Texnika falsafasi


-mavzu.TEXNOLOGIYaNING RIVOJLANIShIGA TA’SIR ETUVChI OMILLAR



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə52/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

8-mavzu.TEXNOLOGIYaNING RIVOJLANIShIGA TA’SIR ETUVChI OMILLAR
Misr kohinlarida ehrom qurish g‘oyasining tug‘ilishi. Bundan oldingi mavzularda biz texnikaning rivojlanishini belgilovchi asosiy omillar: madaniyat, semiotik tizimlar va ularning doirasida anglab yetilgan jamiyat yoki inson ehtiyoj-larini ko‘rib chiqdik. Bu mavzuda biz faqat texnologiyaning faoliyati va rivojlanishini belgilovchi omillarga to‘xtalamiz. Tahlilni madaniyat va til bilan, aniqrog‘i, “madaniy sxematizmlar” bilan belgilangan omildan boshlaymiz. Ijtimoiy madaniy tahlil texno-logik operatsiya va amallarni tanlash hamda anglab yetish jarayoni nafaqat foyda yoki amaliy samara omillari, balki til va madaniyat ta’sirida ham yuz berishini ko‘rsatadi. Bu o‘rinda gap madaniy dunyoqarash yoki dunyoning “tayanch madaniy ssenariylar” bilan belgilangan manzarasi haqida boradi. Mazkur yondashuvni yoritish uchun Misr ehromlarining kelib chiqishiga berilgan izohni ko‘rib chiqamiz. Ma’lumki, mazkur ehromlarning yaratilishi qadimgi dunyo uchun ancha murakkab bo‘lgan yangi texnologiyalar (ulkan tosh bo‘laklariga ishlov berish, ularni yuqori balandlikka ko‘tarish, o‘n minglab kishilar ishtirokidagi ishlarni tashkillashtirish, ehromni qurish, fir’avn jasadini mo‘miyolash va sh.k.) rivojlanishiga turtki bergan. Ayni paytda mazkur tahlil nazariy fanni yaratishda madaniy yondashuvdan qanday foydalanish mumkinligini namoyish etadi.
Qadim zamonlarda qurilgan bu ulkan inshootlar hanuzgacha odamlar aqlini lol qoldiradi. Qadimgi dunyoda ularni olam mo‘jizalaridan biri deb hisoblaganlar, bugungi kunda esa ular sir, jumboq sifatida e’tirof etiladi. O‘tgan davr mobaynida tadqiqotchilar ehromlarning kelib chiqishiga doir turli-tuman farazlarni ilgari surganlar. Kimdir ehromlarni fir’avnlar maqbarasi va ularning hokimiyati timsoli sifatida, kimdir Misrning ko‘p sonli aholisini ish bilan band qilish va millatni jipslashtirish yo‘li sifatida tavsiflagan. Ehromlar kohinlarning misrliklarda jonli Koinot bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa mavjud bo‘lganidan dalolat beruvchi sirli kosmik belgilari, deb hisoblovchilar ham topilgan. Bu nazariyalarning aksariyati qiziqarli, lekin yo jiddiy tanqidga dosh berolmaydi, yo uncha ishonarli emas.
Ehromlar qurilishidek ulkan ishlar muayyan loyiha yoki konsepsiyasiz amalga oshirilmagan bo‘lsa kerak. Ammo konsepsiya ham, uning asosnomasi ham bizgacha yetib kelmagan. Bu holni kohinlar o‘z sirlarini saqlashni bilganlari bilan izohlash mumkin bo‘lsa kerak. Shu tufayli ham madaniyatshunoslar oldida bunday konsep-siyani taxmin qilish, aniqrog‘i, fir’avnlar, kohinlar va qadimgi Misr aholisini aqlni lol qoldiruvchi mazkur “asr qurilishlari”ga ulkan resurslar, vaqt va kuch sarflashga majbur qilgan haqiqatnamo g‘oyalar majmuini ilgari surishdan boshqa yo‘l yo‘q.
Qadimgi Misr madaniyati “qadimgi podsholiklar madaniyati”ga kiradi. Mazkur madaniyat “arxaik madaniyat” ortidan kelgan va uning ayrim xususiyatlari (masalan, inson joni haqidagi qayta anglangan tasavvur)ni saqlab qolgan. O‘z navbatida, qadimgi podsholiklar madaniyati antik madaniyatga o‘rin bo‘shatgan. Shu tufayli ham antik madaniyatda qadimgi podsholiklar madaniyatining yangicha tushunilgan ba’zi jihatlarini kuzatish mumkin. Bunday vorisiylik va o‘ziga xos arxetiplarning mavjudligi empirik materialda kamchiliklar (ya’ni, tarixiy ma’lumotlar va dalillar yetarli emasligi)ni aniqlagan madaniyatga oldingi yoki keyingi madaniyatga murojaat qilish imkoniyatini beradi.
Misr madaniyati davlat, armiya, din, “markaz”dan turib boshqariladigan xo‘jalik (dehqonchilik, hunarmandchilik, konchilik, sug‘orish inshootlari, saroylar, ehromlar qurilishi va sh.k.) kabi ijtimoiy institutlar shakllangan ilk sivilizatsiyalardan biri hisoblanadi. Kuchli vertikal boshqaruv Misr davlatining muhim xususiyati hisoblangan. Bu davlat boshida podsho, ayni paytda, tirik Xudo – fir’avn turgan.
Fir’avnlarning ilohiylashtirilishi kohinlar uchun ularning o‘limi va dafn qilish masalasiga oydinlik kiritish bilan bog‘liq ancha mushkul muammo tug‘dirgan. Inson sifatida fir’avn o‘lishi mumkin bo‘lgan, uni tantanali dafn marosimi va maqbara kutgan. Ammo tirik xudo sifatida fir’avn so‘zning insoniy ma’nosida o‘lishi mumkin bo‘lmagan. Fir’avn quyosh xudosi – Ra timsoli sanalgan. Binobarin, fir’avn o‘lganidan so‘ng uning joni osmonga qaytishi va quyosh bilan birikishi lozim bo‘lgan. Ammo shu o‘rinda fir’avn jasadini nima qilish kerak va uning qabriga nimalarni qo‘yish kerak, degan savollar tug‘ilgan.
Misr kohinlari bu muammoni yechar ekanlar, quyidagi izoh (ssenariy)ni tuzgan bo‘lsalar kerak. Ha, fir’avn o‘lganidan keyin uning joni, bir tomondan, osmonga chiqib ketadi va quyosh bilan birikadi, boshqa tomondan, u poklanish va qayta tirilish siklidan o‘tadi. Fir’avn jasadi va uning maqbarasi – poklanish va qayta tirilish yuz beradigan joy, bu yerga fir’avn – xudo o‘z xalqi bilan ko‘rishish, unga kuch-qudrat baxsh etish va o‘z taqdiriga ishonch uyg‘otish uchun qaytib keladi.
Ammo bu holda boshqa savollar ham tug‘ilgan. Masalan, fir’avn – xudo osmonga qanday ko‘tariladi va u yerdan pastga, o‘z maqbarasiga qanday qaytib tushadi? Ayni holda bu savolga javob berish juda muhim bo‘lgan, chunki fir’avn nafaqat xudo, balki inson ham hisoblangan, bundan tashqari, fir’avnni butun xalq bilan birga kuzatish va qarshi olish talab etilgan, shu tufayli ham harakatlarni tanlashda xato qilish mumkin bo‘lmagan. Fir’avnning poklanishi va qayta tug‘ilishi maqbarada yuz beradi, degan g‘oya ikkinchi savol tug‘ilishiga sabab bo‘lgan, zero xudolar odatda yer ostida (yer bag‘rida) poklanib, qayta tug‘ilganlar. Uchinchi savol fir’avn jasadi bilan bog‘liq bo‘lgan, zero u, vafot etgan har qanday odamning jasadi kabi, vaqt o‘tishi bilan buzilgan, xudo esa o‘zgarishi mumkin bo‘lmagan, o‘z xalqi qoshiga qaytar ekan, u o‘zidan nur taratayotgan siyratda namoyon bo‘lishi lozim bo‘lgan.
Birinchi muammoni kohinlar o‘ziga xos tarzda yechganlar: fir’avn maqbarasiga osmonga o‘ralgan tog‘ yoki zinapoya shakl-shamoyilini berganlar. Ma’lumki, ilk qadimgi ehromlar tog‘ni eslatgan yoki pog‘onasimon bo‘lgan, ya’ni ulkan to‘rt tomonli zinapoya ko‘rinishida bo‘lib, kohinlar fikriga ko‘ra, fir’avn joni ayni shu zinapoya bo‘ylab osmonga ko‘tarilgan, u yerdan qaytib tushgan. Mazkur g‘oyani izchil ro‘yobga chiqarib, fir’avnlar o‘z ehromlarini bir-biridan baland qilib qurganlar, ularning uchi osmonu falakka tegishini ko‘zlaganlar. Ammo ehromlar chindan ham osmonu falakka intilib, uni yer bilan bog‘lagach, ya’ni kosmik ob’ektlarga aylangach, ilohiy zinapoya g‘oyasining ahamiyati susaya boshlagan.
Ikkinchi muammo piramidani yer, uning bag‘ri timsoliga aylantirish yo‘li bilan yechilgan. Misr ehromlari uy yoki saroy (ya’ni, odatdagi hayot kechadigan bo‘shliq hosil qiluvchi imorat) sifatida emas, balki aksincha, yaxlit qilib, toshdan qurilgan. Ehrom go‘yoki yer qa’ridan chiqib kelgan va uning tadrijiy davomi sifatida namoyon bo‘lgan.
Nihoyat, uchinchi muammo tibbiyot, kimyo va san’at vositalari bilan hal qilingan. Fir’avn jasadi mo‘miyolangan, egniga ajoyib liboslar kiydirilgan, yuziga esa tilladan yasalgan niqob qoplangan. Natijada kohinlar tirik xudo osmondan tushib, o‘z tanasiga kirmoqchi bo‘lsa, uni fir’avnning tiriklik paytidagidek go‘zal holatda topishiga umid qilishlari mumkin bo‘lgan.
Xudoning doimiy yashash joyi hamda uning poklanishi va qayta tirilishi yuz beruvchi joy sifatida, ehrom nafaqat qadamjo hisoblangan, balki butun Misr podsholigiga ilohiy nur taratgan. Mamlakatda qurilgan ehromlar soni ko‘paygani sari, misrliklar xudolar o‘zlariga ko‘rsatayotgan ilohiy madad va g‘amxo‘rlikni tobora kuchliroq his qilganlar. Xudolar qurshovida yashovchi inson uchun o‘lim go‘yoki mavjud bo‘lmagan.
Shunday qilib, ehromlar qurish amaliyoti va tegishli qurilish texnologiyalari fir’avnlarni dafn qilish zaruriyati yoki boshqa biron-bir amaliy ehtiyojlar ta’sirida paydo bo‘lmagan. Ehrom – qadimgi misrliklar madaniy dunyoqarashi mahsuli, odamlar va xudo-lar dunyosini, fir’avnning osmondagi abadiy hayotini uning o‘limi-dan keyingi poklanishi va Misr xalqiga madad ko‘rsatishi bilan bog‘lagan o‘ziga xos madaniy qurilma. Ayni shu dunyoqarashni ro‘yobga chiqarish jarayonida uning shakllanishi bilan bir vaqtda ehromlar qurish imkoniyatini bergan texnika va texnologiya vujudga kelgan.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə