Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə33/282
tarix28.11.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#137049
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Efiopiya-Somali. Efiopiya-Somali tabiiy geografik o’lkasi Efiopiya tog’ligidan va Somali platosidan yoki yarim orolidan tashkil topgan bo’lib, shimoli- sharqda Qizil dengiz va Adan qo’ltig’i, sharqda va janubi-sharqda Hind okeani, g’arbda Oq Nil botig’i va janubda Rudolf ko’li botig’i bilan chegaralangan. O’lka hozirgi rel’efining shakllanishida qadimiy kristall jinslar, mezozoyning oxiridan boshlab yuz bergan tektonik harakatlar natijasida otilib chiqqan lavalardan hosil bo’lgan trapplar va tuflar ishtirok etadi. Kristall jinsli poydevorning kamroq qismini qalinligi bir necha yuz metr keladigan cho’kindi jinslar - ohaktoshlar va qumtoshlar qoplagan. Katta qismi neogen - to’rtlamchi davrda otilib chiqqan va qalinligi 1000 m gacha yetadigan yosh lavalar, quyi qismida bazaltlar va doleritlardan, yuqori qismida ishqorli bazalt, traxit va riolitlardan iborat. Efiopiya tog’ligi gorst tipidagi palaxsa tog’lardan bo’lib, neogenda yer pustining uzilmalari va yoriqlari bo’ylab okean sathidan 2000-3000 m balandlikka ko’tarilgan. Tog’likning sharqiy va janubiy yonbag’irlari juda tik qoyali, g’arbiy yonbag’iri zinapoyasimon pasayib Sudan tekisligi bilan tutashadi. Tog’lik yuzasi chuqur tektonik daryo vodiylari bilan bir necha massivlarga bo’lingan. Massivlarning tepa qismida qoldiqli bazalt tog’ cho’qqilari ko’tarilib turadi. Tog’likning eng baland va tik yonbag’irli massivi Atbar va Takkaze daryolari yuqori oqimining oralig’ida joylashgan Semien tog’ligi bo’lib, Efiopiyaning eng baland cho’qqisi Ras-Dashen (4620 m) ham shu tog’ massivida
joylashgan. Undan janubda balandligi 4100 m (Talo cho’qqisi) bo’lgan Choke tog’i submeridional ravishda cho’zilgan. Baland ko’tarilgan bu ikki tog’ massivi oralig’ida tektonik botiq vujudga kelgan. Uning eng past qismi 1830 m balandlikda joylashgan Tana tektonik ko’li bilan band.
Efiopiya tog’ligining shimoli-sharqiy qismida Qizil dengizdan Danakil tog’i orqali ajralib turgan Afar tektonik cho’kmasi joylashgan. Uning ajralmas qismi bo’lgan Assal botig’i okean sathidan -153 m pastda joylashgan. Bu butun Afrikaning ham eng past joyi hisoblanadi. Afar cho’kmasi lavalar, tuflar kabi vulkanik jinslar bilan hamda dengiz, ko’l va eol yotqiziqlar bilan qoplangan. Uning atrofida Alu (496 m), Gobuli (960 m), Umnuna (690 m), Afdera (1200 m) va boshqa vulkanlar tizimi polosa bo’lib joylashgan. Efiopiya tog’ligi janubi-sharqda chuqur uzilma vodiy orqali Xaud platosidan ajralib turadi. Bu plato kristall jinslardan tarkib topgan Somali yarim oroli platosi tomon zinapoya hosil qilib pasayib boradi. Somali platosi ham o’z navbatida janubi-sharqqa Hind okeani tomon asta-sekin pasayib borib, qirg’oqbo’yi tekisligi bilan tutashadi. Platoning shimoliy qismi 2200-2400 m (Shimbiris cho’qqisi, 2416 m) balandlikkacha ko’tarilib bir necha massivlarga bo’lingan. Uning shimoliy yonbag’ri Adan qo’ltig’iga tutashgan. Somali platosi Efiopiya tog’ligiga nisbatan ancha past, tektonik uzilmalar va yoriqlar kam tarqalgan, lavalar bilan qoplangan yerlar oz maydonni egallagan.
Efiopiya-Somali tabiiy geografik o’lkasining iqlimi asosan ekvatorial musson iqlim. Uning shimoliy qismi tropik cho’l va chalacho’l iqlimiga mansub. Efiopiya tog’ligiga va Somali platosiga yog’inni Hind okeanidan esadigan musson shamollari olib keladi. Yog’inning katta qismini tog’likning yonbag’irlari to’sib qoladi va bu yerlarda yiliga o’rtacha 1000 mm dan ortiq yog’in tushadi. Tog’likning ichki vodiylarida, berk botiqlarda va Somali yarim orolining katta qismida yillik yog’in miqdori 250 mm ga, Afar cho’kmasida esa 200 mm ga ham yetmaydi. O’lkaning eng qurg’oqchil qismi Qizil dengiz sohili hisoblanadi. Bu yerda yillik yog’in miqdori 125 mm atrofida bo’lib, haqiqiy cho’l sharoiti hukmronlik qiladi. Qizil dengiz sohilida yog’inning nihoyatda kam bo’lishiga sabab qish oylarida Arabiston yarim oroli tomonidan esadigan quruq shimoli-sharqiy passat shamollarining ta’siridir. O’lkaning baland tog’ massivlaridan boshqa barcha hududida havo juda issiq va harorat yuqori bo’ladi. O’rtacha oylik va yillik harorat +20°S; dan past bo’lmaydi. Adan qo’ltig’i sohilida yanvar oyining o’rtacha harorati +24°S ga, iyulning o’rtacha harorati +36°S ga teng. Yoz oylarida maksimal harorat +40°+50°S gacha ko’tariladi. Bu yer yuzidaga eng issiq hududlardan biri hisoblanadi.
Efiopiyaning baland tog’ massivlari uchun iqlimning baland tog’ mintaqaligi xarakterli. Tog’likning 1700-1800 m balandlikkacha bo’lgan qismi issiq va nam iqlim mintaqaga qaraydi. Bu yerda o’rtacha oylik harorat +20°S dan pastga tushmaydi. Undan yuqorida 2400 m balandlikkacha bo’lgan tog’ yonbag’irlaridagi mo’tadil iqlim mintaqada o’rtacha oylik harorat yil davomida +15°+20° S atrofida bo’ladi. Qish oylarida harorat -5°S gacha pasayadi, yog’in miqdori 1300 mm ni tashkil etadi. Bu mintaqa hududida Efiopiyaning poytaxti Addis-Abeba shahri joylashgan. 2400 m dan yuqorida sovuq iqlim mintaqasi boshlanadi. Bu mintaqada havo ancha salqin, aprelning o’rtacha harorati +16°S va dekabr oyiniki +13°S
atrofida bo’ladi. 4000 m dan balandda qish oylarida qor yog’adi. Tog’larning asosiy qismiga va baland tog’ massivlarining g’arbiy yon bag’irlariga yog’inni Atlantika okeanidan esuvchi janubi-g’arbiy va g’arbiy nam musson shamollari olib keladi.
Efiopiya tog’ligidan ko’plab ostonali, sharsharali sersuv daryolar boshlanadi va chuqur vodiylar hosil qilib oqadi. Tog’likning shimoliy qismidan Ko’k Nil, Atbara, Takkaze, Avash daryolari, janubiy qismidan Sobat, Omo, Juba, Vabi-Shabali daryolari boshlanadi. Bulardan Omo daryosi Rudolf ko’liga va Juba daryosi Hind okeaniga quyiladi. Quruq iqlimli Somali yarim orolida, Qizil dengiz sohilida va Afar botig’ida doimiy oqib turadigan daryolar umuman uchramaydi. Lekin, yomg’irdan keyin vaqtincha suv oqadigan quruq o’zanlar juda ko’p. Shuning uchun bu hududlarda o’troq holda yashaydigan aholi juda kam uchraydi. O’lkaning cho’l va baland tog’ hududlaridan boshqa hamma qismida issiq va nam iqlim sharoitida vulkanik jinslarning yemirilishi natijasida hosil bo’lgan qizil rangli tuproqlar keng tarqalgan. Efiopiya tog’ligida asosan tog’-qizil va tog’-qo’ng’ir-qizil tuproqlar ko’pchilikni tashkil etadi. Uning orasida ba’zi joylarda tog’-laterit tuproqlari ham uchraydi. Tog’ning g’arbiy qismida va Somali platosida lateritlashgan jigar rang- qizil tuproqlar, sharqiy cho’l qismida qizg’ish-qo’ng’ir tuproqlar yaxshi rivojlangan. Sho’r ko’llar atrofida sho’r va sho’rhok tuproqlar hosil bo’lgan.
Efiopiya tog’ligida iqlim singari o’simlik qoplami ham aniq ifodalangan balandlik mintaqalar hosil qilib joylashgan. Tog’likning quyi yonbag’irlari, janubiy qismi va daryo vodiylari doimiy yashil va bargini to’kadigan qalin tropik o’rmonlar bilan qoplangan. O’rmonlarda nam tropiklar uchun xarakterli bo’lgan xilma-xil palmalar, yovvoyi bananlar, kauchukli lianalar, epifitlar va boshqa tur o’simliklar uchraydi. 1700-1800 m dan yuqorida igna barglilardan baland tanali kedrlar, tisa daraxtlari hukmronlik qiladi. Efiopiya daraxtsimon sutlamadoshlari, qora archalar, soyabonsimon akasiyalar mintaqa hududida yaxshi saqlangan, ba’zi joylarda tipik boshoqli savannalarga xos o’simliklar uchraydi. Efiopiya tog’ligining bu hududlari kofe daraxtining vatani hisoblanadi. Bu hudud dehqonchiliq madaniyatining eng qadimiy markazlaridan biri hisoblanadi. 2400 m dan yuqoridagi sovuq mintaqada o’simlik ko’pincha baland tog’ tropik dashtlariga xos bo’lgan turli xil o’tlardan tarkib topgan va ulardan yaylov sifatida keng foydalaniladi. Vohalarda xurmo va kokos palmalari o’sadi.
Efiopiya-Somali o’lkasining hayvonot olami turli xil va aralash xarakterga ega. Bu o’lkaning fauna kompleksi o’rmonlarga, savannalarga va cho’llarga xos hayvon turlaridan tarkib topgan. Efiopiya tog’ligining quyi mintaqa o’rmonlarida fillar, karkidonlar, begemotlar yashaydi. Mo’tadil mintaqa o’rmonlarida maymunlarning bir necha turlari - gamadrilla, gveres, yashil martishka, endemik geladlar keng tarqalgan. Somali savannalarida va Afar botig’i cho’llarida o’txo’r sut emizuvchilardan antilopalar, zebralar, qo’toslar, jirafalar ko’pchilikni tashkil etadi. Tog’likning baland rayonlarida tog’ echkilari uchraydi. Yirtqich hayvonlardan arslon, qoplon, sirtlon va chiyabo’rilar, daryolarda gippopotom va timsohlar yashaydi.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə