Oliy va o’rta maxsus ta’lim


Sharqiy Afrika yassi tog’ligi



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə34/282
tarix28.11.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#137049
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Sharqiy Afrika yassi tog’ligi. Bu tabiiy geografik o’lka materikning sharqiy qismini, 5° sh.k. va 17° j.k. lar oralig’ini qamrab olgan. Shimolda Efiopiya tog’ligi
va Rudolf ko’li botig’i, g’arbda Kongo botig’i, janubda Zambezi daryosining quyi oqimi va sharqda Hind okeani bilan chegaralangan. O’lkaning kichik qismi shimoliy yarim sharda va katta qismi janubiy yarim sharda joylashgan. Sharqiy Afrika yassi tog’ligi Afrika platformasining tektonik jihatdan faol, harakatchan qismi bo’lib, uning hududida eng yangi uzilmalar va grabenlar tizimi keng tarqalgan. O’lkaning aksariyat qismini balandligi 1000-1500 m dan yuqori bo’lgan Sharqiy Afrika yassi tog’ligi tashkil etadi. Yassi tog’likning yuzasida keng botiqlar vujudga kelgan bo’lib, ulardan eng yirigi Viktoriya ko’li bilan band. Yassi tog’likning sharqiy qismi Hind okeani qirg’og’igacha tik zinapoyalar hosil qilib tushgan. Ayrim joylarda qirg’oq bo’ylab kengligi 10-20 km dan oshadigan pastekisliklar joylashgan. Qirg’oqlar daryo vodiylari bilan kuchli parchalangan. Sohillarga yaqin joylarda mayda orollar va marjon riflari keng tarqalgan.
Yassi tog’likning kristall poydevori grabenlar bilan kesilgan. Ular rel’ef tuzilishida tor cho’kmalar va baland tik yon bag’irli pog’onalar shaklida namoyon bo’lib, Qizil dengiz va Efiopiya tog’ligidan Rudolf ko’ligacha cho’zilgan. Rudolf ko’lidan janubda graben zonasi uchta tarmoqqa bo’linadi: g’arbiy, markaziy va sharqiy. G’arbiy tarmog’i yassi tog’likning g’arbiy qismidan o’tib Albert, Kivu, Tanganika ko’llari botiqlariga to’g’ri keladi. Markaziy tarmog’i Rudolf ko’lidan boshlanib, janubda N’yasa ko’ligacha davom etadi. Uchinchi tarmog’i yassi tog’likning sharqiy chekkasidan o’tadi. Sharqiy Afrika yassi tog’ligining tektonik yoriqlar zonasidagi asosiy morfostruktura chuqur grabenlar va ularning atrofida juda baland ko’tarilgan tog’ massivlaridan tarkib topgan. Grabenlar turli xil balandliklarda joylashgan va ularning ko’pchilik qismi uzoq masofaga cho’zilgan chuqur ko’llar, botqoqliklar va sho’r yerlar bilan band.
Sharqiy Afrika yassi tog’ligi tektonik yoriqlar va uzilmalar natijasida bir necha tog’ massivlariga bo’lingan. Tektonik yoriqlar bo’ylab tik ko’tarilgan kristall jinsli tog’ massivlari materikning ham eng baland nuqtalari hisoblanadi. O’lka hududida balandligi 5000 m dan yuqori bo’lgan uchta cho’qqi joylashgan: Kilimanjaro - Kibo cho’qqisi bilan (5895 m), Keniya (5199 m) va Margarita (5109 m). Bulardan tashqari balandligi 4000 m dan oshadigan Elgon (4322 m), Meru (4567 m), Karisimbi (4507 m) kabi cho’qqilar mavjud. Bu cho’qqilar asosan so’ngan va harakatdagi vulkanlardan iborat. Baland platolarda qattiq jinslardan tarkib topgan qiya tepalik, qoldiqli balandlik rel’ef shakllari keng tarqalgan. Bu tipdagi rel’ef shakllari ayniqsa Viktoriya ko’lidan shimolda joylashgan Uganda platosi va janubda joylashgan Unyamvezi platosi uchun xarakterli.
Sharqiy Afrika yassi tog’ligi o’lkasining iqlimi subekvatorial, mussonli, mavsumiy sernam iqlim. Havo harorati bir xilda bo’lmasdan, uning taqsimlanishi rel’efning balandligiga, parchalanganligiga va Hind okenining ta’siriga bog’liq. Hind okeani sohilida, Dar-es-Salom atrofida eng issiq oyning o’rtacha harorati
+28°S ni va eng salqin oyniki +230S ni tashkil etadi. Ichki yassi tog’liklarda, Tabora shahrida issiq oyning o’rtacha harorati +250S dan va salqin oyniki +21°S dan oshmaydi. Tog’ massivlariga ko’tarilgan sari iqlim mo’tadillashib, harorat pasaya boradi. Nayrobi atrofida o’rtacha oylik harorat +19°S dan yuqori va +14°S dan past bo’lmaydi. Baland tog’larning 2000 m dan yuqori joylarida harorat 0°S dan past
bo’ladi, 3500 m dan balandda qor yog’adi. Eng baland cho’qqilar - Kilimanjaro, Keniya va Margaritalarning yuqori qismlari doimiy qor va muzliklar bilan qoplangan.
O’lka hududida atmosfera yog’inlari ham bir tekisda taqsimlanmagan. Eng ko’p yog’in Sharqiy Afrika yassi tog’ligining shimoli-g’arbiy va janubi-g’arbiy yonbag’irlarida hamda Hind okeani sohilida bo’ladi. Bu yerlarda yillik yog’in miqdori 1000-1500 mm ni tashkil etadi. Baland tog’ yonbag’irlarida 2000-3000 mm gacha yog’adi. Qolgan joylarda yog’in miqdori 750-1000 mm gacha, berk botiqlarda va o’lkaning shimoli-sharqiy chekkasida 500 mm gacha kamayadi. Yassi tog’likning 5° sh.k. va 5° j.k. lari oralig’i uchun yomg’ir mavsumining tipik ekvatorial rejimi xarakterli. Bu oraliq zonada yiliga ikki marta maksimum yomg’ir fasli va ikki marta nisbatan kam yomg’ir fasli kuzatiladi. 5° j.k. dan janubdagi hududlar uchun bitta maksimum yomg’ir fasli xarakterli.
Sharqiy Afrika yassi tog’ligidan materikning bosh suvayirg’ichi o’tadi. O’lka hududidan Atlantika okeni havzasiga o’z suvini quyadigan Kongo, Nil daryolari va ularning ko’plab yirik irmoqlari boshlanadi. Yassi tog’likning sharqiy yonbag’iridan boshlanuvchi Zambezi, Tana, Galana, Rufiji, Ruvuma, Lurio va boshqa mayda daryolar o’z suvini Hind okeaniga quyadi. O’lka hududida Afrikaning eng yirik va chuqur tektonik ko’llari joylashgan. Viktoriya, Tanganika, N’yasa shular jumlasidandir. Bulardan tashqari Mobutu-Sese-Seko, Kiogo, Eduard, Kivu, Mveru, Rukva, Bangveulu va boshqa mayda ko’llar ham bor. Rudolf, Eyasi va Natron ko’llari oqmas berk havzaga qaraydi. Yirik ko’llarda kemalar qatnaydi.
Sharqiy Afrika yassi tog’ligining katta qismi tipik savanna, quruq faslda bargini to’kuvchi siyrak o’rmonlar va butazorlar bilan band. Ularning tagida lateritlashgan jigar rang-qizil tuproqlar rivojlangan. Pastqam joylarda tropik qora tuproqlar va vulkanik jinslar ustida qo’ng’ir tropik tuproqlar hosil bo’lgan. O’lkaning yog’in ko’p yog’adigan shimoli-g’arbiy qismida qizil laterit tuproqlar ustida aralash doimiy yashil va bargini to’kuvchi o’rmonlar keng tarqalgan. Hozirgi kunda bu o’rmonlarning aksariyat maydoni antropogen landshaftlarga - ikkilamchi baland o’tli savannalarga aylangan. Qurg’oqchil shimoli-sharqiy hududlardagi cho’llangan savannalar qizg’ish-qo’ng’ir tropik tuproqlar va tikanli butazorlar bilan qoplangan. Daryo vodiylari bo’ylab doimiy yashil galeriya o’rmonlari uchraydi. Okean sohillari bo’ylab mangra o’rmonlari tarqalgan.
Tog’ massivlarida tuproq va o’simlik qoplami balandlik mintaqa bo’ylab taqsimlangan. Tog’ etaklaridan 1200 m balandlikda nam o’rmonlar, 1200-2800 m balandliklar oralig’ida doimiy yashil o’rmonlar o’sadi. Undan yuqorida 2800 m dan 3800 m gacha bo’lgan balandliklarda qalin tog’ o’rmonlari bambukzorlar va daraxtsimon vereskali mintaqa bilan almashadi. 3800-4500 m dagi balandliklarda tog’ o’tloqzorlari va ulkan murakkabgullilar keng tarqalgan. 4500 m dan balanddagi toshloq yerlarda va qoyalarda siyrak holda lishayniklar o’sadi, 4800 m dan yuqorida doimiy qor va muzliklar mintaqasi boshlanadi.
Sharqiy Afrika yassi tog’lik o’lkasining hayvonot dunyosi juda boy va turli- tuman. O’lkaning poyonsiz savannalari va o’rmonlari fillar, antilopalar, zebralar, jirafalar, karkidonlar, qo’toslar va boshqa o’txo’r hayvonlar uchun ozuqa manbai va
yashash uchun qulay makon hisoblanadi. Daryo vodiylarida va ko’llar atrofida begemotlar, timsohlar yashaydi. Yirtqich hayvonlardan arslonlar, qoplonlar, chiyabo’rilar ko’p uchraydi. Hayvonlarning ko’plab miqdorda ovlanishi, ularning soni va turlarining keskin kamayib ketishiga sabab bo’lmoqda. Ayrim hayvon turlari umuman yo’qolib ketish arafasida turibdi. Shuning uchun Sharqiy Afrika mamlakatlarida yovvoyi hayvonlarni, noyob tabiat obidalarini va xushmanzara landshaft komplekslarini saqlab qolish maqsadida dunyoga mashhur bo’lgan qo’riqxonalar va milliy bog’lar tashkil etishgan. Ruvenzori, Serengeti, Nort- Luangva, Ruaxa, Lukusuzi, Kilimanjaro, Savo milliy bog’lari, Burigi, Ugalla, Kizingo qo’riqxonalari shular jumlasidandir.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə