Fanidan tayyorlangan o`quv-uslubiy majmua «Vatan tarixi» kafedrasi professor-o`qituvchilaringing yig`ilishida muhokama qilingan va foydalanish uchun tavsiya etilgan


MAVZU: SOVETLAR ANDOZASI ASOSIDA TASSR. XXSR VA BXSR LARNING TASHKIL TOPISHI



Yüklə 0,72 Mb.
səhifə33/39
tarix11.12.2023
ölçüsü0,72 Mb.
#147173
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   39
ҒАФФОРОВ-O\'zbek davlatchiligi

11. MAVZU: SOVETLAR ANDOZASI ASOSIDA TASSR. XXSR VA BXSR LARNING TASHKIL TOPISHI
Reja
1. Turkiston Avtonom Sovet Respublikasining tashkil topishi
2. Xiva xonligining ag‘darilishi. Xorazm Xalq Sovet Respublikasining tashkil
topishi
3. Buxoro amirligining ag‘darilishi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi.
Tayanch so‘z va iboralar. Turkiston Respublikasi, o‘lka konferensiyasi,
Turkiston konstitutsiyasi, Milliy ishlar xalq komissarligi, “Sovet avtonomiyasi”,
Turkiston KP, Turkkomissiya, Turkiston Respublikasi to‘g‘risidagi nizom,
Musbyuro, “Idorai mashrutiya”, Amudaryo bo‘limi, Favqulodda komissiya,
Muvaqqat inqilobiy hukumat, XNK, Butunxorazm sovetlari, BXSR, “YOsh
buxoroliklar”, demokratik kuchlar, Xalq Nozirlar SHo‘rosi, muvaqqat harbiysiyosiy bitim, Buxoro Konstitutsiyasi, BSSR.
Turkistonda hokimiyatning faqat ishchilar va yevropalik millat vakillari qo‘lida bo‘lib qolishi o‘lkadagi barcha demokratik kuchlarning hukumatga bo‘lgan ishonchsizligini kuchaytirib yubordi. Bunga qarshi Markazdagi bolsheviklar hukumati chekka o‘lkalar, shu jumladan Turkistonda ham “sovetcha asosdagi avtonomiya” o‘rnatishga qattiq kirishdi. Bu vazifani amalga oshirish uchun Moskvadan ko‘plab partiya va sovet xodimlari Turkistonga jo‘natildi. Jumladan, P.A. Kobozev O‘rta Osiyoning favqulodda komissari qilib yuborildi.
1918 yil 20 aprel — 1 may kunlari Toshkentda Turkiston o‘lkasi Sovetlarining V s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda “proletar demokratiyasi”ga tegishli tamoyillari bo‘yicha tanlab olingan 251 deputat (shundan 120 tasi tub millat vakillari) ishtirok etdi. S’ezd kun tartibidagi asosiy masala Turkistonda Sovet mafkurasiga asoslangan bolshevikcha avtonomiya yaratish bo‘ldi.
Sovetlarning V o‘lka s’ezdi o‘zining markaziy hokimiyatga tobeligini ochiq namoyon etib, Moskvaga sovet Rossiyasi siyosiy rahbariyatining “barcha inqilobiy shiorlari hayotga qat’iy tadbiq etilishi” ta’kidlanib telegramma jo‘natdi. Bunga javoban V.I.Lenin va I.Stalin zudlik bilan javob telegrammasi yo‘lladilar. Unda quyidagi so‘zlar bor edi: “…sovnarkom sizning sovetlar asosidagi o‘lkangiz avtonomiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz siz boshlagan ishlarni yoqlaymiz va butun o‘lkani sovetlar tarmog‘i bilan qoplaysiz, mavjud sovetlar bilan to‘liq aloqada bo‘lasiz deb to‘liq ishonamiz”.
S’ezd delegatlari Lenin va Stalinning ko‘rsatmalari asosida 1918 yil 30 aprelda “Rossiya Sovet Federatsiyasi Turkiston Sovet avtonom respublikasi” haqida Nizomni qabul qildi. Ushbu Nizomda Turkistonda davlat qurilishi asoslari, uning hududi, oliy qonunchilik va ijroiya organlari, mahalliy organlar tuzilishi, vazifalari va ularning sovet Rossiyasi bilan o‘zaro munosabatlari belgilab berildi. Ushbu Nizom Turkistonda avtonom respublika tuzilganligini qayd etib, unga muvofiq, Buxoro va Xivadan tashqari, Turkiston o‘lkasining geografik chegaralaridagi butun hudud Rossiya sovet federatsiyasining Turkiston Sovet Respublikasi deb e’lon qilindi.
“Nizom”da Turkiston Respublikasi avtonom ravishda boshqarilib, “o‘z xatti-harakatlarini Rossiya Sovet Federatsiyasi markaziy hukumati bilan muvofiqlashtiradi”, deb qayd etildi. S’ezdda “markaziy hukumat bilan o‘zaro munosabatlarni belgilash uchun” besh kishidan iborat komissiya tashkil etish va Moskvaga yuborishga qaror qilindi.
S’ezd sovet Turkistonining qonun chiqaruvchi oliy organi — Markaziy Ijroiya Komiteti (Tur SIK)ni sayladi. 36 kishidan iborat bu komitetning yarmi bolsheviklar, yarmi so‘l eserlar (18 tadan) edi. Ushbu komitet sovetlar s’ezdlari oralig‘idagi davrda o‘lkada oliy hokimiyat vazifalarini bajaruvchi oliy qonunchilik organi bo‘ldi. Turkiston MIK raisi qilib Markazdan hukumatning favqulodda komissari P.A.Kobozev (hamrais qilib A.Salkin) saylandi. Shuningdek, Turkiston XKS tarkibiga 16 kishi (9 ta bolshevik va 7 ta so‘l eser) kiritildi. Mahalliy millat vakillaridan to‘rt kishi – S.Jo‘raboev, S.Yusupov, Sh.Ostonboev va S.Azimboevlar Turkiston MIKga saylanib, S.Tursunxo‘jaev sog‘liqni saqlash xalq komissari sifatida hukumat tarkibiga kiritildilar.
1918 yil 17-25 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiston bolsheviklarining o‘lka konferensiyasi Turkiston kommunist-bolshevik-lar partiyasining I s’ezdi deb nomlandi. O‘lkadagi kommunistik guruhlar ushbu s’ezdda ilk marta tashkiliy jihatdan rasmiylashib, Rossiya KP (b) tarkibidagi Turkiston Kompartiyasiga asos soldilar. S’ezdda 7 kishidan iborat Markaziy komitet saylanib, uning tarkibiga mahalliy komunistlardan Nizomiddin Xo‘jaev ham kiritildi. “Temir qonun”, “po‘latdek kuchli intizom”, “diktatorlik vakolatlari” kabi sinfiy xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Turkiston KP Rossiya KP (b)ga bo‘ysunar edi. Turkiston kommunistlari Markaz bergan har qanday topshiriqlarni so‘zsiz ijro etishlari natijasida Turkiston o‘lkasining Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy qaramligi mustahkam asoslarda shakllandi.
Turkiston avtonom respublikasi sovetlarining VI favqo‘lodda s’ezdi 1918 yil 5-14 oktyabrda g‘oyaviy kurashlar jarayonida kechgan bo‘lsa-da, unda Turkiston MIK maxsus komissiyasi tomonidan tuzilgan Turkiston avtnoom Respublikasining konstitutsiyasi muhokama etildi va tasdiqlandi. Yangi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tuzumni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan ushbu konstitutsiya Turkistondagi quyidagi Xalq komissarliklarini qonun kuchi bilan mustahkamladi: tashqi ishlar, harbiy ishlar, ichki ishlar, adliya, mehnat va ijtiomiy ta’minot, maorif, pochta va telegraf, temir yo‘l, dehqonchilik, oziq-avqat, davlat nazorati, millatlar ishlari, xalq xo‘jaligi Markaziy kengashi.
Konstitutsiyaga ko‘ra, ishchi, soldat va dehqon deputatlarning sovetlari Respublika mahalliy davlat hokimiyati organlari hisoblanib, Turkiston avtonom Respublikasining tarkibida 5 ta: Sirdaryo, Yettisuv, Farg‘ona, Kaspiy orti, Samarqand viloyatlari mavjud bo‘lgan. S’ezdlar orasida viloyat (oblast)ijroya komiteti davlat hokimiyat organi bo‘lib hisoblangan. Markazda va joylarda inqilobiy komitetlar (revkom) ham tuzilib, ular nazorat va reviziya (taftish) qilish, kengashlarni tarqatib yuborish kabi vakolatlarga ega bo‘lganlar. Viloyat kengashlari va ijroiya komitetlari qoshida boshqaruv, harbiy, adliya, mehnat va ijtimoiy ta’minot, xalq maorifi, moliya, pochta va telegraf, yer-suv, oziq-ovqat, davlat nazorati, sog‘liqni saqlash, kommunal sovet kabi bo‘limlar ochilgan.
Konstitutsiyaga ko‘ra, viloyatlar uezdlarga, volost, shahar, qishloq va ovullarga bo‘lingan. Uezd, shahar sovetlari o‘zlarining ijroiya komitetlari va bo‘limlariga bo‘lingan. Qishloq va ovul ijroiya komitetlari esa o‘z bo‘limlariga ega bo‘lmagan.
Rossiyaning Turkistondagi siyosiy hukmronligi, birinchidan, o‘lkada sovetcha asosdagi avtonomiyaning o‘rnatilishi bilan joriy etilgan bo‘lsa, bu jarayonning ikkinchi bosqichi, davlat boshqaruvi asosiy vazifalarining markaziy federal hukumatga topshirilishini konstitutsiya yo‘li bilan rasmiylashtirilishi bo‘ldi. Zero, Turkiston Respublikasi Kosntitutsiya-sining 7-bob, 30-§ ilovasida yozilishicha, mudofaa, tashqi aloqalar, pochta-telegraf, dengiz ishlari, temir yo‘llar, bojxona, savdo-sotiq, sanoat va moliya masalalari markaziy federal hukumat ixtiyorida qoldirilgan edi.
Achinarli tomoni shunda ediki, mahalliy aholining katta qismi o‘lkaning davlat tuzilishini belgilab beruvchi asosiy hujjat bilan hech bo‘lmaganda umumiy tarzda ham tanisha olmadi. Sababi, u mahalliy tillarda e’lon qilinmagan edi. Ushbu hujjatda sovetlarga xos “o‘z taqdirini o‘zi belgilash” Turkistondagi mahalliy aholining mustamlaka holatini o‘zgartirmadi. Davlat hokimiyat organlarining tarkib topgan tuzilmasida, ularni shakllantirishning tor sinfiy tomonli sharoitida ular har qanday avtonomiyaning asosiy negizi bo‘lgan huquqdan-milliy-hududiy birlik aholisining davlat hokimiyatini mustaqil amalga oshirilishi huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega emas edilar. Tadqiqotchilarning fikricha, konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan “sovet avtonomiyasi” o‘z mohiyatiga ko‘ra milliy-hududiy birlik edi.
1919 yilning mart oyida Turkiston respublikasi sovetlarining Favqulodda VII s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unga qadar 1918 yil 10 avgustda (V o‘lka s’ezdida) Milliy ishlar xalq komissarligi bo‘yicha maxsus Nizom qabul qilingan edi. Ushbu Nizomga ko‘ra, Milliy ishlar xalq komissarligida statistika, tashkiliy-tashviqot va madaniy oqartuv bo‘limlari tashkil qilingan edi. Ammo, Turkiston hukumati a’zolaridan Kazakov, Uspenskiy, Salkin kabilar Turkiston MIK qoshidagi milliy ishlar seksiyasini tarqatib yuborishni so‘rab VII s’ezdga loyiha taqdim etdilar. Ular mazkur seksiyani “millatchilikning bir ko‘rinishi” sifatida baholadilar.
Shunga qaramasdan, milliy masaladagi murakkab vaziyatni hisobga olgan RKP (b) MK 1919 yil 3 iyulda “Hokimiyatga mutanosib vakillik to‘g‘risida” degan qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Ushbu qarorda Turkiston mahalliy aholisining partiyaga mansubligi shart qilib qo‘yilmasdan, ularni mutanosib ravishda davlat qurilishi ishlariga keng jalb qilish zarur deb ko‘rsatilib, mahalliy aholining mol-mulkini majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olishni (rekvizitsiya) to‘xtatish vazifasi ham qo‘yilgan edi. Turkiston respublikasi hukumati bu qarorni yashirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, shov-shuvlardan so‘ng uni e’lon qilishga majbur bo‘ldilar. Ammo, ushbu qaror bo‘yicha e’tiborga molik biror-bir amaliy ish qilinmadi.
Sovetlar tuzumi Turkistondagi boshqaruvni tashkil etishda katta byurokratik apparatning paydo bo‘lishiga zamin yaratgan edi. Biroq, tadqiqotchilarning fikricha, bolsheviklarning kadrlar masalasidagi siyosati nafaqat milliy sohada, balki uquvsizligi bilan ham ajralib turadi. Misol uchun, davlatning mas’ul lavozimlarida mutlaqo savodsiz odamlarning ishlashi tabiiy hol edi. Bu xodim bolsheviklar manfaatini himoya qilishi kifoya edi. Undan tashqari, Turkistondagi oliy hokimiyat – Turkiston MIK, hukumat – Turkiston XKS, g‘oyaviy rahnamo – Turkiston KP kabi o‘lka boshqaruvida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tashkilotlar mahalliy aholi ixtiyorida bo‘lmagan. 
1919 yilning 8 oktyabrida V.Lenin Butunrossiya MIK va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo‘yicha komissiya (Turkkomissiya) tuzish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Bu komissiya tarkibiga Sh.Z.Eliava – rais, M.V.Frunze, V.V.Kuybishev, Ya.Rudzutak, F.I.Golosheykin, T.I.Bokiylar kirdilar. Ushbu komissiya juda katta vakolatlarga ega bo‘lib, jumladan, Butunrossiya MIK va XKSning vakolatiga, Turkiston hududlarida va qo‘shni davlatlarda ularning nomidan ish ko‘rish huquqiga, RKP (b) MK nomidan respublikada oliy partiya nazorati va rahbarligini amalga oshirishga, o‘lka partiya tashkilotlarini tarqatib yuborish, favqulodda s’ezdlar va konferensiyalar chaqirish hamda partiya MK qarorlarini qat’iy bajarishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish huquqlariga ega edi. Ushbu komissiyaning asosiy maqsadi – mahalliy aholi manfaatlari yo‘lida ishlash emas, balki Turkistonda sovet hokimiyatining mavqeini mustahkamlash, imperiyaviy markaz bilan lenincha rahbariyatning go‘yo “strategik to‘g‘ri yo‘lini buzgan”, yangi hokimiyatning maqsad va mohiyatlarini “buzib” ko‘rsatgan mahalliy arboblar faoliyatini nazorat qilish hamda ular o‘rtasidagi masofani uzoqlashtirishdan iborat edi.
Turkiston komissiyasi amalda mintaqadagi barcha partiya, sovet, xo‘jalik va partiya tashkilotlariga rahbarlik qilib, Markazdagi bolshevikcha siyosatni qat’iy ravishda amalga oshirishga kirishdi. Turkkomissiya o‘lkadagi butun hokimiyatni to‘laligicha o‘z qo‘lida to‘plab, faqat markaz manfaatlarini amalga oshiruvchi “davlat ichidagi davlat” vazifasini bajardi.
Sovet hokimiyatining Turkiston respublikasida hayotga tatbiq etgan dekret va qarorlari mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida tutib turish uchun xizmat qilgan edi. Xususan, Butunrossiya MIKning 1920 yil 10 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasi to‘g‘risidagi” qarorida, 1921 yil 11 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasini ta’sis etish to‘g‘risidagi” dekretda, RKP (b) MK 1920 yil 19 iyunda qabul qilgan “Turkiston Respublikasi to‘g‘risidagi” Nizomda, umuman, RKP (b) tomonidan e’lon qilingan ko‘plab dekretlar, chaqiriqlar, murojaatnomalarda ko‘zda tutilgan xalqlarga erkinlik berish, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash, ajralib chiqib mustaqil davlat tuzish huquqi o‘rniga Turkiston o‘lkasiga yarim huquq va erkinliklar berish, uni Rossiya tarkibidagi avtonom respublika shaklida saqlash siyosati izchillik bilan amalga oshirildi. Turkiston o‘lkasi mustamlakachilikning yangi “sovet” shakliga aylandi.
Sovet hokimiyatining Turkistonda olib borgan mustamlaka boshqaruv siyosati hamda markazlashtirish harakatlari TSR boshqaruv organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan milliy rahbar xodimlarning kuchli noroziliklariga sabab bo‘ldi. Milliy kommunistlar o‘lkadagi bolsheviklar siyosatiga ochiqdan ochiq qarshi chiqa boshladilar. Milliy rahbar xodimlarning norozilik kayfiyatlarini yuzaga chiqishida 1919 yil martda tuzilgan o‘lka Musulmonlar byurosi (Musbyuro) muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunonchi, Qayg‘usiz Otaboev, Yusuf Aliev, Abdulla Rahimboev, Sanjar Asfandiyorov, Nazir To‘raqulov, Inomjon Xidiraliev kabi ko‘plab milliy rahbar xodimlar Turor Risqulov raisligidagi Musbyuro atrofida birlashgan edilar.
1920 yil yanvar oxirlarida Musbyuroning III konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada Turkistondagi uchta partiyaviy tashkilot – TKP O‘lka komiteti, Musbyuro va ajnabiy kommunistlar partiyasi yagona kommunistik partiyaga birlashtirildi. Konferensiya qarorida “Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasi” deb rasmiy nomlangan ushbu partiya keng mehnatkashlar ommasining partiyasi bo‘lishi, RKP (b) MKga nisbatan viloyat (o‘lka) komiteti huquqlaridan foydalanuvchi va unga bo‘ysunuvchi o‘z MK tomonidan boshqarilishi kerak edi. Shuningdek, konferensiyada T.Risqulov tomonidan Turkiston Sovet Respublikasi nomini o‘zgartirib, uni Turkiston respublikasi deb atash taklif qilinganda bu taklif konferensiya ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Taklif etilgan Turk respublikasiga TSR dan tashqari qo‘shni milliy respublikalarda (hoz. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlari) yashovchi turkiy xalqlar kirishi kerak edi. T.Risqulov o‘z ma’ruzasida Turkiston respublikasi Konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish, musulmonlarning alohida armiyasini tuzish hamda qizil armiyaning musulmon bo‘lmagan barcha qismlarini Turkistondan olib chiqib ketish masalasini ham ko‘targan edi. T.Risqulovning ushbu g‘oyalari TKPning V o‘lka konferensiyasi (1920 yil yanvar) da ham ma’qullandi. Musbyuroning III konferensiyasi “Turkiston muxtoriyati va Konstitutsiyasi haqidagi rezolyusiya” qabul qildi. 
XX asr boshlarida ham Rossiya imperiyasining yarim mustamlakasi hisoblangan Xiva xonligidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, boshqaruv tizimi ruslar bosqiniga qadar shakllangan holatda qolgan edi. Mamlakatda xon boshliq feodal amaldorlar, dindor ruhoniylar mamlakat boshqaruvida cheklanmagan huquqqa ega bo‘lib, iqtisodiy hayotda esa yerga egalik munosabatlari ham avvalgi holatdagidek saqlanib qolgan edi. Imperiya hukmronligi ta’sirida ko‘pgina yuqori mansablar (inoq, otaliq, biy) oldingidek iqtisodiy asosini yo‘qotgan bo‘lsa ham, lekin yuqori unvon sifatida mamlakat siyosiy hayotida katta ta’sirga ega edi.
Xiva xonligidagi asosiy shaharlarga Xiva, Urganch, Toshhovuz, Hazorasp, Pitnak va boshqalar kirgan. Xonlik hududi Rossiya bosqinidan keyin 62.236 kv.km bo‘lib, u 20 ta beklik va 2 ta noiblikdan iborat edi. Aholi aniq ro‘yxatga olinmagan bo‘lib, bu davrga oid manbalarda, u 600 mingdan 900 mingga qadar ko‘rsatiladi. Ularning 60 foizdan ko‘prog‘ini o‘zbeklar, 28 foizini turkmanlar, qolganlarini qozoq, qoraqalpoq, fors (eroniy),arab, rus va boshqa millat vakillari tashkil etgan.
Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotda ancha orqada qolgan Xiva xonligida sanoat ishlab chiqarishi yo‘q darajada bo‘lib, bu yerda o‘ndan ortiq paxta, yog‘ zavodlarigina bor edi. Aholining asosiy qismi dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, kosibchilik va boshqalar bilan shug‘ullangan. Xalq ommasining turmush sharoiti ancha og‘ir bo‘lib, ular hosildor yerlar, sug‘orish manbalarini o‘z qo‘lida to‘plab olgan amaldorlar va ruhoniylarga ko‘plab soliqlar to‘lab turganlar. O‘sha davr manbalarida qayd qilinishicha, Xiva xonligida 20 dan ortiq soliq to‘lovlari va majburiyatlar bo‘lgan. Ayniqsa, Birinchi jahon urushi yillarida soliq va to‘lovlarning miqdori hamda turi yanada oshgan.
XX asr birinchi choragida butun Turkiston o‘lkasi, Buxoro amirligi kabi Xiva xonligida ham xalq harakatining mafkuraviy asosini jadidchilik harakati, jadidchilik g‘oyalari tashkil etdi. Turkiston va Buxorodan farqli o‘laroq, Xiva xonligidagi jadidchilik harakatining shakllanishida, harakatning asosiy yo‘nalishi hisoblangan maktab, maorif ishining taraqqiyotida Xiva xoni Muhammad Rahimxon II (Feruz), qozikalon Salimoxun va uning o‘g‘li Bobooxun, vazir Islomxo‘ja, mirzaboshi va devonbegi lavozimida ishlagan Pahlavonniyoz Komil Xorazmiy, Xonqa xokimi Muhammad va boshqalar katta rol o‘ynadilar. Ular o‘z hisoblaridan bir qancha maktablar ochishdi. Bobo Oxun Salimov do‘sti Bekjon Rahmonov bilan bu maktablar uchun darslik kitoblarini ham yozishgan. Xonlikda jadidchilik harakatining shakllanishida Munis, Ogahiylar asos solgan va keyinchalik Bayoniy boshchiligida davom ettirilgan tarixchilik va tarjimonlik maktabining mavjudligi, tarix va o‘tmishga e’tiborning kuchliligi ham katta rol o‘ynagan. Shuningdek, Turkiston va Buxorodagi kabi Xiva xonligida jadidchilik harakatining shakllanishida tashqi omil, ya’ni Rossiyadan kelgan ilg‘or fikrli ziyolilar, inqilobiy ruhdagi surgun qilingan yoshlar va Rossiyadagi o‘zgarishlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Jadidchilikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan matbuot Xiva xonligi hududida mavjud bo‘lmasa ham xonlikdagi ilg‘or ziyolilar Turkiya, Eron, Rossiya, shuningdek, Toshkent Samarqand va Buxoroda chiqadigan jadid gazetalari va jurnallari bilan tanishib borganlar.
Xorazmdagi jadidchilik harakatidan 1914 yil avgust oyida Yosh xivaliklar tashkiloti tuzildi, unga rais qilib Polvonniyoz Hoji Yusupov (1861-1936) saylangan. Yosh xivaliklar harakatida bu davrda qozikalon Bobo Oxun Salimov (1874-1929)ning ham o‘rni bo‘lakcha edi. Yosh xivaliklar dasturining asosini mavjud tuzum doirasida islohotlar o‘tkazish, maktab-maorif ishini yaxshilash, xon hokimiyatini cheklash kabi masalalar tashkil qilar edi.
Iqtisodiy qiyin sharoitda yashayotgan xonlik aholisining ahvoli boshlanib ketgan birinchi jahon urushi bois yanada og‘irlashdi. Xonlik istibdodiga qarshi 1915-1916 yillarda turkmanlar Junayidxon boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Turkman, o‘zbek, qozoq aholisining mavjud tuzumga qarshi kurashini Yosh xivaliklar partiyasi rahbarlari faol qo‘llab-quvvatlashdi.
1917-yil fevral inqilobi paytida Xiva xoni Asfandiyorxon Yaltada dam olayotgan edi. Shuning uchun ham u Rossiya imperatorining taxtdan voz kechganini eshitgan zahoti xonlikka shoshildi. Asfandiyorxonni kutib olishga chiqqan davlat arboblari orasida Husaynbek Matmurodov, Polvonniyoz Hoji Yusupovlar ham bor edilar. Xiva garnizonidagi soldatlar ham xuddi Rossiyadagi kabi o‘z sovetlarini tashkil qilishgan edilar. Ana shu sovetlarning faollaridan Latipov, Tinishev va boshqalarning tashviqotlari bilan Polvonniyoz Hoji Yusupov boshliq Yosh xivaliklar 4 aprelda soldatlarning Muvaqqat hukumatga qasamyod qilishi uchun to‘plangan tantanaga kishilarni yig‘ib borib, soldatlardan Xiva xonini ag‘darib tashlashni so‘rashdi. Garnizon boshlig‘i xonni taxtdan olib tashlamaslik talabi bilan Yosh xivaliklarga yordam berishga ruxsat berdi. 5 aprel kuni Asfandiyorxon rus soldatlari himoyasida saroyga kelib, xalq nomidan qo‘yiladigan talab (manifest)ni imzolashga majbur bo‘ldi. Manifestga asosan xon hokimiyati qoshida qonun chiqaruvchi organ - Majlis va Nozirlar kengashi tashkil etildi. Majlisning birinchi yig‘ini 1917-yil 26 aprelda bo‘lib o‘tdi. Unda Majlis raisi etib, Bobo Оxun Salimov, nozirlar kengashining raisi etib, Husaynbek Matmurodov saylandilar. Bu tashkil qilingan davlat organlari tarkibida Yosh xivaliklarning a’zolari ko‘pchilikni tashkil qilar edi. Lekin keyinchalik Asfandiyorxon Xiva garnizoni boshlig‘i general Mirbadalov va Zaytsevlarning yordami bilan Majlisdan Yosh xivaliklarning a’zolarini siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Turli bahonalar bilan Husaynbek Matmurodov va bir qancha Yosh xivaliklarni zindonga tashladi. Polvonniyoz Hoji Yusupov, Nazir Sholikorov, Bobo Oxun Salimov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Bobojon Yaqubov va boshqalar xonning ta’qibidan qutulish uchun To‘rtko‘l, Chorjo‘y, Toshkent kabi shaharlarga qochib ketishdi. Bu paytda To‘rtko‘l va Toshkentda sovet hokimiyati o‘rnatilgan edi. Sovet hukumati orqali Yosh xivaliklarning Asfandiyorxon, Zaytsev, Junayidxonlarga o‘z hamfikrlarini zindondan ozod qilishni talab qilib, yuborgan bir qancha telegrammalari hech qanday natija bergani yo‘q. Aksincha, oktyabr to‘ntarishidan keyin Xiva shahridan rus askarlari olib chiqib ketildi va Asfandiyorxon o‘zining harbiy tayanchidan mahrum bo‘ldi. Bu 1916 yil qo‘zg‘olonidan keyin Eronga qochib ketgan Junayidxonning Xiva xonligiga qaytib kelishi va bu yerda katta mavqega ega bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Chunki mingdan ortiq qurollangan sarbozlarga ega bo‘lgan Junayidxon bilan murosa qilmasdan Asfandiyorxon va uning atrofidagi a’yonlar bundan keyin hokimiyatni saqlab qolishga tayanchlari yo‘q edi. Shuning uchun ham Asfandiyorxon Junayidxonni “sardori karim”, ya’ni xonning lashkarboshisi qilib tayinladi. Shu bilan o‘zi Junayidxon qo‘lidagi qo‘g‘irchoq xonga aylanib qoldi. Xonlikdagi hokimiyat esa to‘la ravishda Junayidxon qo‘liga o‘tdi. Toshkentga yetib kelgan Polvonniyoz Hoji Yusupov boshliq Yosh xivaliklar 1918 yil bahorida sovet hokimiyatining faollaridan biri bo‘lgan Yusuf Ibragimovning maslahati bilan o‘zlari to‘rt kishi bo‘lishiga qaramasdan Yosh xivaliklar partiyasining Markaziy Qo‘mitasini tashkil qildilar.
1918-yil oktabr oylariga kelganda, Yosh xivaliklar ta’siri bilan Junayidxon va Asfandiyorxon o‘rtasiga nizo solindi va buning natijasi o‘laroq Junayidxonning o‘g‘li Eshshi tomonidan Asfandiyorxon qatl qilindi. Uning o‘rniga akasi Sayid Abdulloxon xon deb e’lon qilindi. Junayidxon Xiva xonligi hududida bolsheviklardan mustaqil bo‘lgan davlatni saqlab qolishga harakat qildi. 1918 yil noyabr oyida Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi yerlarda tashkil qilingan sovet hukumatiga qarshi Junayidxon bir necha marotaba muvaffaqiyatsiz urush olib bordi. 1919 yil aprel oyida sovet hukumati bilan Junayidxon o‘rtasida Taxta shartnomasi tuzildi. Unga sovet hukumati tomonidan Xristoforov, Xiva xonligi tomonidan Junayidxon imzo chekdilar. Bu vaqtinchalik kelishuv bo‘lib, unga ikkala tomon ham amal qilmadi. Bu paytda To‘rtko‘lda mulla Jumaniyoz Sultonmurodov boshliq Yosh xivaliklar partiyasining qo‘mitasi tuzilgan bo‘lib, ularning soni Xiva xonligi hududidan qochib o‘tganlar hisobiga kundan-kunga ko‘payayotgan edi. Ularni sovet hukumati xivalik inqilobchilar deb, bolsheviklar partiyasi safiga qayd qilishgan. Mana shu Yosh xivaliklarning talablari va turkman urug‘lari orasida Qo‘shmamedxon, G‘ulomalixon kabi urug‘ sardorlarining Junayidxon bilan kelishmay qolganligi haqidagi xabarni hisobga olgan bolsheviklar Skalov rahbarligida 1919 yil 22 dekabrda mustaqil davlat-Xiva xonligi hududiga bostirib kirdilar. 1920 yil 1 fevralda Junayidxon qo‘shinlarini tor-mor qilgan qizil armiya Xiva shahriga kirib bordi. 2 fevral kuni so‘nggi Xiva xoni Sayid Abdulloxon taxtdan voz kechdi.
Xivada Jumaniyoz Sultonmurodov rayisligida Muvaqqat inqilobiy qo‘mita tashkil etildi. 1920-yil 26-30 aprel kunlari Xorazm mehnatkashlarining birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tib, unda Xiva xonligi hududida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tashkil etilganligi e’lon qilindi va Polvonniyoz Hoji Yusupov rayisligida Xalq Nozirlar Sho‘roi tuzildi. Bu hukumat tarkibiga asosan Yosh xivaliklar partiyasining a’zolari kirgan bo‘lib, ular mamlakatda demokratik tuzumni o‘rnatish, mustaqil davlatni barqarorlashtirish borasida katta ishlarni amalga oshirdilar. Ana shunday ishlarning bittasi sifatida Bobo Oxun Salimov raisligidagi delegatsiyaning uch oy davomida Moskva va Petrograd shaharlarida bo‘lib, 1920-yil 13-sentabrda RSFSR bilan XXSR o‘rtasidagi iqtisodiy-siyosiy shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Bu hujjatga asosan XXSR mustaqil davlat hisoblanib, sovet Rossiyasi bilan o‘zaro teng va bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslikka kelishib olindi. Lekin XXSR hukumati rahbarlari olib borgan mustaqil siyosat sovet tuzumi va uning respublika hududidagi vakillariga yoqmadi. Chunki Polvonniyoz Hoji Yusupov boshliq hukumat xususiy mulk, vaqf yerlarini, diniy muassasalarni tarqatib yuborish o‘rniga ularni saqlab qolish va mustahkamlashga harakat qilayotgan edi. XXSRning Konstitutsiyasida ham xususiy mulk e’tirof etilgan edi. Bu narsa o‘sha paytdagi sovet hukumatining Xorazmdagi vakillari Skalov, Ioffe, Dubyanskiy, Shokirov va boshqalarga yoqmadi. Dubyanskiy va Shokirovlar 1920 yil avgust oyida Qo‘shmamedxon va G‘ulomalixonlarni Xivaga chaqirib, ularni yigitlari bilan qatl qilishga va bu bilan mahalliy o‘troq aholi va turkman chorvadorlari o‘rtasida nizo tug‘dirishga harakat qilishdi. G‘ulomalixon qochib qutilgan bo‘lsa ham, Qo‘shmamedxon va uning yigitlari qatl etildi. Biroq bu holatlarning hammasi Yosh xivaliklar hukumati zimmasiga yuklatildi. Natijada, 1921 yil 6 martda Xiva shahrida qizil askarlar tomonidan namoyish uyushtirilib, inqilobiy qo‘mita tuzildi va Polvonniyoz Hoji Yusupov boshliq hukumat a’zolari qamoqqa olindi. Polvonniyoz Hoji Yusupov va Nazir Sholikorovlar qochib yashirinishga ulgurishdi.
XXSRda kommunistlar olib borgan siyosat mahalliy kadrlarni, ziyolilarni, mustaqil fikrga ega bo‘lgan insonlarni yo‘qotishga qaratilgan edi. Xorazm respublikasi mavjud bo‘lgan atigi 5 yilga yaqin muddat ichida respublika hukumati-Xalq Nozirlar Sho‘rosi va Xorazm MIK raislari o‘n martadan o‘zgartirilganligi fikrimizning yaqqol isbotidir.
1920-1921-yillarda agrar sohada dastlabki o‘zgarishlar amalga oshirilib, 10000 desyatina yer dehqonlarga bo‘lib berildi. Bundan tashqari, ularga urug‘, dehqonchilik asboblari hamda ssuda (qarz) ajratildi. Dehqonlarga kredit hisobidan 5000 chorva mol sotildi. Eski sug‘orish inshootlarini qayta tiklash bilan birga yangilari ham qurildi. Masalan, 1922 yil oxirigacha Xorazm dehqonlari Hazoraspdan Xo‘jayligacha bo‘lgan hududda 12 ta damba qurdilar. 1922 yilda chorakor va kambag‘allarga yer bo‘lib berish uchun davlat yer fondi tuzishga hamda dehqonlarga uzoq muddatli va qaytarib olinmaydigan ssudalar berish uchun davlat dehqonlar bankini ta’sis etishga qaror qilindi. Bankka 3 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Xullas, 1921-1922 yillarda 400000 tanobdan ortiqroq yer kambag‘al dehqonlarga berildi.
XX asrda iqtisodiy siyosat va xo‘jalik sohasidagi islohotlar ziddiyatli tarzda kechdi. Xorazm Respublikasidagi soliq siyosatida sovet Rossiyasining ta’siri kuchliroq bo‘lganligi uchun sinfiy yondoshuv yaqqol nomoyon bo‘ldi. Soliqning og‘ir yuki savdogarlar, sudxo‘rlar va yirik yer egalari zimmasiga to‘g‘ri keldi. Qishloq xo‘jaligida yagona soliq tizimi (1922 y. dekabr) joriy qilindi. Soliq to‘lashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida davlat banki va soliq palatasi tashkil qilindi. Yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ning e’lon qilinishi bilan karvonsaroylar, korxonalar, kullar va to‘qaylar ijaraga berila boshlandi. Simlari tortilib, daryo kemachiligini tiklashga kirishildi. Bir qancha yirik ko‘priklar qurildi. Paxta maydonlarining hududi 1921-yildagi 10000 tanobdan 1924-yilda 85000 tanobga, hosildorlik 100000 puddan 800000 pudga ko‘tarildi. Umumiy ekin maydonlari 1913-yildagi darajaning 62 %ni, hosildorlik 70-75 %ni tashkil qildi. 1924-yilga kelib, 6 ta paxta tozalash zavodi, 10 ta g‘isht zavodi, yog‘ zavodi, bosmaxona, elektrostansiya tiklandi. Qog‘oz va shisha zavodlari qurildi. Sanoatda davlat sektori ustivor mavqeni egalladi.
Hukumat madaniy-ma’rifiy va sog‘liqni saqlash ishlariga ham katta e’tibor qaratdi. 1920-yil bahorida Respublikada yangi tipdagi maktablar tashkil qilina boshlandi. 1921-yil sentabrida Xivada ochilgan xalq dorulfununi respublika madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi.
Xorazm respublikasi tuzilgan davtlabki oylardan boshlab g‘oyaviy-siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. Yosh xivaliklar hukumati, demokratik kuchlar mahalliy sharoitni tushungan holda aholining urf-odatlari va qadriyatlarini e’zozlab ish olib bordilar. Ammo Xivani bosib olish jarayonida kirib kelgan qizil armiya, uning qo‘mondonlari, yevropalik bolsheviklar respublikadagi ijtimoiy-siyosiy hayotga salbiy ta’sir ko‘rsatdilar. Ular mahalliy sharoitni, xalq ommasi kayfiyati va qarashlarini nazar-pisand qilmay tezkorlik bilan inqilobiy chora-tadbirlarni amalga oshirishga kirishdilar. Bu ishlarni amalga oshirishda Xorazm Kompartiyasi (1921-yil dekabrda tuzilgan) ularning eng yaqin yordamchisiga aylandi.
Xorazm respublikasida keyingi yillarda ham g‘oyaviy-siyosiy kurash davom etdi. Respublikaning ko‘plab rahbarlari mustaqillik uchun, adolatsizlikka qarshi kurashni to‘xtatmadilar. 1923-yil bahorida savdo-sanoat noziri Nurullayev Moskvada RSFSR bilan bo‘layotgan muzokaralarda qat’iylik ko‘rsatgani uchun Xorazmga chaqirilib, qamoqqa olindi. Sovet Rossiyasining ko‘rsatmalari asosida 1923-yil yoz-kuzida Xorazm respublikasida tub siyosiy to‘ntarish amalga oshirildi. 1923-yil oktyabrda XXSR Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi (XSSR)ga aylantirildi. XSSRning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Afsuski, bu Konstitutsiya mamlakatni sotsialistik qurilish yo‘liga o‘tishini qonun yo‘li bilan mustahkamladi.
Xulosa qilib aytganda, 1923-yil kuzidan boshlab Xorazm respublikasidagi demokratik o‘zgarishlarga butunlay chek qo‘yildi. Xorazmni sovetlashtirish jarayoni o‘zining yuqori bosqichiga ko‘tarildi. Bu holat 1924 yilning oxirigacha davom etdi.

Yüklə 0,72 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə