7-mavzu. Pragmatik va semiotik jarayon Rеja


-mavzu. Deyksis va nutqiy muloqot matni



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə13/20
tarix30.12.2023
ölçüsü0,6 Mb.
#165406
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   20
hamma mavzular

14-mavzu. Deyksis va nutqiy muloqot matni
Reja

  1. Shaxs deyksisi.

  2. Makon deyksisi.

  3. Zamon deyksisi.

  4. Diskurs deyksisi.

  5. Emotsional deyksis.

  6. Sotsial deyksis.

Adabiyotlar:

  1. Boduen dе Kurtеne I.A. Izbranniе trudi po obo‘еmu yazikoznaniyu. - M.: Izd-vo AN SSSR, 1963.t 2.-391 s.

  2. Bozorov O.O. O‘zbеk tilida gapning kommunikativ (aktual) tuzilishi. NDA.- Farg‘ona, 2004. – 21b.

  3. Bondarko A.V. Vrеmеnnaya lokalizovannost. V kn.: Tеoriya funktsionalnoy grammatiki. - L.: Nauka, 1987.-S. 210-233.

  4. Borbotko V.G. Printsipi formirovniya diskursa. Ot psiхolingvistikе k lingvosinеrgеtikе. - M.: Kom Kniga, 2007.-288 s.

  5. Budagov R.A. Yazik – rеalnost – yazik. – M.: Nauka, 1983. -262 s.

  6. Budagov R.A., V kakoy mеrе «Lingvistika tеksta» yavlyaеtsya lingvistichеskoy? V kn.: Budagov R.A. Filologiya i kultura.- M.: Izd-vo MGU, 1980.-S.77-86.

Isroillik professor Yehoshua Bar-Hillel ingliz tilida tuzilgan gaplarning mazmunini qay yo‘sinda aniqlash va ular vositasida uzatilayotgan axborotning to‘liq anglash muammosi haqida to‘xtalib, quyidagi misollarni keltirgan edi (Bar-Hiller 1970:69):

  1. Ice floats on water - Muz suvda suzib yuribdi.

  1. It`s raining - Yomg‘ir yog‘ayapti.

  2. I am hungry - Och qoldim.

Birinchi gap mazmunini qariyb barcha ingliz tili sohiblari bir xilda tushunishadi, chunki muz qaerda suzayotganligi (suvda)aniq. (Lekin mazmun idrokining keyingi bosqichlarida «Qaysi suvda: daryodami, dengizdami?» kabi savolning tug‘ilishi ehtimoldan xoli emas.) Keyingi (2) gapning mazmunini anglash uchun ushbu voqyea (yomg‘ir yog‘ishi) qachon va qaerda kechayotganligini bilish zarur. Yoki bu gap talaffuz etilayotgan vaqt va joyni aniqlash kerak. Shuningdek, (3) gap mazmunining to‘liq idroki uni kim va qaerda aytayotgani bilan bog‘liq.
Muloqot faoliyati uchun makon va zamon hodisalarining muhimligini unutmaslik kerak. Har bir voqyea ma'lum makon va zamonda kechadi hamda u yoki bu hodisa haqidagi axborotni qabul qilayotgan tinglovchi uning qachon, qaerda sodir bo‘lganligini bilishga intiladi. Bundan tashqari, axborotning to‘liq idroki uchun, har qanday faoliyat ma'lum shaxs (shaxslar) tomonidan bajarilishi sababli, ushbu faoliyat amalining sub'ekti haqidagi ma'lumot ham talab qilinadi. Demak, «qachon» va «qaerda» savollari «kim» savolining hamrohligida nutqiy tuzilma mundarijasini belgilaydi.
Ideal lisoniy faoliyat nutqiy tuzilmalar tarkibida aynan shu savollarga javob beruvchi birliklarning to‘liq tartibda mavjud bo‘lishini taqozo etadi. Masalan, «15 avgust 2007 yil soat 1700da SN 5050 raqamli «Neksiya» rusumli va SN 3737 raqamidagi «Damas» rusumli avtomashinalar Bo‘stonsaroy ko‘chasida to‘qnashganlar» turidagi gapning mazmuni aniq, chunki sodir bo‘lgan voqyea haqidagi ma'lumot anchagina batafsil: «qachon», «qaerda», «kim» yoki «nima» savollariga javob bor. Xuddi shu gapni boshqacha shaklda ham tuzish mumkin: «Kecha kechqurun shu yerda o‘sha ikki mashina to‘qnashgan». Ammo bu ikki tuzilma mazmun mundarijasi jihatidan teng emas. Menimcha, keyingi gapda ifodalanayotgan ma'lumot DAN xodimlarini hyech ham qoniqtirmasa kerak.
Keyingi gapdagi «kecha», «kechqurun», «o‘sha», «shu yerda» birliklarining qo‘llanishi voqyeaning sodir bo‘lishi haqidagi umumlashgan ma'lumotni beradi: qaerdadir qandaydir ikki mashina to‘qnashgan. Lekin bu holda makon, zamon va sub'ekt-ob'ektlar haqidagi aniq ma'lumotni ola olmaymiz. Umumlashtirish, kechayotgan hodisalar, predmetlar sifat-xususiyatlari kabilar haqidagi ma'lumotni mujassamlashtirgan holda konseptual qoliplar vositasida idrok etish kognitiv faoliyatning samarasidir. Bunday qoliplar konseptual birliklarning lisoniy voqyelanishida o‘z aksini topadi (Safarov 2006: 19). Albatta, tashqi dunyodagi voqyealar, predmetlar xususiy ko‘rinishdagi belgi, xususiyatlarga egadirlar. Lisoniy tafakkur faoliyatining kognitiv bosqichidan lisoniy voqyelanish bosqichiga o‘tishda qiyoslash, analiz va sintez amallari muhim rol o‘ynaydi. Shu amallar vositasida umumiylik va xususiylik farqlanadi. Shuningdek, kognitiv faoliyat bevosita mavhumlashtirish amalini ham qamrab oladi, chunki ushbu amal umumlashtirishning muhim bosqichini tashkil etib, idrok etilayotgan ob'ektlarning alohida muhim xususiyatlarini ajratib olib, ularni qiyoslash hamda yagona «maxrajga keltirish» imkonini beradi.
Lisoniy-tafakkur faoliyati jarayonida kuzatiladigan yana bir amal – tizimlashtirish, tasniflash amalidir. Til ma'lumotni to‘plash va uzatishdan tashqari, uni tartibga keltirish vazifasini ham bajarishini unutmasligimiz lozim. Farang faylasufi Lill universitetining professori Noel Mulud (Noel Mouloud) nutqiy birliklar mazmuni ifodasining mantiqiy asosi haqida fikr yuritayotib, «nutqiy ibora ma'lum bir ma'noni oddiygina belgilab, umumlashtirib va ifodalab qolmasdan, balki u (ibora) bularning barchasini qanday tartiblashtirsa, xuddi shu tartibda bajaradi», degan xulosaga kelgan (Mulud 1979: 284). Mantiqshunos olimning mazmunning shakllanishi va nutqiy voqyelanishi lisoniy tartiblashtirish va umumlashtirish faoliyatlari natijasi ekanligi haqidagi fikri diqqatga sazovordir.
Mantiqiy va lisoniy umumlashtirish bir-birini taqozo etadi va yaxlit yo‘nalishda kechadi. Mavhumlashtirilib, tartibga keltirilgan tushunchalar umumlashtirilgan holda lisoniy qobiqqa ko‘chadi ham lisoniy birlikka aylanadi. Bunday umumlashmalar nutqiy faoliyatning mazmundorligini ta'minlab, ma'lum qilinayotgan axborotning uni qabul qiluvchi shaxslar tomonidan idrok qilinishi uchun imkon yaratadilar. Shu asnoda yuqorida keltirilgan «Kecha kechqurun shu yerda o‘sha ikki mashina to‘qnashgan» shaklidagi tuzilmalar mazmun ifodalash qobiliyatiga ega bo‘lishadi. Ammo semantik struktura jihatidan yetarli darajada to‘liq bo‘lgan ushbu gapning aniq mazmuni yoki axborot mundarijasi faqat uning ma'lum muloqot muhitida, matn tarkibida qo‘llanishi bilan bog‘liq. Shuning uchun ham pragmatik nuqtai nazardan olganda, ushbu gapning mazmuni aniq emas. Buning sababi, birinchidan, «kecha», «kechqurun», «shu yerda», «o‘sha» bo‘laklarining ma'nosi kontekst, matnda qo‘llanishi bilan izohlanadi, ikkinchidan esa har qanday lisoniy strukturaning o‘zi ham ma'lum maqsadni ko‘zlab tuziladi. Bu maqsad – nutqiy muloqotdir. Nutq ijodkorlari u yoki bu lisoniy strukturani tuzayotganida uni nutq vaziyatiga moslashtirishga harakat qilishadi, ya'ni «lisoniy tuzilmalar bevosita matn qismlariga «langar» tashlaydilar» (Levinson 1983: 55). Qizig‘i shundaki, S.Levinson va boshqa ayrim tilshunoslar lisoniy strukturalarni kontekstdan ayri holda o‘rganishga qanchalik harakat qilmasinlar, baribir nutq, matn muhiti «zanjiri»dan chiqish imkonini topa olmadilar.
Kontekst qurshovining kuchi, ayniqsa, deyksis hodisasi talqinida yaqqol namoyon bo‘ladi:
«Til tizimidagi qator hodisalarni faqatgina ularning yuzma-yuz muloqot sharoitida shakllanishi inobatga olingandagina tavsiflash mumkin. Bu ayniqsa, deyksis hodisasi talqinida yaqqol ko‘zga tashlanadi» (Lyons 1977: 637-638).
«Til tizimi va kontekst o‘rtasidagi bog‘liqlikning lisoniy strukturalarda aks etishini yaqqol ko‘rsatuvchi yagona hodisa – bu deyksis hodisasidir» (Levinson 1983: 54).
Jon Layonz va Stefen Levinsonlar aslida tilni avtonom, kontektdan xoli tizim sifatida qarash mumkinligi haqidagi fikr tarafdoridirlar. Ular bu fikrni isbotlash uchun deyksis hodisasidan foydalanadilar, go‘yo, deyksis belgilari qo‘llanmaguncha, lisoniy strukturalar alohida tizimda saqlanaveradi. Har qanday hodisaning (bundan lisoniy hodisalar ham istisno emas) bir tomonlamali tahlili natijasida bildiriladigan fikr xolisonalikdan yiroqlashib qolish xavfidan ogohmiz (qarang: Hojiev 2006; 2007; Tojiev 2004). Ma'quli, til va nutqni bir-biridan ozuqa oluvchi, yaxlitlikda faoliyat ko‘rsatuvchi tizimlar sifatida tasavvur qilishdir. Ularning yaxlitligini ta'minlovchi omil va vositalarni aniqlash borasidagi ilmiy izlanishlarning mahsuli tilshunoslik fani taraqqiyotida o‘z o‘rnini topadi.
Til tizimi va uning nutqiy faollashuvi o‘rtasidagi «vositachilik», «hakamlik» rolini tilshunoslar bekorga deyksis hodisasiga bag‘ishlayotganlari yo‘q. Til tizimining o‘zi nutqiy faoliyat natijasida mavjuddir, uning tabiati va mohiyati nutqiy muloqot jarayonida namoyon bo‘ladi. Shunday ekan, til birliklarining ma'no xususiyatlari nutqda voqyelanadi, aniq tus oladi. Har bir nutq ijodkori (matn muallifi) voqyelikda kechayotgan hodisani o‘zicha idrok etadi, uni ma'lum makon, zamon hududida tasavvur qilib, hosil bo‘lgan mantiqiy tasavvurga lisoniy libos beradi. Lisoniy voqyelanish va mazmun shakllanishi nutq muallifi tanlagan «sanoq boshi», ya'ni kechayotgan hodisani zamon-makon maydoniga joylashtirish bilan bog‘liqdir.
Demak, nutqiy faoliyatda doimo lisoniy shaklni voqyelik bilan bog‘lash hamda unga nisbatan shaxsiy munosabat bildirish ehtiyoji tug‘iladi. Xuddi shu vazifalar ijrosi deyktik vositalar zimmasidadir. «Deyksis» so‘zining asl yunoncha ma'nosi «ko‘rsatish», «ishora» bo‘lib, ilmiy qo‘llanishda lison vositasida «voqyelikka ishora, ko‘rsatish» mazmunini olgan. Ko‘rsatish, ishora vazifasini ado etuvchi birliklarni deyktik ibora deb atashadi. Bu iboralarga nisbatan ayrim faylasuf va tilshunoslar «indeksikallar» (indexicalls) atamasini ham qo‘llab kelishmoqda. Ushbu turdagi iboralar nutqiy muloqot tizimi mazmundorligini ta'minlovchi doimiy vositalardan biridir. Masalan, biror bir notanish narsani ko‘rib qolib, «Bu nima?» savoli bilan suhbatdoshga murojaat qilinganda, deyktik ibora («bu») vositasida shu muhitda mavjud bo‘lgan narsa-predmetga ishoradir.
Deyktik iboralar bolalar nutqi rivojining dastlabki bosqichlaridayoq paydo bo‘ladi. Psixolingvistlarning kuzatishlari guvohlik berishicha, 3-7 yoshdagi bolalar nutqi, birinchidan, egotsentrik bo‘lsa, ikkinchidan, telegraf uslubida, ya'ni «grammatikasiz» tartibda yuzaga keladi. Shu sababli bo‘lsa kerakki, go‘daklar grammatik shakllardan ko‘ra «men», «sen», «u yerda», «mana», «bu», «hozir», «keyin» kabi iboralarni ma'qul ko‘radilar. Bunday iboralarning lisoniy qobiliyat shakllanishining dastlabki bosqichlarida paydo bo‘lishiga yana bir sababni ushbu iboralarning ma'no xususiyatlari bilan bog‘liq deb hisoblash tarafdorimiz. Ma'lumki, deyktik belgilarning ma'no xususiyatlari boshqa nominativ belgilarnikidan tubdan farq qiladi. Ular voqyelikdagi predmet-hodisalarni bevosita atamasdan, balki predmet, hodisa, shaxslarning nutq vaziyatiga nisbatan «joylashuvi»ni ko‘rsatadi. Bunday ko‘rsatish muloqot ishtirokchilari (so‘zlovchi va tinglovchi) predmet va shaxslarning egallagan o‘rni (bu o‘rin nutq sub'ektlariga nisbatan belgilanadi) hamda muloqot kechayotgan vaqt kabilarni qamrab oladi. Shu xususiyatlariga binoan deyktik iboralar bilvosita ma'noga ega lisoniy belgilar sifatida qaraladilar (Ufimseva 1974: 166). Go‘daklar talaffuz qiladigan so‘zlar ham, odatda, bevosita referentga ega emas, ular vositasida aniq predmet yoki hodisa nomlanmaydi. Go‘dak yagona bir so‘z bilan butun bir kechayotgan hodisani yoki hodisalar qatorini ifodalashga qodir (Ushakova 1991; Tanz 1977).
Nutqiy harakat koordinatlarining qaysi biri ko‘rsatilishiga ko‘ra deyktik birliklar turli guruhlarga ajratiladi. Ilk tasniflar morfologik tamoyilga asoslangan bo‘lib, ularda shaxs olmoshlari «men-sen-boshqa (u)» deyktik guruhlariga (Ich deixis – Du deixis – Jener deixis) taqsimlangan. Nemis tilshunosi Karl Brugmanning ushbu morfologik tasnifini keyinchalik Karl Byuller qayta ko‘rib chiqib, guruhlar soni va tarkibini nutqiy muloqot vaziyatining boshqa qismlari hisobidan kengaytirdi. Til tizimi tahlili nazariy asoslari bilan shug‘ullanishga qiziqqan ushbu psixolog-olim 1936 yilda e'lon qilingan «Tilning struktur modeli» (Das Strukturmodel der Sprache) nomli maqolasida «Til (tahlili– Sh.S.) nazariyasi ijtimoiy nutq vaziyati tahliliga tayanmog‘i shart va lozimmi?» degan savolga tasdiq javobining dalillarini izlaydi. U har qanday tilda ko‘rsatish (ishora) maydoni mavjudligini va bu maydon uchun «xizmat» qiluvchi «ko‘rsatkich-so‘zlar» guruhlari borligini qayd qiladi. Bu so‘zlar egallangan o‘ringa ishora (hier, da, dort – bu yerda, shu yerda, u yerda) va shaxslar ishtirokini ko‘rsatuvchilar (ich, du, er – men, sen, u) turlariga bo‘linadi. Haqiqatda ham K.Byuller aytganidek, «aniq nutqiy vaziyat tahliliga tayanmasdan turib, qanday boshqa yo‘sinda barcha ko‘rsatish so‘zlarining vazifalarini aniqlash mumkin?» (Byuller 1960: 29-30). Muallif «Til nazariyasi» (Sprachtheorie. –Jena, 1934) asarida deyksis hodisasining mohiyati haqidagi o‘z ilmiy qarashlarini jamlab, ushbu hodisaning til qurilishi va nutqiy muloqot tizimida tutgan o‘rni, bajaradigan vazifalarini yanada aniqlashtirishga harakat qilgan. Deyktik iboralarni guruhlashda u nutqiy muloqot maydonining asosiy belgilovchi «o‘q» lari so‘zlovchi – tinglovchi munosabati (Ich –Du deixis – Men-sen deyksisi), predmet yoki shaxsning nutq sub'ektiga nisbatan egallagan o‘rni (hier-dort deixis – bu yerda-u yerda deyksisi) va nutqiy akt vaqti (jetzt – denn deixis hozir- o‘sha paytda deyksisi) farqlariga tayanishni taklif qiladi.
K.Byuller aynan shu kitobida ko‘rsatish ob'ektining farqlanishiga nisbatan deyksis iboralarning yana o‘zgacha uch turga ajratish mumkinligini ham qayd etadi: 1) ko‘rinib turgan ob'ektga ishora (demonstratio ad oculus): so‘zlovchi o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan ob'ektni ko‘rsatish vazifasini bajaruvchi lisoniy belgilar; 2) kontekst deyksisi ya'ni matnda oldingi o‘rinlarda qo‘llangan so‘zlarga ishora (anafora hodisasi – Sh.S.); 3) tasavvur deyksisi (deixis an Pleantasma), ya'ni so‘zlovchi bevosita ko‘rmayotgan va matnda eslatilmagan, ammo so‘zlovchilar uchun ma'lum bo‘lgan predmetga ishora.
Deyktik belgilar tasnifi masalasi uzluksiz muhokama qiliniib kelinmoqda. Ko‘pchilik tilshunoslar an'anaga binoan shaxs, makon va zamon deyksislarini farqlab kelishmoqda. Ammo ayrim tilshunoslar bunday tasnifga unchalik qo‘shilmaydilar. Ular, deyksis va modallik hodisalarini yagona maydonga biriktirish harakatida bo‘lishib, modal deyksisini alohida o‘rganishni taklif qilishmoqda. Modal deyksisi vositasida so‘zlovchi mavjud va tasavvurdagi vaziyatlarni nisbatan baholaydi (Rauh 1983: 231). Sotsial (ijtimoiy) deyksisni alohida kategoriya sifatida ajratish va uning vositasida muloqot ishtirokchilarining bir-biriga nisbatan ijtimoiy mavqyeini belgilashi imkoniyatlari haqida oldingi bobda gapirildi (keyingi sahifalarda bu hodisa tafsilotiga yana bir karra qaytishga majbur bo‘lamiz.). Bundan tashqari, Ch.Fillmor, R.Lakoff, V.I.Shaxovskiy, A.V.Kravchenko kabi olimlar, muloqot matnida suhbatdoshlarning xususiy munosabatlari o‘z aksini topishini hisobga olib, emotsional deyksisni ham alohida o‘rganish g‘oyasini targ‘ib qilishmoqda (Fillmore 1975; Lakoff 1974; Smith 1989; Shaxovskiy, Jura 2002).
Deyktik iboralarning eslatilgan guruhlarining semantik va pragmatik xususiyatlari va umuman ushbu guruhlarning ajratilishi qay darajada asosli ekanligi haqida batafsilroq to‘xtalishga to‘g‘ri keladi.
Oldingi sahifalarda deyksis belgilarning semantik jihatdan boshqa lisoniy belgilardan tubdan farq qilishi, ularning predmet-hodisalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nomlash qobiliyatidan mahrum ekanligi va signifikativ mazmunga ega emasligi eslatilgan edi.
Deyktik vositalar qatoriga kiruvchi so‘zlarning leksik ma'nosida u yoki bu turdagi referentga ishora mavjudligini isbotlashga harakat qilgan ye.V. Paduchevaning ta'rificha, «olmoshlar – ma'nosida nutqiy harakatga havola yoki nutqiy tuzilmaning borliq bilan munosabatiga, turiga ishora mavjud bo‘lgan so‘zlardir» (Paducheva 1988: 11). Olmoshlarning va boshqa turdosh turdagi deyktik belgilarning signifikativ mazmundan xoli ekanligini, ularning referenti turg‘un bo‘lmasdan, balki nutq vaziyatiga nisbatan o‘zgarib turishini Emil Benvenist alohida qayd etgan. Uningcha, «Men» olmoshi ma'nosini faqatgina ma'lum bir nutqiy harakat ijrosiga (locution) nisbatan aniqlash mumkin va bu nutqiy harakat doimo yagona, alohida bo‘lib qoladi, takrorlanmaydi. Har bir nutqiy harakat alohida ob'ekt (voqyelikdagi hodisa, perdmet) bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, «men» olmoshining referenti ham o‘zgarib turadi. Qisqasi, «men» shakli lisoniy nuqtai nazardan faqatgina bajarilayotgan, ijro etilayotgan nutqiy harakatda mavjuddir (Benvenist 1974: 286).
Farang tilshunosi shaxs, zamon, makon, ishora qilinayotgan ob'ekt ko‘rsatkichlarining nutq kechayotgan vaqt bilan munosabatini men: bu yerda- u yerda; hozir – o‘shanda; bugun- o‘sha kuni- kecha; arafada – ertaga- bir kundan so‘ng kabi tushunchalar qarama-qarshiligida yuzaga keladigan hodisa deb hisoblaydi. Ammo ushbu turdagi iboralarning referenti ko‘pincha o‘ta yuzaki – o‘zi-o‘zidan ma'lum bo‘lgan hodisa sifatida baholab kelinmoqda. Ushbu iboralar ma'no xususiyatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri «voqyelik» yoki predmet-hodisalarning ob'ekti zamon va makonda joy olishi bilan bog‘liq emas. Aksincha, til tizimi ushbu ibora guruhlariga shaxslararo muloqot jarayonida yuzaga keladigan talab –vazifalarni bajarishni «buyuradi». «Lison voqyelik bilan referent bog‘liqligidan mahrum bo‘lgan, doimo yangicha qo‘llanishga hozir bo‘lgan «ma'nosiz» belgilar yaratilishi bilan bu masalani ham hal qiladi va bu belgilar so‘zlovchi tomonidan kechayotgan nutq faoliyatiga jalb qilinishi zahotiyoq «to‘liq» (ma'noli – Sh.S.) belgilarga aylanadilar» (O‘sha asar: 288).
Deyktik iboralar ma'nosining nutq sub'ekti – so‘zlovchining kommunikativ maqsadi bilan bog‘liq holda o‘zgarib borishini o‘z paytida faylasuflar ham qayd etgan edilar. Bertrand Rassell «men», «bu», «shu yerda», «hozir» so‘zlarini asosiy egotsentrik so‘zlar sifatida ta'riflab, ularning ma'nosi zamon va makon o‘zgarishi bilan bog‘liq holda o‘zgarib turishini e'tirof qilgan: «Hozir» so‘zi har bir qo‘llanishda vaqt kechishi davomiyligining ma'lum bir darajasini anglatadi; «shu yerda» so‘zi, «men»ning har bir harakati natijasida joy oladigan alohida o‘rnini belgilaydi; «men» uni talaffuz qilayotgan har qanday shaxsni bildiradi» (Russel 1948: 113). O‘z ustoziga ergashgan L.Vitgenshteynning ta'rifi ham shunga mos: ««Men» - biror bir shaxsning nomlanishi emas, «shu yerda» - ma'lum bir joyni atamaydi, «bu» - nom emas» (Vitgenshteyn 1994, Ch.I: 207). Shuning bilan bir qatorda, ayrim tadqiqotchilar deyksisning egotsentrik xususiyatini to‘lig‘icha e'tirof etishga jur'at etmaydilar. V.Shmidt, G.Raux, I.A.Sternin va boshqalar deyktik maydon markazini «sen/siz», ya'ni adresat egallashi mumkinligini aytishadi. Binobarin, «Bir qadam oldinga!», «O‘ngga buriling!» kabi buyruq nutqiy aktlari bajarilayotgan vaqtlarda asosiy e'tibor buyruqni qabul qiluvchiga yo‘naltiriladi. B.Rassel ishlarida esa barcha turdagi egotsentrik so‘zlarning (egocentric words) ko‘rsatish mazmunidagi ma'nosini this «bu, shu» olmoshi vositasida tavsiflash mumkin, degan fikr mavjud (Russel 1948: 100-108). Uning fikricha, I «Men» the biography to which this belongs «bu qaram bo‘lgan tarjimai hol» mazmunini bildirsa, here «bu yerda» - the place of this «buning o‘rni» va now «hozir» the time of this «buning vaqti» mazmunlariga ega. Balki ingliz faylasufining fikri mantiqan to‘g‘ridir, chunki barcha turdagi deyktik iboralar ko‘rsatish, ishora ma'nosini ifodalaydilar hamda ko‘rsatish maydonining markazida so‘zlovchi shaxs turishi sababli ishoraning boshlang‘ich nuqtasi ham uning «ko‘z o‘ngi»da turgan voqyelik parchasidir. Ushbu voqyelikning kommunikativ ifodasida «bu» ko‘rsatkichi asosiy o‘rinni egallaydi. Ammo mantiqiy mazmunning lisoniy ma'noga muvofiq kelishi har doim ham kuzatilavermaydi. Mantiqiy idrok ko‘p bosqichli konseptual (tafakkur) «ishlov»idan o‘tgandan so‘nggina lisoniy voqyelikka aylanishi ma'lum.
«Ma'no» tushunchasini «ob'ektning shaxs ongida aks topgan umumlashgan benuqson tasavvurdagi modeli» deb ta'riflagan psixolog V.F.Petrenko bu modelning shakl topishini oddiy faoliyat emasligini qayd qiladi: «ong (lisoniy- Sh.S.) belgilar vositasida voqyelikni oddiygina takrorlamasdan, balki undagi sub'ekt uchun ahamiyatli bo‘lgan xususiyat va belgilarini ajratib, umumlashgan model qurilmasini yaratadi» (Petrenko 1988: 10; 12). Demak, lisoniy ma'no shakllanishi – murakkab jarayon. Ma'no shakllanishida voqyelikdagi ob'ektning muhim xususiyat - belgilarining aks topishi oddiy jarayon emas, balki bu xususiyatlar inson ijtimoiy faoliyati, tajribasi nuqtai nazaridan muhim bo‘lmog‘i darkor. Yanada aniqrog‘i, bu muhimlik, ahamiyatlilikning o‘zi ijtimoiy tajriba asosida yuzaga keladi. Psixolingvistlar A.A.Leontevga (1975) ergashib, ma'noni «inson faoliyatining qiyofasi o‘zgargan shakli» deb ta'riflab, xato qilishmagan, chunki idrok etilayotgan ob'ektning xususiyatlari insonning ijtimoiy faoliyati jarayonida ko‘zga tashlanadi, farqlanadi.
Lisoniy belgilar ma'nosi shakllanishida inson faoliyati, uning ijtimoiy tajribasi natijalari aks topishi, albatta, predmet mazmunidagi va boshqa to‘liq ma'noli so‘zlar mazmunida ravshanroq ko‘rinadi. Ammo buning bilan boshqa turdagi leksik birliklar (shu jumladan, deyktiklar) lug‘aviy ma'noga ega emas deyishga ham jur'atim yetmaydi. Har bir lisoniy birlik, so‘zsiz, lug‘aviy ma'noga ega. Bundan deyktik belgilar, shu jumladan, olmoshlar ham mustasno emas.
Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi N.Yu.Shvedova til lug‘at tizimining tabaqalanishi daraxt shaklida tus olishini uqtirib, ushbu daraxtning tepasi eng mavhum va umumlashgan (global) ma'no – mazmunga intilishini ta'kidlaydi. O‘ta mavhumlashtirilgan tushunchalar harakat yoki holat, harakat turi yoki hol, miqdor, me'yor, makon, zamon, chegara, maqsad, sabab kabilardir. «Tilda ushbu tushunchalar va ularning doimiy o‘zgarishlarini doimiy ifodalash uchun mo‘ljallangan so‘zlarning yopiq tizimi mavjud: olmoshlar guruhi aynan shu sinfga oid» (Shvedova, Belousova 1995: 6). Ayniqsa, muallifning keyingi ishida olmoshlar guruhidagi so‘zlar tizimining «yopiqligi» va barcha turdagi umumiy tushunchalarni ifodalashning boshlang‘ich nuqtasi ekanligi yanada ta'kidlanadi. Zero, «bu tizimning mavhumlik darajasi boshqa sinflarnikidan o‘ta ustun: u (olmoshlar tizimi-Sh.S.) boshqa so‘zlar ma'nosi va o‘zaro munosabatlariga mazmun baxsh etadi. Olmoshlar guruhi – ma'noni mavhumlashtirishni ta'minlovchi vositadir» (Shvedova 1998: 8).
Shu jihatdan olganda, B.Rasselning barcha turdagi deyktik iboralarning mazmunini this «bu» olmoshi vositasida tavsiflash borasidagi harakatini ham to‘g‘ri anglab, ma'qullash mumkin. Inson borliq idrokining asosiy (balki yagona) me'yori va o‘lchov nuqtasidir, bunday idrok jarayoni doimo «antropometrik tamoyil» (Teliya 1988) nazoratida kechadi, u o‘zi idrok etayotgan voqyelik parchasiga «bu» ko‘rsatkichi bilan ishora qiladi. Ammo mantiqshunoslarning deyktik iboralarni yagona bir maxrajga to‘plash va ularning ma'nosini alohida bir lisoniy birlik vositasida ta'riflash yo‘lidagi harakatlari (B.Rassel barcha deyktik iboralarni «this»-«bu» olmoshli iboralarga o‘zgartirish mumkinligi haqida gapirgan bo‘lsa, H.Rayxenbax esa I «men» olmoshi «men» so‘zi belgisini talaffuz qilayotgan shaxs» tuzilmasi vositasida tavsiflashni taklif qilgan) tilshunoslarga unchalik ma'qul kelmaganligi ham ma'lum (Lyons 1977: 639; Bar-Hillel 1970: 77-78; Burlakova 1988: 86).
Lisoniy tahlilni mantiq bilan bog‘lashda lisoniy belgilarning tabiati va ularning inson faoliyati uchun muhim bo‘lgan nutqiy muloqot matnida tutgan o‘rni, mohiyatiga e'tibor bermaslikning imkoni yo‘q. Masalan, «Men hozir 26 yoshdaman va o‘tgan yili uylanganman» va «Men hozir 27 yoshdaman» tuzilmalarining zaminida bir xil propozitsiya turishi yoki turmasligini aniqlash uchun ushbu tuzilmalar qaysi kontekstda, muloqot sharoitida qo‘llanilayotganligini bilmoq kerak. Matn (kontekst) propozitsiyani «maxsuslashtiruvchi», uni voqyelantiruvchi vositadir. Pragmatikaning mantiqan semantikani ta'minlashi, undan oldinroq harakatga kelishi ham xuddi shunda namoyon bo‘ladi.
Deyksis hodisasining pragmatik mohiyatini va uning mazmun ifodalash imkoniyatining bevosita muloqot matni bilan bog‘liq ekanligini S.Levinson quyidagicha ta'riflaydi:
«Aslini olganda, deyksis tilda nutqiy harakat konteksti yoki nutqiy hodisa xususiyatlarining aks topishi va grammatikallashuviga (grammaticalization) taalluqlidir. U (deyksis), xuddi shuningdek, muloqot matni tahlili bilan bog‘liqdir. Shunga nisbatan this («bu») olmoshi biror bir real mavjud ob'ektni atamaydi; to‘g‘rirog‘i, u aniq bir kontekstda so‘z yuritilayotgan voqyelik ob'ektining o‘rindoshidir» (Levinson 1983: 54).
Ushbu ta'rifda bizning e'tiborimizni alohida jalb qilgan narsa – grammatikalashtirish hodisasidir. Darhaqiqat, ongda yuzaga kelgan tushuncha va konseptual qoliplarning lisoniy voqyelanishi ularga lisoniy shakl, tus berishni taqozo etadi. Nutqiy tuzilma esa to‘liq mazmunga ega bo‘lish uchun grammatik shakl olishi kerak. Shuning bilan birgalikda, nutqiy tuzilmaning muloqot birligiga aylanishi va matndan o‘z o‘rnini topishi uchun uning grammatik shaklga ega bo‘lishi yetarli emas. Ushbu tuzilma matnga mos kelishi, umumiy kommunikativ maqsadga erishish ehtiyojini qondirishi lozim bo‘ladi. Xuddi shu talablar umumlashmasi, grammatikallashtirish hodisasidir. Misol tariqasida «Hoy, sen hoziroq o‘sha yerga yetib bor!» gapini olaylik. Buyruq intensiyasini hosil qiluvchi ushbu nutqiy aktning pragmatik mazmuni so‘zlovchi tomonidan shaxs, makon va zamon deyktik iboralarini qo‘llashi bilan bog‘liq. Bu yerda buyruq yo‘naltirilgan shaxs – adresat «sen» shartli belgisi vositasida kodlashtirilgan; «o‘sha yerga» shartli belgisi so‘zlovchiga nisbatan olingan joy, makonni kodlashtiradi; «hoziroq» esa nutqiy harakat bajarilayotgan paytga nisbatan belgilanayotgan zamon tushunchasidir. Bundan tashqari, «etib bor» bo‘lagini ham so‘zlovchiga nisbatan olingan makon sari harakatning shartli ifodasi sifatida talqin qilish mumkin.
So‘zlovchi o‘z kommunikativ maqsadiga erishish uchun barcha shartli lisoniy belgilarni jo‘yali, o‘z o‘rnida ishlata olishi darkor. Faqat shundagina u tinglovchini buyruq ijrosiga unday oladi. Xuddi shuningdek, tinglovchi – adresat ham grammatikalashtirish usul va vositalari bilan tanish bo‘lgan holdagina nutqiy harakat mazmunini anglaydi, shartli belgilarni mantiqan idrok etadi va ularning sirli, yashirincha ma'no jilolarini ocha oladi.
Grammatikalashtirish hodisasining pragmatik tavsif uchun ahamiyatini yana bir misolda ko‘rish mumkin. Ingliz faylasufi David Kaplan deyktik iboralarning turli nutqiy vaziyatda va turli kontekstda qo‘llanishidagi farqini o‘rganayotib, «I was insulted yesterday» «Meni kecha xafa qilishdi» nutqiy birligi bugun yoki ertaga aytilishiga nisbatan deyktik ibora (yesterday «kecha») turli mazmun olishiga diqqatni jalb qilmoqchi. Olim nutqiy birlikning ma'lum vaziyatda faollashuvida yuzaga keluvchi ma'noni content «mazmun» deb ataydi. Menimcha, u lisoniy birlikka mohiyatan xos bo‘lgan ma'noni nazarda tutayotgan bo‘lishi kerak. Matndagi mazmun o‘z-o‘zidan xazm bo‘lmaydi, lisoniy birlik uchun tabiatan xos bo‘lgan shunday ma'no xususiyatlari mavjudki, ular har bir nutqiy tuzilmaning ma'lum sharoitda, u yoki bu mazmunda voqyelanishini ta'minlaydi. D.Kaplan bunday ma'noni character «xususiyatlar mundarijasi, mundarijali ma'no» sifatida qarashni taklif qiladi: «har qanday iboraning mundarijasi lingvistik qonuniyatlar asosida shakllanadi va u (mundarija) nutqiy iboraning kontekstdagi mazmunini belgilaydi» (Kaplan 1989: 505).
Lisoniy birliklar ma'nosining tabiatan va mohiyatan mavjud bo‘lishiga hyech qanday shubha yo‘q. Biroq «mundarijaviy ma'no» va «matndagi ma'no»ni o‘zaro farqlash qiyin muammo. Tilshunos, mantiqshunos va semiotiklarning bu boradagi munozaralari aniq bir natija berganicha yo‘q. Bahs bahsligicha qolmoqda. Menimcha, ushbu bahsni davom ettirishning eng ma'qul yo‘li bu – ikki turdagi ma'noning o‘zaro munosabati va ularni shakllantiruvchi omillar, lisoniy hamda nolisoniy faktorlarning tutgan o‘rni masalasini o‘rganishdir. Zero, lisoniy faoliyatning har qanday ko‘rinishi bir-birini taqozo etadi. Til tizimisiz nutqiy muloqot tizimi hosil bo‘lmaydi va aksincha, nutqsiz til tizimi qaerdan «ozuqa» olishini bilmaydi. Xuddi shuningdek, til tizimida mavjud bo‘lgan deyktik vositalarning mundarijaviy mazmuni ham nutqiy muloqot jarayonida yaratiladi va namoyon bo‘ladi.
Deyktik iboralarning semantik va tizimiy xususiyatlari o‘ziga xosdir. Yuqorida deyksis tizimining egotsentrik tartibga ega ekanligi aytilgan edi. Deyktik iboralar kommunikativ hodisa – uzatilayotgan axborotning ma'lum qismlarini alohida ta'kidlash, aniqlashtirish uchun xizmat qilishadi. Deyktik markazni tarkib toptiruvchi qismlar quyidagilardan iborat: 1. Markaziy shaxs – so‘zlovchi; 2. Markaziy vaqt (zamon) – nutqiy harakat ijro etilayotgan vaqt; 3. Markaziy makon – so‘zlovchining nutqiy harakat bajarilayotgan paytdagi o‘rni; 4. Ijtimoiy markaz – so‘zlovchining ijtimoiy mavqyei (Levinson 1983: 64).
Har qanday holatda ham to‘rt o‘lchovli maydon sifatida tasavvur qilinayotgan deyktik maydonning markazida so‘zlovchi shaxs turadi. Kechayotgan hodisa haqidagi axborotni ma'lum qilayotgan shaxs zamon va makonni o‘zi egallagan o‘ringa, vaqtga nisbatan belgilaydi. Suhbatdoshlarning ijtimoiy mavqyei ham so‘zlovchiga nisbatan belgilanadi. Voqyelikni idrok etayotgan, uning haqida fikr yuritish istagidagi so‘zlovchi masofa o‘lchovini o‘zidan boshlaydi va voqyea makonlari joylashuvini aniqlaydi. Vaqt o‘lchovi ham so‘zlovchidan boshlanadi, ma'lum qilinayotgan voqyea qismlarining «vaqt chizig‘i»dagi joylashuvining mantiqiy modeli so‘zlovchi tasavvurida qayta ishlanib, lisoniy tus oladi. Boshqacha aytganda, voqyeaning o‘tgan, hozirgi, kelgusi zamonda kechishini (kechganligi, kechayotganligini) belgilashda so‘zlovchining mantiqiy tafakkur faoliyati muhim o‘rin tutadi. Nihoyat, deyksis hodisasining ijtimoiy belgilari haqida gapiriladigan bo‘lsa, muloqot ishtirokchilarining roli, ularning ijtimoiy tabaqalanish darajalari ham so‘zlovchi-adresat munosabatida aniqlanadi. Bularning barchasi, menimcha, deyktik iboralarning (ayniqsa, olmosh va ravishlarning) paydo bo‘lishi masalasiga bir oz bo‘lsa-da oydinlik kiritishi mumkin. Zero, tilning asosiy vozifasi muloqot vositasi sifatida xizmat qilish bo‘lsa, unda kommunikativ mazmunni ifodalashning asosiy vositalari bo‘lgan deyktik belgilar boshqa lisoniy belgilardan oldinroq paydo bo‘lishgan emasmikan!? Yoxud deyksis tizimi lisoniy faoliyatni ta'minlovchi, til tizimi markazida turuvchi hodisa, deb e'tirof etilishi mumkinmi!?
Ushbu savollarning ritorik ruhda qolishini istamasdim. Zero, voqyelik idrokida qaerga? qaerda? qaergacha? qachon? qachongacha? qanday? qay yo‘sinda? nima uchun? kabi savollarga javob izlashga majburmiz. Bu tarzdagi savollarning tug‘ilishga sabab voqyelik idroki ShAXS bilan bog‘liq ekanligida. U voqyelikni o‘z ko‘z o‘ngida, tasavvurida kechayotgan hodisa sifatida qabul qiladi, uni o‘ziga, o‘z shaxsiga nisbatan baholab, bayon qiladi. Shuning uchun ham nutqiy tafakkur va lisoniy ong markazida idrok ShAXSi turadi, uning MeNi axborotning lisoniy bayoni uchun boshlang‘ich nuqtadir. Bu markaz voqyelik bayonida KIM savoli orqali tavsiflanadi. Shuning uchun ham voqyelik bayonida zamon – makon – ijtimoiy mavqye markazlari muloqot ShAXSi tomonidan belgilanib, yagona deyktik maydonni tashkil qiladi.
Deyktik iboralarning til ontogenezisida muhim o‘rin egallashi ularning go‘daklar nutqida ilk bosqichlarda paydo bo‘lishidan tashqari, bu iboralarsiz to‘laqonli muloqotning kechishini tasavvur qilishning o‘zi qiyin. Biz ko‘pincha yosh bolalarga va katta yoshdagilarga til o‘rgatishda lisoniy birliklar (masalan, so‘zlar) ma'nosi yetarli deb hisoblaymiz. Ammo lisonni o‘zlashtirishni bunday o‘ta soddalashtirish noto‘g‘ri xulosadir. Yosh bola «soat 1030» tuzilmasining mazmunini anglashi uchun lisoniy belgilar ma'nosini bilishi yetarli emas. U «hozir», «bugun», «mening», «sening», «bu», «shu yerdagi», «kechagi». «oldingi» kabilar vositasida voqyelanadigan kontekst ko‘rsatkichlarini ham bilishi talab qilinadi. Shu qatordagi deyktik iboralarning qaysi vaziyatda, qanday sharoitda qo‘llanishini bilmasdan turib, «soat 1030» nutqiy tuzilmasi mazmunini voqyelik bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Lisonni bilish, uning sohibi bo‘lish, hayotiy faoliyat turlarini bilishdir. Til ta'limi ham ijtimoiy, kundalik faoliyatda mavjud bo‘lgan va yangidan yuzaga keladigan hodisalar, vaziyatlarni anglash va ularni lisoniy bayon qilish malaka-ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilmog‘i kerak. Axir biz o‘quvchilarga yangi so‘zlar, iboralarni tushuntirayotganimizda, yangi voqyelikni tushuntiramiz-ku! Bu voqyelik bayonini muloqot muhiti bilan bog‘lash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan o‘quvchigina lisoniy bilimga ega bo‘lishi mumkin. Lisoniy faoliyat inson ongli faoliyatining ajralmas qismi. U lison va ijtimoiy tajriba uyg‘unligida kechadi. Til ta'limining kognitiv asoslari aynan shu tamoyilga asoslanadi.
Keling, deyktik iboralarning tizimiy xususiyatlariga qaytaylik. An'anaga binoan farqlanib kelinayotgan asosiy guruhlar shaxs, zamon va makon deyktik iboralaridan iboratdir.

Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə