O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti


Ijtimoiy taraqqiyot haqidagi nazariyalar



Yüklə 6 Mb.
səhifə51/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   80

Ijtimoiy taraqqiyot haqidagi nazariyalar. Ijtimoiy taraqqiyotning mazmun va mohiyatini anglab etish borasidagi ilk urinishlarga qadimgi faylasuflarning asarlarida duch kelish mumkin. Ijtimoiy taraqqiyot ularning talqinida oldinma-ketin yuz beradigan voqealar majmui sifatida namoyon bo‘lgan. Ijtimoiy taraqqiyot tavsifi ancha to‘liq bo‘lgan, ba’zan bo‘yab ko‘rsatilgan, lekin ularning qarashlari ijtimoiy taraqqiyot haqida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini bermagan. Bu narrativ ijtimoiy taraqqiyotdir (ijtimoiy taraqqiyotchining talqini, interpretatsiyasi). Qadimgi falsafa va diniy dunyoqarashda “progress” emas, balki, aksincha, “regress” tushunchasi afzalroq mavkega ega bo‘lgan. Bu, qadimgi falsafa va diniy ta’limotlarning esxatologik322 g‘oyalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ushbu g‘oyalarga ko‘ra insoniyat jamiyati umuman olganda inqiroz sari harakatlanadi va bu inqiroz pirovardda “qiyomat”bilan yakunlanadi. Ko‘pchilik qadimgi yunon mutafakkirlari, masalan Gesiod, Seneka nuqtai nazarlariga ko‘ra ham insoniyat tarixi undagi holatlarning regressiv tarzda almashinuvidan iboratdir. Aflotun va Aristotelning qarashlariga ko‘ra esa tarix progress va regress sikllining navbat bilan o‘rin almashinuvi jarayonidan iborat bo‘lib, unda progress va regress siklik xarakterga ega.

Keyinchalik qadimgi faylasuflar ijtimoiy taraqqiyotni uzluksiz takrorlanib turadigan jarayonlar, “abadiy ortga qaytish” (F.Nitsshe) sifatida tasavvur qilganlar.

Diniy an’ana ijtimoiy taraqqiyotning butunlay boshqacha talqinini taklif qildi. O‘rta asrlarda ilohiy taqdir (providensializm) asosiy ijtimoiy taraqqiyot kuch sifatida e’tirof etildi. Ijtimoiy taraqqiyot voqealarning ichki mantig‘i alohida mazmun kasb etdi: Xudo nafaqat ijtimoiy taraqqiyot jarayonni boshqaradi, balki adashgan insoniyatga gunohlardan forig‘ bo‘lish, jannatdagi boqiy hayotga erishish yo‘lini ko‘rsatadi. Avreliy Avgustin o‘zining “Ilohiy shahar haqida” asarida boqiylik va muvaqqatlik, ilohiylik va dunyoviylikning birligi to‘g‘risida so‘z yuritadi. Uning fikricha, Iso Masih insoniyatga boqiylik sari yo‘l ko‘rsatgan. Ijtimoiy taraqqiyotning mazmuni – boqiylikka eltuvchi yo‘ldan borishda, inson hayotining mazmuni esa – Xudoga xizmat qilish, gunohlardan forig‘ bo‘lishdadir.

Ibn Xaldun ijtimoiy taraqqiyotning mazmuni haqida mulohaza yuritar ekan, uni, inson hayotining mazmuni kabi, ijtimoiy taraqqiyot tugaganidan keyingina aniqlash mumkinligini qayd etadi. Ammo, shunga qaramay, ijtimoiy taraqqiyotning mazmuni haqida erkinlik, ijod tushunchalariga tayanib so‘z yuritish mumkin, deb hisoblaydi. Ijtimoiy taraqqiyotning harakatida Ibn Xaldun ob’ektivlashuvning inson ustidan hukmini kamaytiradigan, uning erkinligi va ijodining tantanasini qaror toptiradigan jarayonlarni aniqlashga harakat qiladi.

Fan taraqqiyotiga nisbatan “progress” tushunchasi XVII asrlarda dastlab F.Bekon, R.Dekart tomonidan ishlatilgan edi. Tarixning hamisha ilgarilama va chiziqli harakati ma’nosidagi “progress” g‘oyasi esa ijtimoiy munosabatlar sohasiga XVIII asr oxirlarida G‘arb ma’rifatparvarlari A.R.J.Tyurgo, M.J.A.N. Kondorselar tomonidan tatbiq etildi va keyinchalik (XIX asr o‘rtalaridan boshlab) markscha ta’limotda ancha keng oldinga surilgan edi.

Tafakkurning tantanasi g‘oyasi insoniyat ijtimoiy taraqqiyotining mazmuni sifatida Gegel tomonidan ham asoslangan. U ijtimoiy taraqqiyotga mutlaq ruh, olamiy Aql taraqqiyoti sifatida yondashgan. Gegel fikriga ko‘ra, mazkur taraqqiyot o‘zining alohida vazifasini ado etishi lozim bo‘lgan ayrim xalqlar ruhi orqali amalga oshadi. Uning fikricha, ijtimoiy taraqqiyot jarayoni “aqlga muvofiq”, ya’ni tasodiflardan yoki ayrim shaxslarning o‘zboshimchaligidan qat’iy nazar o‘ziga yo‘l ochadigan ob’ektiv qonuniyatlar bilan belgilanadi. Ijtimoiy taraqqiyotning mazmuni mutlaq ruh o‘zini o‘zi anglab etishidadir323, deb qayd etadi Gegel.

Gegelning fikricha, ma’naviy madaniyat “jahoniy aql” (“mutlaq ruh”) muqarrar va to‘xtovsiz ravishda amal qiladi.

Gegel faqat ma’naviy madaniyatgina jamiyatning bir butun sistema sifatida rivojlanishi uchun imkon beradi, deb hisobladi. U ayniqsa o‘ziga zamondosh bo‘lgan G‘arbiy Yevropa madaniyatiga alohida e’tibor berdi. U ana shu madaniyatning keng yoyilishi, barcha qit’a va mamlakatlarniyg jipslashuviga, jahon hamjamiyatining qaror topishiga olib keladi, deb ta’kidladi.

Ijtimoiy taraqqiyotda mazmunning mavjudligi haqidagi tasavvur, shuningdek O‘rta asrlar falsafasi ilk bor ta’riflab bergan insoniyatning taraqqiyoti g‘oyasi ancha yashovchan bo‘lib chiqdi: u turli yo‘nalish va oqimlarga mansub faylasuflar tomonidan muayyan falsafiy ta’limotlar nuqtai nazaridan u yoki bu tarzda talqin qilingan. Masalan, Ma’rifatchilik davrida barcha ijtimoiy taraqqiyot voqealarga oqilonalik mezoniga muvofiq baho berilgan. Mazkur konsepsiya eng mukammal ko‘rinishda D.Didro tashabbusi bilan yaratilgan “Ensiklopediya”ning faol ishtirokchilaridan biri, fransuz ma’rifatchisi Nikolay Kondorse asarida o‘z aksini topgan. U o‘zining “Inson tafakkuri taraqqiyotining ijtimoiy taraqqiyot manzarasiga chizgilari” deb nomlangan risolasida kishilik jamiyatining barcha jabhalariga tafakkurning kirishi g‘oyasini mazkur jamiyat rivojlanishining uzoq istiqboli sifatida asoslashga harakat qiladi.

XIX asrda falsafadan sotsiologiya ajralib chiqa boshladi. Mazkur fan jamiyatni tushunishga nisbatan falsafiy yondashuvlarni asosan tan oladi va ayni vaqtda o‘z predmeti va tadqiqot metodlariga ega.

Kontning pozitiv ijtimoiy falsafasida jamiyat rivojlanishining bosh negizi va uning qonuniy xarakterga ega ekanligi muammosi muhim o‘rin tutadi. Kont insoniyatning intelektual evolyusiyasini “uch bosqich qonuni” orqali tushuntirishga harakat qildi. Bu qonunga muvofiq insoniyatni bilish faoliyati uning ijtimoiy ongi butun insoniyat tarixi o‘z taraqqiyotida quyidagi uch bosqichni:


  • teologik-iloxiy rivojlanish;

  • metafizik bosqich;

  • pozitiv yuksalish bosqichlarini kechiradi.

Teologik rivojlanishda diniy-mifologik ong ustun edi. Teologik ong kishining tashqi olamga o‘z munosabatlarini belgilashi, axloq normalarini shakllantirishlari, kundalik muammolarni hal etishlariga imkon bergan.

Metafizik ong bosqichida kishilar diniy tasavvurlarga emas, balki falsafiy tushunchalarga asoslanadilar. Tushunchalar esa inson hayotining real jarayonlarini aks etiradi, real hayotdan kelib chiqadi. Lekin bu bosqichda kishilarning bilimi ancha past bo‘lgan. Metafizik metod teologik qarashning mavqeini pasaytirgan.

Inson ongining pozitiv bosqichida kishilar olamni bilish va ilmiy kuzatishlar asosida olib boradilar. Bu davrda teologik (diniy-mifologik) qarash va metafizik mavhum qarashlar o‘z ahamiyatini yo‘qotib, olamni bilishda ilmiy tushuncha va qonunlarga tayanishning ahamiyati kuchayadi. Rivojlanish qonuniyatlarini bilish, tabiiy qonunlarning avvaldan ko‘rish, sezish, o‘rganishning ahamiyati ortyb bordi.

K.Marks (1818-1883) va F.Engels (1820-1895) jamiyatni o‘z-o‘zidan rivojlanadigan, iqtisodiy rivojlanishning bir bosqichidagi barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan o‘ta murakkab tizim sifatida tavsiflaydi. Jamiyatning ziddiyatli birlikni tashkil etadigan barcha tarkibiy qismlari moddiy ishlab chiqarish munosabatlari bilan belgilanadi. Mazkur munosabatlar majmui bazisni, ya’ni jamiyatning iqtisodiy negizini tashkil etadi. SHu asosda jamiyatning o‘ziga xos ijtimoiy munosabatlar amal qiladigan muayyan-ijtimoiy taraqqiyot tipi shakllanadi. Jamiyatning umumiy iqtisodiy asosda shakllanadigan va “alohida, o‘ziga xos xususiyat”ga ega bo‘lgan tipini Marks ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb belgilaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarning o‘zgarishiga Marks pirovard natijada ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining dialektikasi bilan belgilanadigan qonuniy, tabiiy-ijtimoiy taraqqiyot jarayon sifatida qaraydi.

Karl Marks ijtimoiy hayotning fundamental asosini iqtisodiy munosabatlarda ko‘rdi. U ijtimoiy hayot realliklaridan kelib chiqdi: sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi bilan inson tabiatni faol o‘zlashtiruvchi va o‘zgartiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘ldi. Sanoat taraqqiyoti ishlab chiqarishning keng tarmoqlarini vujudga keltirdi.

Ishlab chiqarish rivojlana boshladi, iqtisodiy munosabatlar ijtimoiy hayotning zarur sohalaridan biri bo‘lib qoldi. Marks ingliz iqtisodchilari: A.Smit va D. Rikardoning “iqtisodiy inson” g‘oyasini bir yoqlama rivojlantirdi. Inson hamisha iqtisodiy manfaat, foydani ko‘zlar ekan, barcha ijtimoiy munosabatlar asosida iqtisodiy munosabat hal qiluvchi rol o‘ynaydi, deb hisobladi.

G.Spenser sotsiologiyada organik yo‘nalish asoschisi Gerbert Spenser jamiyatga individlar birlashmasi sifatida yondashadi. Uning fikricha, mazkur individlarning rivojlanishidagi farqlar jamiyat evolyusiyasining dastlabki shartlari hisoblanadi. Jumladan, ibtidoiy qabilalar rivojlanishda oqsaganini Spenser ularning qobiliyatlari rivojlanish darajasining pastligi bilan tushuntiradi. Eng moslashuvchan jamiyatlarning yashash uchun kurashini ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni deb hisoblaydi. U iqlim, tabiiy sharoitning ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini o‘rgangan. Ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni, Spenser fikricha, eng moslashuvchan jamiyatlarning kurashidir.324

G.Spenser evolyusiya muammosini o‘ziga xos tarzda hal etdi, evolyusiyaga xos quyidagi muhim belgilarni ko‘rsatdi:

a)oddiydan murakkabga o‘tish (integratsiya);

b)bir xillikdan ko‘p xillikka o‘tish(differensiatsiya);

v)beqarorlikdan barqarorlikka o‘tish.

Ijtimoiy evolyusiya nima? Ijtimoiy evolyusiya jamiyat rivojlanishining progressiv usuli, ijtimoiy institutlar faoliyatining murakkablashuv va takomillashuv sari yo‘nalishidir. Ijtimoiy evolyusiya insonlar ehtiyoji bilan shartlangan ob’ektiv jarayondir. Ijtimoiy evolyusiya insonlar faoliyatini va har xil ijtimoiy institutlarning ahamiyatini oshiradi, shuningdek, u individlarni ham hisobga olishi zarur.

Ijtimoiy evolyusiya kishilarning turli-tuman avlodlari tomonidan amalga oshiriladi. Natijada jamiyatning ko‘pgina funksiyalari, hajmi, turli-tumanligi, muayyanligi va murakkabligi o‘zgaradi, kengayadi va rivojlanadi.

Spenserning fikricha, jamiyatning inqirozga yuz tutishi ijtimoiy muvozanat, garmoniya va ijtimoiy barqarorlikni istisno etadi. Jamiyatning inqirozi (tanazzuli) Spenserning fikricha, davlat institutlari faoliyatining samarasizligi tufayli vujudga keladi. Hokimiyat, armiya, tashkilot institutlarning yaroqsizligi ham inqirozni yanada kuchaytiradi. Omma harakatiga ayrim shaxslar, siyosatchilar xalaqit beradilar, xarakatlarning birlashishi buziladi, markazdan qochish tendensiyasi kuchayadi. Tartibsizlik sanoat va savdo tashkilotlarining faoliyatini izdan chiqaradi.325

Spenser yaratgan ta’limotni keyinchalik sotsiologiyadagi geografik oqimlarning vakillari rivojlantirgan.

E.Dyurkgeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan ijtimoiy taraqqiyotni uning o‘ziga xos xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan. E.Dyurkgeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat borliqning alohida sohasi bo‘lib, u o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishga qodir emas. Jamiyat tuzilmasiga Dyurkgeym o‘zaro ta’sirga kirishadigan va bir-birini vujudga keltiradigan ijtimoiy dalillar majmui sifatida qaraydi. Ijtimoiy dalillar sababini ongdan emas, balki bundan oldingi ijtimoiy dalillardan qidirish lozim. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib topadi: birinchidan, u moddiy va ma’naviy qadriyatlarni, ikkinchidan, ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar ekan, Dyurkgeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik (axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Ijtimoiy jarayonda sababiyat ijtimoiy muhitning yuqorida zikr etilgan elementlarining u yoki bu hodisani vujudga keltiradigan o‘zaro ta’siridir.

Dyurkgeym ijtimoiy evolyusiya mavjudligini qayd etadi va uni mehnat taqsimoti bilan bog‘laydi. U rivojlangan mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv va kooperatsiyani yuksak darajada uyushgan jamiyatning belgisi deb hisoblaydi. Mazkur jamiyat mehnat taqsimoti mavjud bo‘lmagan arxaik jamiyatlardan ayni shu belgiga ko‘ra farq qiladi. Mehnat taqsimoti individlar o‘rtasidagi farqlarni belgilaydi va shaxs shakllanishining omili hisoblanadi. U odamlarni o‘zaro aloqadorlik tizimi bilan birlashtirib, ijtimoiy aloqalarga uyg‘un tus beradi.

Dyurkgeym shaxs va jamiyatning uzviy aloqasini qayd etadi. Uning fikricha, jamiyatning tubanlashuvi muqarrar tarzda shaxsning tubanlashuviga sabab bo‘ladi. Ne’matlar va xizmatlarni ayirboshlashning buzilishi natijasida yuzaga keladigan tengsizlik, shuningdek shaxs o‘z kasbiy roliga moslashmagani jamiyatda sinfiy kurashni keltirib chiqaradi. Mehnat taqsimotini muvofiqlashtirishning maqbul vositalarini topish, imkoniyatlar tengligini ta’minlaydigan qoidalarning aniq majmuini belgilash talab etiladi. Dyurkgeym bu jarayonda sotsiologiya fan sifatida ayniqsa muhim rol o‘ynaydi deb hisoblagan.

M.Veber (1864-1920) o‘z sotsiologik qarashlarida Rikkertning borliq va ongning o‘zaro aloqasi zamirida sub’ektning qadriyatga bo‘lgan muayyan munosabati yotadi, degan g‘oyasiga tayangan. SHunga muvofiq Veber tahlil qilinayotgan materialning iqtisodiy, diniy va axloqiy qadriyatlar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash lozim deb hisoblagan. O‘zining “Protestantcha axloq va kapitalizm ruhi” asarida Veber dastlab Niderlandiya, Angliya va AQSHda vujudga kelgan sanoat kapitalizmining qaror topishiga protestantcha axloq qadriyatlarining ta’sirini tahlil qiladi. U hozirgi zamon xo‘jalik hayotida hukm surayotgan kapitalizmning o‘ziga xos xususiyatiga mos keladigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar – tadbirkorlar va ishchilar shakllanishi natijasida vujudga kelganini qayd etadi. Veber ijtimoiy taraqqiyot materializmning g‘oyalar iqtisodiy munosabatlar ustqurmasi sifatida yuzaga kelgan, degan «sodda» tasavvurlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’tiroz bildiradi va aksincha, kapitalizm “ruhi” uning vujudga kelish omili bo‘lgan, deb hisoblaydi.

U kapitalizm modelini kapitalistik naf ko‘rishga oqilona intilishdan keltirib chiqarishga harakat qiladi. Veber ratsionalizm tamoyillari G‘arb madaniyatining barcha hodisalarida: fanda, san’atda, monumental qurilmalar yaratish konstruktiv tamoyillarida hukm surishini qayd etadi. Oqilona ishlab chiqilgan konstitutsiya, huquq, oqilona yaratilgan qoidalarga qarab mo‘ljal oladigan mutaxassis-amaldorlardan iborat siyosiy institut sifatidagi davlat faqat G‘arbda mavjud. Ammo ratsionalizm qadriyatlarini amalga oshirishning eng oqilona ifodasi tadbirkorlik sohasida mujassamlashgan: ishlab chiqarishning kommersializatsiyalashuvi, buxgalteriya hisoboti, chayqovchilikni oqilonalashtiruvchi qimmatli qog‘ozlar va birjalar, mehnatni oqilona tashkil etish va h.klardir.

O‘zining boshqa bir qator asarlarida Veber ijtimoiy harakat va uning motivatsiyasi tushunchasini ta’riflab berdi. Borliqni tushuntirish uchun u “ideal tiplar” metodologiyasini yaratdi va undan foydalandi. Veber fikriga ko‘ra, ijtimoiy organizm hujayrasi hisoblanadigan ijtimoiy harakat ikki omil: sub’ektiv motivatsiya va boshqalarga qarab mo‘ljal olishni o‘z ichiga oladi. U ijtimoiy harakatning oqilona maqsadli ijtimoiy harakat, oqilona qadriyatli ijtimoiy harakat, affektli ijtimoiy harakat va an’anaviy ijtimoiy harakat kabi tiplarini farqlaydi.

XX asrda M.Veber ilgari surgan ijtimoiy taraqqiyot jarayonning teng huquqli omillari ta’siri haqidagi g‘oyasi asoslab berildi. Ijtimoiy rivojlanishning hozirgi bir qancha nazariyalari texnika, sanoat, axborot tizimlari, kommunikatsiya, globallashuv kabi omillarni birinchi o‘ringa qo‘yadilar.

Ijtimoiy taraqkiyot, jamiyatning rivojlanishi hech qachon to‘xtab qolmasligi qonuniy va o‘zgartirib bo‘lmaydigan jarayondir.

Rivojlanishning pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi yo‘nalishini dialektik tushunish doiraviy harakat to‘g‘risidagi metafizik nazariya bilan hech qanday umumiylikka ega emas. Ba’zi bir olimlar dunyoda bo‘layotgan ba’zi bosqichlarning qaytarilishini oddiy eskilikka qaytish deb hisoblomoqdalar. Ularning fikricha, tabiat va jamiyat hayotining ibtidosi va intihosi butunlay mos keluvchi ma’lum davr sikl yoki aylanma bo‘yicha bo‘ladi. XVIII asrda yashagan italiyalik faylasuf J.B.Vikoning ta’kidlashicha, jamiyat o‘z taraqqiyotida uch davrni bosib o‘tadi emish, chunonchi: 1) bolalik davri. Bu davrda diniy dunyoqarash va zo‘ravonlik hukmronlik qiladi; 2) o‘smirlik davri. Bu davrda aristokratlik, ritsarlik va etuklik ravnaq topadi; 3) etuklik davri.

Boshqa bir faylasuf O.SHpengler jamiyat o‘zining rivojlanishida bunyod bo‘lish, gullab yashnash, inqirozga yuz tutish davrlarini boshdan kechiradi, deydi. Uning fikricha, insoniyat ijtimoiy taraqqiyotining hozirgi bosqichi inqirozlar davridirki, shunga ko‘ra hozirgi zamon madaniyatining barcha yutuqlari butunlay yo‘q qilinishi lozim emish.

Har bir madaniyat hayotini nima boshqaradi? SHunday yo‘lni bosib o‘tishga nima majbur qiladi?- degan savolga SHpengler taqdir, deb javob beradi. “Mening fikrimning markazini taqdir g‘oyasi tashkil qiladi. O‘tib ketganlarning taqdiri ham shunday bo‘lgan, hozirgi G‘arbiy Yevropa madaniyatini ham halokat kutmoqda”326, - deb qayg‘uradi u.

Agarda, SHpengler fikricha, taqdir madaniyat hayotini boshqarsa, uning mazmunini ruh belgilaydi. Uning ta’limoticha, “madaniyat insoniyatning abadiy-biologik holati, ilk bor ruhiyati katta ruhiyatga aylangan daqiqada vujudga keladi, shaklsizlikdan shaklga kirganda, cheksizlikdan cheklilikka, muqimlikdan o‘tkinchilikka o‘tilganda madaniyat dunyoga keladi. U qat’iy chegaralangan zaminda rivojlanadi, xuddi o‘simlik o‘z o‘rniga muhim o‘rganib qolganidek. Madaniyat o‘z imkoniyatlarini halqi, tili, e’tiqodi, san’ati, davlati va fani orqali to‘liq amalga oshirganidan so‘ng holokatga yuz tutadi va dastlabki ruhiy stixiyasiga qaytadi.327

Ingliz ijtimoiy taraqqiyotchisi Toynbining ta’biricha, jamiyat ijtimoiy taraqqiyoti qorong‘i va o‘zaro aloqada bo‘lmagan sivilizatsiyadan iborat. Har qanday sivilizatsiya har bir taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tadi: bahor va yoz, kuz va qish, yoki bola­lik, usmirlik, etuklik va qarilik. Toynbining ko‘rsatishicha, G‘arb sivilizatsiyasi etuklik bosqichidadir va u kelajakda rivojlanish xususiyatiga ega. Amerikalik pro­fessor Rayt esa jamiyat ijtimoiy taraqqiyoti ma’lum bir bosqichlardan, ya’ni qaxramonlik asri, g‘alayonlik vaqti va tiklanish davrlarining shu taxlitda takrorlanishidan iborat, deb tasvirlab beradi. Uning fikricha, hozirgi sivilizatsiyadan keyin insoniyat faqat orqaga qaytish bilan taraqqiyotga erishishi mumkin.

Ijtimoiy taraqqiyotning mazmunini aniqlash borasidagi keyingi izlanishlar amalda muayyan ideal tajassumi sifatidagi ijtimoiy taraqqiyotning mazmuni haqidagi tezisning ko‘rinishlari hisoblanadi. Idealning mazmuni har xil, hatto qarama-qarshi bo‘lishi mumkin: texnokratik illyuziyalar, ommaviy iste’mol jamiyati ideali, axborot jamiyati ideali, xususiy mulk va ekspluatatsiyasiz umumiy tenglik jamiyati va h.k. Ijtimoiy taraqqiyotning mazmunini aniqlash yo‘lidagi izlanish rang-barang ekanligiga qaramay, uning har bir talqini aholi muayyan qismining orzu-umidlariga mosdir. Ijtimoiy taraqqiyotning mazmuni tushunchasining eng teran talqinlarini XX asr faylasuflaridan biri K.YAspers taklif qilgan. U jahon ijtimoiy taraqqiyotining mazmunini davrlarning umuminsoniy aloqalarga asoslanadigan mazmun jihatidan bog‘lanishida ko‘radi. Mazkur bog‘lanishning mavjudligini ijtimoiy taraqqiyotning mazmunini aks ettiradigan dunyoviy “vaqt o‘qi” kafolatlaydi. U SHarq va G‘arb madaniyatlarining umumiy asosi hisoblanadi. YAspers jahon ijtimoiy taraqqiyotida tillarning vujudga kelishi, mehnat qurollari ixtiro qilinishi, olovdan foydalanishga kirishilishi kabi to‘rt bosqichini farqlaydi. Vaqt o‘qining boshlanishi Hindiston, Xitoy, YUnoniston, Markaziy Osiyo, Eron buyuk madaniyatlari deyarli bir vaqtda vujudga kelgan miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oralig‘idagi davrga mos keladi. Yevropada fan-texnika davrining boshlanishi mazkur madaniyatlarning davomi (ma’lum ma’noda esa ularning ziddi) bo‘lgan. To‘rtinchi bosqichda insoniyatning birligi vujudga keladi. Bu davrda jamiyat insonga munosib bo‘lgan asoslar va tamoyillarga muvofiq rivojlanadi. Totalitarizmdan butunlay voz kechishga asoslangan huquqiy davlat mazkur birlikning kafili hisoblanadi. Ijtimoiy taraqqiyotning mazmuni – umuminsoniy madaniyatni va vaqt o‘qining avvalida shakllangan an’analarni saqlash va rivojlantirishdadir.328

Popper demokratik tizimning himoyachisi sifatida totalitarizmga qarshi o‘zining “ochiq jamiyat” g‘oyasini ilgari surdi. Bu jamiyat individ erkinligini va hurfikrlilikning asosiga qurilgan, ratsionallikka asos-langan jamiyatdir. Popper bunday jamiyatni qadimgi qadimgi Afina de-mokratiyasida ko‘rdi. Keyinchalik bunday ratsionallikka asoslangan ochiq jamiyatlar G‘arbiy Yevropa va SHimoliy Amerika davlatlariga ko‘chdi, deb hisoblaydi Popper.

Popper o‘z ta’limotida jamiyatni tafakkur taraqqiyoti sifatida tushunadi. Tafakkurning ratsionallashuvi siyosiy tuzumning o‘zgarishiga olib keladi, o‘z navbatida ratsionalikka asoslangan adolatli siyosiy tuzum esa erkin fikr va individuallikka shart-sharoit yaratadi.

XX asr o‘rtalaridan boshlab O.SHpengler, Xaydegger, Ortega-i-Gasset va boshqalar misolida G‘arb falsafiy tafakkurida jamiyatning chiziqli ilgarilanma taraqqiyoti ma’nosidagi progress g‘oyasidan uzil-kesil voz kechilgani kuzatiladi.

Ayni paytda progress hamon davom etayotgani haqidagi qarashlar ham bor. Buning yorqin misoli sifatida amerikalik sotsiolog O.Tofflerning “Uchinchi to‘lqin” konsepsiyasini keltirish mumkin. U o‘zining progressistik qarashining asosiga texnologiyalar taraqqiyotini qo‘yadi. Bu konsepsiyaga ko‘ra birinchi to‘lqin traditsionalistik sivilizatsiya o‘rniga qishloq xo‘jaligi sivilizatsiyasini vujudga keltirgan bo‘lsa, ikkinchisi – bu sivilizatsiyani industrial sivilizatsiya bilan almashtirdi. Biz yashayotgan davr uchinchi to‘lqin faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, u kompyuterlar, lazer texnikasi, biotexnologiya, gen injeneriyasi, informatika, elektronika, telekommunikatsiyalar va boshqalarni vujudga keltirdi. Uning fikriga ko‘ra endilikda postindustrial jamiyat taraqqiyoti mobaynida intellektual texnologiyalar taraqqiyoti yanada ortadi. Tabiatga nooqilona munosabat, resurslar uchun kurash, informatsion portlash kabilar taraqqiyotning tabiiy ziddiyati bo‘lib, keyinchalik insonparvar sivilizatsiya shakllanadi.

Ko‘rinib turganidek, bu AQSHning hozirgi neoliberalcha fundamentalizm konsepsiyasiga muvofiq keladigan qarashdir. Unda inson va insoniyat ruhiy dunyosi, ma’naviy evolyusiyasi, ahloqi, his-tuyg‘ulariga mutlaqo o‘rin yo‘q.

Hozirgi davrning eng yangi, postnoklassik fani bo‘lgan sinergetika progressni qayta onglash masalasida yangi ijtimoiy konsepsiyani ishlab chiqish uchun nazariy asos bo‘ladigan g‘oyalarni oldinga surdi, degan fikrlar ham bor. Ushbu g‘oyalarga ko‘ra borliqdagi barcha jarayonlar, xususan, ijtimoiy hayotda tartiblanish va betartiblik (Kosmos va Xaos) kuchlari teng huquqlidir. Lekin, ayni shu g‘oyalardan turlicha mafkuraviy nuqtai nazardan turib foydalanish mumkinligi ham ko‘rinmoqda. Masalan, Rossiyada bu g‘oyadan “ko‘p qutbli dunyo” nuqtai nazaridan yondoshilgan bo‘lsa, transnatsional korporatsiyalar va AQSH undan o‘zlarining “oltin milliard” haqidagi g‘oyalarini asoslashda foydalanishga intilmoqdalar.329 CHunki, bunda gap bilimda emas, balki bu bilimdan kim qanday manfaatni ko‘zlayotganida. G‘arb ma’naviyatining individualistik, agressiv, aniqrog‘i, xudbinona ahloqiy mezonlarga asoslanganidadir. Boshqa tomondan qaraganda, atrof olamda og‘ir kataklizmlar, mashaqqatli, talofatli ag‘dar-to‘ntarlar avj olayotgan bugungi kunda xaosning ijodkorligi haqidagi mavhum g‘oya kimga ham tasalli bera olardi?

Umuman olganda esa, XXI asr boshlanishiga kelib nafaqat faylasuf mutafakkirlar, balki olimlar ham glabal buxron yalpi inqiroz, insoniyat Halokati, (“Armageddon”) haqida fantastik emas, ilmiy xulosalarni oldinga surmoqdadar. Masalan, Kembrij universiteti matematika va va nazariy fizika kafedrasi rahbari, Nobel mukofoti sovrindori Stiven Xoking Er aholisi sonining ekspotensial ortib ketishi oqibatida insoniyat hayoti tupikka kirib qolganini e’lon qildi. Endilikda, uning fikriga ko‘ra, insoniyat oldida ikki yo‘l — yo yadro urushi bo‘lish, yoki insoniyat O‘rta asrlar davrida yashagandek yashashga o‘tishi qoldi. “Lekin men pessimist emasman, shuning uchun fan bu muammoning echimini topadi deb o‘ylayman”- deydi u.

Xokingning hisob kitoblariga ko‘ra, insoniyat yalpi inqirozi kompyuter texnologiyalari taraqqiyoti tufayli ham sodir bo‘lishi mumkin.YA’ni, uning tushuntirishicha kompyuterlarning intellekti inson intellektidan orqada ekanida xatar yo‘q, lekin keyinchalik uning “miyasi” tobora yaxshi va tez ishlaydigan vaqt keladi. SHunda kompyuter ongi inson biologik ongini boshqarishga o‘tadi. Bu esa insonning “aqlli inson” sifatidagi inqirozidir. Buning oqibatida kompyuter planeta hayoti uchun eng muhim barcha manba’ va vositalarni – energiya, transport, mudofaa, informatsiya va boshqalarni o‘z nazorati ostiga oladi.330

Umuman olganda ijtimoiy taraqqiyot masalasi ijtimoiy falsafaning eng baxsli muammosi hisoblanadi. Bu borada ilgari surilgan nazariyalar va konsepsiyalar o‘rtasida ziddiyatli jihatlar ko‘p. Ijtimoiy taraqqiyotga optimistik va pessimistik yondashuvlar birligida jamiyatda yuksalish va inqirozlarning dialektik birligi tamoyili yotadi.


Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə