Samarqand davlat universiteti lingvokulturologiya



Yüklə 4,15 Mb.
səhifə34/127
tarix19.12.2023
ölçüsü4,15 Mb.
#150532
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   127
Madaniyat nima? E.Sepirning fikricha, madaniyat – turmush tarzimizni tavsiflovchi, ijtimoiy meros qilib olingan amaliy malakalar va g‘oyalar majmuyi (185-bet).
E.Sepirning boshqa bir talqiniga ko‘ra, madaniyat – jamiyat tomonidan amalga oshiriladigan qadriyatlarning tanlab olinishi (193-bet). Madaniyat xatti-harakatlar bilan qiyoslanadi (207-bet).
Til oldin paydo bo‘lganmi yoki madaniyat? E.Sepir til madaniyatdan oldin paydo bo‘lgan, chunki til madaniyatga nisbatan ma’no ifodalovchi vosita sanaladi, deb hisoblagan (42-bet). Til milliy madaniyat mavjudligi va uning ifodalanishining asosiy shakli sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq E.Sepirga ko‘ra, til ijtimoiy va madaniy rivojlanish mahsulidir. Til madaniyatning ijtimoiylashgan qismidir (265-bet).
Til va madaniyatning mushtarakligi nimada? Birinchidan, nutq ham madaniyat ham konseptual tanlab olishni talab qiladi (60-bet). Ikkinchidan, tillar ham, madaniyatlar ham kamdan kam holatlarda o‘z-o‘zicha yetarli bo‘ladi (173-bet). Bu ikki hodisaning farqini E.Sepir shunday izohlagan: “Jamiyatning nima qilishi va nimani o‘ylashiga qarab madaniyatni, qanday o‘ylashiga qarab esa tilni aniqlash mumkin” (193-bet).
Til va madaniyat qanday o‘zaro ta’sir qiladi? Til madaniyatga nisbatan madaniyatni to‘plash va uni meros qilish kumulyativ (lot. cumulatio - to‘plash, yig‘ish, jamg‘arish) xususiyatiga ega bo‘ladi.
Chunonchi, kumulyativlik ham oddiy, ham rivojlangan tillar va madaniyatlarning xususiyatidir (233-bet). E.Sepirning fikricha, madaniyatni saqlanib qolishining asosiy shakllaridan biri “maqollar, standartlashgan duolar, qarg‘ishlar, xalq rivoyatlari, nasl-nasab shajarasi” hisoblanadi. Tildagi farqliliklar madaniyat farqliliklarini ko‘rsatadi (245-bet)39.
Til va madaniyat 1) kommunikativ jarayonlarda; 2) ontogenez (inson lisoniy qobiliyatlarining shakllanishi)da; 3) filogenez (insonning irsiy va ijtimoiy shakllanishi)da o‘zaro aloqada bo‘ladi.
Ushbu ikki mohiyat 1) tilda ommaviy adresat (so‘zlovchi murojaat qilgan kishi)ni belgilash hodisasi, madaniyatda saralanganlik qadrlanadi; 2) madaniyat (tilga o‘xshash) belgilar tizimi bo‘lsa-da, u o‘zicha tashkil bo‘la olmaydi; 3) til va madaniyat turli semiotik tizimlardir40.
“Til va madaniyat” masalasi favqulodda murakkab va ko‘p qirrali bo‘lgani uchun mazkur masalaga turlicha yondashiladi:
Birinchi yondashuv rus faylasuflari S.A.Atanovskiy, G.A. Brutyan, Ye.I. Kukushkin, E.S. Markaryanlar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy mazmuni quyidagicha: til va madaniyatning o‘zaro aloqasi bir tomonga bo‘lgan harakatdir; til borliqni aks ettiradi, madaniyat esa bu borliqning ajralmas qismidir, til madaniyatning in'ikosidir.
Ikkinchi yondashuv E. Sepir va B.Uorf maktabining qarashlarida o‘z aksini topgan. Mazkur gipotezaning asosida insonlar olamni o‘z ona tillari vositasida turlicha ko‘rishadi. Tilda aks ettirilgan olamgina mavjud. Modomiki, har bir til borliqni o‘ziga xos usullar bilan aks ettirar ekan, unda tillar bir-biridan o‘zining “olamning lisoniy manzarasi”ga ko‘ra farqlanadi. E. Sepir va B.Uorfning gipotezasida quyidagi asosiy masalalar ajratiladi: 1. Til unda so‘zlashuvchi xalqning tafakkur usuli bilan bog‘liqdir. 2. Olamni bilish usuli subyektlarning qanday tillarda fikrlashiga bog‘liqdir41.
Uchinchi yondashuvga ko‘ra, til madaniyatning dalilidir: 1) til – biz ajdodlarimizdan meros qilib olgan madaniyatning tarkibiy qismi; 2) til – madaniyatni o‘zlashtirishning asosiy vositasi; 3) til – barcha madaniy hodisalarning eng muhimi.
Xullas, til madaniyatning tarkibiy qismi va uning vositasidir. U ruhimizning borlig‘i, madaniyatimizning ko‘rinishidir; u milliy mentallikning o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalaydi. Til inson oldida tafakkur sohasini ochgan mexanizmdir (N.I.Jinkin).
O‘zbek tilshunosligida “til va madaniyat” masalalari bilan eng ko‘p va xo‘p shug‘ullangan olim sifatida professor Nizomiddin Mahmudovni ko‘rsatish mumkin. Jumladan, olim o‘zining “Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab...” nomli maqolasida “til” va “madaniyat” tushunchalari haqida quyidagilarni yozadi: “Til va madaniyat deganda, ko‘pincha, “nutq madaniyati” deyiladigan muammo assotsiativ holda esga tushsa-da, bu ikki o‘rindagi madaniyatning aynanligini aslo ko‘rsatmaydi. Til va madaniyat deganda, odatda, (to‘g‘risi ham shu) til orqali u yoki bu madaniyatni yoki aksincha, madaniyatni o‘rganish orqali u yoki bu tilni tushuntirish nazarda tutiladi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, lingvokulturologiyadagi madaniyatning ma’nosi “aqliy-ma’naviy yoki xo‘jalik faoliyatida erishilgan daraja, saviya (nutq madaniyati)” emas, balki “kishilik jamiyatining ishlab chiqarish, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotida qo‘lga kiritgan yutuqlari majmuyi (madaniyat tarixi, o‘zbek madaniyati)” demakdir” 42.
N. Mahmudov tilga ehtirom ko‘rsatish va unga e’tibor berishni ta’kidlab, quyidagilarni yozadi: Til benihoya muqaddas va mo‘’tabar ne’mat, u odam degan mavjudotga shakllantirilgan, qavmlar o‘laroq birlashtirgan, taraqqiyot bosqichlariga olib chiqqan, ruhiy takomilga boshlagan, tafakkur gulshanining darvozalarini ochgan bemisl bir robitadir. Shuning uchun ham tilga nopisandlik insoniyatning o‘zligiga nopisandlik demkdir. Tilga ehtirom va e’tibor esa bu dunyoda inson bolasi muhtaramligining e’tirofidir”43.
V.fon Gumboldning “Tilda xalq ruhi aks etadi” degan fikri N. Mahmudovning asarlarida o‘ziga xos tarzda davom ettirilganini ko‘rish mumkin: “...tilda xalqning urf-odati, yashash tarzi, iqtisodiy ahvoli, qisqasi, xalqning bor-budi, bo‘y-basti aks etadi. Muayyan xalqning tilini bilish uning butun borlig‘ini anglash demakdir. Muayyan xalq tilining mazmunu mohiyatini idrok etish shu xalqning tarixiyu kelajagini idrok etish demkdir. Til xalqning bebaho va muqaddas boyligidir, xalqning har bir asl farzandi o‘z tilida sobit va o‘z tiliga sodiq bo‘lmog‘i azal-abad ham qarz, ham farz”.
Olim buyuk nemis tilshunosi Yakob Grimmning “Xalq haqidagi saqlanib qoladigan eng jonli guvoh – bu uning suyagi, foydalangan ish qurollari yoki qabri emas, balki uning tilidir” degan fikrini shunday rivojlantiradi: “Xalq o‘z tili haqida uning ibtidosidan boshlab ma’lumotga ega bo‘lsa, bu tilning turfa tovlanishlariyu, tarang va lo‘nda mantiqini chuqur his eta olsa, o‘zining uzoq va murakkab tarixini ham chuqur his eta oladi, tarixidan faxrlana oladi, o‘zinikidan boshqa tillarning xam muqaddasligiga. Har jihatdan hurmatga loyiqligiga imon keltira oladi. Bu esa xalqning o‘zligini anglashi demakdir”44 .

Yüklə 4,15 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   127




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə