Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari


partiyaning asosiy maqsadi



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə7/16
tarix21.02.2018
ölçüsü1,1 Mb.
#27268
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16
partiyaning asosiy maqsadi. Partiya qaysi ijtimoiy guruh yoki sinfning tashabbusi bilan yuzaga kelgan bo‘lsa, o‘shalarning manfaatlarini amalga oshirish vositasi. Partiya o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan bo‘lsa ham ularga hokimiyat uchun kurash, o‘z hukumatini shakllantirish yoki koalitsion hukumat tarkibiga o‘z vakillarini kiritish orqali erishadi. Hukmronlikni qo‘lga kiritgan partiya davlatning butun qudratidan o‘ziga vakolat bergan ijtimoiy-sinfiy kuchlarning manfaatlari yo‘lida foydalanishga intiladi.

Partiya boshqa jamoat tashkilotlari va harakatlardan, lobbistlar tuzilmalaridan aynan shunisi bilan farq qila­li. Bu sanab o‘tilganlar ham xuddi partiyalar singari siyosiy hayotda faol ishtirok etadi, lekin o‘z oldiga davlatda siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritish va hokimiyatdan foydalanish maqsadini qo‘ymaydi.

Partiyalar bilan ijtimoiy harakatlar o‘rtasidagi tub farq shundan iboratki, partiyalar davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtirok etish uchun kurashadilar, ijtimoiy harakatlar esa unda bevosita ishtirok etishga da’vo qilmaydilar va shu bilan bog‘liq majburiyatlarni ham o‘z zimmalariga olmaydilar. Siyosiy partiyalarning asosiy belgilariga quyidagilar kiradi: ularning siyosiy hayotda faol ishtirok etishi, a’zolikning va muayyan ijtimoiy negizning mavjudligi, siyosiy dastur va ustavga ega bo‘lishi, partiyaga birlashgan kishilarning umumiy manfaatlarga va bir-biriga yaqin bo‘lgan mafkuraviy qarashlarga ega bo‘lishi; bir yoki bir necha liderlarning mavjudligi.

Partiyalar haqidagi ilk tasavvurlar J. J. Russo, SH. Mon­teske, E. Berk va boshqa ulug‘ mutafakkirlar hamda siyosiy arboblarning nomlari bilan bog‘liq. Siyosiy partiyalar muam-mosi M. Veber, G.Moska, V. Pareto kabi XX asr boshlariga mansub mashhur Fapb sotsiologlarining asarlarida ham katta o‘rin egallaydi. Siyosiy partiya qachon paydo bo‘lgan?

Tarixdan ma’lum bo‘lgan dastlabki siyosiy partiyalar Qadimgi Gretsiyada yuzaga kelgan. Masalan, Aristotel vodiy partiyasi va toklar partiyasi haqida so‘z yuritgan. Albatta, u bu o‘rinda hozirgi ma’nodagi partiyani emas, siyosiy ittifoqlarni nazarda tutgan. Ular nisbatan kam sonli, tor doiradagi ittifoqlar yoki guruhlar bo‘lib, o‘zlarining barqarorliklari bilan ajralib turmas, tashkiliy jihatdan ham mustahkam shakllanmagan edi. Bu singari partiyalar o‘rta asrlarda ham mavjud bo‘lgan.

Siyosiy partiyalarning faoliyati XIX asrga kelib, ya’ni ovoz berish huquqining kengayishi ,parlamentlarning va parlamentarizmning paydo bo‘lishi tufayli yanada jonlandi. Ta’bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, Evropaning bir qator mamlakatlaridagi hozirgi siyosiy partiyalar tizimining ilk shakllanish jarayoni aynan ana shu davrga to‘g‘ri keladi. Masalan, Buyuk Britaniyaning hozirgi kundagi yirik siyosiy partiyalarning o‘tmishdoshlari Tori va Vigilar XVII asrdayoq vujudga kelgan bo‘lsada, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi, hokimiyat uchun kurashni tashkil etish mexanizmlari, saylovlarda ishtirok etishning zamonaviy shakllariga XIX asrdan boshlab o‘ta boshladilar.

Saylov huquqining kengayib borishi, jamiyatdagi sinfiy farqlarning kuchayishi va ijtimoiy ziddiyatlarning chuqurlashuvi, keng xalq ommasining siyosatga jalb etilishi bilan partiyalarning roli ham oshib bordi. Ular tobora ko‘proq siyosatning asosiy sub’ektlariga aylana boshladi.

Demokratik jamiyatda partiyalar xalq, parlament va hukumatni bir-biri bilan bog‘lovchi eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Aynan ular orqali davlat organlari o‘zlarini qo‘llab-quvvatlashi uchun ommaga murojaat qilishlari, omma esa o‘z navbatida, parlament va hukumat ishiga, ularni shakllantirish jarayoniga ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Partiyalarning vujudga kelishi tarixida ularning M.Veber taklif etgan bo‘linishini barcha tan olgan hisoblanadi. U, xususan, uchta bosqichni ajratib ko‘rsatadi: zodagonlar guruhi, siyosiy klub, ommaviy partiya. Shu bilan birga, qayd etib o‘tish joizki, partiyalar shakllanishining barcha bosqichlarini faqat ikki ingliz partiyasi: liberal (viglar) va konservativ (torilar) partiyalar o‘tgan, holos. Hozirgi zamon partiyalarining ko‘pchiligi esa birdaniga ommaviy partiya sifatida yuzaga kelgan.

Birinchi ommaviy siyosiy partiyaga 1861 yilda Angliyada asos solingan. U «saylovlarni qayd etish bo‘yicha liberal o‘rtoqlik» deb atalgan edi. 1863 yilda Ferdinand Lassal Germaniyada «Ishchilarning umumgerman ittifoqi!» deb atalgan birinchi ommaviy ishchilar partiyasini tuzgan.

Proletariatning dastlabki siyosiy tashkilotlaridan biri K.Marks va F.Engels tomonidan 1847 yilda Londonda tuzilgan «Kommunistlar ittifoqi» edi.

Ayrim partiyalar umumiy saylov huquqining joriy etili­shi natijasida, saylov qo‘mitalari yoki birlashmalari negizida vujudga keldi, boshqalari o‘ziga xos g‘oyaviy-siyosiy klublar, uchinchilari biqiqligi va kuchli rivojlangan o‘zaro yordam tuyg‘usi bilan ajralib turuvchi o‘rta asrlardagi an’anaviy yashirin jamiyatlar asosida shakllandi. Ko‘pchilik partiyalar kato­lik tashkilotlaridan, shu jumladan ayrim monaxlik ordenlaridan ham yaqinlariga yordam berish va ularga xizmat qilish g‘oyalarini meros qilib oldilar. Mehnatkashlarning partiyalari ko‘p hollarda kasaba uyushmalari asosida yuzaga kelar edi.

Partiyalar yirik tashkilotlarning bo‘linib ketishi va ko‘plab mayda guruhlar va birlashmalarning qo‘shilishi orqali ham tuzilgan. Milliy ozodlik harakatlari zonasidagi ko‘p partiyalar yashirin siyosiy to‘garaklardan, milliy ozodlik frontlaridan paydo bo‘lgan va hatto ayrim harbiy tuzilmalar asosida ham yuzaga kelgan.

Shunday qilib, partiyalar vujudga kelishining juda ko‘p yo‘llari mavjud. Partiyalar paydo bo‘lishining ikki asosiy sababini ko‘rsatish mumkin:

-siyosatda ishtirok etish sohasini ancha kengaytirgan umumiy saylov huquqining joriy etilishi;

-ishchilar sinfining tashkiliy jihatdan rivojlanishi. Buning ta’siri ikki yoqlama namoyon bo‘ldi - bir tomondan, uyushayotgan proletariat parlamentda va undan tashqarida uning manfaatlarini hamoya qiluvchi ko‘plab ommaviy partiyalarni yaratdi, ikkinchi tomondan esa, raqobat taqozosi bilan an’anaviy siyo­siy guruhlarning son jihatdan o‘sib borayotgan proletar partiyalariga o‘zlarining tegishli tarzda transformatsiya qilingan tash­kiliy tuzilmalarini qarshi qo‘yish zarurati paydo bo‘ldi.

Partiyalar siyosiy qarashlari bir-biriga yaqin bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan, barqaror va siyosiy pog‘onalarga ega bo‘lgan tashkilotdir. Partiyalarning asosiy maqsadlari u yoki bu tarzda siyosiy tizimlarda hokimiyatni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular a’zolarining umumiy siyosiy g‘oyalari asosida partiyalarning dasturlari ishlab chiqiladi va ularda qiska, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar belgilanadi.

Partiya tuzilmasida quyidagi asosiy qismlarni ajratib ko‘rsatish mumkin: a) rahbarlik rolini boshqaruvchi oliy yo‘lboshchi va shtab; b) rahbarlik qiluvchi guruhning buyruqlarini bajaruvchi barqaror byurokratik apparat; v) byurokratiya tarkibiga kirgani holda partiya hayotida ishtirok etuvchi faol partiya a’zolari; g) partiyaga ergashuvchi, lekin uning faoliyatida juda kam ishtirok etuvchi passiv a’zolar. Ular qatoriga partiyaga xayrixoh bo‘lganlarni va pul-mablag‘ bilan yordam ko‘rsatuvchilarni ham qo‘shish mumkin.

Siyosiy partiya ta’rifining asosida quyidagi to‘rtta mezon yotadi:


  1. tashkilotning uzoq muddat davomida mavjud bo‘lishi, ya’ni partiya uzoq muddat davomida siyosiy faoliyat ko‘rsatishni mo‘ljallaydi;

  2. milliy rahbariyat bilan doimiy aloqada bo‘lib turuvchi barqaror mahalliy tashkilotlarning mavjudligi;

  3. markaziy va mahalliy tashkilotlar rahbarlarining faqat hokimiyatga qandaydir ta’sir ko‘rsatishni emas, balki hokimiyat uchun kurashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishi;

  4. saylovlar yoki boshqa usullar yordamida o‘zining xalq
    tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi yo‘llarini izlash.

Birinchi mezon (tashkilotning uzoq muddat mavjud bo‘lishi) partiyani o‘z asoschilari va ilhomchilari bilan birga yo‘q bo‘lib ketuvchi fraksiyalar va to‘dalardan farqlash imkonini beradi.

Ikkinchi mezon (tashkilotning to‘la miqyosda, mahalliy nog‘onalarni ham qamrab olgan holda faoliyat ko‘rsatishi) parti­yani tashkilotlar bilan mukammal va doimiy aloqaga ega bo‘lmagani holda faqat milliy miqyosda mavjud bo‘ladigan oddiy parlament guruhidan farqlab turadi.

Uchinchi mezon (hokimiyatni amalga oshirish uchun intilish) siyosiy partiyalar bilan turli ijtimoiy-siyosiy tashkilot­lar o‘rtasidagi farqni belgilashga imkon yaratadi. Partiya­larning bevosita maqsadi - hokimiyatni egallash yoki uni amalga oshirishda ishtirok etish. Partiyalar jamiyatni rivojlantirish yoki qayta qurishning global konsepsiyalarini olg‘a suradi va uni amalga opshrishga intiladi.

To‘rtinchi mezon (xalqning qo‘llab-quvvatlashiga erishish, xususan, saylovlar yo‘li bilan) partiyani tazyiq o‘tkazuvchi guruhlardan ajratib turadi, ular odatda saylovlarda ishtirok etmaydilar, parlament hayotida qatnashmaydilar, faqat parti­yaga, hukumatga, ijtimoiy fikrga yashirin ta’sir ko‘rsatadilar. Siyosiy partiyalar — shunday siyosiy birlashmalardirki, ular ijtimoiy guruhlarning manfaatlari, maqsadlari va ideallarini jamlantirilgan shaklda ifoda etadilar, ana shu guruhlarning eng faol vakillaridan tashkil topadilar va jamiyatda davlat hokimiyatini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik jarayonida ularga rahbarlik qiladilar. Ular sinflarni va boshqa ijtimoiy guruhlarni bir-birlari bilan hamda davlat hokimiyati bilan bog‘lovchi vositachi institutlar sifatida namoyon bo‘ladilar.

Siyosiy partiyalar siyosatning o‘zicha faoliyat ko‘rsatuvchi sub’ektlari singari boshqa ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar bilan bir qator umumiy jihatlarga ega. Jumladan, muayyan tashkilotning hamda hokimiyat va boshqaruv apparatining mavjudligi; ularning a’zolarini birlashtirib turuvchi va tarafdorlarni jalb etuvchi g‘oyaviy tamoyillarning mavjud bo‘lishi; muayyan dasturiy qoidalarning qayd etilishi (ular ochiq ifodalanishi ham, yashirin mavjud bo‘lishi ham mumkin); a’zolar va tarafdorlardan iborat ommaviy negizning mavjudligi.

Partiyalarni boshqa tashkilotlardan ajratib turuvchi eng asosiy belgi esa ularning davlat hokimiyati uchun, davlat siyosatini shakllantirish va davlat hokimiyatini amalga oshi­rishda ishtirok etish huquqi uchun ochiq va aniq ifodalangan kurashga yo‘naltirilganligidir.

Siyosiy partiyaning mohiyati quyidagi asosiy tavsiflarga bog‘liq: partiyaning ijtimoiy tarkibi va ijtimoiy negiziga; partiya rahbariyatining tarkibi, manfaatlari va maqsadlariga; tashkilotning dasturiy qoidalariga; uning si­yosiy hatti-harakatlarining ob’ektiv yo‘naltirilganligiga.

Siyosiy partiya mohiyatining eng muhim ko‘rsatkichi uning oxir-oqibatda kimning va qanday kuchlarning manfaatlari hamda qarashlarini ifoda etishi, himoya qilishi va kundalik faoliyatida amalga oshirishidir.

Siyosiy partiyalarning funksiyalari

Siyosiy partiyaning jamiyatdagi funksiyalari hayotdagi masalani o‘rganish uning siyosiy taraqqiyotdagi o‘rni va rolini tushunib etish, maqsadlarini yaxshiroq tasavvur etishga yordam beradi. Jamiyatning siyosiy tizimida siyosiy partiya­lar quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradilar:

- siyosiy maqsadni belgilash. Mafkurani va dasturlarni ishlab chiqarar ekan, partiyalar strategiyani belgilashga, fuqarolarni muqobil va boshqa hatti-harakatlarning ham mumkinligiga ishontirishga intiladilar;

- ijtimoiy manfaatlarni ifoda etish va saralash. Manfaatlarni guruhlar ham ifoda etishlari mumkin, lekin faqat partiyalargina ularni markaziy davlat organlarining qarorlariga ta’sir ko‘rsatadigan shaklda bir butun qilib birlashtira oladilar;

-fuqarolarni safarbar qilish va ijtimoiylashtirish. Partiyalar o‘z faoliyatining uzoq muddatli ijtimoiy va g‘oyaviy-psixologik asosini yaratadilar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda tegishli ijtimoiy fikrni shakllantiradilar;

-hukmron elitani rekrutlash (shakllantirish). hokimiyatning mahalliy organlarini, hukumatning avval yashirin, so‘ngra esa real tarkibini shakllantiradilar; hokimiyatning vakolatli organlari bilan jamiyat o‘rtasidagi aloqalarni ta’minlaydilar; boshqa siyosiy institutlar bilan birga davlat boshqaruvi va ijtimoiy boshqaruv mexanizmini shakllantiradilar; hukumat tuzilmalari va mexanizmlarining barqarorligini ta’minlaydilar;



- siyosiy riovjlanish strategiyasini ishlab chiqish. Siyosiy partiyalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari orasida dasturiy qoidalarni, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy strategiyani ishlab chiqishni alohida ajratib ko‘rsatish lozim bo‘ladi. Hozirgi zamon strategiyasini ishlab chiqishga malakali kadrlar jalb etiladi.

Siyosiy partiyalar o‘z tarafdorlari faoliyatida birdamlikni ta’minlashga, o‘zlarining ittifoqchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishlarini tashkil etishga intiladilar. Partiyalarning mafkuraviy funksiyasi, bir tomondan, g‘oyalar ishlab chiqishga, ikkinchi tomondan, «odamlarni ishlab chiqarishga» qaratilgan siyosiy faoliyatda o‘z ifodasini topadi. Partiyalar o‘zlariga vakolat bergan ijtimoiy birlashmalarning manfaatlari va xohish-irodasini ifodalovchi strategik va taktik konsepsiyalarni ishlab chiqishning tashabbuskorlari va shtablari sifatida namoyon bo‘ladi. Mazkur konsepsiyalarning asosiy komponentlari jamiyatning rivojlanish va umuman, faoliyat ko‘rsatish modellaridir. Partiyalarning mafkuraviy faoliyati, konsepsiyalar ishlab chiqishdan tashqari, ana shu konsepsiyalarni va ularning maqsadlariga mos keluvchi boshqa g‘oyalarni keng tarqatish va targ‘ib etishga qaratilgan. Hukmron partiyalar buning uchun davlatning mafkuraviy funksiyasidan ham foydalanadilar.

Partiyalarning fuqarolarni ijtimoiylashtirish borasidagi faoliyati ularning pirovard maqsadlari va ularga vakolat bergan ijtimoiy guruhlarning manfaatlari bilan bog‘liq. Hukmron partiyalar ular himoya qilayoigan qadriyatlarning ijobiy qabul qilinishini, ular tutayotgan yo‘lning keng ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydigan ijtimoiylashuvni amalga oshirishga intiladilar.

Har bir partiya uchun tegishli ijtimoiy birlashmalarning manfaatlarini himoya qilish vakolati juda muhimdir. Ushbu funksiyaning mazmunini mazkur manfaatlarni ifodalashning siyosiy vositalarini ta’minlash, ularni maqsadlar va ideallar shaklida bayon qilish hamda siyosatning boshqa sub’ekglari bilan o‘zaro ta’sir jarayonida himoya qilish tashkil etadi. Man­faatlarni ifoda etish vakolati funksiyasi turli qatlamlar va guruhlarning o‘ziga xos manfaatlarini muvofiqlashtirish asosida ijtimoiy birliklarning umumiy manfaatlarini jamlash yo‘li bilan hamda davlat organlarini egallash va ular ustidan nazorat o‘rnatish yoki siyosiy qarorlar qabul qilish va amalda hukmronlik qilish jarayonida ushbu organlarga tazyiq o‘tkazishning turli shakllari vositasida amalga oshiriladi.

Partiya siyosiy tizimining va umuman jamiyat rivojlanishining maqsadlari va siyosiy mezonlarini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Bu funksiyaning bajarilish hajmi va samaradorligi partiyaning siyosiy tizimdagi mavqeiga bog‘liq bo‘ladi. Bu borada eng katga imkoniyatlarga hukmron partiyalar egadirlar. Ular butun ijtimoiy tizimning harakat yo‘nalishini belgilovchi siyosatni ishlab chiqadilar va shakllantiradilar. Partiyaning siyosiy yo‘lni ishlab chiqishda ishtirok etish darajasi, bu funksiyaning amalga oshirilish hajmi va samaradorligi partiyaning mavjud siyosiy tizimdagi mavqeini belgilovchi ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Partiyaning tashkilotchilik funksiyasi muayyan kadrlar siyosatida, ya’ni partiyaning o‘zida, boshqa davlat va jamoat tashkilotlarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishdan iborat faoliyatda o‘z ifodasini topadi. Partiyalarning ushbu tashkilotchilik kichik funksiyasini siyosatshunoslar siyosiy rekrutlash - siyosiy rahbar kadrlarni tanlash funksiyasi deb ataydilar. O‘zining siyosiy kadrlari orqali partiya davlat apparatida va boshqa tashkilotlarda o‘z siyosatini o‘tkazadi, siyosiy tizimning boshqa institutlariga o‘z ta’sirini yoyadi.

Partiya saflarining birligi va hamjihatligini ta’minlashga, partiya a’zolari va tarafdorlarini o‘zaro yaqinlashtiruvchi qadriyatlar va me’yorlarni ishlab chiqishga, rahbarlikni amalga oshirish va partiya faoliyatini boshqarishga qaratilgan partiya ichki faoliyati juda muhimdir.

Siyosiy partiyalar faoliyatining muhim yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:


  • tegishli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini aniqlash, bayon qilish va asoslash, ularni faollashtirish va integratsiyalash;

  • siyosiy doktrinalar va dasturlar yaratish;

  • davlatda hokimiyat uchun kurashga va davlatning faoliyat dasturlarini yaratishda, davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtirok etish;

  • umuman jamiyatni yoxud uning bir qismini siyosiy jihatdan tarbiyalash, ijtimoiy fikrni shakllantirish;

  • davlat apparati, kasaba uyushmalari, jamoat tashkilotlari uchun kadrlar tayyorlash va ularni yuqori mansablarga ko‘tarish;

  • partiya ichidagi tashkiliy faoliyat.

Siyosiy partiyalar muayyan umumiy belgilarga egadirlar. Bu hol ularni turli asoslarda tasniflashga imkon beradi. Partiyalar tipologiyasiga ularning sinfiy tabiati, kelib chiqishi, ichki tuzilipsh, a’zolik munosabatlarining o‘ziga xosliklari, siyosiy maqsadlari va boshqa mezonlar asos qilib olinishi mumkin.

Partiyalarni kadrlar partiyalari va ommaviy partiyalar sifatida tasniflash partiyalarning keng tarqalgan tipologiyasidir. Bu tipologiya XX asrning 50-yillari boshida fransuz siyosatshunosi M. Dyuverje tomonidan ishlab chiqilgan.



Kadrlar partiyalari XIX asr o‘rtasida evolyusiya jarayonida elektoral qo‘mitalar va parlament guruhlaridan paydo bo‘lgan. Ular nisbatan kam sonli ekanliklari, a’zolikning erkinligi bilan ajralib turadi va eng avvalo, professional siyosatchilarga hamda partiyani moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan moliya elitasiga suyanadi. Ushbu partiyalar elektoral funksiyalarga yo‘naltirilgan. Ularda parlament a’zolari ustunlik qiladilar. Ular odatda liberal va konservativ partiyalardan ibo­rat. Kadrlar partiyasi faollarni, ijtimoiy elitalar vakillarini birlashtirishga qaratilgan faoliyat olib boradi, ularni o‘z tomonlariga jalb qilishga intiladi, chunki ular saylovchilar o‘rtasida obro‘-e’tiborga molik yoki saylov kompaniyalariga ketgan xarajatlarni qoplashga yordam berish uchun etarli mol-mulkka egadirlar. Kadrlar partiyalarida ularga kiruvchilarning soniga emas, sifatiga ahamiyat beriladi.

Ommaviy partiyalar a’zolar sonining ko‘pligi va a’zolik­ning doimiyligi bilan ajralib turadi. Ular kadrlar partiyalaridan keyinroq, umumiy saylov huquqining tarqalishi bilan bog‘liq ravishda va ko‘p jihatdan ishchilar harakatining to‘lqinida paydo bo‘lgan. Ommaviy partiyalar aniq-ravshan mafkuraviy yo‘naltirilganligi, faoliyatning tarbiyaviy shakllaridan keng foydalanishi, a’zolar bilan turli partiya tuzilmalari o‘rtasida qalin aloqaning mavjudligi bilan ajra­lib turadi. Ommaviy partiyalarga kommunistik, sotsial-demoqratik, populistik va fashistik partiyalar kiradi.

Quyida partiyalarning tasnif jadvali keltirilgan. Albatta, har qanday tipologiya shartlidir, shunday bo‘lsa ham u jamiyatning siyosiy va partiyaviy hayotidagi soxta va turli-tuman hodisalarni yaxshiroq farqlashga yordam beradi.

Partiyalar o‘z faoliyatlari jarayonida bir-birlari bilan muayyan o‘zaro munosabatlarga kirishadilar va bu hol partiyaviy tizim deb ataladi. Barcha partiyalar, shu jumladan, ochiq va yarim oshkora faoliyat ko‘rsatuvchi partiyalar ham, mamlakat siyosiy hayotiga ta’siri katta yoki kam bo‘lgan partiyalar ham partiyaviy tizimning ishtirokchilaridir. Shunday qilib, partiyaviy tizim - mamlakatda mavjud bo‘lgan va faoliyat «ko‘rsatayotgan barcha siyosiy partiyalar majmui.

Hozirgi bosqichda partiyaviy tizimlarning miqdoriy mezonga, ya’ni hokimiyat uchun kurashayotgan partiyalarning soniga asoslangan tipologiyasi keng tarqaldi. Bunday yondashuvga ko‘ra, barcha partiyaviy tizimlar bir, ikki va ko‘p partiyaviy tizimlarga bo‘linadi.



Bir partiyaviy tizimlar davlatning barcha partiyalarni unga tarafdor bo‘lgan bitta partiyaga qo‘shib yuborish hamda butun siyosiy hokimiyatni monopoliya qilishga intilishi natijasida paydo bo‘ladi (masalan, sobiq SSSRdagi KPSS). Bir partiyaviy tizimda mavjud partiya u bilan bir qatorda davlat hokimiyati uchun kurash olib boruvchi raqobatga ega bo‘lmaydi. YAgona partiyaga ega bo‘lgan jamiyatlarni mumtoz bir partiyaviy tizim deyish mumkin. Bunday ko‘rinishdagi siyosiy tizimlarga sobiq SSSR, Iroq, KXDP kabi mamlakatlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ushbu tizimlarda odatda, yagona partiya davlat hokimiyati bilan qorishib ketgan bo‘ladi. Aksariyat hollarda hatto partiya davlat nomidan ish yuritishi ham mumkin. Boshqa siyosiy partiyalarning tuzilishi qonun tomonidan taqiqlab qo‘yiladi. YAgona partiya siyosiy faoliyatni monopollashtirib oladi, partiyadan tashqaridagi har qanday siyosiy faoliyat qonunga xilof, deb e’lon qilinadi. Mamlakatdagi asosiy siyosiy qarorlar oliy partiya rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.

Ikki partiyaviy tizimlar bir-biri bilan raqobat qilishga qodir bo‘lgan ikkita kuchli siyosiy partiyaning mavjud bo‘lishini taqozo etadi. Ularning har biri mustaqil ravishda par­lamentda ko‘pchilik ovoz olishga, o‘z hukumatini tuzishga va shu tariqa hukmron partiyaga aylanishga qodirdir, boshqasi esa bu davrda muholafatdagi partiya bo‘lib qoladi. Ikki partiyaviy ti­zimning klassik namunasi AQSH va Buyuk Britaniyadir. Masalan AQSHda ikki yirik partiya – Demokratlar va Respublikachilar muntazam ravishda hokimiyatda o‘rin almashib kelmoqdalar. To‘g‘ri, AQSHda uchinchi partiyani tuzish sa’y-harakatlari ham bo‘lgan, biroq ular har gal muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Ko‘ppartiyaviy tizimga xos jihat shundan iboratki, unda ikkidan ortiq partiyalar davlat hokimiyatini egallash uchun real imkoniyatga ega bo‘ladilar. Bunday tizimda odatda parlament a’zolarining katta qismiga tayanuvchi koalitsion hukumat tuziladi. Ko‘ppartiyaviy tizimlar Italiya, Belgiya, Gollandiya singari davlatlarning siyosiy hayoti uchun xosdir. AQSHdan farqli o‘laroq G‘arb mamlakatlarining aksariyatida ko‘ppartiyaviy tizimlar mavjud bo‘lib, ushbu mamlakatlarda siyosiy partiyalarning soni taxminan 3 tadan boshlab, 10 ta oralig‘ini tashkil etadi. Ular qatoriga Germaniya, Fransiya, Kanada, Avstriya, Avstraliya kabi mamlakatlarni kiritish mumkin. Ularni shuningdek modifikatsiyalashgan ikki partiyaviy tizimlar deb atash ham mumkin, chunki ikki yiriq bir-biriga muholifatda bo‘lgan partiyalar uchinchi partiyalarni o‘z atroflariga birlashtirgan holda hukumat tuzishlari mumkin.

Ma’lumki, hokimiyat uchun kurashda ittifoqlar, partiyalar bloklari ishtirok etadi. Mazkur bloklarga kirmaydigan partiyalar amalda hokimiyat uchun kurashda g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar. Prezident va parlament saylovlari arafasida odatda ikki blok – “o‘ng” va “so‘l” kuchlar bloki shakllanadigan Fransiyaning so‘nggi o‘n yilliklardagi hayot tajribasi shundan yaqqol dalolat beradi. Ayrim mamlakatlarda ikki va ko‘ppartiyaviylik sharoitlarda partiyalarning kooperatsiyalashuvi tizimi deb ataluvchi tizim faoliyat ko‘rsatadi. Uning mohiyati shundan iboratki, partiyalar o‘rtasidagi raqobat kurashi faqat saylovlarga tayorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davrida olib boriladi, keyin esa u partiyalar hamkorligi bilan almashinadi. Bunday vaziyatning yuzaga kelishiga ko‘proq siyosiy kuchlar muvozanatining qaror topishi, mamlakat umumiy manfaatlarining, masalan, urush xavfi munosabati bilan vatanni himoya qilish kabilarning birinchi o‘ringa qo‘yilishi ko‘mak beradi.



Dominatsiya tizimi deb ataluvchi tizim ham mavjud. Bu tizimga davlatning siyosiy hayotida alohida o‘rin tutuvchi partiyaning uzluksiz, uzoq muddat davomida hokimiyatni amalga oshirishi xosdir. Bunday hol koalitsiya mavjud bo‘lmagan, boshqa siyosiy parti­yalar tomonidan muxolifat zaif bo‘lgan, an’anaviy tarzda obro‘-e’tibori katta bo‘lgan partiyalarni afzal ko‘ruvchi saylov tizimining mavjudligi sharoitlarida mumkin bo‘ladi. Dominatsiya tizimi, misol uchun, YAponiya, Hindiston va Shvetsiyada mavjud.

Ta’kidlash joizki, partiviy tizimlar tipologiyasi universal emas, zero, partiyaviy tizimlar davlatning ijtimoiy tuzumidagi o‘zgarishlarga muvofiq tarzda doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Sobiq sotsialistik hamdo‘stlik mamlakatlari va MDH davlatlaridagi partiyaviy tizimlarning o‘zgartirilishi bunga misol bo‘la oladi. Mazkur davlatlarda jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tuzilmalarida chuqur o‘zgarishlar yuz bermoqda, ko‘p partiyaviy tizimlarning shakllanishidan iborat qizg‘in jarayonlar davom etayapti.

Hozirgi kunda siyosiy partiyalar jamiyat siyosiy hayotining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ular bir-biriga raqobatda bo‘lgan turli muqobil siyosiy yo‘nalishlarni ifodalaydi, muyayan ijtimoiy guruhlar manfaatlarini va ehtiyojlarini ifodalaydi; davlat va fuqarolik jamiyatini bog‘lab turuvchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Partiyalarning asosiy vazifasi turli ijtimioiy qatlamlar, alohida fuqarolar, manfaatdor guruhlar qiziqish va intilishlarini umumlashtirib ifodalashdir. Aynan siyosiy partiyalar orqali fuqarolarning siyosiy hayotdagi ishtiroki rasman ta’minlanadi. Siyosiy partiyalar aholiga mafkuraviy ta’sir o‘tkazadi, aholining siyosiy ongi va madaniyati darajasini oshirishda muhim xizmat qiladi. O‘zbekistonda esa jamiyatni demokratlashtirishda siyosiy partiyalarning roli muhim bo‘lmoqda.

Demokratik jamiyatda saylovlarning o‘rni

Saylovlar demokratik jamiyatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ular fuqarolarning siyosiy xohish-irodasini ifoda etish orqali hokimiyat va boshqaruv organlarini shakllantirish mezoni hisoblanadi Saylovlar natijasida saylangan nomzodlar hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lishadi. Saylovlar keng (umumxalq) miqyosli va tor (jamoaviy) miqyosli bo‘lishi mumkin. Keng miqyosli saylovlarda davlat hokimiyatining oliy vakillik organlariga nomzodlar saylanadi. Tor miqyosli saylovlar davomida turli demokratik institutlar va tashkilotlar, siyosiy partiyalar va harakatlar, ko‘ngilli jamiyatlar, aksiyadorlik kompaniyalar, kasaba uyushmalari va boshqa shu kabi jamolarning boshqaruv organlariga nomzodlar saylanadi.

Saylovlar vakillik demokratiyasi sharoitida keng qo‘llaniladi va aksincha, bevosita demokratiya sharoitida esa saylovlarning ahamiyati unchalik yuqori emas. CHunki bevosita demokratiya sharoitida hokimiyat saylangan vakillar orqali emas, balki fuqarolarning bevosita ishtiroki orqali amalga oshiriladi. Buni Qadimgi Afina davlati misolida ko‘rish mumkin. Bu erda Respublika ahamiyatiga molik eng muhim masalalar – jumladan, soliqlarning miqdori, urush va tinchlik masalalari, sudyalar va harbiy qo‘mondonlarni almashtirish, hududiy yaxlitlik kabi masalalar barcha fuqarolarning ishtirokida hal qilingan. Hozirgi jamiyatlarda Qadimgi Afina Respublikasiga o‘xshab barcha fuqarolarni bir maydonga to‘plab, u yoki bu masalaga doir ularning fikrini bilish juda murakkab ish hisoblanadi. Shuning uchun ham oldin xalqning vakillari saylab olinadi va undan so‘ng ana shu vakillar xalq nomidan hokimiyatni amalga oshiradi. Bu esa saylovlarning yuqori ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Zamonaviy demokratiya sharoitida saylovlar xalq suverenitetini va xalqning hokimiyat manbai sifatidagi rolini namoyon etishning asosiy shakli hisoblanadi. Shuningdek, saylovlar turli ijtimoiy guruhlar manfaatlarini hokimiyat organlarida aks ettirishda muhim o‘rin tutadi. Umumxalq saylovlari har bir fuqaroni jamiyat taqdiriga beparvo bo‘lmaslikka undaydi. Aksariyat fuqarolar uchun saylovlar jamiyat siyosiy hayotida ishtirok etishning birdan bir vositasi hisoblanadi. Aynan saylovlar orqali oddiy fuqarolar hokimiyatga ta’sir etish, Parlament va hukumat a’zolarini almashtirish, ularning xalq oldidagi javobgarligini ta’minlash, siyosiy kursni o‘zgartirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ilmiy adabiyotlarda saylovlarning quyidagi funksiyalari ajratib ko‘rsatilgan:

1) Aholining turli-tuman manfaatlarini ifodalash, artikulyasiyalash va agregatsiyalash funksiyasi. Saylovlar fuqarolarning o‘z manfaatlarini anglab olishlari va ushbu manfaatlarning siyosiy partiyalar va alohida nomzodlar dasturlarida ifodalanishi uchun qulay zamin yaratadi. Siyosiy partiyalar va alohida nomzodlar o‘z saylovoldi platformalarida eng muhim va dolzarb muammolarga katta e’tibor qaratadilar va nomzodlarning ishonchini qozonishga harakat qiladilar. Garchi deputatlarning ayrimlari saylovoldi kampaniyasi davomida bergan va’dalarini qisman yoki butunlay unutib qo‘ysa-da, biroq umuman olganda deputatlar axloqiy me’yorlar doirasida harakat qiladilar, zimmalaridagi majburiyatni sharaf bilan bajarishga, o‘z partiyalarining obro‘sini to‘kmaslikka va navbatdagi saylovlarga munosib qatnashishga intiladilar;

2) Hokimiyat institutlari ustidan nazorat qilish funksiyasi. Saylovlar nitjasida hukumat ustidan nazorat qiluvchi muhim institut - Parlament vujudga keladi. Bundan tashqari saylovlarning o‘zi ham qaysidir ma’noda nazorat instituti bo‘lib, saylovchilarga hukumatni qisman yoki butunlay yangilash, hukumat tarkibiga muhim tarkibiy o‘zgartirishlar kiritish, mavjud siyosatni o‘zgartirish imkonini yaratadi;

3) Turli qarashlarni jipslashtirish va umumsiyosiy irodani shakllantirish funksiyasi. Zamonaviy jamiyatda plyuralizm, ya’ni fikrlar xilma-xilligi hadsiz-hududsiz emas. U anarxiyaga, boshboshdoqlik va ijtimoiy krizisga olib bormasligi uchun davlat tomonidan boshqarilishi zarur. Saylovlar yordamida ko‘pchilik fuqarolarning muayyan siyosiy platforma va uning liderlari atrofida birlashuvi ta’minlanadi, hukmron siyosiy iroda aniqlab olinadi. Ushbu siyosiy irodaning ifodalanishi hukumatga kuch va nufuz baxsh etadi hamda uning ishchanligini oshiradi.

4). Siyosiy tizimni legitimlash va barqarorlashtirish funksiyasi. Saylovlar fuqarolar ishonchini oqlamagan hukumatni almashtirish imkonini beradi. Aks holda muayyan hukumat va u olib borayotgan nooqil siyosat tufayli fuqarolar butun siyosiy rejimni rad etishlari mumkin. Demak, saylovlar siyosiy tizimning beqarorlashuvi va buhronga yuz tutishiga yo‘l qo‘ymaydi hamda krizis holatlari, inqilobiy harakatlar, destruktiv intilishlarning olidini olishga xizmat qiladi. Saylovlar yordamida nafaqat siyosiy tizim, balki parlament, hukumat va boshqa hokimiyat strukturalari legitimlashadi, ularning davlatni boshqarishdagi huquqi tan olinadi.

5). Hokimiyat institutlari va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kengaytirish funksiyasi. Saylov jarayonida nomzodlar muntazam ravishda fuqarolar bilan uchrashadilar, ularni qiziqtirayotgan yoki qiynayotgan muammolarni eshitadilar, o‘z saylovoldi dasturlariga tuzatishlar kiritadilar. Saylovlar fuqarolar va hokimiyat o‘rtasidagi o‘zaro muloqot uchun muhim kanal hisoblanadi. Saylovlar tufayli davlat rahbarlari va aholi o‘rtasida o‘zaro ishonch, tushunish va hamjihatlik vujudga kelishi mumkin.

6). Tinch, institutsionallashgan yo‘llar orqali siyosiy mojarolarni hal qilishga yo‘naltirish funksiyasi. Saylovlar qarama-qarshi manfaatlar, qadriyatlar, g‘oyalarni xalqning ochiq hukmiga havola etadi, ijtimoiy fikr kuchi va davlat intitutlarining nufuzi orqali qarama-qarshi tomonlarni keskin qarorlar chiqarish, radikal talablarni ilgari surish va noqonuniy hatti-harakatlardan foydalanishdan saqlanishga undaydi.

7) Saylovchilarni dolzarb ijtimoiy vazifalarni hal qilishga mobilizatsiyalash funksiyasi. Fuqarolarga o‘z dasturini tushuntirish, odamlarni u yoki bu siyosiy qadriyatlar va maqsadlarni qabul qilishning nechog‘lik muhim ekanligiga ishontirish, ularni amalga oshirish usullarini ko‘rsatib berish orqali partiyalar va alohida nomzodlar aholining keng qatlamlari va ijtimoiy fikrni mamlakat uchun muhim bo‘lgan ishlarni bajarishga safarbar etadilar.

8) Aholini siyosiy sotsializatsiyalash, uning siyosiy ongini va siyosiy madaniyatini yuksaltirish funksiyasi. Saylov jarayonida fuqarolar siyosiy qadriyatlar va me’yorlarni yanada ko‘proq o‘zlashtiradilar, siyosiy bilim va tajribalarini kengaytiradilar. Saylov jarayonida siyosiy axborot va tashviqotlarning hajmi keskin oshadi, turli-tuman siyosiy-tarbiyaviy ishlar ko‘lami kengayadi, odamlarning e’tibori dolzarb siyosiy muammolar va ularni hal qilish yo‘llariga jalb qilinadi. Saylovchilar munosib nomzodlarni tanlash bilan parallel ravishda o‘zlari ham ma’lum ma’noda muyyaan siyosiy kuchga tarafdor ekanliklarini his etadilar.

9) Siyosiy elitani rekrutlash funksiyasi. Saylovlar fuqarolar ichidan siyosiy elita saflariga kirishi mumkin bo‘lgan iqtidorli shaxslarni aniqlashda katta yordam beradi. Saylovlar natijasida elita saflari yangilanadi, siyosiy partiyalar va vakillarining siyosiy hayotdagi vazni ham o‘zgaradi;

10) Muqobil siyosiy dasturlarning o‘zaro raqobati asosida jamiyatning yangilanishiga erishish funksiyasi. Saylovlar – oddiy fuqarolarning davlat va jamiyatga institutsionallashgan, tartiblashgan holda ta’sir o‘tkazish omili demakdir. Turli–tuman siyosiy kuchlar ijtimoiy muammolarni aniqlab, ularning echimi borasida saylovoldi dasturlarini tuzib chiqadilar. Buning natijasida saylovchilar bir nechta dasturlar ichidan eng yaxshilarini tanlab, ular uchun ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa samarasiz siyosiy dasturlar o‘rniga yangi, hayotbahsh siyosiy dasturlarning qabul qilinishini ta’minlaydi.

Saylovlarning yuqoridagi funksiyalari faqat ular demokratik tarzda tashkil qilingan taqdirda to‘la amal qiladi. Saylovlar demokratik jamiyatdagina o‘zini to‘liq namoyon qilishi mumkin, chunki saylovlar demokratiyaning umumiy konsepsiyasi va qadriyatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri ham davriy va adolatli saylovlar hisobalanadi.

Quyidigilar demokratik saylovlarning asosiy tamoyillari hisoblanadi.

1. Umumxalq saylovlari 2. Tenglik 3. Saylovlarda yashirin ovoz berish erkinligi. 4. To‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) ovoz berish.

1. Umumxalq saylovlar tamoyili barcha fuqarolarning, ularning jinsi, irqi, millati, sinfiy yoki kasbiy mansubligi, tili, daromadi miqdori, boyligi, ma’lumoti, diniy yoki siyosiy e’tiqodidan qat’iy nazar, saylovlarda saylovchi yohud nomzod sifatida ishtirok etishlari mumkinligini bildiradi. Umumxalq saylovlar tamoyilidan ayrim holatlardagina chekinish mumkin. Masalan, balog‘at yoshiga to‘lmaganlar saylovlarda qatnashish huquqiga ega emaslar. Shuningdek, ruhiy nosog‘lom kishilar (agar sud tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa), sud qaroriga ko‘ra jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan kishilarga ham saylash va saylanish huquqi berilmagan.

G‘arb mamlakatlarining aksariyatida XX asrning o‘rtalariga qadar mulkiy senz va boshqa bir qator cheklovlar mavjud bo‘lib, ularga ko‘ra muayyan miqdorda moddiy boyliklarga ega bo‘lmagan aholi qatlamlari, yollanma ishchilar, ayollar saylovlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishmagan. Masalan, Fransiyada ushbu cheklovlar 1944 yilda, Italiya va Yaponiyada 1945 yilda, Gretsiyada 1956 yilda, SHveysariyada 1971 yilda, Portugaliyada esa 1974 yilda bekor qilingan. Umumxalq saylovlar tamoyili demokratik mamlakatlarning aksariyatida ikkinchi jahon urushidan keyin joriy qilingan.

2. Tenglik tamoyili har bir saylovchi, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar bir ovozga ega ekanligini bildiradi. Uning ijtimoiy kelib chiqishi, egallab turgan mavqei va lavozimi yoki boshqa shaxsiy fazilatlari uning saylovchi maqomiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.

3. Saylovlarda yashirin ovoz berish erkinligi — saylovchining muayyan qarori boshqa biror kishiga oshkor qilinmaslgini bildiradi. Ushbu tamoyil tanlash erkinligini ta’minlaydi, fuqarolarning ehtimoldan holi bo‘lmagan ta’qiblardan himoya qiladi, qing‘irlikning oldini oladi.

4. To‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) ovoz berish tamoyili saylovchi aniq bir nomzod uchun bevosita ovoz berishi lozimligini anglatadi. Saylovchilar va nomzodlar o‘rtasida biror bir vositachi mavjud emas, balki ana shu nomzodlardan qaysi biri saylanadigan lavozimiga saylanishini saylovchilarning o‘zlari hal qiladi. Agarda fuqarolar oldin saylash guruhi yoki maxsus organ tashkil qilishsa va ular orqali nomzod saylansa, bunday saylovlar bilvosita saylovlar deb yuritiladi. Saylovlarning ushbu turi aksariyat hollarda fuqarolarda saylovlarga nisbatan qiziqishning pasayishiga olib kelishi mumkin.

Saylov jarayoni muayyan huquqiy me’yorlar, Konstitutsiya va saylov qonunchiligida belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi. Saylovlarni tashkil qilish amaldagi saylov tizimi bilan chambarchas bog‘liqdir. Saylov tizimining asosiy vazifasi esa xalq xohish-irodasini namoyon etish va hokimiyat organlarining samaradorligini ta’minlashdan iborat. Jahon mamlakatlari amaliyotida eng ko‘p uchraydigan saylov tizimlari majoritar (muqobil) va proporsional (vakolatli) saylov tizimlaridir.



Majoritar saylov tizimida nomzod yoki partiya g‘alaba qozonish uchun saylovchilar ko‘pchiligining ovozini olishi lozim. Kamchilik ovozlarni olsa, nomzod yoki partiya hech qanday mandatga ega bo‘lolmaydi. Majoritar tizim ham o‘z navbatida 2 turga bo‘linadi: 1) Mutlaq ko‘pchilik tizimi ko‘pincha mamlakat Prezidentini saylash chog‘ida qo‘llaniladi. Unga ko‘ra saylovlarda qatnashganlarning yarmidan ko‘pining (kamida 50%) ovozini olgan nomzod g‘alaba qozonadi. 2) Nisbiy ko‘pchilik tizimida esa nomzod g‘olib chiqish uchun boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozlarni olishi lozim.

Majoritar saylov tizimi AQSH, aksariyat Lotin Amerikasi mamlakatlari, Fransiya, Angliya kabi rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda. Olimlarning fikricha, majoratir saylovlar afzalliklaridan yana biri uning parlament ichida ko‘pchilikni yuzaga chiqarishida va ana shu ko‘pchilik aosida barqaror hukumat tuzilishida namoyon bo‘ladi.

Masalan, Fransiyada saylovlarning majoritar turi qo‘llaniladi. Parlamentda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi partiyalar koalitsiyasi uchun har doim bir xavf mavjud bo‘lib, koalitsiyadagi partiyalar o‘rtasida ichki kelishmovchiliklar yuzaga kelishi oqibatida Parlament tarqatib yuborilishi mumkin. Shuning uchun deputatlar ilgari o‘zlari saylovchilarga taqdim etgan dasturlari doirasida faoliyat olib borishga majburdirlar. Parlamentni tarqatib yuborish xavfi undagi “ko‘pchilik” koalitsiyasini yanada jipslashib, bahs-munozarali masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga da’vat etadi. Mabodo Parlament tarqatib yuborilgudek bo‘lsa, deputatlar o‘z saylovchilarining oldiga kelib, saylovoldi dasturlari bilan yana bir marta o‘rtoqlashishga majbur bo‘ladilar. Majoritar saylovlarning jamiyatni jipslashtirish va muvozanatni saqlash kabi ijobiy jihatlarga ega ekanligini fransuz siyosiy tajribasi yaqqol tasdiqlaydi.

Majoritar saylov tizimi demokratik jamiyatda eng optimal variant hisoblanadi. Majoritar saylov har bir siyosiy partiyani o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga va o‘z mafkuraviy arsenalidan to‘liq foydalanishga etaklaydi. CHunki, ushbu partiya boshqa partiyalarga nisbatan hech bo‘lmaganda bir ovoz ko‘proq olishga intilishi natijasida siyosiy sahnada bir biriga muholif bloklar vujudga keladi. Xorijiy mamlakatlar tajribasi ikki qutbli siyosiy partiyalar tizimi boshqa siyosiy tizimlardan ko‘ra samarali siyosiy qarorlar chiqarishda va mas’uliyatni to‘liq his etuvchi hukumatlar tuzishda ijobiy natijalar berishini tasdiqlaydi. Ikki qutbli ko‘ppartiyaviylikning mohiyati shundaki, unda bir tomon siyosiy hokimiyatni amalga oshiradi, ikkinchi tomon esa konstruktiv muholifatga aylanadi. Elektorat esa hokimiyatni hukmron partiya qo‘lida qoldirishi yoki muholifatga ishonib topshirishi mumkin. Elektoral raqobatning ushbu dinamikasi partiyalarni siyosiy spektrning markaziga tomon intilishga majbur qiladi va o‘z saflarida ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari agar favqulodda holatlar yoki bo‘xronlar yuz berib qolguday bo‘lsa, bir-biriga muholif tomonlar umumdavlat manfaatlari yo‘lida o‘zaro murosa qilgan holda yagona dastur tuzib chiqishlari yoxud, hatto koalitsion hukumat tashkil qilib xavfli vaziyatdan chiqib ketishlari mumkin.

Proporsional saylovlarning afzalliklari shundaki, u birinchidan siyosiy partiyalar mudom faol bo‘lishga turtki beradi; ikkinchidan, biror deputat o‘z vakolatini amalga oshirolmay qolgan taqdirda uinng o‘rnini to‘ldirish uchun o‘tkaziladigan oraliq saylovlarni baratarf etadi. (o‘z vakolatini topshirgan deputatning o‘rnini partiviy ro‘yxatdagi navbatdagi partiyadoshi egallaydi). Uchinchidan faqat yirik siyosiy partiyalar emas, balki kichiklari ham Parlamentga saylanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa parlament ichida turli fraksiyalarning faoliyat olib borishini ta’minlaydi.

Proporsional (partiyaviy ro‘yxatlar) tizim G‘arbiy Evropadagi aksariyat mamlakatlarda, shuningdek, Isroilda keng qo‘llaniladi. Uning asosiy mohiyati shundaki, dastlab partiyalar nomzodlarning umummilliy yoki hududiy ro‘yhatini tuzadilar, saylovchilarning har biri esa o‘z partiyalari foydasiga ovoz beradi. So‘ngra esa nomzodlar mazkur partiyalarga berilgan ovozlarning umumiy soniga proporsional ravishda saylanadilar. Parlamentda vakillikka sazovor bo‘lish uchun partiyalar har safar ko‘pchilik ovozlarga ega bo‘lishlari talab etiladi.

Proporsional tizimning asosiy kamchiligi shundaki, elektorat nomzodlarni tanlash jarayoniga ta’sir ko‘rsata olmaydi, saylangan vakillar esa, o‘zlarini saylovchilar oldida emas, ko‘proq o‘z partiyalari oldida mas’ul, deb biladilar. Biroq proporsional tizim siyosiy partiyalarni faollikka undaydi; saylovchilar e’tiboriga nomzodlarning mutanosiblashgan va saralangan ro‘yxatini taqdim etishga da’vat etadi. Bu esa partiyalararo raqobatni nihoyatda kuchayishiga olib keladi.

Masalan, Germaniyada aralash tizim – majoritar va proporsional saylov kombinatsiyalari qo‘llaniladi. Nemis saylovchisi ikki ovozga ega: birinchi ovozni u o‘z saylov okrugidan nomzodlarning biriga bersa, ikkinchi ovozni partiyaviy ro‘yxat asosida o‘ziga ma’qul bo‘lgan partiyaga beradi. Birinchi ovoz muayyan nomzodga berilsa, ikkinchi ovoz siyosiy partiyaga beriladi. Shu tariqa Parlament deputatlarining yarmi yakka tartibda, qolgan yarmi esa paryativiy ro‘yxat asosida saylanadi.

Ma’lumki, XX asrda Germaniya demokratik jamiyatga tomon nihoyatda qiyin bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan so‘ng mamlakat totalitar va antiliberal mafkuradan voz kechib, demokratik va gumanistik qadriyatlarni mustahkam qaror toptirishi kerak edi. Bu vazifalarni bajarishda va mamlakatda siyosiy madaniyatni shakllantirishda nemis Bundestagining roli beqiyos bo‘ldi. Germaniyada Parlament Respublikasi shaklidagi liberal-demokratik davlat bunyod etildi va unda barcha fuqarolarning erkinliklari, qonun ustuvorligi, hokimiyatlar bo‘linishi, siyosiy qarorlar chiqarish jarayonida xalq ommasining ishtiroki ta’minlangan huquqiy-demokratik davlat bunyod etildi.

Proporsional saylovlarning afzalliklaridan yana biri oraliq saylovlarning o‘tkazilmasligida namoyon bo‘ladi. Masalan, Germaniyada qo‘shimcha saylovlar o‘tkazilmaydi. Bundestagdan ketgan deputat o‘rniga partiyaviy ro‘yxatda undan keyin turuvchi kishi deputat bo‘ladi. Bundestag saylovlari oralig‘ida landtaglar (mahalliy qonunchilik organlari)ga saylovlari o‘tkazilishi natijasida siyosiy partiyalarning faolligi saqlab qolinadi.

Agar Germaniya parlamentarizmini vakillik demokratiyasining boshqa modellari bilan solishtiradigan bo‘lsak, uning aralash shaklga ega ekanligini ko‘ramiz. Nemis bundestagi AQSH Kongressiga o‘xshab hukumat boshlig‘idan mustaqil emas, ayni paytda xuddi Buyuk Britaniya vakillar palatasiga o‘xshab hukumatga tobe’ ham emas. AQSH Kongressi nihoyatda ishchan bo‘lib, mamlakat siyosatni ishlab chiqish va qonunlar qabul qilish bilan faol shug‘ullansa, Buyuk Britaniya vakillar palatasi aksincha, hukumat siyosatini «muhrlovchi insturment», saylovchilar nazdida esa muhim masalalar bo‘yicha bahs yuritayotgan «notiq parlament» sifatida e’tirof etiladi. Germaniya bundestagi ana shu har ikkala modelning aralashmasidan tashkil topgan, deyish mumkin.

Hozirgi davrda majoritar va proporsional tizimdan tashqari yana bir qator saylov turlari qo‘laniladiki, ularda yuqoridagi ikki tizimning u yoki bu unsurlari namoyon bo‘ladi. Masalan, so‘nggi yillarda bir qator xalqaro tashkilotlarda konsensus saylov turi qo‘laniladi. Uning asosiy mohiyati shundaki, saylovchi biror-bir alohida nomzod uchun emas, balki nomzodlarning barchasiga 5 ballik tizim aosida baho qo‘yib chiqadi. CHunonchi, prezidentlik lavozimiga 4 nafar nomzod ko‘rsatilgan bo‘lsa, saylovchi nomzodlarning 1-siga 5 ball, 2-siga 4 ball, 3-siga 3 ball, va 4-siga 2 ball baho qo‘yadi. Ovoz berish tugagandan so‘ng ovozlar hisoblab chiqiladi va g‘olib aniqlanadi.

Saylov tizimi jamiyatning siyosiy tizimi bilan bevosita chambarchas bog‘liqdir. Amaldagi siyosiy tizim u yoki bu saylov tizimining qabul qilinishida katta rol o‘ynaydi. o‘z navbatida saylov tizimi ham siyosiy tizimdagi o‘zgarishlarning mohiyatiga katta ta’sir o‘tkazadi.

Saylovlarni tashkil qilish bilan bog‘liq jarayon juda murakkab bo‘lib, u bir necha bosqichlardan iboratdir. Ular quyidagilar:

1) Tayyorgarlik bosqichi

2). Nomzodlarni ilgari surish, ularni ro‘yxatga olish bosqichi

3). Tashviqot-targ‘ibot kampaniyasi

4). Ovoz berish va saylov natijalarini e’lon qilish bosqichi

Har bir bosqich o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Jumladan, tayyorgarlik bosqichida partiyalar ro‘yhatga olinadi; bo‘lajak saylovlar to‘grisida xalqqa axborot beriladi; xalqning saylovlar to‘grisidagi elektoral savodxonligi oshiriladi; ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatga olinadi; mustaqil va odil saylov komissiyasi tashkil qilinadi; saylov jarayonining haqqoniyligini nazorat qiluvchi tegishli huquq idoralari tashkil qilinadi yoki tayyor holga keltiriladi va h.k.



Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə