Samarqand davlat universiteti lingvokulturologiya



Yüklə 4,15 Mb.
səhifə38/127
tarix19.12.2023
ölçüsü4,15 Mb.
#150532
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   127
Lisoniy shaxs. Lisoniy shaxs tushunchasi falsafiy, sotsiologik va psixologik qarashlarning “insonning jismoniy va ma’naviy fazilatlari ijtimoiy mazmunidagi majmuiga o‘zgartirilishi natijasida paydo bo‘ladi, bularning hammasi insonning sifat jihatdan aniqligini namoyon qiladi.
Lisoniy shaxs tarkibiga quyidagi komponentlar kiradi:
1. Dunyoqarash yoki qadriyatlar, ya’ni hayotiy tasavvurlar tizimi.
2 Madaniyatni o‘zlashtirish darajasi;
3. Shaxsiy – har bir kishida mavjud bo‘lgan individuallik.
Lisoniy shaxs tilda turli sathlar (ilmiy, kundalik va boshqalar) dagi ijtimoiy ong shaklida, axloqiy andoza (stereotip) va normalarda, moddiy madaniyat predmetlarida aks ettirilgan madaniy makonda zohir bo‘ladi. Lisoniy shaxs “uning sohibi tilida mustahkamlangan asosiy milliy – madaniy prototipi (timsoli), dunyoqarash ko‘rsatmalarining afzalligi (prioritetlar) lug‘atda aks etgan axloqiy reaksiyalar asosida o‘ziga xos “semantik fotoroboti” deb tushunishga olib keladi” . Bunday talqin qilish lisoniy shaxs va lisoniy ongni til va madaniyat o‘zaro munosabatlari prizmasi orqali o‘rganish zaruratini keltirib chiqaradi.
Lisoniy ong tushunchasi. So‘zlashuvchi jamoa tomonidan olamni o‘ziga xos (etnospetsifik) talqin qilayotgan lisoniy mentallik lisoniy ong tushunchasining asosini tashkil etadi, uni bo‘laklarga ajratganda, odatda “tilda xalqning hayotiy va madaniy xususiyatlarini aks etishi” tushuniladi.
Lingvomadaniy konsept lisoniy ifodaga ega bo‘lsada, lingvomadaniy xosligiga ko‘ra tafakkur bo‘laklaridan hisoblanadi.
Lisoniy shaxs – obyektiv voqelikni o‘z ko‘rishiga muvofiq tasvirlash va ma’lum maqsadga erishish uchun muayyan tilning tizimli vositalaridan foydalangan holda ularni matnlarda aks ettirishi nuqtayi nazaridan tavsiflangan u yoki bu til sohibidir. Lisoniy shaxs – muayyan bilimlar va tasavvurlar majmuyiga ega bo‘lgan nutqiy faoliyatni namoyon qiluvchi shaxsdir.
Ma’lumki, inson, shaxs madaniyatni yaratadi va unda yashaydi. Aynan shaxsda insonning ijtimoiy mohiyati birinchi planga chiqadi, insonning o‘zi esa ijtimoiy-madaniy hayotning subyekti sifatida namoyon bo‘ladi.
Shaxs haqida boshqa ta’limotlar ham mavjud. Amerikalik mashhur psixolog A. Maslou insonni tashqi dunyodan mustaqil bo‘lgan, ichki mohiyatning mavjudligi sifatida talqin qiladi. Ichki mohiyat har qanday psixologiyaning dastlabki kelib chiqish asosidir. A. Maslouga ko‘ra, shaxsning shakllanishi – bu idealga tomon harakat bo‘lib, unda shaxs o‘z imkoniyatlarini har tomonlama amalga oshiradi. U shunday yozadi: “Inson zotining yashashi uchun unga koordinat tizimi, hayot falsafasi, din (yoki dinning o‘rnini to‘ldiruvchi) xuddi quyosh nuri, kalsiy yoki sevgiday zarur”61.
Shaxs xalq, millat madaniy an’analarining manzarasida baholanishi kerak. Negaki, insonda insonning tug‘ilishi uchun madaniyat doirasida shakllanadigan madaniy-antropologik prototip lozim bo‘ladi (Piskoppel, 1997).
Madaniyat kategoriyalari – makon, zamon, qismat, huquq, boylik, mehnat, vijdon, o‘lim va h.k. mavjud tizim qadriyatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi va ijtimoiy axloq hamda dunyoni o‘zlashtirishning namunalarini belgilab beradi.
“Lisoniy shaxs” termini birinchi marta 1927-yili nemis tilshunosi I. Veysgerberning “Ona til va ruhning shakllanishi” nomli asarida paydo bo‘lgan. I. Veysgerber tilni tushunishda jamoatga e’tibor qaratgan. Uning ta’biricha, til umumiy madaniy boylikdir; hech kim o‘zining lisoniy shaxsi tufayli tilni o‘rganmaydi, aksincha, inson muayyan lisoniy hamjamiyatga tegishli bo‘lgani uchungina tilga sohib chiqadi. Rus tilshunosligida bu sohaga birinchi bo‘lib V.V.Vinogradov murojaat qilgan. U o‘zining “Badiiy proza haqida” nomli asarida lisoniy shaxsni o‘rganishning ikki yo‘li: muallif shaxsi va personaj shaxsini ishlab chiqqan.
“Lisoniy shaxs” tushunchasini ilmiy jihatdan G.I. Bogin ishlab chiqqan va u lisoniy shaxs modelini yaratgan. Mazkur modelga ko‘ra, inson uning “nutqiy muomalani ishlab chiqishga tayyorligi, nutqiy asarlarni yaratishi va ularni idrok qilishi” nuqtai nazaridan o‘rganiladi62.
Yu. N. Karaulov “lisoniy shaxs” tushunchasini keng ilmiy muomalaga kiritgan. Uning qayd qilishicha, lisoniy shaxs –“a) struktur-lisoniy murakkablik dararajasiga; b) obyektiv voqelikni aniq va teran aks ettirishiga; v) muayyan maqsadga qaratilganiga” ko‘ra farqlanadigan matnlarni yaratish va ularni idrok qilish qobiliyatiga ega insondir63.
Yu. N. Karaulov badiiy matn asosida lisoniy shaxsning darajali modelini ishlab chiqqan. Uning fikricha, lisoniy shaxs uch struktur darajaga ega:
Birinchi daraja – verbal-semantik (invariant) bo‘lib, u kundalik, odatdagi tilni egallash darajasidir. Mazkur daraja individning kundalik muomalada qo‘llaydigan leksikoni, so‘z boyligidan iborat bo‘lib, unda “Bugun havo yaxshi”, “….ga qanday borsa bo‘ladi” singari oddiy lisoniy qoliplar nazarda tutiladi. Bunda nafaqat leksik birliklarning soni, balki ulardan ijtimoiy farqlilik va variativlik me’yorlariga muvofiq foydalanish malakasi ham hisobga olinadi. Ushbu darajadagi individuallik faqatgina qayd qilingan malakaga ega bo‘lish bilan emas, so‘z yasalishi, grammatika va talaffuz qoidalarining buzilishi bilan ham tavsiflanadi.
Ikkinchi daraja – kognitivlik bo‘lib, u shaxsning intellektual sohasi, insonning bilish faoliyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Har bir individuumning rivojlanish jarayonida uning olam manzarasini aks ettiradigan g‘oyalari, konseptlari ishlab chiqiladi. Shaxsning olam manzarasidagi ma’nolar va qadriyatlar pog‘onasi aniqlanadi, belgilanadi. Shaxsiy dunyoqarash vakuumda shakllanmaydi, u milliy-madaniy an’analar, qadriyatlar, g‘oyalar asosida shakllanadi. Shunga ko‘ra, ushbu darajada jamoaviy yoki individual kognitiv makon hosil qiluvchi til jamoasi (lisoniy shaxs)ga tegishli farqli bilimlar va tasavvurlarning faollashuvi va identifikatsiyasi yuz beradi. Mazkur daraja shaxs dunyosi, uning tezaurusi, madaniyatining lisoniy modelini aks ettiradi.
Uchinchi – pragmatik darajadir. U kommunikatsiyaning maqsad va vazifalari – so‘zlovchining niyati, qiziqishlari va maqsadlari bilan belgilanadi. Aynan so‘zlovchining motivlashganligi “kommunikativ-faoliyat-ehtiyoji” hisoblanadi va lisoniy shaxsning pragmatik darajasining birligini namoyon qiladi. Mazkur xususiyatlar individning mantiqiy fikrlash darajasi bilangina aniqlanib qolmasdan, balki uning his-tuyg‘ulari va muloqotning vaziyat omillari bilan ham aniqlanadi.
Xabarni kodlash va dekodlash “shaxs kommunikativ makonining” uch darajasi – verbal-semantik, kognitiv va pragmatik darajalarning o‘zaro ta’sirida yuz beradi.
Lisoniy shaxsning darajali modeli shaxsning umumlashgan tipini aks ettiradi. Mazkur madaniyatda aniq lisoniy shaxslar esa ko‘plab mavjud bo‘lishi mumkin. Ular shaxs tarkibida har bir darajaning variantlanishi bilan farq qiladi.
V.A.Maslova lisoniy shaxsning lisoniy va kommunikativ tarkibi haqida to‘xtalib, shunday yozadi: “Lisoniy shaxs – ijtimoiy hodisa, lekin unda individual jihat ham mavjud. Lisoniy shaxsdagi individuallik tilga bo‘lgan ichki munosabat, shaxsiy lisoniy ma’noning paydo bo‘lishi orqali shakllanadi; biroq bu o‘rinda lisoniy shaxsning lisoniy an’analarning vujudga kelishiga ta’sir ko‘rsatishini unutmaslik kerak. Har bir lisoniy shaxs aniq insonning ajdodlar tomonidan yaratilgan butun til boyligini o‘zlashtirishi asosida shakllanadi. Aniq shaxs tilining asosiy qismi umumtildan va muayyan qismi individual tildan tashkil topadi”64.
Shunday qilib, lisoniy shaxs – nutqiy shaxslarning serqirra va ko‘p qatlamli paradigmasidir. Bunda nutqiy shaxs – real muloqot paradigmasidagi lisoniy shaxsdir. Aynan nutqiy shaxs darajasida lisoniy shaxsning ham milliy-madaniy o‘ziga xos xususiyati, ham muloqotining milliy-madaniy o‘ziga xos xususiyati namoyon bo‘ladi.

Yüklə 4,15 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   127




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə