Texnika falsafasi


Texnika va texnologiyaning oqibatlari



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə50/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Texnika va texnologiyaning oqibatlari. Ilmiy adabiyotlarda bu oqibatlar atroflicha tahlil qilinadi. Aksariyat mualliflar texnik taraqqiyotning ikki yoqlama tabiatini ko‘rsatishga harakat qiladilar. Bir tomondan, texnika va texnologiyaning rivojlanishi insonga ko‘p sonli muammo hamda vazifalarni hal qilish imkoniyatini beradi, aholi farovonligini ta’minlaydi, hozirgi texnogen sivilizatsiya asosi bo‘lib xizmat qiladi. Boshqa tomondan esa, texnik taraqqiyot oldindan aytish ham, nazorat qilish ham mumkin bo‘lmagan kutilmagan salbiy oqibatlarning o‘sishiga olib keladi. Texnik taraqqiyot o‘z harakat mo‘ljallariga ega emas, u qayoqqa ketayotganini hech kim bilmaydi. Shu tufayli ham uning oqibatlarini oldindan ko‘ra bilish mumkin emas. Texnik taraqqiyot qancha kuchli bo‘lsa, uning kutilmagan oqibatlari yig‘indisi ham shuncha katta bo‘ladi. Texnika taraqqiyoti kuchayib borgani sari, uni yaratuvchi ziddiyatlar, to‘siq va bo‘hronlar ham ko‘payib boradi. Xususan, atrof muhitning ifloslanishi, tiklanmaydigan resurslar-ning kamayishi, potensial xavf-xatarlarning globallashuvi shular jumlasidan. Binobarin, yetkazilgan zararni qoplash yoki kamayib borayotgan resurslarning o‘rindoshini topish uchun tadqiqotlarga ajratiladigan moliyaviy mablag‘larni muttasil ravishda qayta hisob-kitob qilish talab etiladi. Shunday hisob-kitobdan keyin-gina texnik rivojlanish mahsulotining real qiymati, texnika vositalarining real narxlari haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Masalan, kuchli zaharlanishga sabab bo‘luvchi texnika tozalash inshootlari qurishni, salomatlikni tiklash markazlari tashkil etishni talab qiladi. Binobarin, xarajatlar umumiy smetasiga bularning qiymatini ham kiritish talab etiladi.
Aynan texnika va texnologiya imkoniyatlari qisqarib borayotgan resurs hamda materiallar isrof etilishi hamda talon-toroj qilinishiga sabab bo‘ladi. Texnika yuksak darajada rivojlangan industrial jamiyat isrofgarchilik va o‘g‘rilik manbai hisoblanadi. Aksariyat hollarda bunga samarasiz iqtisodiy boshqaruv, nooqilona ma’muriy yoki siyosiy qarorlar yo‘l ochadi.
Yuksak darajada texnologik rivojlanish texnik tizimning “mo‘rtligi” deb nomlash mumkin bo‘lgan yana bir salbiy oqibatni namoyon etdi. Barcha yirik tashkilotlar ayni shu jihat bilan tavsiflanadi. Tashkilot qancha katta bo‘lsa, unda insident yuz berishi mumkin bo‘lgan nuqtalar ham shuncha ko‘p bo‘ladi. So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida joriy etilgan yangi texnika vositalari texnik va industrial manzarani butunlay o‘zgartirish bilan bir vaqtda siyosiy, iqtisodiy hayotda ham to‘ntarish yasadi. Bu to‘ntarishlar inson tomonidan umuman o‘zlashtirilmagan va nazorat qilinmaydi.
Texnik taraqqiyotning yana ikki salbiy oqibati – milliy iqtisodiyotlar rivojlanishining nomutanosibligi hamda iqtisodiy va texnik absurd “mantiqi”. Inson amalda kerak bo‘lmagan, o‘ziga hech qanday foyda keltirmaydigan narsalarni ishlab chiqaradi. Natijada “siyosiy iqtisod” tushunchasi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Bir tomondan, rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti faoliyat ko‘rsatadi, boshqa tomondan esa – uchinchi dunyo mamlakatlari iqtisodiyoti qulayotgan jarlik tobora chuqurlashib boradi.
Nihoyat, aksariyat mualliflar texnik taraqqiyotning salbiy oqibatlari qatorida texnokratlar, texnik va turli ekspertlar hokimiyati tobora kengayib borayotganini qayd etadilar. Hozircha gap jamiyatni texnokratlar bevosita boshqarishi haqida borayotgani yo‘q, siyosatchi ijtimoiy organizm va oliy texnik kadrlar o‘rtasida o‘zining vositachi sifatidagi rolini saqlab qolmoqda. Ammo evolyu-siya quyidagi yo‘nalishda yuz berdi: texnokratlar o‘zlarisiz biron-bir ishni bajarib bo‘lmasligini anglab yetdilar. Ular qaror qabul qilish uchun zarur shartlarni siyosatchilar oldiga qo‘yadilar. Turli-tuman texnika vositalari ko‘payishi natijasida texnokratlar soni ham sezilarli darajada oshdi. Boz ustiga, siyosatchi faoliyatining barcha sohalariga texnika vositalari kirib keldi, endilikda texnika vositalarini amalga joriy etish, texnik operatsiyalarni bajarish davlatning bosh vazifasi hisoblanadi. Hokimiyat, kuch va qudratni oshirish texnikaning birdan-bir maqsadiga aylanadi. Har qanday sohada texnik bilimga ega bo‘lgan odam hokimiyatga ham ega bo‘ladi. Texnik bilimga ega bo‘lmagan odam bugun biron-bir hokimiyatga da’vogar bo‘la olmaydi. Texnokrat hech qachon ayblanmaydi – so‘nggi yillarda yuz bergan yirik halokatlarni tergov qilish natijalari ham buni tasdiqlaydi. Qanday halokat yuz bermasin, bunda texnika yoki oliy darajadagi texniklar – loyiha yaratuvchilar, ulkan dastur-larning rahbarlari, vazirlik amaldorlari emas, balki operator, kema kapitani, korxona muhandisi yoki rahbari, ya’ni ijrochilar aybdor deb topiladi.
Texnika va texnologiya oqibatlarining tahlili ularning vujudga kelishi hamda ko‘payishi muayyan mantiqqa bo‘ysunishini ko‘rsatadi. Umuman olganda, oqibatlarning uch asosiy turi haqida so‘z yuritish mumkin: 1) ekologik muhitda yuz beruvchi oqibatlar (tabiiy muhit – havo, suv, yer va shu kabilarning turli parametrlari o‘zgari-shi, ifloslanishi, ishlab chiqarish chiqindilari hosil bo‘lishi va h.k.); 2) inson faoliyati sohasida yuz beruvchi oqibatlar (infra-tuzilmadagi o‘zgarishlar); 3) insonning yashash sharoitlarida yuz beruvchi oqibatlar. Texnika va texnologiyaning ekologik ahamiyatga molik oqibatlari quyidagi sabablarga ko‘ra yuz beradi. Texnik qurilmaning yaratilishi muayyan tabiiy jarayonni ishga tushirish va quvvatlashni (masalan, raketada yonilg‘i yonib bitishi va yonish mahsulotlari soplo orqali katta tezlikda chiqib ketishini) nazarda tutadi. Ammo bu tabiiy jarayon bo‘shliq yoki koinotda, yerdan uzoqda emas, balki Yerda yuz beradi. Bizning sayyoramiz “matematika tilida yozilgan” tabiatnigina emas, balki ekologik organizmni ham o‘zida ifodalaydi. Bu organizmda turli yashash sharoit va shakllarining mavjudligi tabiiy muhit parametrlariga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi. Ammo texnik qurilmada amalga oshirilgan tabiiy jarayonning ishga tushirilishi va quvvatlanishi, odatda, mazkur parametrlarning ayrimlarini o‘zgartiradi (keltirilgan misolda yonilg‘ining yonib bitishi va yonish mahsulotlari soplo orqali chiqib ketishi issiqlik hamda yonishning kimyoviy chiqindilari chiqarili-shiga, tovush to‘lqini hosil bo‘lishiga olib keladi). Bunda, sayyora-ning ekologik organizmidagi barcha muhitlar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgani tufayli, bir muhitda tegishli parametrlarning o‘zgarishi unga yondosh bo‘lgan boshqa muhitlarda ham tegishli parametrlarning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Natijada muhit parametrlarining o‘zga-rishlari zanjiri vujudga keladi.
Muhandis tabiiy va texnika fanlarida tavsiflanmagan, bino-barin, hisoblash mumkin bo‘lmagan jarayonlarni ishlab chiqishga qo‘l urgan hollar soni tobora ko‘payib bormoqda. Loyihada belgilangan hamma narsani amalga oshirish mumkin degan, yondashuvga bugungi kunda nafaqat loyihalovchilar, balki aksariyat muhandislar ham qo‘shiladilar. Muhandistikda loyihaviy yondashuv tabiiy yoki texnika fanlarida tavsiflanmagan, hisoblash mumkin bo‘lmagan jarayon va o‘zgarishlar sohasi sezilarli darajada kengayishiga olib keldi. Ammo muhandistikning rivojlanishiga, shuningdek, uning potensial “xatolari”, ya’ni salbiy yoki nazoratsiz oqibatlari sohasi kengayishiga texnologiya, ayniqsa, kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Endi oqibatlarning ikkinchi guruhi haqida.
Inson faoliyatida oqibatlar yuqorida qayd etilgan vosita va sharoitlardagi o‘zgarishlar ta’sirida yuz beradi. Masalan, raketani uchirish uchun maxsus qurilmalar, dvigatel, konstruksiya, material-lar va yonilg‘i yaratish talab etilgan, buning uchun esa, o‘z navbatida, boshqa konstruksiya va texnik komponentlarni ishlab chiqish zarur. Ikkala jarayonning ham zaruriy sharti – tadqiqotlar o‘tkazish, muhandislik ishlanmalarini amalga oshirish, eksperimentlar, laboratoriya sinovlari o‘tkazish, turli inshootlar qurish, xizmatlar tashkil etish va h.k. Natijada raketalarning yaratilishi faoliyatlar tizimlari hamda o‘ta murakkab infratuzilma tashkil etilishiga olib keldi (masalan, raketodromlar qurildi, bu yerda raketalarni uchirish amalga oshiriladi, turli ta’minot xizmatlari faoliyat ko‘rsatadi).
Nihoyat, tabiiy muhit, faoliyat parametrlari va infratuzilma-dagi o‘zgarishlar inson hayotining umumiy sharoitlariga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, chunki inson nafaqat texnika va texnologiyani yaratadi, balki sayyora ekologik organizmining elementi ham hisob-lanadi, inson hayoti esa ko‘p jihatdan faoliyat bilan bog‘lanadi.
Texnika va texnologiya ta’sirida yuz berayotgan nazoratsiz o‘zgarishlar so‘nggi yillarda inson va tabiat texnik sivilizatsiya-ning shitob bilan rivojlanishiga moslashib ulgurmayotgani aniqlan-ganidan keyingina o‘rganila boshladi. Muayyan texnik yangilik va o‘zgarishlar ilgari ham boshqa yangilik va o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan. Masalan, metallurgiyaning rivojlanishi shaxta va konlar ochilishiga olib kelgan, yangi zavod va yo‘llar qurilishi esa yangi ilmiy tadqiqot hamda muhandislik ishlanmalarini taqozo qilgan. Ammo XIX asr o‘rtalaridan e’tiboran bu yangilanish va o‘zgarishlar jarayoni shu darajada jadal tus oldiki, inson va qisman tabiat ularga moslashish (ko‘nikish, kompensator mexanizm va boshqa sharoitlarni yaratish)ga ulgurolmay qoldi. XX asrda o‘zgarishlar sur’ati yanada o‘sdi, u (tarixiy nuqtai nazardan) hayotning barcha jabhalariga tatbiq etilmoqda. Natijada ilmiy-texnika taraqqiyotining salbiy oqibat-lari yuzaga qalqib chiqdi va muammoga aylandi.
Ilmiy adabiyotlarda odamlar texnika va texnologiya bilan bog‘liq xavf-xatar hamda salbiy oqibatlarni payqamasliklari yoki payqashni istamasliklari qayd etiladi. Bunda to‘rt omil ko‘rsa-tiladi. Birinchisi – ilmiy-texnik rivojlanishning ijobiy natija-lari bevosita va tez yuz bersa, salbiy oqibatlar ancha keyin, ba’zan uzoq kelajakda namoyon bo‘ladi. Ikkinchisi – xavf-xatar va salbiy oqibatlarni, odatda, faqat mutaxassislar payqaydilar, aholi esa buni xayoliga keltirmaydi, yo bunga ishonmaydi. Uchinchi omil – ilmiy-texnika taraqqiyoti xavf-xatarlarining nomuayyanligi va noaniqligi. So‘nggi omil ayrim mualliflar tomonidan quyidagicha tavsiflanadi: “...afzalliklar – konkret, kamchiliklar – deyarli doim abstraktdir”3. Bundan tashqari, ishlarning holati teran anglab yetilishiga texnika va texnologiyaning tinimsiz rivojlanishidan manfaatdor bo‘lgan ulkan davlat harbiy-sanoat texnika majmui to‘sqinlik qiladi.



Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə