Texnika falsafasi


Texnika va texnologiyadan foydalanish



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə49/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Texnika va texnologiyadan foydalanish. Bu yerda texnika va texnologiya uchun umumiy bo‘lgan ikki jihatni qayd etish mumkin. Birinchi jihat – texnika va texnologiyadan foydalanish mantig‘ining ikki yoqlamaliligi. Ayni hol shu bilan belgilanadiki, bir tomon-dan, texnik qurilma va inshootlar, texnologiya kabi artefaktlar, ya’ni sun’iy tuzilmalar hisoblanadi, boshqa tomondan esa – texnika ham, texnologiya ham sun’iy tashkil etilgan tabiiy harakatni o‘zida ifodalaydi, ya’ni tabiiy-sun’iy fenomenlar sifatida amal qiladi. Sun’iy tuzilma sifatida texnika va texnologiya “faoliyat mantig‘i”ga muvofiq yashaydi, qo‘llaniladi: masalan, ular faoliyat vositalari yoki mahsullariga qo‘yiladigan talablarni qanoatlan-tirishi lozim. Tabiiy-sun’iy fenomenlar sifatida texnika va texnologiya birinchi yoki ikkinchi tabiat qonunlariga muvofiq yashaydi va ishlatiladi; mazkur qonunlar texnika va texnologiyaga xizmat ko‘rsatuvchi tabiiy fanlar hamda texnika fanlari doirasida tavsiflanadi, ushbu fanlar lozim darajada shakllanmagan holda muhandis yoki texnologik tajribaga murojaat etadi.
Ikkinchi jihat texnika va texnologiya haqidagi tasavvur bilan belgilanadi. Texnika va texnologiyaning konseptuallashuviga, unga qanday ma’no yuklatilishiga qarab, mazkur tuzilmalardan u yoki bu tarzda foydalaniladi. Masalan, hozirgi zamon madaniyatida texnika va texnologiya son-sanoqsiz vazifalarni yechish imkoniyatini beruvchi faoliyat vositalarigina emas, balki madaniy simvollar – muvaffaqiyat, nufuz, moda, kuch-qudrat va hokazolarning timsollari ham hisoblanadi. Ayni holda texnik qurilma va texnologiyalarning ma’naviy eskirishini belgilaydi, bu esa, o‘z navbatida, texnik qurilma va texnologiyalarning yangi avlodlari yaratilishiga olib keladi.
Texnika va texnologiyani anglab yetish. Qadimgi dunyoda texnikani anglab yetish animistik va diniy g‘oyalar asosida amalga oshirilgan, qanday ehtiyoj qadimgi odamni texnikani “tushun-tirish”ga majbur etganini taxmin qilish qiyin emas. U o‘zi yasagan mehnat qurollarining ishlash prinsipini tushunmagan. Masalan, u ulkan xarsang toshni xoda yordamida joyidan siljitishi mumkin, lekin quruq qo‘li bilan u buni bajarishga qodir emas. Qadimda odamlarning murakkab texnik harakatlari bir maqsad – ruhlarni insonga kerak bo‘lgan tarzda ishlashga da’vat etish, majburlashga xizmat qilgan. Qadimgi odam o‘zining biron-bir harakati effektini payqaganida, buni mazkur harakat ruh va jonlarga yoqqani, ma’qul kelgani bilan tushuntirgan.
Keyingi davrda qadimgi podsholiklar madaniyatida ruh va jonlar o‘rnini xudolar egallaydi. Texnik vositalarning ishlashini inson ayni shu xudolar ishtiroki va ta’siri bilan tushuntiradi. Masalan, Shumer madaniyatida “ishlab chiqarish” amallari uchun xudolar odamlar bilan birga javob beradilar. Xususan, Quyosh xudosi kunduzgi yorug‘lik va issiqlik uchun, Oy xudosi Ishtar – tungi yorug‘lik uchun, Shahar xudosi – shahardagi tartib uchun, G‘isht xudosi – g‘ishtlar to‘g‘ri shaklga ega bo‘lishi va tez qurishi uchun javob beradi. Qadimgi Yunonistonda Afina Ergana hunarmandlik, kulollik, to‘qimachilik va boshqa shunga o‘xshash kasb-korlar xudosi hisoblangan2.
Antik madaniyatga o‘tilishi bilan texnik qurilma va mashinalarning ishlash prinsipi yana tushunarsiz tus oladi. Antik “texne” – tasavvurimizdagi texnika emas, balki qo‘lda yasalgan barcha narsalar (harbiy texnika ham, o‘yinchoqlar ham, modellar ham, hunarmandlarning mahsulotlari ham, hatto rassomlarning asarlari ham)dir. Qadimgi diniy-mifologik an’anada narsalar yasash odamlar va Xudolarning bahamjihat harakati sifatida tushunilgan, bunda narsalarni aynan Xudolar yaratgan, aynan ilohiy kuch-g‘ayrat va aql-idrok tufayli narsalar o‘z mohiyatini kasb etgan. Yangi, ilmiy-falsafiy an’anada narsalarni yasash va ularning ishlashi nima ekanligini tushunish talab etilgan, chunki bu jarayonda xudolar ishtirok etmagan. Antik faylasuflar uchun real narsa o‘z-o‘zicha emas, balki “asoslar” va “sabablar”ning amaldagi ifodalari sifatida amal qilgan. Shu tufayli ham hunarmand (rassom) narsalarni yaratmagan (bu faqat xudoning ishi hisoblangan), balki tabiatda mavjud narsani material va o‘z san’atida namoyon etgan.
Mehnat qurollarining amal qilishini tushuntirish bundan ham mushkulroq bo‘lgan. Aristotelning “Mexanik muammolar” asarida eshkak, kema ruli, machta, yelkan, tish uchun ombir va hokazolarning ishlashi richag va chambarakning sirli xossalari bilan, tabiiy jarayonlar esa – texnika yordamida tushuntirilgan. Masalan, Osmon – ham samo, ham barcha o‘zgarish va harakatlar manbai, ham birinchi harakatlantiruvchi kuch, barcha o‘zgarishlar sababi. Garchi Aristotel tabiiy o‘zgarish va narsalarni yaratishni farqlagan, hatto “tabiat” tushunchasini kiritgan bo‘lsa-da, u bilimning amaliy harakat andozasi sifatidagi mohiyati “tabiat” tushunchasi bilan muayyan tarzda bog‘liq ekanligini ko‘rsatmagan.
Buning hayron bo‘ladigan joyi yo‘q: tabiat va tabiiylik antik davrda Yangi davr madaniyatidagidek tushunilmagan. Tabiiylik sun’iylikka, ya’ni yaratilgan narsa va jarayonlarga qarama-qarshi qo‘yilgan. Tabiat borliq turlaridan biri sifatida tushunilgan, u tabiat qonunlari, kuch va energiyalar manbai sifatida, amaliy harakatning zaruriy sharti sifatida qaralmagan. Borliq asoslari ierarxiyasida tabiat (o‘zgarishlar, harakat, o‘z-o‘zidan harakat manbai sifatida) muhim rol o‘ynagan bo‘lsa-da, lekin bu rol birinchi darajali ahamiyat kasb etmagan. Aristotel harakat va bilimning aloqasini aniqlar ekan, tabiatning tuzilishi emas, balki faoliyatning mohiyatiga tayangan. Natijada antik davrda olingan bilimlar va ulardan foydalanish yo‘llari, Aristotelga ko‘ra, ayrim hollardagina ijobiy, rejalashtirilgan samara bergan.
O‘rta asrlarda texnikani tushuntirish yo‘lida muayyan qadam tashlanadi. Bu davrda tabiat, fan va inson harakati haqidagi tasavvurlar xristianlarning tirik Xudosi haqidagi g‘oyasi nuqtai nazaridan qayta idrok etila boshlaydi. O‘zining ikki antik ma’nosi (mohiyat va o‘zgarishlar “asosi”)dan tashqari, tabiat yana kamida uchta ma’no kasb etadi. U Xudo tomonidan “yaratilgan”, “yaratuvchi” va “inson uchun tabiat” sifatida tushunila boshlaydi.
Inson qadimgi (majusiylik davridagi) qarashlarga qisman qaytib, u o‘z harakatini Xudo tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holdagina samarali deb hisoblaydi. Ammo antik tasavvurlar saqlanayotgani tufayli, mazkur tushuncha ilohiy talqin kasb etmaydi, balki inson harakati va ilohiy harakatning o‘xshashligi g‘oyasi paydo bo‘lishiga olib keladi. Biroq mazkur g‘oya ilohiy niyatni anglashni, shu jumladan, tabiatni bilishni ham nazarda tutadi.
Uyg‘onish davrida ilohiy qonunlar o‘rnini tabiiy qonunlar, yashirin ilohiy kuchlar, jarayon va energiyalar o‘rnini yashirin tabiiy jarayonlar asta-sekin egallaydi, yaratilgan va yaratuvchi tabiat esa tabiat qonunlariga bo‘ysunuvchi yashirin tabiiy jarayonlar manbai sifatidagi “tabiat” tushunchasiga aylanadi. Fan va bilimlarga endi tabiatni tavsiflovchi fenomen emas, balki uning qonunlarini aniqlovchi hamda belgilovchi fenomen sifatida ham qaraladi.
Nihoyat, “tabiat qonunlari”ni bilish tabiat kuchlari va energiyalaridan foydalanishga qaratilgan inson faoliyatining zaruriy sharti hisoblanadi. Boshqa bir zaruriy shart – insonning tabiat jarayonlarini ishga soluvchi harakatlarini belgilash.
Shu davrdan e’tiboran tabiat materiallar, kuch va energiyalarning inson tabiat qonunlarini fanda tavsiflagan taqdirdagina foydalanishi mumkin bo‘lgan cheksiz rezervuari sifatida tushunila boshlaydi. Bunga amalda erishish yo‘llarini Galiley va Gyuygens namoyish etadilar. Bunda ular tabiatning matematika va tabiiy fan tilida yozilgan hamda texnik harakatning yangicha talqinini, ya’ni tabiat qonunlariga bo‘ysunuvchi texnik harakat haqidagi tasavvurni ilgari suradilar. Texnikaning o‘zi ham boshqacha tushunila boshlaydi: u muhandistikda hisob-kitob qilina-digan tabiiy jarayonlar, kuch va energiyalar asosida amal qiladi. Inson harakati endi tadqiqotlar va muhandislik faoliyati sohasiga ko‘chadi, insonning tabiiy kuch hamda energiyalarni ishga soluvchi harakatlari ham ayni shu sohada belgilanadi.
Texnikani tushunishning ilmiy-muhandislik usuli asosida XVIII-XX asrlar mobaynida “texnogen sivilizatsiya” degan nom olgan hozirgi zamon sivilizatsiyasi shakllanadi va rivojlanadi. Uning bag‘rida muhandislik faoliyatining har xil turlari (ixtirochilik, konstruksiyalash, sistemotexnik faoliyat va h.k.), loyihalash, omma-viy industrial ishlab chiqarish, texnologiyaning zamonaviy shakl-lari vujudga keladi. Bularning barchasi inson va jamiyatning o‘sib borayotgan moddiy ehtiyojlarini qondirish ijtimoiy loyihasini amalga oshirish imkonini beradi. Natijada nafaqat inson ehtiyoj-larini qondirishning misli ko‘rilmagan imkoniyatlari va qulaylik-lar yaratiladi, balki olamshumul inqirozlar yuzaga keladi, Yerdagi hayot esa texnik faoliyat va stixiya “qonunlari” bilan belgilana boshlaydi.
Bugungi kunda inson yana texnikani qayta anglab yetish muammosiga duch kelmoqda. Texnikaning ilmiy-muhandislik talqini doirasida biz asosiy texnik fenomenlarni tushuntira olmaymiz. Gap shundaki, texnika (texnik qurilma va inshootlar)ni yaratishning muhandislik usuli bugungi kunga kelib o‘zining avvalgi ahamiyatini yo‘qotdi. Texnologik usul texnikani yaratishning asosiy usuliga aylandi. (Bu yerda gap keng ma’nodagi texnologiya haqida borayotir.)
Muhandistikda texnika amaliy samara va’da qiluvchi muayyan tabiiy hodisani tabiiy fan yoki texnika fanida o‘rganish, keyin-chalik muhandislik darajasida o‘zlashtirish asosida yaratiladi. Texnikani yaratishning texnologik usulida asosiy jarayon qator ijtimoiy institutlar va boshqaruvni, uning doirasida esa muhan-dislik faoliyati, loyihalash, ishlab chiqarishni tashkil etish va hokazolarni o‘z ichiga oluvchi murakkab faoliyatni tashkillashtirish-dan iborat. Tor ma’nodagi texnologiya XIX asr oxiridan boshlab o‘rganiladi (Espinas kabi texnika faylasuflari asarlari) va hozirgi vaqtda uning tabiati lozim darajada aniq deb aytish mumkin. Keng ma’nodagi texnologiya esa so‘nggi o‘n yilliklardagina o‘rganish ob’ektiga aylandi. Hozirgi vaqtda uning faoliyati va rivojlanishini belgilovchi qonun hamda omillarni biz hali yaxshi tushunmaymiz.
Texnikaning odatdagi obrazi uning tabiati bilan muvofiq kelmay qolgani ham uni anglab yetishni talab qiladi. Hozirgi zamon odami uchun texnika ham, texnologiya ham, eng avvalo, artefakt va sun’iy fenomen. Inson texnikani yaratadi (o‘ylab topadi, loyiha-laydi, hisob-kitob qiladi, yasaydi), so‘ngra undan o‘z faoliyatining vositasi sifatida foydalanadi. Ammo bugungi kunda texnika o‘zini alohida stixiya va tabiiy fenomen sifatida ham namoyon etmoqda. Texnikaning yuqorida ko‘rib chiqilgan texnotsenoz sifatidagi talqini buning yorqin misolidir.
Nihoyat, inson oldida turgan texnika va texnologiyani o‘zlashti-rish, ularning rivojlanish jarayonini nazorat qilish vazifasi ham texnikani anglab yetishni talab qiladi. Biz ilmiy-texnika faoliyatining tabiatni buzibgina qolmasdan, Yerdagi hayotga ham tahdid solayotgan salbiy oqibatlariga toqat qila olmaymiz.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə