yozuv va imlo, tinish belgilari, nutq uslublari, stilistikaga oid tushunchalarni) rivojlantirish;
ona tilining keng imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda to‘g‘ri va ravon bayon eta olishni rivojlantirishga qaratilgan lingvistik kompetensiyalarni shakllantirishdan iborat.
Ona tili fani bo‘yicha umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (barcha ta’lim olish tillari bo‘yicha) bitiruvchilariga qo‘yilgan malaka talablari
1. Nutqiy kompetensiya (tinglab tushunish, so‘zlash, o‘qish, yozish):
Berilgan topshiriq, sodda matnlarni tinglab tushuna oladi;
matnni tushunib o‘qiy oladi;
og‘zaki nutqda so‘z va gaplar talaffuziga rioya qila oladi;
65 — 70 so‘zdan iborat diktantni yoza oladi;
xabar, tasvir asosida 5-6 gapdan iborat matn yarata oladi, xatboshi va husnixatga amal qiladi; imlo va tinish belgilarini ishlatish qoidalariga amal qila oladi;
do‘sti, ota-onasi, ustoziga tabriknoma yoki xat yoza oladi.
Lingvistik kompetensiya (fonetika, grafika, orfoepiya, orfografiya, leksika, grammatika va uslubiyatga oid):
ona tilidagi nutq tovushlarini farqlay oladi, bo‘g‘in ko‘chirish qoidalariga amal qila oladi;
mavzuga oid yangi so‘zlarni og‘zaki va yozma nutqda qo‘llay oladi;
yozma nutqda tinish belgilarini to‘g‘ri qo‘llay oladi.
Boshlang‘ich ta’limning ona tili fani o‘quv dasturi o‘quvchilarda kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan Davlat ta’lim standarti talablaridan kelib chiqib tuzildi. Ushbu o‘quv dasturida 1-4-sinf o‘quvchilarida tayanch hamda fanga oid (nutqiy va lingvistik) kompetensiyalarning elementlarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Boshlang‘ich ta’limda – o‘quvchilarning savodxonligini ta’minlash, ularni og‘zaki va yozma nutqida adabiy nutq me’yorlariga rioya qilishga o‘rgatishdan iborat. Mazkur ona tili o‘quv dasturi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:
1. Savod o‘rgatish va nutq o‘stirish.
2. Fonetika, grammatika, imlo va nutq o‘stirish.
Savodga o‘rgatish davri 2-sentabrdan to dekabr oyining oxirigacha bo‘lgan muddatni, ya’ni ikki o‘quv choragini qamrab oladi. Savodga o‘rgatish jarayoni tayyorgarlik va alifbe davridan tashkil topadi. Tayyorgarlik va alifbe davrida ta’lim savodga o‘rgatishning tahlil-tarkib (analitik-sintetik) tovush usulida amalga oshiriladi. Savodga o‘rgatishning tahlil-tarkib usuliga ko‘ra matndan gap, gapdan so‘z, so‘zdan bo‘g‘in va tovush, yoki aksincha, tovush > bo‘g‘in > so‘z > gap > matn uzviy aloqada butundan bo‘lakka, bo‘lakdan butunga qarab tahlil-tarkib qilinadi. Bu esa o‘quvchilar tafakkur faoliyatini onglilik, tushunarlilik, mantiqiylik, didaktik mezonlar asosida rivojlantirish imkoniyatini vujudga keltiradi. Boshlang‘ich ta’limning ilk savodga o‘rgatish davridanoq, o‘quvchilar nutqini yangi so‘zlar hisobiga boyitishga alohida e’tibor qaratiladi.
"Alifbe" darsligida berilgan: yangi so‘zlar, matn, kichik hikoya va she’rlardan foydalanib, o‘quvchilarni so‘z ma’nosi bilan atroflicha tanishtirishda, she’riy va nasriy matnlarni yodlatish, qayta hikoyalashga e’tibor beriladi. Sinfdan tashqari o‘qish darslari o‘quvchilarni bolalar adabiyoti namunalari bilan tanishtirib borishga, ularni mustaqil o‘qishga, o‘qituvchi va ota-onalar yordamida badiiy o‘qishga qiziqtirish, nutqini boyitish va rivojlantirishga yordam beradi.
Ona tili (1-4-sinf) mazmuni quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Nutq va gap.
Ona tilining fonetik tizimi:
nutq tovushlari va harflar, unli tovushlar va harflar, undosh tovushlar va harflar, jarangli va jarangsiz undoshlar, alifbo, bosh va kichik harflar, tutuq belgisi (fonetik tahlil);
bo‘g‘in va bo‘g‘in tuzilishi, so‘zlarni bo‘g‘inlab ko‘chirish. So‘z va so‘z ma’nolari (lug‘aviy tahlil: bir ma’noli so‘zlar, qarama-qarshi ma’noli so‘zlar, ko‘p ma’noli so‘zlar);
So‘z tarkibi: asos va qo‘shimcha (turlovchi, tuslovchi va yasovchi), asoslarda tovush o‘zgarishi, asos va qo‘shimchalar imlosi;
So‘z ma’nosi: so‘zlarning ma’nosiga ko‘ra guruhlash: shaxs-narsalar nomini bildiruvchi so‘zlar, shaxs-narsalarning harakatini, belgisini, sanog‘ini va tartibini bildiruvchi so‘zlar, shaxs-narsaga ishorani ifodalovchi so‘zlar (shaxsga nisbatan kishilik olmoshi).
Gap, gapning fikr bildirishi, gapning maqsadga ko‘ra turlari (darak, so‘roq, buyruq va his-hayajonni bildiruvchi gaplar), gapda tinish belgilarining ishlatilishi (nuqta, so‘roq, undov va h.k.), yozma nutqda ishlatiladigan muhim (ayrim) belgilar: vergul, qavs, ikki nuqta, ko‘p nuqta;
gapning gap bo‘laklariga ko‘ra tuzilishi: gapning asosiy mazmunini bildiruvchi bo‘laklar (ega va kesim), gapning asosiy mazmunini to‘ldiruvchi bo‘laklar (ikkinchi darajali bo‘laklar – ularning turi va nomlaridan mustasno);
gapda so‘zlarning o‘zaro bog‘lanishi, so‘z birikmasi, gapning uyushiq bo‘laklari, ularning o‘zaro bog‘lanishi (ohang, bog‘lovchi so‘zlar yordamida);
Undalma uning shaxsga qarab bilishi, undalmali gaplarda tinish belgisining ifodalanishi. Gap va matn, matnning tuzilishi: mavzu, voqea tafsiloti, asosiy fikr bayoni, xulosa chiqarish, reja tuzish, sarlavha, xat boshi, dialog, monolog nutq, bayon, kichik hikoya;
Husnixatga o‘rgatish. Husnixatga o‘rgatishning vazifasi harf, so‘z, gap va matnni to‘g‘ri va chiroyli yozishni takomillashtirishdir. Yozuvni o‘rganish jarayonida o‘quvchi tovushning shakli bo‘lgan harfni, so‘z va gapni kitobdan va doskadan to‘g‘ri, husnixat qoidalariga rioya qilib ko‘chirib yozish, yozganlarini tekshira olish va yo‘l qo‘ygan grafik kamchilik hamda xatolarini o‘qituvchi rahbarligida o‘zi tuzata olishi kerak. Bu davrda eshitib yozish ko‘nikmalari ham rivojlantirib boriladi. 1-sinfda o‘quv yilining 2-yarmidan boshlab husnixat malakalari takomillashtirib boriladi. Shuningdek, 2-4-sinflarda esa har bir ona tili darsining 5-8 daqiqasi “Husnixat daqiqasi”ga ajratiladi.
Shuningdek, 1-4-sinflarda ona tili fani chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini takomillashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilardagi qobiliyat va iste’dodni yanada kamol toptirish uchun ixtisoslikka yo‘naltirilgan o‘quv dasturi kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan o‘quv dasturiga moslashtirildi. Bunda yillik o‘quv soatlari A1 bosqichda 608 soat bo‘lsa, A1+ bosqichida esa 680 soatni tashkil etadi. Jumladan, nutq o‘stirish va husnixat darslari uchun har bir sinflar kesimida 68 soatdan ajratilgan.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tayanch va fanga oid (nutqiy va lingvistik) kompetensiyalarning shakllantirilishi belgilab berilgan. Bunga ko‘ra, Ona tili fanini o‘qitish jarayonida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida quyidagi tayanch kompetensiya elementlari shakllantirilib boriladi.

Yüklə 55,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə