Diniy madaniyat Reja



Yüklə 46,57 Kb.
tarix06.02.2018
ölçüsü46,57 Kb.
#26392

Aim.uz

Diniy madaniyat
Reja

1. Sharq va G`arb mamlakatlarining o`rta asrlar madaniyatida dinning ustuvorligi.

2. Sharq va G`arb diniy madaniyatining o`ziga xosligi.

3. Diniy madaniyatlardagi yutuqlar va ularning jahon madaniyatidagi o`rni.



Tayanch tushunchalar:
Diniy madaniyat, aqliy-mantiqiy tafakkur, ibodatxona, ierarxiya, vassal, ilohiyot, aqida, taxayyul, madrasa, Texnogen madaniyat, antroposentrizm, ratsionalizm, utilitar, emperik, texnosentrik, texnodeterministik, ommaviy madaniyat, mafkuraviy immunitet.

VI-XVI asrlar davri tarix fanida o’rta asrlar deyilib, qadimgi va an`anaviy madaniyatlar o’rtasidagi davrni bildiradi. Bu davr madaniyatida mifologik tafakkur va an`analarning kuchli ta`siri hamda yangi davrning texnogen madaniyatidagi aqliy-mantiqiy tafakkur, ilmning amaliy xususiyatlari seziladi. Arab xalifaligi va Evropa mamlakatlari o’rta asrlar madaniyatidagi xususiyatni islom va xristianlik belgilaydi. O’rta asrlar madaniyatining shakllanish qiyofasini islom va xristianlik belgilashi bilan birga, ularning o’zi ham mifologik tushunchalar asosida shakllanib, an`anaviy madaniyatning ko’plab jihatlarini o’zlashtirdi, o’z navbatida o’rta asrlar madaniyati negizida keyingi davrlar madaniyatining shakllanishi uchun yangi madaniyat kurtaklari va yangicha tafakkur tarzi vujudga keldi. Yana shuni ham inkor qilmaslik kerakki, o’rta asrlarda o’zining tafakkur tarzi va dunyoqarashi jihatidan o’tmishda va keyingi davrlarda vujudga kelgan diniy madaniyatdan keskin farq qiluvchi diniy madaniyat yaratildi.

Diniy madaniyat ko’p mazmunlidir, negaki uning asosida turli xalqlarning madaniyat merosi mavjud: arab, turk, german, slavyan xalqlarining ibtidoiy (arxaik) madaniyati; antik meros va qadimgi Sharq sivilizatsiyasi meroslarini tanlash va ijodiy qayta ishlab o’zlashtirgan. Bundan tashqari G’arb va Sharqning o’rta asrlar madaniyati tarixning ming yillar davomida doimo muloqot va akkul`turatsiya jarayonini kechirdi, bunda salb yurishlari davri juda shiddatli kechdi (XI-XIII asrlar). Diniy madaniyatning ko’p qirraligi uning tarkibida ko’plab submadaniyatlarning mavjudligidir: xalqona (qishloq madaniyati), shahar, dunyoviy, monastir va so’fiylik madaniyatlari. Shuningdek, din o’sha davrdagi madaniyat va submadaniyatning barcha sohalarini birlashtirib o’z ichiga qamrab oldi.

O`rta asrlar davrida yakka xudolikka asoslangan jahon dinlari-xristianlik va islom Yevropa, Osiyo va Afrikaning ko’p joylarida ko’plab kishilar uchun dunyoqarashning ustivor shakli bo’lib, inson va butun jamiyatning tafakkurini, butun turmush tarzini belgiladi. Diniy aqidalar asosida o’sha davrning qiyofasi kishilar ongida shakllanib madaniyatning o’ziga xos xususiyatini belgiladi. Koinot va osmon jismlarini dastlabki va boshlang’ich o’rnini Xudo (Olloh) belgilab, dunyo va insonni yaratuvchisi hamda barcha mavjudot xudoning (Olloh irodasining) ijodiy yaratuvchanlik natijasidir. Insoniyat tarixi davrlarning izchillik bilan takrorlanib turishi kabi namoyon bo’ladi, natijada davrlarning o’rin almashishi navbatdagi payg’ambarning kelishi bilan sodir bo’ladi. Payg’ambar jamiyatda buzg’unchilik va gunohlarni tuzatishda «ilohiy aralashuvchi» ning timsoli hisoblangan. Bu «xudoning elchilari» bo’lgan payg’ambarlar tarixidir. Xristianlikka ko’ra «elchilarning» so’nggisi «xudoning o’g’li» Iisus Xristosning yerga tushishi hisoblanib, uning chormix qilinishi bilan Yerda Xudoning hukmronligi boshlanadi. Islom dini bo’yicha Iisus faqat payg’ambarlardan biri xolos, oxirgi payg’ambar «payg’ambarlik tamg’asi» bo’lgan Muhammaddir. Kishilarga payg’ambarlar orqali oliy haqiqat ma`lum qilingan. Ya`ni, yaxshilik va yomonlik, nomukammal – takomilga muhtoj bo’lgan yerdagi ko’rinadigan tabiiy mavjudlik, bunda, yerdagi oliy hilqat inson ruhi bo’lib, u Xudo bilan birlashishga harakat qilishi lozim. Din – inson uchun namuna-mo’minlik, jafokashlik, ruhoniyat, gunohlarni yuvish ishtiyoqi, qutilishdir. Har kim, har doim nazorat ostidaligiga, o’zining Olamda zarradek ekanini his qilishi, bu ulkan Olamning o’ziga xos markazida sezilarli kuch harakatda bo’lishi, idrok qilib xudoning (Ollohning) e`tiborida ekanligiga iqror bo’ladi.

Din har xil milliy an`analarga ega bo’lgan turli xalqlarga arablar Sharqi va Evropada kuchli bir sivilizatsiya yaratishi uchun birlashtiruvchi ibtido bo’ldi. Din madaniyatning siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, badiiy-barcha sohalariga o’z ta`sirini ko’rsatdi. Xristianlik Rim imperiyasida eramizni IV asrlarida uning g’arbiy qismi gullagan paytga kelib (er. 476 y.) to’la shakllangan cherkov tizimi va qattiq intizomga asoslangan davlat dini tarzda qaror topdi. Cherkovning tayanchi bu paytda butun Yevropada keng tarqalgan va xristianlikni o’z dini sifatida qabullagan «yovvoyi» xalqlar (jumladan: gotlar, gallar, irlandlar va b.) tashkil etdi. Yevropa bo’ylab tarqalgan german, slavyan, turk qabilalari antik sivilizatsiyasini xarob etib yangi hayot tarzini qabul qildilar.

Musulmon Sharqida islom ta`limoti paydo bo’lishi bilan barobar teokratik boshqaruv shakli qaror topadi, bunda diniy va dunyoviy hokimiyat payg’ambar, keyin uning «o’rinbosarlari-xalifalar» qo’lida birlashgan.

V-VI asrlarda Arabistonda yangi dunyo qaror topaboshladi. Etnik va madaniy uyushish, integratsiya jarayoni kechib, yagona din, umumiy ong elementlari tarqala boshladi. Bu avvalgi xudolaridan xafsalasi pir bo’lgan arablarning ma`naviy-ruhiy izlanishiga turtki bo’ldi. Muhammadning payg’ambarlik faoliyati yagona ma`naviy-mafkuraviy va sotsial birlikka intilish yo’lida qonuniy jarayon bo’ldi. Islomiy e`tiqod 5 asosiy talabga tayanadi. Yagona Ollohni tan olish va Muhammadni uning payg’ambari deb bilish, namoz o’qish, ro’za tutish, beva-bechoralar yo’lida zakot berish, Haj ziyorati. Islomning ushbu 5axkomidan 4tasi ahloqiy-udum tabiatiga ega. Xususan, payg’ambar shaxsi u haqidagi ma`lumotlar nufuzi islom diniga betakror o’ziga xoslik, ma`naviy-ruhiy qudrat bahshida etdi va uni jahon tarixidagi muhim voqea, o’zida ilohiy va dunyoviy hokimiyatni mujassamlashtirgan musulmon davlatchiligining qaror topish tomirini belgiladi.

Din hayotni muqaddas shaklda tasvirlovchi g’oyalarni yaratdi: Falsafada- teologiya, adabiyotda-ilohiy, didaktik janrlar, Yevropa musiqasida cherkov gimnlari-liturgiya va messa, tasviriy san`atda xristianlik syujetlari asosiy o’rin tutdi. Asosiy fanlar ilohiyot va sxolastika (o’rta asr falsafasida yunoncha shunday atalgan va bu atama fikr so’qish, dogmatizm, mazmunsiz, formal bilimni anglatgan). Ilohiyot olam va inson haqidagi o’z «ilmiy» manzarasini yaratdi. Koinot xususidagi ilmda Yer Olamning, Ierusalim dunyoning markazi degan qarash hukmronlik qildi. Inson majoziy tarzda mikrokosmos- tana-er, qon-suv, nafas-havo, harorat-olov, ya`ni u boshlang’ich ibtidodan iborat deb qaraldi.

Islomda san`atga nisbatan qat`iy biryoqlama, diniy aqidalar timsoli ifodasini ko’ramiz. Bunda cherkov tizimini yo’qligi, har bir odamni Olloh-bilan tanho muloqotining mumkinligi aholi manzillari, mahallalarda qurilishning ommaviy shakli-masjidlarni bino etilishi bo’lib, uning dastlabki namunasi Muhammad payg’ambar tomonidan Madina shahrida solingan masjiddir. Yuqori ma`lumotli musulmonlar orasida Yevropa mamlakatlaridagi universitetlardan ilgariroq oliy ta`lim maktab-madrasalari keng tarqalishini belgiladi. Musulmon adabiyotida ustivorlik qilgan she`riyatni rivojlanishida so’fiylik katta rol` o’ynaydi. So’iylar o’zlarining chuqur hissiy-ruhiy holatlari, yaratuvchiga bo’lgan e`tiqodini tinglovchilariga yetkazish, individual ta`sir etish mahoratini namoyish etardilar. Islom tadqiqotchilardan bo’lgan. G.Gryunbaumning ta`kidiga ko’ra, tahliliy, majoziy boy ifoda vositalariga ega bo’lgan mukammal ifoda shakli, chuqur mazmun uyg`unligini o’zida mujassam etgan takbir imkoniyatlarini musulmon madaniyati doirasi hatto undan tashqarida topish mumkin emas. Sharqning barcha yirik Sanoiy, Jomiy, Rumiy, Sa`diy, Hofiz, Nizomiy, Navoiy singari ijodkorlari so’fiylikka u yoki bu tarzda aloqador bo’lganlar. Ilohiy haqiqat Olamning aldamchi ko’rinishi tarzda tahayyul etilganligi tufayli ham islom san`atda asl tasvir-ifodani inkor etgan (Kitobiy miniatyura bundan mustasno). Ayni paytda Islomda olamning mohiyati, asl hayot haqiqatni naqshlarda muhrlangan belgilarida ifodalashga e`tibor qaratilgan. Mahobatli me`morchilik yodgorliklarini betakror go’zallik timsollariga aylantirgan, ixlosmandlarni nafaqat ko’zini, qalbini ham quvontiradigan murakkab geometrik shakllar (girh), o`simliklar shakli ifodasi (islimiy), qo’lyozma, amaliy bezak, san`ati naqshlari asosida islomiy ramz tasvirlari yotadi. Jumladan, uchburchak-Ollohning nazari, to’rtburchak-musulmonlarni Muqaddas manzilgohi-Ka`ba, beshburchak-dinning 5asosiy arkoni, jimjimador o’simliksimon shakl, va gullar-jannat bog’i-Bo’ston timsollaridir. Musulmon Sharqida san`atda diniy aqidalar o’ta izchilik bilan qo’llangan. San`atda kalligrafik miniatyurani istisno qilgan holda deyarli voqelikni tasvirlash ta`qiqlangan, tasvir ramziy shakllarda, naqsh sifatida ifodalangan.

Umuman, G’arbda ham Sharqda ham borliq Ilohiy « Oliy hukmdor»ning aksi sifatida idrok qilingan. Xudo (Alloh) tabiatdagi narsalarni yaratuvchisi sifatida va narsalarda uning qudrati namoyon bo’lish tarzida tushuniladi. Narsalarni mohiyatini bilish Xudoni (Allohni) tanishdir. Olamni bilish nazariy bo’lib, mashhur faylasuf, xususan Arastuning va teologlar asarlarida faqat borliqning tizimi sharhlangan. Barcha narsalardagi yashirin mazmunni topishga va fahmlashga harakat qilingan. Shundan boshlab o’rta asrlarda nafaqat alximiya va astrologiya, balki an`anaviy, majoziy matematika, jug’rofiya, filologiya va boshqa fanlar ham rivojlanib, aniq jug’rofiy muqaddas joylar bilan bog’liq (jannat, do’zax, arosat) sanalar, so’zlarning ramziy ma`nosini tushunishga harakat qilindi.

Musulmon Sharqida ham islom e`tiqodidagilar va so’fizm vakillari o’rtasida murosasiz to’qnashuvlar sodir bo’ldi. Haqiqatni bilishni inkor qiluvchilar va haqiqatga muroqaba yo’li bilan yaqinlashish mumkin deyuvchilar (Al-Ashiriy, G’azzoliy, Junaydiy, Bistomiy) hamda aqliy bilishni ustun qo’yuvchi mashhur faylasuflar Farobiy, Ibn Sino, Beruniy) ta`limoti vujudga keldi. Yevropa madaniyatida bu munozaralar natijasida idrok va e`tiqodning ajralishi sodir bo’ldi. Uil`yam Okkam (XVI asr)-e`tiqod va idrok, falsafa va din o’rtasida hech qanday umumiylik yo’q, bo’lishi ham mumkin emas, demakki, ular mutlaqo bir-biridan mustaqil tushunchalar ekan, bir-birini nazorat qilmasligi kerak deb, asoslaydi. Bu G’arbda oliy qudrat sifatida ayniqsa, «XVII asr ilmiy inqilobi» davrida tabiiy inson idrokini o’stirishning katta g’alabasi uchun turtki bo’ldi. Musulmon Sharqida boshqacharoq yo’nalish ustunlik qildi. Bunda ilm, idrok har doim faqat ma`naviy yuksalish yo’lidagi bosqich sifatida qaralgan, idrok va ilm boshqa maqsadga qaratilishi mumkin emas. Shuning uchun ham IX-XVI asrlardagi arab tiliga asoslangan tajriba fanlari va falsafa taraqqiyotidagi katta yutuqlarning barchasi dindan ajralmagan holda sodir bo’ldi, ilmning bosh vazifasi hayot uchun zarur hisoblangan ma`naviy asosni qidirishda davom etgan.

Musulmon madaniyatining o’ziga xos xususiyatlaridan biri ilm va kitobga muhabbatdir. Yangi arabiy janr-adabning shakllanishi bilan ilmga bo’lgan ishtiyoqni qondirib, turli fanlarning mazmunini ommabop shaklda ifodalash imkoni yaratildi. Ta`lim olish xuddi qadimgi Xitoydagi kabi nufuzga ega bo’ldi. Musulmon Sharqida ma`lumotli kishi hokimiyatning eng yuqori pog’onasiga chiqishida oqsuyaklar bilan teng turgan. Ko’pincha Sharq hukmdorlari saroyida shoirlar, faylasuflar, ilohiyotchilar, tarixchilar, qonunshunoslar, tabiblar, mirzolar, munajjimlar saroy xizmatchisi sifatidaga ma`lumotli kishilarga katta ehtiyoj bo’lgan. Ma`lumotli kishi grammatikani, ritorikani, geografiyani, tarixni yaxshi bilishi, kiyinishni farqlashi, she`r yozish qobiliyatiga ega bo’lishi, o’z joyida askiya, hikoya ayta bilishi, zarur bo’lgan. Turli xil ta`lim tizimi: diniy ta`lim beruvchi maktab va madrasalar, shuningdek, dunyoviy ta`lim-xususiy maktablar rivojlanadi.

Diniy madaniyat umuminsoniy madaniyat taraqqiyotining eng muhim davri hisoblanadi. O`rta asrlar davrida davlatchilik, millatlarning yangi shakllari vujudga kelishi yuz beradi, hozirda muomalada bo’lgan tillar shakllanib, ta`lim va fan tizimi yanada taraqqiy etadi.

Bu davrning muhim badiiy yutuqlari qatoriga aholining barcha qatlamlari e`tirof etgan madaniyat qadriyatlarni qo’yish mumkin. Xristian va Islom dinlari boy va kambag’alni, kuchli va ojizni turli irqdagi va turli ijtimoiy guruhlarni bir-biridan ajratmaydi. Barcha e`tiqod qiluvchilar uchun umumiy ahloq mezonlari: mo’minlik, tavba, yaxshi va rahm shafqatli bo’lish, gunoh qilmaslik kabilar mavjud. O’rta asrlarda umum e`tirof qilgan ahloqiy me`yorlarning mustahkamlanishi umuminsoniy hulq va ahloq mezonlarini ishlab chiqishda katta ahamiyatga ega bo’ldi.

O`rta asr Sharqi madaniyatida tabaqaviy submadaniyatlar emas, ikki yirik madaniyat-shahar va ko’chmanchilar madaniyati ajralib turadi. Shahar sharoitida «Yusuf va Zulayho», «Layli va Majnun», «Lubna va Kays» singari dostonlar turli poetik shakl va janrdagi (qasida, masnaviy, g’azal, madhiya, ruboiy ,maqom) adabiy asarlar, hikoya va ertaklar to’plamlari, (1001 kecha ertaklari, Kalila va Dimna) latifa va rivoyatlar yaratildi. Miniatyura bezagiga boy kitoblar, musiqa san`ati va raqsining xilma-xil janrlari xalq orasida keng tarqaldi.

Ko’chmanchilar orasida turli musiqa asboblarida kuyga solib aytiladigan (baxshi va otinlar tomonidan) xalq og’zaki ijodining yirik badiiy shakllari- epos, dostonlar yaratish ustuvorlik qildi. Shahar, ritsarlik, dunyoviy, monaxlik va so’fiylik kabi submadaniyatlarning paydo bo’lishi madaniyatni sezilarli boyitdi, yanada rivojlanishida ko’plab yo’nalishlar yaratdi hamda Renessans (Uyg’onish) deb atalgan yuksak taraqqiyotga zamin tug’dirdi.

Uyg’onish davri madaniyati- diniy madaniyat taraqqiyotining va yangi texnika madaniyati rivojining ko’prik bog’lovchisidir.

Jamiyatdagi shaharliklar orqasida «gumanizm» deb nomlanuvchi yangi g’oya shakllandi. Bu nom inson haqidagi yangi dunyoviy fandan (studia humanitatis) kelib chiqqan bo’lib, ilgarigi «ilohiyat haqidagi fanni» (studio divinus) asta-sekin siqib chiqardi. Insonparvarlik g’oyasi quyidagi xususiyatlarga ega:

1.Tabiat qonunlarini -»tabiiy-muvofiq» tamoyili asosida tushuntirishga asoslanish;

2.Insonni muammolar markazi qilib olish (antroposentrizm) – insonga tabiatning toji sifatida qarash;

3.Aqliy tafakkur (Ratsionalizm)- inson idrok va zakovat orqali atrof muhitni, o’z-o’zini biladi deb hisoblash;

Antroposentrizm, ratsionalizm, sientizm- Uyg’onish davri madaniyati yaratgan asosiy qadriyatlar keyingi asrlar Yevropa madaniyati asosini belgiladi. Uning keng rivojlanishi natijasida XVII asrda «ilmiy inqilob», XVIII asrda Ma`rifatparvarlik g’oyalarining tarqalishi va sanoat inqilobi boshlanishiga, nihoyat, XIX-XX asrlar davomida madaniyatning klassik texnikaviy shaklidagi yutuqlarga olib keldi.

XVII asrda fan Yevropaliklar hayotiga, jamiyat ishlab chiqarishining barcha tizimlarini rivojlantirish va me`yorida faoliyat ko’rsatishning tabiiy va zaruriy sharti bo’lib maxsus ijtimoiy institut sifatida jadal kirib keldi. Davlat bu turdagi faoliyatning barcha qiyinchiliklarini o’zining zimmasiga oldi. XVII asrda ilmiy inqilob matematika va mexanikada sodir bo’lib, aniq fanning ikki yo’nalishi, ya`ni, aksiomatik va tajribaviy faoliyatlar birlashdi. Zamonaviy fanda eksperiment (tajriba) bilishning usuli va quroli sifatida nazariy fanning antik va o’rta asrlar shaklida tubdan farq qiladi. Eksperimentga tayanuvchi olim antik davr donishmand-faylasufi yoki o’rta asrlardagi ilohiyotshunosdan farqli olamga mutlaqo boshqacha munosabatni o’ziga tanladi. U sodir bo’layotgan hodisalarni kuzatish va mushohada qilishdan tabiatni ehtiyojiga mos tarzda o’zgartiruvchiga aylandi va o’zining sirlarini namoyon qildi.

Yevropa va Shimoliy Amerikaning ko’plab mamlakatlarida XIX asrning o’rtalarida industrlashtirish yoki sanoat burilishi nihoyasiga yetdi. Ratsionalizm va utilitarizm (manfaatparastlik) ning madaniyatdagi belgilovchilik o’rni fan va texnika taraqqiyotiga yangi turtki berdi. Oddiy to’quv dastgohi «Jenni» dan J.Uattning bug’ mashinasi (1784yil) va R.Fultonning bug’ kemasi, Stefensonning parovozidan (1814yil) birinchi yer osti temir yo’liga (1863 yil) o’tilishi injenerlik fikrining o’sishini ko’rsatdi. Bug’ va elektrlashtirish, telefon va telegraf davri, astronomiya, geologiya, biologiya, ximiya sohalarida ajoyib kashfiyotlar bo’lgan vaqt insoniyat madaniyatini yangi bosqichga ko’tardi. P.Sorokinning xulosasi bilan aytganda «faqat birgina XIX asrdagi kashfiyot va yangiliklarning o’zi oldingi asrlardagi kashfiyotlarning hammasini jamlagandan ham ko’pdir».1 Xususan, bu asrdan 8527 ta kashfiyot makon, zamon va materiya ustidan texnika hukmronligining cheksiz o’sganligidan dalolatdir. Ispan faylasufi X.Ortegi-i Gassetning yozishicha: «Biz haqiqatdan ham XIX -asrda ro’y bergan inson taqdiridagi radikal o’zgarishlar oldida turibmiz. Zamonaviy inson uchun ham jismonan, ham ijtimoiy jihatdan mutlaqo yangi manzara, yangi faoliyat yaratildi. Bu yangi dunyoning qiyofasini uchta muhim jihat belgilaydi. Bu demokratiya, ekspremental fan va industrializatsiya. Ikkinchi va uchinchi jihatlarni «texnika» nomi bilan umumlashtirish mumkin»2.

XX asrda texnika surati haddan tashqari o’sdi. Keyingi yuz yilda yer yuzida sanoat ishlab chiqarishi 50martadan oshdi, bu o’sishning 4g’5 qismi 1950 yildan keyingi davrga to’g’ri keldi. Haqli ravishda XX asr insoniyat tarixiga ilmiy-texnika inqilobi asri bo’lib kirdi. Insonlarning hozirgi vaqtdagi ta`sir kuchini tabiatning eng beshafqat kuchlari bilan teng qo’yish mumkin. Shuning uchun ham xususan XX asrda texnika muammosi va uning madaniyatdagi o’rniga olimlar o’z e`tiborlarini alohida qaratdilar.

Texnika so’zining o’zi mahorat, san`atni anglatib, ishlab chiqarishga bog’liq yoki bog’liq bo’lmagan faoliyatni amalga oshirish uchun kishilar yaratgan vositalar yig’indisi uni belgilaydi yoki anglatadi. Insonlar jamiyati paydo bo’lishi bilan amalda texnika paydo bo’ldi, dastlab kishining mehnat faoliyatida yordam beruvchi mehnat quroli sifatida, keyin, har xil maqsadlarda ishlatiladigan texnikaning boshqa turlari vujudga keldi. Texnikaning xususiyatlari shundaki:

1.Texnika sun`iy ravishda, kishilar tomonidan tabiatni o’zgartirishi natijasida yaratilib, oqibatda, oldindan yaralgan ideal andozalar moddiylikda mujassamlanadi;

2.Texnikaning ommaviy xususiyati- u avvalo, kishilarning amaliy ehtiyojlari bilan bog’liq bo’lib, shu ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi;

3.Texnikaning muhim parametrlaridan biri ratsionallik hisoblanadi, ma`lum jamiyat doirasida u yoki bu texnika qurilmasini ma`lum qadar tezroq ishlab chiqarishga mo’ljallanadi.

Texnika madaniyatning favqulodda hodisasi sifatida jamiyat va tabiat o’rtasidagi munosabatni ta`minlaydi, u ijtimoiy madaniyat jarayonining ajralmas tarkibiy qismidir. Texnika taraqqiyoti insonning tabiat ustidan hukmronlik qilishida uning imkoniyatlarini kengaytirdi, madaniy va ijtimoiy o’zgarishlarni muqarrar amalga oshiradi.

XX asr o’rtalaridan fan va texnika taraqqiyoti kuchli axborotlar yig’imini paydo qildi. Ommaviy axborot vositalari (OAV)- matbuot, kino, radio, televideniye, komp`yuter aloqasi zamonaviy sosmadaniyat jarayonida salmoqli o’rinni egallay boshladi. OAV yoki buning boshqacha mass media deb nom olgan turi axborot uzatishdagi kanallarning ko’pligi, tezligi va uzoq ishlashi bilan ulkan hajmdagi axborotlarga ega bo’lmoqda. 1940-50 yillarda G.M. Makmoyen asarlarida ommaviy kommunikatsiya birinchi marta madaniyatning yangi tipi, va kishilarning ijtimoiy munosabatidagi mutlaqo yangi tip sifatida ta`riflandi.

Uning fikricha bu vosita insonlarning axborot olishdagi raqobat kurashida qudratli kuchga aylanadi.

OAV elektron texnika va yo’ldosh aloqalardan foydalanib, kishilarni ijtimoiy hodisalar va madaniy boyliklarni bir vaqtda idrok qilishga undaydi. G.e.Makmoyen ta`kidlaganidek «hammabop va omma yoqtiradigan yangi dunyoviy elektron madaniyati» shakllanmoqda.

Haqiqatdan ham zamonaviy madaniyatning xolisona tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, ma`naviy madaniyat ko’proq ommaviylik kasb etib bormoqda. Ommaviy madaniyatning qiyofasi quyidagicha:


  1. U millati, yoshi, joyi, ijtimoiy hususiyatlarga bog’liq biulmagan ommaviy iste`molchilarga ega bo’ladi;

  2. Bu madaniyatdagi namunalarni yaratgan jarayonning o’zi ommaviy hususiyat kasb etib, industriyaning maxsus ko’rinishini o’zida namoyon qiladi, ya`ni unda yuz minglab kishilar band bo’lib, ularning «matbuot qiroli», «Buyuk shou tomoshachilari», «kino, TV, estrada yulduzlari» bo’ladi.

Ommaviy madaniyat kishilarni hayotni befarq kuzatuvchi tomoshabinga aylantiradi. O’zlari ham mavjud hayotni go’yo sarob kabi tasavvur qiladilar.

Ommaviy madaniyat umumiy iste`molchilik ehtiyoji bilan bog’liq. Buning asosida iste`mol talab tovar sifatida xaridorgir bo’lish ma`naviy ehtiyoji yotadi. Oqibatda hozirgi zamon madaniyatidagi ma`naviy qadriyatlar tor doiradagi ehtiyojlarni qondirish vositasiga aylanadi. Madaniyatning chuqur ma`no-mohiyati, xotira cheksizligi «odatli», «umumiy» qimmatlar bilan, haqiqiy ijod avvaldan ma`lum, mavjud namuna asosidagi «asarlar» yaratish va ishlab chiqarish (kinoseriallar, sayez TV va adabiy asarlar) bilan almashinadi. Shaxs o’zining ijodiy qobiliyati milliyatidan ayrilib, tayyor «madaniy mahsulotlar» iste`molchisiga aylanib qoladi. Xususan yoshlar uchun ommaviy madaniyatning xatarli oqibatlarini Prezidentimiz bir necha bor qayd etgan edilar. Jumladan, «Fidokor» gazetasi muxbirining savollariga javoblarida: «Dunyoda bir qarashda beozor, siyosatdan holi bo’lib tuyulgan shunday mafkuraviy ta`sir vositalari ham borki, ularga kunda ko’pda yetarlicha e`tibor beravermaymiz», deb keyingi yillarda ko’plab namoyish, etilayotgan jangarlik filmlar, yalang’och asarlar yoshlar ruhiyatiga salbiy ta`sir ko’rsatayotganligini, ular insonni o’zligidan, tarixidan, madaniyatidan judo etishga qaratilganligini ta`kidlab,... har qanday kasallikni oldini olish uchun avvalo kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham farzandlarimiz yuragida ona Vatanga, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sog’lom munosabatni qaror topdirishimiz, ta`bir joiz bo’lsa, mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur», deb ko’rsatadi.

Har bir inson ikki yo’ldan birini tanlamog’i yo iste`molchi tarzda oqim bilan suzmog’i, yohud o’ziga, o’zligiga nisbatan talabchan bo’lib girdobdan chiqmog’i lozim. Insoniyat tobora texnika taraqqiyoti va ommaviy kommunikatsiyaning sotsial va ekologik jihatdan nazoratga olish, bugungi odam ma`naviy qiyofasini bir xillashtirish (standartlash) ga qarshi jiddiy to’siq qo’yish zaruriyatini anglamoqda. Ushbu masalani o’ta keskinligiga e`tiborni qaratish, mavjud muammolarning echim yo’llarini belgilashda 1990 yillarda BMT-Bosh Assambleyasi e`lon qilgan Madaniyatning umumjahon o’n yilligi muhim bosqich bo’ldi. «o’n yillik» ning asosiy maqsadi- iqtisod va texnika tezkor rivojlanayotgan hozirgi davrda umuminsoniy madaniy qadriyatlarning birinchi darajali ahamiyatini tiklashdan iborat bo’lib, bunda quyidagi vazifalarni hal etish masalasi amaliy qo’yildi: Barcha tomonidan taraqqiyotni madaniyat yuksalish muhimligini tan olish, moddiy ishlab chiqarish bilan ijodkorlikning aloqadorlik yo’llarini belgilash, madaniy o’ziga xoslik va madaniyatlar muloqotini tan olish, individual va jamoa timsolida ijodiy potensial va tashabbuskorlikni qo’llab-quvvatlash, xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirish va boshqalar. Mustaqillik tufayli O`zbekistonning asosiy maqsadi madaniyatlarni yanada rivojlantirish va bir-birini boyitishga yo’naltirilgan BMT boshchiligida o’tkazilgan qator xalqaro dasturlarda jumladan, «Umumjahon madaniy merosi», «Buyuk Ipak yo`li» dasturlarida bevosita va faol ishtirok etdi. Bugungi kunda Respublikada umumjahon ahamiyatiga molik maqomidagi Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz yodgorliklari mavjud, shulardan keyingi uchtasi mazkur maqomga 1991yildan so’ng erishdi.

«Buyuk Ipak yo`li» - bu nafaqat tarix, u bugungi kun hamdir. 1993 yilning mayida Yevropa komissiyasi Bryusselda Markaziy Osiyo, Kavkaz hamda Yevropa ittifoqi davlatlari vakillarini to’pladi. Maqsad-ajdodlardan qolgan qadim yo’llarni tiklash orqali Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidagi mustaqil davlatlarni jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini ta`lim etish; Uchrashuvda Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo’lagini tashkil etish to’g’risida deklaratsiya qabullandi. I.A.Karimov ta`kidlaganlaridek, TRASEK (transport yo’lagi) loyihasini amalga oshirish-Buyuk ipak yo’lini qayta tiklash ayrim shaxslar faoliyatining mahsuli emas, u zamon, jahon taraqqiyotining ob`ektiv zaruriyatidir. YuNESKOning amaliy qadamlaridan biri- «Ipak yo’li - muloqot yo’li dasturi asosida Samarqandda Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixini o’rganishga qaratilgan xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlari institutining tashkil etilishi bo’ldi.



Mustaqil davlatimizning milliy madaniyatini tiklash, rivojlantirish va umuminsoniy qadriyatlar asosida boyitish yo’lidagi yutuqlari tufayli 1997yili O’zbekiston YuNESKO Ijroiy Kengashining a`zosi etib qo’llandi, PrezidentimizI.A.Karimov «Ibn Sino» medali bilan taqdirlandi. Yurtimizda jisman va ma`nan sog’lom avlodni tarbiyalash, ta`lim tizimini takomillashtirish yoshlarda tarixiy ong va mustaqil tafakkurni shakllantirishga katta e`tibor qaratilmoqda. 2000 yil O`zbekistonda «Sog`lom avlod yili», 2005 yil “Sihat-salomatlik yili”, 2006 yil “Homiylar va shifokorlar yili”, 2007 yil “Ijtimoiy himoya yili” deb belgilandi. Buni mohiyati shundaki, kechayotgan islohotlarning mohiyati insonga qaratilgan va u inson uchun amalga oshirilmoqda. Binobarin sog’lom avlod-millat, yurt kelajagi demak. Yurtimizni birinchi ordeni ham «Sog’lom avlod uchun» deb nomlangani bejiz emas. Bu buyuk kelajak yo’lidagi umidli qadam timsolidir.

1 Sorokin P Chelovek, Sivilizatsiya, Obshestvo, M. 1992,467 str.

2 Оrtega-i-Gasit X. Vosstaniya mass. –Voprosi Filosofii, 3, 1989, 127-128 str.

Yüklə 46,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə