Kodirova nigora shaydullayevna yoshlarda huquqiy ongni rivojlantirishning usullari


III BOB. YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATINI AMALGA OSHIRISH



Yüklə 134,7 Kb.
səhifə11/16
tarix15.06.2023
ölçüsü134,7 Kb.
#117416
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16
MD-Kodirova-7.06.2023 (2)

III BOB. YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATINI AMALGA OSHIRISH.
3.1. Yangi O‘zbekistonda yoshlar huquqiy ongini rivojlantirish tendensiyalari.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy ma’rifiy tadbirlar va uchrashuvlarni kengaytirish, xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini yosh avlod ongida shakllantirish orqali vatanparvarlik hissini kuchaytirish kabi dolzarb vazifalar turgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2019 yil 9 yanvardagi PF-5618-sonli Farmonining qabul qilinishi ayni muddaodir.
Mazkur Farmonda inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayotganligi, uzoq yillar davomida bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ayrim davlat organlarining ishi sifatida qarab kelinib, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki yetarlicha ta’minlanmaganligini, yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish ishiga kompleks tarzda yondashilmaganligi hamda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyalarini aholi ongiga singdirish ishlarining yetarli olib borilmasligi ham qonun ustuvorligini ta’minlashga o‘zining jiddiy salbiy ta’sirini ko‘rsatayotganligi aytib o‘tilgan.
Shu o‘rinda huquqiy ong va huquqiy madaniyat o‘zi nima degan savolga oydinlik kiritib o‘tamiz.
Huquqiy ong – qisqacha qilib aytganda huquq va qonunchilikka oid odamlarning tasavvurlari, ularning his-tuyg‘ulari, amaliy tajribalar ta’sirida paydo bo‘lgan huquqqa nisbatan munosabatini ifodalaydi.
Huquqiy madaniyat esa – fuqarolarning davlat va huquq haqidagi muhim bilimlarni egallab olishi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar haqidagi tushunchalarini talqin qila olishi hamda ulardan to‘g‘ri foydalana olishidir.
Bugungi kunda yurtimizda barcha jabhalarda tub o‘zgarishlar yuz berayotgan mas’uliyatli pallada huquqiy tarbiyaning barcha shakl va usullaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etishini yodimizdan chiqarmasligimiz lozim. Shu sababli huquqiy madaniyatimiz darajasiga tanqidiy baho berib, muammolarimiz sababini chuqur o‘rganishimiz kerak. Biroq faqatgina qonunlarni o‘rgatish va javobgarlik bilan qo‘rqitish orqali qonun ustuvorligiga va taraqqiyotga erisha olmaymiz. Bundan tashqari, hozirgi globallashuv, ilmiy-texnik taraqqiyot davrida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishning innovatsion usullaridan, targ‘ibotning ilg‘or va ta’sirchan vositalaridan, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan yetarli darajada foydalanmayotganligimiz yuqoridagi fikrlarimiz isbotidir73.
Farmon asosida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida Adliya vazirligi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi Davlat organi etib belgilangan.
Bundan tashqari, aholining huquqiy bilimlari yetarli emasligi, davlat organlarining qonunga xilof qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatidan deyarli foydalanmasligi mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishi holatlarining vujudga kelishiga sabab bo‘layotganligini inobatga olib, tegishli davlat organlariga aniq vazifalar yuklatilgan. Shuningdek, farmon bilan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish” konsepsiyasi qabul qilinib, uning asosiy vazifa va maqsadlari, asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatilgan va Konsepsiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. “Yo‘l xaritasi”ga 88 ta band kiritilgan bo‘lib, barcha sohalarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs - oila - mahalla - ta’lim muassasasi - tashkilot - jamiyat” prinsipi bo‘yicha tizimli va uzviy tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Fuqarolarning huquqiy bilimlari ongi va madaniyati yuksak darajada bo‘lsagina, ular ijtimoiy hayotda bo‘layotgan o‘zgarishlarga faol munosabatda bo‘lishadi, shaxsiy fikrlarini bildirgan holda, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishi mumkin bo‘ladi.
Huquqiy madaniyatni yuksaltirish, o‘z navbatida, davlat va jamiyat hayotini isloh qilish, amaldagi qonun hujjatlarini tanqidiy tahlildan o‘tkazish, davr talablaridan kelib chiqib, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, eskirgan va taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan meyorlarni bekor qilish bilan bevosita bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy sohalardagi keng qamrovli islohotlar davridan o‘tayotgan ekan, mamlakat aholisi huquqiy ongi va huquqiy madaniyatidagi o‘zgarishlarni o‘rganib borish va tegishli sotsiologik tadqiqotlarni o‘tkazish mazkur sohalarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldini olish va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Prezidentimizning 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2019 yil 13 dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4551-son qarori huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish: dolzarb muammolar va muvaffaqiyat omillari” mavzusida so‘rovnomalar o‘tkazilib kelinmoqda.
Xususan, fuqarolarning demokratik huquqiy madaniyat darajasini baholash bo‘yicha Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan hududiy adliya organlari bilan hamkorlikda 2019 yilning iyun-sentabr oylarida “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning dolzarb masalalari” mavzusida hamda 2020 yil iyul-noyabr oylarida “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish: dolzarb muammolar va muvaffaqiyat omillari” mavzusidagi sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazildi74.
2019 yilda jamoatchilik fikrini o‘rganish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 1871 nafar respondent qamrovida o‘tkazildi. Anketalash har bir ma’muriy-hududiy birlikda tanlamaga asosan markaz va to‘rtta tuman tamoyili asosida amalga oshirildi. Tanlamaga tushgan har bir mahalliy birlikda o‘rtacha 22-25 nafardan respondent fikri o‘rganildi. Respondentlar yoshi va jinsi jihatdan O‘zbekistondagi demografik sharoitni aks ettiruvchi nisbatda tanlandi.
Jumladan, respondentlarning jinsiga ko‘ra 50,7% erkaklar, 49,3% esa – ayollar; yashash joyiga ko‘ra, 54,4% shaharda, 45,6% qishloqda istiqomat qiluvchilar tashkil qildi. Xuddi shuningdek, yoshiga ko‘ra 28,6% 18dan 20 yoshgacha, 30,3% 21 dan 30 yoshgacha, 16,5% 31 dan 40 yoshgacha, 13,6% 41 dan 50 yoshgacha, 11% esa 51 yoshdan oshgan, malumotiga ko‘ra, 12,6% o‘rta, 44,7% o‘rta maxsus, 42% oliy malumotlilar, 0,6% esa ilmiy darajaga ega bo‘lgan respondentlar ishtirok etishdi.
Ma’lumot o‘rnida: 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich respondentlarning jinsiga ko‘ra 48,6% erkaklar, 51,4% esa – ayollar; yashash joyiga ko‘ra, 56,7% shaharda, 43,3% qishloqda istiqomat qiluvchilar; yoshiga ko‘ra 11,4% 18dan 20 yoshgacha, 27,4% 21 dan 30 yoshgacha, 24,7% 31dan 40 yoshgacha, 23,6% 41dan 50 yoshgacha, 12,7% esa 51 yoshdan kattalar; malumotiga ko‘ra, 18% o‘rta, 46% o‘rta maxsus, 35% oliy malumotlilar, 1% esa ilmiy darajaga ega bo‘lganlar tashkil qildi.
2019 yilda o‘tkazilagan so‘rovnomalarda “Mamlakatimizda huquq sohasidagi yangiliklardan ko‘proq qaysi vosita orqali xabardor bo‘lasiz?” degan mazmundagi savolga ushbu so‘rovnoma bo‘yicha ishtirok etgan Respondentlarning 46,6% televideniyedan, 33,1% Internetdan, 7,5% ijtimoiy tarmoqlardan, 7,3% “Huquqiy axborot” telegram kanalidan, 2,8% bosma OAVdan, 2,2% radiodan, 0,6% esa boshqa manbaalardan xabardor bo‘lishi haqida ma’lumot bergan75.
Ko‘rinib turibdiki, televediye orqali huquqiy axborotdan xabardorlik aholi orasida qolgan ko‘rsatkichlarga nisbatan yuqoriligini ko‘rsatgan.
2020 yilda o‘tkazilgan so‘rovlarda ham “Huquq sohasidagi yangiliklardan ko‘proq qaysi vosita orqali xabardor bo‘lasiz?” degan savol qo‘yilgan bo‘lib, respondentlarning 53 % televideniyedan, 26,8% norasmiy internet manbalaridan (ijtimoiy tarmoqlar, saytlar, forumlar), 11,5% Internetdan, 2,9% bosma OAVdan, 2,0% radiodan, 0,8% rasmiy internet manbalari (rasmiy kanallar, saytlar), 0,4% esa boshqa manbaalardan xabardor bo‘lishi haqida ma’lumot bergan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qilish mumkinki, televediye orqali huquqiy axborotdan xabardorlik aholi orasida yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etib, yildan-yilga oshib bormoqda.
So‘rovnomalarga 2020 yildagi muhim jarayonlar ham hisobga olingan. Masalan, «Pandemiya sharoitlarida mahallangizda 30 kishidan ortiq bo‘lgan to‘y marosimini o‘tkazilganiga guvoh bo‘lsangiz, qanday yo‘l tutasiz?» mazmunidagi savol qo‘yilgan bo‘lib, unga so‘rovnomada ishtirok etgan shaxslarning 34,0% to‘y egalariga pandemiyada yirik tadbir o‘tkazish xavfliligini tushuntirishini, 5,9% to‘y marosimi o‘tkazilayotganligi haqida IIV xodimlariga xabar berishini, 14,6% fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga (mahallaga) xabar qilishini, 18,0% bu holatga e’tibor bermasligini, 26,0% esa javob berishi qiyin ekanligini keltirib o‘tishgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab o‘z salbiy izini qoldirayotganligiga qaramay, O‘zbekiston aholisi huquqiy bilim va ko‘nikmalar muhimligi, shuningdek, qonunga rioya etishning ustuvorligi qadriyatlariga sodiq qolayotganligini ko‘rsatmoqda.
Huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasi dinamik xarakterga ega bo‘lib, har 3-4 yilda ma’lum darajada yangilanish xususiyatiga ega. Shu o‘rinda, bugungi kunda mazkur sohada mavjud ayrim kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etib borilsa, nisbatan qisqa muddatlarda mamlakatimizda qonun ustuvorligining yanada mustahkamlanishiga erishish mumkin.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, har bir fuqaroga huquqiy savodxonlik nafaqat javobgarlikka duchor bo‘lmaslik uchun, balki, avvalo, o‘z huquqlarini himoya qilish, qonun bilan belgilangan qo‘shimcha afzalliklardan foydalanish yoki jamiyat va davlat oldidagi o‘z majburiyatlarini sidqidildan bajarish uchun ham kerak bo‘ladi. YA’ni, huquqiy bilimlarni o‘zlashtirish uchun turtki sifatida qonun oldidagi qo‘rquv emas, balki uni bilishdan rag‘bat topish jamiyat va davlat rivoji uchun ko‘proq manfaat kasb etadi.
Huquqiy targ‘ibot orqali fuqarolarning huquqiy axborotga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, birinchidan, ularning ijtimoiy hayotda, davlat ishlarida ongli va faol ishtirok etishlari sharti bo‘lsa, ikkinchidan, ularning farovon turmush tarzini, umumiy madaniyatini shakllantirish, uchinchidan, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamiyatda va kishilararo munosabatlarda osoyishtalik, o‘zaro teng huquqli hamkorlikni, ya’ni, bir so‘z bilan aytganda adolatli, ma’nan barkamol va yuksak huquqiy madaniyatli jamiyatni qurish omilidir.
Bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri sifatida jamiyatda yuksak huquqiy ong va madaniyatga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Darhaqiqat kuchli fuqarolik jamiyatiga erishish uchun fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini yaxshi bilishlari zarur. Zero, inson huquqi va asosiy erkinliklari xalqaro huquqning yetakchi tamoyillari sirasiga kiradi. Shu sababli, bugungi rivojlangan dunyoda har bir davlat inson huquq va erkinliklarini, xavfsizligini, yashash sharoitini ta’minlash borasidagi xalqaro miqyosda qabul qilingan hujjatlarni ratifikatsiya qilmoqda. Bu hujjatlarga og‘ishmay amal qilish esa fuqarolarning huquqiy madaniyati qay darajada shakllanganiga bog‘liq76.
Huquqiy madaniyatning darajasi huquqiy tizimning rivojlanganlik darajasi, davlat va jamiyat institutlarining xalqchilligi, aholining bilim darajasi,huquqiy ongi va jamiyatdagi huquqiy mafkura bilan uzviy aloqadorligi bilan o‘lchanadi. Boshqacha qilib aytganda, huquqiy madaniyat umumiy madaniyat tushunchasining tarkibiy qismi bo‘lsa-da, biroq u ham muhim dunyoviy ahamiyatga ega bo‘lgan muammo hisoblanadi. Huquqiy davlatning shakllanishida huquqiy ong va madaniyatning alohida ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasida ushbu muammoni hal etishga oid bir qancha qaror, qonun va qonun osti hujjatlarini qabul qilinayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Fuqarolarning barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishlari, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega bo‘lishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qo‘llay olishlari uchun asosiy e’tiborni kelajak avlod bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarga qaratish demokratik jamiyatning asosi hisoblanadi.
“Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq”, degan edi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida77.
Avvalambor, yoshlar tushunchasiga ta’rif berib o‘tish joiz. Yoshlar qatlami deganda, dunyoning turli mamlakatlarida turli yoshdagi fuqarolar tushuniladi. Masalan, AQSH va Yaponiyada 13–14 yoshdan 29-30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar yoshlar hisoblansa, Bolgariyada 15 yoshdan 29 yoshgacha, Rossiyada 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar yoshlar toifasiga kiradi. Germaniyada “kichik yoshdagi yoshlar” 14-18 yosh hamda “katta yoshdagi yoshlar” 18-27 yoshga bo‘linadi. O‘zbekiston Respublikasida esa 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar yoshlar toifasini tashkil etishi O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida belgilab qo‘yilgan. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, 2016-yilning 14-sentabrida qabul qilingan ushbu qonun yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi (5-modda). Bu yo‘nalishlar ichida yoshlarni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash; ularning huquqiy ongi va madaniyati darajasini yuksaltirish kabilar ham mavjud. Yoshlarning haqhuquqlari ta’minlanishi uchun nafaqat davlat organlarining kafolati, balki yoshlarning huquqiy ongi va madaniyati darajasi ham katta ahamiyatga ega.
Yuridik fanlari nomzodi, dotsent N. Saburov fikricha, “huquqiy ong – bu ijtimoiy ongning shakllaridan biri bo‘lib, kishilarda huquqqa, qonunchilikka, huquq-tartibotga va boshqa huquqiy hodisalarga nisbatan bo‘lgan g‘oyalar, his-tuyg‘ular, tasavvurlar yig‘indisidir”. Huquqiy madaniyat uchun huquqiy ong zaruriy element ekanligini hisobga olgan holda shuni e’tirof etish kerakki, huquqiy ong bo‘lishi uchun avvalo huquqiy savodxonlik juda zarurdir. Huquqiy savodxonlik fazilati shaxs – jamiyat – davlat munosabatlariga muhim ta’sir ko‘rsatadi, hayotda mehnat faoliyatida yoki boshqa bir sohada yuzaga keladigan muammolarni adolatli va xolis hal qilish imkonini beradi78. Yuridik adabiyotlarda huquqiy savodxonlik tushunchasiga yakdil ta’rif berilmagan bo‘lsa-da, ulardan quyidagicha tushuncha hosil qilish mumkin: huquqiy savodxonlik – bu yuridik matnlardagi atamalarni tushunish, ulardan umumiy xulosalar chiqarish va bu bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish qobilayatidir. Xorijiy yuridik adabiyotlar ham shunga yaqin mazmunni ifodalaydi, ya’ni shaxsning o‘z huquq va majburiyatlarini tanishi, qaysi holatlar yuridik nizo ekanligini bilishi va ularga qonuniy yechim topa olishi, huquqiy axborotni qayerdan topishni, yuridik yordamni qayerdan va qanday qilib olishni, qonunchilik tizimida qaysi choralar borligini hamda protsessual tartibni bilishi huquqiy savodxonlik belgilari hisoblanadi.
Yoshlar orasida huquqiy savodxonlikning pastligi nafaqat, ularning o‘zlari uchun, balki jamiyat va davlat uchun ham zararlidir. Huquqiy savodxonlikning yetarli emasligi yoshlarning o‘z huquqlaridan to‘laqonli foydalana olmasliklariga, majburiyatlaridan bexabar qolishlariga sabab bo‘ladi. Majburiyatlardan bexabarlik yoki harakatlarining huquqiy oqibatini anglamaslik bugungi kunda yoshlar orasida huquqbuzarliklarning sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Biz huquqiy-demokratik davlat qurishni oldimizga maqsad qilgan ekanmiz, buning uchun huquqiy ongi va madaniyati yuksak yoshlar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bunga esa huquqiy savodxonlikni oshiribgina erishishimiz mumkin. Qisqasini aytganda, faqat chuqur o‘ylangan va tezkor davlat siyosatigina yoshlarning huquqiy madaniyatini ko‘tara oladi va ularning huquqiy ongi darajasini yuksaltirishga yordam beradi.
Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish yo‘lida Mustaqillik davrida qator tadrijiy islohotlar amalga oshirildi. Yuqorida ta’kidlanganidek, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida bir qancha qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Bular sirasiga “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarning huquqiy ta’limini takomillashtirish kompleks dasturi to‘g‘risida”gi Qarori kabilarni kiritish joiz. Bu qonun hujjatlarining ijrosi sifatida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Masalan, Adliya vazirligi huzurida 2009 yilda tashkil etilgan yosh huquqshunoslardan iborat “Huquqiy targ‘ibot guruhi” faoliyati e’tirofga loyiq. Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, shu paytgacha bu targ‘ibot guruhi respublikamizning 70dan ortiq tumanlariga borib, 62 mingdan ortiq yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, ularning huquqiy savodxonligini oshirishga katta hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, har yili o‘tkazib kelinayotgan “Siz qonunni bilasizmi?”, “Huquq bilimdonlari” kabi ko‘rik tanlovlar, fan olimpiadalari ham yoshlarning huquqiy savodxonlikni oshirishga bo‘lgan qiziqishlariga sabab bo‘lmoqda. Yangi qabul qilinayotgan qonunlarning yoshlar hayotiga ta’siri katta, albatta. Ularning bu qonunlar haqida axborot olishlari, undagi normalarga tushuntirishlar talab qilish huquqi ham qonunan mustahkamlangan.
Bu borada olib borilayotgan islohotlarning yanada samarali bo‘lishi ko‘p jihatdan chuqur o‘ylanganligi va tizimliligiga bog‘liqdir. Shuni e’tiborga olgan holda biz yoshlar orasida huquqiy savodxonlikni oshirish masalasi bo‘yicha bir qancha takliflarni bildirib o‘tmoqchimiz:
• aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda mahalla institutlarining rolini oshirgan holda mahallalarda “Huquqiy suhbat kuni”ni tashkil etish va belgilangan kunda mahallaning barcha fuqarolari jumladan yoshlar bilan birga davra suhbatlarini tashkil etish;
• ta’lim jarayonida yoshlarning huquqiy ongini oshirish yuzasidan “Huquqshunoslik” fanining soatlarini yanada kengaytrish, hamda huquqiy bilimlar yuzasidan insholar tanlovlarini tashkil qilish va g‘olib bo‘lgan talaba yoki o‘quvchiga turli xil yuridik adabiyotlarni taqdim qilish;
• yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada shakllantirish yuzasidan Ommaviy Axborot Vositalarida turli huquqiy teleshoularni tashkil qilish va bu orqali ularning erkin fikrlarini bildirishlari uchun imkon yaratish;
• bugungi kunda yoshlarning asosiy axborot manbai bo‘lmish internet tarmoqlarida huquqiy ongni rivojlanishiga xizmat qiluvchi saytlarning sonini ko‘paytirib, yoshlarning ulardan oqilona foydalanishini yo‘lga qo‘yish;
• yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda “davlat – ota-ona – maktab – huquqni muhofaza qiluvchi organlar” tizimini joriy qilish lozim. Bunda davlat joylarda shart-sharoit yaratib bersa, o‘quv muassalari tadbirlarni tashkillashtiradi va ota-onalar bolalarni jalb qilishadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari esa tizimli tarzda yoshlarni o‘z huquqlarini himoya qilishda kerak bo‘ladigan huquqiy bilimlar bilan tanishtirib boradilar.
Mustaqilligimizning yana bir ijobiy xususiyati shundan iborat bo‘ldiki, millatimiz o‘zligini angladi. Huquqiy madaniyat xalqimizning azaliy an’analariga, udumlariga, tiliga, diniga va ruhiyatiga asoslangan holda qonuniylik, adolatlilik tuyg‘ularini ongimizga singdirdi. Huquqiy ong va madaniyat, eng avvalo jamiyat va shaxs umumiy madaniyatining ko‘rsatkichi ekanligi anglanildi. Jamiyat madaniyatining yuksak darajasi huquqqa nisbatan chuqur ehtirom, hurmat va uni teran bilishni taqazo etadi. O‘z navbatida huquq normalarining talablarini bilish va ularga rioya etish fuqarolik jamiyati demokratikligining va madaniyatining asosiy belgilaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2017 yil 19 sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida, globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifini bildirgan va buni bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod ekanligi, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liqligidan kelib chiqib, bugungi kunda bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olish ekanligi bilan izohlagan edi79.
Darhaqiqat, bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning har bir chekkasida bo‘layotgan voqealarda yoshlarning ishtirokini, ta’sirini kuzatish mumkin. Mazkur omillarni inobatga olgan holda, mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish maqsadida ko‘plab normativhuquqiy hujjatlar qabul qilindi va hayotga joriy etildi.
O‘tgan yillar davomida yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirishda qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari bu boradagi ishlarni negizini tashkil etib keldi.
Jumladan, respublikadagi mavjud ta’lim muassasalarida yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish orqali ular o‘rtasida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish maqsadida o‘quvchi-talabalar bilan 2018 yilda 107 ming 739 ta uchrashuv tashkil etilgan bo‘lib, bunday uchrashuvlar soni 2017 yilga nisbatan 48,4 foizga o‘sgan. 2019 yilning 1-choragida esa mazkur yo‘nalishda o‘tkazilgan uchrashuvlar soni 32 ming 492 tani tashkil etdi. O‘tkazilgan uchrashuvlarning 24 ming 367 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 7 ming 528 tasi foizi kollej va litseylarda, 597 tasi esa oliy ta’lim muassasalarida tashkil etildi80.
Respublikadagi ta’lim muassasalarida 2018 yilda yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish orqali ular o‘rtasida jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga qaratilgan 69 ming 317 ta konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan taqqoslaganda, 68,3 foizga ko‘pdir. Mazkur konferensiya va davra suhbatlarining 75,5 foizi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 22,7 foizi kollej va litseylarda, 1,8 foizi oliy ta’lim muassasalari o‘tkazilgan. Respublikada 2019 yilning 1-choragida mazkur yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbirlar soni 10 ming 826 tani tashkil etdi, shundan 7 ming 357 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 3 ming 196 tasi kollej va litseylarda, 273 tasi oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazildi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Birgina, 2017 yil iyul oyidan – 2018 yil iyun oyigacha bo‘lgan bir yil vaqt oralig‘ida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish va ularni keskin kamaytirish borasida respublika miqyosida 1,2 mln. nafar yoshlar ishtirokida jami 8.500 ga yaqin targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu targ‘ibot tadbirlarida 70 mingdan ortiq targ‘ibot materiallari (plakat, buklet, flayer va boshqa) yoshlarga tarqatilgan. Ittifoq tomonidan “Yoshlar va qonun” loyihasi doirasida esa jami 10 ming 120 dan ziyod targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, tadbirlar davomida 1 mln. 483 ming 370 nafardan ortiq yoshlar qamrab olingan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar soni 2017 yilda 2016 yilga nisbatan 16,1 foizga, 2018 yilda esa 2017 yilga nisbatan 36,3 foizga kamayishiga erishilgan. Shuningdek, umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari orasida jinoyat sodir etish holati 2017 yilda 15,2 foizga kamaygan bo‘lsa, 2018 yilda esa 37,8 foizga kamayganligini ko‘rish mumkin81.
Shu bilan birga, jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish zarurati yuzaga keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil 9-yanvarda qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmon82 aholi, jumladan yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini oshirish, ularni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Xususan, mazkur Farmon bilan “yuksak huquqiy madaniyat — mamlakat taraqqiyoti kafolati” degan konseptual g‘oya asosida aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishlari, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega bo‘lishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qo‘llay olishlari uchun tizimli va keng qamrovli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish davlat organlari va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi. Shuningdek, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs – oila – mahalla – ta’lim muassasasi – tashkilot – jamiyat” prinsipi bo‘yicha tizimli va uzviy tashkil etilishi huquqiy jihatdan belgilab qo‘yildi.
Mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi”da bolalar uchun maxsus huquqiy portal yaratish; mahallalarda “Huquqiy axborot kuni” loyihasini tashkil etish; yoshlarga o‘z huquqlarini himoya qilishning amaliy mexanizmlarini o‘rgatishga qaratilgan «Street law» (Ko‘cha huquqi – oddiy huquq) loyihasini keng joriy qilish; ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari orasida huquq fanidan respublika miqyosida, jumladan umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Huquq — bu to‘g‘rilikdir” mavzusidagi rasmlar tanlovi, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Mening huquq va majburiyatlarim” respublika ko‘rik-tanlovini, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida “Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovini hamda oliy ta’lim muassasalarida “Huquq bilimdonlari” ko‘rik tanlovini tashkil qilish va tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish; yoshidan kelib chiqib aholi huquqiy savodxonligining darajasi bo‘yicha minimal talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash, ular asosida fuqarolarning huquqiy bilim darajasini aniqlash va tahlil qilib borish; O‘zbekiston Respublikasining Milliy huquqiy internet portalini yaratish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish maqsadida “Huquqiy axborot” radio loyihasini tashkil etish va amalga oshirish kabi chora-tadbirlarni belgilanganligi yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali ular o‘rtasida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, ularda huquqbuzarliklar, turli yot g‘oyalarga nisbatan murosasizlik hissini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, oiladagi noto‘g‘ri ta’lim-tarbiya yoki ota-onaning salbiy namunasi, ommaviy axborot vositalari, jumladan Internet tarmog‘idagi turli ijtimoiy saytlarda yoritilayotgan va namoyish etilayotgan ekstremizm, terrorizm, «ommaviy madaniyat» va boshqa yot g‘oyalarni, jamiyatda yuz berayotgan hodisalarga berilayotgan noxolisona, bir yoqlama yondashuvlarni o‘zida aks ettirgan axborotlar yoshlarning ongiga nechog‘liq salbiy ta’sir qilishini, ularda qonun hujjatlari va jamiyat a’zolariga nisbatan ishonchsizlik hissi uyg‘onishiga sabab bo‘layotganligini ham esdan chiqarmaslik lozim83.
O‘ylaymizki, “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi”da belgilangan chora-tadbirlar bilan birga quyidagi taklif va tavsiyalar ham yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi:
birinchidan, oila davrasida huquqiy savodxonlikni targ‘ib qilish maqsadida respublika miqyosida «Eng huquqiy savodxon oila» ko‘rik-tanlovini muntazam o‘tkazilishini tashkil qilish hamda tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
ikkinchidan, yoshlarni, jumladan bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish, ularning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarini oldini olish maqsadida ommaviy axborot vositalari, jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali axborot mahsulotini aylanishini O‘zbekiston Respublikasining «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni talablariga rioya qilingan holda amalga oshirilishini doimiy ravishda monitoring qilib borish orqali mazkur qonun ijrosi to‘liq ta’minlanishiga erishish;
uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi mustaqil normalarni kiritish.



Yüklə 134,7 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə