7-mavzu. Pragmatik va semiotik jarayon Rеja



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə20/20
tarix30.12.2023
ölçüsü0,6 Mb.
#165406
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
hamma mavzular

Sotsial deyksis. Deyksis kategoriyasini pragmalingvistikaning asosiy tadqiq ob'ektlaridan biri sifatida qaragan G.Yul, shaxs deysisining uch qismli ekanligini («men», «sen», «u») qayd etayotib, e'tiborni dunyoning ko‘pgina tillarida so‘zlovchi, adresat va uchinchi (kuzatuvchi yoki muloqot ishtirokchisi bo‘lmagan) shaxs jamiyatda tutgan ijtimoiy mavqyeiga nisbatan nomlanishlariga e'tiborni qaratadi. Eng asosiysi, bu tillarda shaxs ijtimoiy mavqyei maxsus lisoniy birliklar, grammatik shakllar vositasida ifodalanadi. «Honorifiklar» (honorific) deb atalayotgan ushbu birliklarning nutqiy muloqot matnlarida qo‘llanishi sotsial deyksis hodisasining namunasi sifatida talqin qilinadi (Yule 1996: 10-11).
Sotsial deyksisni faqatgina Janubiy-Sharqiy Osiyo tillarida (masalan, xitoy, yapon, koreys tillari) tarqalgan maxsus grammatik shakllar – «honorifik»lar tizimi bilan bog‘lash ushbu hodisaning tor ma'nodagi talqiniga sabab bo‘lishi mumkin. Menimcha, Ch.Fillmorning sotsial deyksisni «gaplarning nutqiy akt ijro etilayotgan ijtimoiy muhitning amaliyligi bilan shartlangan va ushbu amaliylikni aniqlab, aks ettiruvchi xususiyatlariga oid hodisa» (Fillmore 1975: 78), deb qarashi ancha haqiqatga yaqindir. Ammo ushbu ta'rif ham to‘liq darajada qoniqarli emas. Birinchidan, sotsial deyksis mazmunini gap doirasida emas, balki muloqot matni tarkibida hosil bo‘luvchi fakt sifatida qarash lozim. Ikkinchidan, kommunikantlar ijtimoiy mavqyesining qaysi belgilari qanday holatlarda kommunikativ munosabatlarda aks topib, matn tarkibida lisoniy voqyelanish darajasiga yetib kelishini e'tiborga olmasdan turib, sotsial deyksisning mundarijasini va mohiyatini yoritib bo‘lmaydi.
Fikrimni isbotlash uchun G.Yul keltirgan bir misolga murojaat qilmoqchiman. Ma'lumki, hozirgi zamon ispan tilida 2-shaxs olmoshlari, xuddi o‘zbek tilida bo‘lganidek, «sen» va «siz» ko‘rinishiga ega: «tu»/ «usted». Ammo hozirgi paytda hurmat ma'nosida qo‘llanilayotgan «Usted» tarixan uchinchi shaxs olmoshi bo‘lgan. Muloqot jarayonida uning ishtirokchilari o‘rtasidagi kommunikativ masofani ifodalashga bo‘lgan ehtiyoj uchinchi shaxs olmoshining vazifaviy ko‘chishiga sabab bo‘lgan va Usted sotsial deyksisning ifoda vositasiga aylangan. Aynan shunday vazifaviy ko‘chish holatlari o‘zbek tilida ham kuzatiladi: «O‘zlari keldilarmi?!» («Keldingizmi?!» ma'nosida) yoki «Unga gapiraman, sen eshit» qabilidagi «O‘rinlarini yig‘ishtirib olsalar, yaxshi bo‘larmidi?!» bilvosita nutqiy aktlaridir.
Lison borliqni idrok etish va uning haqida axborot uzatish vositasi ekanligi haqida gapirildi. Ammo lison borliqni aynan aks ettirmaydi, u borliq bilan o‘z ichki tuzilishi orqali munosabatda bo‘ladi. Tillar o‘z tuzilishi va grammatik qurilishi bilan farq qiladilar. Hind-yevropa va turkiy tillar oilalariga mansub tillar grammatik tizimida birlik va ko‘plik (ba'zan juft) son shakllari mavjud bo‘lgan bir paytda, Janubiy-Sharqiy Osiyo tillarida idrok qilinayotgan xususiyatlarning sonini ko‘rsatish shart emas. Shuningdek, oxirgi guruhdagi tillarda fe'llar shaxs kategoriyasiga ega emas, ammo ularda sotsial mavqye tizimiga ishora qiluvchi shakllar mavjud. O‘zbek tilida ham fe'l shakllarida hurmat kategoriyasi o‘z ifodasini topadi («Janobi oliylari tashrif buyurdilar»), ammo ot tizimida, german va roman tillarida bo‘lganidek, aniqlik /noniqlik ma'nolari grammatik ko‘rinishni olmaydi. Masalan, ingliz tilidagi A house is on the hill gapidagi noaniqlik mazmuni «Tepalikda qandaydir bir uy turibdi» qabilida tushunilsa, The house is on the hill gapi esa «(Bu, o‘sha) uy tepalikda turibdi» ko‘rinishida o‘giriladi.
Lisonning borliqni idrok etishdagi rolining muhimligini uqtirgan E. Sepir o‘z paytida, bu idrokni lison ishtirokisiz kechishi mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaslikka chaqirgan edi: «Odatda, o‘ylaganlaridek, insonlar ob'ektiv dunyoda va ijtimoiy faoliyat dunyosida oddiygina emas, balki ular katta miqyosda ushbu jamiyat uchun ifoda vositasi xizmatini o‘tayotgan tilning ta'siri ostida yashaydilar. ... aslida, ushbu «ob'ektiv borliq» beixtiyor ma'lum guruhga xos bo‘lgan lisoniy normalar (me'yorlar) doirasida tarkib topadi. Biz u yoki bu hodisalarni asosan bizning jamiyatimizda barqaror bo‘lgan lisoniy me'yorlar aynan shu ifoda shaklini tanlaganligi sababli xuddi shu yo‘sinda ko‘ramiz, eshitamiz hamda idrok etamiz». Ustozining ushbu ta'rifini o‘z maqolasiga epigraf sifatida tanlagan Benjamin Uorf lisonning inson faoliyatiga ta'sirini uning qo‘llanishidagi umumiy qonuniyatlardan izlash bilan chegaralanib qolmasdan, balki hodisalar bahosida ham ko‘rish lozimligini alohida ta'kidlaydi (Uorf 1960: 198).
Keyinchalik tilshunoslar tomonidan «Sepir-Uorf farazi» deb nomlangan ushbu g‘oyani eslatishimdan maqsad – sotsial deyksis mazmuni va ifodalanishini faqatgina grammatik shakllar tizimidan izlash shart emasligini isbotlashdir. Ushbu mazmunni ifodalovchi manba turli tillarda turlicha bo‘lishi aniq, har qanday tilda so‘zlashayotgan shaxs axborot uzatish bilan bir qatorda ushbu axborotga hamda muloqotdoshga bo‘lgan munosabatlarini ham bildirishga majbur. Suhbatdoshga nisbatan bildirilayotgan munosabat yashirin yoki ochiq, ijobiy yoki salbiy, bevosita yoki bilvosita va boshqa ko‘rinishlarga ega bo‘lishi mumkin. Bu turdagi munosabatlarning barchasi sotsial deyksis hodisasi mundarijasida o‘z aksini topadi. Sotsial deyksisga xos bo‘lgan belgi-munosabatlarning turli ijtimoiy guruh va muloqot muhitlarida turlicha namoyon bo‘lishini ham unutmaslik kerak. Bunday farq hatto muloqot ishtirokchilarining jinsiga ham bog‘liqdir. Masalan, honorifik vositalarning ayollar nutqida ko‘proq uchrashi ma'lum. Yapon ayollari erkaklar faqatgina yuqori tabaqali shaxslarga nisbatan qo‘llaydigan hurmat shakllarini oddiygina notanish shaxslar bilan tanishuv vaziyatlarida ham qo‘llashlari qayd etilgan (Japan 1994: 300).
Har qanday til va madaniyatda sotsial deyksisning ikki asosiy turi o‘z belgisiga ega. Bular, ijtimoiy mavqyening doimiyligi va o‘zgaruvchan yoki nisbiyligi aks topishiga nisbatan, mutlaq sotsial deyksis (absolute) va nisbiy (relational) sotsial deysis yorliqlarini olishgan (Levinson 1983: 90). Sotsial deyksis mazmunining nisbiyligi o‘z navbatida, so‘zlovchining referent, adresat, kuzatuvchi (3-shaxs) va ijtimoiy muhitga bo‘lgan munosabatida, nutqiy faoliyat harakatlarining ular bilan bog‘liq holda kechishida namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, bu bog‘liqliklar ko‘pgina holatlarda ma'naviyat va madaniyat qadriyatlariga qaram holda shakllanadilar. Xususan, ayrim tillarda suhbatdoshlar ijtimoiy mavqyeining grammatik tizimda aks etishini qarindoshlik, urug‘chilik kabi tabaqalanishlar munosabatida ham ko‘rish mumkin. Barcha madaniyatlarda mavjud bo‘lgan murojaatning tabu shakllari (masalan, er-xotinning bir-biriga farzandining ismi bilan yoki «dadasi», «onasi» shakllaridagi murojaati) shunday munosabatlarning lisoniy voqyelanishiga misoldir.
Muloqot shakllarining ijtimoiy muhit bilan bog‘liqligi haqida risolaning oldingi bobida ancha batafsil gapirildi. Bunda muloqotning rasmiy va norasmiy ruhda kechayotganligi alohida e'tiborga loyiq. Chunki rasmiy va norasmiy munosabatlarning grammatik va lug‘aviy birliklar vositasida belgilanishi qariyb barcha tillar uchun umumiy qoidadir. Ammo ba'zi tillar uchun bu qoida o‘ta majburiy xususiyatga ega bo‘lib, ushbu tillar grammatik tizimidan mustahkam o‘rin egallaydi. Bu borada, ayniqsa, yapon va koreys fe'l tizimi alohida ajralib turadi. Birgina «o‘qi!» imperativi yo me (o‘ta qo‘pol), yonde kure (biroz yumshoqroq, o‘zidan past mavqyedagiga buyurilganda), yonde – o-kure (yanada yumshoqroq), yonde yare (qo‘pol, «uchinchi shaxsga o‘qib ber» mazmunida) o-yomi, yonde tyoday, yominasay, yomitamae (norasmiy muloqotda), o-yominasay (bir oz hurmat ma'nosida), yonde kudasay (hurmat shakli), o-yomi kudasay (ehtiromli «marhamat, o‘qing» mazmuniga ega), o-yomi kudasaimasi (o‘ta ehtiromli) kabi shakllarda ifodalanishi mumkin (Alpatov 2003: 73).
Sotsial deyksis belgilari, ayniqsa, marosimiy (ritual) nutqiy faoliyatda yaqqol ko‘zga tashlanadi, zero, bu faoliyatda shaxslar o‘rtasidagi munosabat mutlaq (absolyut) ko‘rinishni oladi. Bu munosabatlar doirasida muloqot ishtirokchilarining ijtimoiy mavqyeini farqlashda tinglovchi va so‘zlovchining tabaqasi bir xilda e'tiborga olinadi hamda shunga nisbatan ularga vakolat beriladi. Bunday vakolatlarni farqlash rituallashgan nutqiy faoliyat kechishining asosiy me'yorlaridan biridir.
Rituallashgan nutqiy afoliyatning talabi jamiyatda qabul qilingan etiket qoidalariga amal qilish va «ma'lum hududdagi o‘yin qoidalarini bilishdir» (Zeretskaya 1998: 48). Ushbu turdagi nutqiy faoliyat muloqotning qat'iy tartibga tushirilgan barcha turlariga oid bo‘lishi mumkin. Uning salomlashish, tabriklash, tashakkur izhor qilish, hamdardlik bildirish kabi turlari bilan bir qatorda, nikoh o‘qish, duo o‘qish kabi murkkablashgan turlari ham mavjud. Rituallashgan nutqning eng murakkab ko‘rinishlari sifatida parlament muloqoti, diplomatik muloqot, davlat rahbarlarining maktub almashinuvlari kabilarni keltirish mumkin. Muloqotning oddiy turlarida sotsial deyksis belgilari ma'lum sharoitlarda o‘zgarib turishi mumkinligi ma'lum. Ammo ritual nutqda bu narsa qariyb kuzatilmaydi, sotsial deyksis mazmunan va shaklan turg‘un ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Demak, sotsial deyksis muloqotning samarali kechishini ta'minlovchi hodisalardan hisoblanadi. Ammo ushbu hodisaning mohiyatini aniqlashda «o‘lchov me'yori» sifatida faqatgina nutq muallifining ijtimoiy mavqyeiga murojaat qilish yetarli emas. Muloqot shaklida tinglovchining mavqyei ham muhim o‘rin egallaydi. Bunday yondashuv sotsial deyksisning pragmatik hodisa sifatida mavjudligiga hyech qanday shubha qoldirmaydi hamda Sankt-Peterburg universitetining marhum professori V.V.Burlakovaning muloqot jarayonida «so‘zlovchining o‘zgarishi va uning o‘rnining o‘zgarishi shaxsning ijtimoiy statusiga ta'sir o‘tkazmaydi», degan da'vosi (Burlakova 1988: 88) qanchalik asossiz bo‘lganligidan darak beradi. Yaxshisi, ijtimoiy mavqye doimiy va o‘zgaruvchan xususiyatga ega bo‘lgani kabi matnda sotsial deyksis belgilari ham ko‘chib turishi mumkin, desak ma'qul bo‘larmidi?!
Deyksis hodisasining tabiati va vazifaviy xususiyatlari haqida ushbu bobda bildirilgan mulohazalarni umumlashtirish va yakunlash payti keldi, menimcha.
Deyksisning kategorial belgilari va ifoda vositalarini qiyosiy-tipologik tilshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq qilish niyatini ko‘zlagan hamyurtimiz professor Sotiboldi Raximov qariyb 20 yil oldin ushbu hodisaning til tizimining qaysi sathiga oidligini aniqlash muammosini muhokamaga qo‘yganligini bilamiz (Raximov 1988). Bu muammo ustida bosh qotirgan olim til tizimi bilan bir qatorda til birliklarining qo‘llanishi tizimi ham mavjudligini qayd etadi, bu tizim til birliklarining nutq tarkibiga kirishi va uning tuzilishida ishtirok etishini ta'minlovchi qoidalar majmuasidan iborat. Deyksis aynan shunday til birliklari qo‘llanishi tizimining bir qismi bo‘lib, matnning mazmuniy yaxlitligini ta'minlovchi vositadir. Deyksis vositasida matn mazmuni zamon va makon mo‘ljallariga ega bo‘ladi, uning modallik xususiyatlari shakllanadi (O‘sha asar, 74-76 b). Hamkasbimning ushbu fikriga izoh berish istagida aytmoqchimanki, haqiqatdan ham deyksis iboralarining barcha vazifaviy xususiyatlari muloqot matnida namoyon bo‘ladi hamda u matn mazmunini tarkib toptiruvchi eng muhim vositadir. Shu o‘rinda prof. S.Raximov ko‘targan muammoning o‘zi mavjudmikan yoki unga javob topish muhimmikan? degan savolning tug‘ilish mumkinligini unutmaslik kerak. Xo‘sh, bunday savolga qanday javob berish lozim?!
Siz o‘qiyotgan bobning boshida Y. Bar-Hillel ishiga berilgan havolani yana bir bor eslang. I am hungry «Men ochman (och qoldim)» va Ice floats on water «Muz suvda suzayapti» gaplarini qiyoslagan olim bu gaplar mazmunini aniqlashda ikki yo‘lni tanlashni taklif qiladi. Deyktik tuzilma sifatida qaralayotgan birinchi gapning to‘liq ma'nosi kontekstga, uning qo‘llanish matniga bog‘liq holda aniqlanadi. Ikkinchi gap («Muz suvda suzayapti») ma'nosining matnga bog‘liq emasligini olim ushbu gapning har qanday kontekstda ham o‘z ma'nosini saqlashi, o‘zgartirmasligi bilan isbotlamoqchi. Bu gaplardan birinchisining mazmun tadqiqini pragmatika qaramog‘iga o‘tkazib, ikkinchisini semantikaga qoldirgan Y. Bar-Hilleldan (Bar-Hillel 1970: 69-70) unchalik xafa bo‘lmaslik kerak. Chunki lisoniy birliklar ma'nosini ular faollashadigan matndan uzib qo‘yish va mavhum hodisa sifatida talqin qilish bizning fanimizning uzoqdan davom etayotgan an'anasidir. Zamonaviy tilshunoslik bu an'anadan uzoqlashayotgan bir paytda, yana ma'noning qaysi tizimga va sathga oidligi masalasiga alohida e'tibor berishga qanchalik ehtiyoj bor ekan?!
Bu ehtiyojning tug‘ilishi ham bekorga emas. Yunon faylasufi Demokrit «hyech bir narsa sababsiz paydo bo‘lmaydi, aksincha, hamma narsa ehtiyojga nisbatan paydo bo‘ladi va biror bir asosga ega bo‘ladi» deganidek, inson tafakkurida hosil bo‘ladigan savol va muammolar ham tashqi dunyodagi predmet va hodisalar bog‘liqligini aks ettiradi. Har bir hodisa oldingi hodisa ta'sirida shakllanadi, dastlabki «tayyorgarlik» bosqichidan o‘tadi. Lisoniy hodisalarni tizimlararo va sathlararo taqsimlash harakatining tug‘ilish ham o‘z sababiga ega. Lisonning yaxlitligini isbotlash uchun uning tizimiy xususiyatlarini topish kerak edi. Tizimiy xususiyatlar mavjudligini isbotlash uchun ushbu tizim tarkibidagi qismlar va birliklar munosabatini aniqlash talab qilinadi. Xuddi shu yo‘sindagi talablarni qondirish yo‘lidagi izlanishlar til tizimini sathlarga ajratish va sathlararo munosabatlarni hosil qiluvchi manbalarni aniqlash an'anasini tug‘dirdi. Sistem tilshunoslikning bu an'anasini qoralab bo‘lmaydi, zero, bu yo‘nalishda bajarilgan tadqiqotlarning ilmiy-amaliy ahamiyati kattadir. Tilshunoslik fani bu bosqichdan o‘tmaganida, lisoniy hodisalar tabiatini va umuman til qurilishining o‘ziga xos xususiyatlarini batafsil yoritish imkoniga ega bo‘lmas edi. Ammo «tizim» tushunchasini xuddi strukturalizmning «o‘ta tajovuzkor» oqimlarida bo‘lganidek, bir tomonlama, chegarali hodisa sifatida talqin qilish lisoniy hodisalar mohiyatini faqatgina ma'lum bir kichik tizim, guruh doirasida namoyon bo‘luvchi xususiyatlar jamlanmasi sifatida ta'riflashga olib kelmasmikan?!
Bunday xavfning mavjudligi risolaning dastlabki qismlarida ham eslatilgan edi. Afsuski, til va nutqni bir-biridan keskin farqlash, tizimlilikni faqatgina tilga xoslash, nutqni esa xususiylikdan iborat hodisa sifatida talqin qilish harakati hozirgacha davom etmoqda (qarang: Musulmonova 2007: 9). Qiziq, nutq tizimiy belgilardan mahrum bo‘lsa va u faqatgina xususiyliklar to‘plamidan iborat bo‘lsa, unda insonlar bir-birlarini qanday tushunishadi?! Qolaversa, lisonning tizimliligi uning nutqiy faoliyatga ko‘chishi jarayonida qayoqqa yo‘qoladi?! Menimcha, bu savollarni javobsiz qoldirish mumkin emas. Axir «bordan yo‘q bo‘lmaydi» deganlaridek, mavjud hodisa (sistemlik) o‘z-o‘zidan yo‘qolishning o‘rniga boshqa bir ko‘rinishda nutqda ham saqlanmaydimi?
Bir vaqtlar Arastu «U o‘tiribdi» kalimasi mantiq jihatidan har qanday holatda yagona hukm (fikr) bo‘lib qolishini, ammo «vaziyat o‘zgarishiga nisbatan ba'zan rost yoki yolg‘on bo‘lishi» mumkinligini qayd etib o‘tgan edi (Aristotel 1978: 5,4a 34-4v2). Bildirilayotgan hukmning haqiqat yoki yolg‘onlik qiymatini belgilash uchun nutqiy faoliyatning zamon va makon ko‘rsatkichlariga tayanish lozimligi boshqa mantiqshunoslar tomonidan ham e'tirof etilgan. Fin mantiqshunosi Yaaakko Xintikka ham Arastu izidan borib, «Yomg‘ir yog‘ayapti» xabarining rost yoki yolg‘onlik qiymati ushbu xabar kecha yoki bugun aytilayotganligi bilan bog‘liq bo‘lishini e'tirof etadi, biroq fin olimi, Arastudan farqli o‘laroq, bu ikki holatda ifodalanadigan fikr (hukm) bir xil emasligini uqtiradi (Xintikka 1980: 396). «Nazariy –o‘yin» semantikasi yo‘nalishining asoschisi nomini olgan fin olimining Arastu bilan kelisha olmaganliklarining ham o‘z sababi bor. Yunon faylasufi nutqiy harakatlarning mantiqiy qiymatini aniqlashda substansional nuqtai nazardan yondashgan bo‘lsa, Ya.Xintikka va uning izdoshlari substansiyaning turli atributlar (ko‘rinish, xususiyatlar) olishini va bu atributlarning o‘zgaruvchanligi substansiya xususiyatlari majmuasiga ta'sir o‘tkazishini e'tiborga olish lozimligini uqtiradilar (ya'ni voqyelikdagi faktlarning o‘zgarishi axborot mazmuniga ta'sir o‘tkazadi). Darhaqiqat, yagona propozitsiya negizida shakllanadigan nutqiy harakatlarning mantiqiy qiymatining ko‘chishi va turli vaziyatlarda turlicha mazmun ifodalay olish qudrati lisonning botiniy imkoniyatlari namunasidir. Zahiradagi imkoniyatgina yuzaga chiqishi mumkin. Albatta, bunday zohiriylashuv kerakli sharoit mavjud bo‘lishini taqozo etadi. Mana buni til va nutqning tizimiy munosabatlari desa bo‘ladi. Nutqiy faoliyatning tizimiyligi til tizimi imkoniyatlarida reallashadi va voqyelanadi. Ushbu tizimiy munosabatlar bo‘lmagan taqdirda, nutqiy faoliyat samarasiz kechib, suhbatdoshlar bir-birlarini tushunmas edilar.
Til va nutqning tizimiy munosabatlari negizida lisoniy birliklarning ma'no va mazmun munosabati, boshqacharoq aytganda, semantika va pragmatikaning uyg‘unlashuvi yuzaga keladi. Masalan, «Bu kitob qiziqarli» gapining mazmunini, axborot uzatish jarayonidagi qiymatini aniqlash uchun aynan qaysi kitob haqida so‘z ketayotganligini bilish kerak bo‘ladi. Ushbu gapning propozitiv ma'nosiga «bu» deyksisi qo‘shimcha qiymat bag‘ishlagan va shu vosita uning mazmunini muloqot matnida voqyelanishiga ko‘mak beradi. Xuddi shuningdek, «Taqsirimga ovqat suzib beraymi?» gapining ona lahjasida eshitilishi bolaga nisbatan mehrni ifodalovchi emotsional deyksis hodisasini ifodalaydi. Ayrim mutaxassislar deyksisning kinoya (ironiya) mazmunida qo‘llanishi sifatida qarayotgan ushbu hodisani til tizimi zahirasining nutqiy muloqot tizimida faollashuvi natijasida yuzaga keladigan hodisalar qatoriga kiritganimiz ma'qulroqdir.
Deyktik iboralarning «jonsiz» (meager) lug‘aviy ma'nosi va ularning aniq referensiya (determinate reference) o‘rtasida bo‘shliq borligini qayd etgan hamda ushbu bo‘shliq ustidan qanday «ko‘prik» qurish ustida bosh qotirgan Hovard Uettshtaynga (Wettstein 1991: 161) «keling, birodar, bu ko‘prikni til va nutqning tizimiy munosabatlari poydevoriga qo‘yaylik», degim keladi.
Deyksis ham xuddi shu ko‘prikning ustunlaridan biridir. Ma'lumki, lison – muloqot vositasi, muloqot faoliyatida shaxs va lison munosabatining yuzaga kelishi muqarrar. Ammo bu munosabatda muloqot, lisoniy faoliyat sub'ekti qanday bir noma'lum, «shaxssiz» kishi emas. Sub'ekt lisoniy belgiga (birlikka) nisbatan munosabatini ifodalashda o‘zining «Men»ini tasdiqlashga harakat qiladi va shu yo‘sinda «tilni butunlay o‘ziniki qilib o‘zlashtirib oladi» hamda so‘zlashuv jarayonida nutqiy harakat vaqti, o‘rni kabilarga ishorani ifodalashga va so‘zlovchini ushbu ishoralarni qabul qilishga, ular bilan moslashmoqqa (muvofiq ish tutmoqqa) undaydi» (Stepanov 1985: 224). Shunga muvofiq, akademik Yu.S.Stepanov lisoniy belgi va muloqot shaxsi munosabati bilan mashg‘ul bo‘ladigan fanni atashda an'anaviy «pragmatika» o‘rniga «deyktika» (yunoncha, dektikos «ta'sirlanuvchan, moyil») atamasini qo‘llashni tavsiya etadi. Bu tavsiya deyksis hodisasining lisoniy faoliyatning pragmalingvistik tahlilida ahamiyatga molik ekanligidan dalolatdir.
Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə