Kodirova nigora shaydullayevna yoshlarda huquqiy ongni rivojlantirishning usullari


II BOB. HUQUQIY ONG – JAMIYATDA YOSHLAR FAOLLIGINI TA’MINLASH OMILI



Yüklə 134,7 Kb.
səhifə8/16
tarix15.06.2023
ölçüsü134,7 Kb.
#117416
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16
MD-Kodirova-7.06.2023 (2)

II BOB. HUQUQIY ONG – JAMIYATDA YOSHLAR FAOLLIGINI TA’MINLASH OMILI.

    1. Qonun ustuvorligi – huquqiy ongni rivojlantirish asosi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etilishini e’lon qildi. Buni qonunning ustuvor va mustahkam nufuzga ega bo‘lishisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qonunning ustuvorligi shundaki, u huquqiy davlatda to‘la amal qiladi. Huquqiy kafolatsiz biz barpo qilishga intilayotgan shaxsiy va iqtisodiy erkinlik jamiyatini tuzib bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda ko‘rilayotgan amaliy choralar tufayli davlat tomonidan qonuniylikni ta’minlash tobora ishonchli bo‘lib bormoqda. Amir Temur o‘z tuzuklarida tegishli tartib va qonunga amal etish mening taqdirim va yutuqlarimning asosi xamda tayanchi bo‘lib xizmat qildi, deb yozgan edi. Qonunlarning so‘zsiz amal qilishiga ishonchsizlik joylardagi ijroiya hokimiyatlari va huquqni himoya qilish idoralariga ma’naviy salbiy ta’sir qilib, ularni huquqiy nochor holatga solib qo‘yadi.
Bugungi kunda qonuniylikni ta’minlash uchun tobora qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Mulkni talon-toroj qiluvchilar, jamoat tartibini buzuvchilar, jinoyatchilar, mas’uliyatsiz shaxslar qonunga muvofiq, sud tomonidan jazolanayapti.
G‘arazgo‘ylik, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, davlat tizimiga va jamiyatga dushmanlik ko‘zi bilan qarash huquqiy savodsizlik, bezorilik, axloqsizlik qonun buzilishining manbalaridir. Odatda qonun buzilishining dastlabki ko‘rinishi huquqiy savodsizlikda, jinoyat qilib, jazosiz qolishga umid bilan qarashda namoyon bo‘ladi. Xalqimizning o‘ziga xos ma’naviyati ko‘p jihatdan bizda jinoyatchilikning ommaviy tus olib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Lekin fuqarolar erkinliklari kengaytirilishi bilan adolat, huquqlarni tushunib yetishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Ko‘pgina jinoiy ishlaring tahlili ayrim shaxslarning, ayniqsa yoshlarning nimani xohlasa, shuni qila olishlari mumkin, degan tushuncha oqibatida, ularning qing‘ir yo‘lga qadam qo‘yganliklaridan dalolat beradi60.
Jahon hamjamiyatida huquqiy tafakkur rivojlanishining umumiy yo‘nalishi savodxonlik va madaniyat bilan chambarchas bog‘langandir. Shuning uchun ham O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida 1966 yilda kuchga kirgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaga qo‘shildi. Mamlakatimizda yalpi hukuqiy ta’limning yo‘lga qo‘yilishi katta ahamiyatga egadir. Shunga ko‘ra, birinchi galda barcha sohalardagi rahbar xodimlar huquqiy bilimlarni egallashlari kerak. Ikkinchidan, o‘qitishga barcha mutaxassislarni ham jalb etish lozim. Chunki ular xoh shifokor, muhandis, dehqon yoki alloma bo‘lmasin huquqiy normalarga doimo duch keladilar. Uchinchidan, matbuot, televideniye va radio orqali qiziqarli huquqiy-ma’rifiy ishlarni olib borish kerak.
Jamiyatda qonunning ustuvorligi huquqiy madaniyat bilan mustahkamlanadi. Bu fuqaroning xatti-harakatlari, muayyan bir vaktda nufuzli bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan kat’i nazar, qonunga qatiy rioya etishidir. Bu huquqiy bilim va qonunga asoslangan axloqiylikdir. Yetarlicha umumiy va huquqiy madaniyatga ega bo‘lgan inson o‘zini qonun qo‘riqlashini biladi va qonun tomonidan belgilangan chegaralardan chiqmaydi.
Fuqaro qonunni va shaxsiy huquqlarini bilmasa, amaldorlar qoshida nochor qolib tanglikni bartaraf etishning hozirgi davrdagi murakkab iqtisodiy sharoitida maishiy muammolar oldida zaif bo‘ladi. Huquqiy madaniyatni shakllantirishni inson huquqlaridan ajratib bo‘lmaydi. Shu sababli ham Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlarni tushuntirish katta ahamiyatga ega.
Konstitutsiya va qonunlar davlatning eng muhim belgilari hisoblanadi. Shu sababli O‘zbekistonda yangi davlat qurilishi unga huquqiy asoslar, qonuniylik poydevori qo‘yishdan boshlanadi. Ularda davlatning xalq oldidagi mas’uliyati, inson va fuqaro huquqlarining ustuvorligi belgilab berildi.
“Hayotiy zarurat” yoki “qonunlarning turmushdan orqada qolishi” bahonasida qonunga rioya etmagan davlatlar misoli hali ham ko‘z oldimizda turibdi. Bu huquqiy boshboshdoqlik sabablari Konstitutsiyaga befarq munosabatda bo‘lish oqibatidir. Qonuniylik barqaror bo‘lishi jamiyat va davlatga huquqiy kafolat bo‘la oladi. Biroq sharoit o‘zgarishi bilan darhol qonunni o‘zgartirish hamma vaqt xam to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Hayot taqozosini tushunish, qonunlarga yangicha yondoshish uchun huquqiy asoslarga suyanmoq kerak.
O‘zbekiston qonunchiligi majmuasidan o‘rin olayotgan huquqiy hujjatlar fuqarolarimizning uzoq yillardagi orzu-umidlariga hamohangdir. Shuning uchun ham mamlakatimizda qonuniylik sobitqadamlik bilan amalga oshirilayapti. Hozir buyuk O‘zbekistonning huquqiy poydevori qurilmoqda. Ko‘ppartiyaviylik, iqtisodiy islohotlar sharoitlarida hokimlar faoliyatini, vakolatli hokimiyatni saylashni qonun tomonidan muvofiqlashtirish mutlaqo yangi hol hisoblanadi.
Qonun va boshqa huquqiy hujjatlar jahon huquqiy madaniyatining hamma tomonidan tan olingan mezonlariga mos tushishi zarur. Birinchidan, qonunda fuqarolarning, davlat va boshqa ishtirokchilar ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda huquq va burchlari, manfaatlari aniq-puxta mustahkamlab qo‘yilishi kerak. Bu huquqiy normalarni amalga oshirish vositalari ham belgilanishi lozim. Ikkinchidan, mustahkamlab qo‘yilgan huquqiy normalar amalga oshirilishini ta’minlaydigan davlat organi ko‘rsatilishi kerak. Uchinchidan, qonun ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilari faoliyati uchun zarur imkoniyatlarni ochib berishi kerak. Inson huquqlari, ijtimoiy taraqqiyot, davlatning demokratiyaviyligi uning chegaralaridir. To‘rtinchidan, qonun o‘zida belgilangan normalarni buzganlik uchun jazo choralarini ko‘zda tutadi. Beshinchidan, madaniy qadriyat hisoblangan qonun xalq ma’naviyatiga tub jihatdan mos bo‘lishi shart. Oltinchidan, qonun o‘z normalarini hayotga tadbiq etish vositalarini mujassamlashtirgan bo‘lishi kerak.
Sovet davri qonunlarining bir qismi ochiqdan-oydin xalq milliy ma’naviyatini cheklar edi. Masalan, ma’rifatparvar davlatlar qonunlarida “o‘tmish qoldiqlari bilan kurash olib borish” normasini tasavur etish qiyin.
Istiqlol yillarida milliy parlamentimiz 500 dan ko‘proq qonun qabul qildi. Ularning hammasi O‘zbekiston mustaqilligini turli – inson huquqlari, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, jamoat tuzilmalari, madaniyat va xalqaro munosabatlar sohalaridagi huquqiy asoslarni yaratishga qaratilgandir. Bu qonunlar poydevorga terilayotgan g‘ishtlardek mustaqil O‘zbekistonning huquqiy binosini barpo etmoqda.
Eng mukammal qonun ham o‘z holicha faqat qonuniylikni ko‘zda tutuvchi hujjatdir. Qonun amal qilishi uchun unga itoat etish zarur. Bu yuksak umumiy madaniyat mezonidir. Sharq xalqlari ana shunday madaniyatli bo‘lganlar. Biz bu madaniyatni hozirgi davr demokratik tushunchasida tiklashimiz lozim bo‘ladi61.
Qonunga itoat eng avvalo, qonunlarni bilishni taqozo etadi. Qonunlarni davlatning mansabdor shaxslari ham, fuqarolar ham bilishi shart. Huquqiy bilimdonlikning sovetcha tushunchasi amalda qonunlarning omma tomonidan chuqur bilishlarini ko‘zda tutmas edi. Chunki bu ma’murlar va avtoritar boshqaruv uchun xavfli edi. Hamma joyda qonunga rioya etmaslik tufayligina ular hukmronlik qilardilar. Davlatda huquqning ahamiyatini inkor etish ijtimoiy ongga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi kunda ko‘p sa’y-harakatlar tufayligina huquqning ustuvorligi, qonunlarga halol rioya etish zarurati tushunib yetilmokda.
Fuqarolarning ongli ravishda qonun talablariga amal qilishlari bugun hamma intilishi zarur bo‘lgan fazilat hisoblanadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston beqiyos madaniy va ma’naviy o‘sishni o‘z taraqqiyotining asosi deb bilmoqda. Shu holdagina insonning o‘zi ixtiyoriy ravishda xalq, davlat, jamiyat, oilasi oldidagi mas’uliyatni tushunib yetadi. Shariatda ham qonunga itoat axloqiy norma hisoblangan. Birovning mulkiga xiyonat qilgan shaxs insoniylik huquqidan mahrum etilgan. Bu shubhasiz to‘g‘ri. Shunday ekan, insonparvarlik yordamini, dori-darmonlarni, davlat tomonidan nochor kishilar uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilish insofsiz, diyonati yo‘q maxluqlarga xos. Ayni vaqtda jinoyatchilarga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘lishni talab qiladigan normalarga qarshimiz. Biroq sud tomonidan belgilangan jazo va xalq la’natidan jinoyatchilar qochib qutulmasliklari kerak. Axir qo‘lga tushmagan va jazosini olmagan o‘g‘rilar jinoyatlari bilan faxrlanib yurishlari sharmandali hol emasmi? Ular davlatimizni, xalqni aldayotganliklarini tushunmaydilar.
IX – X asrlarda yashagan yurtdoshimiz buyuk mutafakkir Al-Forobiy inson va fuqaro huquqlarini, davlat va jamiyat asoslarini, ijobiy faoliyatini huquqiy kafolatlash qonuniylikning maqsadi, deb ta’kidlagan edi62. Albatta, tajribada qonunlarni kundalik turmushga joriy etish g‘oyat murakkab. Yaqin vaqtgacha bizda turmush boshqa qoidalar asosiga qurilar edi. Ana shu merosdan qutilish oson bo‘lmayapti. Davlat tuzilmalari va mansabdor shaxslardan boshlab hammaning qonunga amal etishi fuqarolarni qonunga itoat ruhida tarbiyalaydi. Amir Temur ta’kidlab o‘tganidek, oddiy kishilarga nisbatan qilingan adolatsizlik qonunga va davlat nufuziga katta ziyon yetkazadi. Qonuniylik inson qanday huquqlarga egaligini, davlatning shu huquqlarni hayotga tatbiq etishi uchun nima qilishi kerakligini ko‘rsatib beradi. Qonunda fuqarolarning aniq majburiyatlarini belgilab qo‘yishdan xavfsirash demokratiyaga emas, balki qaramlikka ko‘maklashadi. Davlat fuqarolardan burchlarini ado etishlarini talab qilishga haqli bo‘lib, fuqarolar ham davlatdan muayyan shart-sharoitlarni talab etishlari mumkin. Ana shu o‘zaro mas’uliyat hissi qonuniylik kafolatidir. Konstitutsiyamizda davlat va shaxs huquqlarining adolatli mutanosibligi o‘rnatilgan.
Qonuniylik bu hamisha huquqqa asoslangan barqarorlikdir. Qonuniylik ishonch tug‘diradi. Shu sababli ajdodlarimiz eng yomon qonun ham qonunsizlikdan yaxshi, deb hisoblaganlar. Chunki qonunni o‘zgartirish va boshqasi bilan almashtirish mumkin. Qonunsizlik esa chegara bilmaydi, u inson turmushi, uning mulki, ma’naviyati uchun xavflidir. Ba’zan muxoliflardan qonun eskirib qolgan, unga rioya etishning nima keragi bor, degan gaplarni eshigib qolamiz. Ammo qonunni faqat qonun chiqaruvchi oliy organ qonunga muvofiq belgilangan tartibdagina o‘zgartira oladi. Bungacha tegishli qonunga amal kilish ham farz, ham qarzdir. Huquqning oliy mantig‘i shundan iborat, qonun kafolati xam shunda ko‘rinadi.
Qonunlarni mutlaqo o‘zgartirmaslik mumkin emas. Aks holda ular taraqqiyot talablaridan orqada qoladi. Ayni paytda huquqning beqarorligi davlat va jamiyat barqarorligiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu ayniqsa, iqtisodiy sohada keskin namoyon bo‘ladi. Shuning uchun mulkchilikning turli shakllari va mustaqilligi joriy etilayotgan hozirgi paytda qonunlarning hayotga mos bo‘lishini tahlil etish olim va amaliyotchi huquqshunoslarning kasbiy vazifalaridir.
Fikrimizcha, qonunlarning adolatli ekanligini tushunish fuqaroni erkin qiladi. Shu holdagina fuqaro qonunga ixtiyoriy amal etadi. Shu sababli qonun loyihalarini tahlil etayotganlarida ularga uzoq yillar davomida rioya etadigan kishilar ko‘zi bilan qarashlari lozim.
Qonunning adolatliligi uning inson va jamiyat mustaqilligi ehtiyojlariga mosligidan kelib chiqadi. Ammo biz bunga odatlanganmizmi? Hamisha ham bu savolga ijobiy javob berib bo‘lmaydi. Shu sababli, jamiyat uchun tadbirkorlik, mustaqillik, tashabbuskorlikning ahamiyatiga befarq qarash hollari ro‘y bermayaptimi, degan savol tug‘iladi. Mustaqil davlatimizda qonun ma’naviylik, xo‘jalik yuritish, ta’lim olish erkinligining o‘ziga xos harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Har bir qonunda hali imkoniyatlar yetarli bo‘lmasa-da, lekin zarur erkinlik ko‘lamlari mavjud. Bozor munosabatlarining huquqiy asoslarini shakllantirishga yo‘naltirilgan qonuniylik ana shunday prinsipga qurilyapti.
Shaxs manfaatini jamiyat manfaatiga qarshi qo‘yish bizning qadim ma’rifatchiligimiz va madaniyatimizga yotdir.
Sharq ma’rifatchiligida shaxs ma’naviy jihatdan xalq tomonidan himoya qilinganligi sababligina rivojlanishga, o‘z hayoti va qadr-qimmatini saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy ta’biricha, insonning o‘zi uchun emas, balki xalq uchun xizmat qilishi oliy sharaf va quvonch bo‘lgan. Biz uchun bu yuksak axloqiy va huquqiy ibratdir. Hozirgi davr Yevropa - Amerika huquqi boshqa shaxsning mutlaq huquqi ustuvorligiga asoslanadi.
Qonuniylik va erkinlik o‘rtasida ixtilof yuzaga kelmasligi uchun kishilarda davlatning O‘zbekiston istiqlol va taraqqiyotining tashkilotchisi ekanligini tushuntirish juda muhimdir. Yosh davlatimizda qonuniylikka rioya etmaslikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, yakkahokimlikni da’vo qilgan shaxslarning qonunni buzish hollariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Xalk ma’naviyatiga, jamoatchilik fikri qonuniylikning eng halol ko‘rinishlaridan biridir. Ehtimol xalqimiz huquqiy ana’nalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalani bahs-munozara qilib ko‘rish mumkindir. Jumladan, mahallalardagi oilaviy-maishiy mojarolarga doir vijdon sudlari faoliyati to‘g‘risida turli fikrlar bulishi mumkin. Ulkan hayotiy tajribaga ega bo‘lgan nufuzli oqsoqollar, balki qarindosh-urug‘larini, qo‘shnilarini hech bir hokimiyat aralashuvisiz o‘zlari yarashtirib qo‘yishlarini yo‘lga qo‘yish mumkindir.
Davlatdagi qonuniylik jonli va rivojlanuvchi tushunchadir. Xalqimiz O‘zbekistonning buyuk kelajagini qonuniylikning mustahkam poydevoriga qurmoqda63.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi davlat mustaqilligining belgisi bo‘lib, mazkur davlatga mansublikni bildiradi. Fuqaroning huquq va burchlari aynan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan himoya qilinadi. O‘zbekiston tarixida ilk bor mustaqil davlat fuqarolarining huquqiy maqomi o‘rnatildi. Xalqning asriy qadriyatlari tiklandi. Bu o‘rinda “Fuqarolik nima?”degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shuningdek, fuqarolik – davlat bilan jismoniy shaxs o‘rtasidagi barqaror huquqiy aloqa bo‘lib, bu huquqiy aloqa ularning bir-biri oldidagi huquq va majburiyatlaridan kelib chiqadi. Yuridik ma’nodagi fuqarolik shaxsning mazkur davlatga taalluqligini bildiradi. U yoki bu davlatga fuqarolik, fuqaroning qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, mazkur davlat o‘z fuqarosining homiysi va himoyachisi ekanligini tasdiqlaydi.
Ma’lumki, shaxsning fuqarolik va siyosiy huquqlari uning eng asosiy huquq va erkinliklari jumlasiga kiradi, shu jihatdan qaraganda mustaqilligimiz asosida respublikamizda demokratik davlat barpo qilish maqsadidan kelib chiquvchi fuqarolarning tengligini e’tirof etish alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunga kelib, fuqarolik maqomiga oid barcha masalalar eng avvalo, konstitutsiyamizda, fuqarolik to‘g‘risidagi qonun va uning asosida ishlab chiqilgan bir qancha qonuniy aktlarda o‘z ifodasini topdi. Bu ham mustaqilligimiz mahsulidir. O‘zbekiston dunyoning eng nufuzli tashkiloti – Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Uning xalqaro hujjatlarini tan olingan prinsiplari asosida davlat qurmokda. Xuddi shuningdek, respublikamiz Xelsinki jarayoni deb yuritiladigan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘ldi, uning Yakunlovchi aktini imzoladi. O‘zbekistonning fuqarolik to‘g‘risidagi qonunida ko‘zda tutilgan shaxslarning tabiiy va uzviy huquqlariga taalluqli qoidalar barcha xalqaro hujjatlarga to‘la mos keladi. Chunonchi, BMT Assambleyasi 1948 yilda qabul qilgan “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi”da har bir inson irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa e’tiqodlaridan, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, tabaqaviy va boshqa farqlaridan qati nazar, barcha huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi kerak deb e’lon qilingani kabi O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risidagi qonun ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Qonun oldida, barcha tafovutlaridan qati nazar, tengligini kafolatlaydi.
O‘zbekiston fuqaroligiga, avvalo kelib chiqishidan ijtimoiy va mulkiy holatidan, irqi va millatidan, jinsi, ma’lumoti, tili, siyosiy qarashlari, diniy e’tiqodi, mashg‘ulotining turidan qati nazar, O‘zbekiston hududida doimiy yashayotgan, boshqa fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kirsa, yana davlat yo‘llanmasi bilan respublikamiz hududidan chetda ishlayotgan, harbiy xizmatni o‘tayotgan, o‘qiyotgan shaxslar va bundan tashqari respublika hududida tug‘ilgan, fuqarolikka qabul qilingan va O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarida ko‘zda tutgan asoslar bo‘yicha fuqarolikka olingan shaxslar mansub bo‘ladi. Yuqorida zikr etilgan holatlarda fuqarolikka mansublik shaxsning istagi bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi. O‘zbekiston fuqaroligiga mansublik shartlari, shuningdek, 1966 yilda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktga64 mos keladi.
Endilikda har bir o‘zbekistonlik qalbida to‘la g‘ypyp bilan “Men O‘zbekiston fuqarosiman” deb baralla ayta oladi. Davlatimiz o‘zining har bir fuqarosini, dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qati nazar, o‘z himoyasiga oladi, uning insoniy huquqlari hamma yerda birdek amalda bo‘lishining va bu huquqlar poymol etilishiga yo‘l qo‘ymaslikning chora-tadbirlarini ko‘radi.
Bizda fuqarolikka olish asosan, shu zaminda tug‘ilganlik bilan belgilanadi. Xalkaro huquqda bu tushuncha zamin prinsipi deb yuritiladi. Bu prinsipga ko‘ra, o‘z ota-onasining qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan qat’i nazar, shu davlat hududida tug‘ilgan bola shu davlat fuqarosi deb taniladi. Zamin prinsipi Amerika Qo‘shma Shtatlari va ko‘pchilik Lotin Amerikasi davlatlari qonunchiligida qo‘llanilib, odatda, sof holda uchramaydi. Bizning qonunlarimizda ham ushbu prinsipga keng o‘rin berilgan. Chunonchi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston hududida tug‘ilgan farzandi O‘zbekiston fuqarosi deb hisoblanishi yoki ota-onasi noma’lum bo‘lgan, biroq respublikamizda yashayotgan go‘dak ham O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinishi, qonun bilan belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston fuqaroligini nikohdan o‘tishda va uni bekor qilishda saqlanib qolishi holatlari ham qonunchiligimizda nihoyatda xolisona hal etilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bilan nikohdan o‘tishi, nikohning bekor qilinishi er yoki xotinning fuqaroligi o‘zgarishiga olib kelmaydi. Er yoki xotindan birining fuqaroligi o‘zgarishi ikkinchisining fuqaroligi o‘zgarishiga olib kelmaslik holati BMTning 1957 yilda qabul qilingan “Nikohdagi xotinning fuqaroligi to‘g‘risida”gi Konvensiyada ko‘zda tutilgan. Shu konvensiyaga ko‘ra nikohdan o‘tishda, nikohning bekor bo‘lishida nikohdagi er fukaroligining uzgarishi xotinning fukaroligiga ta’sir ko‘rsatmaydi deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston fuqaroligi boshqa davlat fuqaroligiga mansublikni tan olmaydi. Lekin tarixiy adolatsizlikni tiklash maqsadida tarixiy haqsizliklar qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz va ularning avlodlari o‘z iltimoslariga ko‘ra respublika fuqaroligiga qabul qilinishlari mumkin. Bunday qoidaning qabul qilinganligi yaqin tariximizda vatandoshlarimizga nisbatan qo‘llanilgan ijtimoiy adolatsizlikni bartaraf etishga qaratilgan.
Qonunchiligimiz fuqarolikdan chiqish va fuqarolikni yo‘qotishni fuqarolikning to‘xtatilishi asoslari deb topadi. Har bir davlatda fuqarolikni yo‘qotish amaliyotda umumiy asoslari, ya’ni avtomatik (ekspatriatsiya) ravishda fuqarolikdan chiqish, fuqarolikdan mahrum qilish va xalqaro shartnomalarda ko‘zda tutilgan boshqa holatlarda ro‘y beradi.
Respublikamizda amalda bo‘lgan fuqarolik maqomi shaxsning fuqarolik huquqlarini, xalqaro huquqiy hujjatlarga mos holda tatbiq etilishini ta’minlaydi.
Albatta, inson huquqlari ko‘p qirrali va ularni kafolatlash demokratik huquqiy davlat qurayotgan mustaqil respublikamiz uchun o‘ta mas’ul vazifadir. Qabul qilingan qonunlar esa uning davlat tomonidan ijro etilajagini ifoda etadi.
Shunday qilib, fuqarolik haqidagi qonun umuminsoniy qadriyatlarga tayanib yuqori darajadagi huquqiy madaniyatni mustahkamlaydi.

Yüklə 134,7 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə