O‘zbekiston respublikasi fan,TA‘lim va innovatsiyalar vazirligi farg‘ona politexnika instituti


O‘rta Osiyoda antik davr va ilk yer egaligi davlatlari



Yüklə 0,51 Mb.
səhifə25/91
tarix28.09.2023
ölçüsü0,51 Mb.
#124471
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   91
Majmua-2023 tarix

O‘rta Osiyoda antik davr va ilk yer egaligi davlatlari. Mil. avv. III asrning o‘rtalarida mustaqil davlat sifatida tashkil topgan Parfiya davlati hozirgi Turkmaniston va Eronning bir qismini o‘z ichiga olgan. Bu davlatning birinchi hukmdori Arshak bo‘lib, u mil. avv. 247 yili taxtga o‘tirgan. Mil. avv. 235 yildan boshlab, Parfiya podsholari o‘z yerlari hududlarini kengaytirib bordilar.

Ammo Parfiya davlatining ulkan imperiyaga aylanib xalqaro siyosat maydoniga chiqishi Mitridat I hukmronligi bilan bog‘liqdir. R. Murtazayeva rahbarligida, hammualliflar tomonidan yozilgan O‘zbekiston tarixi kitobida qayd qilinishicha, o‘ttiz besh yil (mil.avv. 171-137-yy.) hukmronlik qilgan bu podsho ko‘plab harbiy yurishlar qilgan. Uning hukmronlik davrida g‘arbga qilingan ko‘p yillik urushlar, ichki nizolar va beqarorlik tufayli Salavkiylar davlati zayiflasha boshlagan edi. Bundan unumli foydalangan Mitridat I dastlab Ekbatanni, keyin esa Hindistonni bosib oldi. Mil.avv. 141-yilda Bobil bo‘ysundirildi. Shu tariqa Mitridat I Parfiyani qudratli davlatga aylantirib, Arshakiylarning ko‘pgina erkinliklarini qayta tikladi.
Shu tariqa milodning III asriga qadar Parfiya davlatiga Arshakiylar sulolasi hukmronlik qildi. Milodning 207-222-yillarida Parfiya davlati ikkiga bo‘linib ketadi (213-y.). Shu davrda Prafiyadan janubi sharqda yangi davlat-sosoniylar davlati tashkil topadi. Tez orada sosoniylar ulkan Parfiya saltanatini ag‘darib tashlaydilar. Shunday qilib, milodiy III asrning birinchi choragida sosoniylar arshakiylar hukmronligini tugatib, Parfiyada hokimiyatni to‘la qo‘lga oldilar.
Antik davrda Parfiya qishloq xo‘jaligida yollanma ishchilar mehnatidan keng foydalanilgan. Mil. avv. III asr o‘rtalaridan boshlab Parfiya davlati hozirgi O‘zbekiston hududlarida joylashgan qadimgi viloyatlar – Xorazm, Baqtriya, So‘g‘diyona bilan siyosiy, madaniy va iqtisodiy munosabatlarni ayniqsa rivojlantiradi. Antik davrlarda jamiyat va davlatning asosiy harakatlantiruvchi kuchini va ishlab chiqarish asosini erkin dehqon jamoa a’zolari hamda qishloq oqsoqollari va ularning xususiy mulki tashki etgan, shu bilan birga qishloq jamoalariga tegishli yaylovlar, chorva mollari ham mavjud edi. Parfiyaliklar besh asr davomida Hindiston, O‘rta Osiyo va Xitoyning Gʻarb mamlakatlari bilan qilgan savdo aloqalarida vositachilik qildilar. Parfiyaliklarning yozuvi oromiy (Niso hujjatlari) yozuvi bo‘lib, zardo‘shtiylik diniga e’tiqod qilishgan.
Antik davrlarda O‘rta Osiyoning qadimgi davlatlari nafaqat mintaqa davlatlari bilan, balki Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya kabi davlatlar bilan ham jadal savdo, iqtisodiy, madaniy aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Bunday aloqalar shubhasiz chet ellik savdogarlar, katta yer egalari, hukmdorlar, tadqiqotchilar hatto tarixchilarni ham o‘lkaga qiziqishini orttirgan. Xususan, qadimgi grek va rimliklar O‘rta Osiyoning tabiiy- geografik o‘rni, aholisining turmush tarzi xususida ma’lumotlar berib o‘tganlar, bu esa mintaqalar o‘rtasida o‘z davrida savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanganligidan dalolatdir.
Antik davrda O‘rta Osiyoda hukmronlik qilgan davlatlardan yana biri Yunon-Baqtriya davlatidir. Ushbu davlat hozirgi Qashqadaryo, Surxondaryo, Tojikiston janubi, Zarafshon vohasi, Afg‘onistonning shimoliy, Turmanistonning sharqiy hudularida tarkib topgan. Mil. avv. 250-140, 130 yillar davomida Yunon-Baqtriya davlati mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lib, bu davrda Diodot, Yevtidem, Yevkratid kabi podsholar hokimiyatni boshqarganlar. Davlatning markazi Baqtra shahri edi, hukmdorlari esa asosan yunon aslzodalari bo‘lgan. Mustaqil Yunon-Baqtriya davlatiga asos solgan, o‘zini shoh deb e’lon qilgan Diadot va uning o‘g‘li davrlarida bir muncha yuksaladi.
Bu jarayon Evtidem va evtidimiylar sulolasi boshqaruvi davrida yanada kuchayadi. Baqtriya davlati sarhadi keyinchalik Sharqiy Turkiston, Sharqiy Eron, shimoliy-g‘arbiy Hindiston, Sind o‘lkasi hududlarigacha kengaygan. Uning xo‘jalik, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti ham ancha yuksak darajaga ko‘tarilganligidan guvohlik beradi. Davlatning poytaxti xalqaro karvon savdosi - Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashganligidan, unda savdo-hunarmandchilik sohalari bir muncha rivoj topgan. Mamlakatning Eron, Xitoy, Hindiston, singari o‘sha davrning rivojlangan davlatlari bilan olib borgan savdo-tijorat munosbatlari asosan mana shu shahar orqali o‘tgan. Shuningdek, eski Termiz, Marv, Qo‘hnaqal’a, Marokanda (Samarqand) singari shaharlarning ham savdo- sotiqning yirik markazlari sifatidagi mavqei yuksak bo‘lgan.
Yunon-Baqtriya davlati o‘zining pul birligiga ega bo‘lgan. Oltin, kumush va misdan tanga pullar zarb etilib muomalaga chiqarilgan. Bundan tashqari bu mamlakatda turli xil don ekinlari, serunum erlarida uzumzor bog‘lar ko‘p bo‘lgan, sharbatli mevalar etishtirilgan. Bu hol unda dehqonchilik madaniyati o‘sganligidan, sun’iy-sug‘orish inshootlari tizimi keng tarmoq otganligidan yaqqol dalolatdir. Garchand Yunon-Baqtriya davlatida ayrim quldorlik munosabatlari mavjud bo‘lsa-da, biroq unda erkin dehqon jamoalari mehnati salmoqli rol o‘ynagan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarining nisbatan tez o‘sishiga, shaharlar hayotining rivojlanishiga muhim turtki bergan.
Miloddan avvalgi II asr o‘rtalariga kelib bir qator ichki va tashqi vaziyat taqozosi bilan yuz bergan keskin o‘zgarishlar oqibatida Yunon- Baqtriya davlati tushkunlikka yuz tutdi. Buning muhim sabablaridan biri- qo‘shni Parfiya davlatining kuchayib ketishi va o‘z hududlarini Yunon- Baqtriya hisobiga kengaytirishga intilishi bo‘ldi. Bu hol Yunon-Baqtriya davlatini mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Tez orada Hind erlari hamda Sug‘diyona uning tarkibidan ajralib ketdi. Mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlariga esa sharqdan kelgan ko‘p sonli katta yuyechji qabilalarining hujumi kuchayib, ular asta-sekin Farg‘ona, Surxondaryo hududlari sari siljiy boradi.
Qadimgi davlatchilik hukmronlik qilgan kezlarda xamda antik davrlardayoq So‘g‘diyona, qadimgi Xorazm, Baqtriya, qadimgi Farg‘ona, Qang‘ davlat birlashmalari chet davlatlar bilan jadal savdo-iqtisodiy munosabatlar o‘rnatar ekanlar, harbiy yurishlar mahalida mag‘lub davlat g‘olib tomonga o‘lpon tarzida katta miqdorda soliqlar to‘lashi bilan birga, garovga ko‘plab miqdorda asirlar va qullarni ham hadya etganlar. Xususan, chet elliklarni o‘lkada yetishtirilgan qishloq xo‘jalik, chorvachilik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlari, birgina shisha, qog‘oz, jun, qorako‘l teri, qovun, tarvuz, ot, tuya kabilar e’tiborni tortgan.
Masalan, yuqorigi paragraflarda qayd qilinganidek, qadimgi Farg‘ona turli davr manbalarida Dovon, Parkana kabi nomlar bilan eslatib o‘tiladi. Ya’ni, qadimgi Farg‘onada mahalliy kadxudotlar, vispati va zantupati maqeidagi hokimliklar siyosiy uyushmasidan iborat Davan davlati tarkib topdi.
Mil. avv. III asrlar boshlarida paydo bo‘lgan Qang‘ davlatining hududlari Sirdaryoning o‘rta oqimidagi yerlar edi. Mil. avv. II-I asrlarda Qang‘ davlati yerlari kengayib, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi yerlar va Xorazmni o‘z ichiga oladi. Antik davrida Qang‘ davlati ancha rivojlangan davlat edi. O‘troq aholi asosan vodiylarda yashab, dehqonchilik, Bog‘dorchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelishgan. Qang‘ hukmdorlarining markaziy shaharlari ikkita edi. Ular yozni o‘trorda (hoz. Aris va Turkiston oralig‘ida), qishlovni esa Qang‘a (hoz. Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida) shaharlarida o‘tkazar edilar.
Qang‘ davlati aholisi yarim o‘troq, yarim ko‘chmanchi sug‘diy va turkiy qabilalarning davlati edi, ya’ni O‘rta Osiyo hududlarida ikki xil tilda (turkiy va sug‘diy) so‘zlashuvchi qabilalarning ilk bor tarkib topgan davlati edi. Qang‘ davlati doirasida, uning markaziy mintaqalari-Sirdaryoning o‘rta havzasida, Toshkent vohasida yangi etnos-qang‘ar elati tarkib topadi. Uning etnik asosini mahalliy sug‘diylar va Sirdaryo bo‘yi turkiy qabilalari tashkil etganligi tarixiy manbalarda uchraydi. Qang‘ aholisi asosan dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganlar. Ular arpa, bug‘doy, tariq, no‘xat, sholi va boshqa donli ekinlar yetishtirganlar. Mevali daraxtzor va uzumzorlari ko‘p bo‘lgan. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi qang‘arlar asosan, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganlar.
Davlat bevosita tutash bo‘lgan Qurama va Chotqol tog‘larida temirchilik, misgarlik hunarining rivojlanishi uchun kerakli ma’danlar bo‘lgan. Bu joylardan juda ko‘plab mis, temir, kumush va boshqa metallar otingan. Ustalar turli metalfarni bir-biriga qo‘shib, mustahkam qurollar yasashni ham o‘zlasbtirganlar. Shuningdek, kundalik ehtiyoj buyumlari ishlab chiqarilib ichki vatashqi savdo uchun turli mahsulotlar tayyorlangan.
Qang‘ shaharlari qalin va baland devorlar bilan o‘ralgan. Devorlarning tashqarisida qal’a atrofi gir aylantirilib chuqur va keng qilib handaq qazilgan. Shaharlar ichida mustahkam istehkom (ark) va shahrislonlarning ham baland mudofaa devorlari, bir necha darvozalari bo‘lgan. Yirik shaharlardan tashqari, Toshkent vohasida yuzga yaqin aholi yashaydigan katta va kichik qo‘rg‘onlar ham mavjud bo‘lgan. Bu davrda qang‘arlarga xos madaniyat Qovunchi madaniyati tarkib topadi.
Antik davrda tarkib topgan yana bir viloyat Choch o‘lkasidir. Choch o‘lkasi haqida yozma ma’lumotlar miloddan avvalgi I-ming yillikning 2-yarmidan boshlab uchray boshlaydi. Ammo, Choch atamasi birinchi bor milodiy III asrda sosoniylar podshosi Shafur 1 ning “Zoroastra Ka’basi”da, unga tobe mamlakat va viloyatlar ro‘yxatida tilga olinadi. Chochning qadimgi aholisi O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlari dehqonchilik madaniyatlari ta’sirida sekin-asta o‘troq hayotga o‘tib borayotgan Turon turlari-saklarga borib taqaladi. Miloddan avvalgi III asrga kelganda bu o‘lkada qadimgi dehqonchilik qishloqlari asosida ilk shaharlar qad ko‘tara boshlaydi. Atrofi mudofaa inshoatlari bilan o‘rab olingan ana shunday qishloqlar dastlab Chirchiq daryosining o‘rta va kuyi havzalarida paydo bo‘lib, uning aholisi tarkibini sug‘diy va turkiy tilli qabilalar tashkil etdi.
Mil. avv. I asrga kelib, O‘rta Osiyo hududlarida o‘sha davrning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan Kushonlar davlati tashkil topadi. Kushon davlatiga jangovar xunn qabilalarining ta’qibi natijasida Shimoliy-sharqdan Yunon-Baqtriya davlatiga miloddan avvalgi 140-130 yillarda bostirib kirgan yuechji qabilalari asos solganlar. Sug‘diyona va Baqtriyaga kelib o‘rnashgan yuechjilar xyumi, shuanji, guyshuan, xi - se va dumi (dyumi) kabi yirik, bir-biriga qarindosh xonadonlardan iborat ediki, ular o‘rtasida hokimiyat uchun kurashda Guyshuan xonadoni g‘olib chiqadi va Guyshuan (Kushon) podsholigiga asos solinadi.
Qadimgi xitoy manbalariga ko‘ra yuechji qabilalari miloddan avvalgi IV-III asrlar chegarasida Mongoliya hududida yashovchi xunnlarning qo‘shnilari bo‘lishgan. Miloddan avvalgi III asrning ikkinchi yarmiga kelib yuechjilar juda katta kuchga aylanganlar. Xunnlarning boshlig‘i ularga o‘lpon to‘lashga majbur bo‘lgan. Ammo bir oz vaqt o‘tgach xunnlar sardori Maodun xunlarni kuchli hokimiyat ostida birlashtirib, bu ko‘chmanchi qabilalarni qudratli kuchga aylantirdi. Miloddan avvalgi 176 yilda xunn lashkarboshilaridan biri yuechjilarni jangda mag‘lubiyatga uchratadi. Maodunning o‘g‘li Laoshin mil.avv. 174 yilda yuechjilarni yana tor-mor keltiradi va hukmdorini ham o‘ldirib bosh chanog‘idan may qadaxi yasattiradi. Mag‘lubiyatga uchragan ko‘chmanchi yuechjilar g‘arbga-Sharqiy Turkiston va O‘rta Osiyo hudulariga kirib kela boshlaydilar. Ammo bu hududlarida yuechjilar xitoy manbalaridan “usun” deb ataluvchi ko‘chmanchi chorvador qabilalar bilan to‘qnash keladilar. O‘zaro urushlarda oxir oqibat usun qabilalarining qo‘li baland kelib, yuechji qabilalari Tyanshan, Farg‘ona va Pomir tog‘lari osha Shimoliy Gʻarbiy Hindiston va Baqtriya yerlariga kirib keladilar.
Yuechji qabilalari haqida ma’lumotlar faqat qadimgi va o‘rta asr xitoy manbalarida saqlangan. Qadimgi yunon-rim tarixchilari (Strabon, Pompey Trog) asarlarida esa bu nom umuman uchratilmaydi. Aftidan ular yuechjilarni boshqa nomda atagan bo‘lsalar kerak. Ular Yunon-Baqtriya davlatining qulashi haqida bergan ma’lumotlarida esa asianlar, pasianlar, toxarlar, sakaraullar haqida yozadilar.
Yuechjilarning kelib chiqishi haqida tadqiqotchilar o‘rtasida yakdil fikr yo‘q. Ba’zi olimlar yuechjilarni massagetlarning avlodi deb hisoblasalar (S.P.Tolstov), ba’zilar ularni toxarlarning avlodi deb hisoblaydilar (I.Markvart, E.Pulleyblenk). O‘zbek olimi akademik A.Asqarov fikriga ko‘ra, yuechjilar skif-sak qabilalari ittifoqiga kiruvchi toxarlarning Xitoycha nomlanishidir. Yuechjilarning geografik joylashuvi, moddiy va madaniy hayot darajasiga qarab turkiy qabilalardan deb hisoblash mumkin. Jumladan yapon olimi K.Yenoki “miloddan avvalgi III asrlardagi yuechjilar joylashgan o‘rni va xo‘jalik hayotiga ko‘ra VI asrdagi turklar bilan juda o‘xshash” deb qayd qiladi.
Umuman yuechji kushon podsholarining shajarasi qabila sardori Geraydan boshlangan, deyiladi. Uning vorisi Kudzulla Kadfiz (15-51) va Vima Kadfizlar davrida (51-78) kushon podsholari mustaqil davlat sifatida o‘z nomlarida mis, oltin va kumush tangalar zarb etishni boshlaydilar. Kanishka davrida (78-123) Hindistonning janubiy viloyatlari, Xorazm, Choch, Farg‘ona va hatto Gʻarbiy Xitoy ham Kushon dvlati tarkibiga kiritiladi. Buddizm dini davlat diniga aylantiriladi. Davlatning poytaxti Dalvarzintepadan (Surxondaryo viloyatida) Peshavor(Hindiston-Pokiston)ga ko‘chiriladi. Kanishka podsholik qilgan davrda Kushon saltanati Osiyodagi eng yirik davlat darajasiga ko‘tarilgan. Numizmatik manbalarda Kanishkadan keyin Vasishka (4 y podsho bo‘lgan), Xuvishka (32 y podsho bo‘lgan), Vasudeva (34 y podsho bo‘lgan) kabi podsholarning nomlari saqlangan bo‘lib, ular ushbu davlat tarixida keskin ajralib turadigan iz qoldirishmagan.
Milodiy IV asrning oxiriga kelib ichki nizolar, g‘arbdan sosoniylar davlati va shimoldan ko‘chmanchi turkiy qabilalar bergan zarbalar natijasida Kushon podsholigi batamom yemiriladi va barham topadi.
Dastlabki hukmdorlar Kadfiz I va Kadfiz II lar davlat yerlarini kengaytirib, pul islohoti o‘tkazadilar. Milodiy II asrga kelib Kushon davlati yerlari Shimoliy Hindiston, Afg‘oniston, O‘rta Osiyo, Sharqiy Turkistondan iborat edi. Kushon hukmdorlari, xususan Kanishka (II asr) davrida savdo-sotiq, ichki va tashqi savdo ayniqsa rivojlanadi. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik ham ancha taraqqiy etadi. Bu jarayonda Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyati nihoyatda katta bo‘ldi. Kushon davlatida asosiy din buddaviylik bo‘lib, yunon, zardo‘shtiylik aqidalariga ham e’tiqod qilinar edi.
Antik davr O‘rta Osiyo xalqlari moddiy va ma’naviy madaniyatida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Mil. avv. IV-II asrlar oromiy yozuvi asosida Xorazm, Parfiya va So‘g‘d yozuvlari paydo bo‘ldi. Kushon davriga kelib yana bir yozuv-Kushon (Baqtriya) yozuvi shakllanadi. O‘rta Osiyo va Afg‘oniston hududidagi arxeologik tadqiqotlar antik davr madaniyatining gullab yashnaganidan dalolat beradi. Ayritom va Ko‘hna Termizda Budda ibodatxonalari ochilgan. Fayoztepa, Quva, Xolchayon, Dalvarzintepa kabi ko‘hna shaharlarda ham saroylar, ibodatxonalar ochilib, ular yuksak madaniyatga ega ekanligi kuzatilgan.

Yüklə 0,51 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   91




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə