Dante aligyeri


III. Ikki yirtqichning omixtasiga mansub gunohkorlar



Yüklə 70,49 Kb.
səhifə9/11
tarix29.11.2023
ölçüsü70,49 Kb.
#142174
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Ilohiy komediya. Struktura. obrazlar tizimi

III. Ikki yirtqichning omixtasiga mansub gunohkorlar
Ayonki, qorayu oqish-sarg‘ish rang aralashtirilsa, ola-bula tus hosil bo‘ladi. Xuddi shu kabi sakkizinchi aylana ham “Pelago” va “Sonno” — “Qoplon” va “Bo‘ri” — Qing‘irko‘ngillik va Yovvoyilikning qo‘shilmasidir (Biz buni oldin ham ta’kidlagandik). Undan paydo yangi hosila esa Firib sanaladi. Ya’ni Dante tomonidan “Yovuz g‘or” deya atalgan qavat aldoqchilar, nizo urug‘ini sochuvchilarning faoliyat miqyosiga binoan asta-sekin o‘sib, quyuq tusga kirguchi manzarasiga obyektdir. Bu makonning mohiyati uning ilk hadidayoq anglashiladi: singlisi Gizolabellani Ferrara hokimi, ayni vaqtda yettinchi qavatning dastlabki bo‘linmasida jazolanayotgan – Flegetonning qaynoq suvlarida ado bo‘layotgan (12-qo‘shiq) Obisso d’Estega o‘ynashlikka majburlagan Venediko Kachchanemiko, Gipsipilani va rafiqasi Medeyani aldagan Yason shu yerning “fuqaro”laridir.
Ikkinchi hadda xushomadgo‘ylar, tilyog‘lamachilar (Oq gvelflar partiyasi a’zosi bo‘lgan Alessio Interminelli, buzuqi Faida va boshqalar) najasga bulg‘ansa, keyingisida cherkovni talash uchun yolg‘onning har qanday usulini qo‘llagan papa Nikolay III (yaqin kelajakda uning qatoriga papa Bonifatsiy VIII va papa Kliment V lar qo‘shilajak. Umuman, xudoning yerdagi elchisi hisoblangan, aslida muqaddas dargohni bulg‘ovchi bunday papalar Do‘zaxda hammasi bo‘lib uchta – to‘rtinchi qavatdagi papa, oltinchidagi papa Anastasiy va ana o‘sha Nikolay III) hamda qator cherkov sullohlari chuqurchalarda oyog‘i osmonga qilib bog‘langan va ularni alanga kuydiradi. To‘rtinchi had esa har turli astrologu folbinlar – Amfiaray, Tiresiy, Bonatti, Azdente, Mikele Skotto, Aruns kabilarga makon. Ular ichida Evripil va ayniqsa, Manto xarakterli. Chunki bular buyuk ustoz Vergiliyning hayoti va ijodi bilan bog‘liq. Arunsning qizi bo‘lsa Vergiliyning ona shahriga asos solinishi tarixiga aloqador. Ya’ni Mantuya shahri uning qabri tevaragida barpo etilgan va ushbu kent nomi ham aynan Manto ismidan kelib chiqqan. Yana bir qiziq jihat shuki, bu toifa “hunarmand”larning kallasi kasblariga mos ravishda tanaga ters qilingan. Ana shuningdek g‘aroyib, ayni paytda, nihoyatda og‘ir jazo pastga tushilgan sari xuddi tortishish kuchiday ortaveradi. Beshinchi had ham bundan mustasno emas. Unda poraxo‘rlar, qalloblar (Bonturo Datti, rohib Gomita, Mikele Sanke kabilar) mum hovuzda qaynaydi. Ular shu darajada ayyorki, hatto havzani qo‘riqlab, mahkumlarga tinchlik bermayotgan iblislarga Champolo degani firib berib qochadi. Biroq uning kirdikorlaridan bolonyalik Katalano va Loderingo, Kaiafalarning buqalamunligi, riyokorligi (oltinchi jarlik), Vanni Fuchchi, Kak, Anyel, Puchcholarning talonchiligi, o‘g‘riligi (yettinchi had), Odisseyu Diomed, Gvido da Montefeltroning qing‘ir maslahatlari (sakkizinchi had) zalvorliroqdir. Bunday hiylakorlik, bunday firibgarlik nifoqqa ham olib kelgan (“Pelago”ning ikkinchi xususiyati – Adovat tahlil qilinayotgan doiradagilar qilmishlarida zohir ekanligini ilgari aytgandik): ingliz qiroli Genrix II bilan uning o‘g‘li orasiga nizo solgan, Do‘zaxda esa kallasini ko‘tarib olgan provansal shoiri Bertran de Born, arboblarni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo‘ygan Pyer da Medichina, shuningdek, Kurion, Moska, Jeri del Bello kabilar navbatma-navbat iblisning shamshiridan zarba yeb, ikkiga bo‘linadi, jarohat bitgach, bunday jazo takrorlanaveradi. Ko‘rinib turibdiki, jazo ham ushbu mahbuslarning xususiyatiga mos. Jallodlikning mazkur o‘ziga xos “namuna”sini kuzatgach, Firibning eng oliy (eng tuban) turi – soxtakorlik (soxta metal yaratuvchi alximiklar, birovlarning qiyofasiga kirib, taqlid qiluvchilar, soxta pul yasovchilar, yolg‘onchi-tuhmatchilar)dan ogoh etmoq maqsadida Vergiliy shogirdini o‘ninchi hadga boshladi. Dante u yerni ham bosib o‘tgach, gradonomiya shaklidagi butun boshli qavat haqida quyidagi xulosaga keldi:
Nafsu Yovvoyilik + Adovat = Firib, ya’ni (a+b) c = ac+bc.


Yüklə 70,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə