Fuqarolik huquqi tushunchasi predmeti tamoyillari va tizimi



Yüklə 102 Kb.
səhifə3/4
tarix19.12.2023
ölçüsü102 Kb.
#152020
1   2   3   4
FUQAROLIK HUQUQI TUSHUNCHASI PREDMETI TAMOYILLARI VA TIZIMI

Fuqarolik huquqi tizimi
Fuqarolik huquqi ham o`z navbatida muayyan tizimlashtiri-ladi, ayni vaqtda uning o`zi ham xususiy huquq tizimiga kiradi.
Bunday tizimlashtirish tarkibiy qismlarga ajratish uchun asos bo`lib, butun tarmoq uchun xos bo`lgan asosiy, umumiy qoidalar - umumiy qismni ajratish hisoblanadi. Fuqarolik huquqining Umumiy (birinchi) qismi fuqarolik huquqlari tushunchasi, ularning vujudga kelishi, amalga oshirilishi va himoya qilinishi, fuqaro-lik muomalasi subyektlari, obyektlari, shuningdek muddatlar to`g`risidagi asosiy qoidalarni hamda barcha fuqarolik-huquqiy munosabatlarga qo`llaniladigan umumiy tartibdagi boshqa ba`zi normalarni o`z ichiga oladi. Ushbu holatlar tizimi fuqarolik huqu-qi tizimini shakllantirishi, o`quv-nazariy va ayni vaqtda huquqni qo`llash bo`yicha muhim ahamiyatga ega, chunki uni umumiy (birinchi) qism tarkibiga kiruvchi qoidalar boshqa barcha fuqarolik-huquqiy normalarni qo`llashda u yoki bu darajada hisobga olinadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, fuqarolik huquqining Umumiy (birinchi) qismga kirmagan barcha normalar fuqarolik huquqining Maxsus (ikkinchi) qismiga mansubdir deb aytish mumkinmi? - degan savol tug`ilishi tabiiy. Biroq bir qarashda mantiqiy jihatdan to`g`ri bo`lgan bu qoida fuqarolik huquqiga nisbatan to`la qo`llan-maydi. Shu sababli ham garchi, FK ikki qismga bo`linsa ham, ikkinchi qismi Maxsus qism deb nomlanmagan. FKning umumiy qoidalaridan tashqarida bo`lgan normalar mazmunan rang-barang va hajmi jihat-dan nihoyatda ulkan hisoblanadi. Bu esa ularni yanada kengayti-rilgan holda tizimlashtirilishini talab etadi. Shu sababli ham agarda, oldin huquq tarmog`i qismlarga va institutlarga bo`lina-digan bo`lsa, endilikda tabaqalanish tizimi hamda pog`onalari kengaydi va ko`paydi. Endilikda fuqarolik huquqini kichik tarmoqlarga tizimlashtirish qo`llanmoqda. Kichik tarmoq - bu bir turdagi guruhlarga kiruvchi munosabatlarni tartibga soluvchi va o`zining umumiy qoidalariga ega bo`lgan normalarni yirik-yirik guruhlari bo`lib hisoblanadi.
Bugungi kunda fuqarolik-huquqiy normalarni beshta kichik tarmoqlarga bo`lish qabul qilingan.
Bular jumlasiga:
a) mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar (ba`zi adabiyot-larda uni ashyoviy huquq deb ham ataydilar). Ushbu kichik tarmoq mulkiy munosabatlar ishtirokchilariga ashyolar (mol-mulklar) tegishliligini, mansubligini rasmiylashtiradi, bu tegishlilik esa mulkiy muomalaning sharti yoxud natijasi (oqibati) sifatida namoyon bo`ladi;
b) mulkiy muomalaning o`zini rasmiylashtiruvchi majburiyat huquqi. Majburiyat huquqi ham o`z navbatida shartnomalar huquqi va delikt huquqi kabi kichik tarmoqlarga bo`linadi. Ularning har ikkalasi uchun ham yagona, umumiy bo`lgan Umumiy qism mavjud. Shartnoma majburiyatlari ham o`z navbatida mol-mulkni ashyoviy huquq asosida topshirish, foydalanish uchun berish, ishlarni baja-rish, xizmatlar ko`rsatish, birgalikdagi faoliyat bo`yicha majbu-riyatlarga bo`linadi. Majburiyatlar ichida bir tomonlama harakat-lar (bitimlar)dan kelib chiqadigan majburiyatlar ham alohida ajralib turadi. Buzilgan huquqni muhofaza qilishga qaratilgan majburiyatlar delikt (zarar yetkazishdan kelib chiqadigan) majbu-riyatlarga va asossiz boyishdan kelib chiqadigan majburiyatlarga bo`linadi. Umuman olganda, majburiyat huquqi fuqarolik huquqi-ning eng puxta tizimlashtirilgan qismi hisoblanadi. Ushbu qism o`z hajmi bo`yicha ham beqiyosdir. U FKning 20-bobidan to 58-bobiga qadar bo`lgan normalarni (234-1030-moddalar) qamrab olgan;
v) mutlaq huquqlar deb atalmish kichik tarmoq intellektual mulk bo`yicha normalar majmuini tashkil etadi. Uning tarkibiga ijodiy faoliyat mahsullari (ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, integral mikrosxemalar topolo-giyasi, kompyuter dasturlari, mualliflik va turdosh huquqlar obyektlari - fan, adabiyot, san`at asarlari va ularning ijrolari, tijorat sirlari, shu jumladan nou-xou)ga nisbatan huquqlarni rasmiylashtirish, fuqarolik muomalasida ularning amal qilishi, ushbu nomoddiy obyektlardan foydalanish huquqiy rejimini belgilovchi fuqarolik-huquqiy normalar kiradi. Ayni vaqtda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, tovarlar, ishlar va xiz-matlarni shaxsiylashtirish (individuallashtirish) vositalariga nisbatan huquqlarni vujudga kelishi, amal qilishi bekor bo`lishi va huquqiy himoya qilish bo`yicha munosabatlarni tartibga soluvchi fuqarolik-huquqiy me`yorlar ham ushbu kichik tarmoq tarkibiga kiradi. Bunday individuallashtirish vositalari bo`lib firma nomi, tovar belgisi, tovar chiqarilgan joy nomiga bo`lgan huquqlar hisoblanadi;
g) fuqaro vafot etgan taqdirda uning mol-mulki va mulkiy huquqlari boshqa shaxslarga (ya`ni vasiyat bo`yicha yoki qonun bo`yicha uning merosxo`rlariga) o`tishini tartibga soluvchi normalar majmuidan iborat bo`lgan vorislik huquqi;
d) so`nggi vaqtlarda nomoddiy ne`matlarni (shaxsiy nomulkiy huquqlarni) himoya qilishni tartibga soluvchi normalar majmui ham fuqarolik huquqining kichik tarmog`i sifatida qaralishi to`g`risida nuqtai nazarlar ham ilgari surilmoqda[6]. Ushbu kichik tarmoq jismoniy va yuridik shaxslarni sha`ni, qadr-qimmati va ishbilarmonlik obro`si, fuqarolarning hayoti, sog`ligi, shaxsiy daxlsizligi, ularning xususiy hayoti, erk-muxtoriyatini ta`minlov-chi huquqlar va shu kabilarni vujudga kelishi, ularni amalga oshirish, huquqiy muhofaza qilish bo`yicha fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Shartli ravishda bu turkumga kiruvchi huquqlarni shaxsiy huquqlar deb nomlash o`rinli bo`lur edi.
Fuqarolik huquqi tizimida kichik tarmoqlar o`z navbatida institutlarga bo`linadi. Huquq instituti deganda unchalik yirik bo`lmagan bir turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yig`indisi, ya`ni majmui tushuniladi. Har bir kichik tarmoq o`z navbatida huquq institutlariga bo`linadi. Masalan, maj-buriyat huquqi kichik tarmog`i alohida shartnomalar majburiyatlari institutlariga – oldi-sotdi, ijara, pudrat va shu kabilarga bo`li-nadi. Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar kichik tarmog`i ham o`z navbatida mulk huquqi, cheklangan ashyoviy huquqlar, ularni himoya qilishning ashyoviy-huquqiy usullari institutlariga bo`linadi.
Fuqarolik-huquqiy institutlar ham o`z navbatida yanada bo`laklarga bo`lingan holda muayyan qismlarga tizimlashadi. Ushbu qismlar subinstitutlar deb ataladi. Ayni vaqtda subinstitutlar ham tartibga soluvchi munosabatlari bir xilligi va yagonaligi bilan ajralib turadi. Masalan, shartnomaviy majburiyatlar institutlari ularning alohida ayrim turlari to`g`risidagi qoida-larni qamrab oladi (masalan, oldi-sotdi shartnomasi instituti quyidagi subinstitutlarga bo`linadi – chakana oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, ulgurji oldi-sotdi; ijara shartno-masi quyidagi institutlarga bo`linadi – prokat, transport vosita-lari ijarasi, korxonalar ijarasi, lizing (moliya ijarasi) va h.k.). Fuqarolik-huquqiy institutlar va subinstitutlari ham o`zlarining umumiy qoidalariga ega. Bu esa ularni tashkil etuvchi normalarni yuridik jihatdan bir xilligidan dalolat beradi.
Bu o`rinda shuni ham unutmaslik lozimki, kichik tarmoqning umumiy qoidalari ushbu kichik tarmoq tarkibiga kiruvchi tegishli institutlar qoidalariga ham taalluqlidir, ushbu institut umumiy qoidalariga esa uning tarkibiga kiruvchi subinstitutlar ham te-gishlidir. Masalan, majburiyatlar hamda shartnomalarning umumiy qoidalari oldi-sotdi va ijara institutlariga ham taalluqli bo`lib, ular ham o`z navbatida mahsulot yetkazib berish va prokat subinstitutlariga nisbatan ham oid hisoblanadi. O`z navbatida oldi-sotdining umumiy qoidalari mahsulot yetkazib berish va kontraktatsiyaga ham tegishli bo`lib, ijaraning umumiy qoidalari transport vositalari ijarasi, prokat shartnomasi va moliyaviy ijara shartnomalariga ham taalluqlidir.
Fuqarolik huquqi – bu har qanday rivojlangan huquq tizimining eng muhim tarkibiy qismidir. Ayni vaqtda fuqarolik huquqi iborasini fuqaroviylik bilan chalkashtirmaslik lozim. Shaxsning fuqaroligi – bu uning jismoniy shaxs sifatida muayyan davlatga mansubligi, davlat bilan shaxs o`rtasidagi doimiy, barqaror huquqiy bog`lanishidir. Fuqarolik huquqi esa mutlaqo boshqa va keng ma`nodagi tushunchadir. Fuqarolik huquqi iborasi-ning kelib chiqishi, tarixiy ildizi rim “sivil huquqi” (jus civil)ga borib taqaladi. Qadimgi Rimda bu huquq tushunchasi Rimning tubjoy fuqarolari-kviritlar (cives) huquqini, davlat-shaharlar (civitas) huquqini anglatgan. Keyinchalik Yevropa mamlakatlari huquq tizimlari tomonidan Rim xususiy huquqini o`zlashtirib olish (retsensiya) jarayonida bu tushuncha hozirgi zamon yuridik atama-shunosligiga ko`chirildi. Shu sababli ham fuqarolik huquqini ba`zan sivilistika deb ham ataydilar. Mamlakatimiz mustaqilli-gining ilk davrlarida fuqarolik huquqi bilan fuqaroviylikni farqlash maqsadlarida fuqarolik huquqini muomala huquqi (muo-mala) deb atash haqida takliflar ham bo`ldi. Biroq bu takliflar ilmiy jamoatchilik tomonidan keng qo`llab-quvvatlanmadi va natijada fuqarolik huquqi iborasi o`z kuchida qoldi.
Fuqarolik huquqini tavsiflashda xususiy huquq iborasi ham keng qo`llaniladi. Fuqarolik-huquqiy munosabatlar doirasi – bu eng avvalo, kishilarning xususiy manfaatlari doirasidir. Bosh-qacha aytganda, xususiy manfaat kishilarni fuqarolik-huquqiy mu-nosabatda harakatlantiruvchi kuchdir. Fuqarolik-huquqiy munosa-batlarning muayyan qismi kishilarning o`zlari tomonidan tartibga solinadi, chunki hech qanday normativ hujjat hayotdagi barcha holatlarni, masalan, o`zini tutishning eng maqbul variantlarini belgilab bera olmaydi. Albatta, normativ hujjatlar kishilarning noinsof shaxslarni suiiste`molliklaridan, tajovuzlaridan muho-faza etish, zaif, ojizlarni himoya qilishni amalga oshiradi. Biroq davlatning xususiy manfaatlar sohasiga aralashuvi yalpi, chegarasiz va o`zbilarmonlik bilan amalga oshirilmaydi. Ommaviy hokimiyat fuqarolarning har qanday manfaatlarini yagona haqiqiy ifodachisi va himoyachisi bo`lishga da`vo qilmasligi lozim. Xususiy manfaat egasi o`z manfaati uchun o`zi harakat qilmog`i kerak. Aks holda yaqin o`tmishdagi tarixiy tajribamiz dalolat berganiday, davlatdan turli ne`matlarni kutuvchilarga (olma pish, og`zimga tush qabilida fikr yurituvchi shaxslarga) aylanib qoladilar, mustaqil va tashabbuskor faoliyat yuritishga bo`lgan qiziqishlarini yo`qo-tadilar, bu esa oxir-oqibatda davlat uchun ham, jamiyat uchun ham salbiy oqibatlarni vujudga keltirishi mumkin. Shu sababli xususiy manfaat xususiy huquq timsolida o`z huquqiy negiziga ega bo`lishi shart.
Butun dunyo bo`yicha huquqiy munosabatlar normal xususiy-huquqiy va ommaviy-huquqiy tartibga solishning mavjudligi va ularning farqlanishiga asoslanishi lozim. Fuqarolik huquqi yoxud xususiy huquq Qadimgi Rimdan boshlab (jus privatum) xususiy huquq sohasini anglatadi, unga ishtirokchilarning yuridik tengligi va mustaqilligi, ularning xususiy mulklari daxlsizligi, shartnoma-lar erkinligi, buzilgan huquq hamda manfaatlarning mustaqil sud orqali himoya qilinishi kabi xususiyatlardir.

Albatta, insoniyat sivilizatsiyasi qadimgi davrdan buyon o`z rivojida beqiyos murakkab ijtimoiy jarayonlarni bosib o`tdi, avval texnik va ijtimoiy inqiloblar, keyin ilmiy va axborot taraqqiyoti tufayli tubdan yangi ijtimoiy fenomenlar vujudga keldi. Bularning barchasi fuqarolik (xususiy) va ommaviy huquq-lar tafovutlariga asoslangan huquq tizimlari negizini bartaraf eta olmadi, ularning ko`rinishlari o`zgardi, xolos.


Huquqning xususiy va ommaviy huquqlarga ko`ra farqlanishi umumiy saqlanib qolmoqda. Ulardagi prinsipial farqlar ilk bora Yustinian Digestlarida o`z ifodasini topgan edi. Qadimgi Rim yuristi Ulpian ommaviy huquq Rim davlat maqomini belgi-laydi, xususiy huquq esa alohida shaxslar foydasini ko`zlaydi, deb ko`rsatgan edi.
Ommaviy huquq va xususiy huquq nisbatini aniqlash va farq-lash bir qarashda oson tuyulsa ham, aslida murakkab masala hisob-lanadi. Gap shundaki, xususiy huquq sohasida ham qonun chiqaruvchi ba`zan umummajburiy imperativ normalardan foydalanadi, bu tartibga solinayotgan huquqiy munosabatlar qatnashchilari tashab-buskorligi va mustaqilligini cheklaydi. Masalan, fuqarolik qonunchiligi barcha yuridik shaxslarni ro`yxatdan o`tkazishni, ko`chmas mulk bilan bog`liq barcha bitimlarni ham davlat ro`yxatida qayd etilishini shart qilib qo`yadi. Ushbu talabga rioya qilmaslik subyekt harakatlarini yuridik jihatdan beoqibat bo`lishiga olib keladi (masalan, yuridik shaxs vujudga kelmaydi, ko`chmas mulkka nisbatan huquq mavjud bo`lmaydi va h.k.). Boshqa jihatdan olganda ham, ommaviy huquq sohasida ba`zan sud tartibida himoya qilish qo`llaniladi. Masalan, mansabdor shaxslarni davlat boshqaruvi harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat berish tartibi mavjud. Manfaatlarni sud orqali muhofaza qilish esa xususiy huquqqa ko`proq xosdir.
Biroq bunday umumiylik ommaviy huquq va xususiy huquq o`rtasidagi tafovutlarni bartaraf etmaydi, chunki har ikkala huquqiy “majmualar” sohasidagi huquqiy munosabatlar turlicha huquqiy rejimga egadir. Bir necha asrlar davomida huquqshunos olimlar har ikkala huquqiy “majmualar” o`rtasidagi farqlarni belgilovchi mezonlarni aniqlashga uringanlar. Oxir-oqibatda ma`lum bo`ldiki, asosiy farqlar huquqiy munosabatlar tabiatidan kelib chiqqan holda huquqni bu munosabatlarga ta`sir qilish xarakteri va usullari bilan bog`liq ekan.
Odatda, xususiy huquqda ishtirokchilar erki-irodasi avtonom (muxtor) va ular mulkiy jihatdan mustaqildirlar yoki alohida mol-mulkka egadirlar. Ba`zan mulkiy munosabatlarda bunday belgilar bo`lmasligi ham mumkin. Masalan, soliqlar yig`imi va huquqbuzarlik uchun jarimalar solish orqali davlat budjetini shakllantirish bo`yicha munosabatlar. Bunday hollarda taraflar o`rtasidagi munosabatda tenglik bo`lmay, aksincha, bu munosabatlar hokimiyat va bo`ysunishga asoslanadi, bu esa o`z navbatida taraflarning erk muxtoriyatini (o`z xohishiga ko`ra ish ko`rishni) istisno etadi. Bir tomonni ikkinchi tomondan hokimiyat bo`yicha bo`ysunuviga asoslangan bunday munosabatlar (masalan, soliq munosabatlari, moliya munosabatlari) ma`muriy huquq, moliya huquqi, soliq huquqini yoki boshqacha aytganda, ommaviy huquq majmuasining tartibga solish predmetini tashkil etadi.
Masalan, oldi-sotdi shartnomasi bo`yicha sotuvchi xaridordan tovar qiymatini to`lashni talab etsa, bu talab shartnoma tuzil-ganda xaridor o`zi ushbu shartga rozi ekanligiga asoslanadi. Agarda taraflardan biri tuzilgan shartnomani buzsa, vujudga kelgan nizo taraflarning o`zaro kelishuvi asosida hal etiladi yoxud nizo yechimidan manfaatdor bo`lmagan uchinchi tomon – sud tomonidan hal etiladi. Agarda shaxsga tegishli pul mablag`lari soliq sifatida ushlab qolinayotgan bo`lsa, bunda shaxsning roziligi umuman talab etilmaydi, pulni olib qo`yishni uchinchi tarafning o`zi sudga muro-jaat qilmagan holda amalga oshirishga haqli.
Yuqorida fuqarolik (xususiy) huquqiy munosabatlarda taraf-larning erk muxtoriyati mavjud ekanligi ta`kidlangan edi. Xusu-siy-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining erk muxtoriyati (erk-irodasining avtonomligi) deganda, ularning mulkiy muomalaga ki-rishishga nisbatan, aynan qaysi kontragent bilan, qanday shartlar asosida kelishishga nisbatan erkin inon-ixtiyorining mavjudligi-ni anglatadi, bunday masalalar bo`yicha yechimlar, qarorlar ishti-rokchilar tomonidan o`z tashabbuslariga ko`ra, tavakkal qilish asosida o`z mulkiy mas`uliyatini his qilgan holda qabul qilinadi. Ular o`z huquqlarini amalga oshirish yoki oshirmaslik, shu jumladan, sud orqali u yoki bu mulkiy talab qo`yish masalasini ham o`zlari hal etadilar.
Nihoyat, xususiy huquqiy munosabatlar ishtirokchilari mulkiy jihatdan mustaqildirlar. Umumiy qoidaga ko`ra, ular o`z mol-mulklariga nisbatan mulkdordirlar va xuddi shu sababli olingan hosil-daromadlarni o`zlashtiradi va ayni vaqtda kelib chiqadigan zararlar ham ularning zimmasiga tushadi. Ular o`z mol-mulklari bilan o`z majburiyatlari bo`yicha mulkiy muomalaning boshqa ishti-rokchilari oldida javob beradilar. Bu esa haqiqiy jonkuyar va hisob-kitobga puxta tadbirkor bo`lishga undaydi hamda amalda shunga majbur qiladi.
Fuqarolik (xususiy) huquq sohasiga, shuningdek ba`zi nomul-kiy munosabatlar ham kiradi, ularning ishtirokchilari (ushbu munosabatlar doirasida) ushbu nomulkiy munosabatlarni amalga oshirish, rasmiylashtirishda mustaqildirlar.
Xususiy huquq to`g`risidagi ta`limot nuqtai nazaridan fuqaro-lik huquqini fuqarolarning, shuningdek ular tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxslarning xususiy (mulkiy va nomulkiy) munosa-batlarini tartibga soluvchi asosiy huquq tarmog`i sifatida ta`riflash lozim bo`lib, bu huquqiy munosabatlar ishtirokchilar tashabbusi bilan shakllanadi va ularning (xususiy) manfaatlarini qanoatlantirishga qaratiladi.
Ushbu ta`rifdan xususiy huquqiy va ommaviy huquqiy yonda-shuvlar o`rtasidagi tub, prinsipial tafovutlar yaqqol ko`rinib turibdi. Ommaviy huquqiy yondashuvda davlat va jamoat (ommaviy) manfaatlarini amalga oshirish bilan bog`liq bo`lgan hokimiyat – tashkilotchilar, majburiy asoslar ustunlik qiladi. Xususiy-huquqiy yondashuv esa, xo`jalik faoliyatida o`zlarining (xususiy) manfaatlarini amalga oshiruvchi ishtirokchilar tashabbuskorligi va mustaqilligi bilan bog`liq.
Albatta, iqtisodiyotni, mulkiy munosabatlarni tartibga so-lishda har bir yondashuv o`zining afzalliklariga va nuqson-lariga ega, shu sababli ham ularning hech biri hech qachon “sof holatda” qo`llanilmaydi. Masalan, favqulodda vaziyatlarda, ya`ni urush hollarida, tabiiy ofatlarda, ommaviy huquqiy asoslarni kuchaytirmasdan va keng qo`llamasdan aslo iloji yo`q. Boshqa tomon-dan olganda, tovarlar bozorida yakkahokimlikka (monopoliyaga) va g`irrom raqobatga qarshi kurash, iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va shunga o`xshash boshqa vaziyatlarda xususiy-huquqiy asos-larni cheklashga to`g`ri kelishi tabiiy. Demak, muammo davlatning mulkiy muomalaga aralashuviga yo`l qo`yish yoki uni istisno etishda, taqiqlashda emas, balki bunday aralashuvni cheklash uchun qonunda uning doiralarini va shakllarini aniq-ravshan belgilab qo`yishda namoyon bo`ladi.
O`zbekistonda xususiy huquqning vujudga kelishi va rivojla-nish tarixi fuqarolik huquqining vujudga kelishi va rivojlanish tarixi bilan uzviy bog`liqdir. Ayni vaqtda xususiy huquq nisbatan keng-roq tushunchadir. Shu sababli ham xususiy huquq o`z tarkibiga fuqa-rolik huquqidan tashqari xalqaro xususiy huquq, oila huquqi, meh-nat huquqini ham qamrab oladi. Ushbu huquqiy tuzilmalar yig`indi-si xususiy-huquqiy oilani tashkil etadi, degan qarashlar mavjud[7].
Davlat boshqaruvidagi munosabatlar uning ishtirokchilari-ning erkinligi va mustaqilligi tamoyillari asosida tashkil etilishi mumkin emas, chunki bu munosabatlarning xarakteri uning qatnashchilariga markazlashtirgan ta`sir bo`lishini va ular muayyan pog`onalar bo`yicha bo`ysunish tartibida joylashuvini nazarda tutadi. Iqtisodiyotda, ayniqsa, tovarlar ayirboshlash sohasidagi munosabatlarda (ya`ni, bozorda) esa aksincha, uning ishtirokchila-riga tashabbus va tadbirkorlik berish uchun eng maksimal darajada erkinlik yaratish zarur.
Xususiy huquq va ommaviy huquq o`zaro bir-biri bilan bog`liq hamda bir-biriga ta`sir ko`rsatib turadi. Biroq, shuni ta`kidlash o`rinliki, bu ularning bir-birlari bilan qo`shilib ketishiga olib kelmaydi, chunki yuqorida ta`kidlanganidek, ularni huquqiy tar-tibga solish yondashuvlarida tub, o`tib bo`lmas farqlar mavjud. Biroq, ular o`rtasidagi aloqadorlik, bog`lanish ham doimiy, barqaror xarakterga ega. Masalan, fuqarolik protsessual huquqi ommaviy-huquqiy sohaga taalluqli bo`lsa ham, xususiy huquqiy ta`-sirlar ostida tadbirkorlar o`rtasidagi nizolarni ko`rish jarayoni-da tortishuvchilikni kuchaytirib yubordi, nizolarni hal etishda hakamlik (nodavlat) shakllarini keng qo`llashga yo`l qo`yila bosh-landi. Biroq shunga qaramay, protsessual tartib o`ziga xos bo`lgan ommaviy-huquqiy xususiyatni saqlab qolmoqda. Barcha rivojlangan davlatlar huquq-tartibotlarida xususiy huquq va ommaviy huquq ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta`sir etishning ikki turi sifatida, huquqiy tartibga solishning ikki mustaqil, alohida tarmoqlari sifatida mavjud.
Xususiy (fuqarolik) huquqni chuqurroq anglab yetish uchun uning tushunchasiga, xususiyatlariga e`tibor berishimiz lozim. Xususiy huquq xo`jalikni bozor bo`yicha tashkil etishga asoslangan huquqiy tartibning o`zagi, negizidir. Tarixiy taraqqiyotni tahlil etish shu-ni ko`rsatadiki, xususiy-huquqiy tamoyillar, masalan, mulk daxl-sizligi, shartnomalar, zarurat taqozosiga ko`ra, u yoki bu cheklov-larga duchor bo`lib turgan. Bunday cheklovlarning darajasi xarak-teriga qarab huquqiy tizimlar turlari va tiplari farqlanadi.
Shunisi diqqatga sazovorki, eng qattiqqo`l va johil tuzumlar-da ham eng og`ir va shafqatsiz cheklov sharoitlarida ham xususiy huquq (fuqarolik huquqi) sohasi hech qachon yo`q bo`lib ketmagan, chunki bizga ma`lum bo`lgan barcha sivilizatsiyalar tovar xo`jaligi hamda tovarlar ayirboshlashsiz mavjud bo`lishi mumkin emas, bu is-tisno etiladi. Aslini olganda, xususiy huquq qadimgi Rim davrla-ridan buyon shaxsning «qo`lini va yo`lini bog`lovchi» har qanday mahrumliklardan ozod bo`lish, erkin mulkdorlik, shartnomalarda erkinlik, vasiyat qilishda erkinlik va shu kabilarni muqarrar ravishda talab qiluvchi erkin iqtisodiy rivojlanish mahsulidir.
Bozor iqtisodiyoti shakllanishi jarayonida ilgari ommaviy-huquqiy sohaga kirgan munosabatlarni muayyan darajada tijorat-lashuvi ro`y beradi. Masalan, yerga nisbatan mutlaq davlat mulk-chiligidan voz kechilgan muayyan hollarda yerga nisbatan xususiy mulkchilik joriy etish mumkin bo`ldi, yerga nisbatan ijara huquqi-ni garovga qo`yishga yo`l qo`yildi. Lekin shunday bo`lsa ham aksariyat xorijiy mamlakatlardan farqli ravishda O`zbekiston Respublika-sida yer huquqi, tabiiy resurslarga nisbatan huquqlarning ommaviy huquq sohasidan to`la chiqib, xususiy huquq sohasiga o`tishi ro`y ber-gani yo`q. Biroq shunga qaramay, konsessiya shartnomalari, mahsulot taqsimotiga oid bilimlarni qonuniy asoslarga ega bo`lgani ushbu sohada ham xususiy huquq o`z ta`sirini o`tkaza boshlaganidan darak beradi, deb aytish mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksida nikoh shartnoma-larining mustahkamlab qo`yilganligi er-xotinga o`z mol-mulklari-ning huquqiy rejimlarini o`zlari belgilashlariga imkon beradi, bu esa oilaviy munosabatlarda xususiy huquqiy asoslar o`sib borishini ko`rsatadi. Oila huquqida nomulkiy elementlar mulkiy munosabatlarga nisbatan ustuvor ahamiyatga ega, shuningdek nikoh-oila aloqalari ixtiyoriy va teng huquqlilik asosiga quriladi, davlatning oilaviy ishlarga eng kam darajada aralashuvi tamoyi-li amal qiladi (asosan, voyaga yetmagan bolalar, mehnatga layoqatsiz er-xotin manfaatlarini himoya qilish maqsadlaridagina davlat hokimiyat vakolatlaridan foydalanadi). Fuqarolik huquqi predme-tida keng doiradagi nomulkiy munosabatlar (sha`n, qadr-qimmat, ishchanlik obro`sini qo`riqlash, ma`naviy ziyonni undirish, xususiy hayot sirlarini, xususiy daxlsizlikni huquqiy muhofaza qilish va h.k.) an`anaviy ravishda mavjudligini hisobga olgan holda oila huquqining xususiy huquqiy tabiati to`g`risida gapirish mumkin (ushbu hol barcha ilg`or huquq tartibotiga asoslangan mamlakatlar-da istisnosiz amal qiladi).
Ba`zi mualliflar har holda uzil-kesil bo`lmasa ham mehnat huquqini xususiy huquqiy tabiatga ega deb hisoblaydilar[8]. Mehnat qonunchiligida mustahkamlab qo`yilgan mehnat shartnomasi to`g`risi-dagi qoidalar mehnat huquqi asosida yotadi va hozirgi bosqichda bu qoidalar yanada rivojlantirildi. Mehnat shartnomasi va fuqaro-lik shartnomasi o`rtasidagi umumiylikni ham yodda tutish lozim.
Ayni vaqtda mehnat-huquqiy munosabatlarini tartibga solish-ning asosiy yo`nalishini hali ham mehnat-huquqiy munosabatlar ishtirokchilari uchun keng doiradagi maxsus sotsial kafolatlarni belgilash hisoblanadi. Bu kafolatlar tabiiyki, ijtimoiy omma-viy-huquqiy manfaatlarni ko`zlab belgilanadi va ommaviy-huquqiy usullar orqali ta`minlanadi. Demak, mehnat huquqida ommaviy-huquqiy asoslar hali ham kuchli ekanligini e`tirof etmoq lozim. Ayniqsa, mehnat huquqidan ajralib chiqqan ijtimoiy ta`minot hu-quqida bu hol yaqqol namoyon bo`ladi. Bu o`rinda shuni ham unutmas-lik lozimki, qit`a, Yevropa huquq tizimida, eng avvalo, german shoxobchasida mehnat huquqi xususiy-huquqiy tuzilma sifatida qaraladi.
Xalqaro xususiy huquq o`zining asosiy yuridik belgisi (pred-meti va tartibga solish uslubi) bo`yicha hech qachon o`zining xususiy-huquqiy tabiatini yo`qotmagan (rivojlangan mamlakatlar huquqiy tartiboti taraqqiyoti nuqtai nazaridan olganda, albatta). Buning ustiga nazariy jihatdan olganda, u deyarli doimo fuqarolik huquqining tarkibiy qismi bo`lgan kichik tarmog`i sifatida qarab kelingan. Agar xalqaro xususiy huquqiy normalar an`anaviy ravishda amaldagi Fuqarolik kodeksining 6-bo`limida mustahkam o`rin olganligini e`tiborga olsak, u holda xalqaro xususiy huquq-ning xususiy huquq oilasining a`zosi sifatidagi o`rni bo`yicha hech qanday bahs-munozara bo`lishiga aslo o`rin yo`q.
Rivojlangan mamlakatlar huquq-tartibotida yuridik shaxslar to`g`risidagi fuqarolik-huquqiy normalar negizida, odatda, tijo-rat yuridik shaxslari huquqiy maqomini (ya`ni, ularning vujudga kelishi, ro`yxatdan o`tkazish tartibi, faoliyatini tashkil etish, boshqarish, qayta tashkil etish, tugatish tartibini) belgilovchi normalar korporativ huquq yoki «kompaniyalar huquqi» tushunchasida mujassamlanadigan o`ziga xos kichik tarmoqni ifodalaydi. Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasida ham korporativ huquq faol shakllanish bosqichida turibdi. Aksiyadorlik jamiyatlari, to`liq va kommandit shirkatlar, mas`uliyati cheklangan va qo`shimcha mas`u-liyatli jamiyatlar, xususiy korxonalar, ishlab chiqarish koopera-tivlari, xoldinglar – ushbu tijorat tuzilmalarining har biri haqida maxsus qonun hujjatlari qabul qilingan. Ayni vaqtda korporativ huquq mustaqil tarmoq bo`lmay, u xususiy huquq doira-sida (savdo huquqi alohida ajralib chiqqan mamlakatlarda esa uning doirasida) mavjud bo`lishini unutmaslik lozim[9].
Xulosa sifatida shuni ta`kidlash o`rinliki, fuqarolik huquqi xususiy huquqning o`zagini tashkil etadi. O`zbekiston Respublikasi huquq tartibotidagi xususiy huquq tizimiga bugungi kunda fuqaro-lik huquqidan tashqari oila huquqi, xalqaro xususiy huquq ham kiradi, deb aytish mumkin.



Yüklə 102 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə