7-mavzu. Pragmatik va semiotik jarayon Rеja



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə18/20
tarix30.12.2023
ölçüsü0,6 Mb.
#165406
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
hamma mavzular

Emotsional deyksis. Voqyelikdagi predmet-hodisalarning idroki bir xilda kechmaydi. Turli shaxslar yagona bir voqyelikka turlicha, o‘z nuqtai nazarlaridan qaraydilar, uni idrok etishda shaxsiy motivlariga ega bo‘ladilar. Har bir shaxsning voqyelikni baholash me'yori (o‘lchovi) mavjud va bu «shaxsiy o‘lchov» to‘g‘ridan-to‘g‘ri nutqiy faoliyatda o‘z aksini topadi. Umumiy tilshunoslik fanining asoschilaridan biri bo‘lgan Vilgelm fon Humboldt predmetlar idroki sub'ektivlik xususiyatiga ega ekanligini va bu sub'ektivlik til qurilishida aks etishini ta'kidlab, so‘zni predmetning aynan aksi emas, balki inson qalbida hosil bo‘lgan timsol (obraz)ning in'ikosi sifatida qarash lozimligini uqtiradi. Har qanday ob'ektiv idrokka sub'ektivlik hamroh bo‘lishini inobatga olib, «har qanday individual insonni, hatto lisonga e'tibor bermagan holda ham, olam idrokida alohida nuqtai nazarga ega deb hisoblash kerak» (Gumboldt 1984: 80). Olmon faylasuf-tilshunosining ushbu fikri ko‘pchilikka ma'qul kelishi aniq edi. Lisonda sub'ektivlik mavzusini davom ettirgan farang tilshunosi Emil Benvenist «lisonda (lisoniy faoliyatda desa ma'qulroq – Sh.S.) insonning o‘rni betakrordir», deb xitob qiladi, chunki «har bir so‘zlovchi shaxs o‘zini nutqda o‘ziga «men» sifatida ishora qilayotgan sub'ektdek tasavvur qiladi» (Benvenist 1974: 294).
Voqyelikning tafakkur va lisondagi aksi, ifodasining sub'ektivligi psixologlar tadqiqotlarida ham o‘z tasdig‘ini topgan. L.S.Vыgotskiy birinchilardan bo‘lib tafakkur faoliyatining affektiv manbalari mavjudligini nazariy jihatdan asoslashga harakat qildi. U «mazmun» («smыsl») tushunchasini lisoniy belgi ma'nosiga nisbatan sub'ektiv shaxsiy tajriba jarayonida tug‘iladigan emotsional munosabatlarni atashda qo‘llashni tavsiya qilgani ma'lum (Vыgotskiy 1956: 369). «Shaxsiy mazmun» (lichnostnыy smыsl) atamasini amaliyotga kiritgan A.N.Leontev (1977) ham his-tuyg‘u sub'ekt faoliyatida paydo bo‘ladigan shaxsiy mazmunni shakllantiruvchi omil, vosita bo‘lishini e'tirof etadi.
Bularning barchasi nutqiy faoliyatning shaxsiga oid tomonlari, individual deyksisning mavjud ekanligidan darak beradi. Bunday deyksis emotsional deyksis ko‘rinishiga ega va u nutqiy muloqot ishtirokchilarining lisoniy faoliyati amallarini belgilab beradi.
Emotsional deyksis shaxsning (aniqrog‘i –lisoniy shaxsning) voqyelik bilan munosabati natijasidir va uning ifoda vositasi til qurilishining turli sathlariga oid lisoniy birliklardir. Dastlab unutmaslik kerakki, emotivlik har qanday nutqiy harakat mundarijasiga xosdir, zero, so‘zlovchi kechayotgan voqyea-hodisa idrokida betaraf bo‘lib qola olmaydi hamda nutqiy bayonida, axborot uzatishda o‘z hissiyotini izhor etishga majburdir. Ammo hissiyot darajasi har xil, uning miqdori tinglovchiga (o‘quvchiga) qaysi darajada ta'sir o‘tkazish va qanday faoliyatga undash maqsadi bilan belgilanadi. Lisoniy faoliyatda emotsionallik va ratsionallik (mulohazakorlik) munosabati nisbatini qadrlash talab qilinadi. Emotsionallikning nutqiy faoliyatda turli ko‘rinish va darajalarda ifodalanishi his-tuyg‘uni izhor etish maqsadi, modallik mazmuni, tonallik (ohangdoshlik) kabi nutqiy birliklar mazmun doirasini shakllantiruvchi hodisalar ishtirokida hosil bo‘ladi. Emotsionallikning nutqiy faoliyatda aks etishi muammolari bilan ko‘p yillardan beri shug‘ullanib kelayotgan hamkasbimiz Volgograd pedagogika universitetining professori V.I.Shaxovskiyning qaydicha, turli so‘zlovchilar qo‘llaydigan emotiv nutqiy tuzilmalarning mazmun va ifoda doiralariga oid xususiyatlari muloqotdoshlarning emotsionallik ifodasiga bo‘lgan ehtiyoji, maqsadi bilan bog‘liq. Bu ehtiyoj esa so‘zlovchi shaxslarning voqyelikka munosabati, uni idrok etish maqsadi bilan belgilanadi. Aynan shu maqsadning lisoniy aks topishi emotsional deyksisning voqyelanishidir (Shaxovskiy, Jura 2002: 45).
Zamonaviy tilshunoslikda deyksis hodisasi keng ma'noda talqin qilinib, uning nutqiy faoliyatning barcha turlariga oidligi e'tirof etilmoqda. Deyktik mazmun kommunikativ harakatning «zamon-makon-ijtimoiy tuguni qo‘shimchasi» (Kravchenko 1992: 88) sifatida hosil bo‘ladi hamda turli shakl, ko‘rinishda namoyon bo‘lish imkoniyatiga ega. His-tuyg‘uning nutqiy faoliyat kechishidagi ta'siri emotsiya deyksisining turli ko‘rinishlarini namoyon qiladi. V.I. Shaxovskiy va uning shogirdlarining fikricha, emotsional nutqiy faoliyatning kechishi to‘rt asosiy xususiyatning o‘zaro munosabati natijasidir. Bunday ko‘rsatkichlar quyidagilardir: 1) so‘zlovchining emotiv maqsadi (intensiyasi); 2) uning hissiyotining modalligi; 3) emotsionallik darajasi; 4) emotsiyaning yo‘naltirilishi, ya'ni mo‘ljali (Shaxovskiy, Jura 2002: 47).
ye.M.Volf emotsional nutqiy birliklarning ikki xil intensiyaga (maqsadga) ega bo‘lishini ta'kidlamoqchi bo‘lgan edi. Birinchi turida tinglovchida ma'lum bir his-tuyg‘u tug‘dirish maqsadi ko‘zlansa, ikkinchisida esa so‘zlovchi o‘z hissiyotlarini ma'lum qilishga harakat qiladi (Volf 1985: 166). Biroq bu ikki turdagi maqsadni bir-biridan ajratish qiyin, har ikkala holatda ham kommunikativ vazifa bir xilda namoyon bo‘ladi va nutqiy harakatdan kutiladigan samara ham yagonadir. Chunki har qanday holatda ham nutq sub'ekti bayon qilinayotgan hodisa va nutq vaziyatiga emotsional baho beradi hamda tinglovchining xatti-harakatiga ta'sir o‘tkazadi.

Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə